Abdulla Qodiriy O’tkan kunlar yozg‘uchidan
Download 1.12 Mb.
|
Abdulla Qodiriy-O\'tkan kunlar
www.ziyouz.com kutubxonasi 15
O’tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy Boyag‘ig‘a qarag‘anda anchagina yengillanib ichkariga kirdi, harakatlari ham bir muncha o‘zgargan edi. Oysha buvi undagi bu o‘zgarishdan so‘yindi: — Yengil tortdingmi, qizim? — Shukur... — Endi ortiq urinma qizim, tinch o‘ltur. * * * Qish kunlari bir tutam, «ha, deguncha» kech bo‘ladir. Bu kun ham «ha deguncha»ga ham qolmay kech bo‘lg‘an, mehmonlarning kelishkaniga yarim soatlab vaqt o‘tkan edi. Qutidor mehmonlarni ixlos va samimiyat bilan kutar, ziyofat quyuq-suyuqlari bilan to‘la-to‘kis davom etar edi. To‘ybeka ichkari bilan tashqarig‘a yugurib dasturxon yangilar, choy tashir edi. Xizmat tugalayozg‘andan keyin To‘ybeka o‘zining sovub qolg‘an oshini yemak uchun Oftob oyimlar yonig‘a o‘lturdi. So‘zdan so‘z chiqib Oftob oyim To‘ybekadan so‘radi: — Mehmonlar qanaqa kishilar ekan, tanidingmi? — Nax siz yosh mehmonni ko‘rmabsiz, dunyog‘a kelmabsiz, — dedi To‘ybeka o‘ngu ters osh chaynab, — bir chiroylik, bir aqllik, tag‘in o‘zi hammadan yuqorida o‘lturadir; hali yigirma ham bormag‘andir, mo‘ylabi ham endigina chiqa boshlag‘an... Nax bizga kuyav bo‘ladigan yigit ekan, — dedi va Kumushka qarab kulib qo‘ydi. Bu so‘zdan Oftob oyim ham kulimsirab qizig‘a qaradi: — Ana, Kumush, sen eshitdingmi, opangning so‘zini, To‘ybeka senga er topqan, sen bo‘lsang boshim og‘riydir deb yotasan. Kumushbibining sezilar-sezilmas kulimsirashidan yoqutdek irinlari ostidagi sadafdek oq tishlari ko‘rinib ketdi ersa-da, biroq uning bu holi tezlik bilan tundliqqa alishindi. — Qolg‘an xizmatlaringizning bittasi endi menga er topish edi. To‘ybeka Kumushning tundlanishini elamadi: — Ey... singlim, hali sen bilmaysan, — dedi, — u yigitni bir ko‘rgin-da, hu, deb ketabergin... sen tugil, shu yoshim bilan menim ham unga tekkim keldi, — dedi va xaholab yubordi. Kumushbibi chirt etib yuzini To‘ybekadan o‘girdi. — Tezroq tegib qoling. — Koshki edi tegalsam, — dedi To‘ybeka, — men uning bir tukiga ham arzimayman. Ammo sen bo‘lsang uning bilan tenglashar eding. «Teng-tengi bilan, tezak qopi bilan». Xa-xa-xa!.. To‘ybekaning shuningdek hangomalari boshqa vaqtlarda Kumushni yaxshigina kuldirsa ham hozir unga yotishib kelmadi shekillik, achchig‘lang‘an ko‘yi yotish uchun uyiga kirib ketdi. Oftob oyim «bachcha-machchadir» deb o‘ylag‘an edi. Shuning uchun bu to‘g‘rida so‘z ochmadi. — Tashqaridan xabar olingizchi, opa, — dedi Oftob oyim, — choy kerak bo‘ldimikin. To‘ybeka nari-beri oshini yeb tashqarig‘a chiqib ketdi. Oradan daqiqa vaqt o‘tkan yo o‘tmagan edi, hovliqib ayvonga keldi: — Tuf-e, qurib ketsin jonim chiqib ketdi-ya! Bir soatdan beri joynamozdan qo‘zg‘almay tasbih ag‘darib o‘lturgan Oysha buvi To‘ybekani boshdan-oyog‘ kuzatib yana ishiga mashg‘ul bo‘ldi. Oftob oyim iltifotsizgina kulimsirab tanchadan so‘radi: — Nima bo‘ldi, nega muncha qo‘rqish? To‘ybeka damini rostlab ustunning tegiga o‘lturdi: |
ma'muriyatiga murojaat qiling