7-mavzu: Jahondagi eng yirik qo‘lyozma xazinalari. O‘zbekistondagi asosiy qo‘lyozma xazinalari


Download 16.64 Kb.
Sana13.02.2023
Hajmi16.64 Kb.
#1195409
Bog'liq
7-mavzu


7-mavzu: Jahondagi eng yirik qo‘lyozma xazinalari. O‘zbekistondagi asosiy qo‘lyozma xazinalari
Reja:

  1. Dunyoning eng yirik kutubxona fondlari

  2. Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar xazinasi tarkibi

Tayanch so‘z va iboralar: kutubxona, Kongress kutubxonasi, musiqa - nota adabiyotlari, kinofilmlar, arxiv to'plamlari, Rumyantsev muzeyi, qo‘lyozmalar xazinasi
AQShning Kongress kutubxonasi dunyodagi eng yirik kutubxona hisoblanadi. Mazkur kutubxona 1800 yilda AQSh kongressi tomonidan Prezident Tomas Jeffersonning kutubxonasi negizida bunyod etilgan. 2002 yilgi ma’lumotlarga ko’ra, Kongress kutubxonasida dunyoning 450 dan ortiq tillaridagi 90 milliondan ziyod bosma nusxa saqlanadi. Shuningdek, kutubxona fondlari tarkibida 58 milliondan ortiq qo’lyozma asarlar mavjud. Kongress kutubxonasi universal fondi kuniga 31 ming bosma birlik bilan toʻldiriladi; jahon boʻyicha eng katta haritalar (3 milliondan ortiq), 3,5 milliondan ortiq musiqa - nota adabiyotlari, katta miqdordagi kinofilmlar, mikrofilmlar fondiga ega. AQSH prezidentlari yiqqan kitob toʻplamlari 5,5 mingdan ortiq, xitoy va yapon adabiyotlari, noyob Amerika nashrlari saqlanadi. Kongress kutubxonasi 1 million 900 mingdan ziyod kitobxonga 20 dan ortiq qiroatxonalari orqali xizmat koʻrsatadi.
Britaniya kutubxonasi fondlarida saqlanayotgan kitoblar bo’yicha dunyoda AQShning Kongress kutubxonasidan keyin 2-o’rinda turadi. Kutubxonada jami 170 million saqlash birligi mavjud. 2012 yil 31 mart holatiga ko'ra kutubxonaning kataloglari jami 109,6 million obunani tashkil etdi, shundan: 66,3 million patent; 14,3 million kitob, 4,5 million karta; 1,6 million varaqli musiqa va 357,986 qo'lyozmani tashkil etadi.
Rossiya davlat kutubxonasining qo'lyozmalar fondi 1862 yilda Moskva xalq va Rumyantsev muzeylari negizida tashkil etilgan bo'lib, uning fondi dastlab Rossiya davlat kansleri Nikolay Petrovich Rumyantsevning noyob qo'lyozmalar to'plami asosida shakllantirilgan. Hozirgi kunda fond tarkibida VI-XXI asrlarga oid 610 mingdan ortiq qo’lyozma asar va arxiv hujjatlari mavjud. Asosiy fondda qadimgi rus, yunon, lotin, slavyan, g'arbiy Yevropa va sharq tillaridagi yozma va grafik qo'lyozmalarning universal to'plami saqlanadi. Unda dunyoviy va diniy mazmundagi qo'lyozma kitoblar, arxiv to'plamlari, shaxsiy (oilaviy, ota-bobolar) arxivlari, davlat, cherkov, xususiy muassasalar va jamoat tashkilotlarining arxiv fondlari mavjud.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti 1943 yil Respublika Davlat Bosh kutubxonasining (hozirgi Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxona) Sharq bo‘limi asosida tashkil etildi. U 1950 yilgacha Sharq qo‘lyozmalarini o‘rganish instituti deb ataldi. Tadqiqotlar ko‘lami kengayib borishi va yangi ilmiy tarmoqlarning paydo bo‘lishi natijasida u Sharqshunoslik instituti deb o‘zgartirildi. Unga 1957 yilda o‘rta asrlarning buyuk qomusiy olimi Abu Rayhon Beruniy (973–1048) nomi berildi.
Hozirgi paytda Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar xazinasida quyidagi jamg‘armalar mavjuddir:
1. Asosiy jamg‘arma. Unda 13319 jild qo‘lyozma to‘plangan. Uning asosini davlat va jamoat arboblari, olimlar va kitob yig‘ish bilan shug‘ullangan shaxslarning xususiy kutubxonalaridan olingan asarlar tashkil etadi. Ular o‘z vaqtida Respublika Davlat Bosh kutubxonasiga turli yo‘llar bilan keltirilgan. Ularning orasidagi boy jamg‘armalardan Xojagon-Naqshbandiya tariqatining yirik vakili va nazariyotchisi Xoja Muhammad Porso (vafoti 1420 yil), Buxoro hukmdori Amir Muzaffarning (1860–1885 yillari davlatni boshqargan) o‘g‘li Muhammad Siddiq Xishmat, Buxoro amirligi qozisi va adabiyotshunos Muhammad Sharif Sadri Ziyo (1867–1935), rus hukmronligiga qarshi 1898 yil ko‘tarilgan «Andijon qo‘zg‘oloni» yo‘lboshchisi Muhammad Ali Dukchi Eshon (1856–1898), qo‘qon xonligining taniqli amaldori va ma'rifatparvar Yunusjon Xo‘qandiy, xorazmlik ma'rifatchi Bekjon Rahmonov (tax. 1887–1929), taniqli yozuvchi va shoir, islohatchi ma'rifatparvar Abdurauf Fitrat (1886–1937), rus sharqshunosi V. L. Vyatkin (1869–1932) va boshqalarning shaxsiy kutubxonalarini ko‘rsatish mumkin. Xiva xonlari kutubxonasi kitoblarining anchagina qismi ham shu yerga olib kelingan. Institut xazinasi keyinchalik vaqtivaqti bilan qadimiy kitoblarni yig‘ish uchun uyushtirib turilgan maxsus safarlar davomida aholidan sotib olingan qo‘lyozmalar bilan to‘ldirildi hamda ayrim shaxslar tomonidan hadya etilgan kitoblar hisobiga boyitib borilmoqda.
2. Dublet jamg‘arma. Unda 5237 jild qo‘lyozma saqlanadi. Bu yerda qattiq zararlangan hamda «Asosiy jamg‘arma»da ko‘plab nusxalari uchraydigan qo‘lyozmalar saqlanadi. Biroq u ilmiy-tarixiy ahamiyati jihatidan «Asosiy jamg‘arma»dan sira qolishmaydi. qo‘lyozmalar xazinasining hozirgacha eng kam tadqiq etilgan bo‘limi ham xuddi shu «Dublet jamg‘arma» bo‘lib qolmoqda.
3. Hamid Sulaymon jamg‘armasi. qo‘lyozmalar miqdori 7586 jilddan iborat. 1998 yil O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi hamid Sulaymonov nomidagi qo‘lyozmalar instituti yopilganidan keyin unda saqlanayotgan qo‘lyozmalarning katta qismi Sharqshunoslik institutiga berilgandi. Ushbu jamg‘arma aholidan qadimiy qo‘lyozmalarni sotib olish yo‘li bilan tashkil qilingan.
4. Tarixiy hujjatlar jamg‘armasi. Shaxs huquqlari, xususiy mulkchilik, savdo-sotiq va boshqa turdagi hujjatlardan tashkil topgan. Eng qadimiy hujjatlar X va keyingi davrlardagilari XX asr boshlariga to‘g‘ri keladi. Jamg‘armada asosan, Buxoro, Xorazm va qo‘qon xonliklariga tegishli hujjatlar to‘plangan. hujjatlar va xatlarning ko‘chirma nusxalari ba'zi qo‘lyozmalarda ham uchraydi. Ularning ayrimlari muhrlar bilan tasdiqlangan. Masalan, № 1386 raqamda qayd etilgan qo‘lyozmada Samarqand qozi kaloni muhri urilgan XVI va qisman XVII asrga oid 737 hujjat saqlanadi.
5. Toshbosma asarlar jamg‘armasi. Unda turli sharq tillarida nashr etilgan 39900 jild kitob saqlanadi. Jamg‘armada hindiston, Turkiya, Eron va boshqa mamlakatlarda chop etilgan kitoblar ham uchraydi. Toshkent, Kogon va Markaziy Osiyoning boshqa shaharlarida toshbosma usulida nashr etilgan kitoblar orasida qo‘lyozmalar jamg‘armasida uchramaydigan va qo‘lyozma holida saqlanib qolmaganlari ham uchraydi. Amir Muzaffarning o‘g‘li Sayyid Muhammad Nosir al-Buxoriy qalamiga mansub Tuhfat az-zoirin va shoir Salohiddin Saqibiyning ilm ahliga unchalik ma'lum bo‘lmagan Ma'muloti Saqibiy asarlari shular jumlasidandir.
6. Tasmali nusxalar (mikrofilmlar) jamg‘armasi.
Uning asosini institut qo‘lyozmalari va dunyoning boshqa kutubxonalaridan olingan suratli tasmalar tashkil etadi. Yangi keltirilayotganlari ro‘yxati tuzib borilmoqda. Institut qiroatxonasi ulardan foydalanish uchun maxsus o‘quv uskunalari bilan jihozlangan. Biroq zamon taraqqiyotiga mos ravishda ularning sifatini yaxshilashga ehtiyoj sezilmoqda.
Download 16.64 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling