Adabiyotshunoslikka kirish
Download 286.83 Kb.
|
ADABIYOTSHUNOSLIKKA KIRISH Dilmurod QURONOV
Men nima axtardim, neni izladim?
Kimga ermak bo'ldi go'zal hislarim? Sinfdosh qizlarim, dildosh qizlarim — Kimlarga ko'ngilsiz yor bo'lib o'tar. (Iqbol Mirzo) Ko'p hollarda sintaktik parallelizm boshqa stilistik figuralar bilan birga qo'llanadiki, bu usulning estetik samarasini oshiradi: Shamolda sovrildim, soylarda oqdim, Sen hamon o'shasan, sen o'sha-o'sha. (Iqbol Mirzo) Birinchi misrada sintaktik parallelizm tufayli yuzaga kelgan ohang va mazmun ta'sirida o'quvchi ikkinchi misrada ham shuni «kutadi», lekin ikkinchi misrada kesimlik qo'shimchasi tushirib qoldiriladi (buni shartli ravishda chala ellipsis deyish mumkin) va «kutilmaganlik» effekti asosida «o'sha-o'sha» so'ziga ayricha urg'u beriladiki, bu bilan ta'sirdorlik sezilarli ortadi. Yoki quyidagi misralarda ellipsis to'liq namoyon bo'ladi: Aylanadi charxpalak, guldiraydi tegirmon, Umr o'tar suv kabi, bug'doy misol to'kilar. (Iqbol Mirzo) Ikkinchi misradagi «bug'doy misol to'kilar» jumlasida ega («umr») tushirib qoldirilgan. Agar «Umr o'tar suv kabi» jumlasi «ega — kesim — hol» tarzida qurilgan bo'lsa, «bug'doy misol to'kilar (umr)» jumlasi «hol — kesim — (ega)» tarzida unga teskari tartibda qurilgan. Sintaktik parallelizmning bu turi xiazm deb atalib (mumtoz poetikada tardu aks), u sintaktik qurilmani teskari tartibda takrorlashga asoslanadi: «Meni ham bir yigit shunday sevsaydi Sevib o'ldirsaydi meni ham shunday» (X.Davron) Uzun tunlar bunchalar mahzun Mahzun tunlar bunchalar uzun. (Iqbol Mirzo) She'riy sintaksisda eng keng qo'llaniluvchi vositalardan biri takrordir. Avvalo shuni aytish kerakki, takror tilning barcha sathlariga xos hodisa bo'lib, she'riyatda uning bir qator xususiy (tovush takrori, so'z takrori, anafora, epifora, ma'no takrori, ma'noning kuchaytirilgan va susaytirilgan takrori, misra takrori, band takrori ) ko'rinishlari faol qo'llaniladi. She'riy misralarda bir xil tovushlar takrori alliteratsiya deb yuritiladi. Alliteratsiyaning vokal alliteratsiya (unlilar takrori) va konsonant alliteratsiya (undoshlar takrori) turlari mavjud. So'z takrori ham sintaktik usullardan sanalib, u fikrni ta'kidlab ifodalash bilan birga ohangdorlikni oshirishga va shular asosida she'rning ta'sir kuchini oshirishga xizmat qiladi. Masalan, X.Davron bir she'rida yozadi: Oppoq edi boshda bu dunyo, Ko'cha oppoq, kechalar oppoq. Qanday yaxshi ekan bolalik, Oppoq ranglar bilan yashamoq... Bir bandning o'zida "oppoq" so'zi to'rt marta takrorlanmoqda. Bolalik sog'inchi ifodalangan she'rda "oppoq" so'zining ta'kidlab takrorlanishi bejiz emas - lirik qahramonning sog'inchi aslida o'sha oqlik, musaffolik, beg'uborlik sog'inchidir. Bu o'rinda "oppoq" so'zining ta'kidli takrori lirik qahramon kechinmasining ifodalanishiga va, ayni paytda, o'sha sog'inchning o'quvchiga yuqtirilishida yetakchi ahamiyat kasb etadi. Anafora (misralar boshida bitta so'zning takrorlanishi) bilan epifora (misralar oxirida bitta so'zning takrorlanishi) ham mohiyatan so'z takrorining xususiy ko'rinishlaridir. Shunga monand, mumtoz she'riyatimizdagi radif va hojib ham so'z takrorining bir turi bo'lib, ular qat'iy belgilangan o'rinda — qofiyadan keyin va qofiyadan oldin takrorlanishi bilan farqlanadi. She'riy misralarda aynan bir so'zning emas, balki ma'noni kuchaytirib takrorlashga asoslangan usul gradatsiya deb yuritiladi. Masalan, Iqbol Mirzoning she'ridan olingan tubandagi parchada ma'noning kuchaytirilgan takrori kuzatiladi: Sevgilim, dilsizlar dillarimizni, toshbo'ron qilsalar, vayron qilsalar, tikonlar qoplasa yo'llarimizni... E'tibor bering: toshbo'ron vayronalikka olib keladi, vayrona esa tikonzorga aylanishi bilan xarakterlanadi — ma'noning kuchaytirilgan takrori bu o'rinda lirik qahramon kechinmalaridagi dinamikani berish bilan birga o'quvchida ham tuyg'uni kuchaytirib, kechinmani chuqurlashtirib boradi. Tabiiyki, biz she'riy nutqning tashkillanishiga xos barcha xususiyatlar, barcha usul va vositalarga mufassal to'xtalish imkoniga ega emasmiz. Demak, berilgan yo'nalish asosida bu haqdagi tasavvur va bilimlaringizni boyitish sizning zimmangizga tushadi. Buning uchun sizdan she'rni mutaxassis sifatida o'qish, ya'ni yuragingizni "jiz" etkizgan she'rga mutaxassis sifatida qarash, o'sha she'r nimasi bilan ko'nglingizga o'tirishgani-yu shoir qaysi usul va vositalar bilan dilingizga yo'l topa bilganini anglashga intilishingiz talab qilinadi. Download 286.83 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling