402-guruh talabasi Asatullayeva Dilnavoz Savollar: Qaysi asar Odil Yoqubovning dastlabki jiddiy muvaffaqiyati sifatida e’tirof etilgan?


Download 169.5 Kb.
bet2/2
Sana03.10.2020
Hajmi169.5 Kb.
#132282
1   2
Bog'liq
Asatullayeva Dilnavoz e2e6e495f8d4903728f62b7871f635d9


4. Odil Yoqubov “Koʻhna dunyo” romanida (1982) ham tarixiy haqiqatni, ajdodlarimiz taqdirini, davrning koʻp qirrali ziddiyatlarini, oʻtmish saboqlarini yangicha badiiy kashf etishga muvaffaq boʻldi. Koʻpchilik oʻzbek tarixiy romanlaridagidan farqli holda yozuvchi bu asar markaziga Abu Ali ibn Sino va Abu Rayhon Beruniy obrazlarini qoʻyib, ularni deyarli bir xil bosh qahramonlardek yonma-yon tarzda tasvirlab boradi. Shu yoʻl bilan u mazkur qahramonlarni mustaqil ong sohiblari, asosiy gʻoyaviy maksadni ifodalovchi timsollar sifatida namoyon qiladi. Yagona asar doirasida bir necha shaxsning markaziy qahramonlardek harakat qilib, oʻziga xos, mustaqil ong yoki ovoz egalari sifatida namoyon boʻlishi mashhur rus adabiyotshunosi M. Baxtin aniqlashicha, polifonik talqinni yuzaga keltiradi. Bu qahramonlar xatti-harakatlarida, umuman, romanning deyarli boshidan oxirigacha zulmga nisbatan xalqning isyonkorlik ruhi sezilib turadi. Oddiy xalk vakillarining buyuk olimlarga munosabatida haq va adolat matlabi rahnamodir. Chunonchi, qarmatiylar haqida Beruniy yozgan risolani Abdusamad Avval oʻziniki deb eʼlon qilib, dorga osiladi va shu yoʻl bilan ulugʻ olimni oʻlimdan saqlab qoladi. Roman oxirida Ibn Sino saroydan haydalib, juda xavfli vaziyatga tushib qolganida, qarmatiylar vakili Malikul Sharob uni qutqarib olib ketadi.

Demak, shu yoʻl bilan yozuvchi romanda olimni, insonni haqiqiy qadrlash tuygʻusi faqat mehnatkash xalqqa xosdir, haq va adolat mashʼali, chinakam gumanizm bayrogʻi uning qoʻlidadir, degan gʻoyani yuzaga chiqaradi. Asar haqida taqriz yozgan tanqidchilarning hech biri talqin etolmagan yaxlit konsepsiya asosida mana shu teran gʻoyaviy falsafa yotadi.

Mazkur gʻoyaviy falsafa va uni ifodalash maqsadida qalamga olingan uzoq oʻtmish hayoti, muammolari hozirgi zamon uchun ham nihoyatda muhimdir. “Literaturnaya gazeta” sahifalarida tanqidchi A.Kondratovich bilan qilgan suhbatida O. Yoqubov buni quyidagicha izohlagan edi: “Agar Ulugʻbek taqdiri bilan bogʻliq hamma narsa faqat tarixiy xaraktergagina ega boʻlib qolganda, men qoʻlimga qalam olmagan boʻlar edim. Amerika ochmayman, lekin shu narsaga imonim komilki, har qanday zamonaviy adib ham, uni faqat bugungi kun muammolari qizgʻin hayajonga solgandagina tarixga murojaat qiladi”.

Romandagi hozirgi zamon uchun muhim boʻlgan va davrimiz kishilarini hayajonga solayotgan uzoq tarixiy hayot muammolarini hamda ulardan kelib chiqadigan gʻoyaviy falsafani O. Yoqubov ulugʻ rus yozuvchisi F.M.Dostoyevskiy anʼanalari yoʻlidan borib, polifonik tasvir vositasida talqin etdi. Shunga koʻra “Koʻhna dunyo” oʻzbek adabiyotida yaratilgan birinchi tarixiy – polifonik roman hisoblanadi.

Demak, oʻzining teran falsafiy mazmuni va original shakli bilan “Koʻhna dunyo” romani adabiyotimizning zamonaviyligini, gumanistik mohiyatini chuqurlashtirdi, janrlar doirasini kengaytirdi, uslublar palitrasini rang-baranglashtirdi hamda xalqimiz maʼnaviy olamini boyitdi.

Odil Yoqubov qissa va romanlarining katta guruhini zamonaviy mavzudagi asarlar tashkil etadi. Ular jumlasiga “Ota izidan” (1955), “Larza” (1962), “Bir feleton qissasi”, “Matluba” (1970), “Izlayman” (1971), “Billur qandillar” (1975), “Qaydasan Moriko” kabi qissalar, “Yer boshiga ish tushsa...”, “Diyonat”, “Oqqushlar, oppoq qushlar”, “Adolat manzili” va “Osiy banda” (2006) romanlari kiradi.



3. Yozuvchining zamonaviy mavzudagi asarlari orasida “Diyonat” romani (1977) gʻoyaviy-badiiy jihatdan mukammalroq, taʼsirchanroq ekanligi bilan ajralib turadi. Adib “Diyonat” romani ustida ishlar ekan, hayotda koʻp uchratgan, dilida chuqur iz qoldirgan hodisalarni aks ettirishni – turmushda “katta ishlar qildim”, degan bahonada odamlarning boshiga chiqib olgan, qonunchilikni oyoq osti qilishdan toymagan ulkan xoʻjalik rahbari timsolini yaratishni, uning parvozi va inqirozini koʻrsatishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻyadi. “Men hayotda koʻp adolatsizliklarga sabab boʻlgan rahbarlar haqidagi oʻylarim va koʻrgan-kechirganlarimni romandagi Otaqoʻzi obrazida mujassamlashtirishga harakat qildim”, - deb yozadi muallif. Yozuvchi inqirozga yuz tutgan Otaqoʻzi bilan barobar nihoyatda pok va halol inson Normurod domla dramasini ham mahorat bilan ochadi. Bu odam uzoq va shonli hayot yoʻlini bosib oʻtgan. Biroq taqdir uning boshiga koʻp kulfatlar solgan. U bor kuch-quvvatini, umrini fan, adolat, xalq ishiga fido etib, evaziga el – yurtdan hech narsa talab qilmaydi.

Romanning asosiy gʻoyaviy maqsadi bu dunyodagi kamchiliklarni va insonlarda uchrab turadigan maʼnaviy nuqsonlarni ochib berishdir.

Yozuvchining “Oqqushlar, oppoq qushlar” asari gʻoyaviy muammolari jihatidan “Diyonat” romaniga birmuncha yaqin turadi. Bu romanda oʻlkamizda oʻzboshimchalik, koʻzboʻyamachilik illatlariga qarshi boshlangan ayovsiz janglar, poklanish deb atalgan va hamma sohada ijtimoiy adolatni barqaror etish uchun borgan 80-yillar oʻrtalaridagi shiddatli kurashlar qalamga olinadi. Roman markazida Shorahim shovvoz, Rasul va Muzaffar timsollari turadi. Shu uch qahramonni yonma-yon tasvirlab borish va hayotning turli tarmoqlarini, muammolarini, insonning rang-barang ruhiy dunyosini qamrab olish yoʻli bilan O. Yoqubov zamonaviy polifonik roman yaratishga uringan.

5. “Adolat manzili” bilan yuqoridagi asarlar orasidagi qandaydir yaqinlik shunda koʻrinadiki, ularning deyarli barchasida “oʻzbek ishi” yoki “paxta ishi” deb mashhur boʻlgan ijtimoiy hodisaga aloqador voqealar qalamga olinadi. Biroq Odil Yoqubov faqat mana shu voqelarni yoki ularning dahshatli oqibatlarini jonlantirishnigina oʻz oldiga asosiy maqsad qilib qoʻymaydi. Uning bosh maqsadi mazkur voqealar asosida umumbashariy muammolar, butun insoniyat hayotiga daxldor qadriyatlar haqida mushohada yuritish va kishilarning eʼtiborini ularga jalb qilishdadir. Oʻzining bu maqsadini yozuvchi yuqorida tilga olingan suhbatida quyidagicha tushuntiradi: “Men bu asarga qoʻl urar ekanman, faqat “paxta ishi” bahonasida respublikamizga kelib, mudhish yovuzliklarga yoʻl qoʻygan qonunbuzarlarni fosh etishnigina oʻzimga maqsad qilib qoʻygan emasman...

Men bu mavzuga sal boshqacharoq maqsadda yondashishga urindim. Yaʼni boʻhton va boʻhtonchilikning inson va jamiyat uchun naqadar xatarli ekanini bir halol, pokiza, vafodor oila qismatida aks ettirishga harakat qildim”.

Yozuvchining romandan kuzatgan bu maqsadini yosh tadqiqotchi Temur Qurbon yanada aniqroq va haqqoniyroq tarzda mana bunday ifodalaydi: yozuvchi “yeng muhimi, adabiyotning abadiy mavzularidan boʻlgan ezgulik va razolatning, sadoqat va xiyonatning, hayot va oʻlimning yonma-yon, ular ogʻir damlarda insonni sinovdan oʻtkazadigan omillar ekanini ishonarli bir tarzda tasvirlab bera olgan” (Temur Qurbon. Abadiy mavzu talqini, “OʻzAS”, 1995 yil 29 dekabr).

Koʻrinadiki, “Adolat manzili” romani yuzasidan eʼlon qilingan dastlabki maqolalarda tanqidchilik asarning gʻoyaviy mohiyatini, magʻziga yashiringan haqiqatni ochishga ancha yaqinlashib keldi. Ammo hali tanqidchilik mazkur haqiqat qanday janr vositalari, yaʼni romanning qaysi koʻrinishiga xos imkoniyatlar yordamida ifodalanganligini ochib bera olgani yoʻq. Yuqoridagi maqolalarda romanning janr xususiyatlari haqida deyarli bir ogʻiz ham gap uchramaydi. Faqat tanqidchi U.Normatov uning janrini belgilashga qay darajadadir yoʻl ochadigan baʼzi mulohazalarni oʻrtaga tashlaydi. Mana, uning soʻzlari: “Umuman, yozuvchining bu romanida xalq dostonlariga xos oshiqona va qahramonona romantik ruh kuchli...



Eʼtiborga molik jihati shundaki, tajribali adib Suyun burgut obrazidagi xalq dostonlari qahramonlari shijoatini eslatuvchi bu xildagi favqulodda xislatlarni izchil realistik asosda ruhiy-psixologik jihatdan chuqur tahlil etadi”.

Chindan ham “Adolat manzili” romanining janr koʻrinishini belgilashda unda “xalq dostonlariga xos...romantik ruh” ham, realistik asosdagi ruhiy-psixologik tahlil ham mavjudligini eʼtibordan soqit qilish mumkin emas. Faqat ular romanning janr xususiyatlarini belgilashdagi yetakchi omillarmikin? “Adolat manzili” romanining janr xususiyatlarini aniqlashda qaysi jihatlar yoki omillar yetakchiligini anglamoq uchun undagi voqealar va xarakterlar rivojini, yaʼni syujetning ayrim oʻrinlarini xayoldan oʻtkazish joiz tuyuladi. Agar shunday qilsak, asarning birinchi bobidayoq u roman janrining qaysi koʻrinishiga mansubligiga qandaydir ishora topgandek boʻlamiz. Birinchi bobda cholini kutaverib, koʻzi ilingan Bibisora momo nogahoniy qoʻngʻiroqdan choʻchib uygʻonadi. Telefonda uning tugʻilib oʻsgan yurti Marjontovdan qizi Marjonoyning “yurakka gʻuluv soluvchi hayajonli, titroq ovozi” eshitiladi. Marjonoy eri Suyunni qamoqqa olib ketishganini xabar qiladi. Shu tariqa kitobxon xayolida Suyunning qandaydir jinoyat qilganligi, qamoqqa tushganligi va keyingi voqealar mazkur jinoyatning sabablari-yu oqibatlarini ochishga yoʻnaltirilishi haqida oʻy tugʻiladi. Odatda, muayyan jinoyatni va uning izlarini aniqlash yoʻlidagi kurashlar-u xatti-harakatlarni aks ettirishga bagʻishlangan asarlar detektiv adabiyot namunalari hisoblanadi. Biroq yozuvchi darhol asari shunday janr namunasi ekanligini oshkor qilishga shoshilmaydi. Birinchi bobdan keyin u uzoq vaqtgacha Suyunning jinoyati toʻgʻrisida deyarli mutlaqo gapirmaydi. Buning oʻrniga muallif atayin romanning mufassalroq ekspozitsiyasini beradi. Ekspozitsiyada u Bibisorayu Marjonoy, Veteranu Mamat mergan haqidagi tafsilotlarni maʼlum qiladi. Natijada romanning asosiy qahramoni sifatida keyinroq faollashadigan Suyun burgutning kimligi, qanday oiladan ekanligi, oʻy-tuygʻularining, odamlarga munosabatining mohiyati ayon boʻladi. Jinoyatga bir imo qilib qoʻyib, uni koʻrsatishga shoshilmasligida Odil Yoqubovning ilgarigi koʻpchilik asarlarida boʻlganidek, mashhur rus yozuvchisi F.M.Dostoyevskiy anʼanalari izidan borganligi sezilib turadi. Bunga iqror boʻlmoq uchun uning “Jinoyat va jazo” romanini eslash kifoya. Roman boshlarida oʻquvchi koʻz oʻngida Raskolnikov degan oddiygina bir yigit paydo boʻladi va goʻyo boshqalardan hech narsasi bilan farq qilmagandek kundalik turmush tashvishlariga gʻarq odam qiyofasida koʻrinadi. Kitobxon uning qandaydir jinoyatga qoʻl urishini mutlaqo kutmaydi. Xuddi oʻquvchini shunga qatʼiy iqror qilmoqchidek, yozuvchi uning maishiy hayoti tafsilotlarini atayin mufassalroq tasvirlab boradi. Faqat ancha oʻtgandan keyingina romanda Raskolnikovning toʻsatdan bir uyga kirib, ikki ayolni chopib tashlaganligi hikoya qilinadi. Mana shu mashʼum hodisagacha roʻy bergan voqealarning atayin choʻzib tasvirlanishi kitobxonni tinimsiz hayajonda tutib turishga va keyinchalik yuz beradigan jinoyatga nisbatan qiziqishini orttirib borishga xizmat qiladi. “Adolat manzili” romanida Odil Yoqubov ham goʻyo shu yoʻldan borib, Suyun burgutning qanday ish qilib qoʻyganini oshkor etishga shoshilmaydi. Qandaydir jinoyat tafsilotiga yetib borgunga qadar muallif Bibisora momo bilan cholining Marjontov tomon yoʻlga otlanishini, ularning xayolidan oʻtgan kechmish hayotlari manzaralarini, nogahoniy xabardan tugʻilgan oʻy-kechinmalarini, tanish-bilishlarinikidagi suhbatlarini bir-bir jonlantirib boradi. Shunda ham yozuvchi jinoyatday boʻlib koʻrinayotgan hodisani butunlay unutib qoʻymaydi, balki Veteranning oʻylari orqali uning ildizlariga, ijtimoiy sabablariga qandaydir ishora qilib oʻtadi. Mana, oʻsha oʻylar: “Yopiray! Bu elga koʻz tegdiyov! Bir mahallar, sobiq xoʻjayini olamdan koʻz yumishidan avval, bu yurt Veteranning nazarida, shiddatli poygada hamma otlardan oʻzib, qanot bogʻlab uchib borayotgan tulporga oʻxshardi! Marhum xoʻjayin hanuz koʻpchilikka jumboq boʻlib kelayotgan allaqanday sirli bir holatda, hech kim kutmagan bir vaziyatda dunyodan oʻtdiyu, mohir chavandozidan ayrilgan uchqur tulpor toʻsatdan qoqildi, qoqildigina emas, qanoti qayrilib, tuyogʻi sindi!.. Uning oʻrniga oʻtirib, qamchisini olgan “chavandoz”lar esa allaqachon tulporning jilovini doʻppi desa kalla oladigan bir guruh jallodlarga berib qoʻyishdi. Ular boʻlsa mana uch yildirki, bu bezabon shoʻrlik elni qovurib yotishibdi! Qilmagan nomaʼqulchiliklari, koʻrsatmagan oʻyinlari qolmadi. Axiyri yulgʻichlaru kazzoblar bir yoqda qolib, kuyovi Suyun burgutday halol yigitlarga yopishib, el yuziga qora kuya chaplab tashlashdi”.

Hech qanday rahbarning yoki ijtimoiy voqeaning nomi aniq aytilmagan boʻlsada, bu oʻylarda 80-yillarda, aniqrogʻi, Yu.V.Andropov va Sh.Rashidov vafotidan keyin yurtimizda roʻy bergan oʻzgarishlarning, dahshatli fojealarning obrazli manzarasi chizilgandek tuyuladi. Shu tariqa romannavis kitobxonga adabiyot vositalari yordamida asardagi voqealar aniq zamonda va makonda, yaʼni 80-yillarning oxirida roʻy berganligini maʼlum qiladi. Qahramonlar xarakteri rivojlanadigan sharoitni chizar ekan, yozuvchi kitobxonning qiziqishini soʻndirib qoʻymaslik uchun telefonda xabar qilingan jinoyatning mohiyati nimada ekanligini ochishga shoshilmaydi. Shu bilan birga u mazkur voqeani butunlay eʼtiboridan chetga ham chiqarib qoʻymaydi. Yoʻl sarguzashtlari, manzaralari, suhbatlari davomida muallif u voqeaning nimadan iborat ekanligini bildirmasada, ancha jiddiy hodisaligiga yangi bir ishora qilib qoʻyadi. Ishora Veteranning yoʻlda uchragan oshnasi harakatida seziladi. Ular bir kecha uyida tunaganlaridan keyin qoʻshni viloyatda nimalar boʻlayotganligidan, Suyun burgutning ishidan xabardor oshnalari mehmonlarni shoshilinch ravishda yana yoʻlga kuzatib yuboradi. Shoshilinch kuzatuvni eslash yoʻli bilan yozuvchi oʻsha oshnaning mehmonlardan, ularning kuyovidan hadiksirashini anglatadi, yaʼni Suyun burgutning boshiga tushgan savdo shunchaki bir oʻtkinchi hodisa emas, balki ancha jiddiy fojea ekanligiga ishora qiladi. Oqibatda bu ishora ham kitobxonning oʻsha jinoyat deb taxmin qilinayotgan voqeaga boʻlgan qiziqishini yanada orttiradi. Kitobxonning qiziqishini orttira-orttira, yozuvchi faqat uchinchi bobdagina jinoyat nimadan iboratligi haqida dastlabki maʼlumotni beradi. Agar ilgarigi tafsilotlarni yoritishda F.Dostoyevskiy nasriga xos qandaydir ohanglarning aks-sadolari eshitilgandek boʻlsa, jinoyat nimadan iboratligini koʻrsatishda koʻproq Odil Yoqubovning oʻz ijodida shakllangan tasvir uslubining ayrim jihatlari ravshan koʻrinadi. Biz Odil Yoqubov tasvir uslubining oʻziga xos tomoni deganda, bu oʻrinda aksariyat voqea-hodasalarning qahramonlar xotirasi, xayoli orqali jonlantirilishini koʻzda tutamiz. Xuddi shunday tasvir uslubi uning deyarli barcha romanlarida aniq-ravshan koʻzga tashlanadi. Chunonchi, yozuvchi oʻzining birinchi romani boʻlgan “Yer boshiga ish tushsa...” asarida qatagʻonlar qurboniga aylangan Aʼzam yacheykaning eʼtiqodli, bukilmas irodali inson sifatidagi siymosini uning oʻgʻli Mashrab xotirasi orqali jonlantiradi va ayniqsa, bola xayoliga muhrlanib qolgan: “Bitta morojnoye ham olib berolmadim-a”, - degan soʻzlarga alohida urgʻu beradi. Xuddi shu obrazdan Odil Yoqubov “Muzqaymoq” nomli hikoyasida oʻz otasining qiyofasini gavdalantirishda foydalanadi. Xotiralar yozuvchiga qahramonlar hayotidagi, his - tuygʻularidagi hayajonli, muhim va murakkablikka toʻliq damlarni ajratib koʻrsatish imkonini beradi. Jumladan, “Ulugʻbek xazinasi” romanida xuddi shunday oʻrinlardan biri sifatida Mirzo Ulugʻbekning Ajdar gʻoriga qulab ketishiga sal qolganligi voqeasi tanlanadi. Kitobxonga hayajonliroq qilib koʻrsatish uchun uni muallif Ali Qushchi xayolida jonlantiradi. “Diyonat” romanida mazkur uslubga qayta-qayta murojaat qilinadi. U ayniqsa, romandagi Fazilat, Jabbor va Jamol Boʻriboyev orasida urush yillari hamda undan keyin roʻy bergan dramatik voqealarni, toʻqnashuvlarni jonlantirishda qoʻl keladi. Oʻsha voqealar goh Fazilatning, goh Normurod Shomurodovning, baʼzida esa boshqa qahramonlarning xotiralari vositasida qayta-qayta gavdalantiriladi. Shu tariqa turlicha yondashuvlar oqibatida oʻsha voqeaning koʻplab tafsilotlari, sabab va oqibatlari, mohiyati oʻquvchini larzaga soladigan darajada namoyon qilinadi. “Koʻhna dunyo” romanida esa yozuvchi xotiralar asosida jonlantirish usulidan Beruniy va Abu Ali ibn Sinolarning yoshligini, oʻtmishini, sarguzashtlarni gavdalantirishda foydalanadi. Xotiralar vositasidagi tasvir bilan muallif hikoyasi qoʻshilib, romanda oʻziga xos polifoniyani vujudga keltiradi. “Adolat manzili” romanida ham yozuvchi oʻz hikoyasiga qahramonlarning xotiralarini, xayollarini, nuqtai nazarlarini omuxtalashtirib yuboradi. Agar u dastlabki boblarda koʻproq oʻz hikoyasiga erk bergan boʻlsa, jinoyat tasviriga oʻtganda, avvalgi asarlarida goʻyo sevimli boʻlib qolgan: “Falonchining yodida bor”, “Falonchining xotirasida saqlanib qolgan”, - singari iboralarga qayta-qayta murojaat qiladi. Xususan, u jinoyat deb taxmin qilinayotgan voqeani aks ettirishga kirishar ekan, hikoyani: “Olti oy deganda togʻda hech kutilmagan bir falokat sodir boʻldi-yu, Marjonoy Allohdan tilab olgan orom oilasini yana tark etdi. Marjonoy bu voqeani har eslaganida yuragi bir zirqiraydi”, - degan soʻzlar bilan boshlaydi. Shu tariqa “jinoyat” tasviri Marjonoy xotiralari vositasida namoyon qilina boshlanadi. Keyin boshqa qahramonlarning Marjonoy xotirasiga joylashib qolgan gap-soʻzlari, xabarlari, oʻy-kechinmalari yordamida oʻsha voqeaning tafsilotlari, mohiyati, kishilarga oʻtkazgan taʼsiri ochila boradi. Masalan, Marjonoy kelin qilmoqchi boʻlgan qiz- Oltinoy toʻsatdan paydo boʻlib: “Qoʻraga oʻt tushdi. Olti yuz qoʻy nobud boʻldi...” – degan xabarni beradi. Oqibatda voqea tafsilotlarini, yaʼni Oltinoyning otasi Darvesh duduqning uyida bolalari Suyun burgut sovgʻa qilgan televizorga mahliyo boʻlib, qoʻylar saqlanadigan qoʻraga yongʻin ketganini sezmay qolganlari, qoʻra devori ketmon bilan buzib kirilganda, olti yuz qoʻy nobud boʻlganligi singari manzaralarni chizish imkoni tugʻiladi. Bu voqeadan goʻyo televizor sovgʻa qilgani uchun qoʻylarning yonib ketishiga Suyun burgut va choʻponlar sababchi boʻlgandek taassurot qoladi. Voqeaning keyingi tafsilotlari esa Suyun burgutning quyidagi soʻzlarida ayon qilinadi:

“ – Gap bunday, Marjonoy! – dedi yuragi sanchiyotganday koʻkragini ishqalab. – Yoʻlda oʻgʻling bilan maslahatlashdik. Nima qilib boʻlsayam bu ikki choʻponni qamoqdan asrab qolmoq kerak. Qamab qoʻyishsa, polaponlarini kim boqadi? Hammasi osh deb, non deb chirqillab yotgan joʻjachalar. Otalaridan ayrilib, yetim qolishsa... Ammo-lekin... Choʻponlarni asrab qolish uchun qirilgan qoʻylarni tiklash lozim! Hukumatning bitta qoʻyiga ham tegib boʻlmaydi. Men hozir xalqqa murojaat qilaman. Ammo xalqdan yordam soʻraydurgʻon odam avval oʻzi ibrat koʻrsatmogʻi darkor. Sen nima deysan, Marjon?”

Soʻzlarining ustidan chiqib, Suyun burgut oʻz qoʻylaridan yuztasini ajratadi, xalqdan esa yana besh yuzta qoʻy toʻplab beradi. Shunday yoʻl bilan yonib ketgan qoʻylarning oʻrni toʻldiriladi. Suyun burgutning qilgan ishi shundan iborat. Bu yerda jinoyatdan asar ham yoʻq. Lekin shunga qaramay, Suyun burgutning qilmishi jinoyat deb talqin etiladi, oʻzi esa jinoyatchi sifatida qamaladi. Demak, romanning bu oʻrinlarida chinakam jinoyat emas, balki faqat “jinoyat” deb atalgan hodisa hamda “jinoyatchi” sifatida qamalgan begunoh va saxovatli inson namoyon boʻladi. “Jinoyat” deb atalgan hodisa boʻlganligi uchun romanga uning izlarini axtaruvchi, “jinoyatchi”ni fosh qilish yoʻlida jonbozlik koʻrsatuvchi tergovchilar, prokurorlar va qamoqdagi mahbuslar, kallakesarlar obrazi turmalar, kameralar hamda u yerlardagi qiynoqlarning tafsilotlari kirib keladi. Bular esa aksariyat detektiv asarlarning deyarli doim uchraydigan unsurlari hisoblanadi. Shu tariqa detektiv janr xususiyatlariga mos holda romanda haqiqiy jinoyat boʻlmasada, uni qidirish boshlanadi. Qidirish jarayonida adliya xodimlarining ham, “aybdor”hisoblangan shaxslarning ham maʼnaviy qiyofalari, dunyoqarashlari, eʼtiqodlari-yu maqsadlari roʻyobga chiqa boradi. Odatda, aksariyat mashhur detektiv asarlarda izquvarlar juda bilimdon, tadbirkor, irodali, vijdonli, sabotli, boshlagan ishini oxirigacha yetkazadigan, adolat tantanasi yoʻlida jonini ham ayamaydigan odamlar qiyofasida koʻrinadilar. Jinoyatchilar esa ularda, koʻpincha, razil, tuban axloqli, qoʻrqoq, ayyor, sotqin, shaxsiy manfaat yoʻlida hech narsadan qaytmaydigan, oqibatda magʻlubiyatga mahkum kimsalar sifatida namoyon boʻladilar. “Adolat manzili” romanida esa goʻyo biz buning aksiga duch kelamiz. Avvalo, jahon detektiv adabiyotining mashhur namunalaridagidan farqli holda, romandagi adliya xodimlari haqiqiy izquvarlar, yaʼni chinakam jinoyatni fosh qiladigan qahramonona xarakterli kishilar qiyofasida emas, balki sovet zamonidagi huquq tartibotlariga muvofiq holda begunoh odamlar boʻyniga ayb yuklaydigan, yoʻq yerda jinoyat paydo qiladigan, oʻta shafqatsiz, razil kimsalar sifatida namoyon boʻladilar. Masalan, “paxta ishi” boʻyicha jinoiy ishlarni koʻrish uchun Oʻzbekistonga yuborilgan general tergovchilardan Sharanovskiyning avval kimnidir qamab, keyin uning boʻyniga ayb qoʻyish usulini maʼqullasa-da, bu yoʻlning qonunga zid ekanligini ochiq tan oladi va shunday deydi: “Biz bu yerda shoʻrlik choʻpon-choʻliq, qashshoq dehqonlar haqida gapirayotganimiz yoʻq... Demoqchimanki, baʼzan vaziyatga qarab ish yuritmoq lozim. Hadeb hadiksirab qonunga qarayversak, anov... katta qashqirlarni qopqonga qanday tushiramiz?”

Shu tariqa asarda sovet zamonidagi huquqiy sohada qonunning kuchi, yaʼni adolatning yoʻqolib borayotganligiga ishora qilinadi. Bunday hol, yaʼni insonni oldin qamab, keyin boʻyniga jinoyat qoʻyishdek adolatsizlik deyarli butun jahondagidan farqli holda Sovet ittifoqida juda avj olganligini Odil Yoqubov yuqorida eslangan suhbatida alohida taʼkidlab oʻtgan edi. Balki kishilar boshiga sanoqsiz kulfatlar solgan mana shu mashʼum hayotiy jarayon yozuvchining qoʻliga qalam tutqazgan va detektiv janrning oʻziga xos namunasini yaratishga daʼvat etgandir? Xuddi shu janr yozuvchiga xalq hayotidagi bitmas-tuganmas falokatlarni tugʻdirgan voqealar, dolzarb ijtimoiy va axloqiy muammolar toʻgʻrisida taʼsirchan hamda hayajonga toʻliq hikoya yaratish uchun juda qulay shakldek tuyulgan boʻlsa ajab emas. Umuman, detektiv asarning kitobxon diqqatini butkul rom qilib qoʻyish, ruhiga cheksiz qiziqish baxsh etish qudratiga ega ekanligi adabiyot tarixidan juda yaxshi maʼlum. Agar bunday asar shiddatli va keskin kurashlar, ruhiy tarangliklar-u toʻqnashuvlar, dramatizmga boy hayotiy ziddiyatlar asosiga qurilgan boʻlsa, uning oʻquvchini oʻziga jalb qilishi, qiziqtiruvchanligi yanada ortadi. Buni yaxshi bilgan tajribali yozuvchi Odil Yoqubov “jinoyat” deb atalgan voqeaning nimadan iborat ekanligini maʼlum qilgandan keyin hikoyasini “aybdorga” chiqarilgan odamlar bilan ularni taʼqib etuvchilar orasidagi xuddi shunday shiddatli kurashlar zaminiga quradi. Faqat bu toʻqnashuvlar biz sotsialistik realizm adabiyotida juda koʻp uchratganimiz sinfiy kurashning bir koʻrinishi emas. Ular asardagi oʻziga xos ikki guruh orasidagi kurashlardir. Romandagi deyarli barcha qahramonlar Suyun burgut “jinoyatchi” deb eʼlon qilingandan keyin aniq ikki guruhga boʻlinib qoladilar. Birinchi guruhga Suyun burgut va uning atrofidagi Marjonoy, Veteran hamda Lochin kabi adolat izlovchilar, uning tantanasi uchun jon-jahdlari bilan kurashuvchilar kiradi. Ikkinchi guruhni esa Sharanovskiy boshliq tergovchilar, mahbuslar, kallakesarlar tashkil etib, xatti-harakatlariga koʻra ularni “jinoyat yasovchilar” deb atash mantiqli boʻladi. Aytganimizdek, deyarli barcha personajlar bir-birlaridan keskin ravishda ajralib, istasalar ham, istamasalar ham shu ikki guruhning bittasiga mansub boʻlib qoladilar. Kimki muayyan guruh ichida turgani holda, uning asosiy yoʻnalishiga zid harakat qilsa, darhol kurashdan ham, romandan ham chiqib ketadi. Masalan, “jinoyat yasovchi”lar guruhidagi tergovchi Doronin Suyun burgutni yoqlab: “Suvonqulovga qoʻyilayotgan ayblar asossiz!”-deydi va oʻsha zahoti arizasiga koʻra ishdan boʻshatiladi. Keyin Doronin romanda biron marta ham tilga olinmaydi.

Kitobxon romanni zerikmasdan, shavq-zavq bilan oʻqishiga erishmoq uchun yozuvchi “jinoyat yasovchi”lar hamda adolat izlovchilar orasidagi kurashni rang-barang shakllarda namoyon qiladi. Avvalo, bu kurash romanda koʻpchilik detektiv asarlardagi kabi “aybdor” hisoblangan odamlar uyiga tunda bostirib kirish, tintuv oʻtkazish, “jinoyat yasash” uchun zarur ashyolar qidirish shaklida yuzaga chiqadi. Uni tasavvur qilmoq uchun Suyun burgutning qamoqqa olib ketilishi voqeasini eslash kifoya. Hayajonga, ehtirosga, asablar tarangligiga, keskin toʻqnashuvlarga, otishma darajasiga yaqinlashgan hayqirigʻu haqoratlarga toʻliq bu manzara kitobxon ongiga bir umr muhrlanib qoladigan lavhadek chiziladi. Sharanovskiy boshliq “jinoyat yasovchi”lar yarim kechada Suyun burgutning uyiga bostirib kiradilar. Kitobxon hech kutmaganda, oʻsha zahotiyoq Sharanovskiy bilan Suyun burgut orasida nihoyatda keskin toʻqnashuv yuz beradi:

“ – O, oʻzbek goʻzali!- yana kuldi Sharanovskiy. – Muncha hurkmasangiz, muncha oʻzingizni opqochmasangiz bizdan?

U gapini tugatolmay qoldi, Suyun burgut shartta oʻrnidan turdi, qalt-qalt titrab:

– Sen, - dedi choʻqmorday qoramtir mushtlarini tugib, - sen qoʻlingdan kelsa, otib tashla meni! Ammo xotinimga gap otma! Agar gap otadigan boʻlsang...

Sharanovskiy polni gʻachir-gʻuchir qilib, oʻtirgan kreslosini orqaroqqa surarkan, shosha-pisha pistoletini qinidan chiqarib, stolga tashladi:

– Sen yigit... Sensirab gapirma menga!

Marjonoy yigʻi aralash erining qoʻliga yopishdi:

– Jon Suyun aka! Oʻtiring, oʻzingizni bosing...”

Bu parchada deyarli bironta ham ortiqcha tafsilot yoʻq. Undan biz, avvalo, Sharanovskiyning tuban ahloqli va shafqatsiz bir shaxs ekanligini payqasak, ikkinchidan, Suyun burgutning xotiniga boʻlgan cheksiz muhabbatini, yaʼni uning umri oxirida qiladigan harakatini tushunishga yordam beruvchi munosabatini anglaymiz. Shu bilan birga mazkur manzara davomida detektiv janr unsurlari ortib boradi, yaʼni tintuv natijasida Suyun burgut bisotidan oʻn ming soʻmlik taqinchoq va oʻgʻlining toʻyiga yigʻib qoʻyilgan toʻrt ming soʻm pul topiladi. Bularning hammasi bostirib kirganlarning maqsadiga mos keladi. Ular Suyun burgutnikidan shuncha pul topilganligiga qarab, bu jasur yigit sovxoz direktori boʻlish uchun raykomning birinchi kotibiga 50 ming soʻm pora berganligi haqida xulosa chiqaradilar. Shu tariqa yuqoridagi toʻqnashuv Sharonovskiylarning maqsadi qanday qilib boʻlsada, Suyun burgut boʻyniga ayb qoʻyishdan, yaʼni “jinoyat yasash”dan iborat ekanligini yaqqol tasavvur qilishga imkon tugʻdiradi va muallifning “Bir feleton qissasi”, “Larza” povestlarida qisman uch bergan detektiv yaratish isteʼdodi, mahorati ortganligining alomatlari hisoblanadi.

“Adolat manzili” romanidagi guruhlararo kurashlarning ikkinchi koʻrinishi personajlar oʻrtasidagi ochiqdan-ochiq mushtlashish va janglar tarzida roʻyobga chiqadi. Bunday kurashning taʼsirchan va yorqin manzarasini muallif Suyun burgutning qamoqdagi sarguzashtlari, koʻrguliklari bilan bogʻliq holda chizadi. Tergovchilar Suyun burgut boʻyniga pora berganligi aybini qoʻyisha olmagach, uni qimorboz, kallakesarlar joylashgan xonaga tashlaydilar. Xonada uch barzangi qoʻllarida pichoq bilan uning ustiga tashlanadilar. Tengsiz jangda Suyun burgut uchalasini ham yer tishlatadi. Bu manzarada Suyun burgutning haqiqat va adolat uchun kurashda hech narsadan qoʻrqmasligi, cheksiz jismoniy kuch-quvvatga ega ekanligi, favqulodda qahramonlik koʻrsatishga qodirligi ayon boʻladi. Faqat oʻtgan janglar oqibatida u raqiblarning maqsadlarini tushunolmay qiynaladi, oʻyga toladi, gʻazabini sochib, xitoblar qiladi: “Kim qamoqxonada yotgan kallakesarlar qoʻliga pichoq berib qoʻyadi? Maqsadlaring nima? Boʻhtonga uchragan halol insonlarni bukolmagandan keyin ularni mana shu qimorbozlar yordamida tiz choʻktirishmi niyatlaring?”

Yuqoridagi janglarni, qiynoqlarni tashkil qilishdan esa Sharanovsiy Suyun burgutning boʻyniga yangi ayb, yaʼni viloyat kotibiga 300 ming soʻm pora berishdek gunohni yopishtirish maqsadini koʻzlagan edi. Demak, guruhlararo kurashlarning ikkinchi shaklida Suyun burgut kabi qahramonlarning adolat tantanasi yoʻlida qanchalik fidoyilik koʻrsatishga qodirligi va “jinoyat yasovchilar”ning koʻzlagan maqsadlariga erishish jabhasida sobitqadamlik bilan harakat qilayotganlari aniq-ravshan yuzaga chiqadi.

Nihoyat romandagi guruhlararo kurashning yana bir koʻrinishi qahramonlar oʻrtasidagi qarashlar, fikrlar, eʼtiqodlar, intilishlar toʻqnashuvi shaklida namoyon boʻladi. Uning yorqin namunasi sifatida Veteran bilan Sharanovskiy oʻrtasidagi tortishuvni xotirlash mumkin:

“...Haqiqat qilgani kelib, haqiqatni toptayapsanlar senlar! Oʻylaysanlarki, bilganimizni qilamiz, oyoqosti qilamiz bu yurtni deb! Qaytar dunyo bu! Hali javob berasanlar bu qilmishlaring uchun!- Veteran esiga tushgan gaplarni qayta unutib qoʻyishdan qoʻrqib, tili kurmalab boʻlsa ham davom etdi. – Sen... Senlar bu elga poraxoʻrlikka qarshi kurashgani kelasanlar-u, oʻzlaring poraxoʻrlik bilan mashgʻulsanlar. Asl poraxoʻr senlar! Sen!

Sharanovskiy oyogʻi kuygan tovuqday joyida pitirlab qoldi. U miyasi aynigan bu choldan har narsani kutsa ham, bu gapni kutmagan edi.

– Sen... boʻhtonchi chol! – dedi u qonsiz, rangpar yuzi boʻgʻriqib. – Nima deyapganingni bilasanmi oʻzi? Bu gaping, bu tuhmatlaring uchun hozir oborib sevimli kuyoving yoniga tiqib qoʻyishimga aqling yetadimi, yoʻqmi, esini yegan chol! Xoʻsh, kimdan pora olibman men? Guvohing bormi? Isbot qila olasanmi bu boʻhtonlaringni?

– Isbotim yoʻq! Ammo bilaman!

– Shunaqa de! Isbot yoʻgʻu, ammo biladilar!”

Mazkur parchada Veteranning el-yurti va haqiqat uchun yonib tortishuvchi, eʼtiqodli inson ekanligi ayon koʻrinsa, Sharanovskiy jiddiy fikriy munozaraga ojiz, notavon bir kimsa qiyofasida gavdalanadi. Shu tariqa romanda adolat izlovchilar bilan “jinoyat yasovchi”lar orasidagi kurashlar qahramonlar ruhiy dunyosini, oʻy-fikrlar olamini, xarakterini ochishga xizmat qiluvchi vositaga aylanadi. Faqat xarakterlar tasvirida Odil Yoqubov aksariyat detektiv asarlardagidan farqlanuvchi yoʻldan boradi. Odatda, koʻpchilik detektiv asarlarda izquvarlar oʻta matonatli, tadbirkor, bilimdon, qilni qirq yoradigan, eʼtiqodli va ezgu maqsadlar-u ideallar sohibi sifatida gavdalantirilgan. Aksincha, ulardagi koʻpchilik jinoyatchilar qoʻrqoq, ojiz, notavon, qancha urinsalarda, jazodan qochib qutila olmaydigan kimsalar qiyofasida koʻsatilgan. Bularga qiyoslaganda, “Adolat manzili” romanidagi qahramonlar goʻyo oʻrinlarini almashtirib olgandek tuyuladi. Romanda adolat izlovchilar koʻproq halol, sofdil, qahramonona xarakterli kishilar boʻlsa, “jinoyat yasovchilar” nuqul tuban, poraxoʻr, yovuz, shafqatsiz, axloqsiz kimsalar sifatida ajralib turadilar. Har holda romandagi xarakterlar tasvirida sotsialistik realizm adabiyotida kurtak yozgan bir salbiy tamoyilning muhri qolgandek tuyuladi. Oʻsha tamoyilga koʻra sotsialistik realizm adabiyotidagi qahramonlar xarakteri tasvirida rang-baranglik oʻrnini maʼlum maʼnodagi bir xillik ola boshlagan edi. Aniqroq aytsak, mazkur metodda yozilgan koʻpchilik asarlarda ijobiy qahramonlar aksariyat hollarda “yorqin” boʻyoqlar, salbiy personajlar esa nuqul “qora” rang vositasida koʻrsatiladigan boʻlib qolgan edi. “Adolat manzili” romanida xuddi shu tamoyilning izlari borligini payqamoq uchun Suyun burgut bilan Sharanovskiy xarakterlari tasvirini eslash kifoya. Asarning boshlaridanoq Suyun burgut juda jasur, mard, xotini va oilasiga vafodor, saxovatli, insonparvar, haqiqatparvar ijobiy qahramon sifatida koʻrsatiladi. Guruhlar orasidagi kurashlar jarayonida uning bunday fazilatlari yanada yorqinroq yuzaga chiqa boradi. Ular davomida Suyun burgut haqiqat va adolatning tolmas posboni, tuhmatu boʻhtonning murosasiz dushmani sifatida gavdalanadi. Faqat sotsialistik realizm anʼanalari izidan maʼlum darajada chekinib, Odil Yoqubov uni oxirigacha kurashchan qahramon sifatida tasvirlamaydi. Adolatsizlikka qarshi maʼlum vaqtgacha murosasiz jang qilgandan keyin gap xotinining nomusi masalasiga kelib taqalganda, Suyun burgut kurashdan koʻra oʻlimni afzal topadi. Shu tariqa Suyun burgutning oʻlimi xotinining nomusini saqlashdek hayot-mamot masalasiga bogʻliq holda asoslaganligi sababli uning oxirigacha kurashchan qahramon boʻlib qolmaganligi ishonarli chiqqan. Oqibatda bunday tasvir Suyun burgutning insoniy mohiyati teranroq ochilishiga xizmat qilgan.

Afsuski, Sharanovskiy xarakteri, insoniy mohiyati ochilishi haqida bu gapni aytish qiyin. Buning sababi shundaki, Sharanovskiy deyarli dunyoda bor illatlarning mujassami qilib qoʻyilgan. Avvalo, deyarli barcha salbiy personajlar kabi Sharanovskiyning tashqi qiyofasi yoqimsiz qilib chizilgan. Asardagi Mansur mesh, Mirjalolovlar xuddi shunday yoqimsiz qiyofali kimsalar ekanligini toʻgʻri qayd qilgan tadqiqotchi Temur Qurbon negadir Sharanovskiyning sirtqi koʻrinishi yuzasidan yuqorida tilga olingan maqolasida boshqacharoq mulohazani ilgari suradi. Uning yozishicha, yuqoridagi personajlardan farqli holda Sharanovskiyning tashqi qiyofasi yoqimli qilib chizilgan. Mazkur farqni Temur Qurbon mana bunday izohlaydi: “Yozuvchining bu qahramonlar tashqi koʻrinishini yoqimli, kishida yaxshi taassurot qoldiradigan darajada chiroyli qilib tasvirlashdan maqsadi, ularning tashqi qiyofasi bilan ichki dunyosi, zohiri bilan botini bir-biriga tamomila qarama-qarshi ekanligini boʻrttirib koʻrsatishdir”.

Balki ayrim oʻrinlarda Sharanovskiyning tashqi qiyofasida Temur Qurbonga yoqimli boʻlib koʻringan chizgilar uchragandir. Lekin kuzatishlarimizdan maʼlum boʻlishicha, Sharanovskiy aksariyat hollarda kitobxonda sovuq bir munosabat qoʻzgʻatadigan qiyofada paydo boʻladi. Bunga iqror boʻlmoq uchun yuqorida keltirilgan parchadagi Veteran bilan tortishuvda Sharanovskiyning “qonsiz, rangpar yuzi boʻgʻriqib” ketganligini qayta eslash kifoya. Bunday misollar romanda koʻp boʻlib, ular Sharanovskiyning tashqi qiyofasi, asosan, salbiy munosabat uygʻotadigan qilib koʻrsatilganligini tasdiqlaydi.

Sharanovskiyning maʼnaviy qiyofasi tasvirida “qora” boʻyoq nihoyatda quyuqlashib ketadi. Chunonchi, bu korchalon tinimsiz “jinoyat yasash”ga urinib, sofdil kishilar ustiga tuhmat yogʻdiradi, ularni qiynab, pora talab qiladi. Oʻzi esa xoʻjayinlariga pora uzatib turadi, orttirgan boyliklaridan katta-katta ziyofatlar uyushtiradi. Mayli, bularning hammasini Sharanovskiyning oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifani ado etishga intilishining oqibati deylik. Faqat shu xatti-harakatlar jarayonida Sharanovskiy juda qoʻrqoq, aqlsiz, nodon ham boʻlib koʻrinadi. Buning ustiga u axloqiy jihatdan oʻta tuban shaxs. Maʼnaviy qashshoqligi Sharanovskiyning begona ayolllarga koʻz olaytirishida, nuqul kotibasi bilan ishrat qurishida, toʻxtovsiz konyak ichib, tushgacha uxlashida, kishilarga qoʻpol muomalasida yaqqol namoyon boʻladi. “Paxta ishi”ni tekshirish uchun markazdan Oʻzbekistonga yuborilgan kishilar bu qadar aqlsiz va axloqsiz boʻlganligiga ishonish qiyin. Balki bu korchalonlar oʻta ayyor, aqlli, bilimdon ekanliklari bilan ajralib turganlari uchun ham sofdil xalq farzandlarining ularga qarshi kurashishlari nihoyatda qiyin boʻlgandir. Xuddi shuningdek, romanda Sharanovskiy aqlliroq qilib koʻrsatilganda, balki uning insoniy tabiati ishonarliroq ochilgan va Suyun burgut bilan kurashlari dramatikroq tus olgan boʻlur edi. Har holda Sharanovskiy xarakteri tasviri oʻzbek yozuvchilari hali ham inson mohiyatining butun murakkabligini, koʻz ilgʻamas tomonlarini ochib berish sohasida jiddiy muvaffaqiyatga erisha olmayotganliklaridan guvohlik beradi. Shu bilan birga “Adolat manzili” romani oʻzbek adabiyotida insonning maʼnaviy tabiatini teran badiiy tahlil qilish yoʻlida tinimsiz izlanishlar borayotganligidan ham dalolat hisoblanadi. Xuddi shu izlanishlarning muayyan samarasi sifatida romanda Lochin xarakteri maydonga kelgan. Lochinni tasvirlashda muallif nuqul “yorqin” boʻyoq ishlatmaydi. Balki shuning natijasida u inson har doim bir xilda ijobiy yoki salbiy boʻlavermasligi, olijanob fazilatlar bilan bir qatorda zaifliklardan ham xoli emasligi toʻgʻrisidagi haqiqatga birmuncha yaqinlashadi. Fikrimizni tasdiqlovchi eng yorqin dalil sifatida Lochin bilan Klaraning xilvatdagi uchrashuvlari va uning oqibatlari bilan bogʻliq voyealarni xotirlash kifoya. Uchrashuv juda jonli va esda qoladigan lavha shaklida, koʻproq Klaraning tilidan chiziladi:

“ – Nima balo, qizlar bilan hech boʻlmaganmisan? - deb soʻradi. – Rostdan, a? Hech qachon, a? – u nimagadir suyunib, yayrab ketdi. Boʻlmasa, bitta ich!”

Lochin ichish oʻrniga Klarani belidan koʻtarib, krovatga uloqtiradi. Voqeaning eng hayajonli davomi yana Klara tilidan beriladi: “Tulpor boʻp ket, toychoqqinam... Dunyoda turguncha eslayman, hech qachon unutmayman seni, chopagʻon toychoqqinam!..”

Parchadan koʻrinadiki, xilvatdagi uchrashuv vaqtidagi Klaraning ruhiy holati juda tabiiy va taʼsirchan ochilgan. Faqat umrida birinchi marta ayol bilan yaqin boʻlgan Lochinning ruhiy olami esa qorongʻulikda qolgandek tuyuladi. Yaqinlikdan keyin Lochin endi Klaraning kelishini istamasligi qayd qilinadi-yu, umrida ilk bor ayol bilan birga boʻlgan yosh yigit qalbida tugʻilishi shubhasiz hisoblangan cheksiz his-tuygʻular, baxtdan entikish yoki oʻzidan jirkanish, shodlikka toʻliq kayfiyatdan mast boʻlish yoxud qilingan ishdan afsus-nadomat chekish singari tabiiy unsurlar romannavis eʼtiboridan butkul chetda qoladi. Vaholanki, ular Lochinni toʻlaqonliroq inson sifatida tasavvur qilishga yordam beradigandek tuyuladi. Lochinning shundan keyin sevgilisi Oltinoy bilan uchrashuvi tasvirida yozuvchi bu imkoniyatdan qisman foydalanadi. Uchrashuvda Oltinoy yigitdan Klara bilan oralarida nima boʻlganini soʻraydi. Lochin sira ikkilanmay, hech narsa boʻlmaganini aytadi va Oltinoy uni kechiradi. Demak, Lochin sevgilisiga yolgʻon gapiradi, lekin kitobxon bunga ishonadi. Bu yolgʻon inson tabiatiga mos keladi, chunki Lochin oʻzi tushib qolgan vaziyatda shundan boshqacha gapirishi mumkin emas edi. Demak, Lochinning insoniy tabiatini, mohiyatini ochishda uning zaifliklari tasviri ham muayyan estetik qiymat kasb etadi.



Anglashiladiki, “Adolat manzili” romanidagi Lochin xarakteri tasviri hozirgi oʻzbek adabiyotida inson tabiatini, mohiyatini butun boyligi va murakkabligi bilan ochib berish yoʻlida tinimsiz izlanishlar borayotganligini, faqat ular ahyon-ahyonda jindek-jindek ijobiy samaralarga olib kelayotganligini koʻrsatadi.

Shu tariqa yozuvchi romandagi guruhlararo kurashlarni va ular jarayonidagi qahramonlar xarakteri rivojini goh ishonarli, goh shubhali qilib tasvirlasa-da, detektiv unsurlariga, yaʼni jinoyatni qidirishdek omilga alohida urgʻu berganligi sababli kitobxonning syujet yechimiga boʻlgan qiziqishi butkul soʻnib ketmasligiga erishadi. Boshqacha qilib aytsak, hayajonli kurash manzaralari bilan tanishgan kitobxon uning kemtiklariga qaramay, jinoyatni izlashlar qanday tugashini sabrsizlik bilan kutadi. Odatda, koʻpchilik detektiv asarlardagi jinoyat qidirish bilan bogʻliq voqealar izquvarlarning muqarrar tantanasi va aybdorlarning mutloq magʻlubiyati bilan yakunlanadi. “Adolat manzili” romanida esa buning aksi boʻladi. Izquvarlar qancha urinmasinlar, gʻalaba gashtini surolmaydilar, yaʼni adolat qidiruvchilar boʻyniga jinoyat yuklashga ulgurmaydilar. Suyun burgut oʻzini mahv etishi bilan ularni bu imkoniyatdan mahrum qiladi. Shu yoʻl bilan u “jinoyat yasovchi”lar ustidan maʼnaviy tantana qiladi. Suyun burgutning oʻlimi tasviri ishonarli chiqqanligi sababli bu maʼnaviy tantana kitobxon qalbida bir kunmas-bir kun insoniyat hayotida adolat mashʼali porlamogʻiga umid uygʻotgandek boʻladi. Yozuvchi esa goʻyo oʻzining oldindan oʻylab qoʻygan gʻoyasini, yaʼni adolat bu dunyoda emas, faqat narigi olamda ekanligi haqidagi eʼtiqodini qanday qilib boʻlsa-da yuzaga chiqarish maqsadida qahramonlarini oʻldirishda davom etaveradi. Aslida shu yoʻl bilan u romandagi adolat uchun kurashlar tugamaganligiga ishora qilgandek tuyuladi. Otasi oʻlimidan keyingi Lochinning xatti-harakatlari kitobxonga xuddi shunday ishora boʻlib koʻrinadi. Lochin goʻyo otasi topmagan adolatni izlashda davom etadi. U uzoq-uzoqlarga borishni, hatto Birlashgan Millatlar Tashkilotiga yetishni va oʻsha yerdan adolat topishni orzu qiladi hamda oʻy-tuygʻularini onasiga yozib qoldiradi. Shunday ezgu maqsadlar bilan yoʻlga otlangan yigit kutilmaganda oʻzini jarga otib, halok boʻladi. Shu tariqa oʻy-fikrlar, orzular-u maqsadlar bilan xatti-harakatlar oʻrtasida mutloq nomuvofiqlik mavjudligi sababli Lochinning nogahoniy oʻlimi ishonarli chiqmagan. Lochinning yuqoridagi oʻy-kechinmalari uning xarakterida kurashchanlikka moyillik ruhi mavjudligidan dalolat berar edi. Shu oʻrinda haqli ravishda bizning mulohazalarimizga nisbatan: “Gap yana sotsialistik realizmdagi kurashchan qahramon yaratish talabiga kelib taqaldimi? Lochin oʻshanday qahramon boʻlishi kerakmidi?” – degan eʼtirozlar tugʻilishi mumkin. Ularga javoban shuni aytish zarurki, balki sotsialistik realizmning xuddi shu xususiyati, yaʼni insonni kurashchan qilib koʻrsatishdek anʼanasi mazkur metodning E.Karimov qayd qilgan “abadiyatga daxldor omillari”dan boʻlsa ajab emas. Buning sababi shundaki, kurashchanlik inson tabiatining, borligʻining azaliy va yoʻqolmas alomati hisoblanadi. Ayniqsa, oʻlim oldida bu mayl juda yaqqol namoyon boʻladi, chunki inson deyarli har doim qanday qilib boʻlsa-da, oʻlimga chap berishga, cheksiz azob-uqubatlarni boshidan oʻtkazsa-da, omon qolishga, hadsiz-hududsiz boy berishlarga qaramay, yana biror soniya bu dunyo havosidan nafas olishga intiladi. Hayotlari uchun xavf tugʻilgan paytlarda kishilar bor kuchlarni sarflab, jon-jahdlari bilan tirik qolmoqqa harakat qiladilar. Suvga choʻkayotgan odam duch kelgan xasga yopishib boʻlsa-da, halokatdan qutilmoqqa urinadi. Butkul bedavo dardga chalingan kishilar ham biror moʻjiza roʻy berib, hayot qolishni orzu qiladilar. Otuvga hukm qilingan ashaddiy jinoyatchilar ham eng soʻnggi daqiqalargacha qandaydir najot kutadilar. Hatto shunday paytlar ham boʻlganki, odamlar sotqinlik, xoinlik yoʻliga kirib, oʻzlarini xoʻrligu tahqirlanishlar girdobiga otib, jon saqlashga uringanlar. Faqat kamdan-kam hollardagina kishilar oʻlimning yuziga tik boqqan boʻlsalar kerak.

Inson mohiyatining mazkur qirrasini, aniqrogʻi, tabiatida mana shunday tiriklik uchun kurashchanlik ruhi hokimligini faqat sotsialistik realizm emas, balki gʻarbdagi boshqa adabiy oqimlar, xususan, ekzistensializm, yaʼni mavjudlik falsafasi ham tan olgan. Shunday boʻlgach, yozuvchi qanday metodda ijod qilmasin, inson mohiyatini badiiy tadqiq etishga intilar ekan, uning tabiatidagi mana shu kurashchanlik ruhini eʼtiboridan chetda qoldirishi qiyin. Shu ruh hisobga olinmagan chogʻlarda asarning ishontirish qudrati oʻz-oʻzidan pasayib ketishi tabiiy bir hol sanaladi. Balki sotsialistik realizm anʼanalaridan uzoqlashishga intilishning oqibatida boʻlsa kerak, yozuvchi xuddi shu kurashchanlik ruhi insonning deyarli barcha xatti-harakatlarini belgilashini, boshqarishini qisman eʼtiboridan chetda qoldirgandek tuyuladi. Natijada, otasi kabi ezgu tuygʻular-u kurashchanlik ruhida tarbiyalanganligi va ulkan maqsadlar bilan katta yoʻlga otlanganligi sababli Lochinning oʻlim quchogʻiga tik borishi yetarlicha dalillanmagandek taassurot qoldiradi. Odil Yoqubov esa yuqorida eslangan suhbatida Lochinning oʻlimini koʻproq oʻz gʻoyasini tasdiqlash maqsadida romanga kiritganini tan oladi. Lochinning oʻlimi uning yashash tarzi va oʻy-tuygʻularining davomi sifatida emas, balki koʻproq “haqiqiy adolatni bu dunyodan emas – u dunyodan topaman”, -degan gʻoyani tasdiqlash maqsadiga xizmat qiluvchi voqea shaklida roʻy beradi. Lochinning oʻlimi ishonarli chiqmaganligining boshqa sabablarini tanqidchi U.Normatov yuqorida tilga olingan taqrizida quyidagi tarzda ancha yaxshi izohlaydi: “Lochinning shijoati, halokati kitobxonni kutilgan darajada hayajonga solmaydi, chuqur oʻyga toldirmaydi. Balkim bu obraz zimmasidagi gʻoyaviy-badiiy yukning yengilroq ekani, shaxs talqinidagi biroz joʻnlik, Lochin qismatidagi qisman “Oq kema”ga taqlidning mavjudligi, puxta oʻylangan, badiiy topilma degulik yechimning yoʻqligi tufayli shunday hol roʻy bergandir”.

Lochinning kurashdan osongina chekinishiga va oʻlimiga ishongimiz kelmaganligi sayin yozuvchi bilan munozaraga kirishish istagi orta boradi. Munozaraga kirishar ekanmiz: “Nahotki adolat faqat narigi dunyoda boʻlsa? Unda biz yashab turgan bu olam va hayotimiz juda kemtik hamda nursiz boʻlib qolmaydimi? Agar inson ongiga shunday eʼtiqod singdirilsa, u butkul tushkunlik botqogʻiga choʻkib ketmaydimi? Inson uchun adolatsiz hayotda yashashning maʼnosi qolarmikin? Bu dunyoda faqat shunday mazmunsiz hayot hukm suradigan boʻlsa, hammayoq kishilarning oʻligiga toʻlib ketmasmikin?”- degan savollar ustida oʻyga tolamiz. Oqibatda: “faqat narigi dunyo adolat manzilidir”, - qabilidagi gʻoya butunicha yozuvchiniki ekanligiga shubha bilan qaray boshlaymiz va u koʻproq Lochinning yosh tafakkuridagi bir mulohaza boʻlsa kerak, degan toʻxtamga kelamiz. Lochinning oʻlimi yetarlicha dalillanmaganligi va romanda deyarli ortiqcha boʻlib qolganligi sababli uning yuqoridagi eʼtiqodiga nisbatan yozuvchining adolat manzili toʻgʻrisida teranroq gʻoyaviy falsafasi bordek tuyuladi. Romandagi shiddatli toʻqnashuvlar-u keskin janglardan, qizgʻin munozaralar-u insonni larzaga solar darajada junbushga kelgan tuygʻulardan biz yashab turgan olamning oʻzida haqiqat va adolat uchun kurash hech qachon soʻnmasligi toʻgʻrisidagi xulosa kelib chiqadi. Demak, yozuvchining chuqur oʻylangan gʻoyaviy falsafasiga koʻra Suyun burgut kabi sofdil insonlarning oʻlimi behuda ketmaydi, balki kishilarning adolat uchun kurash yoʻlini yorituvchi mashʼal boʻlib qoladi. Shu mashʼal nuridan bahra olgan odamlar bir kunmas-bir kun oʻzlari yashab turgan olamda haqiqat oftobining porlashiga erishadilar va bu dunyoni chinakam adolat manziliga aylantiradilar. Mazkur falsafadan “Adolat manzili” romani asosida haqiqat va adolat uchun kurashga daʼvat ruhi yotishi ayon boʻladi. Adolatning faqat narigi dunyoda ekanligi toʻgʻrisidagina shubhali bir asar yozmoqchi boʻlganida, muallif romanining magʻziga bunday ruhni singdirishi qiyin edi.

Anglashiladiki, insoniyatning va u yashab turgan bu olamning kelajagiga umid ruhiga yoʻgʻrilgan “Adolat manzili” romani oʻziga xos janr xususiyatlari bilan ajralib turadi. Unda jinoyat yoʻq, lekin “jinoyat” deb atalgan hodisa bor. Asarda haqiqiy jinoyatchi yoʻq, ammo “jinoyatchi” deb eʼlon qilingan sofdil inson bor. Shular bilan bogʻliq holda asarda jinoyat izlash yoki uni yaratishga intilish unsuri katta oʻrin tutadi. Jinoyat izlash esa detektiv asarning zaruriy unsuri hisoblanadi. Chinakam jinoyat boʻlmagani holda, mazkur unsur mavjudligini eʼtiborga olib, “Adolat manzili” romanining janr xususiyatini belgilashga jazm qilsak, uni “jinoyatsiz detektiv” deb atash oʻrinli boʻladi. Detektiv janrning mazkur oʻziga xos namunasi Odil Yoqubov ijodida ham, oʻzbek adabiyoti uchun ham yangilik boʻlsa ajab emas. Demak, yozuvchi bu asarida roman janrining yangi imkoniyatlarini kashf etgan holda biz yashab turgan olamning adolat maskaniga aylanishiga ishonch ruhi bilan sugʻorilgan gumanistik gʻoyani ancha yorqin va taʼsirchan tarzda ifodalashga muvaffaq boʻldi.

Soʻnggi yirik asarlarining tajribasi va qiymatidan ayon boʻlishicha, yozuvchi Odil Yoqubov hozirgi oʻzbek adabiyotidagi eng yetuk romannavislardan biri darajasiga koʻtarildi.

Shunga koʻra, uning ijodi tanqid va adabiyotshunoslikda uzoq yillardan beri tadqiq etib kelinayotganligi tabiiy bir hol hisoblanadi. Uning deyarli har bir yirik asari oʻz vaqtida adabiyotshunoslikda ijobiy taqrizlar bilan kutib olingan. Odil Yoqubov ijodi yuzasidan eʼlon qilingan koʻplab maqolalar orasida O.Sharafiddinovning “Ijod dovonlari osha”, M.Qoʻshjonovning “Qalb pokligi”, A.Rasulovning “Tiniqlik” nomli mazmundor adabiy portretlarini ajratib koʻrsatish oʻrinli boʻladi. Tanqidchi N.Hudoyberganovning 1980 yilda nashr etilgan “Parvoz davom etadi” nomli kitobi bilan esa Odil Yoqubov ijodini oʻrganish tarixida tahlil koʻlamining kengayishi bosqichi boshlanadi. Ozod Sharafiddinovning “Bir nutq tarixi” nomli maqolasi Odil Yoqubov faoliyati yuzasidan soʻnggi yillarda eʼlon qilingan eng jiddiy maqolalardan biri hisoblanadi. Unda O.Yoqubovning Moskvadagi xalq deputatlari syezdida soʻzlagan mashhur tarixiy nutqi chuqur tahlil qilinib, yozuvchining vatanparvarligi va haqiqat uchun kurashchanligi singari fazilatlari ishonarli tanlangan misollar yordamida isbotlab berilgan.



6. Aytish joizki, Odil Yoqubov “Osiy banda” romanini yaxlit kitob holida koʻrish orzusi bilan yashadi. U umrining soʻnggi damlarida qilgan adabiy suhbatlarida shunday deydi: “Men hamma narsani yozib boʻldim deb aytolmayman. Yaxshi asarimni Xudo umr bersa endi yozaman”. Koʻrinadiki, adib oʻnlab qissa va romanlaridan qoniqish his qilmayapti. Hatto “Osiy banda” asaridan ham. Boʻlmasa ushbu roman juda katta mahorat va ichki iztirob bilan bitilgan. Roman “Adolat manzili”ning mantiqiy davomidek taassurot uygʻotadi. “Oʻzbekiston” nashriyoti savobli ishga qoʻl urib, adibning yaqindagina “Osiy banda” romanini nashr qildi.

Kitobga soʻz boshi yozgan munaqqid Ibrohim Gʻafurov adib haqida shunday fikrlarni ilgari suradi: “Odil Yoqubov realizm deganda hayotni teran bilish va shunga chambarchas uyqash aks ettirishni tushunardi. Hamma vaqt hayot derdi va hayot deganda xalqqa xizmat qilishni anglardi. Bu uning eʼtiqodi edi”. Binobarin, “Osiy banda” romanida millatimiz boshiga tushgan “qayta qurish” yillaridagi ahvol-ruhiyasi, “necha yuzlab” insonlarning begunoh qurbon boʻlishi, oʻz taqdirlari oldida chorasiz qolishi dardu nido bilan tasvirlanadi. U asar yozmayapti. U faqat koʻz yoshlarini qogʻozga toʻkyapti. Biz Odil Yoqubov isteʼdodi oldida, koʻpni koʻrgan oqsoqol adibimiz oldida bosh egamiz. Chunki u butun millat taqdiriga befarq emas! Boshiga necha sinov va mashaqqatlar tushsa-da, haqiqatni, oʻsha “aytish” mushkul boʻlgan davrda katta minbarlarda turib baralla aytdi. U oʻz eʼtiqodiga sodiq jonkuyar edi. “Millat oyogʻiga emas, boshiga qarab fikr yuritar”di. Ushbu kitob mutolaasidan keyin zukko oʻqiguvchida shunday taassurot tugʻilishi tayin. Yaʼni “menga hozir Odil Yoqubov hikoya qilib berdi” deb yubrishi hech gap emas. Chunki asarda oʻquvchi qoʻlidan sudrab olib oʻtuvchi chiziq – ruh uning hayotiy va haqqoniy, “yuksak isteʼdod egasi”ning oltmish yillik tajribasi, mahorat-la bitilgani bilan oʻlchanadi. Ayniqsa, oʻzining bolaligi, u qanday qiyinchiliklar bilan kechgani, “bolalikning achchiq kechmishlari” uni nimalarga roʻbaroʻ qilganini goh alam, goh sogʻinch, goh qaygʻu bilan eslab tasvirlaydi…

Odil Yoqubov – goh tarixiy, goh zamonaviy mavzuda qalam tebratar ekan, u koʻproq inson qalbiga qarab ish tutadi. “Osiy banda” yoki “Xotiralar”ida ham buning yorqin ifodasini kuzatamiz. Ayniqsa, millatimizning bir necha ziyoli adiblari-yu, adolatli rahbarlari xususida fikr yuritar ekan, shuncha ogʻir mashaqqatlar girdobida qolgan mamlakatimiz boshiga tushgan koʻrguliklarni alam bilan xotirlaydi. “Qattol” tuzumning oʻyinlarida qurbon boʻlgan saxovatli insonlari haqida kuyunib hikoya qiladi. Chunonchi, tabiatiga realizm singib ketgan Odil Yoqubov oʻzi boshidan kechirmagan, oʻzi his qilmagan, oʻzi ishtirok etmagan narsa-hodsalar haqida hech bir soʻz ochmaydi. Adibning maʼnaviy jasorati ham aslida shudir. Odil Yoqubov “oʻtmishga aylangan” tarixning saboqlaridan xulosalar chiqardi. Millatni millat qilib koʻrsatadigan eng qudratli kuch – “adabiyot yashasa, millat yashar” degan Choʻlponning hikmatiga xos javob izladi. Va, umr shomida bitib qoldirgan “Osiy banda” romani (maktubi) ham bundan mustasno emas.

7. Odil Yoqubovning birinchi yirik asari ‒ “Tengdoshlar” qissasi 1951 yilda bosilib chiqdi.

1956 yilda adibning “Ikki muhabbat” nomli ktiobi nashr etildi. Keyin birin-ketin “Muqaddas” (1960), “Bir felyeton qissasi” (1961), “Qanot juft boʻladi” (1969), “Billur qandillar” (1975) kabi qissalari chop qilindi.

Odil Yoqubovning “Qanot juft boʻladi” qissasida shifokorlar, meʼmorlar, ishchilar hayoti tasviri bilan birga ijtimoiy va axloqiy muammolar ham oʻrtaga tashlangan.

“Izlayman” qissasida 1945 yilgi yapon militarizmiga qarshi kurash voqealari aks ettiriladi. U maʼlum maʼnoda avtobiografik asar hamdir. Chunki muallifning oʻzi oʻsha voqealarning jonli guvohi boʻlgan.



8. Odil Yoqubov ijodi turli aspektlarda ancha jiddiy

tadqiq etilgan. Ayniqsa, adibning portret yaratish, rivoyatlardan foydalanish

mahorati, romanlardagi psixologizmlar masalalari alohida–alohida o'rganilgan.

Jumladan, A.Xolmurodovning ― «O.Yoqubov romanlarida psixologizm» mavzuidagi

nomzodlik dissertatsiyasida uchta masala–ijtimoiy hayot va tarixiy taraqqiyot

o'rtasidagi ziddiyatlarning psixologik tahlili, inson va jamiyat munosabatlarining psixologik tahlili, zamon psixologiyasi va uning badiiy haqiqatga aylanishi

muammolari adib romanlari misolida tadqiq etilgan.

Bulardan tashqari A.S.Ergashev T.J.Qurbanov, Z.Rahimov, Sh.Isayevalarning



tadqiqotlarida adib ijodiga oid muammolar tadqiq qilingan.
Download 169.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling