7-mavzu. Xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag’rikenglikni ta’minlash reja
O’zbekistonda millatlararo totuvlik va diniy bag’rikenglik masalalari
Download 77 Kb.
|
Ma
- Bu sahifa navigatsiya:
- O’zbekiston Respublikasi doimiy aholisining milliy tarkibi to’g’risida ma’lumot[5]
2. O’zbekistonda millatlararo totuvlik va diniy bag’rikenglik masalalari
Bugungi kunda xavfsizlik masalalari butun dunyoda eng dolzarb masala bo’lib qolmoqda. Yil sayin davlatlar tomonidan mudofaa tizimi va harbiy sohaga ajratilayotgan harajatlarining oshib borishi fikrimizni tasdiqlaydi. Biroq, faqatgina zamonaviy qurol yarog’ga ega bo’lishning o’zigina xavfsizlikni ta’minlamaydi. Chunki, guvoh bo’lib turganimizdek, zamonaviy buzg’unchi kuchlar ochiqcha jang qilmay, balki to’satdan qo’poruvchilik amaliyotlarini qo’llash, harbiylar emas balki tinch aholini nishonga olish kabi qabih usullardan foydalanadilar. Bunda esa, milliy va diniy nizolarni keltirib chiqarish asosiy maqsad hisoblanadi. XX asrning ikkinchi yarmida davlat-huquqiy, etno-hududiy va etnodemografik zaminda 300 dan ortiq katta-kichik nizolar qayd qilingani ham ushbu fikrning o’rinli ekanini tasdiqlaydi. Millatlar mavjud ekan, ular o’rtasida o’zaro munosabatlar ham bo’ladi. Shunday ekan, bugun globallashuvning bu jarayonga o’tkazayotgan salbiy ta’sirining oldini olish haqida bosh qotirish va samarali mexanizmlarni topish o’z mustaqilligini, erkini, o’ziga xosligini qadrlashga qodir bo’lgan barcha millatlar oldida turgan eng dolzarb vazifa hisoblanadi. Respublikamizda ham millatlararo totuvlikni ta’minlash orqali tinchlik va hamjihatlikni mustahkamlab borish g’oyasi davlatimiz birinchi rahbarlarining doimiy diqqat markazida bo’lib kelgan. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ham o’z saylovoldi dasturidayoq tinchlikni ta’minlash, millatlar va dinlararo totuvlik muhitini qo’llab quvvatlash, din niqobidagi ekstremizm va terrorizmga qarshi ayovsiz kurash masalalarini asosiy tamoyil sifatida olg’a surdi. Saylovoldi dasturidan kelib chiqqan holda, so’nggi oylarda Prezidentimiz tashabbusi bilan “2017-2021 yillarda O’zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo’nalishi bo’yicha “Harakatlar strategiyasi” ishlab chiqildi. Strategiyada beshinchi yo’nalish sifatida “Xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag’rikenglikni ta’minlash hamda chuqur o’ylangan, o’zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosat sohasidagi ustuvor yo’nalishlar” belgilandi. Bu ham, yurtimizda fuqarolarimiz xavfsizligi, millatlar va diniy bag’rikenglikka berilayotgan e’tibordan dalolat beradi. “Bag’rikenglik” tushunchasi ilmiy faoliyat va ijtimoiy hayotning turli sohalari, jumladan, siyosat va siyosatshunoslik, sosiologiya, falsafa, ilohiyot, ijtimoiy axloq, qiyosiy dinshunoslik kabi fanlar doirasida keng istifoda etiladi. “Tolerantlik” – lotincha “tolerare”, ya’ni “chidamoq”, “sabr qilmoq” ma’nosini anglatgan bu so’z, asosan biror narsani, o’zgacha fikr yoki qarashni, o’z shaxsiy tushunchalaridan qat’i nazar, imkon qadar bag’rikenglik va chidam bilan qabul qilishni anglatadi. Xususan, ushbu tushuncha deyarli barcha tillarda bir xil yoki bir-birini to’ldiruvchi ma’no kasb etib, “chidamlilik”, “bardoshlilik”, “toqatlilik”, “o’zgacha qarashlar va harakatlarga hurmat bilan munosabatda bo’lish”, “muruvvatlilik”, “himmatlilik”, “kechirimlilik”, “mehribonlik”, “hamdardlik” kabi ma’nolarga ega. Taraqqiyotning asosiy omillaridan biri bo’lgan bag’rikenglik borasida 1995 yil 16 noyabrda BMT tizimida Fan, ta’lim va madaniyat sohasida ixtisoslashgan tashkilot (YuNESKO) Bosh konferensiyasining 28-sessiyasida “Bag’rikenglik tamoyillari Deklarasiyasi” qabul qilindi. Deklarasiyada irqi, jinsi, kelib chiqishi, tili, dinidan qat’i nazar, bag’rikenglikni targ’ib etish, inson huquqlari va erkinliklariga hurmat bilan qarash kabi majburiyatlar belgilab qo’yilgan. 1998 yil 6 noyabrda Toshkentda o’tkazilgan YuNESKO Ijroiya Kengashining 155-sessiyasida «Tinchlik madaniyati va YuNESKOning a’zo davlatlaridagi faoliyati» Deklarasiyasi qabul qilindi. YuNESKOning «Tinchlik madaniyati» konsepsiyasi BMT tomonidan ma’qullanib, 2000 yil «Xalqaro tinchlik madaniyati yili», 2001 yil esa «Xalqaro madaniyatlararo muloqot yili» deb e’lon qilindi. BMT Bosh Assambleyasining 2018 yil 12 dekabrdagi yalpi sessiyasida O’zbekiston tomonidan ishlab chiqilgan «Ma’rifat va diniy bag’rikenglik» maxsus rezolyusiyasini qabul qilindi. Bizga ma’lumki, Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017 yil sentyabrda Nyu-Yorkda bo’lib o’tgan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida mazkur rezolyusiyani qabul qilish tashabbusi bilan chiqqan edi. Rezolyusiyaning asosiy maqsadi — barcha uchun ta’lim olish imkoniyatini taqdim etish, savodsizlik va bilimsizlikni bartaraf etishdan iborat. Shuningdek, hujjatda "bag’rikenglik va o’zaro hurmatni o’rnatish, diniy erkinlikni ta’minlash, dindorlar huquqlarini himoya qilish va ularning kamsitilishiga yo’l qo’ymaslik"ka ham chaqirilgan. Rezolyusiya BMTning barcha a’zo davlatlari tomonidan bir ovozdan qo’llab-quvvatlangan va mazkur hujjatga 50 dan ortiq davlat hammualliflik qilgan. Bizga ma’lumki, millat (arabcha-xalq) –muayyan xududda istiqomat qiladigan, umumiy til, madaniyat urf-odat, qadriyatlar va ruhiy yaqinlik bilan farqlanuvchi etno ijtimoiy birlik hisoblanadi. Ma’lumotlarga ko’ra, yer yuzida 1600 dan ortiq millat bo’lib, (ayrim manbalarda 3000 dan ortiq) ularning soni bir necha o’n mingdan bir necha yuz milliongachani tashkil etadi. Son jihatdan millatlar to’rt guruhga bo’linadi. Bularga: a) eng ko’p sonli millatlar (Xitoylar 1 mlr.dan ortiq, — hindlar, amerikliklar, ruslar, yaponlar yuz mil.dan ortiq); b) ko’p sonli millatlar (50 mln.dan 100 mln. gacha — inglizlar, fransuzlar, ispanlar, turklar va boshqalar); v) yirik millatlar (10 mln.dan – 50 mln.gacha – o’zbeklar, portugallar, polyaklar va boshqalar); g) kam sonli millatlar ( xar biri bir necha o’n mingdan bir mln.gacha). Ammo shuni ta’kidlash joizki millatlarning soni ularni buyukligi yoki gegemonligi uchun asos bo’la olmaydi. Zero, barcha millatlarning teng, ozod va erkinligi “Inson huquqlari Umumjahon deklarasiyasi”da belgilangan asosiy qoidalardan bo’lib, jahon siyosatining asosiy tamoyillari biri hisoblanadi. Yer yuzidagi 1600 millatdan bor-yo’g’i 200 ga yaqini o’z davlatchiligiga ega, xolos, Bunday sharoitda (hozirgi zamon davlatlarining 90 foizga yaqini polietnik, ya’ni ko’p millatli davlatlarni tashkil etadi) butun dunyoda millatlararo totuvlikni ta’minlash uchun ularning manfaatlari ruxiyati, intilishlarini muntazam o’rganib borish, ijtimoiy-siyosiy xayotda buni doimo e’tiborga olishish taqozo etadi. Ma’lumotlar ko’ra, hozirgi dunyodagi faqat 20 ga yaqin davlat aholisi tarkibida boshqa millatlar vakillarining ulushi 5 foizdan kamni tashkil etadi. Qolgan davlatlarning deyarli barchasida 5 va undan ortiq millat va elatlar vakillari istiqomat qilib, ularning aholi tarkibidagi ulushi ancha salmoqlidir. Har qanday ko’p millatli mamlakatning muvaffaqiyatli rivojlanishi ijtimoiy barqarorlik, iqtisodiy-siyosiy asoslar hamda axloqiy mezonlar bilan bir qatorda ko’p jihatdan mamlakatdagi etnik birliklar va diniy konfessiyalar o’rtasida totuvlik hamda mustahkam tinchlikka bog’liq. Ko’p millatli davlatdagi etnoslararo hamda millatlararo tolerantlik milliy xavfsizlikni shakllanishida muhim omillardan biri bo’lib xizmat qiladi. Jaxon tajribasi millatlararo munosabatlarda bir yoqlama, yuzaki yondashuv mamlakatda jiddiy siyosiy muammolarni keltirib chiqarishni ko’rsatmoqda. Xususan, davlat o’z nomini bergan (titul) millat bilan o’sha joyda yashaydigan boshqa millat va elat vakillari o’rtasidagi munosabatlar jiddiy e’tiborni talab etadi. Aks xolda, jamiyat jamiyat xayotidagi tinchlik va barqarorlik izdan chiqishi mumkin. Millatlararo munosabatlarda uyg’unlik vujudga kelgan mamlakatlarda ko’p millatlik jamiyat siyosiy-iqtisodiy rivojlanishiga, ma’naviy-ruxiy muhitning sog’lom bo’lishiga samarali ta’sir etadi. Shu bois sho’rolardan keyingi makonda yangi mustaqil davlatlar shakllanishida etnoslararo va millatlararo munosabatlarni uyg’unlashtirishning dolzarbligi va ahamiyati yanada ortdi. O’zbekistonda bu masala nazokat va ehtiyotkorlik bilan hal etildi. Ayrim sobiq Sovet respublikalaridan farqli ravishda, istibdod davri yo’qotishlari uchun “aybdor”larning qidirilmaganligi ham alohida ahamiyatga ega bo’ldi. O’zbekistonda xalqaro demokratik tamoyillarga muvofiq keluvchi, fuqarolarning teng huquqligini belgilab bergan qonunchilik bazasi millatlararo totuvlikni saqlash va mustahkamlashning muhim omili bo’lib xizmat qilmoqda. O’zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 8-moddasida “O’zbekiston xalqini millatidan qat’i nazar O’zbekiston Respublikasining fuqarolari tashkil etadi”,-deb ta’kidlangan. Respublika Konstitusiyasining 18-moddasida ham millatlararo munosabatlar aniq belgilab berilgan: “O’zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo’lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqyeidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar”. Ayni paytda O’zbekiston Respublikasining “Saylov huquqlarining kafolatlari to’g’risida”gi Qonuni ham O’zbekiston Respublikasi fuqarolariga, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy va mulkiy mavqyei, irqiy va milliy mansubligi, jinsi, ma’lumoti, tili, dinga munosabati, mashg’ulotining turi va xususiyatidan qat’i nazar teng saylov huquqini beradi” (3-modda). O’zbekiston fuqarolarning qonun oldida tengligi qoidasi o’zbek xalqining respublika xududida yashovchi barcha millatlar vakillari bilan munosabatlarni uyg’un xolga keltirishning huquqiy kafolati bo’lib xizmat qiladi. O’zbekiston xududida istiqomat qiluvchi kam sonli etnoslar huquqlarini himoyalashning davlat konsepsiyasi O’zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 4-moddasida aniq aks ettirilgan: “O’zbekiston Respublikasi o’z xududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishini ta’minlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi”. O’zbekiston davlat siyosati millatchilik, irqchilik, genosid, xalqlarni zo’rlik bilan chiqarib yuborish yoki boshqa joylarga ko’chirish, o’zga xalqlar huquqlarining kamsitilishi va assimilyasiya siyosatini to’liq inkor etadi. Respublika Konstitusiyasining 57-moddasiga muvofiq “Konstitusiyaviy tuzumni zo’rlik bilan o’zgartirishni maqsad qilib qo’yuvchi, respublikaning suvereniteti, yaxlitligi va xavfsizligiga, fuqarolarning konstitusiyaviy huquq va erkinliklariga qarshi chiquvchi, urushish, ijtimoiy, milliy, irqiy va diniy adovatni targ’ib qiluvchi, xalqning sog’ligi va ma’naviyatiga tajovuz qiluvchi, shuningdek harbiylantirilgan birlashmalarning, Milliy va diniy ruhdagi siyosiy partiyalarning hamda jamoat birlashmalarining tuzilishi va faoliyati ta’qiqlanadi”. O’zbekistonning mustaqillik taraqqiyot yo’li davomida mamlakatda tinchlik va barqarorlik saqlab qolindi, Milliy totuvlikka erishildi. O’zbekistonda milliy davlatchilik qaror topayotgan eng og’ir davrda Islom Karimov turli ekstremistik kuchlar yo’liga va jamiyatni siyosiy, diniy, milliy va boshqa belgilari bo’yicha parokanda qilish tahdidlari yo’liga mustahkam to’siq qo’ydi. Mamlakatimizda amalga oshiralayotgan milliy siyosat bir qator yirik davlatlarning nufuzli siyosatchilari va turli diniy konfessiyalar rahbarlari tomonidan e’tirof etilganligi bejiz emas. O’zbekiston diyorida qadimdan turli sivilizasiya vakillari, madaniy qatlamlar, xilma-xil e’tiqod va dunyoqarashlar yonma-yon yashab kelgan. Bu yerda yashovchi xalq boshqa joydan ko’chib kelib, o’rnashib qolgan emas. Bu zamin ota-bobolarimiz yashab o’tgan azaliy va muqaddas makondir. Bu zamin Sharq va G’arbning, Shimol va Janubning, qadim o’tmish va buyuk kelajakning tutashgan joyi, Markaziy Osiyoning yuragi, insoniyat tafakkuri, fan va madaniyatining eng ko’hna o’choqlaridan biridir. Bu tuproqda jahonni hayratga solgan sivilizasiyaning ildizlari vujudga kelgan, insoniyat tarixining eng qadimgi davrlariga mansub diniy va falsafiy an’analar shakllangan. Qadimgi yunon faylasufi Geraklit bu yurtni «falsafiy tafakkur beshigi», deb bejiz ta’riflamagan. Shuni ta’kidlash joizki, bizning sivilizasiyamiz o’ziga xos bag’rikenglik tafakkur uslubiga tayanadi. Uch ming yillik tariximiz shundan guvohlik bermoqdaki, oliyjanoblik va insonparvarlik millatlararo totuvlikka intilish xalqimizning eng yuksak fazilatlaridan hisoblanadi. Bu boradagi an’analar avloddan-avlodga o’tib kelmoqda. Malumotlarga ko’ra, bundan yuz yil avval hozirgi respublikamiz hududida 70 ga yaqin millat vakillari istiqomat qilgan. 1926 yilda respublikamizda 90 millat va elat yashagan bo’lsa, 1959 yilda ularning soni 113 taga, 1979 yilda 123, 1989 yilda esa 130, 2018 yilda 136 taga yetgan. O’zbekiston Respublikasi doimiy aholisining milliy tarkibi to’g’risida ma’lumot[5] Download 77 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling