Agroturizm O‘zbekistonda turizm sohasidagi yangi yo‘nalish


Download 149.44 Kb.
Sana23.10.2020
Hajmi149.44 Kb.
#136118
Bog'liq
Agroturizm


Agroturizm - O‘zbekistonda turizm sohasidagi yangi yo‘nalish



Foto: Kun.uz

O‘zbekistonga tashrif buyuruvchi chet ellik sayyohlarning mamlakatimizda sayohat qilish vaqtini uzaytirish, mahalliy turistlar uchun dam olishning yangi turlarini tatbiq etish maqsadida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan agroturizmni rivojlantirish ustida ishlar olib borilmoqda. 

2018 yil uchun davlat dasturining 104-punkti - Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalar ijrosi maqsadida 4 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan "Agroturizmni rivojlantirish dasturi" tasdiqlandi. 

Agroturizm Ispaniya, Italiya, Buyuk Britaniya, Gretsiya va Fransiyada yaxshi rivojlangan. Bu mamlakatlarga borgan sayyohlar muayyan vaqt davomida qishloq joylarda yashab, mahalliy xalq madaniyati, urf-odatlari, turmush tarzi bilan tanishishadi, an'anaviy qishloq xo‘jalik ishlarida ishtirok etishadi. Masalan, Buyuk Britaniyada fermerlarning 60 foizi turizm sohasidan tizimli ravishda daromad olishni yo‘lga qo‘yishgan, o‘rtacha yillik daromad 10-50 ming AQSh dollarini tashkil qiladi.

Hozirda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan agroturizm yo‘nalishi bo‘yicha sayyohlarni qabul qilish imkoniga ega obektlarni o‘rganish ishlari boshlab yuborildi, shu asosda ularning ro‘yxati shakllantiriladi. 

Ta'kidlash joizki, qo‘mitaning rasmiy sahifasi va ijtimoiy tarmoqlarda turoperatorlar dastur tuzishlari va sayyohlar mustaqil ravishda tashrif buyurishlari uchun agroturizm obektlari haqida batafsil ma'lumotlar berib boriladi. Xorijiy va mahalliy sayyohlar bu obektlarga bevosita tashrif buyurib, turizm sohasidagi yangicha yondashuvdan zavq olishlari mumkin bo‘ladi. 

Agroturizm sohasida o‘z takliflariga ega bo‘lgan va ushbu yo‘nalishda faoliyat olib borish istagida bo‘lganlar qo‘mitaning telegramdagi @Agroturizmuzbekistan guruhiga qo‘shilishi mumkin. Bu guruhda agroturizm sohasidagi yangiliklar, agroturizm obektlari ro‘yxati, statistik ma'lumotlar, innovatsion g‘oyalar va tashabbuslarga oid xabarlar berib boriladi.

Ziyorat turizmi va sayyohlik salohiyatining yangi istiqbollari




Keyingi yillarda hududlarni jadal rivojlantirish, aholi daromadlari va turmush darajasini oshirish, shuningdek, investitsion jozibadorlikni yaxshilashga yordam beruvchi strategik tarmoqlardan biri sifatida Oʻzbekistonda turizmni rivojlantirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Buxoro shahrida oʻtkazilgan I xalqaro “Ziyorat turizmi” forumi ana shu chora-tadbirlarning uzviy davomi boʻldi.
Forum Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan Buxoro viloyati hokimligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi, “Vaqf” xayriya jamoat fondi, Tashqi ishlar vazirligi, shuningdek, Jahon sayyohlik tashkiloti hamda BMTning YUNЕSKO tashkiloti koʻmagida “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Xalqaro anjuman ishtirokchilari oʻtirgan Toshkent – Buxoro yoʻnalishidagi “Afrosiyob” poyezdi 21 fevral kuni Buxoro temir yoʻl vokzalida tantanali kutib olindi. Mehmonlar orasida islom dunyosidagi nufuzli xalqaro tashkilotlar, sayyohlik korxonalari, ziyorat turizmi boʻyicha turistik kompaniyalar mutasaddilari, din ulamolari, shuningdek, jahonning 20 dan ziyod mamlakati vakillari, mamlakatimiz va xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlari bor.
Buxoro – islom dini rivojiga ulkan hissa qoʻshgan buyuk ulamolar kamol topgan tabarruk zamin. Abu Hafs Kabir, Imom Buxoriy, Xoʻja Abduxoliq Gʻijduvoniy, Bahouddin Naqshband va boshqa allomalar nomi butun musulmon olamiga mashhur. Shoʻrolar davrida ular qoldirgan boy merosga bepisandlik bilan qaraldi. Faqat mustaqillik yillarida tarixiy adolat qaror topdi. Ulugʻ ajdodlarimizga ehtirom koʻrsatildi, qadamjolari obod qilindi. Jumladan, yetti pir mangu qoʻnim topgan manzillar obod etilib, ziyoratgohga aylantirildi. Forum ishtirokchilari ana shunday pirlar silsilasida alohida mavqega ega Bahouddin Naqshband nomi bilan bogʻliq Qasri Orifon qishlogʻida joylashgan tarixiy yodgorlik majmuasiga tashrif buyurdi. Bu yerda Qurʼon tilovat qilindi.
Shundan soʻng mehmonlar majmua bilan tanishdilar. Ularga bunyodkorlik va ezgulik bilan yoʻgʻrilgan Naqshbandiya tariqati haqida keng maʼlumot berildi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan majmua hududida Mir Arab oliy madrasasi faoliyat koʻrsatmoqda. Bu yerda yoshlar diniy va dunyoviy bilimlarni oʻrganish bilan birga, tasavvuf ilmidan saboq olishadi.
Forum ishtirokchilari buyuk muhaddis Imom Buxoriyning ustozi Abu Hafs Kabir maqbarasini ham ziyorat qildilar. Bu yerda allomaning islom madaniyatiga qoʻshgan ulkan hissasi yodga olindi.
– Oʻzbekiston ota yurtim, – deydi Turkiyaning Koʻnyo shahar muftiysi Ahmed Pochchan oʻgʻli. – Ajdodlarim buxorolik. Demak, Buxoro mening oʻzligim, tomirimda qoni oqayotgan ajdodlarimning yuragiga bogʻlangan shahar. Shuning uchun oʻzimni xuddi uyimdagi kabi his qilayapman. Bu yurt qanchadan-qancha allomalarga beshik boʻlgani bejiz emas. Buxoroda ilohiy qudrat bor. Ajdodlar xotirasiga katta ehtirom koʻrsatilayotgani, bu yerdagi obodonchilik meni hayratga soldi. Bizda Buxoroni Makka va Madinadan keyingi muqaddas shahar, deb bilishadi. Bu zaminni har qancha ziyorat qilsa kam. Bunday tadbirlardan keyin Turkiyadan bu yerga keluvchilar soni juda oshadi, deb oʻylayman.
Mehmonlar, shuningdek, Masjidi Kalon, Mir Arab islom oʻrta maxsus bilim yurti, Labi-hovuz majmuasi va Buxoroning boshqa diqqatga sazovor joylari bilan tanishdi. 
Buxoro shahar Yoshlar markazida mamlakatimiz va xorijlik jurnalistlar ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi. Unda Ziyorat turizmi forumining maqsadi, ahamiyati, tadbir dasturi haqida atroflicha maʼlumot berildi.
22 fevral kuni Yoshlar markazida I xalqaro “Ziyorat turizmi” forumi tantanali ochildi.
Yurtimizning koʻhna meʼmoriy va tarixiy obidalari jahon hamjamiyatida katta qiziqish uygʻotmoqda. Ayniqsa, keyingi yillarda turizmni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tufayli xorijiy sayyohlar safi tobora kengaymoqda. Xususan, 45 davlat fuqarolari uchun yurtimizda 30 kungacha vizasiz boʻlishi, 76 davlat fuqarolari uchun yengillashtirilgan tartibda elektron viza olishi, 101 mamlakat fuqarolari uchinchi davlatga borishda Oʻzbekistonga 5 kungacha vizasiz kirishi kabi qator imtiyozlar joriy etilgani bunda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bu kabi qulayliklar oʻz samarasini berayotir. Masalan, Buxoro viloyatiga 2018 yilda 2,5 million, jumladan, 300 mingdan ortiq xorijiy sayyoh kelgani ham fikrimiz tasdigʻidir.
Istiqbolda Buxoroga sayyohlar oqimi keskin oshishini hisobga olib, joriy yilda 50 ga yaqin mehmonxona, 20 dan ortiq restoran, bir qator istirohat bogʻlari, saylgohlar qurilmoqda. Bu borada Germaniya, Rossiya, Hindiston, Xitoy, Janubiy Koreya, Turkiya kabi davlatlarning salohiyatli investorlari bilan hamkorlik natijasida yaqin orada bir kunda 10 mingdan koʻp sayyohni qabul qilish imkoniyati mavjud infrastruktura obyektlari barpo etiladi.
Bundan tashqari, sayyohlar uchun ekoturizm, gastronomik turizm, agroturizm, sport turizmi kabi yangi yoʻnalishlar oʻzlashtirilib, anʼanaviy madaniy-maʼrifiy tadbirlar, festival va koʻrik-tanlovlar oʻtkaziladi.
Oʻtgan yildan boshlab umumiy ovqatlanish shoxobchalari va restoranlarda “Halol” standartini amaliyotga joriy etish boʻyicha ishlar olib borilmoqda. Misol uchun, ISO 22000 va “Halol” oziq-ovqat mahsulotlari boʻyicha umumiy qoʻllanma“ Oʻz DSt 3286:2018 davlat standarti rasman joriy etildi.
Anjumanda Misr ijtimoiy muvofiqlik, oila va nogironlar palatasi raisi Abdulhadi al-Qasabiy, Turkiyaning diniy ishlar boʻyicha qoʻmita raisi Osman Tirashchi, Hindistonning Dehli shahri markaziy masjidi imomi Said Buxoriy va boshqalar soʻzga chiqdi.
Anjuman doirasidagi yigʻilishda mamlakatimiz ziyorat turizmi salohiyatini oshirish va xorijiy tajribaga asoslanib, yangi turizm mahsulotlarini shakllantirish masalalari ham muhokama qilindi. “Islom dinining yoyilishida oʻzbekistonlik olim-ulamolarning oʻrni”, “Musulmon sayyohlar uchun xalqaro reyting va uning mamlakat reytingini oshirishdagi ahamiyati”, “Turizmning madaniy merosga taʼsiri” kabi mavzularda maʼruzalar tinglandi.
Shuningdek, forum doirasida turizm sohasidagi xorijiy kompaniyalar hamda davlat tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida davra suhbatlari tashkil etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Buxoro viloyati hokimligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi din ishlari boʻyicha qoʻmita va forumning boshqa qatnashchilari ishtirokida “Oʻzbekistonni ziyorat turizmi markazlaridan biri sifatida eʼtirof etish toʻgʻrisida”gi Buxoro deklaratsiyasini imzolash marosimi boʻlib oʻtdi.
Forumda, shuningdek, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi qoshidagi “Milliy PR – markaz” DUK hamda “MATTA” (Malayziya), “Crescent Rating” (Singapur) uyushmalari, Jakarta targʻibot fondi (Indoneziya) oʻrtasida “Global Muslim Traveler Index” doirasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Anjuman doirasida Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va “Hunarmand” uyushmasi bilan hamkorlikda kalligrafiya, miniatyura, kulolchilik, yogʻoch oʻymakorligi va boshqa yoʻnalishlar boʻyicha mini-koʻrgazma tashkil etildi. Unda namoyish etilgan mahsulot va sanʼat namunalari xorijliklarda katta taassurot qoldirdi.
Buxoro allomalari – yetti pir haqida hikoya qiluvchi sahnalashtirilgan kompozitsion asar namoyish qilindi.
Forumning tantanali ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari A.Abduhakimov, Buxoro viloyati hokimi Oʻ.Barnoyev soʻzga chiqdi.
Download 149.44 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling