5-Ma`ruza. Mavzu: Modul ta`limi ta`lim texnologiyalari


Download 38.34 Kb.
Sana08.02.2023
Hajmi38.34 Kb.
#1178385
Bog'liq
5-Ma`ruza


5-Ma`ruza.
Mavzu: Modul ta`limi ta`lim texnologiyalari
Reja:

  1. Modul ta`limining mohiyati.

  2. Modul ta`limiga o`tish bosqichlari.



Tayanch tushunchalar: modul, bo`lak, tarkibiy element, modul ta`limi, modul ta`limi texnologiyalari.



  1. Modul ta`limining mohiyati. Shaxsga yo`naltirilgan ta`lim turlari orasida muhim o`rin tutib tobora ommalashib borayotgan ta`lim - modul ta`limi yoki modulli o`qitish sanaladi.

“Modul” (lot. “modulus”) tushunchasi:

  1. tizim ichidagi o`zaro chambarchas bog`lik elementlardan iborat tugun;

  2. muayyan texnologiyani tashkil qiluvchi tarkibiy bo`laklarni ifodalovchi atama;

  3. o`quv materialining mantiqan tugallangan birligi.

Mohiyatiga ko`ra, modul modul ta`limi, hamda uni tashkil etishda qo`llaniladigan texnologiyalarining asosini tashkil etadi. Didaktik imkoniyatiga ko`ra, o`zlashtirilishi zarur bo`lgan manba, o`quv materialini mantiqan tugallangan bo`laklarga ajratib o`rganish imkoniyatiga ega. Boshqacha aytganda modul modul ta`limining asosiy vositasi, tugallangan axborot bloki sifatida talqin etiladi.
YUNESKOning 1982 yilda tashkil etilgan anjumanida e`lon qilingan ma`ruzada “modul” tushunchasiO`quv materialini u bilan tezkor individual tanishish va ketma-ket o`rganish asosida yakka tartibdagi va guruh mashg`ulotlarida bir yoki bir necha malakani o`zlashtirish uchun mo`ljallangan alohida o`rgatuvchi to`plam (paket) deb sharhlangan.
Modul negizida tegishli fanning muayyan qismi – bo`limi (odatda 10-12 soatli), nisbatan katta xajmga ega mavzusi (ko`p holatlarda 5-8 soat hajmdagi ma`ruza, seminar, amaliy va laboratoriya mashg`ulotlari hamda mustaqil ta`lim uchun mo`ljallangan materialning mohiyatini yorituvchi o`zaro bog`lik tushuncha, elementlar to`plami aks etadi. Odatda modul ko`rinishidagi bo`laklar kichik modul, birlamchi modul, modullar to`plami, modullar darajasi va modullarning majmuaviy tuzilmasi tarzida qo`llaniladi.
O`quv manbai, o`quv materialining hajmi, axborotlarni qamrab olish ko`lamiga ko`ra modullar kichik, o`rtacha va yirik bo`laklarga ajratiladi. Misol uchun, malakasini oshirish kurslari uchun mo`ljallangan “Kreativ pedagogika asoslari” o`quv moduli bir necha modullar to`plamidan iborat bo`lib, mavjud modullar o`zi tomonidan qamrab olingan o`quv materiali, mavzusi negiziga kiradigan o`quv axborotlarining xajmi, ko`lamiga ko`ra kichik, o`rta va katta modul tarzda aks etadi. Odatda o`quv moduli tarkibiga kiruvchi modullar bir-biri bilan o`zaro mutanosib (proporsional) bo`lmaydi. Ya`ni, bir o`quv moduli tarkibida bir necha kichik, o`rta va katta modullar mavjud bo`ladi.
Modul ta`limi - o`quv jarayonini tashkil etishning muayyan shakli bo`lib, unga ko`ra o`quv materiali mantiqiy tugallangan birliklari - modullarga asoslangan holda ma`lum bosqich va qadamlar asosida o`zlashtiriladi. Ta`limning modul tizimi haqida birinchi marta Tokio shahrida 1972 yilda tashkil etilgan YUNESKOning Butunjahon Konferensiyasida so`z yuritilgan.
Shaxsga yo`naltirilgan ta`limning bu turi ta`lim jarayonini ilmiy va metodik jihatdan tartibli, izchil, uzluksiz va maqsadga muvofiq tashkil etilishini ta`minlashga xizmat qiladi.
Modul ta`limi tarkibiy bo`laklarining o`zaro joylashishi, hamda texnologik jarayonni amalga oshirish ketma-ketligining avvaldan belgilangan tartib-qoidalari algortm deb yuritiladi.
Ayni vaqtda respublika ta`lim muassasalarida har bir o`quv moduli (fani)dan o`quv materiallarini modullarga ajratish ular bo`yicha yaratilgan Davlat ta`lim standartlari (DTS)ning tarkibiy bo`laklariga mos keladigan bloklarga muvofiq amalga oshirilmoqda.
Modul ta`limi zamonaviy ta`limning istiqbolli turi sanaladi. U o`quv materialini kodlashtirishga asoslanadi. O`quv materialini kodlashtirishda matnga asoslangan axborot (ma`lumot)lar imkon qadar muayyan shaklga kiritiladi. Ya`ni, o`quv axborotlarining mohiyati surat, grafika, tasvir, jadval, diagramma, sxema, model, turli ramzlar, shartli (matematik, fizik, geometrik va b.) belgilar yordamida kodlashtiriladi. Kodlashtirish o`z-o`zidan o`quv materialining xajm jixatidan zichlanishini ta`minlaydi.
Binobarin, u inson bosh miyasining fiziologik imkoniyatlariga tayanilgan holda asoslangan. Ya`ni modul ta`limi inson bosh miyasi to`qimalarining modulli tuzilishi nuqtai nazardan asoslangan.
Inson bosh miyasi to`qimasi, qariyb 15 mlrd. neyron (asab xujayralari)dan, boshqacha aytganda, shartli modullardan iborat. Ko`p sonli asab xujayralari bir-birlari bilan o`zaro to`qnashadi. Odatda birgina xujayra va uning o`simtasi boshqa xujayra, uning o`simtasi bilan 6 ming marta o`zaro to`qnashadi. Demak, bosh miya xujayralari to`qimasidagi to`qnashuvlar soni 15000000000x6000 miqdorni tashkil etadi. O`quv moduli esa ta`lim jarayonining aloxida bitta xujayrasi sifatida e`tirof etiladi. Unga ko`ra har bir xujayra muayyan vaqtda o`ziga xos yaxlitlikni, tizimni tashkil etuvchi aloxida elementlardan iborat umumiy o`quv axborotini tashkil etadi. Fiziologik imkoniyatariga ko`ra, inson miyasidagi xujayralar to`qimalarining modulli tuzilmasi axborotlarni kvant (ayrim bo`laklar, qismlar) tarzida samarali qabul qiladi.
-Ta`lim mazmunini optimallash;
-O`quv materiallarini muayyan tartiba tizimlashtirish;
-O`quv materiallari va topshiriqlarining ta`lim oluvchilar imkoniyatiga ko`ra moslashtirish;
-Ta`limni individuallashtirish;
-Ta`lim jarayonini faollashtirish;
-Ta`lim oluvchilarning ta`limiy imkoniyatlarini to`la ruyobga chiqarish;
-Ta`lim oluvchilarda mustaqil ta`lim olish ko`nikma, malakalarini rivojlantirish;
-Ta`lim oluvchilarni nazariy bilimlardan amaliyotga samarali, faol foydalanishga o`rgatish;
-Ta`lim oluvchilar faoliyatini real kuzatiladigan harakatlar asosida ob`ektiv baholash;
-Ta`lim samaradorligini izchil nazorat qilish.
Ushbu turdagi ta`limni tashkil etishda ta`lim dasturlarini qayta ko`rib chiqish talab etiladi. Dasturlar o`quv axborotlarini ixchamlashtirish, o`zaro mos mavzularni yaxlitlashtirish, nazariy bilimlarni yorituvchi ma`lumotlar bazasining imkon qadar asosiy, eng muhim va zarur ma`lumotlardan tarkib topishiga erishish imkoniyatini yaratib bera olishi zarur. Modul ta`limi uchun mo`ljallangan dasturlar quyidagi tarkibiy tuzilmaga ega:
1.Turli shakllarda taqdim etilgan axborotlar banki.
2.Ta`lim oluvchilar uchun uslubiy ko`rsatmalar.
Modul ta`limining samaradorligi quyidagi omillarga bog`liq:
-o`quv muassasasining moddii-texnik imkoniyati;
-o`qituvchilar tarkibining malakaviy darajasi;
-talabalarning tayorgarlik darajasi;
-didaktik materiallarning mavjudligi;
-o`quv natijalarining xolis baholanishi;
-ta`lim natijalarining tizimli, izchil tahlili;
-ta`lim natijalarining tahlili asosida modullarni maqbullashtirilishi.
Modul ta`limiga xos xususiyatlaridan biri - ta`lim jarayonini jadallashtirish hisoblanadi. Ta`lim jarayonini jadallashtirish: 1) modul ta`limi tamoyillariga muvofiq o`quv axborotini “zichlashtirish”; 2) ta`lim davra “zichlashtirish” yo`li bilan o`quv jadvalini muvofiqlashtirish.
O`quv jarayonini tashkil etishda mashg`ulotlarni xaftalik modulli rejalashtirish va talabalar bilimini reyting tizimi asosida baholash samarali hisoblanadi. Unga ko`ra bitta o`quv moduli (2-3 ta ma`ruza, tegishli ravishda seminar, amaliy va laboratoriya mashg`ulotlari) bir xaftaga rejalashtirilib, talabalar bilimini testlar, sinov topshiriqlari yordamida baholash bilan tugallanishi zarur.
Modul ta`limi muayyan tamoyillarga asoslanadi. Ular:

Modul ta`limining ustuvor tamoyillari.

Quyida modul ta`limiga xos ustuvor tamoyillarning mohiyati yoritiladi.



  1. Faoliyatli yondoshuv tamoyili. U modullarning pedagog faoliyati mazmuniga muvofiq shakllantirilishini anglatadi. Tamoyilga ko`ra modullar tegishli fanni o`qitishga yo`naltirilgan yoki yaxlit pedagogik tizim mohiyatini yoritishga xizmat qiladigan faoliyatli yondoshuv asosida shakllantiriladi. Tegishli fanni o`qitishga yo`naltirilgan faoliyatli yondoshuv modullarni o`quv rejasi va fan dasturlari mazmunini tahlil qilish natijasida shakllantirish imkonini beradi. Yaxlit pedagogik tizim mohiyatini yorituvchi faoliyatli yondoshuv esa modullarni modullar bloki, pedagogning kasbiy faoliyati mazmunini tahlil qilish asosida shakllantirilishini ta`minlaydi.

  2. O`zaro tenglik tamoyili. Ushbu tamoyil ta`lim jarayonida pedagog va ta`lim oluvchining o`zaro tenglikka (teng huquqqa) egaligini ifodalaydi. Ular o`rtasidagi munosabati sub`ekt- sub`ekt xarakteriga ega. Bu holat o`z-o`zidan modul ta`limi o`qitish sharoitlarini talabaning individual psixologik xususiyatlariga moslashtirishini anglatadi. Ya`ni, pedagog bilimlarni uzatuvchi, talabalar faoliyatini nazorat qiluvchi va baholovchigina emas, balki talabalarni yo`naltiruvchi, zarur o`rinlarda maslahat beruvchi, faoliyatda xatolarga yo`l qo`yilsa to`girlovchi, rag`batlantiruvchi shaxs sifatida namoyon bo`ladi. Ta`lim jarayonida pedagog e`tiborini talabalar faoliyatini tanqid qilishga qaratmay, imkon qadar ularni rag`batlantirishga, barcha vaziyatlarda ham muvaffaqiyatga erishish uchun sharoit yaratishi zarur.

  3. Modullilik tamoyili. Tamoyil o`quv materialining bir necha modul to`plami (bloki)ga asoslanishini ifodalaydi. Unga ko`ra o`quv axborotlari mantiqiy tugallanganlik asosida modullarga, mantiqiy, g`oyaviy jixatdan o`zaro aloqador, bog`liq modullar esa to`plam (blok)larga ajratiladi. O`quv moduli (fani) bo`yicha dasturda ko`zda tutilgan bilim, ko`nikma va malakalar muayyan tartibga keltirilgan modullarni birin-ketin puxta o`rganish asosida o`zlashtiriladi. Birinchi modul to`liq o`zlashtirilganidan keyingina ikkinchi, so`ngra uchinchi va x.k. modullarni o`rganishga kirishiladi. Bir so`z bilan aytganda modullilik o`qitishda bilim, ko`nikma va malakalarning pog`onama-pog`ona (oddiydan murakkabga, osondan qiyinga qarab) o`zlashtirish imkoniyatini yaratadi.

Xorijiy mamlakatlar taribasiga ko`ra modulning dinamik tuzilishi o`quv fani mazmunining: 1) to`liq; 2) qisqartirilgan; 3) chuqurlashtirilgan ko`rinishlarda yoritilishini ta`minlaydi. Ta`lim oluvchi ularning birini tanlash huquqiga egadir.

  1. Tizimli kvantlash tamoyili. Mazkur tamoyil o`quv axborotlarini jipslashtirish, hajmi katta mavzularni imkon qadar ixchamlashtirish (tayanch tushunchalarni aniqlash va ularning mohiyatini yoritish) asosida modul materiallarini tizimlashtirishga xizmat qiladi. Binobarin, yirik xajmdagi axborotlarni o`zlashtirish, yodda olib qolishda qiyinchilik yuzaga kelsa, ixcham o`quv ma`lumotlari samarali o`zlashtiriladi; tayanch tushunchalar mohiyatining tushunchalarni shaqlash asosida yoritilishi esa mavzu haqida aniq tasavvurga ega bo`lish va bu tasavvurni uzoq vaqt yodda saqlash imkoniyatini yaratadi.

  2. Qizinqirish (motivatsiya) tamoyili. Bu tamoyil o`quv materialining talabalarda fan asoslarini o`zlashtirishga bo`lgan qiziqishni hosil qilish, ularning o`quv-bilish faoliyatlarini rivojlantirishga yo`naltirilishi bildiradi. Pedagog o`zining mahorati, kasbiy tajribasi, o`quv materialiga nisbatan ijodiy yondashishi asosida o`quv axborotlari, shuningdek, topshiriqlarning qiziqarli bo`lishiga erisha olishi lozim. Shunga ko`ra ta`lim jarayonida turli shakl, metod va usullari (dialog, mustaqil o`qish, bahs-munozara, debat, musobaqa, “Mahorat darsi”, muammoli ma`ruza, seminar, “Maslahat darsi”, didaktik, rolli, ishbilarmonlik va imitatsion o`yinlar, kabilar)dan foydalanish maqsadga muvofiqdir. O`qitish jarayonida pedagogning turli interfaol texnologiyalardan samarali foydalana olishi esa maqsadga erishishni kafolatdaydi. Bu holat muayyan fan doirasidagi har bir o`quv moduli hamda yaxlit holda fanlar asoslarini o`zlashtirishga ham taalluqlidir. Qolaversa, modullilik o`quv materialini muntazam ravishda yangilab turish imkoniyatini yaratadi.

  3. Muammolilik tamoyili. Ushbu tamoyil o`quv jarayonining muammoli vaziyatlarga asoslanishi anglatadi. Ta`lim jarayonida pedagog talabalarga tayyor bilimlarni bermay, balki ularni mavzuga doir muammoli vaziyatlarga ro`para qilish orqali mustaqil fikrlash asosida o`quv materialini puxta o`zlashtirishga yo`naltiradi. Muammolilik tamoyiliga ko`ra ta`lim jarayonida o`quv materialiga doir ilmiy faraz (gipoteza) ilgari suriladi, u asoslanadi va muammoning yechimi topiladi. Dastlab bu jarayon pedagog tomonidan tashkil etiladi, keyingi bosqichda esa pedagog-talabalar jamoasi ishtirokida, nixoyat talabalarning o`zlari “ilmiy faraz-uni asoslash - yechimni topish” jarayonini mustaqil amalga oshirish malakalarini o`zlashtiradi.

Yetakchi xorijiy davlatlar ta`limi amaliyotida pedagoglar faqatgina muammo, masala mohiyatini o`rganish metolarini, ularni yechish yo`llarini, amaliy tajribaning mohiyatini, hamda natijani topish shartlaridan talabalarni ogoh etadi. Bu holat pedagogning tadqiqotchi sifatida namoyon bo`lishini ta`minlaydi va uning namunasida talabalar amaliy tajribalarni samarali, to`g`ri tashkil etish, ijodiy fikrlash va faollik ko`rsatish mala­kalarini muvaffaqiyatli o`zlashtiradi. Natijada mashg`ulotlar (xatto nazariy mashg`ulotlar)ning amaliy xarakter kasb etadi.

  1. Kognitiv-vizuallik tamoyili. Psixologik nuqtai nazardan axborotni ko`z (ko`rish) orqali qabul qilish samarali sanaladi. Shunga ko`ra, azal-azaldan ta`lim jarayonida pedagogning nutqi asosida uzatiladigan axborotlarning vizuallashtirilishiga alohida e`tibor qaratilib kelingan. O`qitish jarayonida ko`rsatmali qurollardan foydalanish og`zaki uzatilayotgan axborotlar ta`sirini kuchaytirib, muayyan tasviriy shakllar vositasida qabul qilish imkoniyatini yaratadi.

Zamonaviy sharoitda xorijiy mamlakatlarda kognitiv grafika (o`quv axborotlari mohiyatini yorituvchi kompyuter suratlari bloki) keng ko`lamda rivojlanmoqda. O`quv axborotlarining mohiyati surat, grafika, tasvir, jadval, diagramma, sxema, model, turli ramzlar, shartli (matematik, fizik, geometrik va b.) belgilar asosida yoritilishi modulning asosiy elementi hisoblanadi.
Bunda: 1) talabaning kurishi, axborotlarni tasviriy qabul qilish qobiliyati rivojlanadi; 2) o`quv materiali mazmunini o`zida zich joylashtirgan tasvir (surat, grafika, tasvir, jadval, diagramma, sxema, model, turli ramzlar, shartli (matematik, fizik, geometrik va b. belgilar) talabaning bilimlarni tizimli o`zlashtirishga yordam beradi; 3) tasvirlar (xususan, rangli tasvirlar) o`quv axborotini qabul qilish, eslab qolish samaradorligini oshiradi, qolaversa, ularni estetik jixatdan tarbiyalaydi.
Kognitiv grafika miyaning yarim sharini faollashtiradi, natijada talabalar tasviriy fikrlash qobiliyati rivojlanadi.
Ta`lim jarayonida ko`rgazmali qurollar, kompyuter tasvirlari va b. tasviriy vositalardan foydalanish talabalarda o`quv axboroti haqidagi tasavvur hosil bo`lishini 5-6 marta tezlashtiradi. Vizual shaklda o`zlashtirilgan axborotni qayta yodga olish oson kechadi.

  1. Xatoliklarga tayanish tamoyili. Shaxs odatda borliq, ijtimoiy munosabatlar, kasbiy faoliyatga doir aksariyat bilimlarni o`zi yo`l qo`ygan xatolar asosida samarali o`zlashtiradi. Shu sababli ta`lim jarayonida xatolarni izlash va ularni bartaraf etish tajribasi o`zlashtirilmoqda. Mazkur tamoyil o`qitish jarayonida izchil ravishda talabalarni xatolarni izlashga yo`naltiruvchi vaziyatlarni hosil qilishga e`tiborni qaratishni taqozo etadi. Ta`lim jarayonida mazkur tamoyilning ustuvor o`rin tutishi talabalarda tanqidiy fikrlash qobiliyatini rivojlantiradi.

  2. Ta`lim vaqtini tejash tamoyili. Tamoyil talabalarda individual va mustaqil ta`lim olishga imkon beradigan vaqt zaxirasini yaratish zarurligini ifodalaydi. Agarda modul ta`limi metodik, texnologik jixatdan to`g`ri, samarali yo`lga qo`yilsa, u holda ta`lim vaqtining 30 % dan ortiq tejash imkonini beradi.

  3. Texnologik tamoyili. Mazkur tamoyil ta`lim jarayonida talabalar tomonidan ta`lim natijalariga erishishni kafolatlovchi izchillik, tizimlilik, uzviylikni ta`minlash muhimligini anglatishga xizmat qiladi. Tamoyilning o`quv jarayonida ustuvor ahamiyat kasb etishi quyidagilar asosida ta`minlanadi: ta`lim maqsadining aniq belgilanishiga erishish, ularning ob`ektiv, o`quv materiali mohiyatini to`la ifodalay olishini aniqlash va baholash mezonlarini tanlash; o`quv maqsadiga erishishga yo`naltirilgan o`quv jarayonining modeli ishlab chiqish va aniq tasvirlash; o`quv maqsadiga muvofiq yaxlit o`quv jarayonini ta`lim natijalariga erishishga yo`naltirish; ta`lim natijalarini tezkor baholash va o`qitish mazmuniga tuzatishlar kiritish; ta`lim natijalarini yakuniy baholash.

  4. Uzviylik tamoyili. Bu tamoyil o`quv maqsadlariga kafolatli erishish maqsadida o`quv rejasi va dasturlarini ishlab chiqishga izchil, tizimli yondashish zarurligini anglatadi. Unga ko`ra o`quv fanlari asoslarini yorituvchi materiallarning xajmi o`quv rejasida ularni o`qitishga ajratilgan soatlar miqdoriga mos kelishi lozim.

  1. Modul ta`limiga o`tish bosqichlari. Modul ta`limiga o`tish murakkab jarayon bo`lib, muayyan harakatlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish uning samarali kechishini ta`minlaydi. Quyida ana shu bosqichlar va ularning mohiyati to`g`risida so`z yuritiladi.

I bosqich. O`quv rejasini chuqur tahlil qilish asosida makromodullar to`plamini shakllantirish.
Bu bosqichda o`quv rejasi sinchiklab o`rganilib, o`zaro aloqador fanlar aniqlanadi; ular muayyan guruhga biriktiriladi. O`zaro aloqador fanlarni o`z ichiga olgan guruhlar negizida makromodullar to`plami hosil qilinadi.
Makromodullarni belgilashda alohida modullar orasida o`quv fanlarining o`zaro aloqadorligi tik (vertikal), ularni o`rganilish muddatlari yotiq (gorizontal) bog`lanishlarni hisobga olgan holda amalga oshiriladi.
III bosqich: Makromodul fanlari o`quv dasturlarining o`zaro bog`liqligini ta`minlash. O`quv materiallarini berishda takrorlanishlarning oldini olish maqsadida makromodul tarkibiga kiruvchi alohida o`quv modul (fan)lari, ularning dasturlari o`rtasidagi o`zaro aloqadorlik, bog`liqlik ta`minlanadi.
IV bosqich: Tegishli o`quv moduli (fani) bo`yicha modullarni shakllantirish. Bunda, odatda, mavzular mohiyatini o`rganishga xizmat qiladigan o`quv materiallarining mazmuni va xajmidan kelib chiqqan holda modullar shakllantiriladi.
V bosqich: Modul bo`yicha didaktik materiallarni tayyorlash. Modul ta`limiga o`tishning birinchi bosqichida alohida o`quv modul (fan)lari bo`yicha quyidagi materiallar tayyorlanadi:

  • ishchi o`quv dasturi;

  • ixchamlashtirilgan va kodlashtirilgan ma`ruza matnlari;

  • o`quv-ilmiy adabiyotlar ruyxati;

  • atamalarning izohi lug`ati;

  • o`quv-uslubiy tarqatma materiallar;

  • individual ishlar uchun topshiriqlar;

  • mustaqil ta`lim uchun topshiriqlar;

  • talabalar bilim, ko`nikma va malakalarini nazorat qilish uchun testlar, sinov topshiriqlari.

Har bir modul test va sinov topshiriqlari bilan tugallanishi lozim. Bu talab, ayniqsa, bakalavriat va ta`lim oluvchilarga yo`nalishlari uchun muhim ahamiyatga ega. Zero, test va sinov topshiriqlari bakalavr va magistlar tomonidan o`rganilgan muayyan modul uchun o`rganilgan o`quv materiali yuzasidan nazorat bo`lsa, keyingi modul uchun kirish (boshlang`ich) nazorati sanaladi. Odatda har qaysi modul uchun tasviriy shakllardagi tarqatma materiallar to`plami tayyorlanib, ular talabalarga mashg`ulotdan avval tarqatiladi. Talabalar ko`rgazmali materiallar, adabiyotlar to`plami asosida har bir o`quv materialini o`zlashtirib boradi va shu tarzda bir modulni o`rganishdan ikkinchi modulni o`rganishga o`tadi.
Xorijiy mamlakatlar tajribasiga ko`ra iqtidorli talabalar o`rgatuvchi modul (muayyan modul mazmuni, talabaning o`quv-bilishga doir harakatlarini boshqarish tizimi, nazorat (sinovlar) tizimi, metodik ishlanmalar mazmunidan iborat modul) yordamida pedagoglar tomonidan taqdim etiladigan barcha ishlanmalar bilan to`liq tanishmay turib ham test sinovlarini topshirish imkoniyatiga ega. Bunda pedagog axborotchi-nazoratchi emas, balki maslahatchi-muvofiqlashtiruvchi shaxs sifatida namoyon bo`ladi.
O`rgatuvchi modullarni ishlab chiqish murakkab jarayon bo`lib, u ko`p vaqtni talab qilsa-da, biroq, ularni amaliyotda qo`llash yuqori darajada ta`lim samaradorligini ta`minlaydi.
Ma`ruza matnini tayyorlashda tizimlashtirish metodiga ko`ra materiallar blok-sxema, rasmlar bloki shaklida taqdim etiladi.
IV bosqich: Bir vaqtda o`rganiladigan modul (fan)lar sonidan kelib chiqqan holda o`quv mashg`ulotlari jadvalini tuzish. Bunda asosiy e`tibor bir vaqtda o`qitiladigan modul (fan)lar sonini inobatga olish asosida ular o`rtasida o`zaro izchillik, tizimlilik va uzviylikni ta`minlashga erishish nazarda tutiladi. Modul (fan)larni o`qitishda ular uchun ajratilgan soatlarning o`zaro moslashtirib yuborilishi maqsadga muvofiqdir. M: OTM pedagoglarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kurslarida o`quv rejasiga ko`ra dastlabki oyda birinchi beshta modul fanlarining o`qitishilishi rejalashtirilgan.
Demak, dastlabki oyda umumiy fanlar sirasiga kiradigan jami 9 ta xususiy (5 ta yirik) modul (fan)larining o`qitilishi yo`lga qo`yiladi. Asosiy e`tibor ularning o`zaro almashinib o`qitilishiga qaratilishi zarur. Shunday qilish kerakki, haftalik o`quv jadvalidan 9 ta xususiy modul (fan)lari o`rin olishi zarur.
VI bosqich: Modul ta`limi tamoyillari asosida o`qitish jarayonini loyihalashtirish. Mazkur bosqichda modul ta`limi tamoyillari asosida o`qsitish jarayonini loyihalashtirish muhim sanaladi. Loyihalashtirish o`quv rejasida belgilangan soatlar xajmidan kelib chiqqan holda modullar ularga tegishli mavzular bo`yicha mualliflik (kichik xajmdagi) dastur, ma`ruza matni, tezis, referat, izohli lug`at, mini ma`lumotnoma, texnologik model, texnologik xarita va b. kabilar asosida loyihalashtiriladi.
O`quv modul (fan)larini ularga taalluqli mavzular bo`yicha o`quv jarayonining loyihalashtirilishi belgilangan ta`limiy maqsadga erishish erishish yo`lida amaliy harakatning tartibli, tizimli amalga oshirilishini ta`minlaydi.
Fan modullarini shakllantirish. Yuqorida bayon etilgan fikrlarga tayanib aytish mumkinki, ta`lim muassasalarida modul ta`limiga o`tish jarayonining umumiy mohiyati sxema asosida quyidagicha namoyon bo`ladi:
Asosiy bosqichlar. Makromodul fanlarining o`quv dasturlari orasida o`zaro bog`liqlikni ta`minlash. Modul ta`limi tamoyillari asosida o`qitish. Modul mohiyatini yorituvchi didaktik materialni tayyorlash. O`quv maqsadlariga erishilishni baholash. Har bir modulning o`zlashtirilishini nazorat etish.
Modul ta`limiga o`tish bosqichlari. Shunday qilib, zamonaviy sharoitda ta`limning shaxsga yo`naltirilishi, uning ichki imkoniyatlarini to`la ruyobga chiqarishga xizmat qilishi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu sababli so`nggi asr mobaynida yetakchi xorijiy mamlakatlarda ta`lim mazmunining ana shunday xususiyat kasb etishiga aloxida e`tibor qaratildi. Ana shu e`tibor natijasida bosqichma-bosqich, tizimli tarzda shaxsning ichki imkoniyatlarini ro`yobga chiqrishga yordam beradigan ta`lim turlari va ularning mohiyatini yoritishga yo`naltirilgan texnologiyalar yaratildi. Shaxsga yo`naltirilgan ta`limdan undan ortiq turi mavjud bo`lib, ularning har bir o`ziga xos amaliy-didaktik xarakterga ega. Ular orasida innovatsion ta`lim va uning mohiyatini yorituvchi texnologiyalar mavjud sharoitda ham ta`lim ishtirokchilarining e`tiborini tortmoqda. Binobarin, innovatsion ta`lim texnologiyalari ta`lim jarayonining aloxida qismlarini ham qiziqarli, o`ziga xos tashkil etilishini ta`minlaydi. Bu esa talabalarda o`quv fani asoslarini o`zlashtirishga rag`batni yuzaga keltiradi, ularning o`quv-bilish faoliyatini faollashtiradi. Natijada ta`limning sifati yaxshilanib, samaradorligi ortadi. Shu sababli mavjud sharoitda OTM pedagoglarining ta`lim jarayonining innovatsion xarakter kasb etishini ta`minlay olishlari maqsadga muvofiq sanaladi.


Nazorat uchun savollar:

1.“Modul” tushunchasi qanday ma`noni anglatadi?


2.Nima uchun “modul” tushunchasining mohiyati asab xujayralari negizida talqin etiladi?
3.Modul ta`limining mohiyati nimadan iborat?
4.Modul ta`limi qanday didaktik imkoniyat va ta`limiy ahamiyatga ega?
5.Modul ta`limining samaradorligi qanday omillarga bogliq?
6.Modul ta`limi qanday tamoyillarga asoslanadi?
7.Modul ta`limiga o`tish jarayoni qanday bosqichlarda kechadi?
Download 38.34 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling