Abdulla oripov va lirik men


Download 19.7 Kb.
Sana09.01.2022
Hajmi19.7 Kb.
#261443
Bog'liq
aOripov maqola


ABDULLA ORIPOV VA LIRIK MEN

Jamoldin Yoqubov Madamin o’g’li

Andijon davlat universiteti

O’zbek tili va adabiyoti kafedrasi o’qituvchisi



Annotatsiya: Ushbu maqolada O’zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovning “Mitti yulduz” va “Yillar armoni” kitoblaridagi ayrim she’rlar tahlil etiladi.

Tayanch iboralar: Lirik qahramon, lirik men, subyekt.

O’zbek adabiyotida Navoiydan keyin eng ko’p mutolaa qilingan, deya ta’rif berilgan shoir Abdulla Oripov bugun oramizda yo’q. Shoirdan buyuk bir adabiy me’ros qoldi. Uning goh sodda, goh falsafiy mulohazalarga boy she’riyati adabiyotshunoslar tomonidan hozirgacha tadqiq qilindi va kelajakda ham o’zining munosib bahosini oladi. Har bir iste’dodli shoir mahoratini belgilovchi asosiy mezon sifatida she’riyatda lirik qahramon xarakterini qay darajada kashf eta olish qudrati yuksak o‘rinda turadi. Asrlar mobaynida o‘zbek she’riyatida insonning murakkab ruhiy dunyosi, uning xarakter qirralari yoritib kelinadi. Bundan katta tajriba orttirgan, zamonga o‘tkir tafakkur ko‘zi bilan qarovchi Abdulla Oripovning mahorati shundaki, u o‘z she’riyatida keng qirrali va ayni paytda original lirik qahramon xarakterini yarata oldi. Cho‘lpon bir she’rida shunday yozgan edi:

Ket, malaklar dostonini o‘qima,

Ket, aslsiz ertaklarni to‘qima.

Ket, ko‘nglimni aldaguvchi yolg‘on nur [4,23].

Lirik qahramon xarakterida hayot va insonni bor murakkabligi, ziddiyati, dunyosiga haqiqat ko‘zi bilan qarash xususiyati ustun turadi. Shu bois, u hayot va inson haqidagi “aslsiz ertaklarga” ishonmaydi. Achchiq haqiqat u uchun yagona e’tiqod. Abdulla Oripov ham lirik xarakter yaratishda haqqoniy yo‘l tutdi. Inson xarakterining hali ochilmagan qirralarini, inson ruhiy dunyosida kechishi tabiiy bo‘lgan kechinmalarni ana shu lirik xarakter timsolida ifoda etdi. Har qanday tabiiy bo‘lmagan narsa sun’iy va soxtadir. Har qanday sun’iy bo‘lmagan narsa tabiiy va sofdir.

Shoir she’riyatida bitta lirik qahramon bo‘lib, uning xarakterining shakllanish bosqichlaridan mukammal xarakter qiyofasiga kirgunicha dialektik tarzda o‘sib o‘zgarib, dunyoqarash va tafakkuri ham o‘tkirlashib boradi.

Yosh lirik qahramon xarakterining boshlang‘ich nuqtadagi holati nihoyatda tabiiy.

Buni “Qushcha ”, “Yulduzlar ” she’rlarida kuzatamiz.

Bilsang, men ham chaman o‘lkamning ,

Sho‘x va quvnoq, shod o‘g‘ilchasiman [2,19].
Yoki:

Deyman, osmonlarning hiloli bo‘lsam ,

Hulkar va Zuhrosi bo‘lgim keladi.

Shu go‘zal o‘lkamda kamolga to‘lsam,

Porloq yulduzlarday kulgim keladi.

Yulduzlar, o bo‘shliq, musaffo chiroy!

Sen ilhom gulida kumush shabnamday.

Ucharman siz bilan bir kun paydar –pay,

Osmon gumbazida bahsga tushganday [2,33].

Inson tug’ilishining o‘zi g‘aroyib hodisa. U yoshlik damlarida nimalar haqida o‘ylamaydi, uning qalbida qanday orzular jo‘sh urmaydi deysiz. Yuqoridagi misralarda yosh shoir lirik qahramonning ham real, ham romantik dunyosini ko‘ramiz. “Osmonlarning Hiloli, Hulkar va Zuhrosi bo‘lish”, “porloq yulduzlarday kulish” lirik qahramonning naqadar go‘zal orzusi. Yoshlikka xos tabiiy va go‘zal, tabiatga oshuftalikning beg‘uborona ko‘rinishi. Lirik qahramon yillar sayin Darband daryosidan goh “ayqirsa g‘azab tangrisi” kabi goh “qaynab turgan buloq” singari hayotga kirib kela boshladi. Uning tuyg‘ulari teranlashib, idroki balandlashib, siyrati ma’nan yuksakka intilib boradi.

Boylikni sevmasman ,ya’ni tillodan,

Hamyon aylamoqni kutmagil mendan [3,47].

Lirik qahramonning maqsadi insonday yashash. Uni mukammalikka yetaklovchi fazilatlardan biri samimiylikdir. Nazarimizda, shoir “men”ida bu xususiyat hech bir “men”nikiga o‘xshamaydigan yuksak fazilat sifatida namoyon bo‘ladi. Abdulla Oripovning o‘zi ham:“Insoniyatning birinchi belgisi samimiyat, deb bilaman”,-deya e’tirof etadi.

Lirik qahramon xarakterida samimiylikning bir qirrasi o‘z o‘tgan hayotini taftish qilishi, yaxshi-yu yomon xususiyatlarini anglash va haqqoniy aytishida yaqqol namoyon bo‘ladi. Zero, yetuklikka intilishning yo‘li ham ana shunda.

Kimgadir yaxshi gap aytdik ,birodar,

Kimdir bir umrga ranjib ham ketdi.

Kun kecha yosh derdik o‘zni bir qadar,

Bugun-chi balog‘at payti ham yetdi.

Inson o‘z umrini o‘ylasa ko‘p vaqt

Qiynaydi o‘zidan o‘tgan qusurlar.

Kimgadir aytilmay qolgan bir rahmat,

Kimdandir so‘ralmay qolgan uzrlar [3,360].

Yoki:
Mukammal ko‘rmoqchi bo‘ldik dunyoni

Yetuk bo‘lolmadik o‘zimiz biroq.

O yillar armoni, yillar armoni,

Armon ko‘rmadim men sizdan buyukroq [3,360]

deya yashashning o‘zi ham yuksak insonlik sari borishdir.

Insondagi o‘zlik - bu katta bir qasr. Uning ustida turib hamma narsa ko‘rib, his qilib anglanadi. Zero, Abdulla Oripov lirik qahramonining endigi yashash maqsadi ham shunga qaratilgan va bu lirik qahramon xarakteri fojiasi va bu holat go‘zalligi bilan ham ulug‘dir.

Abdulla Oripov “men”idagi o‘zlik tabiatan muhit bilan kelishishga imkon bermaydi. Chunki “Yo‘q!... Yo‘q yaralmadi u bilgan hayot”(Rauf Parfi) [5,174]. Shoir asrimiz voqeliklarini, insonni kuzatar ekan, bu haqdagi, ya’ni “men”idagi junbushga kelgan o‘y – kechinmalarini shiddat bilan ifodalab beradi.

Ko‘z oldimda shu qadarli pok edi olam,

Go‘yo nurdan yaralgandi inson degan zot…

O Abdulla, ko‘zlaringni ochib qaragin,

Kim aytadi bu dunyoda yo‘qdir deb bo‘ron… [3,133].

Lirik qahramon xarakteridagi davr va zamon, inson xususidagi qarashlari shiddat bilan o‘zgarib boradi. Uning tafakkurini inson muammosi chulg‘ab oladi.

Men insonni bir insonday sevardim, lekin,

Nechun ko‘pdir haligacha razil odamlar [3,133].

Mana, qalb va hayot o‘rtasidagi ziddiyat. Shoir mafkuraga bo‘ysunmaydigan xarakter yaratib, uni mumtoz she’riyatimizdagi lirik qahramonga tenglashtiradi, uni yangi o‘ziga xos xususiyatlar, fazilatlar bilan to‘ldiradi.

Abdulla Oripov lirik qahramoni o‘zi yashagan muhitni Ogahiy “men”i singari keng idrok qiladi.

To kajlik ila kirdi falak davrong‘a,

Dono hama non gadosidur nodong‘a.

Tuzlik bila aylansa edi gar gardun,

Nodon yuzi tushmagay edi bir nong‘a [3,523].

Lirik qahramonning bu bashoratnamo fikrlari azaldan jamiyatda hukm surib kelayotgan adolatsizlikka qarshi nafratni ifodalaydi. Abdulla Oripov ham bu haqiqatni e’tirof etadi.

Soddadil odamni juda kam ko‘rdim,

Borin ham shikasta , ko‘zin nam ko‘rdim.

Dunyoda firibgar ko‘p ekan lekin,

Ularning barchasin shod-xurram ko‘rdim [3,222].

Alisher Navoiy ta’biri bilan aytganda “o‘zi pok –u so‘zi pok ” insonlar ichki dunyosida norozilik kayfiyatini tug‘diradi. Buni esa adabiyotshunos Nustarulla Jumaxo‘jayevning quyidagi fikrlari bilan izohlash mumkin: “Insoniyat hayotida azaldan shunday bir adolatsiz qonuniyat hukm surib keladiki, jamiyat uchun qanday moddiy ne’mat yaratish-yaratmaslikdan qat’iy nazar bir guruh odamlar mehnat-u mashaqqatlarga mubtalo, yana bir guruhi esa hamishalik rohat- farog‘atda yashaydilar. ...Qadim tarixda necha inqiloblar bo‘lib , ijtimoiy tuzumlar necha bor yangilandi. Ammo qandaydir kuch bu tengsizlik qonuniyatini mudom saqlab turli ko‘rinishlarda namoyon etib keladi”.



Umumiy qilib aytganda, Abdulla Oripovning lirik “men”i she’rdan she’rga, kitobdan kitobga takomillashib bordi. “Mitti yulduz”da o’zini taftish qilish uchun berilgan savollar boshlangan shoir o’z qo’li bilan ta’lif etgan so’nggi kitobi “Everest va ummon”da butun bashariyatga murojaat o’laroq yangradi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati:

  1. Dilmurod Quronov “Adabiyot nazariyasi va asoslari” T: Akademnashr 2018.

  2. Abdulla Oripov “Mitti yulduz” T: Ma’naviyat 2002.

  3. Abdulla Oripov “Yillar armoni” T: G’afur G’ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyoti 1987.

  4. Cho’lpon “Yana oldim sozimni” T: G’afur G’ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyoti 1991.

  5. Rauf Parfi “Sabr daraxti” T: G’afur G’ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyoti 1986.

Download 19.7 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling