8-Mavzu: Qang’ Dovon va Xorazm davlatlari
Download 48.81 Kb.
|
8-Ma`ruza
8-Mavzu: Qang’ Dovon va Xorazm davlatlari Reja Qang‘ davlatining o‘rganlish tarixi Qang‘ davlati davrida O‘rta Osiyo xalqlarining ijtimoiy-iqtisodiy hayoti Davan davlati haqida yozma manbalar va ularning o‘rganilish tarixi Davan davlatining ijtimoiy iqtisodiy va siyosiy tarixi Qadimgi Xorazm davlati.(Qadimgi Xorazm davlati to’g’risida tarixiy yozma manbalar. Qoyqirilgan qal’a. Qadimgi Xorazm davlatining poytaxti.Yozuv adaniyati, pul muomalasi, amaliy tasviriy va me’morchilik san’atining rivojlanishi). Adabiyotlar Шониёзов К.Ш.Қанғ давлати ва қанғлилар. – Т., 1990. 10- 40-bet Матбобоев Х. Фарғона қадимий шаҳарларининг ўрни муаммолари. // “Ўзбекистонда ижтимоий фанлар” 1995.№9, 26-32 бетлар. Абдурасул ўғли А. Қaдимги Фaрғoнa тaриxидaн. –Т., 2002. 25 -67 бетлар. History of civilizations of Central Asia. The development of sedentary and nomadic civilizations: 700 B.C. to A.D. 250 Volume II.1996 543-550-pages Asqarov A.A. Qadimgi Xorazm tarixiga oid ba’zi masalalar. “O’zbekiston etnologiyasi: yangicha qarashlar va yondashuvlar” ilmiy to’plam. Toshkent-2004. 35-40-betlar Харезм- в истории государственности Узбекистана. -Т., 2013. С.68. Машарипов О. Хоразмнома. –Т.: 2010. 40-45-betlar Fransic Henry Skrine and Edward Denison Ross A history of Russian Turkestan and the Central Asian Khanates from the earliest times Roudledge Curzon, USA, 2005 3-15-betlar. O‘zbekiston tarixi, I kitob. Oliy o‘quv yurtlarining tarix fakulteti talabalari uchun darslik / Mas’ul muharrir A.S.Sagdullayev. – T., 2021- 624 b. 237-262 betlar Эшов Б., Одилов А. Ўзбекистон тарихи. 1-жилд. Энг қадимги даврдан XIX аср ўрталаригача. Дарслик. – Т., 2014. 136-146 betlar Эшов Б. Ўзбекистонда давлат ва маҳаллий бошқарув тарихи. Биринчи китоб – Т.: Янги аср авлоди, 2019. - 432 б .137-154 бетлар Qang‘ davlati va uning ijtimoiy-iqtisodiy hamda madaniy hayotini o‘rganishga doir bir qator tadqiqotlar olib borilgan. Tadqiqot ishlarida arxeologik manbalar va Xitoy solnomalarida keltirilgan ma’lumotlar yetakchi o‘rin tutadi. Qang‘ davlatining hududlari haqida S.P.Tolstov, keyinchalik Ya.G‘ulomov, K.Shoniyozov, Yu.Buryakov va boshqalar izlanishlar olib borishgan. Xitoy tarixchisi Sima Syan Qang‘ davlatiga oid ma’lumotida, uning aholisi asosan ko‘chmanchilardan iborat bo‘lganligini keltirgan. Lekin uning rivojlangan davrida qang‘lilar o‘rta Sirdaryo bo‘ylarini egallangan davrlarda dehqonchilikni ham o‘zlashtirib olganlar. Ular asosan, kam chorvaga ega bo‘lgan aholining qambag‘al qismi bo‘lgan degan fikrlarni berishgan. Qang‘ davlati haqida yozma manbalar ham mil.avv. 2 asrning ikkinchi yarmiga oid. Xitoy elchisi Chjan Syanning hisobotida va xitoy tarixchisi Si-Syanning “Shi-szi” asarida Qang’ davlatining chegaralari ko‘rsatilib o‘tilgan. Qang‘ davlatiga oid ko‘proq ma’lumotlar keiyingi davrlarga oiddir. Ular Xan-shu, Vey-shu, Beyshu, Tanshu va boshqa manbalar asosida davlatning rivojlanishi va qulashi haqidagi ma’lumotlarni olash mumkin. Tadqqiotchilar bu davlatning Avesto berilgan Kanxa bilan bir deb hisoblashadi. Qang’ davlati Yuechjilardan keyin ikkinchi yirik ko’chmanchilar federatsiyasi hisoblanadi. Xitoy manbalariga ko’ra, ular Qang’yuylar Tyanshandan shimoli-g’arbda , janubda yuechjilar bilan chegaradosh bo’lgan. Uning hududi Toshkent vohasi, Amudaryo va Sirdaryo oralig’ida joylashgan bo’lib, uning markazi Sirdaryoning o’rta oqimida bo’lgan. Avestoda bu shaharga turlar boshliqlarining joyi sifatida tilga olingan. U Sirdaryoning shimoli sharqida joylashganligi aniqlangan. Bu davlat haqida Firdavsiyning Shohnomasida ham berilgan. Unda U Qangdez sifatida tilgan olinadi. Qang‘ davlatiga mil.avv. III asrda saklar tomonidan asos solingan va Milodiy V asrning o‘rtalarigacha mavjud bo‘lgan. Uning rivojlangan davri milodiy I-II asrlar deb ko‘rsatiladi. Dastlab uning chegarasi faqat Sirdaryoning o‘ng qirg‘og‘idan, Orol bo‘yigacha hududni egallagan. Rivojlangan davrda uning hududi- Sharqda Farg‘ona va Yettisuv, Shimoli-sharqda Orol dengizi, g‘arbda Uraloldi hududigacha, ya’ni sarmatlargacha, shimolda Sirdaryoning orqa tomonidagi cho‘llargacha, janubda So’g‘dgacha borgan. Bu yerda u Kushon davlati bilan chegaradosh bo‘lgan. Bu davrda uning tarkibiga O‘zbekistonning asosiy viloyatlari Buxoro, Toshkent, Xorazm hududlari kirgan. Bu ulkan 9104 li (3,4 ming km) hududdagi qang‘arlar yerida mil. avv I –milodiy I-II asrlarda 120000 oila yoki 600000 kishi yashagan. Qang‘larda ko‘chmanchi chorvachilik bilan shug‘ullanganlari uchun ularda 2 markaziy shaxar bo‘lgan. Yozma manbalarda Qang‘ davlatining poytaxti Bityan shahri bo‘lib, u Loyueni mamlakatida Tayanchi ko‘li bo‘yida joylashgan deb yozilgan. Podshoning qishqi qarorgoxi bu yerdan 7 kunlik yo‘l bo‘lgan. Tadqiqotchilar Bityan shahrini Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanida joylashgan Qanxa shahri deb taxmin qilishgan. Lekin uning geografik tasviri unga to‘g‘ri kelmaydi. Ularning yozgi qarorgohi O‘tror hisoblangan. Manbalarda Qang‘ davlatining boshqaruv tizimi haqida ma’lumotlar kam uchraydi. To‘ng‘ich Xan sulolasi tarixida (mil. avv. 202—milodiy 25 y.) bir ma’lumotda Qang‘uy (Qang‘) podshosi o‘z oqsoqollari bilan maslahatlashib ish tutganligi aytiladi. Bu Qang‘ davlatida davlat boshlig‘i jamoa orasidan tanlangan maslahat kengashi bilan ish tutganligini ko‘rsatadi. Oqsoqollar kengashi asosan qabila boshliqlari va harbiy sarkardalardan tashkil topib, kengashlarda ularning fikrlari yetakchi mavqega ega bo‘lgan. Ular boshqaruv tizimi konfederatsiya bo‘lgan. Qang‘ davlatiga qarashli yerlar viloyatlarga bo‘linib, ularni maxsus hokimlar boshqargan. Viloyat boshliqlari jabg‘u yoki yobg‘u (Xitoy solnomalarida chjaovu) deb atalgan. Qang‘arlarga qarashli tub yerlarda jabg‘ular hoqonlarga yaqin kishilardan, ularning qavmu-qarindoshlari, yirik qabila boshliqlaridan tayinlangan. Tarixchi Sima-Syan mil. avv. II asrning ikkinchi yarmigaga oid ma’lumotida Qang‘uy haqida, «Bu ko‘chmanchi xalqlar mamlakati» degan fikrni bildiradi. Biroq To‘ng‘ich Xan sulolasining tarixi (Syanxanshuda) ma’lumotlarida milodiy I asrning boshlarida qang‘uylarning yarim o‘troq xalq bo‘lganligiga ishora qilinadi. Bu sulola tarixi ma’lumotlariga ko‘ra, qang‘uylarda chorvachilik rivojlangan bo‘lib, qoramol va qo‘ylari ko‘p bo‘lgan. Ular ko‘plab zotli otlar yetishtirganlar. Bu davrda mulkiy tabaqalanish kuchayib, chorva mollarining ko‘pchiligi podsholar va ularning qarindosh-urug‘lari hamda yirik qabila boshliqlari va harbiylarga tegishli bo‘lgan. Aholining asosiy qismi ko‘chmanchilardan iborat bo‘lgan davlatda bahor kelishi bilan xoqon va uning urug‘lari qishqi qarorgohdan yozgi qarorgohga, ya’ni Sirdaryoning quyi oqimidagi o‘troq yerlarga borib o‘rnashganlar. Kuzda mollarini orqaga qaytarishib, Keles cho‘liga va tog‘ yon bag‘irlaridagi yaylovlarga joylashganlar. Chorvasi kam bo‘lgan aholining keng yaylovlar qidirib vohadan chiqib ketishiga ehtiyoj bo‘lmagan. Ular chorvachilikdan tashqari dehqonchilik va hunarmandchilik bilan shug‘ullanishgan. Bu vaziyat qang‘lilarning kambag‘al qismini o‘troq, yarim o‘troq xo‘jalik yuritishga majbur etgan. Manbalarda ko‘rsatilishicha, Toshkent vohasida yashagan dehqonlar arpa, bug‘doy, tariq, no‘xat, sholi va boshqa donli ekinlar yetishtirganlar, mevali daraxtlar va uzumzorlar ko‘p, sut-qatiq mo‘l bo‘lgan. Mil.avv. II asr- milodiy III asr va undan keyingi davrlarga oid manbalarda qang‘arlar (qang‘uylar) Farg‘onaning shimoli-g‘arbida, unga chegaradosh rayonlarda joylashganligi eslatib o‘tiladi. Xitoy elchisi Chjan Syan mil.avv. 128 yili Dovon (Farg‘ona)ning markazi Ershida va Qang‘uy hududlarida bo‘lgan. Uning ma’lumotida «Qang‘uy Dovon bilan chegaradosh» bo‘lganligi ko‘rsatib o‘tilgan. Qadimgi Xitoy solnomalarida qang‘arlarga qarashli beshta viloyat – Suse (Kesh), Fumu (Zarafshon vohasida, hozirgi Qattaqo‘rg‘on tumani hududlari Miyonqoldagi Kushoniya shahri),, Yuni (Toshkent vohasi) Gi (Buxoro vohasi), Yuegyan (Xorazm vohasi, Urgench) bo‘lganligi aytilgan.. Qanxa, Shoshtepa, Qovunchitepadan topilgan arxeologik manbalar qang‘lar tarixini o‘rganishda muhim ma’lumotalr bergan. Qang‘ madaniyatining gullab yashnashida Sirdaryoning o‘rta oqimida yashagan xalqlarning So‘g‘d, Farg‘ona, Tyanshan tog‘ining shimoli-sharqiy qismida yashagan xalqlar bilan yaqin aloqada bo‘lganligi samarali ta’sir ko‘rsatgan. Qadimgi manbalarda ko‘rsatilishicha qang‘uylarning shimoli-sharqiy qo‘shnisi Yansay (alanlar) hamda Buxoro (An, Ansi) aholisining urf-odati qang‘uylarnikiga o‘xshash bo‘lgan. Solnomalarda yozilishicha qang‘uylarning urf-odatlari, turmush tarzi Shimoliy Xitoy va Sharqiy Turkistonda yashagan katta yuechjilarnikiga o‘xshash bo‘lgan. Qang‘lilarning qo‘shni xalqlar bilan moddiy va madaniy aloqalarining kengayib borishida «Ipak yo‘li»ning ahamiyati katta bo‘lgan. V asr o‘rtalarida Qang‘ davlati eftaliylarning hujumi natijasida yemirilgan. Oqibatda, Qang‘ davlati tarkibida bo‘lgan ko‘chmanchi va yarim ko‘chmanchi qabilalar (qang‘li, pecheneg)ning katta qismi Sirdaryoning quyi oqimlariga borib joylashgan. Bu yerda yashagan bir qancha qabilalar birlashib, yangi qabilalar ittifoqini tashkil etishgan. Yangi qabilalar ittifoqi tarixda qang‘li (qang‘aras) nomi bilan saqlanib qolgan. Farg‘ona qadimiy tarixga ega bo‘lib, o‘ziga xos sivilizatsiyani shakllantirgan. Farg‘onaning qadimgi davrdagi tarixi keyingi yillarda ayniqsa, mustaqillik yillarda olib borilgan tadqiqotlar natijada yanada oydinlashgan. Qadimgi Farg‘onaning tarixini yoritishda Yu.A Zadneprovskiy, Gorbunova, B.Matboboev, A.Anarboevlar ishlari diqqatga sazavordir. Farg‘ona haqida dastlabki yozma manba Gerodotning "Tarix" asarida uchraydi. Unda Sug‘diyonaning shimoli-sharqida "parikaniylar yurti" bo‘lganligini eslatib o‘tiladi. Geradot malumotlariga ko‘ra, Xaumavarka saklari parikaniylarning ajdodi bo‘lib, «parikaniylar yurti» pahlaviy matnlarida «Parkan davlati» deb yuritilgan». Farg‘ona so‘zi so‘g‘d manbalarida “Fraganik” shaklida yozilib, “tog‘lar orasidagi vodiy, atrofi berk soylik” ma’nosini anglatadi. Xitoy manbalarida “Dayyuan, ya’ni Davan” deb yuritilgan. Dayyuan ham “tog‘lar orasidagi vodiy”ma’nosini beradi. Farg‘ona haqida ko‘plab ma’lumotlar Xitoy manbalarida uchraydi. Xitoyda yilnomalar tuzish an’anasi miloddan avvalgi III asrdan keyin ya’ni Xitoydagi mayda davlatchalar birlashgandan keyin shakllanadi. Unga ko‘ra har bir imperator devonxonasida maxsus bo‘lim bo‘lib, uni xodimlari davlat boshqaruvi bo‘yicha hujjat-materiallarni to‘plashgan. Keyinchalik ular har bir imperatorning hukmronlik davri yilnomasiga asos bo‘lib xizmat qilgan. Ulardan birortasi hali xitoy tilidan boshqa tillarga to‘liq tarjima etilmagan. Yevropa tillaridan tashqari rus tiliga N.Ya. Bichurin, N.V. Kyuner, V.S. Taskin, A.G. Malyavkin kabi xitoyshunoslar (sinologlar) tarjimalari ma’lum va mashhur. Mamlakatimizda keyingi paytlarda A.Xo‘jaev, A. Abdurasul o‘g‘li tarjimalari va izohlaridan foydalanilmoqda. Yilnomalar ichida Sima Syanning “Tarixiy xotiralar”- Shi-szi (afsonaviy davrlardan to miloddan avvalgi II asr oxirigacha voqealar tafsiloti),Ban Gu (Min Gyan)ning “Ilk Xannoma” – Xan shu (miloddan avvalgi I asrdan to eramizning 25 yilgacha voqealar bayoni), Fan Ye (Yuy-Szun)ning “Keyingi Xannoma” – Xouxan shu (milodiy 25 yildan to 220 yilgacha tarixiy jarayonlar tafsiloti) , Ilk o‘rta asrlar tarixi Bey-shu ( 7 asr) va Tan-shu (10 asr) yilnomalarida yozilgan. Bular ichida Sima Syanning “Tarixiy xotiralar” asari katta ahamiyatga ega. Ushbu asarning 123-bobi Markaziy Osiyoga ikki marta (miloddan avvalgi 136-128 va 115 yillari) tashrif buyurgan elchi Chjan Szyanni hisoboti asosida bitilgan. Aynan shu shaxsning Xitoydan Farg‘ona orqali Markaziy Osiyoga tashrifi paytidan e’tiboran – mil. avv. II asrdan Buyuk ipak yo‘liga rasman asos solinadi. Chjan Szyan o‘z hisobotida “g‘arbiy o‘lkalar” – Ustrushona, So’g‘d, Baqtriya, Choch to‘g‘risida ma’lumotlar bergan. Xitoylik sayyoh Farg‘ona vodiysi haqida ham yozib qoldirgan. U ma’lumotlarda Davan yoki Dayuan yuksak rivojlangan dehqonchilik va hunarmandchilik mamlakati ekanligini, Farg‘ona vodiysida 70 dan ortiq katta-kichik shaharlar mavjudligi va ulardan Ershi, Yuchen, Guyshuan (Guyshan) muhim markazlar bo‘lganligi ta’kidlanadi. Xitoy sayyohi va elchisi Chjan Syan qadimgi Farg‘ona xalqi bilan, uning xulq-atvori, urf-odatlari, kuch va qudrati, tabiati va hayvonot dunyosi yoritilgan. Xitoy manbalarini o‘rganishda Bichurinning tarjimasi muxim ahamiyatga ega. Ko‘pgina tadqiqotchilar qadimgi davr tarixini yortishda uning asaridan keng foydalanadilar. Bichurin Nikita Yakovlevich (Iakinf) 1777 - 1853 , hoz. RFning Chuvashiya muxtor respublikasi Chebok-sari tumani —1853.11.5, Peterburg) — xitoyshunos. Peterburg FA muxbir a’zosi (1828 y.dan), 14 yil (1807—21) Pekindagi rus liniy missiyasini boshqargan. Rossiya tashqi ishlar vazirligida tarjimon bo‘lib ishlagan. Bichurinning ilmiy ishlari mo‘g‘ul va turkiy-zabon xalqlar tarixi, geografiyasi va etnografiyasiga oid. Uning Turon xalqlari qadimgi tarixiga bag‘ishlangan «Qadimgi davrda O‘rta Osiyoda yashagan xalqlar haqida ma’lumotlar to‘plami» nomli uch qismdan iborat asari katta ilmiy qimmatga ega. Bugungi kunda O‘zbekistonda ham xitoy manbalari tarjimasi bilan shug‘ullanayotgan olimlarimiz bor. Ular A.Xo‘jaev va Abdurasul o‘g‘lidir. Ular «24 tarix»ning Markaziy Osiyoga tegishli barcha boblarini «Qadimgi Farg‘ona tarixidan» risolasida tarjima qilib chop etishgan. Ana shu «24 tarix»ning 1-3 jildlaridagi Markaziy Osiyoga tegishli qismlari 1987 yildan boshlab uyg‘ur tiliga tarjima qilina boshlandi. Natijada Farg‘ona-Xitoy munosabatlariga doir yangi malumotlar olish imkoniyati tug‘ilgan. Xitoy manbalarida Farg‘ona Davan-Dayuan (Da-Van-katta Van) tarzda berilgan. 1756-1758 yillarda fransuz xitoyshunos olimi M. Degin dastlab Davanining Farg‘ona ekanligini isbotlab bergan. Keyingi davrlardagi tadqiqotlar ham buni tasdiqlagan. Xitoy manbalarida Farg‘ona turli davrlarda turlicha nomlangan. Milodiy 5 asrda –Lona yoki Polona, 6-7 asrlarda Baxon, 7-8 asrlarda Ninyuan. Tadqiqotlar davomida bu nomlarlarning barchasi Farg‘ona bilan bog‘liq ekanligini isbotlangan. Milodiy VII asrga oid xitoy manbasi Bey-shida qadimgi Farg‘ona – “Pakanna”, “Boxan”, "Feyxan" nomlari bilan tilga olinadi. Bey-shida Feyxan bekligi poytaxtining aylanasi 4 li (1 li 576 m.ga teng) deyilgan. Bey-shida "hukmdor taxti oltin qo‘chqor qiyofasida ishlangan" deb tarif beriladi. Boshqa bir xitoy manbasi Tan-shuda (X asr) "Mamlakatni milodiy III asrdan to VII asrgacha bir sulola boshqargan"ligi qayd qilinadi. Demak, oltin qiyofasida ishlangan taxtda o‘tirgan hukmdor mahalliy dehqonzodalardan biri bo‘lib, to‘rt asr davomida Farg‘ona mulkini boshqarib kelgan va nihoyat VII asrdan boshlab Farg‘ona mulki turk sulolalari tomonidan boshqarila boshlagan. Arab tarixchilari Yaqut va Kudamolarning xabar berishiga qaraganda ilk o‘rta asrlarda nafaqat Farg‘ona mulki, balki uning bosh shahri ham Fraganik deb yuritilgan, aniqrog‘i viloyat uning bosh shahri nomi bilan yuritilgan. Davan davlatning chegaralari to‘liq aniqlangan emas. Chjan Szyanning ko‘rsatmasiga binoan, uning shimoli g‘arbida Qangyuy bilan, janubda yuechjilar bilan, shimolda usunlar bilan chegaradosh bo‘lganligi yozib qoldirilgan. Davan Xitoy poytaxtidan 10 000 li uzoqda joylashgan. 1 li 576 m.ga teng Farg‘ona hududida ilk davlatchilikning shakllangan davrni mil.avv. V-IV asrlar bilan bog‘lashadi. Chunki xuddi shu davrga oid arxeologik yodgorlik –Shurabashatda ilk davlatchilik elementlari topilgan. Shurabashad O‘zgan shahri yaqinida joylashgan. 70 gektar maydonni egallagan. Chust madaniyatining oxirgi bosqichida esa, ilk davlatchilik elementlari - Chifdom shakllangan. Davan haqida ilk ma’lumot mil.avv.II asrga oid bo‘lsa, oxirgi ma’lumot mil. III asrga oid. Mil. 280-289 yillarda Xitoy elchisi Farg‘onaga kelgan. Shundan keiyn ma’lumotlar uchramaydi. Faqatgina imperator Vey Du Van 436 yilda Polonaga elchisini yuborganligi qayd etilgan. Bu davrda qadimgi Farg‘onada siyosiy vaziyat o‘zgargan. Davan davlati 400-500 yil davomida mavjud bo‘lgan. yozma manbalarga qaraganda aholisining 25 % shaharlarda istiqomat qilgan.Qadimgi Farg‘ona podshosini –Van deb atashgan. Bir necha hukmdorning ismlari saqlanib qolgan- Mosay, Chan Fin, Mugua, Yanlyu. Davlatni boshqarishda oqsoqollar kengashi muhim o‘rin egallagan. Oqsoqollar Kengashi hukmdor faoliyatini muhim masalalarda nazorat qilib borgan. Oliy Kengash oldida hukmdorning huquqi cheklangan. Ayniqsa, urush va tinchlik, diplomatik masalalarda hal etuvchi kuch va huquqiy oliy Kengash qo‘lida edi. Oliy Kengash hukmdorni hokimiyatdan tushirishi, uning urniga yangisini saylashi mumkin bo‘lgan.Hattoki hukmdorning taqdirini ham hal etishgan. Urushdagi mag‘lubiyati uchun van Mosay aybdor deb topilib, qatl etilgan. Xitoy elchisi ham jahl ustida oltin ot halkalini otib yuborganda oqsoqollarning jahlini chiqaradi. Uni ham o‘limga mahkum etadilar. Davon davlatining siyosiy tuzumi shahar-davlat yoki. voha-davlatlarning erkin ittifoqidan tashkil topgan konfederatsiya edi. Har bir shaharni mustaqil faoliyat yurituvchi hokim boshqargan. Mil.avv. II-I asrlarda, Xitoy manbalarida qoldirgan ma’lumotlarga ko‘ra, Davonda dehqonchilik madaniyati avj olgan, yilqichilik rivojlangan. Chjan Syanning ma’lumoticha, Davonda 70 ga yaqin katta va kichik shaharlar bo‘lgan. Ularning har biri mustaqil o‘z xukmdoriga ega. Davonda 60 ming(300 ming kishi) oila yashaydi, ulardan 60 ming yaxshi qurollangan otliq askar to‘planadi. Ular otda turib kamon otishda, nayza sanchishda mohir jangchi bo‘lishgan. Qadimgi Farg‘onada qishloq xo‘jaligi taraqqiy qilgan. Shaharlar sug‘orish sistemasi mavjud hududlarda shakllangan va rivojlangan. Farg‘ona aholisi eroniy tilda so‘zlashgan. Davan aholisi sug‘orma dehqonchilik va bog‘dorchilik bilan shug‘ullangan. Ular savdoda mohir va uddaburon, yilqichilikda "qanotli" arg‘umoqlar yetishtirishga katta e’tibor bergan. Marhamat yaqinida joylashgan Aravon yaqinida xitoylar ta’rif bergan «uchqur (samoviy) otlar» tasviri solingan qoya tosh suratlari topilgan. Xitoy manbalariga ko‘ra esa bunday uchqur tulporlar aynan Davon podsholigida yetishtirilgan. Bog‘dorchilik, birinchi navbatda uzumchilik keng rivojlangan. Uzumdan sharbat qilish yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Boy yer egalarining yerto‘lalarida bir necha 10 yillar avval tayyorlangan vinolar saqlanadi, deydi Chjan Syan. Biroq ularda Parfiya, Baqtriya, Xorazm, So‘g‘dda bo‘lgani singari tanga pullar zarb etish bo‘lmagan. Savdoda pulsiz mol ayirboshlash keng yo‘lga qo‘yilgan. Antik davrda Farg‘onada hunarmandchilik keng rivojlangan. Ijtimoiy va siyosiy hayotda ayollarning o‘rni katta bo‘lgan. Ularga nisbatan hurmat kuchli bo‘lgan. Xitoy tarixchilarining yozishicha, agar ayol eriga biror topshiriq qilsa, er topshiriqni bajarmaslikni xayoliga ham keltira olmagan. Xitoy tarixchilari qadimgi Farg‘ona aholisini tashqi qiyofada qang‘arlarga o‘xshab ketadi. Ular cho‘ziq yuzli va qalin soqolli bo‘lganlar, deb tariflaydi. Chjan Syan Davandan (Farg‘onadan) to An’se (Parfiya)gacha bo‘lgan hududlarda yashovshi aholining tili xar xil bo‘lsa-da, ammo ular bir- birlarini tushunishini, ularning urf-odatlari ham bir-birlariga o‘xshash bo‘lganligini ta’kidlaydi. Davan 60 ming qo‘shinga ega edi. Piyoda askarlar oddiy qurollangan, otliq qo‘shin harbiy mahoratda tengi yo‘q bo‘lgan. Ularning chopar ot ustida turib, orqaga qayrilib kamondan uzgan o‘qlari dushmanni dog‘da qoldirardi. Ularning ayollari ham kamondan o‘q uzishda erlaridan qolishmagan. Xitoy yilnomalarida tilga olingan shaharlarning o‘rni qaerda bo‘lganligi va uning poytaxti masalasi uzoq yillar davomida tarixchi arxeolog olimlar o‘rtasida ko‘plab bahslarga sabab bo‘lgan. Bugungi kunda bu masallarga oydinlik kiritilgan bo‘lsa, ba’zi tarixiy asarlarda ularning turli xil talqini uchraydi. X. Matboboev ularning chuqur tahlil qilgan. Shaharlarning joylashuvini ham arxeologik ham yozma manbalarni solishtirgan holda isbotlab bergan. Davon davlati poytaxti masalasi o‘zoq yillar davomida bahslarga sabab bo‘lgan. Manbalarda biron bir shahar poytaxt deb tilga olinmagan. Sababi xitoyliklar poytaxt deganda faqat o‘z poytaxtini tushunganlar. Qolgan davlatlarni poytaxtlarini du – qarorgoh (rezidensiya) deb ataganlar degan fikrni qoldirgan Bichurin. Bichurin yozma manbalar asosida uni Guyshan deb yozgan. Guyshan shahrining o‘rni haqida ham bir fikr yo‘q. Ya’ni u Mug‘qala (hozirgi Kosonsoy) (Bernshtam A.N., Zadneprovskiy Yu.A.), O‘ratepa (Tojikiston), O‘sh (Qirg‘iziston) shaharlari (Borovkova L.A.), Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Munchoqtepa (Matboboev B.) va Axsikent (Anarboev A.) bilan taqqoslanadi. Ushbu tadqiqotchilar keltirayotgan dalil-isbotlarning kuchli tomonlari ham bo‘sh tomonlari ham mavjud. Ammo, bir narsa aniqki, Guyshan vodiy shimoliy hududida joylashgan bo‘lishi va miloddan avvalgi birinchi asrda bosh shahar bo‘lgan. Sharqshunos A. Xo‘jaevning maqolasida poytaxt shahar deb Yuan-cheng degan shahar nomini keltiradi. XX asrning 70-80-yillarida Sankt-Peterburglik farg‘onashunos Yu.A. Zadneprovskiy yozma manbalarni diqqat bilan o‘rganib, Davonda xuddi qo‘shni Qanguy davlatiga o‘xshab ikkita poytaxt mavjud edi va ulardan biri qarorgoh (rezidensiya) bo‘lishi kerak degan fikrni bildirgan. Qanguyda yozgi va qishki qarorgohlar mavjudligi tarixiy fakt. Shu nazardan qaraganda Yuan-cheng qarorgoh bo‘lishi mumkin. Chunki, tadqiqotchilar N.Ya. Bichurin tarjimalarida Yuan-cheng toponimi “rezidensiya davanskoy” yoki “davanskaya rezidensiya” deb olinganini ta’kid etadilar. Yuan-cheng shahri haqida qiziqarli g‘oyani ilgari surayotgan A. Xo‘jaev uni Andijon o‘rnida bo‘lishi mumkin degan fikrni bildiradi. Eski shahar qismidan aniqlanayotgan arxeologik topilmalar buni tasdiqlaydi. Hozirda Andijon shahrining100 km.gacha va undan ziyod qalinlikdagi quyi qatlamlaridan 2400-2600 yillik arxeologik kompleks topib o‘rganildi . Qadimgi davrda Davonning poytaxti Ershi shahri bo‘lgan. Ershi bu Andijon viloyatining Marhamat shahri yonida joylashgan Mingtepa yodgorligidir. Mingtepa arxeologik kompleksi (mudofaa devorlari, ichki va tashqi shahar, sopol buyumlari) davriy jihatdan Xitoy yilnomalarida keltirilgan vaqt (mil. avv. II) – miloddan avv. 136-115 yillarga to‘g‘ri keladi va ular salmog‘i ham yetarlicha. Xitoy manbalari xabar bergan Ershining «o‘rta shahri» qoldiqlari (bu haqda qarang: Bichurin N.Ya., 1950. S. 165) faqat Mingtepada saqlangan (maydoni yangi ma’lumotlarga ko‘ra40 gektar). O‘rta shahar ikki qator kuchli mudofaa devorlari bilan o‘ralgan, ular arxeologik jihatdan qayd etilgan. Ershi xitoyliklarni vodiyga kirib kelishdagi Yu (Yuchen)dan keyingi shahar edi. Yodgorlikning yana bir muhim jihati uni geostrategik muhim nuqtada joylashgan. Hozirda bu shaharning faqat 15-20 foizigina saqlanib yetib kelgan, xolos. 2011 yildagi samodan olingan surat va o‘tgan asrdagi ma’lumotlar solishtirilganda yodgorlikning maydoni 150-160 gektar bo‘lgan. Ichki qal’a 40 gektarni egallagan. To‘rtburchak shaklidagi burjlar bilan mustahkamlangan mahobatli mudofaa devorlari bilan o‘ralgan edi. Ichki shahar markazida hukmdor qarorgohi bo‘lmish ark qad ko‘targan edi. 1985-1986 yillardagi arkdagi qazishmalarga ko‘ra unda mahobatli binolar qoldig‘i aniqlangan. Arxeologik ma’lumotlarga qaraganda u miloddan avvalgi III asrda bunyod etilgan ikki qator mudofaa devori bilan o‘ralgan ichki hamda tashqi shaharlardan iborat edi. Yodgorlik rejasini o‘rganishda yaqinda muhim yangilik qo‘lga kiritildi. 2011 yili samodan olingan suratlar tahlil etilganda Mingtepa ichki shahrini rejasi shu vaqtgacha kitoblardagi to‘g‘ri to‘rtburchakli emas, balki parallelogramma ko‘rinishdagi ekanligi ayon bo‘ldi. Uning rejasida ko‘plab belgilariga ko‘ra ilk temir davrinng eng yirik yodgorligi Eylatan bilan o‘xshash tomonlari aniqlangan. Buni keng o‘rganish yodgorlikning ko‘pgina tarixiy jihatlari yanada aniqlashtiriladi. Shu maqsadda Xitoy Farg‘ona xalqi ustiga qo‘shin tortib borishga bahona qidirardi. Miloddan avvalgi 104 yilda bahona ham topildi. Farg‘onaliklar tomonidan Xitoy fuqarosi She Linning o‘ldirilishi ularga Davonga qo‘shin tortib borishga bahona bo‘ldi. Qo‘shinga bosh qo‘mondon qilib Li Guangli tayinlangan. Xitoyliklar Davon ustiga birinchi bor harbiy urushi, mag‘lubiyatga uchrab, miloddan avvalgi 102 yilda Xitoyga qaytadilar. Birinchi yurishda Xitoy istilochilari Ershi shahrigaga yetmasdanoq qo‘shinlarining anchasidan ayrilgan. Yo‘lda charchagan, och qolgan qo‘shin O‘zgan shaxriga bo‘lgan xujumda katta talafot ko‘rgan. Li Guangli qolgan kuchlari b-n Dungxuangga qaytib kelgan. Xitoy qo‘shinining Fargonaga 1-yurishi 2 yil da-vom etgan. l-hujum Xitoy askarlari-ning mag‘lubiyati b-n tamom bo‘lgan. U-dining farmoniga binoan, zudlik b-n qaytadan urush tayyorgarligi kurilib, bir yildan so‘ng, miloddan avvalgi 101 yilda 60 ming kishilik qo‘shin bilan Farg‘ona yurtiga ikkinchi marta xarbiy yurish uyushtiradi. Bu safar urushga maxsus tayyorgarlik ko‘rildi. Bu yurishda xitoyliklar 60 ming askar, hamda ularni oziq-ovqat va qurol-yaroq bilan ta’minlab turish, shuningdek, urushda ko‘maklashish uchun yana 130 ming kishi jalb qilingan edi. Qo‘shinga 50dan ortiq tajribali lashkarboshilar boshchilik qilgan. Armiyaga shaharlar qamal holatga o‘tganda suvsizlikdan taslim etish choralarini ko‘ruvchi mutaxassislar arg‘umoq otlarni tanlay oladigan mutaxassislar jalb etildi, otlar uchun quruq yem-xashak g‘amlandi. Birinchi jangdayoq xitoyliklarning qo‘li baland kelib, davanliklar chekinadilar. Yerli aholi ko‘p sonli Xitoy askarlari bilan ochiq maydonda jang qilishdan qochib, mayda-mayda guruhlarga bo‘linib qal’alarga yashirinadilar.Tashqi shaharni bosib olgach, ichki shaharga bostirib kira boshlaydilar. Nihoyat Xitoy qo‘shinlari Ershini qamal qiladilar. 40 kuncha davom etgan qamaldan so‘ng dushman shahar tashqi devorini buzib, shahar ichiga kiradi va uning bir qismini egallaydi. Ammo mudofaachilar ham bo‘sh kelmaydilar. Davan podsholigining oqsoqollar Kengashi o‘z vakillarini xitoyliklar huzuriga yuborib, dushman oldiga o‘z shartlarini qo‘yadilar. Ular, agar Xitoy armiyasi xarbiy harakatni to‘xtatsa o‘z hukmdori qaysar Muguani o‘ldirishni hamda bir necha “samoviy otlarni” va Xitoy armiyasi uchun yetarli oziq-ovqat berishlarini va’da qiladilar. Agar bu shartlarga ko‘nmasa mudofaachilar qarshilik ko‘rsatishni davom qildirishini va oldindan kelishuvga ko‘ra, ularga Qang‘uy qo‘shinlari yordamiga yaqin kunlar ichida kelishini xabar qiladilar. Xitoy qo‘shini, o‘zlariga eng yaqin hisoblangan Usun xonligidan yordam kelmagandan so‘ng, Qang‘ davlati qo‘shini Farg‘onaga yordamga kelib qolishidan xavotirlanib, farg‘onaliklar qo‘ygan shart b-n sulh tuzishga majbur bo‘lganlar. Holdan ketib, tinkasi qurigan xitoyliklar bunga rozi bo‘lib, bir necha arg‘umoq otlar va 3ming boshqa turdagi otlar olib qaytadilar. Xitoy tarixchisi Sima Syanning xabariga ko‘ra, Mugua o‘ldirilib, uning o‘rniga Farg‘ona davlatining sobiq keksa hukmdori Mosay taxtga o‘tqaziladi. Shundan so‘ng ikki oradagi urush tuxtaydi va Xitoyning qoldiq askarlari yo‘l-yo‘lakay kutilmagan to‘sqinliklarga uchrab, Sharqiy Turkistonga yo‘l oladilar. O‘zgan aholisi xitoyliklar qoldirib ketgan qo‘shinni oziq-ovqat va yem-xashak bilan ta’minlashdan bosh tortib, butun otryadni qirib tashlaydi. Buni eshitgan Xitoy qo‘shini yana orqaga qaytib, O‘zganni qattiq jang bilai qo‘lga kiritadi. Qang‘ davlatiga qochib ketgan shahar hokimi xitoyliklarga topshirishni talab qiladi va uni qo‘lga kiritgach boshini tanasidan judo etadi. Biroq bu tadbirlar yerli aholini tinchitmaydi. Xitoy armiyasi Davondan chiqib ketishi bilanoq aholi Mosayni taxtdan tushirib, Muguaning inisini, hukmdor qilib ko‘taradi. O‘rta Osiyo hududlarida Eftalitlar davlati qaror topgach, qadimgi Farg‘ona davlati o‘z mustaqilligini yo‘qotgan. Download 48.81 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling