Abdulla Qahhor adabiyot va hayot haqida


Download 44.5 Kb.
Sana23.07.2020
Hajmi44.5 Kb.
#124648
Bog'liq
@xxi asruqit Abdulla Qahhor adabiyot va hayot haqida


Abdulla Qahhor adabiyot va hayot haqida
Chuqur bilim, haqiqiy talant egasi o‘z kuchiga, oldinda ketayotganlarga yetib olishiga, bir safda ketayotib, hech qachon orqada qolmasligiga ishonadi. Ma'rifatsiz, talantsiz yozuvchi (yozuvchi emas) esa, birovga yetib olishga ojizlik qiladi-yu, uni chalib yiqitishga, loaqal bo‘yniga kir latta ilib ta'bini xira qilishga, yurgani xalal berishga urinadi. Haqiqiy talant egasi bir-biriga hasad emas, havas qiladi, bir-birining g‘ayratini keltiradi. Bular orasida raqobat emas, jamiyatimizni olg‘a siljitadigan kuch-musobaqa bo‘ladi.

***


Tanqid yomon asar bilan kitobxon orasida dalol, shirinkomaga vijdonini sotadigan dalol bo‘lmasligi kerak.
***

Shunday yozuvchilar bor: umrining birinchi yarmida nom chiqaradi. U nomini boqadi. Umrining ikkinchi yarmida nomi uni boqadi. Adabiyotda bunday bo‘lmasligi kerak. Katta yozuvchini katta yozuvchi, yosh yozuvchini yosh yozuvchi, deb to‘g‘ri aytaverish kerak.


***

Nima uchun ko‘cha harakati qoidasini buzgan kishiga militsiya hushtak chaladi-yu, butun bir tilni buzayotgan odamlarga hech kim hushtak chalmaydi.


***

Illatlarga qarshi kurashar ekanmiz, bir tomondan, illatni bahona qilib hayotimizni qoralashga urinadigan kishilarga yo‘l bermasligimiz, avvalda dimiqib qolgan va endi ochiq havoda xursandligidan o‘ynoqlab "polizni buzadigan" kishilarni tanqid qilishimiz, ikkinchi tomondan, illatlarga qarshi kurashda bizga xalal beradigan kishilarga zarba berishimiz kerak...


***

Klassiklarda ham, xalq adabiyotida ham odatan yigitlar yaxshi ko‘rgan qizlarini maqtashar edi: ko‘zing undoq, o‘zing bundoq deyishar edi, hozirgi ko‘p ashullalarda qizlar o‘zlarini maqtashadi: u yog‘im bundoq, bu yog‘im bundoq deyishadi.

"Ey shoir, tashabbus erkakdan bo‘lishi kerak, bulbulning ham erkagi sayraydi-ku!" deydigan odam yo‘q.
***

Oltmishga kirib bildim: umrim bekorga o‘tmapti, odamlarga kerakli ekanman, hayotda iz qoldiribman.


***

Agar yozuvchining axloq kodeksi tuziladigan bo‘lsa, men halollik bilan shijoatni birinchi modda qilib qo‘yar edim, chunki yozuvchining boshqa hamma xislatlari uning qay darajada halol, naqadar shijoatli ekaniga bog‘liq.

Adabiy asar yozish uchun, hech shubhasiz, talant kerak, lekin yozilgan narsani o‘chirish, kitobxonga zarur gaplarnigina qoldirish uchun talantning o‘zi kifoya qilmaydi, insof ham kerak.
***

Ko‘pgina hunarmandlar qariganda suygan hunaridan mahrum bo‘ladi: uloqchi ot chopolmaydi, surnaychi yaxshi puflolmaydi, o‘yinchi oyog‘ini ko‘tarolmay qoladi. Yozuvchi dutor yoki vinoga o‘xshaydi — eskirgan sayin ochiladi, quvvati oshadi.


***

Eson-omon oltmishga kirganimga xursandman. Bu to‘g‘rida birdan-bir xursand bo‘ladigan joyim bor: yozuvchilikda qirq yillik tajriba orttirdim. Bu tajriba umrimning qolgan qismini samarali o‘tkazishimda menga juda qo‘l keladi.

***

Ming ketmon urishga, tog‘ni qo‘porib tashlashga qodir odam bir ketmon urib qo‘yib kerilmaydi, o‘zini yelpimaydi, tahsin va ofarin kutmaydi. Bir ketmon urib, tahsin va ofarin umidida atrofga qaragan odam shu bilan ikkinchi ketmonni urishga ojizligini ko‘rsatadi.


***

Yozuvchi yoshligida yoshligiga rioya talab qilsa talantiga shira tushadi, erta qariydi, keyin qariligiga rioya talab qiladi-yu, umumadabiyot gazini ko‘rganda qunishadi, inqillaydi...


***

Yozuvchi adabiyotga ikki xil kiradi: birinchi asari bilan tutab. birinchi asari bilan yashnab kiradi.


***

Odam o‘zining gunohini boshqa birovning gunohi bilan yuvmoqchi bo‘lishi chakki, chunki gunohni gunoh bilan hech qachon yuva olmaydi.


***

Tutab kirgan yozuvchi uzoq tutaydi, ko‘ngildan chiqarib emas, qorindan chiqarib asar yozadi, yozuvchilik umrining oxirigacha tutaydi, hech qachon yorug‘lik chiqarib, hech kimning diqqatini jalb qilmaydi. Yozuvchilikka cho‘g‘day yashnab kirgan yozuvchi asardan asarga yashnay beradi (qornidan chiqarib emas, ko‘nglining roziga aylangan narsalar haqida yonib asar yoza beradi), bunday yozuvchilar birinchi asari bilanoq adabiyot muhibining diqqatini jalb qiladi. Nihoyat, oxirida abadiy so‘nmas o‘tga aylanadi. Men adabiyot muhibiman. shuning uchun adabiyotga yashnab kirgan yoshlarni ko‘rib, quvonib ketaman, quvonchimni o‘sha yoshning o‘ziga minnatdorlik izhor qilib aytaman. Bu yashnagan cho‘g‘ni yelpish demakdir...


***

Adabiyotda umr bo‘yi tutab yurgan yozuvchilar hech qachon o‘z mahallasi doirasidan tashqariga chiqmaydi, lekin o‘zini klassik hisoblaydi. Shuning uchun bularni mahalla klassiklari deb atash mumkin.


***

1. Tanqid adabiyotimizga katta adabiyot cho‘qqisidan qaramayotir. Mahalliy klassiklar paydo bo‘layotipti. Bu klassiklar asarlarini rus tiliga tarjima qilinmasligidan manfaatdor.

2. G’alati-g‘alati «nazariya»laro‘zi ko‘karib, o‘zi qurib yotipti. Bir vaqtlar ijobiy qahramonsiz asar bo‘lishi mumkin emas degan «nazariya» chiqqan edi, hozir komediyada ijobiy qahramon shart degan «nazariya» o‘rmalab yuripti. Bunaqa hodisalar bilan hech kimning ishi yo‘q.

3. Tanqidchilarimiz ittifoq doirasiga chiqqani urinmayotipti, «shu yerning o‘zi tinch» deyishadi.

4. Aruz sohasida tayinli bir gap yo‘q, aruz hozirgi poeziyamizning asosiy yo‘llaridan bo‘la oladimi? Aruz ko‘pincha formalizmga xizmat qilayotipti-ku!
***

Bolaligimda bir kartina ko‘rgan edim. Bosh rolni Charli Chaplin o‘ynagan edi, shekilli. Qahramon noshud, notavon — hech ishga yaramaydi. Nihoyat, bir qarindoshi uni o‘t o‘chirish komandasiga ishga oladi.

— Bu yerda nima ish qilaman ? — deb so‘raydi qahramon.

— Mana bu shlang,— deyishadi unga,— qaerda o‘t yo tutunni ko‘rib qolsang, dod solib suv sepaverasan.

Qahramon shu ishga yaraydi, lekin uning oldida na chirog‘ yoqib bo‘ladi, na papiros chekib—dod solib suv sepaveradi.

Farosatda shunga teng keladigan tanqidchidan xudo saqlasin!


***

Yozuvchini hech qachon hech kim ko‘tarmaydi. Yaxshi yozuvchini yaxshi asarlar ko‘taradi, yaxshi yozuvchi ko‘tarilib ketganini hatto o‘zi ham bilmay qoladi.


***

Mikrob qanchalik xavfli bo‘lsa, uni shunchalik katta qilib ko‘rsatadigan mikroskop kerak. Satira o‘tiga uchragan kishi vijdoni bo‘lsa odamlarning yuziga qarolmaydi, vijdonli bo‘lmasa og‘zidan ko‘pik sochib, yozuvchining ketidan bolta ko‘tarib yuguradi.


***

Adabiy asar yozish uchun, hech shubhasiz, talant kerak, lekin yozilgan narsani o‘chirish, kitobxonga zarur gaplarnigina qoldi-rish uchun talantning o‘zigina kifoya qilmaydi, insof ham kerak.


***

Bolalar yozuvchisi, shubhasiz, talantli, bilimli pedagog bo‘liish kerak, lekin bularning ustiga o‘zi odamoxun bo‘lmasa qadri bir pul.


***

Zaruratsiz, ichki dardsiz, ehtirossiz yozilgan asar o‘lik bo‘ladi. Bundoq asarga hech qanaqa g‘oya, muhim mavzu jon kirita olmaydi.


***

Adabiyotga o‘g‘ri mushukday tuynukdan tushadigan odamlar ham bo‘ladi. Bular adabiyotni hunardan kasbga, ya’ni sababi tirikchilikka aylantirib olishadi. Bunaqa odamlar qadim zamonda ham bo‘lgan, hozir ham bor, ehtimol, bundan keyin ham bo‘lsa.


***

Hayot magnit — o‘ziga tortadi, yozuvchi shu magnitni o‘ziga yuqtira olsagina kitobxonni o‘ziga torta oladi.


***

Boshqa ishga yaramay adabiyotda tanqidchilik qilib kun ko‘rib yurgan tanqidchi qo‘rqoq qorovulday har sharpadan cho‘chib shaqildoq chalaveradi.


***

Asar qovog‘ari chaqqanday semiz...


***

Semiz kitobning yuragi yaxshi tepmaydi...


***

Xomsemiz asar ustidan asfalt qiladigan mashina o‘tka-zish kerak.


***

Yozuvchilikning boshqa hunarlardan farqi — yozuvchi o‘zini o‘zi operatsiya qiladi: yozganini qisqartirib tashlay oladi.


***

Bunga o‘xshagan yozuvchining oldidan ilxom parisi paranji yopinib o‘tadi...


***

Bu kitobingizdan, siz adabiyot fondi bergan pulga yarasha hayotni o‘rganganingiz shundoq ko‘rinib turibdi...


***

Ha, o‘qidim, lekin hazm qilib bo‘lmaydigan asar ekan. Palag‘da tuxumga murch sepib bergan bilan uni yeb bo‘lmaydi-ku?!


***

Asar agar katta adabiyotga kirmasa asar emas. Bordiyu bo‘ynidan boylab olib kirilsa, u oyoqosti bo‘ladi.


***

Yozuvchining mahorati shundaki, butun bahorni atigi chigitdek keladigan g‘o‘za ichiga qamab bera biladi...


***

Muhabbat dutor, ehtiyot qilib tutmasang, tob tashlaydi.


***

Boshqa ishga yaramay adabiyotda tanqidchilik qilib kun ko‘rib yurgai tanqidchi qo‘rqoq qorovulday, har sharpadan cho‘chib shaqildoq chalaveradi.


***

Bu odam yozuvchilik mehnatini faqat yozishdan iborat deb o‘ylaydi.


***

Adabiyot atomdan kuchli, lekin uning kuchini o‘tin yorishga sarf qilish kerak emas.


***

Adabiyot hunar, uni kasbga aylantirib olgan yozuvchi olmaga tushgan qurtdan farq qilmaydi.


***

Gap qancha yaxshi bo‘lsa, u shuncha qisqa bo‘ladi.


***

Shunday tanqidchilar ham borki, bir yozuvchining bir asarini tanqid qilib qo‘yadi-da, keyin shu avtorning yangi asarini kutadi. U to‘g‘rida «yaxshi gap aytib, avvalgisini yuvmoqchi», bo‘ladi.
Download 44.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling