Ob`ektlararo va hududiy taqqoslash nisbiy miqdorlari turli ob`ekt va mintaqaga mansub bo`lgan har bir ko`rsatkichning nisbatini tavsiflaydi. Ular koeffitsientda yoki foizda hisoblanadi va bir mintaqa (ob`ekt)ning tegishli ko`rsatkichi ikkinchisiga necha marta (foiz) ko`p yoki ozligini ko`rsatadi.
Nisbiy miqdorlarni tuzish shunday masalaki, uni yechish jarayonida ma`lum mantiqiy-statistik qoidalarga rioya qilish kerak.
Birinchi qoida, - nisbiy ko`rsatkich asosidagi mutlaq (yoki nisbiy) miqdorlar mohiyatan real obyektiv bog`lanishga ega bo`lishi kerak. Agarda bu shart bajarilmasa, u holda «daraxt uzunmi yoki tun?», «aql ko`p-mi yoki bug`doy» degan iboralar tahlidida ish tutilgandek bo`ladi. Mazmunan taqqoslanayotgan ko`rsatkichlar bir biriga muvofiq bo`lishini ta`minlash zarur. Masalan, moldan sut olish darajasini aniqlash uchun yalpi sog`ib olingan sut hajmini ona mollar soniga (sigirlar, yoki qo`ylar, yoki echkilar) bo`lish kerak. Bu holda yosh buzoqlarni, yoki ho`kizlarni, qo`chqorlarni, takalarni hisobga olish noto`g`ri bo`ladi, ammo yung olish darajasini hisoblayotganda esa ona qo`y va echkilar bilan chegaralanib bo`lmaydi, chunki qo`chqorlardan ham, takalardan ham yung olinadi, ammo qora mollarni, eshaklarni, tovuq va boshqa qushlarni qo`shib bo`lmaydi, chunki ulardan yung olinmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |