Abdurahmon Jomiy gʻazaliyoti


Download 62.09 Kb.
bet1/2
Sana07.03.2023
Hajmi62.09 Kb.
#1246856
  1   2
Bog'liq
Abdurahmon Jomiy hayoti va falsafasi


Abdurahmon Jomiy hayoti va falsafasi
Reja:


I. Kirish.
II. Asosiy qism:
1. Abdurahmon Jomiy hayoti va ijodi
2. Adib she’riyatining mavzusi va g’azaliyotida ishq talqini
3. Jomiy adabiy merosining oʻziga xosligi
III. Xulosa.
IV. Foydalanilgan adabiyotlar.

Yo rab, bu maoniy durrining ummoni,
Bu donishu fazl gavharining koni.
Kim aylading oni olam ahli joni,
Olam elig’a bu jonni tut arzoniy.
(Alisher Navoiy).
Buyuk siymolarimiz ichida Abdurahmon Jomiy ham oʻzining munosib oʻrniga ega hisoblanadi. Chunki uning ijodi bizni izlanish, intilishga chorlaydi. Abdurahmon Jomiyning ota-bobolari asli Dashtdan boʻlib Jomda turib qolishgan. Bobosi Mavlono Muhammad va otasi Nizomiddin Ahmad singari Abdurahmon ham qoʻliga qalam olib, she’r yoza boshlagan vaqtdan boshlab oʻz tavallud topgan shahri nomini oʻziga adabiy taxallus qilib olgan (Ba’zi olimlarning fikricha, "Jom" soʻzi "idish" ma’nosida tasavvufiy tushunchani ham bildiradi. Sharqdagi adabiy an’anaga koʻra adabiy taxallus koʻp ma’noli boʻlishi ma’qul koʻrilgan). U asosiy umrini Hirotda oʻtkazdi va shu yerda mashhur shoir va mutafakkir boʻlib yetishdi. Bolalik chogʻidayoq Jomiy zehnining oʻtkirligi bilan ajralib turgan. Boshlangʻich ma’lumotni u otasidan olgan. Oilaning Hirotga koʻchishi, otasining bu yerda shayx ul-islom mansabiga tayinlanishi Jomiy hayotida muhim ahamiyatga ega boʻldi. Hirotda uning oʻqishiga Xoja Alouddin Ali Samarqandiy, Shahobiddin Muhammad Jojarmiy kabi mashhur mualliflar oʻz hissalarini qoʻshdilar. Natijada u arab tili, ilohiyot, tasavvuf, she’r qoidalari, adabiyot tarixi va boshqa fanlarning asoslarini juda erta oʻzlashtira boshladi. ʻʻ
Jomiy turli fanlar boʻyicha oʻz tahsilini Samarqandda nihoyasiga yetkazishni ixtiyor qilar ekan, u Ulugʻbek madrasasida Ulugʻbek, Qozizoda Rumiy, Ali Qushchi kabi allomalarning ma’ruzalarini eshitish sharafiga muyassar boʻldi. U fiqhshunos olim, arab tili, "Qur’on", hadislar boʻyicha mutaxassis Fazlulloh Abullaysdan ham koʻp dars oldi. Hirotda Jomiy tasavvuf yoʻliga kirishni, oʻz bilim va faoliyatini shu yoʻlga, qolaversa ijodga, ilm-fanga bagʻishlashni afzal koʻradi. Yosh Jomiy Shayx Sa’daddin Koshgʻariy bilan yaqinlashib, unga qoʻl beradi va tez orada uning hurmatini qozonadi. Jomiy pirining qiziga uylanadi. Sa’diddin Koshgʻariy tasavvufda Muhammad Naqshband sulukiga mansub edi. 1469 yili Sulton Husayn Boyqaro Hirot taxtiga oʻtiradi. Oradan koʻp vaqt oʻtmay, 1476-77-yillar orasida u oʻz doʻsti va vaziri Alisher Navoiy bilan Jomiyni oʻziga pir va ustoz deb tanlaydi. Bu Jomiy hayoti va faoliyatida katta voqea boʻldi. Jomiy kundalik hayotda oddiy, darvishona yashasa ham, biroq shoh va unga aloqador kishilarning, hatto uni asarlari orqali tanigan boshqa mamlakat podshohlarining unga muruvvati katta edi. Bu ikki buyuk zot ijod sohasida xalqparvarlik va insonparvarlik mavqeida turish bilan birga xalq, davlat ishlarida insof va adolatni yoqlar edilar. Jomiyning "Nafahot ul-uns", Lujjat ul-asror", Ashiat ul-lamaot", "Risolai musiqiy", "Risolai muammo" kabi bir qancha asarlari Navoiyning maslahati va iltimosi bilan yozilgan. Jomiy oʻz lirik she’rlarini yigʻib, devon tuzmoqchi boʻlganda, Navoiy maslahati bilan uchta devon tuzadi va devonlarning birinchisiga "Fotihat ush-shabob", ikkinchisiga "Vositat ul-ishq", uchinchisiga "Xotimat ul-hayot" deb nom qoʻyadi. 1480-yildan 1485-yilning oxiriga qadar Jomiy oʻzining buyuk "Haft avrang"i tarkibiga kirgan dostonlarini yaratish ustida ish olib bordi.
Sharq adabiyotidagi xamsachilik an’analari asosida yozilgan bu dostonlardan "Silsilat uz-zahab", "Tuhfat ul-ahror", "Suhbat ul-abror" gʻoyaviy tematik jihatdan falsafiy-axloqiy yoʻnalishda, janr e’tibori bilan pandnoma tipida boʻlib, oʻz davrining eng dolzarb masalalariga bagʻishlangan edi. "Yusuf va Zulayho", "Layli va Majnun", "Salamon va Absol", "Xiradnomayi Iskandariy" dostonlarida esa shoir an’anaviy syujetlarning yangicha talqinlarini berdi. Jomiy bir necha marotaba haj qilgan, haj safari davomida Tabriz, Nishopur, Hamadon, Bastom, Domgʻon, Qazvin, Karbalo, Bagʻdod, Damashq, Halab, kabi shaharlarni koʻrgan, bu shaharlarda yuksak izzat-hurmatga sazovor boʻlgan.
Abdurahmon Jomiy 1492- yili shamollash natijasida xastalanib, 78 yoshida hayot bilan vidolashgan. Uning dafn marosimini Navoiy boshqarib, podshoh Husayn Boyqaro esa mamlakatda bir yil motam e’lon qildi. Unga atab koʻpgina shoirlar, shu jumladan Navoiy ham, qaygʻuli marsiyalar bitishdi. Navoiy marsiyasida Jomiy vafotining tarixi "Kashfi asrori iloh" ("Iloxiy sirlar kashfi") degan soʻzlardan (hijriy 898, melodiy 1492-yil) chiqarilgan edi. Abdurahmon Jomiydan san’atning rang-barang sohalariga oid boy meros qolgan. Uning asarlari oʻz davrida va undan keyin ham koʻp qoʻlyozma nusxalarda koʻchirilgan. Masalan, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, Qoʻlyozmalar instituti fondlarida Jomiy asarlarining XV — XVI asrlarda koʻchirilgan oʻnlab qoʻlyozmalarini uchratish mumkin. Bunday qoʻlyozmalar Yevropa, Afgʻoniston, Eron va Rosiya mamlakatlaridagi boshqa qoʻlyozma fondlarida ham uchraydi. Taniqli sharqshunos Ye. E. Bertels "Jomiy" monografiyasida shoir asarlarining Toshkent kulliyoti (OʻzR FA Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti) asosida 52 asarining nomini keltiradi.
Jomiy asarlarining bir qismi diniy va falsafiy mazmunga ega boʻlib, ularda shoir Islom dini va Sharq falsafasining bir qator masalalarini oʻz qarashicha talqin qiladi, tasavvufning XV asrdagi eng yirik arbobi sifatida oʻz fikr-mulohazalarini bayon etadi.Bunga uning "Naqshi fusus" ("Ma’nolar naqshi"), "Shavohidi nubuvva" ("Paygʻambarlikka dalillar"), "Sharhi qasidayi "Toiya" (Radifda "to" harfidan foydalanib yozilgan qasida sharhi"), "Naqdi nusus" ("Matnni tanqid"), "Sharhi qasidayi "Xamriya" ("Xamriya" qasidasi sharhi"), "Naqshbandiy ta’limoti haqida risola", "Vohid" atamasi haqida risola", "Zikr" shartlari haqida risola", "Haj qilish yoʻllari haqida risola", "Ashiot ul-lamaot" kabi bir qancha asarlarini shu guruhga kiritish mumkin.Jomiy oʻzining mutasavvuflik faoliyatida Bahovuddin Naqshband gʻoyalarini shu sulukning ikkinchi bir yirik namoyandasi — Xoja Ahror Valiy bilan yaqin munosabatda boʻlgan holda yanada rivojlantirdi. Rasman u oʻzini kundalik hayotda "Malomatiya" tariqatiga mansub deb hisoblasa-da, asarlarida ulugʻ Naqshbandga ixlosi cheksiz edi. U oʻzining "Lujjatul-asror" qasidasida soʻfiy xulq-axloqi, inson tarbiyasi haqida gap borganda ta’magirlikni qoralab, qanoatli kishilarning oliyjanobliklarini, ularning ma’naviy jihatdan podshoh va vazirlardan ham ustun ekanliklarini madh etib, quyidagi satrlarni bitgan edi:
Tome’oya az bahri gu’ma peshi har xas sar nihad,
Qone’onro xanda bar shohu vaziri kishvar ast.
Mazmuni:Ta’magirlar bir luqma uchun boshini xasga qoʻyishga tayyor, Qanoatchilar esa mamlakat shohi va vaziri ustidan ham kula oladi.
Shoir fikricha, inson halol va pok yashashi, buning uchun esa u bir kasbga ega boʻlishi, oʻz mehnati hisobiga kun koʻrishi zarur.

XV asr ikkinchi yarmidagi ilmiy-adabiy muhitining koʻzga koʻringan namoyandalari anchagina boʻlsa-da, Abdurahmon Jomiyning ham ustod, hamda naqshbandiyaning Xurosondagi murshidi sifatida alohida oʻrni va maqomi bor. Ana shu buyuklik tufayli Alisher Navoiy hazrat Abdurahmon Jomiyni “sohibdavlati buzurgvor.... soxib kamoli nubuvvat kirdor” deb, akademik Aziz Qayumov “nazm va tafakkur quyoshi”, prof. R. Vohidov esa “Sharqning buyuk allomasi” deb ulugʻlaganlar.


Darhaqiqat, Abdurahmon Jomiy oʻzining koʻpqirrali ijodiy faoliyati bilan ilm va adabiyot tarixida oʻziga munosib oʻrinni egallovchi buyuk iste’dod soxibidir. Abdurahmon Jomiy hayoti va faoliyatini oʻrganish XV asrning ikkinchi yarmidayoq boshlangan boʻlib, natijada uning shogirdlari Abdulvose’ Nizomiyning “Maqomoti mavlavi Jomiy”, Alisher Navoiyning “Xamsat ul-mutaxayyirin” Abdulgʻofur Loriyning “Takmila” bar “Nafaqot ul- uns”-i “Mavlaviy Jomiy” kabi yaxlit asarlari maydonga kelgan edi
XVI asrning boshlarida esa Faxriddin Ali ibn Xusayn Voiz Koshifiyning “Rashaxot ayn ul –hayot”, Zayniddin Vosifiyning “Badoye’ ul -vaqoye’” larida Abdurahmon Jomiy hayoti, faoliyati, shaxsiyati, merosiga oid muhim ma’lumotlar keltiriladi. XVI-XIX asrlar davomida Xuroson, Movarounnahr,
Hindiston, Ozarboyjon, Eron, Turkiyada yaratilgan tazkiralar, esdalik va tarixiy asarlarda Abdurahmon Jomiy haqida eslatilgan manba’lar asosida turli xil ma’lumotlar keltirildi. XX asrda esa Gʻarb olimlari Krimskiy, E. Braun, Sharq olimlari Aliasgʻar Xikmat va boshqalar Abdurahmon Jomiy haqida risolalar yaratdilar. Bu davrdagi jomiyshunoslikda Ye.E. Bertels, Sh.Shomuhammedov, A’loxon Afsahzod, A. Qayumov, A. Mirzoyev, Vohidovlarning xizmatlari katta. Xususan, A’loxon Afsahzodning «Abdurahmon Jomiyning hayoti va merosi» nomli risolasi XX asr jomiyshunosligining yetuk namunasi sifatida diqqatga sazovordir. Oʻzbekiston Respublikasida esa keyingi davrlarda yaratilgan R. Vohidovning “Sharqning buyuk allomasi”, A.Qayumovning “Nazm va taffkur quyoshi” risolalari diqqatga sazovordir. Abdurahmon Jomiyning “Tanlangan asarlari,” “Yusuf va Zulayxo”, “Iskandar xiradnomasi”, “Solomon va Absol” va boshqa asarlari oʻzbek tiliga tarjima qilinib, nashr ettirildi. Respublikamizda Abdurahmon Jomiy hayoti va merosi boʻyicha turli xildagi ilmiy-tadqiqot ishlari, asarlarini nashr etishlar davom etmoqda.
Mavlono Nuriddin Abdurahmon ibn Nizomiddin Axmad ibn Shamsiddin Muhammad Jomiy, temuriylardan Shohrux Mirzo, Mirzo Ulugʻbek, Abulqosim Bobur, Abusaid mirzo, Sulton Xusayn Boyqarolarning Movarounnahr va Xurosonda hukmronliklari davrida yashab faoliyat koʻrsatdi.
Abdurahmon Jomiy 1414-yilning 7-noyabrida Jom shahrida zamonasining taniqli ziyolilaridan boʻlmish Nizomiddin Axmad Dashtiy oilasida tugʻiladi. Yoshligidan qobiliyatli boʻlgan Abdurahmon maktabda oʻqib, Qur’oni karimni yodlab olib boshqa ilmlarni ham oʻrganardi. 1425-yilda oilasi bilan Hirotga koʻchib kelgach, oʻqishni Hirotdagi “Nizomiya” va “Dilkash” madrasalarida davom ettiradi. Bu madrasalarda u zamonasining eng donishmand allomalaridan boʻlgan Sadiddin Taftazoniyning (1322-1389) shogirdi mavlono Shamsiddin Muhammad Jojarmiy hamda Mir Sayid Sharif Jurjoniyning (1339-1413) shogirdi mavlono Alouddin Xoja Ali Samarqandiylardan ta’lim olib, har sohada yetuk boʻlib, talabchan ustozlarining maqtovlariga sazovor boʻladi.
Shunday boʻlsa-da, qoʻlga kiritgan bilimlar bilan qanoatlanib qolmay, oʻsha vaqtlarda dovrugʻi Sharqda taralgan Ulugʻbek Mirzo madrasayi oliyasida ta’limni davom ettirish uchun 1436-yilda Samarqandga keladi. Bu vaqtda alloma Qozizoda Rumiy (1360-1437-38), Gʻiyosiddin Jamshid, Ali Qushchi (1402-1474) va boshqalarning aytishlaricha, Ulugʻbek mirzoning ham darslarini eshitishga muyassar boʻladi, alam ul-ulamo Xoja Fazlulloh Samarqandiyning suhbat va maslahatlaridan bahramand boʻlib, ustozlarining sevimli shogirdi va hammaslagiga aylandi. Shundan-da, madrasani tugatgach, Mirzo Ulugʻbek madrasayi oliyasi mudarrisi sifatida 1452-yilgacha faoliyat koʻrsatadi. Bu vaqtda Xuroson taxti Abulqosim Bobur ixtiyorida boʻlganidan Jomiy oʻzining muammoga bagʻishlangan “Xuliyayi xulal” risolasini Abulqosim Boburga bagʻishlab 1452- yilda yozadi va shu yili Hirotga yoʻl oladi. U Xirotda ekan, 1453-yilda Sa’diddin Qoshgʻariy ustozligida naqshbandiya sulukining muridi boʻladi. 1457-yilda Sa’diddin Qoshgʻariy vafotidan soʻng Abdurahmon Jomiy umrining oxirigacha Xurosonda naqshbandiya tariqatining murshidi piri sifatida faoliyat koʻrsatdi. Davr podshohlari Abusayid Mirzo, keyinchalik Sulton Husayn Boyqaro ham hazrat Jomiyga murshid sifatida ehtirom va xurmat koʻrsatardilar.
Shunday boʻlsa-da, “Abdurahmon Jomiy Xoja Axrori Valini oʻz piri deb bilib, u xazratniing suhbati va maslahatlaridan bahramand boʻlish uchun toʻrt marta Samarqandga kelgan edi. Boshqa vaqtlarda bu ikki siymo oralarida maktub yozish muntazam davom etardi. Bu maktublarning koʻplari dastxat tarzida bizgacha yetib kelgan va nashr ham ettirilgan. Alisher Navoiy xam avvalida Abdurahmon Jomiyni shoir va donishmand olim sifatida ustod deb bilgan boʻlsa, keyinchalik esa bu hazratning rahnamoligida naqshbandiya tariqatini rasmiy tarzda qabul qilib, Abdurahmon Jomiyni ham ustod ham pir sifatida e’zozlardi”1.
Abdurahmon Jomiy 1472-1474-yillarda Makka, Madinada boʻlib, haj safarini amalga oshiradi, soʻng Iroq, Eron va Ozarboyjonning koʻpgina shaharlarini koʻrib, Hirotga qaytib kelgan edi. Abdurahmon Jomiy Movarounnahrning Toshkand, Samarqand, Termiz, Qarshi, Jizzax, Andijon shaharlarida ham turli vaqtlarda boʻlgan.
Abdurahmon Jomiy umrining asosiy qismi Hirotda oʻtdi. U Hirotda oʻz mablagʻiga madrasa qurdirib, unda mudarrislik qilar, olim va shoirlar, dehqon va hunarmandlar bilan suhbatlar qurar, ilmiy-adabiy va madaniy muhitni rivojlantirishga hissa qoʻshadi. Shuning bilan birga ijodiy va ilmiy ishga koʻp vaqtini sarflardi. Abdurahmon Jomiy 1467-yilda ustod va piri Sa’diddin Qoshgʻariyning katta oʻgʻli Xojayi Kalonning qiziga uylanadi. Ular toʻrt farzand koʻrgan boʻlsalarda, faqat bir oʻgli Ziyouddin Yusuf (1477-1514) uzoq umr koʻrib, boshqalari yosh vafot etgan. Abdurahmon Jomiy 1492-yilning 9-noyabr kunida vafot etadi. Uning tabarruk jasadi Hirotda Sa’diddin Qoshgʻariy maqbarasi yaqinida dafn etilib, Alisher Navoiy tomonidan maqbara ham bino qilingan edi. Hozirgi kunda bu joy Taxti mazor deb ataladi. “Abdurahmon Jomiyning xotirasi mamlakatimizda abadiy oʻchmas siymo sifatida oʻzining mustahkam oʻrniga ega. Bu buyuk siymolarning, jumladan, Abdurahmon Jomiyning xotiralari Vatanimizda abadiylashtirilgan. Ikki ulugʻ siymoning yaxlit bir haykali Samarqand shahrida qad koʻtargan, asarlari oʻzbek tiliga oʻgirilib nashr qilingan, hayoti va merosi borasida risola va kitoblar yozilgan, qator koʻchalar, maktab va boshqa muassasalarga uning nomi berilgan”2.
Abdurahmon Jomiy oʻz navbatida Alisher Navoiyga nisbatan hurmat bilan muomilada boʻlganligini va hamfikr ekanligini bilib olamiz, ya’ni bunda Abdurahmon Jomiy oʻzining “Bahoriston” da bitdilarki: “Agarchi Alisher Navoiyning keng qobiliyati she’rning har ikki - turkiy va forsiy nav’ida iqtidorlidir, ammo uning mayli koʻproq turkiyda boʻlib, bu tilda yozganlari forsiyda koʻpdir”3. Bu fikrlar ham Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiylarning bir-biriga befarq emasligini koʻrsatadi
Abdurahmon Jomiyning hayotligi vaqtidayoq Movarounnahr, Xuroson, Eron, Ozarbayjon, Turkiya va Hindistonda shuhrat qozongan asarlari oʻzini koʻpqirraliligi, ilmiy-badiiy jihatdan yuksak darajada boʻlganligi jihatidan hozirgacha ham oʻz ahamiyatini saqlab kelmoqda. Abdurahmon Jomiy fors, arab va turkiy tillarni mukammal bilsa-da, uning asarlari fors va arab tillarida yozilgan. Uning asarlarining umumiy soni 39 tadan 46 tagacha ekanligi aniqlangan. Abdurahmon Jomiyning asarlari badiiy nazm va nasr hamda ilmiy risolalardir. Ilmiy risolalar falsafa, adabiyot nazariyasi(aruz, qofiya, muammo), musiqa kabi sohalarga bagʻishlangan. Jomiy- shoir, adib, olim, musiqashunos, adabiyotshunos, muarrix, faylasuf, mutasavvif. Hazrat Jomiy keng qamrovli ijodiyotida Rudakiydan boshlab to Hofiz va Kamol Xo’jandiygacha bo’lgan so’z san’atkorlari an’analarini ijodiy davom ettirib, fors-tojik she’riyatini yangi pog’onaga ko’targan edi. “Sulton Husayn Mirzoning zamoni,-deydi Zahiriddin Muhammad Bobur,- ajab zamoniy edi, ahli fazl va Benazir eldin bataxsis Hiri shahri mamlu erdi. Har kishiningkim bir ishg’a mashg’ullug’i bor edi, himmati va g’arazi ul edikim, ul ishni kamolg’a tegurgay. Bu jumladin bir Mavlono Abdurahmon Jomiy edikim, zohir va botin ulumida ul zamonda ul miqdor kishi yo’q edi. She’ri xud ma’lumdir.
Asrdosh va izdoshlarining Abdurahmon Jomiyga bergan ta’rif tavsif va baholari bir joyga jamlansa, nainki o’z zamonida undan keying davrlarda ham Jomiyga teng, Jomiyning joyini egallashga munosib shaxs tavallud topmagan, degan xulosaga kelish shubhasizdir”.
Buyuk allomamiz Abdurahmon Jomiyning she’riy merosi haqida soʻz yuritadigan boʻlsak, uning she’riyati uchta devonga toʻplangan boʻlib, ulardan birinchisi “Fotexat ush-shabob” dir. U 1463-yilda tuzilgan boʻlib, keyinchalik 1475-yilga qadar yozilgan she’rlari ham kiritilgan. Devon debocha bilan boshlanadi. Unda devonning Abu Said mirzo zamonida tuzilganiga ishoralar bor. Shoir bu devonni 1479-yilda qaytadan koʻrib, yangi she’rlarni qoʻshib toʻldiradi hamda avvalgi debochani yangilab, unda Husayn Boyqaroning nomini (Abu Said mirzo oʻrniga) kiritadi. Shuning bilan birga debochada she’r va uning ijtimoiy hayotdagi mavqeyi xususida diqqatga sazovor mulohazalar bayon qilingan.
Ikkinchi devoni “Vasitat ul-iqd” boʻlib, uni tuzish 1480-yilda boshlanib, 1488-yilda oxiriga yetadi. Unda birinchi Devonga kirmagan she’rlar ya’ni uning hajmi 4487 bayt qilib toʻplangan. Unda ham muqaddima bor.
Uchinchi devon “Xotimat ul hayot” deb atalib, 1491-yilda tuzilgan. Unga ikkinchi devonga kirmagan, yangi yozilgan 2755 bayt ham bor.
Bu uch devonning har biriga yuqoridagi tartibda nom qoʻyishni Alisher Navoiy taklif qilgan edi, bu taklif Jomiyga ma’qul tushgan va shunday nomlangan. Bu haqida Abdurahmon Jomiy bu devonlar uchun yozilgan yangi muqaddimada, Alisher Navoiy esa “Xamsat ul-mutaxayyirin” asarida aloxida soʻz yuritgan. Jumladan, Alisher Navoiy yozadi: “Faqirga (Alisher Navoiyga) oʻz muborak xatlari bila bitilgan devonni inoyat qildilar. Faqir iltimos qildimkim,...Siz (Abdurahmon Jomiy) bu devonlarga munosib otlar qoʻysangiz... Alar qabul qildilar”.
Mazkur uch devonda 11 janrda yozilgan 2320 ta she’r boʻlib, ulardan 1805 tasi gʻazaldir. Boshqa janrlardan ruboiy 274 tani, qit’a esa 137 tani tashkil etadi. Qolgan 8 janrdagi asarlarning hammasi 104 tadir. Demak, devonlardagi yetakchi janr gʻazal, ruboiy va qit’alar hisoblanadi.
Abdurahmon Jomiy she’rlari, jumladan, gʻazallarini asosiy mavzusi ishq va muhabbat boʻlib, tasavvuf va pand nasixatga oidlari ham bor. Fikrning isboti uchun gʻazallarning oʻzbek tiliga qilingan tarjimalaridan bir ikkitasini koʻzdan kechirish maqsadga muvofiqdir:
Baxt tongini yoritdi mehri toboning sening,
Ishq elining qiblasi qoshing-sharaf-shoning sening.
Nozaninlar husnini koʻp etma menga jilvagar.
Ikki olamdan kechib, boʻldim-ku qurboning sening.
Bir qarashda nozaninlardan olursan aqlu hush,
Men kabi ojiz na qilgay, boʻyla har oning sening.
Bermagil ozor jonimga desam, lab tishlading,
Jonga ozoring men uchun lutfu ehsoning sening.
Bogʻ aro sarvu sanobar xasta-yu sharmandadir
Oni shunday holga solmish sarvi boʻstoning sening.
Goh bizning yonimizda, goh raqiblar yonida,
Roxatu tashvishdir, xullaski, har yoning sening.
Jomiy ishqing kuylamoqdan boshqa ishni bilmagay
Toza gulsan, bulbulingdir ushbu xushxoning sening.
Gʻazalda majoziy ishqdan baxs yuritilib, insonning oliyjanob tuygʻularidan, oshiqning yoriga nisbatan boʻlgan samimiy muhabbatidan, yorning boʻstondagi sarvu sanobarlarni sharmanda qilguvchi goʻzal siymosi bilan birga oshiqqa nisbatan ozorlari haqida soʻz boradi. Har qanday holatda ham oshiq oʻz ishqida sodiq, yorning ishqini kuylaguvchi bulbuldekdir. Albatta, tarjimada asliyatdagi badiiylikning barcha nozikliklari aks ettirish qiyin. Ammo shunday boʻlsa-da, mazkur gʻazaldan ma’lumki, Jomiy unda mumtoz she’riyatda qoʻllaniladigan badiiy san’atlar - oʻxshatish, sifatlash, mubolagʻalardan unumli foydalangan.
Abdurahmon Jomiyning quyidagi misralarida ham ana shunday xususiyatlar koʻzga tashlanadi:
Kecha koʻz uyquda, baxtim uxlamay bedor edi,
Bus - butun tun yorning fikriga jonim yor edi.
Tushda koʻrdim yorni, bir lahzaye uygʻondi baxt,
Shunchalik ham mudragan baxtim uchun bisyor edi..
Jonda qoldi, soʻzlagach, shirin soʻzining lazzati,
Ollah-Ollah, buncha ul lablar shakar guftor edi...
Yaxshi tush koʻr uxlasang. ey koʻzlarim, Jomiy kabi.
Koʻrdi kim bu tun ani, chun umrlar bedor edi.
Abdurahmon Jomiy devonida gʻazallar bilan birga muhim ahamiyatga molik qasida va qit’alar ham bor. Ana shunday qasidalardan biri “Lujjat ul-asror” (Dengiz sirlari) deb atalgan. Unda falsafiy masalalar bilan bir qatorda ijtimoiy mavzulardan ham bahs yuritilgan. Alisher Navoiy bu qasida haqida soʻz yuritib, uning Xusrav Dehlaviyning “Daryoyi abror” (yaxshilar daryosi) qasidasiga javobiya ekanligini uqtiradi. Shunisi diqqatga sazovarki Jomiyning qasidasi, oʻz navbatida Alisher Navoyning „Tuxfat ul-afkor” (Fikrlar toʻxfasi) qasidasining maydonga kelishiga sabab boʻlgan edi. Bu shunday goʻzal qasida ediki, hatto Jomiy uni “Noyob ma’nolar va goʻzal hayolotlar” deb baholagan edi.
Abdurahmon Jomiy devonidagi bir qittada she’riyati mavzulari va ularning mohiyati haqida shunday yozadi:
She’r devoni emas, bu, balki Jomiy
Saxiylarcha yozmish toʻkin dasturxon
Nokaslarga madhu hajvdan boʻlak
Ne ma’no istasang bunda farovon
Ma’lumki, Abdurahmon Jomiy she’riyatida mumtoz shoir Sa’diy, Hofizlarning ananalarini davom ettirgan boʻlsada, zamondoshlari she’riyatlaridagi eng yaxshilarini ma’qul topib, ularga oʻxshatma gʻazallar ham bitgan. Buning yorqin va namunaviy misoli sifatida Alisher Navoiyning oʻzbek tilida yozgan gʻazaliga forsiy tilda yozgan goʻzal javobiyasini eslatish mumkin. Bu haqida Alisher Navoiy “Xamsat ul-mutaxayyirin”da shunday yozadi: “Bir qatla’ bu faqirning (Alisher Navoiyning) turkcha bu matla’ikim:
Ochmagʻay erding jamoli olam oro koshki.
Solmagʻay erding bari olamgʻa gʻavgo koshki,
el orasida shuhrat tutub erdi va podshoh Sulton Husayn Boyqaro hazratlarining suhbatlarida dagʻi koʻp oʻqilur erdi, shuyoʻ va shuhrati ul yerga yettikim, hazrati Maxdumga (Abdurahmon Jomiyga) dagʻi masmoʻ (ma’qul) boʻlub, alargʻa ham dagʻdagʻayi ulkim, bu baxr va qofiya va radifda she’r degaylar bu doiya (istak) paydo boʻlub, chun turkcha alfoz bila nazmga iltifot qilmas erdilar, bir forsiy gʻazal aytilarkim, matlayi budur:
Didame didori on dildori ra’no koshki,
Dida ravshan kardame az xoki on po koshki.
Jomiy yozgan javobiya gʻazal matla’inning ma’nosi quyidagicha: Ul ra’no dildor diydorini koʻrsam erdi koshki, uning oyoqlari tuprogʻini surtib, koʻzlarimni ravshan qilsam koshki ... Bu goʻzal matla’ bilan boshlangan davomi xam goʻzal tasvir va mazmunga boy boʻlganidan u hammaga ma’qul tushadi. Alisher Navoiy esa Abdurahmon Jomiy gʻazaliga Sulton Husayn Boyqaro iltimosiga koʻra forsiy tilda bir musaddasni ham yozadi.
Bu nihoyatda ibratli bir adabiy hodisadir. Chunki u turkiy tilda yozilgan asarlarning, bu oʻrinda Alisher Navoiy gʻazalning forsiygoʻylarga ilhom bagʻishlab, fors tilida yangi asarlarni, jumladan, Abdurahmon Jomiyning javobiya gʻazalini maydonga keltirganidan guvohlik berib qolmay, balki turkiy va forsiy adabiyotlarning uzoq tarix davomida biri-biriga ustoz, biri-biriga shogird kelganliklarini yana bir karra ta’sdiqlaydi. Oʻz navbatida, Alisher Navoiyning Abdurahmon Jomiy gʻazallariga yozgan javobiyalarining “Devoni Foniy”dan oʻrin olganligi ham bu fikrlarning toʻgʻriligini yana bir karra e’tirof etadi. Shunday qilib, Abdurahmon Jomiyning she’riyati oʻzining koʻp qirraliligi, badiiy barkamolligi bilan forsiy she’riyatning goʻzal bir hodisasidir. Shuning uchun oʻsha davrdan boshlab, keyingi asarlar davomida uning she’rlari forsiygoʻylar uchun ham, turkiygoʻy shoirlar uchun ham badiiy mahorat maktabi vazifasini oʻtadi, ularga javobiya oʻxshatmalar yozildi, muxammaslar bogʻlandi. Bunga misol sifatida Abdurahmon Jomiyning:
Roʻzi moro soxt chun shab tira on moh, az firoq,
Chand soʻzem iz firoq Oh, az firoq, oh az firoq.
matla’li gʻazalidan ilhom olgan Husayn Boyqaroning quyidagi matla’ bilan boshlanadigan turkiy gʻazalini keltirish mumkin:
Qildi baxtimni qaro zulfidek ul moh az firoq,
Necha kuydurgay meni dilxastani oh, az firoq.
Yoki XVIII asrning oxiri va XIX asrning birinchi yarmida yashab faoliyat koʻrsatgan shoir Gʻoziyning, XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asr boshlarida yashab ijod qilgan Muhammad Aminxoʻja Muqimiyning Jomiy gʻazallariga muxammaslar bogʻlaganlari ham aytilgan fikrlarning guvohi boʻla oladi.
Sodda qilib aytganda, Jomiy ijodiyotining o’zak g’oyasi ishqdir. Haqiqiy ishq nuri, zavq-shavqi ila basiratni ochish. Ko’ngil nazarini ma’no, mohiyat olamiga qaratish.

O’z jamoliga nazar tashlab, tomosha qildi ishq,


Nom berib, oshiq ila ma’shuqni paydo qildi ishq.

Erdi oshiq, botinu ma’shuq zohir, etdi aks,


Sirri botinni zuhur aylab, huvaydo qildi ishq.

O’zida ul o’zni ko’rdi, jilvalar ko’rsin debon,


Senu menga bir ajib mir’oti dunyo qildi ishq…
Chinakam soflik – dildagi soflik. Ruhda ko’ngilda go’zallik bo’lmasa, zohiriy go’zalliklar shuurga keng yo’l ochib berolmaydi. Hazrat Jomiyning “ gul jamoli”dan “dil jamoli”ni ustun qo’yib, munavvar ko’ngil husni bilan dunyoni hayron qoldir, deyishida olam-olam ma’no yashiringan:
Jamoli dil talab kun, ne jamoli gul, ki gar chun hur
Jamoli dil shavad tobon, shavand ofoq hayronash.
Abdurahmon Jomiy ruhoniyatida go’yo zamin va samo, g’ayb va shahodat olami birlashib, ajralmas bir uyg’unlik kasb etgan. Jomiy tasvirlarida ruh bir shu’la, bir nur va bir ziyodir. Ruh, shaklan goh qirmizi, goh qora, goh oq yo sariq o`laroq turli-turli ranglarda ko`rinadi. Bunday vaqtlarda u moddani tamsil etadi. Zero, ruhga rang berguvchi moddadir. Ruh uchun vaqt, zamon degan chegara yo`q. hayol, tafakkur singari parvozi ko`p oson va yengil. Tafakkur qayerda bo`lsa, ruh ham o`sha yerda. Anglaydigan, xatosiz tushunadigan ruh bo`lib, tafakkur unga ergashuvchi. Modda ruhga to`siq bo`lolmaydi. Ruh hamma joyga bora oladi, havodan, suvdan, olov va tuproqdan bemalol oshib o`tadi. Ruh bo`linib parchalanmaydi, lekin quyosh har tomondan ko`ringanidek, ruh ham ayni bir paytda turli joylarga parvoz aylashga qodir. Jomiy nuqtai nazarida ma’no e’tibori ila inson ulug` odam bo`lgani bois Olloh uni hayot, ilm, iroda, qudrat, his etish, ko`rish, kalom kabi o`zining so`ngsiz sifatlaridan bir qanchasiga sherik etgan va o`zini insonda shu sifatlar ila bilgan, bildirgan. Komil inson, bu olamning ruhi va olam uning jasadi yanglig`dirki, doimo ruhni axtaradi, izlaydi, orzu qiladi. Shuning uchun insonning birinchi va asosiy vazifasi ma’naviy-axloqiy, burchi nafsu-shahvat ofatlaridan qutilmoqdir. Har qayerdaki navs va shahvat seli to’fon qilsa, baxtu iqbol xonasi ham barbod bo’lur, deydi shoir:
Seli shahvat har kujo tufon kunad,
Xonai iqbolro vayron kunad.
Jomiy olamini bilgan- Haqni ham, xalqni ham biladi. Jomiyni o’qigan va tushungan – haqiqatning zohirini ham botinini ham tushunadi. Ko’ngul zavolini ham, kamolini ham his qiladi.
Jomiy tasavvuf ilmining chinakam bilimdoni, naqshbandiylik tariqiga mansub shayx, mutasavvif shoir. Lekin u jaholat, riyo yo’liga kirgan so’fiylar bilan hech murosa qilmagan. Gaq misoliga erishish iddaosi ila hamma narsani yig’ishtirib, safsata sotishni kasb etib olgan so’fiy va darveshlarni shoir dehqonning bir tomchi teriga ham arzitmaydi:
Hazar az so’fiyoni shahru diyor,
Hama nomardumonu mardumxor.

Korashon g’ayri xobu xurdan ne,


Hechashon fikru ro’zi murdan ne.
Mazmuni: Shahru diyordagi bu so’fiylardan hazar qil. Ularning barchasi odamlik qiyofasini unutgan, odamlik sha’nini xorlagan kimsalardir. Yeyish ichish va uxlashdan boshqa tashvishlari yo’q. Hatto o’limni odamday qarshilashni ham o’ylab ko’rolmaydilar.
Abdurahmon Jomiy oʻzining sermazmun hayot faoliyati davomida shunday buyuk va koʻlamdor meros qoldirdiki, bu ijod namunalarini oʻrganishimiz bizning ham buyuk maqsadimiz boʻlmogʻi lozim. Bir qarashda Jomiy fors-tojik adabiyoti boʻlsa, biz uni nima sababdan oʻrganamiz degan savol ham tugʻilishi tabiiy, chunki shunday asarlar borki, ular millat, xalq, til tanlamaydi. Bu asarlarni yaratgan ijodkorni barcha millat oʻziniki deb qabul qilib oʻrganadi. Shundan ham bilsa boʻladiki, ularning yaratgan asarlari umumbashariy madaniyat darajasiga koʻtariladi. Abdurahmon Jomiyning asaridan ta’sirlanib Alisher Navoiy ham asar yaratgan ya’ni “Alisher Navoiyning nasriy asarlaridan “Nasoyim ul- muhabbat min shamoyim ul- futuvvat” tasavvuf tarixiga bagʻishlangan oʻzbek tilidagi ilk asaridir”4. Alisher Navoiyning ham ustozi, ham hamfikri boʻlgan Abdurahmon Jomiyning yaratgan asarlari ham oʻziga xos boʻlib, Bu mashhur asarlar bilan qisqacha tanishib chiqishimiz mumkin boʻladi. Ushbu asarlar quyidagilardir:
1. Uchta she’riy devon: «Fotehat ush-shabob», «Vasitat ul-iqd», «Xotimat ul-hayot». Devonlariga nom qoʻyishda Alisher Navoiyning maslahatlari ham xisobga olingan;
2. Yettita dostondan iborat «Haft avrang»: «Silsilat uz-zahab», «Solomon va Absol», «Toʻhfat ul-ahror», «Sabxat ul-abror», «Yusuf va Zulayxo», «Layli va Majnun». «Xiradnomayi Iskandari»;
3. «Baxoriston»- oʻgʻli Ziyouddin Yusufga oʻqish kitobi tarzida yozilgan asar;
4. «Nafaxot ul-uns min hazarot ul -quds»;
5. «Arbain hadis»;
6. «Favoyidi Ziyoiya» yoki «Sharhi Mullo», «Sharhi Jomiy».
Abdurahmon Jomiy she’riyat sohasida qanchalik shuhrat qozongan boʻlsa, dostonlar turkumidan iborat sab’a - yettilikni maydonga keltirishda ham shunchalik katta mavqega ega. Aytish lozimki, Abdurahmon Jomiy avvalida Nizomiy va Xusrav Dehlaviy «Xamsa»lariga javoban beshlik-xamsani yaratish niyatida boʻlib, bu niyatni muvaffaqiyat bilan amalga oshirgan edi. Uning dastlab bitgan beshligi quyidagi dostonlardan iborat:
1. Toʻxfat ul-axror. 1481-yilda yozilgan.
2. Sabxat ul-abror. 1482-yilda yozilgan.
3. Yusuf va Zulayxo. 1483-yilda yozilgan.
4. Layli va Majnun. 1484-yilda yozilgan.
5. Xiradnomai Iskandari. 1484-yilning 27-dekabrida yozib tugatilgan.
Shuni aytish lozimki, «Xiradnomayi Iskandari» dostoni yozilayotgan kunlar (taxminan 1484-yilning sentabr-oktabr oylari) Alisher Navoiy oʻzining yozib tugatgan «Xamsa»sini Abdurahmon Jomiyga oʻqish uchun taqdim etadi. Abdurahmon Jomiy uni boshdan-oyoq oʻqib chiqib, 1484-yilning 27-dekabrida yozib tugatgan «Xiradnomayi Iskandariy» dostoni xotimasida Alisher Navoiy «Xamsa»siga juda yuksak baho beradi va «sening (Jomiyning) «Xamsa»ng uning «Xamsa»si darajasida boʻla olarmikin?» degan mulohazani ham bayon etadi. Bu nihoyatda muhim ahamiyat kasb etuvchi fikr boʻlganidan uni toʻlaroq keltirish maqsadga muvofiq koʻrinadi:
Kel, Jomiy, umri koʻp zahmatda oʻtgan,
Xotirdan bunday «Besh xazina» bitgan.
Beshlikda besh panjang quvvatga toʻldi,
Daryo kaftlar qoʻlin majoli soʻndi...
Ammo bordir boshqa durshunoslar ham,
Ular «Beshligi»dan toʻlmishdir olam.
Biriga teng kelmas sening yuz gʻaznang.
Ayniqsa, besh panja urgan ul erga
Panjasin Ganjadan koʻtargan sherga
Turkiy tilda dogʻi naqsh keldi ajab,
Xatto sexrgarlar bogʻladilar lab.
Bunday yoqimli naqsh tushirgan qalam
Boshiga ofarin yogʻdirsin olam...
Buning tili ham gar boʻlganda dariy
Majolsiz qolardi ularning bari...
Zakovating nuri baxsh etdi safo,
Navoiy, lutfingdan topdi u navo.
Koʻrinadiki, Abdurahmon Jomiy Alisher Navoiy «Xamsa»sini mutolaa qilgach, oʻzi avval beshlik tarzida yozgan asarini boshqacha tarzda tuzish fikriga keladi. Natijada u 1480-yilda yozgan «Solomon va Absol», 1468-1486-yillar orasida uch daftar tarzida yozgan «Silsilat uz-zahab» (oltin zanjir) dostonlarini oʻz beshligiga qoʻshib, 1486-yilda oʻzining yettiligini«Xaft avrang»ini maydonga keltiradi va turkum dostonlar yozish an’anasiga yangilik yaratadi. Bu esa Abdurahmon Jomiy asarining mavqeyi va oʻrnini yanada oshirdi.
«Xaft avrang» tarkibidagi dostonlar haqida muxtasar ma’lumot.
1. «Silsilat uz-zahab» (oltin zanjir) dostoni 1468-1481-yillarda yozilgan uchta daftardan iborat:
Birinchisi : 1468-1472-yillarda 3730 bayt hajmida yozilgan boʻlib, Sulton Husayn Boyqaroga bagʻishlangan.
Ikkinchisi: 1486-yilda 1595 bayt hajmida yozilgan.
Uchinchisi: 1486-yilda 870 bayt hajmida yozilib, Rum podshosi Sulton Boyazid P-ga bagʻishlangan.
Demak, hammasi 6195 baytdan iborat boʻlgan bu doston falsafiy, ijtimoiy, ahloqiy mavzularda yozilgan boʻlib, unda kichik hikoya va masallar ham foydalanilgan.
Asarda tasavvuf masalalari hamda oxirgi qismlarida ijtimoiy mavzular yetakchilik qiladi, xususan, podshoh va adolat konsepsiyasi bunda ancha keng yoritiladi. Doston xafif bahrida (foilotun-mafoilun fa’lan) yozilgan.
2. «Solomon va Absol» 1480-yilda Sulton Yaqub Oqquyunliga bagʻishlab yozilgan boʻlib, 1110 baytdan iboratdir. Solomon va Absol haqidagi bu ishqiy doston tasavvufiy yoʻnalishda yozilgan. Shu jihatdan u Abu Ali ibn Sinoning «Solomon va Absol»idan tubdan farq qiladi. Bu ikki muallif asarlari nomlarigina oʻxshash boʻlib, uning talqini ikki xildir.
Jomiyning dostoni ramali musaddas (foilotun foilotun foilun) bahrida yozilgan.
3. «Tuhfat ul-Axror»- (Ahrorga toʻxfa) 1712 baytdan yborat bu doston 886 xijriy yilning ramazon oyida – 1481-yilning noyabr oyida yozilgan. Doston Xoja Ubaydulloh - Xoja Axror Valiga bagʻishlangani tufayli shu tarzda nomlangan. Asar sare’ bahrida (muftailun muftailun foilun) yozilib, kirish qismlar, yigirma maqolot va hikoyot hamda xotimadan iborat. Asarning asosiy qismi boʻlmish yigirma maqolot va ularda keltirilgan hikoya va masal irfoniy hamda ijtimoiy mavzulardan soʻz yuritilgan.
Alisher Navoiy «Hayrat ul-abror» dostonida Jomiyning bu asari haqida shunday yozadi:
Xizmatin ettimki, tamanno edi,
Ilgida koʻrdum necha ajzo edi.
Kulgu bila qildi ishorat manga,
Toʻhfa bila berdi bashorat manga
Kim: «olibon boshtin-oyogʻigʻa boq,
Qil nazar avroqiga boshtin-ayoq»,
Oligʻa jon naqdini sochtim ravon,
Oldimu oʻptum, dogʻi ochtim ravon.
Boshtin-ayoq gavhari shahvor edi.
Qaysi guhar «Tuhfat ul-Ahror» edi.
Naf’ topib kimki boʻlub mustafid
Muxtasar ul ikkidin , ammo mufid.
Ul ikkini topsa boʻlur munda-oʻq,
Munda tuhaf koʻpki, ul ikkida yoʻq.
Shavqida koʻksumni shigof ayladim,
Jildigʻa koʻnglumni gilof ayladim.
4. «Sabhat ul-abror » (yaxshi kishilar tasbexi) 2885 baytdan iborat boʻlib, 887 hijriy- 1482 milodiy yilda ramali musaddas bahrida (foilotun faalotun faalun) yozilgan. Abdurahmon Jomiydan oldin va soʻng ham hech bir shoir dostonini bu bahrda yozmagan. Bu haqida Alisher Navoiy yozadi: «Sabhat ul-abror» kim, alarning muxtaraidurkim, ne ul baxrda masnaviy aytibdurlar va ne ul tarkib va ado bila manzum kitob tartib beribdurlar»
Asar axloqiy, ta’limiy-tarbiyaviy va falsafiy tasavvufiy mavzularga bagʻishlanib, kirish, 40 iqd (bob) va xotimadan iborat. Har bir iqd (bob) nazariy boʻlim va hikoyalardan tashkil topgan. Ularda tasavvufiy (iroda. Tavba, fakr, sabr, shukr...) axloqiy (muhabbat, hayo, futuvat, sidk saxovat, hilm-yumshoqlik...) hamda adolatga da’vat kabi mavzulardan bahs yuritilgan. Bu fikrlarning isboti uchun keltirilgan hikoyat va masallar nihoyatda goʻzal va ibratlidir. Ana shunday hikoyatlardan biri quyidagicha:
Qari bir kishi orqasiga tikonlarni koʻtarib, zoʻrgʻa qadam tashlab borar va har bir qadam qoʻyganda shukrona aytardi: Ey Allox, sen menga shunchalik yaxshilik qilding, davlat eshigini ochding, izzat tojini boshimga qoʻndirdingki, bu yaxshiliklaring uchun senga tasannolar aytishga ojizman. Shu vaqtda bashang kiyingan yosh bir yigit otda kelayotib bu gaplarni eshitib, hayrati oshadi va cholga yaqin kelib, kalondimogʻlik bilan shunday deydi: «Ey chol, bas qil orqangda tikon boʻlsa, zoʻrgʻa qadam qoʻyayotgan boʻlsangu yana badavlat va izzatliman deb shukrona aytasan. Umring tikanlar bilan xorlikda oʻtsayu izzatdan gapirasan?!» Chol shunday javob berdi: Mening izzatim shundaki, sendaylarning eshigida xor emasman, sening oshu noningga muxtoj emasman. Men shunga shukrona aytamanki, Alloh menga qullikni emas, balki ozodlikni-erkinlikni ravo koʻrdi. Bu esa menga bagʻishlangan davlat va in’om etilgan izzatdir. Koʻrinadiki, dostonning hurriyat-erkinlikdan baxs yurituvchi yigirma toʻrtinchi ikdi (bobi) da keltirilgan bu hikoya mumtoz adabiyotda koʻpgina shoirlar, jumladan, Alisher Navoiy tomonidan ham ishlangan mavzuda yozilgan boʻlsa-da, ammo u oʻziga xosligi bilan ajralib turadi. Xususan, unda insonning erkinligi-istiqloli, birovga qul-muxtoj boʻlmagani bu buyuk ne’mat ekanligi va shuning uchun har qancha shukrona aytsa ham ozlik qilajagiga alohida urgʻu berilgan.Bu esa juda muhim va katta tarbiyaviy-ma’naviy ahamiyatga ega boʻlgan xulosadir.
5. «Yusuf va Zulayho»- 4000 baytdan iborat bu asar milodiy-1483 yilda Jomiyning xijriy xisobda 71 yoshligi vaqtida hazaji musaddas (mafoilun mafoilun faulun) baxrida yozilgan eng goʻzal va jozibali dostonlaridandir. Alisher Navoiy bu doston haqida shunday yozgan edi: «Haft avrang» kitobidin «Yusuf va Zulayho» dostonikim, «Oshiq va Ma’shuq» gʻa mavsumdur va ul kitob naziri Yusuf husni Zulayho ishqidek ma’lum... Alarning bu masnaviylari baxrida ( hazaji musaddasi mahzuf- mafoilun mafoilun mafoil) faqirning «Xamsa»sidin «Farhod va Shirin boʻlubtur»
Qur’oni karimning «Ahsan ul-qisasi»-dan ilhomlanib yozgan bu dostonda: «Jomiy Zulayho va Yusuf obrazlarini va yuksak insoniy tuygʻular egasi boʻlgan ibratli, ijobiy qahramonlar sifatida yaratdi. Shu bilan u insonni, pok insoniy muhabbatni ulugʻlovchi, yuksak badiiyat bilan oʻlmas bir asarni vujudga keltirdi»5.
Mazkur doston Olimjon Boʻriyev tomonidan oʻzbek tiliga mahorat bilan tarjima qilinib, 1983-yilda nashr ettirildi.
6.”Layli va Majnun” 3860 baytdan iborat bu doston 1484-yilda hazaji musaddas (mafulu mafoilun faulun) bahrida yozilgan boʻlib, Sharqu Gʻarbda mashhur boʻlgan Layli va Majnun ishqi sarguzashtlaridan bahs yuritadi. Jomiy uni boshqa mualliflar asarlaridan farq qiladigan tarzda yaratadi. Bu farqlar voqealar tizimi va obrazlar talqinida ham kuzatiladi. «Layli va Majnun” dostonining soʻngidagi tasvirlar uning irfoniy-tasavvufiy uslubda bitilganiga ishora qiladi.
«Xiradnomayi Iskandari» (Iskandar pandnomasi) dostoni 2315 baytdan iborat boʻlib, u 1484-yilning 27-dekabrida yozib tugatilgan. Doston mutaqoribi musammani (faulun faulun faul) baxridadir. Alisher Navoiy qayd qilganidek, «Haft avrang»ning yettinchi dostoni boʻlgan “Xiradnomai Iskandari” Iskandar va yunon hakimlarining turli mavzudagi oʻgit, pand va nasihatlari, shularga daxldor va masallarga boy asardir. Unda Iskandar sarguzashti bu fikrlarni ifodalashga koʻmak beruvchi boʻlib xizmat qilgan. Asardagi koʻpgina masal va hikoyatlar mazmun va badiiyat jihatidan yuksak darajada bitilgan boʻlib, ular insonning komillashuviga qaratilgan, jumladan, odil Iskandarni ham hayratda qoldirgan adolatli mamlakat hakidagi hikoya diqqatga sazovordir.
Bu qisqa tavsifdan ma’lumki, Jomiyning 21894 baytdan iborat «Xaft avrang»ida Nizomiy va Xusrav Dexlaviylar “Xamsa” laridagi Bahrom, Xusrav, Shirin va Farhodlar haqidagi dostonlar koʻrinmaydi. Nizomiy va Xusrav “Xamsa” larida «Maxzan ul-asror», “Matla’ ul-anvor” ga oʻxshash tafakkurnomalar bittadan keltirilgan boʻlsa, Jomiyda ularning soni uchtaga yetkazilgan: “Toʻhfat ul-axror” “Sabhat ul-abror”, «Silsilat uz-zahab». Oldingi «Xamsa» larda boʻlmagan Yusuf va Zulayho haqidagi doston Jomiyning «Haft avrang»iga kiritilgan. Dostonlarni joylashtirishda ham oʻziga xoslik kuzatiladi. Bularning «Haft avrang»ning yangicha dostonlar turkumi-yettilik-sab’a ekanini namoyish etadigan omillardir.
«Baxoriston». Sa’diyning «Guliston»iga oʻxshatma tarzida 1487-yilda oʻgli Ziyouddin Yusufga oʻqish kitobi sifatida yozilgan badiiy nasrning namunasidir. Asar muqaddima, sakkiz ravza (bogʻ) va xotimadan iborat:
1- ravza (bogʻ) da sufiylar shaxsiyatiga oid hikoyalar;
2- ravzada hakim - faylasuflarga oid hikoyalar;
3- ravzada adolatning foydasiga doir hikoyalar;
4- ravzada saxovatning yaxshiligiga oid hikoyalar
5-ravzada ishq-muhabbatga bagʻishlangan hikoyalar;
6- ravzada hazil-mutoyabalar;
7-ravzada she’r va shoirlar haqidagi mulohazalar;
8- ravzada esa hayvonlar xaqidagi hikoyalar keltirilgan.
«Baxoriston»dagi hikoya va masallar yoshlarni ma’naviy barkamol boʻlib yetishuviga xizmat qiladi. Jomiy «Bahoriston»idagi hikoya va masallarning koʻpi keyingi oʻzbek shoir va yozuvchilariga ilhom manbayi boʻlib xizmat qiladi. Jumladan, asarning sakkizinchi ravzasidagi toshbaqa va chayon masali Muhammad Sharif Gulxaniy («Zarbulmasal) Xamza Hakimzoda Niyoziylar tomonidan ijodiy tarzda foydalanilgan.
«Bahoriston»ning «Guliston»dan farqli tomonlaridan biri shundaki, «Bahoriston»ning yettinchi ravzasi shoirlarga bagʻishlangan. Jomiy bunda oʻz zamonasigacha boʻlgan 39 mashhur shoirlar (Rudakiy, Nizomiy. Xusrav Dexlaviy, Hofiz va boshqalar) haqida ma’lumot berar ekan ana shu mashhur shoirlar qatorida Alisher Navoiyni ham tilga oladi, uning ijodiga yuksak baho beradi.
«Nafahot ul-uns min hazarot ul-quds» (Doʻstlik xushbuyliklarida qudsiylar mavjudligi) deb ataladigan bu asar Alisher Nevoiyning xohishi bilan Ansoriyning “Tabaqot us-soʻfiya” asariga javoban 1476-yilda yozilgan falsafa tarixidan bahs yurituvchi tazkiradir.
«Nafahot ul-uns»da XIII-XV asrlarda yashab faoliyat koʻrsatgan 616 mutasavvuflardan soʻz yuritiladiki, 582 tasi erkaklar boʻlsa, 34 tasi ayollardir. Asarda arab mintaqalari hamda Xuroson va Movarounnahrda, Kavkaz orti oʻlkalarida mashhur boʻlgan mutasavviflar, shunga daxldor adib va shoirlar haqida ma’lumotlar bor. Jumladan, Ansoriy, Abu Sayid Abulxayr, Robiya Balxiy, Sanoiy, Nizomiy, Attor, Sa’diy, Jaloliddin Rumiy, Xusrav Dehlaviy zamondoshlaridan esa Kamol Xoʻjandiy, Xoʻja Axror Vali, Sa’diddin Qoshgʻariy va boshqalar haqida fikr bildiradi. Asar soʻfiya tarixini oʻrganishda muhim manbalardan biri boʻlganligi sababli, XV asrning oʻzidan boshlab, keyingi davrlarda ham turli tillarga tarjima qilindi, nashr ettirildi. 1495-96-yillarda Alisher Navoiy undan ilhomlanib «Nasoyim ul- muxabbat» asarini yaratadi. Garchi Alisher Navoiy «Nasoyim ul muhabbat»ni «Nafaxot ul-uns»ning oʻzbek tiliga tarjimasi deb aytgan boʻlsa-da, aslida esa «Nasoyim ul-muxabbat» undan ilhomlanib yozilgan yangi asardir.Chunki unda Navoiy koʻpgina yangiliklarni, jumladan, 111 turkiy mashoyix haqidagi ma’lumotlarni kiritgan.
«Nafahot ul-uns» turk, ingliz, nemis va boshqa tillarga ham oʻgirilgan.
«Favoidi Ziyoiya» yoki «Sharxi Mullo». «Sharxi Jomiy» nomi bilan mashhur boʻlgan bu asar 1492-yilning 7-iyulida yozib tugatilgan. Asar oʻgli Ziyouddin Yusufga bagʻishlangan. Unda arab tilining sarf va nahvi (grammatikasi) arab tilida bayon qilingan boʻlib, u keyinchalik Movarounnahr, Xuroson, Hindiston va boshqa mamlakatlarning madrasalarida arab tilini oʻrganish uchun asosiy darslik vazifasini oʻtagan, unga koʻplab sharhlar ham yozilgan.
Xulosa qilib aytganda, biz yuqorida Abdurahmon Jomiy qalamiga mansub ayrim asarlar haqidagina muxtasar ma’lumotlarni keltirdik xolos. Shundan ham ma’lum boʻladiki, Abduraxmon Jomiy merosi keng qamrovli boʻlib, ilmiy-badiiy jihatdan yuksak saviyada boʻlganligidan hamisha ardoqlanib kelingan.
Abdurahmon Jomiyning ijodi haqida soʻz yuritganda koʻz oldimizga albatta, Lutfiy va Navoiylar ham namoyon boʻlar ekan. Shu oʻrinda oʻzbek adabiyotining malik ul kalomi mavlono Lutfiy, soʻz mulkining sohibqironi Alisher Navoiylar bilan shaxsiy va ijodiy aloqalari forsiy va turkiy tilli xalqlar adabiy aloqalarining ibratli sahifalaridan boʻlib qolmay, balki oʻzbek va tojik xalqlarining qadim tarixga ega doʻstligining ham yorqin namunasidir. Shundan-da, Abdurahmon Jomiy qaysi bir asarini yozmasin birinchi boʻlib, Alisher Navoiy nazaridan oʻtkazardi, oʻz asarlarida uning haqida samimiy soʻzlarini aytar, yuksak bahosini berardi. Alisher Navoiy ham, oʻz navbatida, oʻz asarlarini avval ustodi nazaridan oʻtkazardi, uning haqida “Xamsa”sida ham, nasriy va sheriy asarlarida ham toʻlqinlanib soʻz yuritdi. Hatto unga bagʻishlab alohida bir asarni «Xamsat ul-mutahayyirin»ni yaratdiki, bu ana shu ikki ulugʻ siymo haqida yozilgan nodir manbalardan hisoblanadi. Bu buyuk siymolarning, jumladan, Abdurahmon Jomiyning xotiralari Vatanimizda abadiylashtirilgan. Ikki ulugʻ siymoning yahlit bir haykali Samarqand shahrida qad koʻtargan, asarlari oʻzbek tiliga oʻgirilib nashr qilingan, hayoti va merosi borasida risola va kitoblar yozilgan, qator koʻchalar, maktab va boshqa muassasalarga uning nomi berilgan.
Vatanimizning ulugʻ siymolari merosi kabi Abdurahmon Jomiyning ham koʻpqirrali ilmiy-adabiy merosi yoshlarning ma’naviyatini shakllantirish, ularning komil inson boʻlib yetishuvlariga ma’naviy-badiiy koʻmak beradi. Bu esa Abdurahmon Jomiy merosining abadiyligidan guvohlik beruvchi muhim omillardandir.

Download 62.09 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling