9-mavzu. G’arbiy Yevropa davlatlari V asr oxiri – XI asr o’rtalarida Maqsad
Angliyada VII-VIII asrlarda yer egaligi
Download 140 Kb.
|
11 mavzu G‘arbiy Yevropa davlatlari XI asr o‘rtalari XV asr oxirida
Angliyada VII-VIII asrlarda yer egaligi. Ingliz dehqoni va hatto, erkinlikka chiqarilgan kishining avlodlari xo‘jayin yoki qiroldan yer uchastkasi olib, tan bo‘lib qolishi mumkin edi. Tarixchilarning darak berishicha, o‘sha davrda ingliz tanlarining deyarli to‘rtdan bir qismi dehqonlar va hunarmandlardan kelib chiqqan. Bu davrda yuqoridagi jarayonlar bilan bir vaqtda hukmronlik va bo‘ysunish munosabatlari ham rivojlanishda davom etgan. X asrda o‘zi uchun sudda javob bera olmaydiganlarning hammasiga o‘ziga glaford topish buyurilgan, ya’ni majburiy kommendatsiya (vassalni xo‘jayinga qaramligi) joriy etilgan. Angliyada kommendatsiya VII-VIII asrlarga oid esdaliklardayoq uchraydi, lekin bu narsa IX-X asrlarda ayniqsa ko‘paydi. Angliya qiroli Etelstan (Buyuk Alfredning nevarasi) 930 yilda har bir erkin kishiga o‘zi uchun bir xo‘jayin (angl-sakscha "lord", fransuzcha "senor" degan iboraga to‘g‘ri keladi) topib olishni buyurgan. Etelstan qonunlariga binoan, agar dehqon ma’lum muddat mobaynida qandaydir feodalning himoyasida bo‘lmasa, u qochoq deb topilgan va har kim uni jazo bermay o‘g‘ri sifatida o‘ldirishi mumkin edi. Dehqonning o‘z yonidagi katta yer egasiga bo‘lgan qaramligini davlat hokimiyati immunitet tarzida rasmiylashtirgan. Qirol katta yer egalariga o‘z atrofidagi aholini sud qilish va undan tegishli sud bojlari olish huquqini bergan. Bunday xususiy sud qilish huquqi soka deb, xususiy sud qilingan dehqonlar esa sokmenlar deb atalardi. Har qanday odam qirol sudiga murojaat qilishdan avval o‘zining glafordiga murojaat qilishi lozim edi.
Yuqoridagilar bilan bir vaqtda kafillik instituti har qanday kishiga uning glafordi va ma’lum (12 tadan ortiq bo‘lmagan) miqdordagi erkin kishilarning kafolat berishi mustahkamlangan. XI asrga kelib, tanlarning ham, qaram dehqonlarning ham yerga oid xizmatlari belgilangan. Tanlar qirollik hujjatiga asoslangan yerlarga egalik qilish huquqiga ega bo‘lganlar va uchta asosiy majburiyatlarni bajarishlari lozim edi. Bular: yurishlarda, istehkomlar qurishda va ko‘priklar tuzatishda ishtirok etish majburiyatlari edi. Bundan tashqari, ko‘pchilik dehqon uchun qirol buyrug‘i bilan boshqa xizmatlar: qo‘riqlanadigan qirollik bog‘larini yaratish, kemalarni jihozlash, qirg‘oqlarni qo‘riqlash, cherkov yerlariga qarab turish va boshqalar ham joriy etilishi mumkin edi. Tanlar asta-sekin harbiy tabaqani tashkil etganlar. Kambag‘allashgan kyorllardan ko‘p sonli qaram dehqonlar tashkil topgan. Bunday dehqonlarning majburiyatlari ba’zan aniq o‘rnatilgan, ba’zan esa aniq belgilanmagan edi. Majburiyatlar joylardagi urf-odatlar bilan belgilanardi. Dehqon o‘lgandan keyin uning barcha mol-mulki glafordda qolardi. Zamindor lordlar manorlar (bu so‘z ham angl-sakslar vaqtida paydo bo‘lgan) deb atalgan o‘z mulklarida qisman qullar mehnatidan, qisman esa krepostnoylar (qaram dehqonlar) mehnatidan foydalanardilar. 1000-yilga oid bir manbaada dehqonlarning turli guruhlari tasvirlanadi, lekin ilgari kyorl degan nom o‘rniga mazkur hujjatda genitlar va geburlar degan yangi nomlar ishlatiladi; genitlar xususiy yer egalari bo‘lib, qisman qirolga, qisman yonidagi lordlarga soliqlar to‘lab turuvchi erkin dehqonlar edi, geburlar esa o‘z yeri bo‘lmay, feodallarning yerida dehqonchilik qilib, unga yil bo‘yi har haftada uch-to‘rt kun juda og‘ir barshchina o‘tab beruvchi va bundan tashqari, lordga mol, g‘alla, pul shaklida turli soliqlar to‘lab turuvchi dehqonlar edi. Kam yerli dehqonlarning yana bir guruhi bo‘lmish kassitlar (kotterlar) ham tilga olinadi, bularning kichik bir parcha yerlari va kulbalari bo‘lib, ular evaziga uncha katta bo‘lmagan barshchina majburiyatini o‘tar edilar. VIII-IX asrlarda, ayniqsa, X asrda angl-sakslarning patriarxal jamoa tartiblari tobora tushkunlik sari yuz tutdi. Hali kuchli bo‘lgan qishloq jamoasi bilan bir qatorda katta zodagon yer egaligi avj oldi. Qirol maxsus yorliqlar berib, yerni dunyoviy zodagonlarga va cherkovga xususiy mulk qilib bera boshladi. Odatdagi qonun-qoidalarga asoslangan yer mulkiga, ya’ni jamoalarning, dehqonlarning yer mulkiga (folklendga) qarama-qarshi o‘laroq, mamlakatda pomeshchiklar mulki (boklend), ya’ni yerga qirol yorlig‘i asosida egalik qilish tobora kuchayib bordi, qirol yer feodallarning xususiy mulki bo‘lishini tan olish bilan birga, boklend egalariga ko‘pincha yana bir qancha imtiyoz va immunitetlar (mahalliy dehqon aholisini sud qilish va ulardan soliq olish huquqi)ni ham berdi.Dehqonlarning chek yeri borgan sari maydalanib bordi. Katta dehqon oilasining ilgarigi o‘rtacha chek yeri - gayda o‘rniga IX-X asrlarda hamma joyda dehqonlarning miqdor jihatidan ancha oz bo‘lgan yangi chek yeri - virgata uchraydi. Daniyaliklarning hujumi dehqonlarning ahvoliga juda yomon ta’sir qildi. Daniyaliklar o‘z hujumlari vaqtida dehqonlarning xo‘jaligini butunlay vayron qilardilar. Dehqonlar burglar, ko‘priklar va yo‘llar qurish, lashkarlar safida turib qo‘riqchilik qilish va harbiy xizmatni o‘tash uchun juda ko‘p vaqt sarflashga majbur edilar. Har bir chek yerga solinadigan va tobora ortib borgan "daniyaliklar puli", ya’ni daniyaliklarga qarshi kurashish uchun yig‘iladigan soliq ham dehqonlar zimmasidagi og‘ir yuk edi. Biroq angl-sakslarda jamiyatning feodallashuvi jarayoni normanlar istilosi vaqtida tugallanmagan edi. Dehqonlarning loaqal yarmi hali erkin jamoa a’zosi bo‘lib, ularning lordlar bilan bo‘lgan munosabati hali butun-lay krepostnoylik munosabatlari tusini olmay, balki homiylik munosa-batlarigina edi. Hatto krepostnoylashtirilgan geburlarning ahvoli ham turlicha bo‘lib, har qaysi manor har xil edi. Bir qancha joylarda geburlar qaram kishilarga o‘xshardi, lekin ular chinakam krepostnoylik holatida emasdilar. Shimoli-sharqiy Angliyada, daniyaliklar o‘rnashgan mintaqada erkin dehqonlar (erkin kishilar) hali juda ko‘p edi. Skandinavlar jamiyatining ancha keyin taraqqiy etishi, sharqiy Angliyadagi daniyalik-skandinaviyalik aholi orasida urug‘chilik tuzumi elementlarining saqlanib qolishi natijasida shunday hol yuz berdiki, hatto janubi-sharqdagi angl-saks dehqonlari ilgarigi erkinligi va mustaqilligidan butunlay mahrum bo‘lgan bir vaqtda ham "daniyaliklar mintaqasi"dagi dehqonlar o‘z mustaqilligini birmuncha saqlab qolgan edi.Angliya ruhoniylari arxiepiskop Kenterberiyskiy boshchiligida papa hokimiyati bilan bo‘lgan munosabatda, qit’adagi cherkovga qaraganda, ancha mustaqil mavqedan foydalanganlar. Ibodat qilish mahalliy tilda olib borilgan. Ruhoniylarning vakillari mahalliy va qirollik majlislarida dunyoviy ishlarni hal qilishda ishtirok etganlar.Angliya cherkovi katta yer egasi edi. Unga mamlakatdagi butun yerlarning uchdan bir qismigacha tegishli bo‘lgan. Shu bilan birga dindor shaxslar umumdavlat soliqlari va majburiyatlaridan ozod qilinmagan edilar. Umuman olganda, normandlar istilosi arafasida angl-sakslar jamiyatining feodallashuvi, feodal yer egaligining, vasallik-lenlik ierarxiyasining rasmiylashishi hali nihoyasiga yetmagandi. Mamlakatda, ayniqsa, uning sharqiy qismida hali erkin dehqonlarning anchagina qatlamlari mavjud edi. Lekin shunga qaramay, XI asrga kelib, butun Angliya hududida jamoa munosabatlari o‘z o‘rnini allaqachon feodal munosabatlarga bo‘shatib bergan edi. Lekin, davlat tuzumida urug‘-qabila tashkilotlarining anchagina qoldiqlari saqlanib qolgan edi. Download 140 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling