6-bob. Ko‘p kvartirali uyni bevosita joylarning mulkdorlari tomonidan boshqarish
24-modda. Ko‘p kvartirali uyni bevosita joylarning mulkdorlari tomonidan boshqarish to‘g‘risida qaror qabul qilish
Ko‘p kvartirali uyni yuridik shaxs tashkil etmasdan bevosita joylarning mulkdorlari tomonidan boshqarish usulini bittadan ko‘p bo‘lmagan ko‘p kvartirali uydagi joylarning mulkdorlari tanlashi mumkin.
Agar umumiy yig‘ilish tomonidan ko‘p kvartirali uyni bevosita joylarning mulkdorlari tomonidan boshqarish usulini tanlash to‘g‘risida qaror qabul qilingan bo‘lsa, shu yig‘ilishning o‘zida mazkur uydagi joylarning mulkdorlari orasidan ko‘p kvartirali uyning kengashi saylanadi.
Kvorum mavjud bo‘lmagan taqdirda tashabbuskorlar umumiy yig‘ilish o‘tkaziladigan yangi sanani tayinlaydi, ushbu umumiy yig‘ilish bo‘lib o‘tmagan paytdan e’tiboran kamida qirq sakkiz soatdan keyin va o‘ttiz kundan kechiktirmay chaqirilishi mumkin.
Joylarning mulkdorlari tomonidan ko‘p kvartirali uyni bevosita boshqarish usulini tanlash to‘g‘risidagi qaror joylar mulkdorlarining yoki ular vakillarining umumiy yig‘ilishida hozir bo‘lganlarning ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Agar mulkdor umumiy yig‘ilishda shaxsan ishtirok eta olmaydigan bo‘lsa, u ko‘p kvartirali uyni boshqarish usulini tanlash to‘g‘risidagi masala yuzasidan umumiy yig‘ilish o‘tkazilguniga qadar, yig‘ilish tashabbuskoriga mulkdorning mazkur masala bo‘yicha fikrini aks ettiruvchi yozma shakldagi arizani topshirish yo‘li bilan ovoz berishga haqli.
Ko‘p kvartirali uy bevosita joylarning mulkdorlari tomonidan boshqarilganda umumiy mol-mulkni saqlash, undan foydalanish va uni ta’mirlash bo‘yicha uy-joy-kommunal sohasidagi tashkilotlar bilan xizmatlar ko‘rsatishga doir shartnoma joylar mulkdorlari umumiy yig‘ilishining qarori asosida ko‘p kvartirali uy kengashining raisi tomonidan tuziladi. Bunda uchinchi shaxslar bilan munosabatlarda ko‘p kvartirali uyning mulkdorlari nomidan joylar mulkdorlarining umumiy yig‘ilishi vakolat bergan bir yoki bir necha joy mulkdori ishtirok etishga haqli.
Do'stlaringiz bilan baham: |