6 Ma’ruza. Nevrologik, endokrin va organizmning salomatlik oʻzgarishlari ruhiy holatning buzilishiga bog‘liqligi
Download 21.14 Kb.
|
Ma\'ruza6
Reaktiv psixozlar
Reaktiv psixoz – ogʻir ruhiy jarohat yoki koʻngilsiz xodisaga javoban vujudga keladigan patologik jarayon. Reaktiv psixozlar nevrozlarga nisbatan qisqaroq, alomatlari ogʻirroq, kuchli psixomotor va affektiv buzilishlar, vasvasa, gallyutsinatsiyalar, isterik buzilishlar va ongning buzilishi bilan tavsiflanadi. Reaktiv psixoz holatidagi bemorlarning oʻz holatini tanqidiy baholash yoʻqoladi, oʻzining qilgan harakatlarini bilmay qoladi. Shu bilan birga reaktiv psixozlarga alomatlarning qaytaruvchanligi xos boʻladi. Reaktiv psixozlarga quyidagi sabablar olib keladi: hayot uchun havfli boʻlgan vaziyat, yaqin kishidan ajralib qolish, tabiiy ofat, xizmatdagi kelishmovchilik va boshqalar. Bu psixozlarni rivojlanishi shaxsning konstitutsional tuzilishi (psixopatik shaxslarda), boshidan kechirgan kasalliklari, yoshi, aqliy rivojlanishi bilan bogʻliqdir. Ruhiy jarohat tugashi bilan odatda ruhiy buzilishlar oʻtib ketadi. Reaktiv psixozning klinik turlaridan affektiv-shok reaksiyalari, isterik psixozlar, reaktiv depressiyalar va psixogen paranoidlar farqlanadi. Affektiv-shok reaksiyalari toʻsatdan sodir boʻlgan, oʻta kuchli tabiiy ofatdan yuzaga keladi. Affektiv-shok reaksiyalari giper va gipokinetik turlariga boʻlinadi. Giper-kinetik turida bemorlar maqsad yoʻnalishini yoʻqotadi, vahima va qoʻrquvga tushadi. Ular bemaʼni harakatlar qiladi, turgan joylariga moʻljal yoʻqoladi. Bu turdagi qoʻzgʻalish 15-25 daqiqa davom etadi. Gipokinetik turida bemor stupor holatiga tushib, butunlay harakatsiz boʻlib qoladi va gapira olmasligi (mutizm) mumkin. Bemor bir joyda qotib qoladi, atrofdagi hodisalarga befarq boʻlib, bir nuqtaga qarab turadi. Stupor bir necha soatdan 2-3 kungacha davom etishi mumkin. Psixoz vaqtidagi bemor kechinmalari xotirasida saqlanmaydi. Isterik psixozlar bir mexanizm boʻyicha vujudga keladi va klinik koʻrinishi boʻyicha turli boʻladi (ongning isterik sumerik buzilishi, soxta demensiya (psevdodemensiya), puerilizm, vasvasasimon fantaziya alomatlari, isterik stupor). Ongning isterik sumerik buzilishida bosh miya qobigʻi funksiyalari toʻlik, toʻxtamaydi. Ongning torayishi, joyga moʻljalni buzilishi, jarohatlanuvchi vaziyatni aks etuvchi koʻrish gallyutsinatsiyalar kuzatiladi. Psixoz davridagi hodisalar xotirada saqlanmaydi. Bemorning harakatlari namoyishsimon: kulgi, yigʻi, qoʻshiq aytish birdaniga tutqanoqlarga oʻtishi, bemorning gʻamgin holatda qotib qolishini qisqa vaqt davom etuvchi qoʻzgʻalishga oʻtishi kuzatiladi. Bu holat 1-2 haftagacha davom etishi mumkin. Psevdodemensiya aldamchi tuyuladigan aql zaifligidir. Yolgʻon aql zaifligi ong torayganida paydo boʻlib, oddiy bilimlarni yoʻqotish, savollarga notoʻgʻri javob berish, notoʻgʻri harakatlar qilish bilan tavsiflanadi. Yolgʻon aql zaiflik bir necha kundan bir necha oygacha davom etishi mumkin. Ongning isterik sumerik buzilishi va psedodemensiya uygʻunlashishi bilan kechadigan holat Ganzer sindromi deb yuritiladi. Puerilizm isterik reaksiya turlaridan biri boʻlib, ongning isterik torayishi bilan birga yosh bolalarga xos xulq-atvorning paydo boʻlishi bilan tavsiflanadi. Bemorlarda yosh bolalar nutqi, harakati, his-tuygʻu reaksiyalari kuzatiladi. Vasvasasimon fantaziyali isterik sindromiga tizimlashmagan, turgʻunsiz buyuklik, boylik vasvasa gʻoyalari xosdir. Fantaziyalar mazmuni juda oʻzgaruvchan boʻlib, tashqi holatga bogʻliq boʻladi. Isterik stupor holatida ruhiy va harakat jarayonlarining toʻxtashi, mutizm, ongning isterik torayishi kuzatiladi. Bemorlarda kuchli siqilish, jahldorlik, tushkunlik holatlari paydo boʻladi. Reaktiv depressiyalar umidsizlik, ishonchsizlik, xafachilik, vegetativ buzilishlar va uyqusizlik bilan tavsiflanadi. Bemor hayolida faqat sodir boʻlgan baxtsizlik boʻladi. Bemor oʻz holatiga tanqid bilan qaraydi. Bemor koʻpincha oʻz holatini paydo boʻlishida boʻlgan hodisaga tegishli odamlarii ayblaydi. Reaktiv depressiyaning namoyon boʻlishi real borliq hodisalari bilan bogʻliq boʻladi. Reaktiv depressiya odatda 2-3 oy davom etadi, lekin uzoq vaqt ham davom etishi mumkin. Psixogen paranoid oʻzining soddaligi, oddiyligi, obrazligi, hissiy kechinmalarga boyligi, affektlar (qoʻrquv, hayajon) ning mavjudligi bilan tavsiflanadi. Shu bilan birga taʼqib qilish, munosabat vasvasa gʻoyalari paydo boʻladi. Ularning mazmuni ruhiy jarohat keltirib chiqargan vaziyatga toʻgʻri keladi. Koʻrish va eshitish gallyutsinatsiyalari ham uchrashi mumkin. Psixogen paranoidlar turlariga urush davri paranoidi, temir yoʻl paranoidi, qamoq paranoidi, induksiyalangan vasvasalar kiradi. Download 21.14 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling