Abu Rayhon Beruniyning tarbiyaviy qarashlari asosida yoshlarni ma’naviy-axloqiy sifatlarini shakllantirish


Download 16.61 Kb.
Sana16.06.2023
Hajmi16.61 Kb.
#1513189
Bog'liq
Beruniyning tarbiyaviy qarashlari. maqola (1)


Abu Rayhon Beruniyning tarbiyaviy qarashlari asosida yoshlarni ma’naviy-axloqiy sifatlarini shakllantirish.
Urganch davlat pedagogika instituti dotsenti D.Sh.Nafasov, magistrant Menglibayeva Sayyora Sadulla qizi
ANNOTATSIYA
Mazkur maqolada Abu Rayhon Beruniyning tarbiyaviy qarashlari asosida kelajak yoshlarning ma’naviy-axloqiy sifatlarini tarkib toptirish masalalari haqida so‘z boradi. Kalitso‘zlar: Axloq, tarbiya, muruvvat, donishmandlik, rostgo‘ylik.
Taraqqiyot yo‘lidan jadal borayotgan yangi O‘zbekistonda xalqimizning o‘z yurti, tili, madaniyati, qadriyatlari va tarixini bilishga, o‘zligini anglashga qiziqishi yanada ortib bormoqda. Odamzod borki, avlod-ajdodi, nasl-nasabi kimligini bilishni istaydi va ularga munosib farzand bolish uchun o‘z oldiga maqsadlar qo‘yadi. Albatta bu o‘sib kelayotgan yosh avlodning ta’lim-tarbiyasiga bo‘g‘liq. Shu maqsadda mamlakatimiz bor e’tiborini talimni rivojlantirishga qaratdi. Bugungi kunda milliy tariximiz, qadriyatimiz, urf-odatlarimiz qaytadan tiklanmoqda. «Talim to‘g‘risida»gi Qonun va boshqa meyoriy hujjatlarda talim-tarbiya tizimini yuqori pog‘onaga ko‘tarish yo‘llari belgilab berilgan [1].
Hozirgi O‘zbekiston deb ataluvchi hudud, ya’ni bizning vatanimiz nafaqat Sharq, balki umumjahon sivilizatsiyasi beshiklaridan biri bo‘lganini butun jahon tan olmoqda. Bu qadimiy va tabarruk tuproqdan buyuk allomalar fozilu-fuzalolar, olimu-ulamolar, siyosatchilar, sarkardalar yetishib chiqqan. Ana shunday allomalardan biri buyuk vatandoshimiz Abu Rayhon Beruniydir. Ensiklopedist mutafakkir sifatida Beruniyning ilmiy merosini yer yuzidagi deyarli barcha mamlakat olimlari chuqur o‘rganishgan. U qomusiy olim sifatida tarix, falsafa, astronomiya, geografiya, tibbiyot, matematika, astrologiya, fizika, adabiyot kabi fanlarni mukammal o‘rgandi va ilmiy izlanishlar olib bordi. Bundan ming yillar avval yaratilgan ushbu fan sohalariga oid asarlar hali-hanuz o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q.
Beruniyning ilmiy, falsafiy, ta’lim-tarbiyaga oid qarashlari hozirgi zamon fani uchun ham katta qiziqish uyg‘otadi. Chunki Beruniy o‘z davrining barcha ilmlarini puxta egallagan faylasuf, ensiklopedist olim edi. Inson kamoloti tarbiyasi masalasi o‘tmishdagi faylasuf-mutafakkirlar ijodida ma’lum darajada ifodalangan bo‘lsa-da Beruniy uni yanada rivojlantirgan va to‘g‘ri asoslagan. Beruniy bilim olishni axloqiy tarbiya bilan bog‘laydi. Zero, insonda komillikning muhim mezoni yuksak axloqlilikdir. Beruniyning inson kamolotida axloqiy tarbiyaning muhim o‘rnini ta’kidlashini uning «Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar», «Hindiston», «Mineralogiya», «Kitob as-Saydana», «al-Qonuni al-Mas’udiy», «Giodeziya» va boshqa asarlarida ko‘ramiz.
Abu Rayhon Beruniyning tarbiyaviy qarashlari asosida yoshlarni ma’naviy-axloqiy sifatlarini shakllantirishda alloma tomonida bildirilgan quyidagi fikrlarni e’tiborga olmoq lozim: axloqlilik insonning eng asosiy sifati bo‘lishi kerak, bu xislat birdaniga tarkib topmaydi. U kishilarning o‘zaro muloqoti, ijtimoiy muhit - jamiyat taraqqiyoti jarayonida tarkib topadi. Beruniy axloqiy tarbiyaga musulmon dini talablaridan kelib chiqqan holda ta’rif beradi. Axloqiylik yaxshilik bilan yomonlik o‘rtasidagi kurash natijasida namoyon bo‘ladi va tarkib topadi, deydi u. Yaxshilik va yomonlik insonning xulq-atvorini belgilaydigan mezondir. Insonning axloqiy kamolga yetishi muammosi ta’lim-tarbiyada markaziy masala bo‘lib kelgan.
Beruniy ezgu tilakka yetishga to‘sqinlik qiluvchi ziqnalik, yolg‘onchilik, munofiqlik, manmanlik, takabburlik kabi nuqsonlarni qoralaydi, boylikka ruju qo‘yish va ta’magirlik, g‘azab va johillik inson uchun eng ashaddiy dushman deb qaraydi. Mutafakkir jamiyatda adolat o‘rnatish, uni yovuzliklardan xalos etish uchun dono, adolatli hukmdor bo‘lishi kerak, deydi. Beruniy insonning kamolotga erishuvi tajribaga tayanuvchi aql-idrokka amal qilishdan boshlanishini, inson tashqi dunyoni bilishga qobilligini, shu asosda bilim olishni, haqiqatni izlashini, haqiqat esa uning to‘gri his tuyg‘ularini taqozo etishini va shularning hammasi inson shaxsi kamol topishining bosh me’zoni ekanini bayon qilgan. Shuningdek, inson kata nuqsonlardan doimo yiroq bo‘lishi zarurligini, bunday nuqsonlar bilimsizlik, yolg‘onchilik, mol-dunyoga hirs qo‘yish, munofiqlik, xushomadgo‘ylik, nafsni tiymaslikdan iboratligini uqtirgan. Olim inson axloqini shakllantiruvchi vosita mehnat, deb hisoblaydi. Uning fikricha, aql-idrok va mehnatning jamlanishigina kishilarning to‘g‘ri hayoti va pok axloqini belgilab beradi. U o‘zining “Feruza”, “100 hikmat”, “Ayol makri” va bir qator yozgan hikmatlar, naqllar va she’rlarida axloqiy tarbiyaning bosh mezoni mehnat tarbiyasi ekanini asoslab berdi. Mehnat inson qalbida muruvvat hissini uyg‘otadi [2].
Beruniyning muruvvat haqidagi g‘oyasida xayrixoh bo‘lishlik, halol, haqgo‘y va boylik orttirishga intilmaydigan o‘z mehnati hamda o‘zgalarning mehnatini hurmatlaydigan sifatlarni nazarda tutgan edi. Beruniy bolalarni axloqiy barkamolligi va yomon fazilatlardan saqlashda quyidagi tarbiya usullarini olg‘a surgan edi: 1. O‘rnak olish. Donishmand va olimlar xulqlaridan o‘rnak olish yaxshi xulqni rivojlantiradi, yomon odatlarni yo‘q qiladi. U ko‘proq ota-onalarni farzandlariga o‘rnak bo‘lishga chorlaydi. 2.Pand va nasihat. Beruniy pand-nasihat orqali bolalardagi ayrim nuqsonlarni anglatish zarur, deb hisobladi va u quyidagi fikrlarni bayon qildi: “Odamlar o‘rgangan, odatlangan va ko‘pchilikka ma’qul bo‘lgan narsaga qarshilik ko‘rsatmasdan o‘rganish kerak”. Yaxshi xulqlar yaxshilik alomatidir, yomon xulqlardan bolalarni saqlamoq lozim. Ayniqsa, maqtanish, buzuq niyatlilik, chaqimchilik, besabrlik, nafs balosi, yolg‘onchilik va boshqalar. Beruniy yolg‘on doim rostdan yengiladi, degan edi.Shuning uchun rostgo‘ylik fazilatini hamma o‘ziga mujassam qilishni orzu qilgan. Nihoyatda keng bilimli va o‘tkir mushohadali, ilmning turli sohalarini mukammal egallagan Beruniy yosh avlodni o‘qitish va tarbiyalash masalalariga ham jiddiy e’tabor bergan. U pedagogika bo‘yicha maxsus asar yozmagan bo‘lsa-da, falsafa, psixologiya, ijtimoiy masalalarni tahlil qilishda ta’lim-tarbiya, ilm-ma’rifat va odob-axloq haqidagi fikrlarini asosli ravishda bayon etgan. U eng avval, insonning baxti va fazilati ilmdadir, degan g‘oyani ilgari surgan [3].
Beruniy ilmlar insonning ehtiyojidan paydo bo‘lganini aytib, ularni quyidagicha ta’riflagan: “Musiqa-insonga kuchli ta’sir etib, yoqimli kayfiyat bag‘ishlaydi; til-nutqning tarozisi va muomala qurolidir; geodeziya-harakatsiz yulduz va quyosh orqali shaharlarning joylashishini mukammal o‘rgatadi; geologiya, geografiya va gidrologiya-yer haqidagi fanlardir; geometriya-jismlarning shakllarini; falakiyot-koinot sirlarini; minerologiya-javohir va la’llarni o‘rgatadi; dorishunoslik-tibbiyot ilmlaridan xabardor qiladi.
Beruniy fanlarni ta’riflash bilan birga ularni o‘qitishning quyidagi muammolarini bayon etgan: Ta’limda o‘qituvchini zeriktirmaslik uchun o‘rganiladigan fanlarni almashtirib turish kerak. O‘quvchi fandan-fanga o‘tib tursa turli bog‘larda yurganga o‘xshaydi. Birini ko‘rib ulgurmay, boshqasi boshlanadi va u “Har bir narsada o‘ziga o‘ziga yarasha lazzat bor” deyilganidek, ularga qiziqadi va o‘qishni istaydi. Bir narsaning bayoni bolani charchatadi va xotirasida hech nimani saqlay olmaydi. Beruniy ilmni quyidagi uch yo‘l bilan hosil bo‘lishini alohida uqtirgan: 1.Har bir ilm va san’atning borib taqaladigan boshlanish joyi bor. Shuni to‘g‘ri boshlash zarur. 2.Ilm boshlanish joyiga yaqinlashgan sari to o‘ziga borib yetguncha soddalashtirib borish. 3.Ilm o‘rganish va sabrni talab etadi. Shoshilish kerak emas. Beruniy ilm ahlini hurmat qilinsagina, ilmlar yanada rivojlanib ketishini qayta-qayta uqtirgan edi. Beruniy tahlilidagi darsliklar g‘oyat tushunarli, sodda bo‘lib, ilmga cheksiz muhabbat uyg‘otgan.
Xulosa qilib aytganda, Sharq mutafakkirlarining ilmiy ijodini o‘rganish bo‘lajak o‘qituvchilarga talim-tarbiya sohasining tarixiy jarayonlarda tutgan o‘rni va taraqqiyotining rivojlanish qonuniyatlarini to‘g‘risida malumot beradi, talaba-yoshlarda bu haqida bilim, ko‘nikma va malakalarni shakllantiradi hamda bo‘lajak o‘qituvchilarni mavjud bilimlarni egalash jarayonida ularning xalqimiz, Vatanimiz, millatimiz va muqaddas dinimizga bo‘lgan tassavurlarni kengaytiradi, manaviy-axloqiy sifatlarni shakllantiradi.


Adabiyotlar

  1. O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risidagi” Qonuni.T.: 2020-yil, 23-sentyabr.

  2. Hoshimov K. va boshqalar. O‘zbek pedagogikasi antalogiyasi. –T.: Fan, 1995.

  3. Hamidjon Homidiy. Ko‘hna Sharq darg‘alari. –T.: Sharq, 1999.



Download 16.61 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling