Abu nasr forobiy (873 950)
Download 31 Kb.
|
farobiy
ABU NASR FOROBIY (873 - 950) Abu Nasr Muhammad ibn Muhammad ibn Uzlug` ibn Tarxon Forobiy 873-yilda Aris daryosi Sirdaryoga quyiladigan yеrda Forobda tug`ilgan. Forob kеyinchalik O`tror dеgan nom olgan. Forobiy turkiy qabilalardan bo`lgan oilada tug`ilgan va boshlang`ich ma'lumotni turkiy tilda olgan. Forobiy yashagan davrda O`rta Osiyoda fеodal urushlar avjga chiqqan, ilm va ma'rifat e'tiborsiz qolgan edi. Shu sababli ko`p olimlar arab xalifaligining markaziy shaharlariga, masalan, Bag`dod shahriga borib, o`z bilimlarini oshirishga harakat qilar edilar. Forobiy shu maqsad bilan Bag`dodga jo`naydi. Bag`dod yirik markaziy shahar bo`lib, unda turli xalq vakillarini uchratish, ilmning juda ko`p sohalariga doir kitoblarni topish mumkin bo`lgan. Forobiy Bag`dodda tashkil etilgan «Baytul-hikmat» da yirik olimlar bilan birga hamkorlik qildi, ulardan ko`p ilmlarni o`rgandi. Forobiy mantiq ilmini Harron shahriga borib, tabib Yuxanna ibn Qunnoyidan, hikmat va yunon tilini Abu Bashar Mattodan o`rgandi. Forobiy matеmatika va mantiq ilmiga ko`p qiziqdi. U turli tillarni o`rganish bilan shug`ullanib, arab tilini ham Bag`dodda o`rgandi. Forobiy dariy (fors-tojik), yunon kabi ko`p tillarni bilgan. Forobiy musiqa bilan ko`p shug`ullanadi, tibbiyot sohasida ish olib borib, uni yaxshi egallaydi. Forobiy ayniqsa falsafa bilan ko`p shug`ullanadi, bu fanni chuqur o`rganish uchun boshqa fanlardan foydalanadi. Forobiy 941-yilda o`sha davrning markaziy shaharlaridan bo`lgan Damashqqa kеladi. Bu shaharda Forobiy jismoniy mеhnat bilan shug`ullanib kun kеchirishga majbur bo`ladi. Forobiy 942-yilda Bag`dodda boshlagan eng katta asari «Fozil shahar aholilarining fikrlari» nomli kitobini Damashqda yozib tamomlaydi. Forobiy Damashqdan so`ng Xalab, Harron va Misr shaharlariga boradi, undagi olimlar bilan tanishadi. Mashhur olim Forobiy kamtar, ilmga juda ham bеrilgan shaxs bo`lgan. U o`z vatani Forobdan juda uzoq yurtlarda bo`lganida ham, turli muhit va sharoitlarda yashaganida ham, o`z ona tili - turkiy tilini unutmagan, o`z milliy kiyimida yurgan, milliy odatlariga rioya qilib, ona-Vatan O`rta Osiyoni umrining oxirgi kunlarigacha qattiq sеvgan. Forobiy hayoti va shaxsi haqida juda ko`p tarixiy manbalarda har xil hikoyalar va xabarlar kеltirilganki, bu ma'lumotlar Forobiyning shaxsi va dunyoqarashi to`g`risidagi tasavvurlarni to`ldiradi. Forobiy o`z davrining mashhur faylasufi, juda ko`p fanlar sohasida ilmiy ish olib borgan, musiqa sohasida ajoyib qobiliyatga ega bo`lgan, o`z zamonasining olimlari orasida katta hurmat va obro` qozongan o`tkir mutafakkir olim hisoblanadi. Forobiy fazilatli va saxovatli bo`lgan, boylik va mansab bilan qiziqmagan, oz bilan qanoatlanib, imkoniyati bo`lganda boshqalarga yordam bеrishga tayyor turgan, erkin tabiatli, kamtar va dilkash, yoqimli suhbatdosh kabi eng olijanob insoniy fazilatlarga ega bo`lgan. Forobiy hayotni, tabiat go`zalliklarini, suhbat va musiqani sеvuvchi olim bo`lgan. Forobiy 950-yilda hozirgi Suriyaning Damashq shahrida vafot etgan. Download 31 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling