Agressiv bolalar bilan qanday ishlanadi? 18. 09. 2017
Download 24.41 Kb.
|
Документ Microsoft Office Word
- Bu sahifa navigatsiya:
- Shahnoza SULTONOVA, Toshkent shahar XTXQTMOI katta o‘qituvchisi
Agressiv bolalar bilan qanday ishlanadi? 18.09.2017 Barkamol inson aqlan, ruhan va ma’naviy jihatdan yetuk, shuningdek, jamiyat taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shish ishtiyoqida yonib yashaydigan shaxsdir. Lekin ayrim sabablarga (nosog‘lom oilaviy munosabatlar, agressiv film va multfilmlar, o‘yinchoqlar, o‘yinlar) ko‘ra, yoshlarimizning xulq-atvorida agressivlik belgilari kuzatilmoqda. Buning kelib chiqish sabablari, uni oldini olish va korreksiya qilish yo‘llarini ko‘rib chiqamiz. Agressiya — bu o‘z qarshiligi, g‘azabini namoyon qilish usuli hisoblanib, ikki xil turi mavjud: ijobiy va salbiy. Ijobiy agressiya himoya vazifasini bajaradi va xavfli vaziyatlarda paydo bo‘ladi. Xavf yo‘qolishi bilan agressiyaning bu turi ham yo‘qoladi. Salbiy agressiya esa shaxs tuzilishi bilan bog‘liq bo‘lib, vahshiylik va distruktiv harakatlarda namoyon bo‘ladi. Salbiy agressiyaning bolalarda quyidagi belgilari kuzatiladi:
Boshqalarga xavf soladi. Turli nizoli vaziyatlarni va urishishlarni uyushtiradi. Boshqa odamlarga va hayvonlarga nisbatan qahri qattiq. O‘g‘rilik qiladi. Narsalarni ataylab buzib, sindiradi. Darslardan qochadi yoki maktabga bormaydi. Agar kichik maktab yoshidagi bolalarda bu belgilarning 3 va undan ortig‘i 6 oy davomida doimiy kuzatilsa, bolalarda agressiv xususiyatlar mavjud deb aytish mumkin. Biz bilamizki, bola o‘z xulqining andozasini asosan oiladan oladi. Va, albatta, agressiv bolalar bilan ishlashning samarasini oshirish uchun birinchi navbatda bolaning ilk yoshidan boshlab o‘sib, ulg‘ayayotgan oilasini, oilaviy muhitini tahlil qilishdan boshlash kerak. Bola aynan oilada birinchi ijtimoiylashuv jarayonini o‘tar ekan, oilada agressiv xulq-atvor modelini shakllantiruvchi omillar haqida tushunchaga ega bo‘lishimiz lozim. Agar bolaning ota-onasi bilan munosabati yomon bo‘lsa, agarda ota-ona bola hayoti bilan qiziqmasa, kerakli darajada qo‘llab-quvvatlamasa hamda boshqa bolalar bilan urishsa agressiv munosabatlarning paydo bo‘lish ehtimoli bor. Agressiya asosida alam, qo‘rquv, kamsitilish yotadi, u boshqa odamlarga kerakligi, muhabbat va mehrga bo‘lgan insoniy ehtiyojlar qondirilmaganligidan paydo bo‘ladi. Bolaning agressiv xulq-atvori — bu ichki olamida juda ko‘p vayronkor hissiyotlar yig‘ilgan o‘ziga xos SOS signalidir. Bu hissiyotlarni esa bola o‘zi mustaqil yecha olmaydi. Agressiv bola oilasining xususiyatlari quyidagicha:
Ota-ona va bolalar orasidagi emotsional munosabatlar buzilgan, ota-onalar bir-birlarini tushunmaydilar, qiziqish va qadriyatlari bir-birinikiga to‘g‘ri kelmaydi. Ko‘pincha otalar agressiv xulq-atvorlarni o‘zlari namoyish qiladi va o‘z farzandlaridagi bu harakatlarni rag‘batlantiradi. Agressiv bolalarning onalari o‘z farzandlariga nisbatan talabchan emas, farzandlarining ijtimoiy muvaffaqiyatlariga befarq bo‘ladi. Bolalar uyda aniq majburiyatlarga ega emas. Agressiv bolalarning ota-onalarida tarbiyaning aniq modeli yo‘q bo‘lib, ko‘pincha ular bir-birlariga qarama-qarshi harakatlarni namoyish qiladilar. Natijada bolada atrofdagilarga nisbatan ham bu munosabatlar ko‘chadi. Agressiv bolalarning ota-onalari odatda quyidagi tarbiyaviy choralardan foydalanadilar: Jismoniy jazo. Qo‘rqitish. Chegaralash. Yolg‘izlantirish. Mehr va e’tibordan mahrum etish. Agressiv bolalardagi bu xulq-atvorni korreksiya qilishdan avval xulq-atvor sabablarini aniqlash muhim hisoblanadi. Agressiv bolalar bilan ishlash jarayonida natija mustahkam bo‘lishi uchun korreksiya ishlari tizimli bo‘lishi va har bir bolaning xarakter xususiyatlari, ular tarbiyalanayotgan oilalar inobatga olingan bo‘lishi kerak. Quyida agressiv xulq-atvor korreksiyasining rejasini taklif qilamiz: a) O‘ziga ijobiy baho berishga o‘rgatish, xavotirlik darajasini kamaytirish; b) O‘zining va o‘zgalarning emotsiya va his-tuyg‘ularini anglashga o‘rgatish, distruktiv emotsiyalarni nazorat qilishni rivojlantirish; d) O‘ziga va atrofdagilarga ziyon yetmaydigan g‘azabni chiqaruvchi usullarga o‘rgatish, muammoli vaziyatda bola xulq-atvorida konstruktiv reaksiyalarga o‘rgatish va distruktiv elementlarni bartaraf etish; e) Ota-onalar, pedagoglar bilan konsultatsiyalar (bolalardagi agressiyani bo‘rttiruvchi omillarni kamaytirishga qaratilgan) o‘tkazish. Agressiya va g‘azabni chiqarishga yo‘naltirilgan mashqlar: Qog‘ozni g‘ijimlab, yirtish. Yostiqni urish. Oyoqlarni qattiq tapillatish. Vatman yoki qog‘ozdan qilingan truba yordamida baland ovozda baqirish. Aytmoqchi bo‘lgan gaplarni hammasini qog‘ozga yozib, g‘ijimlab, yirtib yuborish. Karton yoki qog‘ozga plastilinni bosib chiqish. Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash zarurki, boladagi bu xususiyatlarni bartaraf qilishda faqatgina bolalar bilan emas, ularning ota-onasi bilan ham ishlash kerak. Chunki oiladagi shaxslararo munosabatlar ko‘pincha negativ xarakterga ega bo‘lib, bolaning agressiv xulq-atvorini namoyon qilishiga turtki bo‘ladi. Demak, ota-onalar o‘z xatti-harakatlarini, oiladagi shaxslararo munosabatlarini, qadriyatlarni tahlil qilib, chiroyli namunalar ko‘rsatishi kerak. Bundan tashqari, bola ko‘rayotgan multfilmlar, filmlar, o‘ynayotgan o‘yin va o‘yinchoqlar ham ijobiy xarakterga ega bo‘lsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Shahnoza SULTONOVA, Toshkent shahar XTXQTMOI katta o‘qituvchisi Download 24.41 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling