7-mavzu islom dining yo‘nalishlari, oqimlari va


Download 0.64 Mb.
bet5/7
Sana31.01.2024
Hajmi0.64 Mb.
#1818156
1   2   3   4   5   6   7
Bog'liq
7-MAVZU

Ahmad Yassaviy (1005–1166) tariqati turkiyzabon xalqlar madaniyati tarixida katta o‘rin tutadi. Tasavvufdagi barcha yirik tariqatlarda bo‘lganidek, yassaviya ta’limoti quyidagi qoidalarga amal qilishga asoslangan:

  1. murid hech kimsani o‘z piridan afzal ko‘rmasligi, unga doimo taslimiyot izhor qilmog‘i lozim;

  2. murid shunchalik zukko va idrokli bo‘lishi kerakki, to o‘z shayxining rumuz va ishoralarini mukammal anglay olsin;

  3. shayxning barcha akvoli (so‘zlari) va af’oli (ishlari)ga murid sodiq bo‘lib, unga mutlaqo mute va mu’taqid bo‘lmog‘i lozim;

  4. o‘z murshidi (piri)ning barcha topshiriqlarini chustu choloklik (chaqqonlik) ila sidqidildan bajarib, uni hamisha rozi qilib yurmog‘i zarur. Chunki rizoi Olloh uning (ya’ni shayxning) izmidadir;

  5. murid o‘z so‘ziga sodiq, va’dasiga vafoli bo‘lib, murshidi ko‘nglida hech qanday shak-shubha tug‘dirmasligi zarur;

  6. murid o‘z va’dasiga vafodor, so‘zida ustuvor turmog‘i lozim;

  7. murid o‘z ixtiyoridagi barcha mol-mulkini, butun bor-yo‘g‘ini o‘z shayxiga nisor etmoq uchun doimo tayyor turmog‘i lozim;

  8. murid o‘z murshidining barcha sir-asrorlaridan ogoh bo‘lib, uning ifshosini hech vaqt xayoliga keltirmasligi kerak;murid o‘z shayxining barcha takliflarini nazarda tutib, uning mushkulotini oson qilmog‘i, pandu nasihatlarini bajo keltirmog‘i shart;

  9. murid xudo visoli uchun o‘z shayxi yo‘lida butun molu jonini nisor etmoqqa tayyor turishi, uning do‘stiga do‘st, dushmaniga dushman bo‘lib yashamog‘i shart13.

Ahmad Yassaviy o‘z tariqatini she’riy uslubda «Hikmat» nomli asarida bayon etgan. Yassaviy ta’limoti kishilar o‘rtasida poklik, halollik, to‘g‘rilik, mehr-shafqat, o‘z qo‘lining kuchi va peshona teri bilan hayot kechirish orqali Olloh visoliga yetish mumkin, degan g‘oyani olg‘a surgan. Yassaviya ta’limoti ba’zi kishilarning mol-dunyoga hirs qo‘yishini qoralaydi, kamtarlikka, g‘aribparvarlikka da’vat qiladi. Shunday qilib, Ahmad Yassaviy Markaziy Osiyoda ilk tasavvuf ilmiga asos solgan, islom dinining taraqqiyotiga hissa qo‘shgan.
Islom dini taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shgan yana bir vatandoshimiz Xorazmning Xivaq shahrida dunyoga kelgan Najmiddin Kubro (1145–1221) hisoblanadi. Islomshunoslik ilmida uning ta’limoti kubraviya tariqati nomi bilan mashhurdir. Yoshligidan ilmga chanqoq Najmiddin Misr, Eron va Sharqning boshqa mamlakatlarida tahsil olgan. Uning islom diniga qo‘shgan hissasi shundaki, zikrni ovoz chiqarmasdan (xufiya) ijro etish usulini kiritgan. Kubraviya tariqati hadis va shariatga asoslanadi. Bu ta’limotga ko‘ra, inson o‘z mohiyat-e’tibori bilan kichik olamni tashkil etadi va katta dunyo bo‘lmish koinotdagi barcha narsalarni o‘zida mujassamlashtiradi. Ilohiy sifatlar yuqori samoviy doiralarda birin-ketin o‘ziga xos maqomlarda joylashtirilgani sababli, haqiqat yo‘lini qidiruvchilar bunday yuksaklarga ko‘tarilib, ilohiy sifatlarga ega bo‘lish, ya’ni kamolotga erishish uchun, ma’lum riyozatli yo‘llarni bosib o‘tishlari zarur. Buning uchun quyidagi o‘nta asosga tayanmoq lozim: tavba, zuhd fi-dunyo, tavakkal, qanoat, uzlat, mulozamat az-zikr, tavajjuh, sabr, muroqaba va rizo.
Ushbu o‘nta talabning qisqacha mohiyati shundaki, kishi bu dunyo lazzatlari va mol-dunyoga hirs qo‘yishdan o‘zini tiyishi, sabr-qanoatli bo‘lishi, o‘zligidan kechib, xudoga muhabbat qo‘yishi, unga cheksiz ishonishi lozim. Najmiddin Kubrodan qator asarlar meros qolgan. Masalan, «Favo‘ix al-jamol va favotix al-jalol», «Al-usul al-ashara», «Risolat al-xo‘if al-xa’im min laumon al-la’im» kabilar shular jumlasidan. Uning yana bir asari – «Risolatun odob ul-zokirin» («Zikr aytuvchilar odobi haqida risola») fors tilida bizgacha yetib kelgan bo‘lib, hozir O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutining kutubxonasida saqlanmoqda.
Najmiddin Kubro tariqati Movarounnahr, Xuroson, Hindiston va boshqa musulmon xalqlari orasida keng tarqalgan. Uning ta’limoti asosida kubraviya maktabi vujudga kelgan va deyarli XV asrgacha tasavvuf ta’limotini ifodalovchi asosiy yo‘nalishlardan biri bo‘lgan.
Najmiddin Kubro Urganch shahrini mo‘g‘ul bosqinchlaridan himoya qilishda shiddatli jangda shahid bo‘lgan. O‘shanda u 70 yoshda bo‘lgan.
Uzoq vaqt mobaynida mo‘g‘ul mustamlakachiligiga qarshi olib borilgan kurashlar XIV asrning ikkinchi yarmiga kelib Markaziy Osiyoda sohibqiron Amir Temur boshchiligidagi mustaqillik uchun urushlar g‘alabasi va Movarounnahrda yagona davlat barpo etilishi bilan yakunlangan. Islom dini bu davrda Amir Temur va temuriylar siyosatida, mamlakatdagi ma’naviy birlik, madaniy yuksalish, adolat o‘rnatish va saqlash ishiga qaratilgan. Islom dini asosida shakllangan tasavvuf, ayniqsa, naqshbandiya o‘sha davr ma’naviyatining g‘oyaviy asosi bo‘lib xizmat qilgan. Naqshbandiya islomga tayangan holda insonning axloqiy poklik, mehnat va bilim egallashiga keng yo‘l ochib beruvchi g‘oyalarni targ‘ib qilib, ma’naviy-ijtimoiy hayotda katta ijobiy ahamiyatga ega bo‘lgan. Bahovuddin Naqshband, Yoqub Charxiy, Xo‘ja Muhammad Porso, Xo‘ja Akrom kabi naqshbandiya nazariyotchilari shu davrda yashab ijod etganlar.
Markaziy Osiyoda XIV asrda tasavvuf ilmi sohasida vujudga kelgan tariqat Xoja Muhammad Bahovuddin Naqshband (1318–1389) nomi bilan bog‘liqdir. Bahovuddin Naqshband 1318 yilda Buxoro yonidagi Qasri Hinduvon qishlog‘ida tug‘ilgan (keyinchalik Naqshband sharofati bilan Qasri Orifon deb atala boshlangan).
Naqshband ta’limoti asosida ixtiyoriy faqirlik yotadi. Atoqli sharqshunos olim YE. E. Bertelsning yozishicha, u umr bo‘yi dehqonchilik bilan kun kechirgan va o‘z qishlog‘idagi uncha katta bo‘lmagan yeriga bug‘doy va mosh eksa-da, uyida hech qanday mol-dunyo va boylik saqlamagan. Naqshband bo‘yra ustida yotib kun kechirgan va butun umrini o‘z ixtiyori bilan faqirlikda, yo‘qchilikda o‘tkazgan. Naqshband tariqatining asl aqidasi – «dil ba yoru, dast ba kor», ya’ni «doimo ko‘ngling Ollohda, qo‘ling esa ishda bo‘lsin», degan g‘oyani olg‘a suradi. Naqshbandiya ta’limoti XV asrda Afg‘oniston, Eron, Hindiston singari musulmon mamlakatlarida keng tarqalgan. Bu ta’limot tarafdorlari asketizm (tarkidunyochilik)ga, boy-zodagonlarning zulmi va istibdodiga qarshi bo‘lganlar, faqat o‘z qo‘l kuchi, peshona teri bilan halol mehnat qilib kun kechirishga kishilarni chaqirganlar. Ular shu bilan birga savdo- sotiq, dehqonchilik, hunarmandchilik, badiiy adabiyot, musiqa, ilm-
ma’rifat, xattotlik, naqqoshlik, miniaturachilik, quruvchilik kabi barcha foydali va xayrli yumushlar bilan shug‘ullanishga da’vat etganlar.
Xoja Bahovuddin Naqshbandni Markaziy Osiyo xalqlari juda yuksak qadrlaydilar. 1993 yilda mamlakatimizda Bahovuddin Naqshband tavalludining 675 yilligi keng nishonlanganligi bejiz emas. Naqshbandning nafaqat diniy, balki dunyoviy hunarlarni ham egallashga da’vat etganligi mustaqilligimiz taqozo etgan xalq bunyodkorligiga g‘oyaviy madad bo‘ladi. Shu bois xalqimiz tasavvuf ilmining darg‘alaridan biri bo‘lmish Xoja Bahovuddin Naqshband ta’limotiga asrlar osha yana murojaat qilishi tabiiydir. Zero, tarixiy xotirasiz kelajak bo‘lmaydi.

Download 0.64 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling