9-mavzu: Osiyo mamlakatlari haqida tushuncha
Sharqiy va janubi–sharqiy Osiyo davlatlari
Download 1.42 Mb.
|
9-mavzu
2. Sharqiy va janubi–sharqiy Osiyo davlatlari
Sharqiy Osiyo davlatlari. Osiyoning sharqiy qismida joylashgan hududlari Sharqiy Osiyo subregioni hisoblanadi. Shimoliy, g‘arbiy, janubiy qismlaridan mintaqaning quruqlik chegaralari o‘tsa, sharqi Yapon, Sariq, Sharqiy Xitoy, Janubiy Xitoy dengizlari zanjiri bilan o‘ralgan. Uning umumiy maydoni 11,8 mln km.kv, aholisi soni esa 1,5 mlrd.dan ortiq. Mazkur mintaqa Yer shari quruqlik maydoning deyarli 8% ini egallaydi; dunyo aholisining 22,2% ni o‘z ichiga oladi; dunyo bo‘yicha YMM ning 1/4 qismidan ortiq shu mintaqa hissasiga to‘g‘ri keladi. Subregion hududida 5 ta mustaqil davlat joylashgan. Sharqiy Osiyo subregioni Osiyoning maydon jihatdan eng katta mintaqasi hisoblanadi. Uning davlatlari orasida Xitoy maydon kattaligiga ko‘ra jahonda uchinchi, aholi soniga ko‘ra esa, birinchi o‘rinni egallaydi. Koreya Respublikasi mintaqaning maydon jihatdan kichik davlati hisoblansa, Mongoliya aholi soniga ko‘ra guruhda so‘nggi o‘rinni egallaydi. Subregion davlatlarining yana bir o‘ziga xos jihati shuki, har bir davlat o‘z siyosati, rivojlanish holatiga ko‘ra deyarli bir-biriga o‘xshamaydi. Bu yerda bozor iqtisodiyoti talablarini o‘zida singdirgan sotsialistik tuzum asosida rivojlanayotgan Xitoy Xalq Respublikasi, jahonning eng harbiylashgan, yopiq davlat siyosat yurituvchi, totalitar tuzumga ega bo‘lgan Koreya Xalq Demokratik Respublikasi (KXDR), mintaqadagi yagona monarxiya tuzumiga ega bo‘lgan, jahonning iqtisodiy jihatdan eng rivojlangan davlatlaridan biri – postindustrial davlat Yaponiya, yangi sanoatlashgan davlat – Koreya Respublikasi bilan bir qatorda iqtisodiyoti nisbatan past darajada rivoj langan Mongoliya joylashgan. To‘g‘ridan to‘g‘ri Tinch okeaniga chiqish imkoniyatiga ega (Mongoliyadan tashqari) ekanligi, subregionning qadimiy sivilizatsiya markazlaridan biri ekanligi geografik o`rnining ijobiy jihatlari hisoblansa, g`arbiy va janubiy qismlarining baland tog`liklardan iboratligi, asosiy qismi Tinch okeanbo`yi seysmik zonasida joylashganligi, salbiy jihat sifatida namoyon bo`ladi. Sharqiy Osiyo davlatlari relief xususiyatlari nisbatan o`xshash. Barcha davlatlarda tog`li hududlar katta maydonni tashkil qiladi. Shu bilan bir qatorda, Gobi, Taklamakon kabi cho‘llar ham mavjud. Tog‘oldi, daryo vodiylari, dengizbo‘yi hududlari mintaqaning asosiy tekislik hududlarini tashkil qiladi. Sharqiy Osiyo davlatlari, asosan, mo‘tadil, subtropik va subekvatorial mintaqalarda joylashgan. Mazkur davlatlar iqtisodiyotida ularning hududida mavjud bo‘lgan tabiiy resurslar katta ahamiyatga ega. Mineral resurslarning turli ko‘rinishlari Yaponiyadan boshqa barcha davlatlarda tarqalgan bo‘lsa, Yaponiya, Koreya yarimoroli davlatlari suv resurslariga boyligi bilan ajralib turadi. Undan tashqari, yer (Xitoy), o‘rmon (Xitoy, Koreya yarimoroli davlatlari), rekreatsion (Yaponiya, Xitoy, Koreya Respublikasi) resurslar ham katta iqtisodiy ahamiyatga ega. Subregion aholi soni, uning zichlik darajasi yuqori bo‘lgan hududlardan biri hisoblanadi. Ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot omili Yaponiya, Koreya Respublikasi aholisining tabiiy ko‘payish darajasiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ularda tug‘ilish darajasi pastligi sababli aholi orasida katta yoshlilar hamda qariyalarning salmog‘i ortib bormoqda. Xitoyda aholi sonining sekin o‘sishiga, bu yerda so‘nggi yillargacha olib borilgan aholi sonini qisqartirishga qaratilgan demografik siyosat sabab bo‘lmoqda. Mintaqa davlatlari orasida KXDR va Mongoliyada tabiiy ko‘payish jarayoni yuz bermoqda. Subregionda aholi o‘rtacha zichligi 1 km.kv.ga 136 kishiga teng. Aholi zichlik ko‘rsatkichlari Koreya Respublikasida eng yuqori (1 km.kv.ga 510 kishi), Mongoliyada esa eng past (2 kishi). Subregionda o‘rtacha urbanizatsiya darajasi 58% bo‘lgan holda, uning davlatlari orasida iqtisodiyoti rivojlangan Yaponiya (93%), Koreya Respublikasida (82%) baland, KXDRda esa past (60%) ko‘rsatkichlar kuzatiladi. Sanoatida konchilik (Xitoy, Mongoliya, KXDR), yoqilg‘i-energetika (Xitoy, Koreya Respublikasi, Yaponiya), qora va rang li metallurgiya (Xitoy, Yaponiya, Koreya Respublikasi), mashinasozlik (Xitoy, Yaponiya, Koreya Respublikasi), kimyo (Xitoy, Yaponiya, Koreya Respublikasi, KXDR), o‘rmon va yog‘ochsozlik (Xitoy, Koreya Respublikasi), yengil va oziq-ovqat (subregionning barcha davlatlari) tarmoqlari muhim ahamiyatga ega. Turli tarmoqlarda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha Xitoy, Yaponiya, Koreya Respublikasi davlatlari jahonda yetakchi davlatlardan hisoblanadilar. Ayniqsa, ushbu davlatlarning qora metallurgiya, kemasozlik, avtomobilsozlik, elektronika va elektrotexnika, kimyo sanoatlaridagi ulushi katta. Sharqiy Osiyo davlatlari iqtisodiyotida qishloq xo‘jaligi katta ahamiyatga ega. Mongoliya va Yaponiya qishloq xo‘jaligida chorvachilikning, qolgan davlatlarda esa dehqonchilikning hissasi yuqori. Dehqonchilik tarmoqlaridan donchilik (bug‘doy, sholi, makkajo‘xori), texnik ekinlar yetishtirish (paxta, tamaki, choy, kartoshka, soya), bog‘dorchilik yaxshi rivojlangan. Chorvachilikda qoramolchilik, cho‘chqachilik, parrandachilik va baliqchilik muhim o‘rin tutadi. Mongoliyada qo‘y va echkichilik, yilqichilik, tuyachilik va bug‘uchilik tarmoqlari ham rivojlangan. Transportida quruqlik transporti muhim ahamiyatga ega. Dengizbo‘yida joylashgan davlatlarda suv transporti ham yaxshi rivojlangan. Download 1.42 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling