8-seminar: mustaqillik davrida o‘zbekiston grafikasi, rangtasvirining rivojlanishi. Reja
MUSTAQIL O'ZBEKISTONning TASVIRIY SAN'AT YO'NALISHLARI
Download 45.37 Kb.
|
1 2
Bog'liq8 mavzu
MUSTAQIL O'ZBEKISTONning TASVIRIY SAN'AT YO'NALISHLARI
O'zbekistonda mustaqillikning so'nggi yillarida yangi ma'naviy - g'oyaviy yo'nalishlarining shakllanishi o'z navbatida, zamonaviy san'atning barcha sohalariga samarali ta'sir etib, ijodiy izlanishlar doirasini kengaytirib, badiiy tafakkur rivojini yanada jadallashtirdi. Tarixiy, madaniy va ma'naviy - ahloqiy qadriyatlarning keng qatlamlarini qayta idrok etish g'oyalari, yangilanish tamoyillari me'morlik, tasviriy va amaliy san'at sohalarida yaqqol namoyon bo'lmoqda. 90 - yillarda mahobatli va landshaftli haykaltaroshlik, devoriy rangtasvir va vitraj, mozaika va me'morlik bilan uzviy bog'liq holda mahobatli bezak san'atining boshqa turlari turar - joy muhiti estetikasi shakllanishiga salmoqli hissasini qo'shdi. Shu davrda barpo etilgan yirik inshootlar mahobatli rangtasvirchilarning faol ishtirokida bunyod bo'ldi. Misol tariqasida Toshkentdagi «Turkiston» saroyi (devoriy suratlar, vitraj, bezakli haykaltaroshlik, sopolli pannolar), Biznes - sentr va Interkontinental mehmonhonasi (devoriy suratlar, bezakli plastika), «Meridian» va «Sheraton» mehmonxonalari (devoriy suratlar, koshinlar, bezakli plastika), Temuriylar tarixi Davlat muzeyi (devoriy suratlar, badiiy shisha, sopol plitkalar), Toshkent shahri hokimiyati binosi va Oliy majlis binosi (devoriy suratlar, koshinlar, badiiy shisha), Olimpiya sporti muzeyi, Samarqand va Buxoro shaharlaridagi «Afrosiyob», «Buxoro» mehmonxonalari hamda poytaxt va Respublikaning boshqa shaharlaridagi zamonaviy me'moriy inshootlarni misol tariqasida keltirish mumkin. Mazkur davrda san'atkor B. Jalolov bir qator ahamiyatli asarlarni yaratdi. Shuningdek, yosh iste'dodli musavvir A. Aliqulov boshchiligidagi ijodiy guruh yaratgan tarixiy xarakterdagi mahobbatli panolar ham yuksak badiiyati va ijro mahorati bilan ajralib turadi. Samarqandlik musavvirlar tomonidan ham turli inshootlar uchun qiziqarli devoriy rasmlar turkumi yaratildi. Mustaqillikning ilk yodgorliklaridan biri Toshkent markazidagi xiyobonda o'rnatilgan Amir Temurning otliq haykali (I. Jabborov, K. Jabborov, 1993 – y.) bo'lib, Samarkand va Shahrisabzda ham (haykaltarosh I. Jabborov, K. Jabborov, 1996 – y.) sohibqironga haykallar barpo etilgan. Xuddi shu davrda o'tmishda yashab o'tgan buyuk allomalar, davlat va din arboblari, shoirlar va musavvirlar timsolini muhrlagan qator yodgorliklar qad ko'tardi. Ular orasida o'rta asrlarda yashab o'tgan buyuk alloma al - Fargoniyga Fargona (1998 - y.) va Quva (1998 - y.) shaharlarida, milliy qahramon Jaloliddin Manguberdiga Xorazmda (1999 - y.), ulug' hadisnavis imom al - Buxoriyga Samarqandda (1998 - y.), Toshkentning mustaqillik maydonida «Motamsaro Ona» majmuasi, «Shahidlar xotirasi» me'moriy yodgorliklari (2000 - y.) qad ko'tardi. Alpomishga Termizda haykaltaroshlik majmua - kompozisiyasi yaratildi (A. Rahmatullayev, Q. Norxo'rozov, U. Mardiyev, T. Podosinnikov, 1998 - y.). O'zbekiston haykaltaroshlari yaratgan Belgiyaning Kortreyk shahrida Abu Ali ibn Sino haykali tantanali ravishda ochildi. Dastgohli haykaltaroshlik ancha jonlanganligini ko'ramiz. D. Ro'ziboyev, T. Tojixo'jayev, I. Jabborov, R. Avakyan, M. Borodina, R. Mirtojiyevlar ijodida shakl, rang bilan bir o'rinda haykaltaroshlikka xos bo'lmagan materiallarni samarali ravishda qo'llash ustida ijodiy tajribalar davom etmoqda. Grafikada an'anaviy texnologiya bilan bir qatorda ifoda etishning avangard usullarini faol izlash jadallashdi. (E. Ishokov, V. Apuxtin, M. Kagarov, M. Sodiqov, L. Zufariy, L. Tiora). XX asrda O'zbekistonda kuchli rangtasvir maktabi shakllandi. Ayni paytda ularning avvalgi davrlar ko'rsatish mumkin bo'lmagan o'z falsafiy qarashlarini ifoda etish imkoniyati, davrlarning aloqadorligini ko'rsatish, tarixiy xotirani parchalab bo'lmasligini isbotlashga intilishlari ko'zga tashlana boshladi. Rangtasvirning zamonaviy falsafiy plastik tizimi 80 - yillarda tamal toshi qo'yilgan qochirimli - razmli uslub rivoji jadallashdi. 90 - yillar rangtasvir san'ati o'tish davriga xos bo'lgan turli tuman uslublar ko'lamining kengligi bilan farqlanadi. Bu ko'lamda akademik realizm, dekorativizm va milliy - romantizm (ko'p hollarda miniatyura talqini ohanglarida ham) qiyofasiz rangtasvir, installyasiya yechimi tarzidagi avangardizm yonma - yon mavjuddir. Bu ko'p jihatdan ijodiy dunyoqarashning kengayishi va teranlashuvi, mualliflarning belgilangan qoliplar chegarasidan chiqishga intilishi bilan izohlanadi. 1997 - yilda O'zbekiston Badiiy Akademiyasining tashkil etilishi Respublika madaniy hayotida muhim voqea bo'ldi. Uning faoliyati badiiy ta'lim, ko'rgazma ishlarini takomillashtirish va badiiy merosni hamda zamonaviy san'atni targ'ib qilish istiqbolini ta'minlashga yo'naltirilgan. Akademiklar orasida ustoz rassomlar -faxriy akademiklar R. Axmedov, A. Abdullayev, N. Qo'ziboyev, M. Saidov, R. Choriyev, M. Nabiyev hamda haqiqiy a'zolari - V. Burmakin, A. Ikromjonov, T. Qo'ziyev, T. Mirjalilov, J. Umarbekov, B. Jalolov, A. Mirzayev, J. Izintayev, L. Ibragimov, B. Boboyev, Y. Tursunnazarov, A. Nur va boshqalar bor. Turli avlod rassomlaridan iborat akademiklar tarkibi ramziy ma'noda mamlakat tasviriy san'atining XX asrda bosib o'tgan turli xil uslubiy yo'nalishlarini, o'ziga xos taraqqiyot yo'lini ifoda etdi. O'zbekiston Mustaqillikka erishgandan so'ng an'anaviy hunarmandchilik taqdiri tubdan o'zgardi va xalq san'ati rivoji tubdan o'zgardi. Xalq badiiy hunarmandchiligi va amaliy bezak san'ati rivojida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan «Xalq amaliy san'ati va hunarmandchilikning kelgusidagi rivojini davlat tomonidan qo'llab - quvvatlash tadbirlari to'g'risida»gi farmoni joriy etildi. Bu farmonga muvofiq, uy sharoitida yuksak saviyadagi badiiy buyumlar ishlab chiqarayotgan xalq ustalariga joylardagi hokimlarning amaliy yordamlari muhim vazifalardan biri sifatida ko'rsatiladi. Xalq ustalariniig ijtimoiy huquqiy maqomi ham sezilarli darajada o'zgardi. Bir qator xalq ustalari Badiiy Akademiya akademigi degan sharafli unvonga sazovor bo'ldi. Ganch o'ymakorlik ustalari Maxmud Usmonov va Abdurahim Umarov, kulollar Sharif Azimov, Hudayberdi Haqberdiyev (Samarqand), Sharofiddin Yusupov (Rishton), Botir Boltaboyev (Xiva), Akbar Hakimov (Toshkent), Shahnoza Mo''minova (Toshkent), miniatyurachi rassomlar Niyozali Xolmatov va Shomahmud Muhammadjonov, Naqqosh Saidmahmud Maxmudovlar shular jumlasidandir. «O'zbekiston Respublikasi xalq ustasi»unvoni ta'sis etilib, unga birinchi bo'lib. Zargar Fazliddin Dadamuxamedov sazovor bo'ldi. Haykaltaroshlikda yaratilgan asarlarda yangi g'oyaviy - mafkuraviy muhit ta'siri, milliy hamda tarixiy mavzular ustivorligi o'z aksini topdi va yirik badiiy yodgorlik haykallar barpo etildi. Milliy bog'ning eng so'lim go'shasidan o'rin olgan Alisher Navoiy yodgorligining (E. Aliyev, N. Bandeladze, V. Degtyarov. 1991 – y.) yaratilganligi o'zining sharqona xususiyatlari bilan ajralib turadi. Bronzadan yasalgan haykalda fozillik alomatlari o'z ifodasini topgan. Ramziy ma'noda barpo etilgan me'moriy detal esa, shoirning mahobatli qiyofasini yanada jonlantiradi. Haykal ishlanish uslubiga ko'ra umumlashma tarzda amalga oshirilgan. Ya'ni, mayda detallar faqat ko'krakdan tepa qismida, liboslar xarakterida va yuz qiyofasida qo'llanilgan. Shoirning o'ng qo'lida hassa bilan tasvirlanishi dinamik harakatni yuzaga keltiradi. Birgina ushbu detal orqali haykaltaroshlar turli ma'nolarni ochib berishga harakat qilganlar. Toshkentning gavjum xiyoboniga o'rnatilgan Sohibqiron Amir Temurning mahobatli otliq haykali badiiyligi bilan ajralib turadi (I. Jabborov, K. Jabborov, 1993 yil). Realistik uslubda ishlangan mazkur monumentda kuchli plastik xarakterlar ko'zga tashlanadi. Amir Temurning jo'shqin ichki hissiyoti otning biroz badiiylashtirilgan ko'rinishi bilan birlashib, uning kompozision tuzilishini mukammallashtiradi. Haykal shaklan betakror va mayda bezakli unsurlar bilan boyitilgan. Temurning bu otliq haykali 2 metrli takkursiga o'rnatilgan bo'lib, uning «kuch adolatdadir» hikmatli so'zlari bitilgan. I. Jabborov mazkur asarini «Yurtga qaytish», «Pand - nasihat» g'oyalari asosida yaratilganligini ta'kidlaydi. Monumentda go'yoki dushmanlarni yengib jang maydonidan poytaxtga kirib kelgan Sohibqiron fuqarolarga bundan buyon davlat xavf - xatardan xoli bo'lgani, tinchlik va farovon hayot bo'lajagini e'lon qilayotgandek tasvirlagan. Sohibqironning ruhiy holati yuzida, undagi ishora yaxshi ifodalangan. Farg'ona shahrida o'rnatilgan yodgorlik haykal ochiq osmon ostida zinalar bilan ko'tarilgan sun'iy balandlik ustida qad rostlagan. Haykal orqasi yarimdoira ko'rinishda olti ustun va uning ustidagi uch qavat zinasimon sharafa - karniz bilan bajarilgan. Bu milliy uslubdagi me'moriy detallar yodgorlikning salobatini oshiradi. Quvadagi yodgorlik biroz vazmin, o'ychan bo'lib, romondo uslubida bajarilgan. Xorazmda Jaloliddin Manguberdi haykali «tog'ning ustida burgutday turadi». Chingizxondek yovuz bosqinchiga qarshi kurashda mislsiz matonat, jasorat namunalarini ko'rsatgan Xorazmshohlar sulolasidan Jaloliddin Manguberdining mana shunday mard qiyofasini I. Jabborov tomonidan yaratildi (1998 – y.). R. Mirtojiyev tomonidan esa, "Zahiriddin Muhammad Bobur" (1993 -y, Andijon shahriga o'rnatilgan), "Abdulla Qodiriy" (1994 - y. Toshkent shahriga o'rnatilgan), "Cho'lpon" (1997 - y. Andijon shahriga o'rnatilgan), "Ona" (1999 - y. Jizzax shahriga o'rnatilgan) kabi qator badiiy nuqtai nazardan yirik yodgorliklarni yaratgan. Termiz shahrida epik qahramon Alpomishning ramziy haykali bunyod etildi. Haykaltaroshlikning mazkur kompozision majmui, ikki yondagi bo'rtma tasvirlarda Alpomishning yori Barchin va o'g'li Yodgor siymolari Boysun elining tarixiy manzarasi asosida ifodalangan. Alpomishning mahobatli qiyofasini ochib berish uchun turli unsurlardan unumli foydalanilgan. Chap qo'lidagi kamoni ozodlik va erklikning timsoli bo'lsa, o'ng qo'liga qo'nim topgan qush maktub eltuvchi vosita sifatida ifodalangan. Bu majmua A. Rahmatullayev, Q. Norxo'rozov, U. Mardiyev, P. Podosinnikov kabi haykaltaroshlar tomonidan bunyod etildi. Dastgohli haykaltaroshlikda T. Tojixo'jayev Navoiy, Ulug'bek, Furqat, Mashrab kabi ruhiy va ma'naviy jihatdan o'ta murakkab shaxslar qiyofasini, ularning ichki hislarini, yuz mimikalari va qarashlari orqali ko'rsatishga harakat qiladi. Uning tomonidan «Kurash», «Raqs», «Chavandoz» kabi kichik xajmdagi plastik ishlari portretlar san'ati realistik bo'lmay, balki, romantik, impression va ekspression oqimga mansubdir. «Baxt qushi» asari esa «ilon izi» toshidan ishlangan bo'lib, qushning qiyofasida g'ayrioddiy, shu bilan, erksevar xalqning asrlar davomida ichki tuyg'ularida saqlanib kelayotgan hissiyotlari o'z ifodasini topgan. D. Ro'ziboyevning kompozisiyalarini kuzatar ekanmiz haykaltaroshlik bilan rangtasvirning o'zaro uyg'unligiga guvoh bo'lamiz. Uning keyingi yillarda yaratilgan «Jaz ijrosiga hamohang badihalar» (1998 - y.) turkumiga yangi badiiy jarayoni o'zida to'laqonli ifodalaydi. Bundan tashqari «Navro'z malikasi» bahoriy his tuyg'ular bilan bayramona kayfiyatda ifodalangan. Haykaltarosh bu asari orqali tarixga murojaat etib, ajdodlarimizning tipik liboslaridan unumli foydalanish orqali obrazni zamon ruhiga moslashtiradi. J. Quttimurodov esa o'z ijodida qoraqalpok ohanglarini haykaltaroshlik asarlariga ko'chirgan. Uning ijodiga mansub «Ayol», «O'tirgan sohibjamol», «Amudaryo», «Oqqush», «Qizil toj kiygan qiz», «Shohli Iskandar» asarlarida haykal tabiatini idrok etish mumkin. J. Quttimurodov tomonidan yaratilgan asarlarda ertaklar, g'aroyibotlar olami namoyon bo'ladi. Haykaltaroshning «Avesto» turkumidagi asarlari ham alohida e'tiborga molik. R. Mirtojiyevning dastgohli haykaltaroshlik sohasidagi tajriba va ko'nikmalari yetarli darajada ekanligini u yaratgan «Bobur - Vatan sog'inchi», «Shayh Bobur va Temur Malik» (1990 - y.), «Yomg'ir» (1995-y.), «Behzod» (2000- y.) kabi asarlarida ko'rish mumkin. Umuman olganda, 1999 - yillar haykaltaroshligida, asosan, tarixiy siymolar gavdalandi va ularning soni ko'payishi bora - bora uslub jihatlarining yangilanishi bilan bir kator asarlarda ko'zga tashlanadi. Shuning bilan birgalikda, zamonaviy mavzular, qahramonlar obrazlariga nisbatan kam ahamiyat berildi. Rangtasvirda badiiy jarayon shiddatli va serharakat kechdi. 1991 – 2001 -yillarda bo'lib o'tgan ko'p sonli ko'rgazmalar mazkur davr rangtasviri uslub va kompozision yechimning turli tumanligini tasdiqlaydi. Respublika umummilliy ko'rgazmalarda Toshkentlik rangtasvirchilar asosiy guruhni tashkil etib kelmoqda, so'nggi yillarda esa rangtasvirning geografik hududi Samarqand, Andijon, Buxoro, Namangan, Nukuslar ko'zga ko'ringan markazga aylandilar. Samarqandda eng yorqin va iste'dodli rassom A. Isayev hisoblanadi. Namanganda esa I. Valixo'jayev, P. Jalilov, M. Ashurmatovlarni ko'rsatish mumkin. Buxoroda M. Abdullayev, B. Salomov, 3. Saidjonovlari alohida ko'rsatish mumkin. Zamonaviy hayotda asosiy mavzu bo'lib kelayotgan Amir Temur obrazi, mazkur davr faoliyatlari bu galereyalarda asosiy o'rin egallaydi. Bu obrazga M. Nabiyev va N. Qo'ziboyevlar murojaat qildilar. Ular o'ziga ishongan, jahongir hukmdor obrazini yaratdilar. M. Nabiyev tomonidan yaratilgan Amir Temur (1999 – y.) obrazi o'zining sehrli jozibasi va kuchli ta'siri bilan zamonaviy tarixiy rangtasvirning o'ziga xos mumtoz asariga aylanib, etalon sifatida qabul qilindi Ushbu rassom tomonidan yaratilgan Zahiriddin Muhammad Bobur portreti romantik tarzda yechilgan. A. Mamatova polotnosida ham Bobur obrazi - ajoyib shoir sifatida o'ziga xos talqin etiladi. Taniqli portretchi rassom S. Rahmetov Temuriylar davri tarixiy shaxslar obrazlarini mahorat bilan yaratadi. Temuriylar davri buyuk miniatyurachi rassom K. Behzodning hayotligida ishlangan va hozirgacha saqlanib qolgan portreti A. Ikromjonov «Kamoliddin Behzod»ga (1997 - y.) bag'ishlangan kompozisiyasi, shuningdek A. Abdullayevning A. Navoiyga (1997 - y.) bag'ishlangan polotnosining asosi bo'ldi. Temuriy malikalarga atalgan turkum portretlar O. Mo'minovning qalamiga mansubdir. Bu kompozisiyalarida rassom «Sharq ayollari» (Bibixonim, 1997 -y.)ga xos romantik va ehtirosli jihatlarini talqin etadi. Ch. Ahmarov shoira Nodira (1992 - y.)ning jozibali qiyofasini yaratadi. Tarixiy shaxslar obrazini yaratishda rassom oldida mushkul vazifa turadi. Chunki kamdan - kam holatlardan mustasno tarzdagina tarixda ularning tashqi qiyofalari haqida hech qanday dalillar saqlanib qolmagan. Buning natijasida o'zida zamonasi ruhini timsollashtiruvchi umumlashma tarzdagi ramziy portretlar vujudga kelmoqda. «Jaloliddin Manguberdi»ga (1997 - y.) bag'ishlangan T. Kuryazov va E. Masharipovlarning ishlari, M. Io'ldoshevning «Alpomish» (1998 -2000 - y.y. dostoni qahramoniga bag'ishlangan turkum asarlari, E. Masharipovning «Alpomish» (1998 - y.), Q. Basharovning «Spitamen» polotnolari shular jumlasidandir. A. Ikromjonov, T. Qo'ziyev, M. Nuriddinov, S. Raxmetovlar jadidlar portretlari turkumlarini yaratdilar. E. Masharipov va A. Aliqulovlarning «Amir Temurning To'xtatamishxon ustidan g'alabasi» (1996 - y.), Z. Faxriddinovning «Zafar» (1997 - y.), M. Nuriddinovning «Said Baraka Amir Temurni hokimiyat ramzi - nog'ora va g'alaba bayrog'i bilan taqdirlamoqda» singari syujetli asarlarda Amir Temur yengilmas sarkarda, o'z xalqining shavkatli o'g'loni sifatida gavdalantirilgan. Bu ko'p figurali kompozisiyalar o'zida ochiq harakat maydonini namoyon etadiki, Amir Temur doimiy tarzda markaziy, bosh qiyofa tarzida talqin etiladi. Buyuk sarkardaning yaratuvchanlik faoliyati S. Abdullayev polotnolarida aks etgan bo'lib, mazkur asarlarda u buyuk me'moriy obidalar fonida tasvirlanadi («Amir Temur Bibixonim masjidi qurilishida», «Osmoning beg'ubor bo'lsin Turkiston»). Ushbu kompozisiyalarni shakllantirishda tarixiy vositalar va liboslar ham ahamiyat kasb etadi. Bunda mazkur davrga tegishli bo'lgan yozma manbalar, me'moriy va san'at obidalari talqin etilishi muhim o'rin egallaydi. Fikrimizning dalili sifatida A. Aliqulovning etnografiyaga urg'u berilgani - ya'ni maishiy hayot buyumlari, davr binolari interyeri, kashtachiligi, gilam, qurol - aslahalari qunt bilan ishlangan «Asov ot», «Dor», «Mashshoqlar» (1997 – y.) kabi kompozisiyalarini keltirishimiz mumkin. O'zbekistonda kuchli realistik maktab tarkib topishi ajoyib portretnavis -rassomlar sulolasini vujudga keltirdi. Ular orasida A. Abdullayev, R. Ahmedov, R. Choriyev, T. Oganesov, V. Burmakin kabi portret ustalari jahonda keng tan olinganligi e'tirof etildi. O'zbek rangtasvirida portret janrining asoschisi, yetakchi portretnavis, akademik A. Abdullayevning qalamiga mansub har bir portret kishilarning chuqur ma'naviy dunyosini akslantiruvchi, rassom bilan portret qahramoni va portret bilan tomoshabin o'rtasida haqiqiy va ochiq munosabatni taqozo etadi. 1999 - yilda A. Abdullayevning 1984 - yilda ishlangan mashhur avtoportretini turli davr va xalqlarga mansub buyuk rassomlar avtoportretlari saqlanayotgan dunyoning yirik to'plami, Uffisidagi (Italiya) kartina galereyasiga berishi O'zbekiston san'ati uchun olamshumul voqea bo'ldi. Akademiklar R. Ahmedovning «Jizzaxlik ayol» (1992 - y.) «Nigina» (1993 -y.) portretlarida oddiy insonlar, qishloq kishilari bo'lib, aynan ularda musavvir donishmandlikni ma'naviy poklikni, yuksak ahloqiy qoidalarni gavdalantirsa, R. Choriyevning esa «Boysunlik qariya» (1996 - y.), «Sayroblik go'zal» (1997 - y.) kabi o'zbek xalqining eng yaxshi ma'naviy - axloqiy fazilatlarini tarannum etuvchi murakkab kompozision yechimdagi portretlari yaratildi. Ajoyib rangtasvirchi A. Ikromjonovning ilk ishlarida realistik asos kuchli ta'sir ko'rsatadi. Uning portretlari yuksak mahorat va diqqat bilan ishlanganligi, bo'yoqlarning fakturali qo'yilishi, naturani, hatto, fotosuratgacha tahlil etib chizilganligi, shuningdek, obrazning ruhiy to'laqonligi («Malika portreti» (1993 -y.), «Madina» (1993 - y.) bilan ajralib turadi. Rassom R. Hudoyberdiyevni portretlari ham kishini befarq qoldirmaydi (“Xajar xola”.) (1999 - y.). Avvalgi ustalar uslubini qo'llagan holda musavvir hech qanday yordamchi vositalarsiz, to'q fonda portretlar yaratadiki, ular qahramon qiyofasini yanada mukammalroq talqinida yetakchilik qiladi. Uning ajoyib asarlaridan biri «Bastakor R. Abdullayev portreti»dir. Portret janrida B. Jalolov realistik chizmalar yaratishda mislsiz darajaga erishadiki, bu borada «Saudiya Arabistoni qiroli Araviy faxd ibn Abdul Aziz» (1992 - y.), «Akademik S.Azimov portreti» (1998 - y.) va boshqa polotnolarni musavvirning o'zbek rangtasvirchilari orasida dunyo talablari darajasida yaratgan asarlari sirasiga qo'yish mumkin. S. Raxmetovning keyingi yillarda yaratgan eng yaxshi portretlari qatorida «Yunus Rajabiy portreti» (1993 – y.), «GFRning O'zbekistondagi elchisi G. Kun portreti» (1999 - y.) alohida ahamiyat kasb etadi. Ayol rassomlar A. Mamatovaning «Yulduz Usmonova portreti», Sh. Abdullayevaning «O'zbek madonnasi», M. Shuvayevaning «Lola» portreti, Z. Sharipovaning «Avtoportret»lari ham shu davrlarda yaratilgan asarlar sirasiga kiradi. Portretchi rassomlar qatorida o'z matolarida zamondoshlarimiz obrazlarini muhrlagan Y. Tursunnazarov, B. Salomov, I. Bahromov, Ch. Bekmirov, M. Nuriddinov, O. Bakirov, B. Nazarov va boshqalarni ham sanab o'tish mumkin. Vodiy va tog'larning lirik manzaralari (R. Ahmedov, N. Qo'ziyev, M. Saidov, Yu. Strelnikov) va qishloq, shaharlardagi yangi hayotning alomat va xususiyatlarini namoyon etuvchi (V. Ziyoyev, V. Yenin, Yu. Taldikin, A. Jiboyedov, M. Toshmurodov) janrli manzaralar yaratildi. Rassomlarning yangi avlodiga mansub realistik yo'nalishida R. Shodiyev o'z ijodiy g'oyalarini birmuncha ehtiroslarga burkagan tarzda namoyon etadi. Musavvirning «Manzara» (1999 - y.), «Bayram» (1999 - y.) singari qarama - qarshi ijodiga xos bo'lgan yorqin ranglarda bajarilgan asarlarga qaraganda, 1999 - yilda ishlangan «Dashtda tong» kartinasi ko'k - kulrang qora sovuq gammada yaratilganligiga qaramay, kutilmaganda o'zida mukammal kompozisiyani gavdalantiradi. A. Mirzayeving «O'tmishdan ertaklar», «So'qmoqda» (1995 – y.), «Qizil tog' etagidagi uchrashuv» (1996 – y.) asarlarida oddiy mavzular asosida rangin ifodaviy vositalarni kuchaytirishga intilish seziladi. O. Qozoqov milliy romantiklik biroz yorqinroq ranglar va murakkablashtirilgan kompozision yechimda shakllantirgan asarlar yaratdi. Uning aksariyat asarlari xalq folklori va dostonlari asosida vujudga kelgandir. Bu borada «Kanizaklar» triptixi (1996 – y.) alohida e'tiborlidir. Rangtasvirli bezaklik, keskin plastik yechimlik, shuningdek chiziqlilik Chingiz Axmarov va uning shogirdlari S. Rahmonov va Sh. Abdullayeva ijodida miniatyura an'analari singdirilgan. Shuningdek, shunday xususiyatlar samarqandlik T. Shoymardanovning («Hayotnoma» triptixi, 1991 - y.) va Toshkentlik rassom E. Zayniddinovning («Xalqimga» 1991 - y.) kartinalarida kuzatish mumkin. Miniatyurachi rassomlar N. Xolmatov, B. Yo'ldashevlar o'zlarini dastgohli rangtasvirda ham sinovdan o'tkazdilar. Yirik rangtasvirchi rassom Nikolay Shining teran g'oyali asarlari bir vaqtning o'zida fojeaviy ohang beradi. «Xotira yo'li» nomli turkum asarlaridagi kayfiyatga salbiy ta'sir etuvchi ohanglar «So'qoq» turkumlarida quvnoq bezakdor ohanglar bilan almashinadi. So'qoq manzaralari turkumida uslubning shartligi va bezakdorligi manbai - bu Koreyada ham, O'zbekistonda ham xalq amaliy san'atining an'analariga o'xshashlikdir. Bular folklor mavzulari va naqshlar, turli xil xalqlarga mansub to'qilgan matolar va kashtalarning chekmalari, milliy o'yinchoqlarining uslubiy o'xshashligi, inson va tabiat uyg'unlashuvining belgisidir. Ulardan N. Shin o'z nigohidan o'tkazgan holda aslan mavjud bo'lmagan, ammo chinakamiga g'aroyib real olamga aylanadigan san'at asarlarida foydalanadi. Umuman olganda izlanish ishlari olib borilayotgan mazkur davrda O'zbekiston rangtasvirning milliy - romantik yo'nalishi rivojlanishning yangi qobig'iga kirdi va zamonaviy rangtasvirning yorqin badiiy jihatlaridan biri bo'lib qoldi. V. Oxunov, S. Alibekov, B. Jalolov, G'. Boymatov, J. Umarbekov, L. Ibroximov, A. Isayev, Z. Saidjonov, V. Kim, J. Usmonov, G'. Qodirov, N. Imomov, A. Turdiyev, F. Ahmadaliyev, R. Akromov, A. Nur, Sh. Hakimov, M. Qoraboyev, T. Axmedov, B. Muhamedov, B. Ismoilov, N. Shoabduraximov, T. Karimov va bir qator boshqa rassomlar ijodida falsafiy - tahliliy va assosiyativ -majoziy yo'nalishlar o'zining to'la aksini topdi. Shu bilan birga tahlil mobaynida ushbu rassomlarning ijodiga alohida baho berishda o'ziga xos yondoshilib, mavjud umumiy yo'nalishga xos alohida xususiyatlar bilan birga, ularning har birining shaxsiy uslubi hamda rangtasvirni ko'ra bilish qobiliyatga ega ekani namoyon bo'ladi. To'la ma'noda ularni avangardchilar deyish mumkin bo'lmasada, aynan shu guruh rassomlari O'zbekistonning 90 - yillardagi rangtasvirining yangi uslubiyatini vujudga kelishida asosiy o'rin egalladilar. Oxirgi o'n yillikda V. Oxunov ijodida 90 - yillar boshida yaratgan («Sharqona qiyofalar», «Inkrustasiya» «Buddaning tonggi sayri» 1991 – y.) mavsumiy - bezakdor mavzudagi turkum asarlari, uning keyingi g'oyaviy murakkab asarlariga asos bo'ldi («Meditasiya» turkumi 2000 – y.). Bu asarlardagi chuqur falsafiy goya o'zining mazmunini nodir ijod shaklida namoyon qiladi. V. Oxunovning yangi plastik yechimlar izlanishi natijasida vujudga kelgan noyob loyihali installyasiyalari, 2000 - yilda Olmaotadagi xalqaro tanlovda Gran - prizga sazovor bo'ldi. Respublikaning yetakchi rangtasvirchisi B. Jalolovning shu davrda yaratgan asarlari 80 - yillarda yuzaga kelgan asarlarining tadrijiy davomi tarzida shakllanib, mutloq yangi shakliy va yorqin g'oyaviy plastik yechimlarini o'zida namoyon etdi. Binobarin, musavvirning ijodiga yuksak mahorat, rangtasvir plastik yechimlarning betakror nafosati, koinot va tabiat, inson va borliq uyg'unlashuvi, mavjudlik va ruhiyat musaffoligi kabi mavzular o'z muhimligini saqlab qoldi. Uning chizmakashlik iste'dodi yana takror shakliy rangtasvirga murojaat etishga undaydi. Rassomning ijodiy zakovati evrilishlarga hamohangdir. B. Jalolovning yangi tarixiy voqeaning g'oyaviy qadriyatlarini aks ettiruvchi «Oltin asr» (1999 – y.) asari siyosiy voqelikka munosabat tarzida vujudga kelgan bo'lgan, unda Xumo qushining qanoti ostida otliq Amir Temur homilador ayol hamrohligida tasvirlangan kompozisiya, rasm va ranglar majmuasi nazokati Salvador Dalining xayoliy asarlarini yodga soladi. Milliy timsollarning G'arb estetikasi bilan uyg'unlashuvida musavvirga xos Sharq bilan G'arbni uzviylikda mushohada etish xususiyati ayon bo'ladi. Musavvirning hayotiy shakllar olami chegaralarini buzib, beintihom fantaziyalarini gavdalantirish istagi ma'joziy silsilaviy talqindagi ko'plab asarlarning yaratilishiga olib keladi. U mahobatli rangtasvir sohasida avvalgidek shakliy ifodaga moyilligini saqlab qolsada, dastgohli rangtasvirda o'z xayolotiga cheksiz erk berdi. Biroq, u rang, shakl, chiziqlarni jilolantirar ekan, har safar rangtasvirning yangi imkoniyatlarini ishga solib, o'zini hech takrorlamaydi. Xullas, uning «Borliq sirlari» (1991 – y.), «Muhabbat bog’i» (1992 – y.), «Koinot ustunlari», «Buxoro» (1991 - y), «Temur minorasi» (1996 – y.) asarlarida dekorativlik boshchilik qilar edi. Ushbu asarlarda chuqur falsafiy yechim yorqin dekorativ va applikasion kompozisiya tamoyillari bilan uyg'unlashgan. B. Jalolov ayrim kompozisiyalarida yumshoq chizgilarni afzal ko'rib, («Me'roj» (1996-y.), «Shoir va ilhom parisi» (1996-y.) ularda islom san'ati estetikasini targ'ib etsa, boshqalarida esa o'tkir va aniq shakl, hamda chizgilarni tasvirlash bilan mudroq tuyg'ularni uyg’otishga harakat qiladi. («Oy nuri» (1995-y.), «Kushonlar xotirasiga» (1998-y.). 1999 - yilda Badiiy Akademiyaning Markaziy ko'rgazmalar zalida bo'lib o'tgan B. Jalolovning shaxsiy ko'rgazmasi, uning yorqin va to'kin iqtidori namoyish bo'ldi. 1980 - yillar o'rtalariga kelib «Inson tafakkuri» va «Men insonman» singari oddiy, shuningdek, tasvirni oliyjanob, yuksak kayfiyat va xitob bilan ifoda etuvchi rassom J. Umarbekov, yana o'n yillar o'tgach tomoshabinga quvnoq va hatto nimasi bilandir g'ayritabiiy asar («Taomil», «Ko'cha charxchisi» «Lo'li»)larni namoyish etishi uning ijodiga bo'lgan qiziqishni yanada jonlantirdi. 1980 - yillar o'rtalari 1990 - yillar boshlari san'ati kishilar ongida xayoliy, maishiy - ijtimoiy g'oya tarqatuvchi pozitivizm estetikasining inqiroziga uchraganligi o'z aksini topa boshladi. Lekin, J. Umarbekov rangtasvirni baholashga oshiqmadi, balki o'z mulohaza va hissiyotlari bilan unga sodiq qolib, o'zining ichki kechinmalarini hech qanday hovliqishsiz izhor eta oldi. Bu esa o'zining fojiaviy ohangi bilan P.Pikassoning mashhur «Gernika»siga juda yaqin bo'lgan «Zilzila» nomli kompozisiyasida yorqin namoyon eta olgan. O'zining koloriti bilan ohangrabo qo'shiq singari jaranglab turuvchi «Havorang musiqachilar» kartinasi, go’yo uzoq vaqt kutilgan tongdan darak berayotgandek tasavvur uyg'otadi. Bu asar ma'lum darajada uning 1990 - yillar boshlarida vujudga kelgan turkum kartinalarining mantiqan zid tomonlarini tushuntirishga xizmat qiladi. Milliy xususiyatga ega bo'lgan palitraning barcha qudratli tomonini ko'rsatishga bo'lgan intilish J. Umarbekovni tor doiradagi milliy uslubiy «chegara»dan chiqib ketishga undaydi (ushbu chegarada - yorqin bezaklar ranglar, maishiy atributlar, shuningdek hayotga ijobiy munosabat bir - biriga aralashib, fikran bog'lanadi). Ruhiy kayfiyatning rangin jilosi va o'zbekona milliy xususiyatlar shubhasiz keng va boydir. J. Umarbekov buni his qiladi, uning ishlarida kayfiyatning keng gammasi, ohang, jo'shqin qiyofali nozik ranglar, xalqning o'ziga xos milliy fazilatlari ishtirok etadi. 90 - yillar boshlarida yaratilgan yangi mazkur ohangdagi asarlar yuqoridagi fikrlarin to'la tasdiqlaydi, ya'ni o'z -o'zini anglash va uni ijodda erkin ko'rsatish mantiqan O'zbekiston davlati mustaqilligi jarayoni bilan bog'lanadi. S. Alibekov asarlarida go'yo voqealikdek tez o'zgaradigan, o'tmishdek mustahkam narsa yo'q demoqchi bo'ladi. Ammo, uchlik - tarixdan, madaniyat uning va'zxonlik yo'li bilan o'zgartirishga qaratilgan intilish mavjudkim, bunda nasihatgo'ylik alomatlari mavjud. S. Alibekov ishlari nafis ranglarga boyligi va jozibadorligi, obrazlarning ko'tarinki ruhdaligi, ajoyib koloriti bilan farqlanib turadi. Uning kompozisiyalaridagi tarixiy unsurlar, afsonaviy va ma'joziy personajlar hamda ohanglar alohida bir hayolot olamini tashkil etadiki, uni o'ziga xos sehrli doston deyish mumkin. Voqealar ta'sirida tom ma'noda fikrlar munosabatida rassomlik, o'ylab topilgan sahnalar zamirida ichki ma'no, izchil teranlik mavjud bo'lib, hikoya bayoni lo'nda, ma'joziy va hikmatli fikrlarga uyg'unlashib ketadi. Rassomning so'nggi yillarda yaratgan turkum asarlarida inson his-tuyg'ulari va qalb iztiroblari ajoyib hayoliy afsonaviy talqinda ifoda etilgan. Har bir kompozision asar - katta spektaklning bir parchasi - yaxlit badiiy voqealikning negizi mazmunini ifoda etuvchi jozibaga ega. S. Alibekovning g'ayri - oddiy, shoirona. chuqur mushohadalarga undovchi ishlari ham borki, ularda rassomning nafis xayoliy olami va badiiy iste'dodi yo'g'rilgan bo'lib, bu uning o'zini (ya'ni rassom shaxsini to'la namoyon etadi. «Piyongul gullagan lahza» (1995 – y.), «G'aroyib sharbat hidi» (1996 – y.), «Suzayotgan flamingo uchun harorat» (1996 – y.) «Muvozanat bog'i» (1997 – y.) va boshqalar shular jumlasidandir. S. Alibekov ijodida bosh yo'nalish - shoirona fikrlash, ijodiy fikrining yorqin parvozidir. Ularda ko'proq iliq - sovuq ranglar o'yiniga urg'u berilib, makon va rivojlanishdagi yechimlar: harakatni, sur'atni yoki aksincha to'xtab qolgan vaqtning (yiqilayotgan tayoqcha, askar holati, kapalaklar parvozi, qadimgi triton yuqori qismi odam, yarmi baliq dumi shaklidagi dengiz xudosi, toshga aylangan niqob va boshqalar) his qilish xususiyatlari ustunlik qiladi. Grafikachi rassom Lekim Ibragimovning o'zi uchun yangi ijodiy yo'nalishda o'z uslubiga sodiq qoladi: ishlanmagan, matoda, shiddatkor chizgilarda ko'xna Turfon devoriy suratlaridan ilxomlanib, yengil va nafis shakllarni yaratadi. L. Ibragimov rangtasvirida ayollar obrazi yetakchi o'rin egallagan bo'lib, Buyuk uyg'ur malikasi («Malika», 1997 – y.), tabiat qo'ynidagi orom olayotgan yoki sahnada raqs tushayotgan qizlar («Sohilda» 1989 - y, «Sahrodagi raqs» 1998 – y.). Qadimgi Xo'ton ayollari («Xo'ton ayoli» (1995 – y.), rangdor xonatlas kiygan raqqosalar («Atlas qushlar», 2000 – y.) bunga misol bo'ladi. Uning «Amudaryo» (2000 – y.) asarining kompozisiyasida jannatmakon Osiyo zaminini tarannum etgan daryo obrazi ayol qiyofasida ifodalangan. Barcha mavjudot va maxluqot uning tevaragida mujassamdir. Sokin ranglar majmui, doimiy ranglar nafosati, chizmalarga xos shartlilik, ayon voqeylikdan nusxa ko'chirmasada, musavvirning individual dunyoqarashini o'ziga xos betakror kompozisiyalarda tarannum etish va nafaqat musavvirlik, balki shoirona iste'dod sohibi bo'lgan L. Ibragimov asarlarining belgilovchi xususiyatidir. Musavvir Akmal Hyp ijodida muhabbat mavzui va uning umuminsoniy ahamiyati yetakchilik qiladi. «Sevgi olmasi», «Muhabbat bog'i», «Muhabbat daryosi» (1995 – y.), «Muhabbat oroli» (1998 – y.) asarlari jozibali nomlangan. Mazkur asarlarda musavvir turli ramziy ma'joziy timsollar, ya'ni oy, ho'kiz shohi, baliq, qayiq kabilarni qo'llaydi. Biroq, ushbu kartinalarda asosiy ma'no va umumiy plastik yo'sinni olma mavzusi egallaydi. Ba'zan esa olma bo'lingan holda, uning fonida esa sevishganlar, ba'zan esa olma havoda muallaq holatda tasvirlangan. Mavzuning botiniy mazmuni asta - sekin ikkinchi planda berilib, olma tasviri muvaffaqiyatli joylashtirilib, uslubni mahorat bilan almashtirib turadi. Bu davrda yaratilgan asarlarning bosqichlari sezilarli darajada bo'lib, musavvirning 1998 -yilda yaratilgan «Muhabbat oroli» polotnosi, 1995 - yildagi asarlaridan tomoshabinga yengil kayfiyat baxsh etishi va kompozision yechimning nafisligi bilan ajralib turadi. Rassomning bu turkumdagi kartinalari bezakdorlik uslubining nozikligi bilan 1998 - yilda bajarilgan «Ilhom parisi», «Rishton natyurmorti», «Daxldorlik», «Doira chalayotgan qiz» asarlariga juda yaqin turadi. Shunday qilib, mazkur asarlar rangtasvir vazifalarini rasmiylashtirishga urinish, yanada muayyan va mavhumroq plastik formulalarning izlanish bilan A. Hyp ijodidagi yangi yo'nalishini aniqlaydi. Asliddin Isayevning «Bibixonim» (1992 – y.) polotnosining badiiy zamirida qandaydir sirli va hayotiy ohang bor. Mazkur asar va shu siraga kiradigan «Dohil bo'lish», «Yo'lda», «Sham» kabi asarlar sir - asrorga chulg'angan bo'lib, o'zida ko'p ma'nolik, rejadorlik sirini mujassamlashtirgandir. Iste'dodli rassom J. Usmonovning («Qushlar» «Yolg'izlik vodiysi», 1992 - y, «Sevishganlar», 1992 - y, «Anglash», 1993 – y. «Mushohada», 1994 – y.) deb nomlangan turkum asarlari o'zgacha she'riy ohang taratadi. Musulmon madaniyatida qush - «qalb» timsoli, so'fiy ruhini qalbning doimiy mangulikka ketishi oldidagi o'z asli bilan qayta birlashishga intilishi. So'fiy tilining qo'sh tili «zaboni murg'on» deb an'anaviy nomlanishi tasodifiy emas. O'rta asrlar miniatyura manzaralarini ifoda etish an'analarini davom ettirib, J. Usmonov tabiat va uning bir butunligini, cheksizlik va o'zgaruvchanlikni yaxlit mukammal uyg'unlik singari talqin etadi («Kuzgi zikr», 1994 – y. Uchlik, «Bahorgi shiddat», 1996 - y. «Uyg'onish», 1997 - y.). J. Usmonov asarlarini yashirin va moddiy dunyo orasidagi uyg'unlikka ega ekanligi bilan Sharqning o'ziga xos mumtoz san'atining yorqin namunasi sifatida qabul qilindi. Temur Axmedov rangtasvirida shakliy ijod nafisligi, ranglarning nozik bezakdorligi, istehzo va tuyg'u samimiyligi, yengil kulgu mavjud. T. Karimov ijodida realistik uslubdagi ishlar bilan birga ekspressionistik asarlar yonma - yon bo'lib, kishida aql va tuyg'ularning zo'riqqan qarama -qarshiligini, chizgilar va rangli dog'lar bo'rtishini, kompozisiyaning qo'lamli modellashuvi va yakka bezak talqinini, shoirona tashbehlarni hosil qiladi. Qalam chizgining bejirimligi va lo'nda, zid ranglarning barala jaranglashi uning bir necha asarlariga xos. Balki bu turkumdagi asarlar markazida latiflik ramzi sifatida otlarning tasvir etilishi tasodif emasdir («Zarg'aldoq tusda» 1999 -y.). Mavhumlashtirilgan rang va muhit yetakchi mayin chiziqlar uyg'unligida shoirona kayfiyat hosil qiladi. Go'yo bir qarashda hech qanday fikr singdirilmaganday tuyulgan syujetlar, otni quchoqlab turgan bola, qo'lida olma ushlagan qizcha - hayotning haqiqiy qadriyatlari haqida mulohaza yuritishga undaydi. N.Shoabduraximov kartinalarida ayol, muhabbat, oila asosiy mavzu hisoblanadi. U ham boshqa yosh rassomlar qatori rangtasvirda yo'l qidira boshladi va u shaxsiy ijodiy uslubining asosi sifatida xalq amaliy san'atida ommaviy bo'lgan «quroq» texnikasini tanladi, bu uslub shubhasiz hech yo'qotishlarga yo'l bermaydi. Xalq san'atining mumtoz merosi bo'lgan bu ijod turli rangtasvirda shakl izlanishlariga mos tarzda atalib zamonaviy rassomlarni ilhomlantirgan, undan turli xil darajada muvaffaqiyat bilan foydalaniladi. Bir qaraganda oson tuyuladigan bu uslub alohida rang uyg'unligini va kompozisiya tuzish mahoratini talab etadi. I. Shoabdurahimov rangtasvir muhitini, unda joylashtirilgan figuralarni rangli mozaikaga o'xshatadi, bunda ranglar o'zaro zid holda yoxud yagona tusga bo'ysundiriladi («Odam Ato olgan olma», 1992, 1998 – y.). Har bir kompozisiya xuddi dekorativ panno sifatida qabul qilinadi, undagi syujet ko'proq ikkinchi darajaga tushib qoladi. B.Ismoilovning «Anor suvi» (1998-y.) nomli asarida qo'ng'iroq ustasi o'ziga o'xshagan niqob yasovchi o'z qahramonlari orasida singib ketmoqda. Uning «Odam-qushlar» degan kartinasi esa hayotning mangu bayrami haqida so'ylab, tushlarimizda oralab yuradigan daydi masxaravozlar va sozandalar, odamlar, hayvonlar, mevalar, olti qanotli qushlar afsonaviy bir dunyoni aks ettiradi. Tushlarning rango - rang xazinasi bizga yangidan - yangi g'aroyib - ajoyib naqshlarni taqdim etaveradi. U dunyoni davrlar, taqdirlar va his - tuyg'ular almashib, intihosiz harakat paydo qiluvchi ulkan sahna timsolida ko'rinadi. Yuqoridagilardan xulosa qilishimiz mumkinki, 1990 - yillarga kelib, ko'pgina rassomlarning dunyoqarashlari o'zgardi, rangtasvirda yangi badiiy shakl va g'oyalar paydo bo'ldi. Ko'k otlarni (T. Karimov), sariq tovuslarni (G'. Qodirov) yoki o'rkachlarida o'sgan butalarda qizil olmalarni ko'targan tuyalarni (F. Ahmadaliyev) qora, yarim oq oy ostida tinch turishini kutilmagan, zid ranglarda qachon ko'rish mumkin edi. Bu guruhning boshqa rassomlarida esa realikka baho, tavsiya berish deyarli istisno deyish mumkin. Biz ularning asarlarida xolis, beor, loqayd dunyonigina ko'ramiz. Go'zal manzara yetarli bo'lsada, qushlar hech nima haqida ku'ylashmaydi (J. Usmonov). Sevishganlar bahslashmaydi, rashk qilishmaydi, faqat o'zlarining shirin o'y - xayollariga g'arq holatda (Sh. Hakimov, L. Ibragimov) gavdalanishadi. Syujetlarning rang - barangligi asarlardagi dekorativ yo'nalishlarga zid kelmaydi, ularni murakkablashtirmaydi (J. Umarbekov). Va hattoki, faol timsollar (qizil va oq atirgullar fojeaviy qora yoki ko'k liboslar fonida, zid ranglar munosabatida). Bu guruh rassomlari asarlaridagi ichki xotirjamlik va rohat - farog’atni buzmaydi (G'. Qodirov). Ana shunday guruh vakillaridan biri - A. Nurning 1997 – 1998 - yillarda ishlangan «Yevrilish», «Xumson munchoqlari», Xumsonning kumush tongi», «Kuz bo'ylab chopayotgan» asarlarida ahloqiy -falsafiy xulosalarga intilmaydi. Uning turkum kartinalarida oydinlik, sharqona nafislik, ko'rkamlik ufurib turadi. («Oq she'r», «Malika», «Ohang»), shaxsiy falsafa, pand - nasixat ko'rinmaydi. Mustaqillik qo'lga kiritilgandan so'ng shaxsiy uslubning, boshqacha plastik ifoda tili, alohida tashbehli usullar va timsollar doirasida izlanishlar dunyoga keldi. Buning ustiga avvalgi san'at falsafasidan farqli o'laroq, turli yoshdagi rassomlar ijodida bir - biriga o'xshamagan uslublar yaratishga intilish ishtiyoqi seziladi. Yangi rangtasvirdagi falsafiy - ijodiy munosabatda didaktik ohanglar istisno qilinmaydi, ammo, ular an'anaviy pand - nasihatdan ko'ra ko'proq faol mushohada qilishni yodga soladi. Rangtasvirdagi realistik yo'nalish zamonaviy badiiy jarayonda o'z mohiyatini saqlab turibdi. Mustaqillik sharofati bilan rangli tasvirdagi badiiy uslubiy manzara yangi xususiyatlarga ega bo'ldi va boyidi. Umuman olganda, O'zbekistonning milliy san'ati, jahon, Yevropa va sobiq sovet hududidagi respublikalar san'ati orasida mahalliy ham, o'ta novatorki, avangard ham bo'lmagan holda namoyon bo'ladi. 90 - yillar rangtasvirchilari badiiy yo'nalishda to'ntarish yasaydigan harakatlarga kirishmadilar, ularning kiritgan yangiliklari «sokin inqilob» tusini kasb etdi. O'zbekistonda 90 - yillarda uslubiy jihatdan o'ziga xos rassomlar guruhi shakllandi, ularning ijodiga qiziqish ham susaygani yo'q. Rassomlar ijodida yevrilishlar sodir bo'lmoqda. Yangi plastik yo'nalishlarda jo qilgan xayoliy ertagu - dostonlar, xalq og'zaki ijodi va matallardagi timsollar, syujetlar, turli xil rasm - rusm va marosimlar bilan bog'liq belgilar hamda ramzlar ular rangtasvirining yangi bosqichini belgilab berdi. 1990 - yillarga kelib mahobatli rangtasvir san'ati rivojini asosiy mezonlarda ijodiy erkinlikni, mavzu, holat va uslubiy usullarning erkin tanlanishi, eng muximi esa badiiy merosimizning boy an'analariga murojaat qilinishini namoyish etuvchi yangi sahifa ochildi, badiiy jarayon birmuncha qiziqarli va serharakatlik bilan kechdi. Bu davrda mahobatli rangtasvir sohasida alohida ahamiyat kasb etuvchi bir qator turkum devoriy sur'atlar B. Jalolov tomonidan yaratildi. Rassom Toshkentdagi «Turkiston» konsert saroyining ichki interyerida Sharq lirikasi mavzusida ishlangan «Umar Xayyom tushi» asarida u kompozisiyaning ajoyib plastik va ranglar yechimiga erishgan. O'zbekiston Milliy banki binosi ichki qismdagi «Nimaga tug'ilganimni hech kim aytmadi» (1993 – y.). «Interkontinental» mehmonxonasi interyeridagi «Navro'z», «Afrosiyob», «Tun ma'budasi» (1996 – y.) kabi pannolarida dabdaba va ko'pfiguralilik takrorlanmaydi. Tarkidunyochilikni ifoda etuvchi atributlar, qandaydir «so'fiyona» muhit vujudga keladi, rassom o'rta asr diniy mistik ta'limotining boqiy dunyoviy ruhini o'z mushohadasida aks ettirishga intila boshlaydi. Mahobatli rangtasvir kompozisiyalarida avvalari ko'p murojaat etgan qiyofalar, ya'ni tarixiy arboblar, masxarabozlar va serviqor raqqoslar o'rnini endilikda navo qilayotgan faylasuf-shoirlar va darvishlar egallay boshlaydi. 1995 - yil O'zbekiston xalqlari tarixi Davlat muzeyi ichki devorida u ilk marotaba yirik hajmda O'zbekiston tarixi va o'tmish madaniyati haqida retrospektiv tarzda hikoya qiluvchi «Abadiyat gumbazi ostida» nomli kompozision asarini yaratdi. Bu panno, yangi O'zbekistonning ramziy g'oyasini ifodalashda, tarixiy va madaniy merosini e'lon qilishda o'ziga xos ahamiyatga egadir. Tomoshabinlar ko'zi o'ngida buyuk vatandoshlarimiz siymolari, O'zbekistonning badiiy merosidagi shoh asarlar, boy milliy tariximizni o'ziga xos bosqichlarini aniqlab keluvchi davrlar gavdalanadi. O'zbekistonning qadimgi shaharlarida juda keng tarqalgan mavzular B. Jalolov ishlarida kutilmagan nozik matnda aks etadi. O'z fikrlarini dunyoni xis etishi milliy anglash orqali berishga intilishi uning bosh vazifasiga aylanib qoldi. Bu borada muallif shunday yozadi: «Buxoro, Samarqand madaniyat merosidir, ularni men minoralar orqali emas, qiyofa va milliy xususiyatlar orqali mohiyatan anglashga harakat qilaman». B. Jalolovning asarlarida akademik maktabning mustahkam an'analari, shuningdek, boy xayoliy tafakkurga ega rassomning G'arb va Sharq san'ati estetikasini ustalik bilan uyg'unlashtirgani seziladi. A. Aliqulov va u bilan hamkorlikdagi mualliflarning keyingi yillarda ishlarida ularni o'z plastik tillarini topishga uringanliklari natijasida birmuncha boshqacharoq uslubda ishlanganligini e'tirof etish joiz. Rassomlar yosh tomoshabinlar teatri interyeri uchun ishlangan «Jahon xalqlari ertaklari» mavzusidagi devoriy suratda yorqin yassi - bezakdorlik tarzida mashhur ertaklar qahramonlari dunyosini gavdalantiradi. Rassomlar interyerning ma'lum me'moriy qismlaridan shunchalar muvaffaqiyatli va unumli foydalanishganki, kirish eshiklari, shuningdek devoriy yassi kismlari kompozisiyaning mazmuniy va plastik jihatlari bilan uyg'unlashtirilgan. Devoriy rangtasvirning kompozisiya va rangdagi yechimi yuksak mahorat bilan bajarilgan. A. Aliqulov boshchiligidagi guruh (A. Agahanyan, B. Olimxonov, Sh. Bahriddinov) Toshkentdagi Olimpiya shuhrati muzeyi interyerining devoriy surati yechimini o'ziga xos, ya'ni harakatchan tarzda yechilgan ilk rejali kompozisiyaning monoxrom siluetidagi antik atletlarga qarama-qarshi holatda sharq kurashchilari, kamondozlari va chavandozlari qiyofalari tasvirlangan. Shuningdek, shu guruh rassomlari tomonidan Mudofaa muzeyi interyeri uchun (1990 yillar oxiri) ham mahobatli jangga oid rangtasvir eng yaxshi sifatlarini aks ettiruvchi asarlar yaratildi. A. Aliqulov guruhining O'zbekiston xalqlari tarixi muzeyi uchun ishlangan oxirgi ishlaridan biri «Xalq ko'zg'olonlari va jadidchilik harakati» (2000) devoriy suratida yaqingacha «yopiq» bo'lgan O'zbekistondagi 1920 – 30 - yillardagi milliy ozodlik harakatlari mavzusiga murojaat qilinganlik bilan ajralib turadi. U fuqarolik va vatanparvarlik tuyg'usi jarangi bilan sug'orilgan. Devoriy surat tili keng qamrovli va serma'no bo'lib, qarama - qarshi ranglarni uyg'unlashtirish orqali usha davrlar tarixiy muhiti beriladi. Bu ish mavzu va uslubiy jihatdan rangtasvir asariga yaqinligi bilan avvalgi devoriy suratlardan ajralib turadi. Toshkentdagi «Turkiston» konsert saroyi interyerida O'zbekistonning ko'hna shaharlari tarixiy obidalari mavzusida ishlangan A. Ganning devoriy suratlarini Yu. Chernishovning Urganchda «Jayxun» mehmonxonasi, shuningdek, O. Xabibulinning O'zbekiston Respublikasi xalq ijodiyoti Davlat qo'mitasi, milliy matbuot - markazi, hamda A. Ikromov tumani banki binosi interyeriga ishlangan devoriy kompozisiyalarini eslab o'tish ham joizdir. Qadim Xorazm sivilizasiyasi tarixiga bag'ishlab ishlangan mahobatli asari hajman kattaligi (200 kv.m.) bilan kishini hayratga soladi. Asar keyingi yillarda O'zbekistonda ishlangan yirik ko'lamdagi devoriy suratlardan deb e'tirof etilib, Yu. Chernishov dastgohli rangtasvir ustasi sifatida mashhur bo'lishiga qaramasdan mazkur kompozision asarda u o'zini mohir mahobatli rangtasvirchi rassom sifatida namoyish etadi. O. Habibulin ishlari, asosan, tarixiy mavzuga bag'ishlangan bo'lib, Amir Temur davri va Buyuk Ipak yo'liga oid bo'lgan O'zbekiston xalqlarining boy madaniy me'rosi bilan izviy aloqadordir. Uning enkaustika texnikasida ishlangan asarlari o'ziga xos tarzda O'zbekistonning naqsh san'ati yo'sinini boyitadi. 1990 - yillar oxirlarida ko'pgina rangtasvirchi rassomlar o'zlarini mahobatli rangtasvirda sinab ko'rdilar. Bu borada samarqandlik rassom A. Isayev ijodi e'tiborga molikdir. U tempera texnikasida qator devoriy suratlar yaratdi. 1998-yilda Samarqand Davlat chet tillar instituta interyeriga uning tomonidan «Buyuk Ipak yo'li» nomli yirik kompozisiya (uzunligi 43 metr; markaziy qismining buyi 2 metrdan 8 metrgacha) yaratilgan. Devoriy surat deyarli binoning butun vestibyulini egallaydi, uning markaziy qismi («Mehmonlar uchrashuvi») Samarqandga bag'ishlanadi, yon tomonlarida esa Buyuk Ipak yo'li bo'ylab joylashgan Hindiston, Xitoy, Misr, Italiya kabi mamlakatlarga bag'ishlangan sahnaviylik o'z ifodasini topgan. Devoriy surat cheklangan tarzdagi och - sariq va havorang tuslardan foydalanib amalga oshirilgan. 2000 - yil A. Isayev Turkiston (Qozog'iston) shahridagi Xo'ja Axmad Yassaviy me'moriy majmuasidagi uch zalni ramziy ma'noda uch davlat Qozogiston, O'zbekiston va Qirg'istonga bag'ishlab ishladi. Devoriy surat tempera texnikasidan ishlangan. Samarqandlik mahobatli rangtasvirchilar E. Muhammadiyev va N. Sultonovlar 2000 – 2001 - yillarda A. Navoiy nomidagi Samarqand Davlat Universiteti interyerida ishlangan «Ma'naviyat bo'stoni» nomli yirik hajmli (192 kv.m.) devoriy kompozisiya ham shu uslubda yaratilgan. Beshta alohida kompozisiyadan iborat bu devoriy surat qadimgi davrdan to hozirgi kungacha bo'lgan O'zbekiston madaniyati tarixiga bag'ishlanadi. 1970 – 80 - yillar oxiriga kelib, «Usto» xalq ustalari birlashmasining ijodiy labarotoriyasi faoliyati tashabbusi bilan Ch. Ahmarov rahbarligida hamda N. Xolmatov va Sh. Muhammadjonovlar ishtirokida miniatyura an'analarini qayta tiklash yangidan avj oldi. 1980 - yillar oxiriga kelib miniatyura san'ati uslubida birinchi marotaba mahobatli devoriy suratlar yaratish «Sanoyi - nafisa» guruhi tomonidan muomilaga kiritildi. Guruhning deyarli barcha a'zolari - T. Boltaboyev, H. Nazirov, G'. Kamolov va S. Koraboyevlar o'z faoliyatini lokli miniatyurada boshlaganlar, biroq birgina o'z ustozi va rahbarlari mashhur mahobatli rangtasvirchi rassom Ch. Ahmarov tajribalaridan ilhomlanib, Angren shahridagi 100 kv.m. hajmida «Ulug'bek maktabi» devoriy suratini yaratdilar. 1996 - yil «Sanoyi - nafisa» guruhi tomonidan Toshkentdagi Temuriylar tarixi Davlat muzeyi interyerini bezatildi. Interyerdagi 200 kv.m. o'lchovi Amir Temurga bag'ishlab ishlangan «Buyuk sohibqiron - buyuk bunyodkor» uchligi (levkas, tempera, oltin) Interyerning markaziy qismida 200 kv.m. joylashtirilgan va o'zida: «Tug'ilish», «Ulg'ayish», «Meros» mavzularini birlashtiradi. Devoriy surat ranglar va kompozision - makoniy yechimiga ko'ra muvaffaqiyatli chiqqan. Tilla hal bilan bezaklangan hoshiyali ichki gumbaz, markaziy zal ustunlari va ulkan billur qandillar bilan uchlik juda nozik tarzda uyg'unlashgan. Devoriy surat o'zining tantanavor jarangi bilan unutilmas taassurot qoldiradi. Asosiy qahramon, ya'ni Amir Temur qiyofasini aks ettirishda rassomlarning soxta kayfiyat, dabdabalilikdan chetlashgan holda, shuningdek, salobatli tasvirlay olganliklari, ayniqsa, muhimdir. Devoriy suratda Amir Temurning asosiy xususiyati, hukmdor shaxsini o'ziga xos jihatlarini ta'kidlovchi yaratuvchilik va bunyodkorlik faoliyati sahna va personajlar bilan muvofiqlashtirilgan. Guruh rassomlari o'zlarining yuqori malakalarini namoyish etdilar. Qiyofalar o'lchovi umumiy kompozisiyaga muvofiq tarzda olinganligi bois ular ushbu makoniy kenglikda yo'qolib ketmaydilar. Kompozisiyaning yuqori qismi shitob bilan parvoz qilayotgan farishtalar (markaziy qismida), fenikslar (uchlikning chap qismi) yoki opoq «xitoy» bulutchalar (uchlikning o'ng qismi) bilan tabiiy ravishda bir maromda va yengil tarzda uyg'unlashtirilgan. Bu esa butun uchlikka zaruriy bo'shliq va makomni yaratib beradi. Bunday yirik ish uchun «Sanoyi - nafisa» guruhi rassomlari Kamoliddin Behzod nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo'ldilar. 1991 - yili A. Ahmedshin Urganch shahridagi «Jayxun» mehmonxonasi interyeri uchun binoga o'rinli ravishda qo'shimcha me'moriy - badiiy ko'rinish bag'ishlovchi «Flora» nomli vitraj ishlaydi. Oxirgi yillarda O'zbekiston tashqi iqtisodiy aloqalar binosi (1998 – y.). Vashingtondagi O'zbekiston elchixonasi uchun «Ipak yo'li» (1997 - y. A. Boltaboyev eskizlari asosida), shuningdek milliy mavzularni targ'ib etuvchi qator kichik hajmli va xususiy buyurtmalar asosidagi vitrajlar A. Ahmedshin tomonidan yaratildi. Sh. Jamilova esa Toshkentdagi ximiya va fizika molimerlash instituti (1986 -y., «Havo Yer, Suv» uchligi, 50 kv.m.), Namangan viloyati Kosonsoy shahridagi ipak to'qish fabrikasi (1988 - y., «Yil fasllari» turkumi, 100 kv.m), Toshkentdagi Beruniy metro bekati, Samarqanddagi temir yo'l vokzali (1994 - y., «Tong, Kun, Oqshom, Tun», 150 kv.m.) interyerini uning vitraj va qandillari bezab turibdi. Vitrajlar beton bog'lamlarda quyma shisha quyish texnikasida bajarilgan. A. Buxorboyev esa, Florensiya mozaikasi texnikasida lazurit, bronza, nefritdan foydalanib Toshkentdagi «Le-Meridian» mehmonxonasi dahlizida uch qismli kompozisiya yaratadi. Hindiston badiiy hunarmandchiligini ramziylashtiruvchi ikki ayol qiyofasini ishlashda lazurit, bronza, nefritdan foydalanadi. Osiyo banki hozirgi qimmatbaho toshlar va ma'danlar bo'yicha Qo'mita zalini ta'mirlash ishlarida keng fazoviy kompozisiya yaratar ekan, V. Gan ham xuddi shunday muammoni hal etdi. O'z o'lchovi bilan ahamiyatli bo'lgan billurdan qilingan bu ikki kompozisiya interyerda asosiy yorug'lik va kompozision urg'u sifatida muhim ahamiyat kasb etadi. Bu yillardagi O'zbekiston mahobatli rangtasviri o'z rivojiga ko'ra yangi bosqichni egallaydi. Uslubiy loyihada miniatyura rangtasvirining ta'siri ahamiyatli o'rin egallaganligi; vatanimizning tarixiy va madaniy o'tmishi bilan bog'liq bo'lgan mavzularga murojaat etilishi zamonaviy mahobatli rangtasvir san'atining alohida xususiyatlari bo'lib qoldi. Dastgohli grafika san'ati rivoji ilgarigi ko'lamda bo'lmasada, rassomlar suvbo'yoq, chizmatasvir, linogravyura, fort texnikasida ishladilar. 1990 - yillar oxiriga kelib grafika san'atida ijodiy yuksak ishlar ro'y berganligi ta'kidlanadi. Bunda, grafika san'ati haqidagi odatdagi tasavvurlarni rad etgan holda butunlay yangi shakl va badiiy uslublar vujudga keldiki, ularda grafika, an'analaridan butunlay chetga chiqib ketganliligi va rangtasvir hamda mahobatli rangtasvirga yaqinlashganlikni kuzatish mumkin. Masalan, bu narsa M. Kagarov ijodida, uning klassik realistik grafikadan uzoqlashib, «monoprint» texnikasida kollaj yoki applikasiyani eslatuvchi («Ibodatxonaga yo'l», 1997 - y., «Qayta tirilgan Orol», 1999 - y.) kompozisiyalarida namoyon bo'ladi. Bu mavhum kompozisiyalarda chiziqlar emas, balki rangtasvirga xos yondoshish ustunlik qiladi. V. Apuxtin 1980 - yillardayoq qog'ozdagi grafik tasvirlar mohiyatini tasvirning muqobil kompozision yechimi, obrazlar ramzligi, ekspression shakliy vositalar orqali chuqur hal etgan. Bular bilan bir qatorda ekspressiv va ramziy xususiyatga ega bo'lgan abstrakt (mavhumiy) va yarim abstrakt asarlarni grafik usulda ishlashni davom ettiradi («Koinot - Inson», 1998 y., «Ma'naviyat darvozasi», 2000 y. turkum kompozisiyalar). P. Annenkov esa obrazlardagi real aniqlikni saqlab qolish bilan o'zining avvalgi ijod uslubiga sodiq qoladi, ammo oxirgi yillarga kelib, u qator kompyuter grafikasi asarlari yaratdi. G'. Boymatov noan'anaviy suv bo'yoq texnikasida izlanishi, zaruriy ahamiyatli yangi texnik yechimlarni qidirishga undashi, yozish imkoniyatlaridagi yorqin ifodali bezakdorlik va xayoliy obrazlik bilan uyg'unlashtirilgan yangicha uslub rassomning ijodini yanada yuksaltirdi. Musavvir mavzulari sezilarli tarzda o'zgarganligi: keskinlik, bo'rtirish va kinoyalilikdan chetlashganligi va o'z an'anaviy madaniyat qadriyatlariga qayta murojaati seziladi. Bunday asarlar sirasiga «O'rta Osiyoning qadimgi tangalari» (1997 - y.), «Urgutda to'y» (1996 – y.), «Ming bir kecha» (1997 – y.) kompozision asarlarini kiritish mumkin. Lekim Ibragimov asarlaridagi o'ziga xoslik va yetuklik ko'p asrli Uzoq Sharq tasviriy san'ati an'analarini mujassam etishda ko'zga tashlanadi («Osiyo okeani» siklidagi grafik va rangtasvir kompozisiyasi, «Bahor», «Kuz» siklidagi manzara janri kompozisiyalari 1999 - y.). A. Mamajonovning asarlari bizga xalq bayramlari va sayllari, shuningdek mahalliy yashash tarzi haqida hikoya qiladi. U muntazam ravishda realistik uslubda tush va peroda ishlaydi. U mahalliy xalq vakillarini kuchli xususiyatlarini ko'rsatish, hajmlilik, mutanosiblik, naturalistlarga xos ortiqcha unsurlardan cheklanish va hazilga moyillik rassom grafikasiga xosdir. Rassomlar M. Karpuzas va Yu. Gabzalilovlar ikkinchi texnik materiallar (tush, pero, qalam, guash, gratografiya, suvbo'yoq, aralash texnika)ni qo'llaydi. Gabzalilov realistik uslubga qat'iy berilgan, u o'zbeklar turmushini yaxshi biladi, xazilni o'tkir his qiladi, ba'zida fosh etuvchan. M. Karpuzasning dastgohli kompozisiyalarida lirik ba'zan esa faylasuf sifatida namoyon bo'ladi. Karpuzasning chizmalari ekspressivligi, tasvir vositalarining lo'ndaligi, naturalistik shakllarning ishtirok etmaganligi bilan ajralib turadi. Antik mavzuga bag'ishlangan, o'z vatani afsonalari ruhida ishlangan bir turkum asarlarida uning greklardan kelib chiqqanligi darhol anglashiladi. («Yig'it va qiz», Sharq motivi 1995 - y., «Oykumena», yerning odamlar yashaydigan qismi, suvbo'yoq, 1996 - y.). Mashhur avtolitografiya va suvbo'yoq ustasi M. Sodiqov oxirgi o'n yilliklarda o'ziga odat bo'lib qolgan avtolitografiya texnikasidan voz kechib, asosan, suvbo'yoqda o'zi uchun sevimli bo'lgan Buxoroning eski shahar ko'chalarini ishlaydi. Keksa avlodga mansub grafikachi rassom S. Redkin buyuk ajdodlarimiz — Mirzo, Ulug'bek, Beruniy, Navoiy, shuningdek Sadriddin Ayniyning portretlarini yaratdi. Samarqandlik grafikachi rassom «Avlodlarimiz izidan» (1991 – y.), «Ustaning bir kuni» (1991 – y.), «Budda qo'ng'irog'i» (1991 – y.) kabi turkum asarlari ona vatan tarixi va madaniyatiga bag'ishlangan bo'lib, avtolitografiya texnikasida bajarilgan. Plakat sohasida qo'qonlik Ahmadaliyev 1970 - yili Pragada bo'lib o'tgan Xalqaro ko'rgazmada Kumush nishon bilan taqdirlangan. Oxirgi yig'irma yil davomida ramzlar va belgilar tizimini ishlab chiqqan E. Ishoqovning shogirdlari L. Tioraning «Kalligrafiya - impuls» (daraxt tanasi qogoz (matnli) svitkalar bilan qorishib ketgan (instalyasiya) asarida ham arab va xitoy kalligrafik yozuvi uyg'unligiga urinish seziladi. L. Zufarining asarlarida E. Ishoqovning tizim va belgilar konsepsiyasi ta'sirida yaratilgan bo'lsada, lekin uning asarlarida o'ziga xos mustaqil yondoshganlik seziladi. Uning asarlarida tosh va uning sirtiga ishlangan ramziy yozuvlar uyg'unlashtiriladi. («Turk ruknlari», 1993 –y.). T. Aktov kompozisiyalarida ramziylikka intilish ko'zga tashlansa, Yu. Alagir ijodida mavhum belgili kompozisiyalar ustunlik qiladi. 90 - yillarda ko'rgazma va galereyalarda grafikachi rassomlar Murod va Muhammad Fozilovlarning pargor va chizg'ich yordamida yaratgan qat'iy, ramziy va kosmagonik o'ziga xos ruhdagi asarlari paydo bo'ldi. Suvbo'yoq texnikasida D. Mirsalimov, A. Ligay, va A. Lilar katta yutuqlarga erishdilar. 2000 - yilga kelib esa, mashhur rangtasvirchilar grafika texnikasila yaratgan asarlari bilan ko'rgazmalarda qatnasha boshladilar. 2001 - yil aprel oyida «Ilhom» teatrida bo'lib o'tgan B. Jalolov, va S. Alibekovlarning grafik asarlari ko'rgazmasida aynan shu holatni ko'rish mumkin. B. Jalolov chizmatasvir ustasi ekanligini yana bir bora namoyish etish bilan ko'pchilikni hayratga solgan bo'lsa, S. Alibekov o'zining betakror fantaziyalari bilan rangli qalam imkoniyatlarini namoyish etdi. 90 - yilar dastgohli grafika rivojida ramziy - mavhumlik va bezakdorlik uslubi alohida ta'kidlanadi. O'zbekiston mustaqillikka erishganidan so'ng yurtimizning qadimiy tarixini yorituvchi kitob va risolalar ko'plab nashr etila boshlandi. Bugungi kunda O'zbekistonda o'ndan ortiq nashriyotlar faoliyat ko'rsatmoqda. Ushbu nashriyotlarda, zamonaviy o'zbekistonlik mualliflar bilan bir qatorda ajdodlarimiz qalamiga mansub, shuningdek, horijiy mualliflarning asarlari ham chop etilmoqda. Nashriyotlarda detektiv, fantastik janrlardagi kitoblar soni ko'paydi. Milliy falsafiy va diniy meros kitoblari nashri ortdi. Kitoblarni bezash ishlari ancha kamaydi. Lekin muqova va sarmuqova qilishga ehtiyoj ortib ketdi. Aynan o'shalar xaridor e'tiborini tortmoqda. «O'qituvchi» nashriyotida bir guruh yoshlar tomonidan kompyuter grafikasini fotomontaj bilan ijodiy muvofiqlash-tirilmoqda. Shu guruhdagi yosh rassom Sh. Mirfayozov o'quv qo'llanmalarni bezash bilan shug'ullanmoqda. Shu nashriyotda ishlayotgan E. Nurmonovning grafik ishlari kompozisiyasining jiddiyligi va simmetrikligi hamda ranglarning vazminligi bilan ajralib turadi. U bajargan muqova va illyustrasiyalarda realistik uslub yaqqol seziladi. Yangi davr zamonaviy kitob grafika san'atida A. Bobrov, A. Mamajonov, M. Karpuzas, Yu. Gabzalilov, A. Kiva, A. Panamaryovlar, shuningdek, O. Vasixonov, G. Millerlar jiddiy grafika ustasi bo'lib qolmoqdalar. Tajribali grafikachi rassom Q. Basharov R. Kiplingning «Maugli» kitobiga an'anaviy realistik uslubda o'ttiz to'rtta rangli illyustrasiyalar ishlangan. Qalam (pero), guash va suvbo'yoq texnikalarini puxta egallagan A. Bobrov xalq ertaklariga ifodali, obrazli va o'ziga xos uslubda illyustrasiya yaratmoqda. Grafika ustasi A. Mamajonov «Alpomish» eposiga realistik va mazmunan ifodali bo'lgan illyustrasiyalarni tush va peroda bajargan. Shu bilan bir qatorda u ofort texnikasida Navoiy asarlari «antologiyasi»ga illyustrasiyalar ishlagan, ularda miniatyura an'analarining ta'siri seziladi. Shuningdek, qoraqolpoq dostoni «Maspasha» ham A. Mamajonov tomonidan bajarilgan. A. Kariuzas kitob bezatish mahoratini puxta egallagan va o'ziga xos ijodiy uslub yaratgan. Keyingi paytlarda u diqqatini muqovalar, frontispislarni bezatishga qaratmoqda. Yu. Gabzililov uslub va usullarni mohirlik bilan o'zlashtirgan holda, illyustrasiyalarga dostonda ta'rif egilgan maishiy hayot ruhini singdiradi. U realistik ifodaviy obraz yaratilishga moyildir. Kitob grafikasi ustasi A. Kivaning mo'yqalamda ishlangan rangli illyustrasiyalarida rassomning ranglarni ziyraklik bilan his etishi namoyon bo'ladi. Tajribali usta A.Mahkamov tomonidan «Sharq xalqlari ertaklari» kitobiga ishlangan illyustrasiyalar badiiy jihatdan yuksak bajarilgan. Ulardagi realistik chizma asosida Sharq miniatyurasi ta'siri yaqqol seziladi. Feruza va Laylo Basharovalar Sh. Perroning «Ona g'oz ertaklari»ga («Sharq» nashriyot - maktabi aksiyadorlik kompaniyasi) bolalar dunyoqarashiga moslab realistik uslubda illyustrasiyalar yaratganlar. Ma'lumki, o'zbek kulolchilik san'ati qadimiy davrlardan shu kungacha keng tarqalgan va aholi ehtiyojlarini qanoatlantirib kelgan, muhim kasb - hunar sohasidir. Hozirgi vaqtda badiiy bezatish uslubi, plastik va texnologik xususiyatlari bo'yicha uchta asosiy kulolchilik maktablari mavjud. Farg'ona badiiy kulolchilik maktabi (asosiy markazlari - Rishton, G'urumsaroy); Buxoro - Samarqand kulolchilik maktabi (asosiy markazlari Samarkand, Urgut, G'ijduvon, Uba, Shahrisabz); Xorazm badiiy kulolchilik maktabi (asosiy markazlari - Madir va Kattabog' qishloqlari). Har bir maktab rivojlanishi va ijodiy tamoyillari, yetakchi markaz va ustalari, boshqa maktablardan farqlovchi xususiyatlari bilan belgilanadi. Ular o'z qonuniyatlari doirasida faoliyat ko'rsatadi va asosiy badiiy tamoyillari umumiyligini saqlab keladi. 1990 - yillarda O'zbekiston ijtimoiy - iqtisodiy hayotining o'z holiga kelishi natijasida, an'anaviy qadriyatlarga diqqat e'tibor qaratildi. Chet davlatlar bilan aloqalar kengaytirilmoqda. Respublikada bir qator xalqaro muassasalar ochildi. Ular xalq san'atiga bo'lgan e'tiborni kuchaytirdilar. Chunonchi, 1995 - yilda bo'lib o'tgan (BMTning 50 yilligi munosabati bilan) 1 - Respublika yarmarkasida O'zbekistonda mavjud kulolchilik markazlarining vakillari ustalari maxsus tayyorlangan «Usta guvohnomasi» sertifikatiga sazovor bo'ldilar. Bular o'z maktab an'analarini qadrlab va rivojlantirib kelayotgan ustalar R. Zuhurov (Denov), M. Turopov (G'urumsaroy), I. Komilov (Rishton), Alisher va Abdulla Narzullayevlar (G'ijduvon), Nomoz va No''mon Obloqulovlar (Urgut), R.Matchanov (Xorazm), A.Rahimov (Toshkent)lardir. 1997 - yili O'zbekiston Badiiy Akademiyasi tashkil etilishi va bir qator yetakchi kulollar - Akbar Raximov (Toshkent), Sharofiddin Yusupov (Rishton), Xudoyberdi Haqberdiyev va Sharif Azimov (Samarqand) Akademiyaning haqiqiy a'zosi bo'lib saylangani O'zbekiston kulolchigi an'analarining yuksak mavqei va darajasidan dalolat berdi, shuningdek, bu amaliy bezak san'at turining an'analarini rivojlantirishga samarali turtki bo'ldi. Xullas, mustaqillik yillarining dastlabki o'n yilligi davrida O'zbekiston tasviriy san'atning barcha sohalarida alohida bir ijodiy izlanishlar, tarixiy, madaniy va axloqiy qadriyatlarning doirasini kengaytirish, yangilanish tamoillari - rassomlarning yangicha badiiy talqinlar ustida samarali ish olib borayotganliklarini namoyon etadi. Download 45.37 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
1 2
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling