Ahmad al-Farg‘oniy hayoti va faoliyati


Download 295.55 Kb.
Sana05.01.2022
Hajmi295.55 Kb.
#204771
Bog'liq
Mamayusupov Qobil Al-Farg`oniy

Ahmad al-Farg‘oniy


Mamayusupov Qobil

Reja:

  • Ahmad al-Farg‘oniy hayoti va faoliyati.
  • Xalifa al-Ma’mun (813–833) davrida Ahmad al-Farg‘oniy ilmiy ishlari.
  • Ahmad al-Farg‘oniy asarlarining Yevropada tarjima qilinishi

O‘rta asrlarda yashagan Markaziy Osiyolik olimlar orasida buyuk astronom, matematik va geograf Farg‘oniy salmoqli o‘rin egallaydi. Olimning to‘liq ismi Abul Abbos Ahmad ibn Muhammad ibn Kasir Farg‘oniydir. Sharqda “Hosib” (matematik) degan laqab olgan. Farg‘oniy 798 yilda Farg‘ona vodiysining Qubo (Quva) qishlog‘ida tug‘ilgan. Ilm yo‘lida Bag‘dodga ketib qoladi va shu yerda yashaydi.

U yerda Markaziy Osiyolik vatandoshlari Muhammad Xorazmiy, Abbos ibn Said Javhariy va Ahmad ibn Abdulloh Marvaziylar bilan birgalikda murakkab chet til tushunchalarini aynan ifodalaydigan arab terminologiyasini yaratadi. Xalifa al-Ma’mun (813–833) davrida Bag‘dodda Shammosiya degan joyda va Damashqqa yaqin Kasiyun tog‘idagi rasadxonalar, Ahmad Farg‘oniy rahbarligida qurilgan Bag‘dod rasadxonasida ko‘pgina kashfiyotlar qildi, 812 yilgi quyosh tutilishini oldindan hisobladi, yerning dumaloqligini isbotladi.

U xalifa Mutavakkil zamonida (846–862) Nil daryosi suvi satxini o‘lchaydigan yangi asbob “miqyos an-Nil” nilometrni yaratdi. Uning “az-Zij al-Ma’mun al-mumtahana” (al-Ma’munning sinalgan astronomik jadvallari) arab tilidagi dastlabki astronomik asarlardan biri bo‘lib, O‘rta asrda Yevropaga tarqalgan edi.

Abbosiy hukmdor Ma’mun davrida ikkita rasadxona faoliyat olib borardi, biri Bag‘dodning Shammosiya mahallasida va ikkinchisi Damashq yaqinidagi Kasiyun tepaligida edi. Bu rasadxonalarning har birida olimlarning ikkita doimiy guruhlari ishlar edi. Bag‘dod rasadxonasining ishida Yahyo ibn Abu Mansur, Xorazmiy va boshqa olimlar, Damashq rasadxonasida esa Xolid ibn Abdumalik va Farg‘oniy bilan birga ikkinchi guruh olimlar ishlaganlar. Ahmad Farg‘oniy Suriya shimolida, Sinjor sahrosida 832–833 yillar Tadmur va ar-Raqqa oralig‘ida yer meridiani bir darajasining uzunligini o‘lchashda ishtirok etgan.

Farg‘oniyning asosiy astronomik asari “Kitob al-harakat as-samoviya va javomi’ ilm an-nujum”(“Samoviy harakatlar va umumiy ilmi nujum kitobi”) XII asrda Yevropada lotin tiliga ikki marta va XIII asrda boshqa Yevropa tillariga ham tarjima qilinganidan so‘ng, uning lotinlashtirilgan nomi “Alfraganus” shaklida G‘arbda bir necha asr davomida keng tarqaladi. Uning bu kitobi shu asrlar davomida Yevropa universitetlarida astronomiyadan asosiy darslik vazifasini o‘tadi.

Farg‘oniy asarining lotincha tarjimasi birinchi marta 1493 yilda nashr etilgan bo‘lib, u eng qadimgi nashr qilingan kitoblardan hisoblanadi. 1669 yili mashhur golland matematigi va arabshunosi Yakob Golius Farg‘oniy asarining arabcha matnini yangi lotincha tarjimasi bilan nashr etganidan so‘ng, Farg‘oniy va uning asarining Yevropadagi shuhrati yanada ortdi. Yevropa Uyg‘onish davrining buyuk namoyandalaridan biri bo‘lgan mashhur olim Regiomontan XV asrda Avstriya va Italiya universitetlarida astronomiyadan ma’ruzalarni Farg‘oniy kitoblaridan o‘qigaAn.

Hozirgi kunda Farg‘oniyning sakkiz asari ma’lum bo‘lib, ularning hammasi astronomiyaga aloqador. Ular quyidagilardir: yuqorida zikr etilgan asar, odatda, uni “Astronomiya asoslari haqida kitob” nomi bilan ham atashadi – qo‘lyozmalari dunyo kutubxonalarining deyarli barchasida bor. “Asturlob yasash haqida kitob” – qo‘lyozmalari Berlin, London, Mashhad, Parij va Tehron kutubxonalarida, “Asturlob bilan amal qilish xaqida kitob” – birgina qo‘lyozmasi Rampurda (Hindiston), “Farg‘oniy jadvallari” – qo‘lyozmasi Patnada (Hindiston), “Oyning Yer ostida va ustida bo‘lish vaqtlarini aniqlash haqida risola” –qo‘lyozmasi Qohirada, “Yetti iqlimni hisoblash haqida” – qo‘lyozmalari Gotada va Qohirada, “Quyosh soatini yasash haqida kitob” – qo‘lyozmalari Halab va Qohirada saqlanadi.

Farg‘oniyning nomi Xorazmiy kabi butun Sharq va G‘arbda mashhurdir. O‘rta asrda tabiiy-ilmiy bilimlarning rivojiga ulkan hissa qo‘shgan olim sifatida manbalarda, so‘nggi G‘arb va Sharq mualliflari asarlarida g‘urur va iftixor bilan tilga olinadiva o‘rganiladi.



1998 yilda allomaning 1200 yillik tavallud sanasi katta tantanalar bilan nishonlandi.
Download 295.55 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling