22-modda. Ko‘p kvartirali uyni boshqarish usulini tanlash
Joylarning mulkdorlari ko‘p kvartirali uy foydalanishga qabul qilingan kundan e’tiboran uch oy muddatda umumiy yig‘ilishda ko‘p kvartirali uyni boshqarish usuli to‘g‘risida qaror qabul qilishi shart. Bunday qaror qabul qilinguniga qadar mulkdorlar umumiy mol-mulkni saqlash bilan bog‘liq majburiyatlar yuzasidan solidar javob beradi.
Ko‘p kvartirali uyni boshqarish usulini tanlash to‘g‘risida ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan muddatda joylarning mulkdorlari o‘rtasida kelishuvga erishilmagan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining hududiy bo‘linmasi uch oylik muddatda ko‘p kvartirali uyni boshqarish organi vazifalarini amalga oshiruvchi boshqaruv tashkilotini yoki boshqaruvchini belgilaydi.
Agar ushbu moddaning ikkinchi qismida ko‘rsatilgan muddat mobaynida joylarning mulkdorlari tomonidan ko‘p kvartirali uyni boshqarish usuli to‘g‘risidagi masala hal etilmagan bo‘lsa yoki ko‘p kvartirali uyni boshqarish usulini tanlash to‘g‘risida qabul qilingan qaror amalga oshirilmagan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy-kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining hududiy bo‘linmasi ko‘p kvartirali uyni boshqarish uchun boshqaruvchi tashkilotni yoki boshqaruvchini tanlash bo‘yicha ochiq tanlov o‘tkazadi.
Ko‘p kvartirali uyni boshqarish usuli umumiy yig‘ilishning qarori asosida istalgan vaqtda o‘zgartirilishi mumkin. Umumiy yig‘ilishning boshqaruv usulini tanlash to‘g‘risidagi qarori mazkur ko‘p kvartirali uydagi barcha joylarning mulkdorlari uchun majburiydir.
23-modda. Ko‘p kvartirali uyni boshqarish uchun ochiq tanlov o‘tkazish
Ko‘p kvartirali uyni boshqarish uchun ochiq tanlov quyidagi prinsiplarga asoslanadi:
tanlovda ishtirok etish uchun teng sharoitlar yaratish;
halol raqobat;
tanlov o‘tkazish to‘g‘risidagi axborotni olish erkinligi.
Ko‘p kvartirali uyni boshqarish uchun boshqaruvchi tashkilotni yoki boshqaruvchini tanlash bo‘yicha ochiq tanlov o‘tkazish to‘g‘risidagi axborot O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining rasmiy veb-saytiga va boshqa ommaviy axborot vositalariga joylashtiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining hududiy bo‘linmasi ko‘p kvartirali uyni boshqarish bo‘yicha tanlovning tashkilotchisidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |