Abdulla qodiriyning "O'tkan kunlar" romaniga esse


Download 18.5 Kb.
Sana25.01.2023
Hajmi18.5 Kb.
#1122278
Bog'liq
ABDULLA QODIRIYNING


ABDULLA QODIRIYNING
"O'TKAN KUNLAR" ROMANIGA ESSE

O’tgan kunlar romani har qaysi obrazi o’ziga xos tasvir usuli bilan ajralib turadi. "O'tkan kunlar" Abdulla Qodiriyning bosh asaridir. Yozuvchi asar mavzusini bekorga o'tgan kunlardan olmagan. Chunki buguni mustahkam, ertasi poydor bo'lishini istagan har bir xalq o'tmishini yaxshi bilishi kerak. Adib millat tarixining "eng kirlik, qora kunlari"ni tasvirlash asnosida xalqning asl ma'naviy qiyofasini ko'rsatib berishga harakat qiladi.


Yozuvchi asarda tarixning eng chirkin paytlarida ham millat hayotida yuksak ma'naviyatli yorqin shaxslar va yo-rug' jihatlar bo'lganligini aks ettiradi. Lekin u romanda xalq va uning o'tmishini quruq ulug'lash yo'lidan bormaydi. Balki millat tabiatidagi qoloqlik va tanazzulga sabab bo'lgan illatlarni ham shafqatsiz xolislik bilan ko'rsatib beradi. Millat o'zining yuksak va tuban jihatlari bilan to'la aks ettirilgani uchun ham asar xalq orasida keng tarqalib ketdi.
O'z davrida "O'tkan kunlar" romanini o'qish uchun navbat kutib turganlarning sanog'iga yetib bo'lmas, asarni to'la yodlab olgan kitobxonlar ham bor edi.
Asarda xalqning baxtsizligi, millat rahnamolarining kaltabinligi, hukmdorlarning ma'rifatsizligi, ommaning johilligi, yurt mustaqilligining omonatligi va deyarli hech kimniqiziqtirmasligi singari holatlar bot-bot tilga olingan. Romanning bosh qahramonlari novdaligidayoq xazon etilgan, asar ulkan fojia bilan tugagan bo'lsa-da, asarda qandaydir bir yorug' ruh hukmronlik qiladi.
Kitobxon g'am botqog'iga botib ketmaydi. Chunki adib odamlarimiz, xalqimiz tiynatidagi nurli jihatlarni sezgirlik bilan ilg'ab olib, tasvirlay biladi. Shu bois barcha umidlari kesilgan taqdirlar tasviri bilan tanishgan kishida ham umidsiz-lik kayfiyati paydo bo'lmaydi.
Chinakam iste'dod xususiy holat misolida hodisaga tegishli umumiy belgilarni ko'ra olish qudratiga ega bo'ladi. "O'tkan kunlar"da Qodiriy iste'dodining shu jihatlari namoyon bo'lgan.
O'zbek xalqining go'zal odobi, cheksiz andishasi, katta-kichik, uzoq-yaqin kishilarning o'zaro muomala-munosabatlaridagi yuksak madaniyat, millat turmush yo'sinidagi o'xshashi yo'q tartiblar yozuvchining san'atkorligi tufayli shu qadar mahorat bilan jonli badiiy lavhalarda ko'rsatilganki, o'quvchi bu xildagi tirikchilik yo'rig'iga ega xalq va uning yetuk vakillarini yaxshi ko'rib qoladi.
Qizig'i shundaki, yozuvchi biror o'rinda bo'lsin xalqni maqtamaydi, atay uning fazilatlarini ko'rsatishga urinmaydi, tashviq qilmaydi. Lekin qahramonlar tutumini shunday tasvirlaydi, odamlarning o'zaro munosabatlarini shunday ko'rsatadiki, o'zbeklar haqida ijobiy fikrga o'z-o'zidan kelinaveradi.
Bu jihatdan, ayniqsa, Otabek, Kumush, Yusufbek hoji, Alim, Hasanali, Mirzakarim qutidor, Oftob oyim, Normuhammad singari personajlar tasviri xarakterlidir. Asarda bu timsollarning taqdir sinovlaridan o'tishdagi sifatlarini tasvirlash asnosida xalqning fazilatlari namoyon qilingan. Bu dunyoda odamlar millatlarga bo'linib yashashadi. Har bir millat o'z makonida o'ziga xos tartibga amal qilib yashagani uchun boshqa millatlardan qaysidir bir jihatlari bilan ajralib turadi. Shuningdek, har bir odam, katta-kichikligidan qat'i nazar, bolaligidan o'zining biror millatga tegishli ekanligini bilib o'sadi. Oila va maktabdagi tarbiya tufayli odamda: "Men — o'zbekman" yoki "Men — qozoqman" va hokazo degan tuyg'u bo'ladi. Xuddi shu tuyg'u milliy ruhdir. Millatning o'ziga xosligini tayin etadigan eng katta va asosiy belgi esa tildir. Tilini unutgan odamda millat tuyg'usi bo'lmaydi. Milliylik — tashqi belgi emas. U ichki holatdir. Biror millatning vakili o'zining qaysi millatga mansubligini bilsa va shu bilan faxrlansa, unda millat tuyg'usi shakllangan bo'ladi. Kimki bunga befarq qarasa, uning tashqi ko'rinishi, kiyimi, qosh-u ko'zi, hujjatiga nima deb yozilganidan qat'i nazar milliy tuyg'udan mahrum kishidir. Millatini tanimaslik va u bilan faxrlanmaslik ulkan baxtsizlikdir. Bu ota-onadan yuz o'girishga o'xshagan nuqsondir. Ota-onani tanlab bo'lmaganidek, millatni ham tanlamaydilar. Uni boricha qabul qilish, avaylash, uning har jihatdan yuksalishiga hissa qo'shish lozim. Ayni bir millatga xos ruhiy-ma'naviy xususiyatlarning badiiy adabiyotda aks etishi badiiy asarning milliyligi bo'ladi. Adabiyotda milliylik bu — asarda xalq, millat turmushi manzaralarini, milliy urf-odatlarni, millat vakillariga xos xususiyatlarni ko'rsatishdangina iborat emas. Biror asl badiiy asar, avvalo, o'zbek tilida yaratilganining o'zi bilan milliydir. Agar unda faqat til emas, balki qahramonlarning tabiatini tasvirlash yo'sini ham betakror o'zbekcha bo'lsa, u chinakam eskirmas milliy asar hisoblanadi. "O'tkan kunlar" romani milliy ruh juda bo'rtiq aks etganligi bilan ajralib turadi. Otabekning ota-onasi bilan, qutidor va Oftob oyimlarning qudalari hamda kuyovlari bilan munosabatlari tasvirlangan o'rinlarda faqat o'zbekkagina xos fikrlash, so'zlash va harakat qilish yo'sini juda go'zal ko'rsatilgan. Romanda milliy ruhning ifodasi milliy urf-odatlar aks etgan manzaralar tasviridagina emas, balki qahramonlarning sezimlari, o'y-xayollari aks ettirilgan o'rinlarda ham bor bo'yi bilan namoyon bo'lgan. Otabek o'ziga mutlaqo yoqmaydigan qaror qabul qilgan onasiga qo'pollik qilmaydi, yuziga tik qaramaydi. Shuningdek, o'g'il biror o'rinda o'zining Kumushni yaxshi ko'rishini ota-onasiga ochiq aytmaydi. Zaynabni sevmasligini ham ochiq aytib, ayol ko'nglini yaralagisi kelmaydi. Otabek bunday harakatlardan andisha qiladi, o'ziga nomunosib hisoblaydi. Romanning Kumush Otabekni nikoh kechasida ko'rib: "Siz o'shami?" — deb entikkanida, er-xotin uzoq judolikdan keyin diydor ko'rishgach, Kumush "Siz qochoqsiz" deb Otabekning yuziga sekingina shappatilab, erkalaganida, ikki sevishgan odam, munosabatlarini o'zgalarga ko'z-ko'z qilmagani singari lavhalar tasvirida milliy ruh yorqin namoyon bo'ladi. Asarning milliyligi odamdagi ayni shunday nozik, ko'zga tashlanavermaydigan jihatlarni topib tasvirlashda namoyon bo'ladi. Milliy ruh yaqqol aks etgan asarlarda personajlarning xatti-harakatlari, o'ylari, sezimlari faqat muayyan millat vakiliga mansub ekanligi o'z-o'zidan anglashilib turadi.
Download 18.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling