7.3. Markaziy bankning valyuta siyosati. (2 soat)
Markaziy bankning valyuta siyosati uning an’anaviy pul-kredit instrumentlaridan biri hisoblanadi. Shu sababli, valyuta siyosatining pirovard maqsadi milliy valyuta barqarorligini ta’minlash hisoblanadi. Markaziy bankning valyuta siyosati doirasida amalga oshiriladigan valyuta operatsiyalarining uch asosiy turi xalqaro bank amaliyotida keng qo’llanilmoqda. Ular quyidagi operatsiyalardan iboratdir:
1. Valyuta interventsiyasini amalga oshirish maqsadida o’tkaziladigan operatsiyalar.
2. Valyuta interventsiyasi doirasida amalga oshiriladigan valyuta operatsiyalari xorijiy valyutani milliy valyutaga sotib olish va sotish operatsiyalaridan iboratdir. Respublikamizda interventsiya vositasi sifatida ishlatilayotgan bazaviy valyuta AQSh dollari bo’lganligi sababli, shu maqsadda amalga oshirilayotgan operatsiyalar AQSh dollarini sotib olish va sotish operatsiyalaridan iboratdir. Odatda, markaziy banklar valyuta interventsiyasi samaradorligini ta’minlash maqsadida interventsiya fondidan sotilgan xorijiy valyutadagi mablag’larning miqdorini va interventsiya hisobraqamining qoldig’ini sir tutadilar. Buning sababi shundaki, valyuta interventsiyasi samaradorligi deganda uning vositasida milliy valyutaning xorijiy valyutaga nisbatan almashuv kursining favqulodda va keskin tebranishiga barham berish hisoblanadi. Agar xo’jalik yurituvchi sub’ektlar Markaziy bank tomonidan xorijiy valyutani sotish hajmining o’sib borishi sharoitida milliy valyutaning qadrsizlanishi davom etayotganligini sezib qolsalar, bu holat valyuta bozorida psixologik vahima holatini yuzaga keltiradi va buning natijasida xorijiy valyutaga bo’lgan talab keskin ortishi mumkin. Bunga xalqaro amaliyotdan ko’plab misollar keltirish mumkin. Masalan, 1992 yilning sentyabr oyida G’arbiy Evropadagi valyuta bozorlarida yuz bergan inqiroz natijasida Buyuk Britaniya funt sterlingi va Italiya lirasi nominal almashuv kursining keskin pasayib ketishi natijasida ular Evropa valyuta tizimidan (EVT) chiqib ketdi. Buning sababi shundaki, Angliya va Italiya Markaziy banklari o’z milliy valyutalari kurslarining favqulodda tebranishiga valyuta interventsiyasi orqali barham berishning uddasidan chiqa olmadilar. Masalan, Angliya Markaziy banki valyuta interventsiyasi doirasida AQSh dollarini sotish hajmini oshirishi bilan London valyuta bozori ishtirokchilari tomonidan AQSh dollarini sotib olish hajmi ham oshib bordi. Buning oqibatida valyuta interventsiyasi samara bermadi. Chunki bozorda psixologik vahima kuchli edi. Bu esa, bozorda AQSh dollariga nisbatan kuchli talabni yuzaga keltirdi. Valyuta interventsiyasini amalga oshirishning muhim zaruriy shartlaridan biri Markaziy bankning etarli darajada oltin-valyuta zaxiralariga ega bo’lishi hisoblanadi. Bu erda etarli darajada deyilganda Markaziy bank oltin-valyuta zaxiralarining milliy valyutaning favqulodda keskin tebranishiga barham berishga etadigan darajadagi miqdori nazarda tutilmoqda. Ushbu zaruriy shartni bajarish imkoniyati hozirgi davrda O’zbekiston Respublikasi Markaziy bankida mavjud.
Do'stlaringiz bilan baham: |