Qiyosiy tipologiya fanining paydo bo‘lishi. Professor J.B.Bo‘ronov ushbu fanning yuzaga kelishini quyidagi sabablar bilan bog‘laydi (Bo‘ronov, 1973, b. 84-86):
Tipologik taqlid. Ushbu omil ma’lum bir til sistemasini aks ettirgan muayyan tahlil vositasida boshqa bir til sistemasini o‘rganish jarayoni bilan izohlanadi. Bunda ma’lum bir til sistemasi yoki subsistemasi boshqa til sistemasi yoki subsistemasiga taqlid qilish asosida yaratiladi. SHuningdek, bunda biror tilda yaratilgan yoki aniqlangan muayyan til tizimidagi yangilik boshqa tillar uchun asos bo‘lishi mumkin.
Qiyosiy-tarixiy metodlar. Bunda qiyosiy-tarixiy tilshunoslik vakillari qardosh tillar sistemalarini tadqiq etib, til birliklarining (fonetik, morfologik, leksik, sintaktik) tarixiy paydo bo‘lishining umumiy praforma (tiklangan ilk forma)larini aniqlab, qiyosiy tipologiya fanining yuzaga kelish jarayonini tezlashtirdi. Demak, qardosh tillar sistemasidagi muammolarning o‘rganilishi qiyosiy tipologiya fanining vujudga kelishiga sabab bo‘ldi.
O‘rganilmagan tillarni o‘rganish jarayoni. Bu omilning mohiyati shundaki, o‘rganilmagan tillar ya’ni, yozuvi bo‘lmagan, ma’lum xalqlarning tillari o‘rganilgan tillarning sistemalariga qiyoslab o‘rganiladi.
Tarjima fanining rivojlanishi. Qiyosiy tipologiya fanining paydo bo‘lishiga asos bo‘lgan omillardan biri tarjima tilning sistemasini o‘rganish bo‘ldi. Keyinchalik, tarjima jarayonida ikki tilning sistemasini qiyosiy o‘rganish bu fannining rivojiga o‘z hissasini qo‘shdi.
Lug‘atlar tuzish jarayoni. Ikki tilli lug‘atlar (tarjima va manba tillar)ning tuzilishi ushbu fanning paydo bo‘lishini taqozo etdi.
YAngi universal metodlarning yaratilishi. Bu omil qardosh va qardosh bo‘lmagan tillar sistemalarini o‘rganish, ularning farqli va o‘ziga xos xususiyatlarini aniqlash imkonini berdi.
CHet el tillarini amaliy o‘rganish. Xorijiy tilni o‘qitish jarayonida chet til va ona til sistemasi taqqoslanadi, ayni vaqtda ushbu taqqoslash til o‘qitish metodi sifatida qaraladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |