I bob. Arab dunyosida tarjima jarayoni
Download 237.92 Kb.
|
1 2
Bog'liq1chi bob diplom,tayyori (6)
I BOB. ARAB DUNYOSIDA TARJIMA JARAYONI 1.1. Qadimdan bugungacha tarjimaning yo'li Butun dunyo miqyosida turli xalqlaring o‘zaro siyosiy, iqtisodiy, ilmiy, madaniy hamkorligi yanada kuchayib borishi, bu aloqalarni tarjimasiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Ikki ming yil muqaddam yunonlik Liviy Andronik buyuk Gomerning «Odisseya»sini lotin tiliga o‘girgan. Bu bilan u amaliy tarjimachilik faoliyatiga asos solibgina qolmay, balki birinchi bo‘lib tarjima nazariyasining og‘ir masalalariga ham duch kelgan. Biroq Yevropada tarjima muammolari faqat VIII-IX asrlardan boshlab chinakamiga e’tiborni torta boshladi. Bu davrda tarjima nazariyasi fan sifatida endigina bolalik davrini o‘tay boshlagan edi. Tarjima haqida ilk nazariy fikrlar dastlab qadim Rimda yuzaga kelgan edi. Yunon va lotin tillarini mukammal bilgan Aristotel, Sitseron va Goratsiy tarjima jarayonida soʻz ketidan quvish yaramaydi, ularning maʼno ifodalarini avval tarozida oʻlchab, keyin tarjima qilish maʼqul, degan fikrni bildirganlar. Keyinchalik Italiyada Bartolomeo va Manetti, Fransiyada dyu Belle va Malerb, Angliyada Bekon va Drayden, Germaniyada Gyote va Gumboldt, Rossiyada Lomonosov va Sumarokov tarjima xususida oʻz nazariy tushunchalarini bildirib oʻtganlar1. Ma’lumki, O‘rta Osiyo xalqlarining madaniyati qadimiy davrlardan boshlanadi. Arablar fathiga qadar ham O‘rta Osiyoda yashab ijod qilgan olim va yozuvchilar o‘zlaridan keyin boy ilmiy va adabiy meros qoldirganlar, ular ichida ko‘pgina tarjima asarlari ham borligi haqiqatdan yiroq emas. Ammo arab istilochilari mamlakatni zabt qilgach, bu ajoyib asarlarni islom diniga qarshi deb yondirib yuborganlar. VII asrda Iroq, Suriya, Falastin, Eronni bosib olgan arab istilochilari Marv, Xorazm, Buxoro va Samarqandni qo‘lga kiritadilar. VIII asrning boshlarida Movarounnahrni arablar butunlay egallagan edilar. Orta Osiyo arab xalifaligi hukmronligi ostida qoldi. Bosqinchilarning zulmidan azob chekkan xalqlar ularning buyruqlariga bo‘ysunar, ularni so‘zsiz bajarishga majbur edilar. Arablar dastlab islom dinini O‘rta Osiyo xalqlariga majburan qabul qildira boshladilar. Qadimgi Xorazm, so‘g‘d yozuvlari o‘rniga arab yozuvi joriy qilindi. Madrasalarda arab tilini o‘rganish majburiy qilib qo‘yildi. Arab istilochilari turk va fors tillarini bilgan tarjimonlardan ham foydalandilar. Ular turkiy xalqlar bilan arablarni bir-biriga bog‘lovchi vositachi rolini o‘ynadilar. Arab tarjima jarayonini islomdan avvalgi johiliyat davridan boshlab kuzatish mumkin. Islomdan oldingi tarjima jarayonini yuzaga kelishining eng muhim omillardan biri Aleksandr Makedonskiyning g‘arbiy Osiyo va Misrda yunon sivilizatsiyasining tarqalishiga olib kelgan fathlaridir. Buning natijasida o‘sha mintaqaga boshqa madaniyatlarning kirib kelishi kabi jarayonlar yuzaga keldi. Islom dini paydo bo‘lishdan avvalgi vaqtda yunon madniyati va ilmini suryoniy tiliga tarjima qilishda suryoniylarning xizmati katta bo‘ldi. Ular din va mazhab ta’qiqlari natijasida o‘z mamlakatlarini tark etishga majbur bo‘lgan yunon olimlarini quchoq ochib kutib olishgan va natijada ularning bilim va madaniyatlarini o‘zlariga qabul qilishlariga katta zamin yaratilgan. Shu tarzda yunon olimlari sharq tomon yuzlanib shimoliy Iroqda joylashgan Ruha shahriga kelib joylashdilar, keyinchalik u yerda miloddan avvalgi V asrda o‘z faoliyati bilan katta ahamiyatga ega bo‘lgan maktab tashkil etdilar2. Biror-bir xalq, millat o‘z qobig‘i ichida qolib, o‘z-o‘zidan rivojlanib qolmaydi. U boshqa xalqlarning yutuqlari, tajribalarini o‘zlashtirib, uni rivojlantirgan holda yuksaladi. Ma’lumki, jahon tamaddunining beshigi sharq hisoblanadi. Aleksandr Makedonskiy sharqni istilo qilganda qadimgi Hindistonda rivojlangan tabiiy fanlarning yutuqlari, ko‘hna Eron madaniyati tajribalarini o‘zlashtirib, g‘arb ilm-fani va madaniyati muvaffaqiyatlarini o‘zaro omuxta qilgan holda Yunonistonda antik davr uyg‘onishi sodir bo‘ldi. Keyin katta hududda o‘z saltanatini o‘rnatgan arablar fan va madaniyatni rivojlantirishga e’tibor berdilar. Ma’mun ar-Rashid IX asrning boshida Bag‘dodda Ma’mun akademiyasini tashkil qiladi. «Bayt ul-hikma» («Bilimlar uyi») deb atalgan bu ilmiy markazga turli joylardan iste’dodli kishilarni to‘plab, yunon, yahudiy, sanskrit, suryoniy, fors tillaridan ko‘plab ilmiy-adabiy, falsafiy-axloqiy asarlar arab tiliga tarjima qilinadi va ularga sharhlar yozilib, musulmon dunyosiga tarqatiladi. Beruniy ham yunon, sanskrit va suryoniy tillarini o‘rganib, bu tillardagi asarlardan bevosita foydalanganligi, hatto ularni tarjima qilganligi ma’lum. Binobarin, Ibn Sino Aristotelning “Metafizika” asarini bir necha marta o‘qib chiqsa-da tushunmaydi. Keyin Forobiyning “Metafizika” asariga yozgan sharhi orqali o‘qib chiqadi. So‘ng XII-XIII asrlarda arablar tasarrufidagi Ispaniyaning Toledo va Kardova shaharlarida tarjima maktablari vujudga kelib, arab tilidagi barcha ilmiy, ba’zi adabiy kitoblar ham lotin tiliga tarjima qilinadi va ular orqali Yevropaga tarqaladi. VIII asrning boshlarida Movarounnahrni arablar butunlay egallagan edilar. Islom dini mamlakatda hukmron din, arab yozuvi yagona yozuv, arab tili adabiy til bo‘lib qoldi. Olimlar va shoirlar arab tilida kitoblar yoza boshladilar. Arablar istilosi davrida eng ko‘p tarjima qilingan asarlar tarixiy-badiiy janrda yaratilgan kitoblar bo‘lib, ularni ko‘pincha adib, shoirlar tarjima qilar edilar. O‘sha davrda bizning hududimizda arab tilida yozgan katta-katta olimlar, tarixchilar yetishib chiqdi. Chunki arab tili o‘sha davrning ilm tili hisoblanganligi uchun Farobiy, ibn Sino, Beruniy kabi olimlar o‘z asarlarini arab tilida yozdilar. 359-yilda vafot etgan olim Abu Bakr Muhammad bin Ja’fariy Narshaxiy Buxoro tarixiga oid “Tahqiqul-viloyat” (“O‘lkani o‘rganish”) nomli asarini yozdi3. Bu asar fors tiliga, keyingi davrlarda rus tiliga ham tarjima qilindi. Eng qadimiy asarlardan biri 922- yilda vafot etgan Abu Ja’far Muhammad bin Jarir Tabariyning “Tarixi Tabariy” nomli bir necha jildli asari bo‘lib, 963-yilda Buxoroda somoniy amirlarining saroyida vazir bo‘lgan Mir Abu Ali bin Muhammad Bal’amiy tojikchaga qisqartib tarjima etgan4. Keyinchalik bu asarning o‘zi ham boshqa tillarga tarjima qilingan. Somoniylar saroyida tarix va geografiyaga katta diqqat berilar edi. Movarounnahrda tarix va geografiyaga oid ko‘p sonli asarlar qiziqib o‘qilar edi. Ma’daniy, Balozuriy, Tabariy, ibn Miskavey va boshqalar o‘sha davrning mashhur tarixchilari edi. Movarounnahrning madaniy kishilari orasida Tabariy o‘z tarix kitobi tufayli mashhur bo‘lganini shu faktdan ko‘rish mumkin: «Somoniylarning Abulmalik va Mansur degan ikki amirining atoqli vaziri Bal’amiy Tabariyning asarini tojik tiliga qisqartirib tarjima qildi. Boshqa yo‘qolgan variantdan qilingan bu tarjima arab tilidagi so‘nggi nashrlarda bo‘lmagan bir qancha axborotlarni beradi. Ko‘p mamlakatlardagi kishilar hozirga qadar Tabariy asari bilan Bal’amiy tarjimasi orqali tanishadilar. Qizig‘i shundaki, haligacha o‘z qimmatini yo‘qotmagan Bal’amiyning tarjima kitobi o‘z navbatida turk, fransuz, hatto, arab tillariga tarjima qilingan». Bu asar «Tarixi Narshaxiy» nomi bilan mashhur. Abu Nasr Ahmad bin Muhammad al-Qubaviy XII asrda uni qisqartib, fors tiliga tarjima qilgan5. 1892 yilda Parijda bu asarning teksti Shefer tomonidan bostirilgan. 1897 yilda N.S.Likoshin “Tarixi Narshaxiy”ni ruschaga tarjima qilib, akademik V.V.Bartoldning tahriri ostida Toshkentda nashr qildirgan . U bir necha sharq tillarini, shu jumladan arab tilini o‘z ona tiliday bilgani holda, yunon falsafasini o‘rganish zarur bo‘lib qolgani uchun yunon tilini ham bilib oldi. Tabariy asari Bal’maiy tarjimasi orqali bir necha tillarga tarjima etilganligi bu kitobning naqadar mashhur ekanini ko‘rsatadi. Tarjima jarayonida asarga bir qancha qo‘shimchalar ham kiritilib, hajmi ancha kengaytirilgan6. Turli tillardan tarjima qilish faoiliyati qadim va an’anaviy jarayondir, jumladan, arablarning tarjima faoliyati bilan tanishuvlari johiliyat zamonida turli millatlar bilan tanishuv natijasida yuzaga kelgan. Islomning dastlabki davrlarida tarjima diniy va siyosiy ehtiyoj sifatida paydo bo‘la boshladi. Shu nuqtai nazardan, suryoniylar Biladu-Shomdagi (Suriya, Lubnon, Falastin, Urdun va Iroq) ko‘plab cherkovlar va kichik kutubxonalar doirasida islomdan oldingi va islomdan keyingi davrlarda turli xorijiy madaniy markazlaridan farqli madaniyatlarning tarjima faoliyatini olib borganlar. O‘zining dastlabki manbalarini yo‘qotgan yunon madaniyatining tarqalishi suryoniylarning tarjimasida o‘z ifodasini topdi. Musulmon fatihlar mintaqaga kelganlarida, ular suriyaliklardan yunon madaniyatiga doir suryoniy tilidan qilingan tarjimalarni asos qilib oldilar. Suryoniy tarjimonlar ummaviylar davridan beri yunon madaniyatini arab tiliga tarjima qilish bilan bir qatorda, ba’zi fors asarlarini tarjima qilish bilan ham shug‘ullanganlar7. Arab xalifaligida tarjima faoliyati rasmiy va davlat tomonidan saxovat bilan moliyalashtirilgan. Ma’lumki, “Bayt ul-hikma” kutubxonasi fondlarida arab, yunon, suriya, fors (pahlavi), sanskrit, xitoy va boshqa ko‘plab tillarda 400 mingga yaqin qo‘lyozma bo‘lgan. Kutubxona doimiy ravishda yangilanib turardi. Uning muhim qismi Vizantiya imperatori Vizantiya imperatori Maykl III bilan tuzilgan tinchlik shartnomasiga muvofiq 400 mingdan ziyod qadimiy yozuvlarni saqlaydigan Vizantiyadan kelgan barcha bilim sohalaridagi yunon-ellin olimlarining qo‘lyozmalarining nusxalari edi8. Ma’lumki, sohada intensiv ravishda lingvistik materiallarni to‘plash, she’riy va boshqa tilshunoslik yodgorliklarini qayta ishlash, shuningdek, VIII-XIII asrlarda turli etnik kelib chiqishga ega arab olimlari davlat, diniy, ilmiy va madaniy hayotning turli sohalarida faoliyatining empirik kuzatuvlari orqali asosan arab klassik tilining asl lingvistik nazariyasini ishlab chiqdi, til fanining dunyo paradigmasiga «arablarning lingvistik an’anasi» sifatida kirib, “o‘z davridagi ilmiy g‘oyalarni singdirgan, uning shakllanishida qadimgi yunon va qadimgi hind an’analarining merosi rol o‘ynagan to‘liq ta’limot” sifatida tasdiqlangan9. Shu munosabat bilan, Arab xalifaligining eng muhim grammatik maktablaridan biri bo‘lgan Basra shahrining filologlari, H. Gibbning so‘zlariga ko‘ra, arab tiliga birinchi tarjimalarni yaratganini eslaymiz. O‘zining postulatini ko‘rsatib, u quyidagilarni yozadi: “Ushbu tarjimalar orasida forslarning qahramonlik afsonalari va soxta tarixiy an’analarining yo‘qolgan versiyalari, keyingi asarlarda keltirilgan iqtiboslar bundan mustasno. Va Bidpayning mashhur hind afsonalarining “Kalila va Dimna” deb nomlangan nusxalaridan biri mavjud”10. Arab tilidagi birinchi tarjimalar suryoniylar tomonidan amalga oshirilgan. Darhaqiqat, bu tarjimonlar ushbu sohaga katta hissalarini qo‘shganlar. Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, ba’zi arablar o‘zlari bilan yaqin bo‘lgan qo‘shnilarining tilini bilganlar. Imrul Qaysning o‘sha davrda fors podshohlaridan otasining qirolligini olish uchun yordam so‘rashi haqidagi rivoyatlar arablarning xorijiy tillarni bilishidan dalolat beruvchi misollardan biridir. Umayya ibn Abu Saat o‘z she’rlarida payg‘ambarlarning voqealarini hikoya qiluvchi, xorijiy tilni biladigan arablardan edi. Shuningdek, u o‘sha paytda arablar bilmagan ko‘p so‘zlarni ishlatar edi. Payg‘ambarimiz (s.a.v) hayotida chet tillarni o‘rganish haqida hikoyatlaridan bir o‘rnak keltirib o‘tilgan. Payg‘ambar (s.a.v) Zayd ibn Xorisga ibroniy va suryoniy tillarini o‘rganishni buyurdi. Zayd yahudiylar bilan yozishmalar amalga oshirish uchun ushbu buyruqqa itoat etib ibroniy tilini o‘rgangan edi11. Suryonilar ijodidan keyingi tarixiy davrda Sadiy, Umar Xayyom, Firdavsiy va Hofiz Sheroziy singari yirik Eron shoirlarining she’rlari arab tiliga tarjima qilindi. Umar Xayyomning ruboiylari katta qiziqish bilan qabul qilindi. Darhaqiqat, Misrda yozuvchi Muhammad as-Sibay uning she’rlarni arab tiliga tarjima qilgan. Ahmad Romi va Ahmad Zeki Abu Shodiy ham ruboiylarni tarjima qilishga harakat qilishgan. Boshqa mualliflar ruboiylarning forscha asl nusxalarini tarjima qilishgan. Arab tilida tizimli tarjima faoliyatlari esa Ummaviylar davlatining tashkil topish davri bilan bog‘liqdir. Yazid ibn Muoviyaning o‘g‘li Xolid arabchaga tizimli tarjima faoliyatini qo‘llab quvvatlagan. Tarixiy manbalarga ko‘ra, tarjima jarayoni u qiziqqan sohalardan biri edi va shu bois bu sohaga ishtiyoq bilan yondoshgan. Xolidning sa’y-harakatlari bilan tibbiyot va kimyo kitoblari arabchaga tarjima qilingan. Ushbu davrda tarjima sohasining rivojlanishiga ko‘plab omillar o‘z tasirini o‘tkazdi, shu omillardan ba’zilari quyidagilardir: Arablarning boshqa xalqlar bilan aloqalari, yangi madaniyatlardan xabardor bo‘lishi va mana shu yangi madaniyat haqidagi nuqtai nazarlarini, bilimlarini kengaytirish istagida edilar. Arablarning yangi ilm sohalariga ehtiyoj sezishlari tibbiyot, hisob, vaqt o‘lchash kabi ilmlarga zaruriyat uyg‘otdi. Namoz vaqtlarining belgilanishi, ro‘za kunlarining hisoblanishi, haj ziyorati, shuningdek, yil boshining aniqlanishi kabi sohalarda yangi ilmlarga ehtiyoj sezdilar. Xalifalar tarjimaga katta urg‘u berishdi. Masalan, Abdulmalik bin Marvon davrida suriya devonlari arablashtirildi. Arab tilidagi birinchi devon Shom devoni edi. Dastlabki tarjimonlar orasida Stefan al-Qadim, Sulaymon bin Said kabi mutarjimlar bo‘lgan. Ummaviylar davrida paydo bo‘lgan birinchi tarjima faoliyati keng qamrovli bo‘lmadidi. Yaratilgan muhitda arabcha yohud arabchaga o‘girilgan asarlardan boshqa ma’lumotlardan foydalanisha olmagan, cheklangan doirada qolgan tabiblar faqat tarjima ishi bilan mashg‘ul edilar, tarjima faoliyati keng qamrovli bo‘lmasa ham Abbosiylar davridagi tarjimaning rivojlanishiga tamal toshlarini qo‘yishdi. Ummaviylar davrida arab tiliga tarjima qilingan eng muhim sohalardan ba’zilari quyidagilar: Falak ilmi (Astronomiya). Astronomiya fani Ummaviylar davrida, ayniqsa Biladush-Shomda rivojlandi. Ushbu fan taraqqiyotining sababi musulmonlarning boshqa millatlarning ilm-faniga va madaniyatiga yo‘l berishi va astronomiyaga oid kitoblarning arab tiliga tarjima qilinishi edi. Ummaviylar davlatining qulashidan 7 yil oldin arab tiliga tarjima qilingan, davrning birinchi astronomiya kitobi “Ardul-miftaf un-Nujum” (Yerning yulduzli kaliti) deb nomlangan. Ammo Xolid ibn Yazid tomonidan tarjima qilingan yulduzlar va astronomiya haqidagi birinchi kitob “Kitob un-Nujum” (Yulduzlar kitobi) bo‘lgan deya rivoyat qilinadi. Falsafa fani. Bu yo‘nalishdagi fan Ummaviylar hukmronligining boshlarida Damashqda paydo bo‘lgan. Falsafa rivojlanishida ma’lum omillar mavjud, ularning ba’zilari esa quyidagilar: Musulmonlarning boshqa din vakillari bilan o‘zaro munosabati. Damashqda ko‘plab masihiylar bo‘lgan. Aholining katta qismi musulmon bo‘lganligi sababli, ularning ko‘pchiligi o‘z dinlarini saqlab qolishgan. Damashqda masjidlar cherkovlar yonida qurilgan. Shuning uchun islom va nasroniylik o‘rtasida aloqa bor edi. Munozaralar va nizolar dinlar o‘rtasida yuzaga keldi. Siyosiy ziddiyat. Falsafa faniga o‘sha paytda mavjud bo‘lgan siyosiy to‘qnashuvlar ta’sir ko‘rsatdi. Imomiyat va xalifalik masalasi kun tartibidagi eng ta’sirli masala bo‘lib, unda musulmonlar ixtilof qilishgan. Tarjima harakati. Bu falsafaning rivojlanishi va tarqalishida muhim rol o‘ynaydigan muhim omillardandir. Musulmon faylasuflarining yunon mantig‘i va falsafasini arab tiliga tarjima qilinganidan keyin bu fanlar bilan tanishganliklari ularning fikrlari va printsiplarining bir qismini o‘zgartirdi. Xolid bin Yazid ushbu sohada tarjimaning asoschisi bo‘lgan. Endi biz Ummaviylar davridagi devonlarning yozishmalari va yozuvlariga to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsak, Suriyadagi devon Abdumalik ibn Marvan xalifaligi davrida yunon tilidan arab tiliga tarjima qilingan va Iroqdagi devon Hakkok hokimligi davrida forsiydan arabchaga tarjima qilingan. Misrda yozilgan ko‘plab asarlar Abdullaziz xalifaligi davrida arab tiliga o‘girilgan. Xolid bin Yazid ibn Muoviya, Marvon oilasining adibi deb hisoblangan. Xolid tibbiyot va kimyo bo‘yicha ba’zi kitoblarni topish va ularni arabchaga tarjima qilish uchun Iskandariyaga yuborilgan. Ibn un-Nadim o‘zining “al-Fihrist” kitobida u haqida quyidagilarni aytadi: “U Marvan oilasining adibi. U fazilatli inson bo‘lganligi sababli ilm-fanni yaxshi ko‘rar edi. Misrga kelgan va arab tilini yaxshi bilgan bir guruh yunon faylasuflari Xolidni ularga qo‘shilishga chaqirdilar. Islomda bir tildan ikkinchi tilga birinchi tarjimalarini qilgan”12. Arab yozuvining ijodiy kitob asari sifatida rivojlanishi to‘g‘risida ishonchli ma’lumotlar faqat Muoviya (661-680) hukmronligi davridan beri saqlanib kelmoqda, u qabilaviy urf-odatlar va Arabistonning afsonaviy tarixiga katta qiziqish ko‘rsatgan va uning ostida Iskandariya maktabi olimi Zosima risolalarining tarjimalari ham yaratilgan. Umar ibn Abdulaziz Xolid ibn Yazidning yo‘lidan bordi va Madinaga ko‘chib o‘tishida Iskandariya maktabidan bir faylasuf unga hamrohlik qildi. Hijriy 100-yilda u Aleksandriya maktabining olimlarini Antakiya maktabiga ko‘chirdi. Abbosiylarning hukumatga kelishi va Bog‘dod shahrining qurilishi keyingi davrda tarjima faoliyatining yangi davrini boshlanishini bildirardi. Bog‘dodda tarjima faoliyati katta muvaffaqiyatga erishdi. Abbosiylar davridagi tarjimashunoslik ikki asosiy davrga bo‘lingan: birinchi davr Abbosiylar davlatining tashkil topgandan xalifa Ma’mun hokimiyat tepasiga kelgunga qadar davrni o‘z ichiga olsa, ikkinchi davr esa Ma’mun hukumati tugaguniga qadar bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi (198-833). 145-yilda Abbosiylar davlatining ikkinchi xalifasi Abu Jafar al-Mansur Bog‘dod shahrini barpo etdi. Shunday qilib, Bag‘dodning intellektual yorqinligi tez orada Kufa va Basradan ustun bo‘lib, Damashqdan o‘tib ketadi. Abu Jafar al-Mansur Vizantiya, Yunon podshohlariga falsafa, hikmat kitoblarini so‘rab iltijo qilgan birinchi islom hukmdori edi. Vizantiya imperatori Abu Jafarning iltimosiga binoan Evklidning Evklid kitobini boshqa kitoblar bilan birga yuborgan. Abu Mansur xorijiy tillarni biladigan yetuk olimlar uyushmasini tuzdi va ularni ba’zi ilmiy asarlarni tarjima qilishga undadi. Shuning uchun u tarjimaga tegishli devon yozdi. Horun ar-Rashid bu devonni kengaytirib, chet el kitoblarini tarjima qilish bilan shug‘ullandi. Horun ar-Rashid davrida astronomiyada katta tasnifni anglatuvchi “Makesti” asari tarjima qilindi. Bundan tashqari, Vizantiya yurishlarida Anqara va Ammuriyadagi kitoblar arab tiliga o‘girildi. Horunning o‘g‘li Ma’mun “Baytul hikma” deb nomlangan markazni ochdi, uning qoshida jamoat kutubxonasi va astronomiya uchun ishlatiladigan rasadxona mavjud. “Baytul hikma” davlat xazinasidan ko‘plab sovg‘alar berib, u yerda bir guruh doimiy tarjimonlar guruhini tashkil qildi. Andalusiya Bag‘doddan keyin ilmiy va madaniy tarjimalarning ikkinchi vataniga aylandi. Andalusiya adabiyot, fan va san’at sohalarida ixtiro va ijodkorlik namoyish etiladigan muhitga aylanishdan oldin tarjima markazi bo‘lgan. Abbosiylar davrida tarjima faoliyati ko‘zga ko‘rinib, taraqqiy etgan shaklda paydo bo‘ldi. Abbosiylar davlatining birinchi davrida xalifalardan tashqari, davlat arboblari ham tarjima jarayonini qo‘llab quvvatlagan. Ushbu yo‘nalishdan so‘ng, jamiyatdagi turli elita guruhlari tarjimani ikki asr davomida jamiyatga chuqur ta’sir ko‘rsatadigan harakatga aylantirdilar. Abbosiylar davrida tarjima sohasida juda ko‘p taniqli nomlar mavjud, bu ismlarning eng taniqlisi al-Jahizdir. U o‘z madaniyatini eng yaxshi namoyish etgan oilmdir. U fors va hind tillaridan arabchaga tarjima qilishni mohirona amalga oshirdi. Jahiz Aflotun, Gippokrat, Ptolamey va Kalinus kabi xorijiy mualliflarning kitoblarini o‘qidi. Aslida, uning “Kitabul xayran” nomli kitobida tegishli ismlar haqida ko‘p ma’lumotlar mavjud. Yevropada lotinlashtirilgan Averroes nomi bilan tanilgan mashhur faylasuf Ibn Rushd (1126-1198) ilmiy tarjimonlar orasida alohida o‘rin tutadi. Andalusiyada tug‘ilgan. U sudya va sud shifokori vazifalarini bir vaqtning o‘zida bajaradigan davlat xizmatchisi edi. U birinchi navbatda Aristotel asarlarining yorqin sharhlovchisi sifatida tanilgan. Olim vafotidan so‘ng, uning asarlari Yevropada bir necha asrlar davomida ishlatilgan. U yahudiy va nasroniylarning falsafiy doiralarida katta obro‘ga ega edi, sababi, u Aristotel asarlarini arab tiliga ajoyib tarzda tarjima qilgan13. Tajribali tarjimonlar tomonidan tuzilgan yoki ular tahrir qilgan yakuniy varianti buyurtmachi - xalifadan, ruhoniylardan yoki tarjimonning ishi uchun pul to‘lashga qodir bo‘lgan fan ixlosmandlari tomonidan rasmiy e’tirofga sazovor bo‘ldi. Tarjimalar asosan, ma’lum bir fan bilan shug‘ullanadigan olimlar tomonidan o‘zlari uchun qilingan. Odatda, taniqli tarjimonlar- mashhur olimlar va mukammal poliglotlar edi. “Ispaniyadagi qadimiy ilmiy meros bilan arab tilidagi tarjimalar va arab tilida so‘zlashadigan musulmon olimlarning asarlari orqali tanishgan va ularni lotin tiliga tarjima qilishga harakat qilgan yevropalik olimlar juda katta qiyinchiliklarga duch kelishdi, chunki ikkinchisi faoliyatining ushbu bosqichida «tegishli terminologiyaga ega bo‘lmagan, natijada, - yuqorida aytib o‘tilgan qo‘llanmaning mualliflari noaniq va muqarrar ravishda buzilgan qarzlarga murojaat qilish zarurligini ta’kidlaydilar”14. Shunday qilib, Yevropa dastlab arabcha tarjimalardan, so‘ngra arabchadan lotin tiliga tarjimalardan qadimiy meros bilan tanishdi. Qadimgi mutafakkirlarning ayrim asarlari yevropaliklarga ibroniy tilidan lotin tiliga tarjimalari orqali yetib kelgan. Keyinchalik, ushbu barcha matnlar o‘sha paytga qadar murakkab ilmiy matnlar bilan ishlash uchun tayyorlangan yunon tilidagi asl nusxalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri lotin tiliga tarjima qilish uchun ma’lumotnoma va ilmiy apparat sifatida talabga ega edi 15. 1.3. Arab-o‘zbek tarjimashunosligining rivoji XX asrga qadar «tarjima» so‘zi faqat tarixiy, falsafiy, adabiy va badiiy asarlar o‘girmasiga nisbatan qo‘llanib kelingan. Og‘zaki tarjimonga nisbatan esa turkiy xalqlarda «tilmoch», nemis tilida «dolmetechen», ingliz va fransuz tillarida «interpret» atamalari qo‘llanilgan16. Tarjima nazariyasi xususida aytilgan fikrlar ham shu yo‘sinda umumiy ma’no kasb etgan. Tarjima tarixi juda qadim zamonlardan boshlanadi. Qadim zamonlardan buyon turli tillarda so‘zlovchi xalqlar bir-biri bilan muomala qilganda tarjimon orqali ish bitkazganlar. Tarjimonsiz ish bitishi qiyin bo‘lgan. Savdo-sotiq ishlarida, diplomatik munosabatlar va madaniy aloqalarda tarjimaga zarurat tug‘ilgan. Markaziy Osiyoning dastlabki tarjimonlari Abu Nasr Forobiy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Mahmud Qoshg‘ariy, Mahmud Zamaxshariy17. Tarjima nazariyasiga bagʻishlangan ilk tadqiqotlar oʻtgan asrning yigirmanchi yillarida yuzaga kela boshladi. Bu davrda nashr qilingan F.R.Amos, J.P.Postget, O.M.Finkel, M.P.Alekseev kitoblarida, Sanjar Siddiqning «Adabiy tarjima sanʼati» (1936 y.) risolasida ham tarjima nazariyasini fan sifatida eʼtirof qiluvchi aniq fikrlar bildirilmagan edi. Tarjima nazariyasini fan sifatida taʼriflovchi va bunga daʼvat etuvchi tadqiqotlar asrning 50-yillariga kelib eʼlon qilina boshlandi18 . Aniqrogʻi, 1952 yil “Иностранные языки в школе” jurnalida taniqli tarjimon I.Kashkinning “Ishonchsiz tamoyil va noaniq xulosalar” va taniqli tilshunos A.A.Reformatskiyning “Tarjimaning lingvistik masalalari” nomli maqolalarining chop qilinishi bu sohada bahs-munozaralarning boshlanishiga sabab boʻldi. Masalan, professor A.A.Reformatskiy oʻz maqolasida «tarjima amaliyoti barcha fanlar uchun xizmat qilsa-da, tarjima nazariyasi mustaqil fan boʻla olmaydi. U tilshunoslikning bir boʻlimigina boʻlishi mumkin», degan daʼvo bilan chiqadi. Tez orada olimning bu fikriga qarshi tarjimashunos A.V.Fedorov: «Tarjima nazariyasi fan sifatida eʼtirof qilinishi zarur. Faqat u qurilishi jihatidan tilshunoslik yoʻnalishiga vobasta boʻlmogʻi kerak» degan gʻoyani ilgari suradi19 . Bu yillarda Oʻzbekistonda ham tarjima nazariyasi xususida dadil fikrlar aytila boshlandi. Asqad Muxtor, Jumaniyoz Sharipov, Gʻaybulla Salomov, Ninel Vladimirovalarning tarjima nazariyasidan bahs yurituvchi risola va maqolalari nashr qilindi. 1953-yili Xalqaro tarjimonlar uyushmasi – FIT (Federation Internationale des Traducteurs) ning tashkil qilinishi tarjimon va tarjimashunoslar faoliyatining yanada ravnaq topishida muhim rol oʻynadi. 1955-yildan uyushma organi «Babel» («Bobil») jurnali nashr etila boshlandi. Bu yillarda turli mamlakat olimlarining tarjima nazariyasi muammolariga bagʻishlangan tadqiqotlari birin-ketin bosilib chiqdi. Ular orasida fransuz Jorj Munenning «Goʻzal, ammo bevafo», ingliz Teodor Savorining «Tarjima sanʼati» kitoblari oʻsha davrda muhim ahamiyat kasb etdi. Ayniqsa, kanadalik tilshunoslar J.P.Vinye va J.Darbelnening 1958-yilda nashr qilingan «Fransuz va ingliz tillarining qiyosiy stilistikasi. Tarjima tadorigida» monografiyasida tarjima nazariyasi qiyosiy tilshunoslik yoʻsinida talqin qilinib, mualliflar uni sof tilshunoslik izmidagi fandir, degan tezisni ilgari surdilar. Ular oʻz fikrlarini taniqli tilshunos olim Sharl Balli taʼlimotiga yaqinlashtirib, tarjima ham ikki tilga mansub sistemadir, u asliyat va tarjima tilining oʻzaro yaqinlashuvi jarayonida yuzaga keladi. Bu jarayonda asliyat tili oʻz holatini oʻzgartirmaydi, tarjima tili esa mavjud sharoitga qarab oʻzgaradi va asliyat tilining lisoniy holatlarini oʻzida ifoda etishga majbur boʻladi, degan toʻxtamga keladilar. Oʻtgan asrning 60-yillari boshida fransuz olimi E.Karining «Tarjima nazariyasi sari» va amerikalik tilshunos Yu.Naydaning «Tarjima nazariyasi xususida» nomli mazmunan bir-birini toʻldiruvchi tadqiqotlari bosilib chiqdi. E.Kari oʻz kitobida tarjima nazariyasini mustaqil fan tarzida eʼtirof etish bilan birga umumiy «tarjima nazariyasini yaratmoq payti keldi», degan fikrni bildirgan boʻlsa, Yu.Nayda tarjima amaliyoti va nazariyasining vobasta ilmiy tamoyillarini ishlab chiqmoq lozimligini uqtirish bilan, tarjima nazariyasiga «dinamik ekvivalent» (soʻzlarning teng maʼnoli muqobillari) tushunchasini olib kirdi20. Bu davrga kelib tilshunos va adabiyotshunos olimlarning tarjima nazariyasi talqiniga bagʻishlangan tadqiqotlari eʼlon qilindi. Masalan, A.V.Fedorov «Tarjima nazariyasiga kirish» kitobini 1958-yil qayta nashr ettirarkan, unga «lingvistik ocherk» tagsarlavhasini ilova qilgan edi. Koʻp oʻtmay ushbu nashr mazmuni va mundarijasi atrofida qizgʻin bahs-munozaralar boshlandi. Ittifoq olimlari oʻrtasida tarjima nazariyasiga ikki tomonlama: tilshunoslik va adabiyotshunoslik ilmi nuqtai nazaridan talqin qilish muammosi yuzaga keldi. 1959-yildan ittifoq Yozuvchilar uyushmasi tashabbusi bilan «Tarjima mahorati» almanaxi va 1963-yildan tilshunoslik ilmining markazlaridan biri sanalgan Moskva Davlat chet tillar pedagogika instituti olimlari saʼy-harakati bilan «Tarjimon daftarlari» ilmiy toʻplami nashr etila boshlandi. «Tarjima mahorati» almanaxida taniqli adabiyotshunoslarning tarjima – bu adabiy jarayon va badiiy ijod, tarjima nazariyasi esa adabiyotshunoslikka asoslangan fandir, deguvchi maqolalari muntazam chop qilinib kelingan boʻlsa, «Tarjimon daftarlari» toʻplamida koʻplab tilshunoslarning tarjima – bu matn bilan bogʻliq lingvistik jarayon, tarjima nazariyasi ham lisoniy tahlilga asoslangan fandir, deya eʼtirof etguvchi tadqiqotlari bosilib kelindi21. Oʻsha yillari Oʻzbekistonda ham tarjima nazariyasi fan sifatida eʼtirof etila boshlandi. Professor A.A.Reformatskiy va A.V.Fedorovning tarjima nazariyasi xususida bildirgan fikrlari yoʻnalishida bahs yurituvchi oʻzbek olimlari N.V.Vladimirova («Некоторые вопросы художественного перевода с русского на узбекский язык», 1957), J.Sharipov («Некоторые проблемы поэтического перевода», 1958), Gʻ.Salomov («Maqol va idiomalar tarjimasi», 1961) larning tadqiqotlari yuzaga keldi . 1961-yil professor Gʻaybulla Salomov asos solgan «Tarjima sanʼati» ilmiy toʻplamining birinchi kitobi bosilib chiqdi. Mualliflar oʻsha davr talabidan kelib chiqqan holda oʻz tadqiqotlarida tarjima nazariyasining baʼzi lingvistik va poetik xususiyatlarini yoritishga harakat qilgandilar. Oʻtgan asrning 60-yillarida N.Vladimirova, J.Sharipov, Gʻ.Salomov, Yu.Poʻlatov, J.Boʻronov, A.S.Aznaurova, A.Abduazizov, Q.Musayev, G.Gʻafurova, S.Salomova, N.Komilov singari tarjimashunos olimlar tomonidan yaratilgan ilmiy tadqiqotlar Oʻzbekistonda ham tarjima nazariyasi borasida keng koʻlamda izlanishlar olib borilganidan dalolatdir. Ular orasida tarjima nazariyasining lingvistik tamoyillarini yaratishda professor A.V.Fedorov izlanishlarini davom ettirgan professor Gʻaybulla Salomovning xizmatlarini alohida taʼkidlab oʻtmoq oʻrinlidir. Olimning 1966 yil nashr qilingan «Til va tarjima» monografiyasi Oʻzbekistonda tarjima nazariyasi fanining keyingi ravnaqiga katta hissa qoʻshdi. Qolaversa, bu tadqiqot respublikamizda tarjima nazariyasining lingvistik va umumfilologik asoslarini ishlab chiqqan ilk nazariy manba boʻlib, u G.Gachechiladze (Gruziya), B.Tohirbekov (Ozarbayjon), L.Mkrtchyan (Armaniston), M.Avezov (Qozogʻiston), Ye.Etkind (Rossiya), V.Koptilov (Belorussiya) kabi nazariyachilarning tadqiqotlari qatorida alohida eʼtirof qilindi. Darvoqe, olimning ushbu monografiyasida tarjimaning asosiy «qurilish materiali» boʻlgan soʻz, uning fonetik libosi, semantik va uslub xususiyatlari hamda tarjima jarayonida sinonimlardan istifoda etish kabi muammolar mufassal tahlil qilingan edi. Shuningdek, bu yillarda yaratilgan L.Abdullayevaning «Rus tilidan oʻzbekchaga tarjimaning stilistik masalalari» (1964), Q.Musayevning «Ingliz tilidan oʻzbekchaga badiiy tarjimaning stilistik muammolari» (1967) A.M.Narziqulovning «Fransuz frazeologiyasi va fransuz-oʻzbek badiiy tarjimachiligi masalalari» (1969) kabi tadqiqotlari ham tarjima nazariyasining lingvistik muammolariga bagʻishlangan edi22. 1960-yillar oxiri va 1970-yillar boshida gʻarb tarjimashunosligida Jorj Munen (Fransiya), Irjiy Leviy (Chexoslovakiya), S.Vlaxov va S.Florin (Bolgariya) kabi olimlar eʼtiborga molik tadqiqotlar yaratdilar. Masalan, Jorj Munen oʻzining «tarjima – doimo til bilan bogʻliq hodisadir» mazmunidagi tezisini badiiy tarjima jarayoniga ham taalluqlidir, deyish bilan quyidagi fikrni ilgari suradi: «Har bir asar oʻz davrining ijtimoiy-madaniy hodisasi boʻlib, u faqat oʻsha xalq tili orqali ifodalanadi, tilning ishtiroki va bevosita takomillashuvi evaziga yuzaga keladi. Shunday ekan, ushbu asarni ikkinchi bir tilga oʻgirish ham faqat til vositasidagina amalga oshiriladi va lisoniy hodisaga aylanadi». J.Munenning ushbu konsepsiyasi va R.Yakobson (AQSH)ning «Tarjimaning lingvistik tamoyillari» maqolasida ilgari surilgan tarjimaning semiotik (belgilarga asoslangan) tushunchasi va tillararo lisoniy hodisa ekanligi gʻoyasiga asoslangan «Leypsig maktabi» vakillari oʻtgan asrning yetmishinchi yillarida tarjimaning lingvistik nazariyasi bilan jiddiy shugʻullandilar. Masalan, ular tilshunos Otto Kade (Germaniya) tarafidan isteʼmolga kiritilgan «translatsiya» atamasini «tarjima» soʻzi bilan almashtirish maqsadga muvofiqligini maʼqul topishdi. Sababi, «translatsiya» (lat. translatio – oʻtkazish, koʻchirish, almashtirish) tushunchasi «tarjima» tushunchasiga nisbatan umumiyroq maʼnoga ega boʻlib, u «yozma tarjima» va «ogʻzaki tarjima» tushunchalarini oʻz ichiga qamrab oladi. «Leypsig maktabi» izdoshlaridan boʻlgan nemis tilshunosi Katarina Rays oʻzining «Tarjima tanqidining chegarasi va imkoniyatlari» kitobida tilshunoslarning lingvistik nazariyasiga bir qadar aniqlik kiritib, «Otto Kade, Rudolf Yumpelt, Yudjin Nayda, Rolf Klyopfer va Ralf Rayner Vitenoularning oxirgi oʻn besh yil ichida eʼlon qilgan tadqiqotlari tarjimashunoslik ilmida muhim ahamiyat kasb etsa-da, biroq to hanuzga qadar tarjima amaliyotining barcha sohalarini oʻzida qamrab olgan mukammal tadqiqot yaratilmadi», degan fikrni ilgari surdi. Masalan, O.Kade tadqiqotlarida pragmatik matnlar tarjimasi, R.Yumpelt ilmiy-texnikaviy matnlar tarjimasi, Yu.Nayda (AQSH) «Injil» tarjimasi, R.Klyopfer badiiy matnlar tarjimasi, R.R.Vitenou (Isroil) esa klassik matnlar tarjimasi misolida oʻz nazariy konsepsiyalarini yaratishga muvaffaq boʻldilar23. Tilshunos Katarina Rays taʼrificha, tarjima amaliyotida asosiy holat matnning turli-tumanligiga bogʻliq boʻlib, olima quyidagi matn turlarini keltirib oʻtadi: a) paragmatik matn; b) badiiy matn; c) ogʻzaki matn. Birinchisida tarjimon aniqlik va muqarrarlikka, ikkinchisida obrazlilikka; uchinchisida esa suhbatdosh nutqining mazmuniga asosiy eʼtiborni qaratmogʻi lozim boʻladi. 1968-yil professor A.V.Fedorov monografiyasining qayta ishlangan uchinchi nashri bosilib chiqdi. Olim oʻzining koʻp yillik izlanishlarini umumlashtirarkan, tarjima nazariyasi lingvistik yoʻnalishdagi fan, degan yakuniy xulosaga keladi. Bu yillar mobaynida rus olimlaridan A.D.Shveyserning «Tarjima va tilshunoslik», V.N.Komissarovning «Tarjima haqida soʻz», L.S.Barxudarovning «Til va tarjima» nomli monografiyalari ham chop qilindi24. Shu tariqa oʻtgan asrning yetmishinchi yillari boshida sobiq Ittifoq oliy oʻquv yurtlarining roman-german tillari fakultetlari va chet tillar institutlarida tarjima nazariyasi va amaliyoti kursi joriy qilinib, ularda moskvalik olimlar tomonidan tuzilgan oʻquv dasturi asosida mashgʻulotlar olib borila boshlandi. Moskva Davlat chet tillari pedagogika instituti esa tarjimaning lingvistik nazariyasi yoʻnalishdagi ilmiy tadqiqotlar markaziga aylandi. Bu yillar Oʻzbekiston oliy oʻquv yurtlarida ham tarjima nazariyasi va amaliyotidan mashgʻulotlar yoʻlga qoʻyildi. Toshkent Davlat universiteti (hozirgi OʻzMU)ning filologiya va jurnalistika fakulteti huzurida tashkil etilgan Tarjima nazariyasi kafedrasi prof. Gʻ. Salomov rahbarligida bu ishga bosh-qosh boʻldi. Ayniqsa, olimning 1973-yilda nashr qilingan «Tarjima tarixi», «Tarjima nazariyasiga kirish», «Umumiy tarjima nazariyasi asoslari» oʻquv dasturlari respublikamiz oliy oʻquv yurtlarida tarjima nazariyasi kursini oʻqitishda asosiy dasturulamal boʻlib xizmat qildi. Shundan soʻng uning «Tarjima asoslari» (1976) va «Tarjima nazariyasiga kirish» (1978) darsliklari eʼlon qilindi. Olim ularda tarjima – lisoniy, adabiy-estetik hodisa, soʻz sanʼati, tarjimon esa ijodkordir, degan tezis asosida tarjima jarayonini keng miqyosda tadqiq qilib bergan edi25. Xullas, professor Gʻaybulla Salomovning «Tarjima nazariyasiga kirish» darsligi oliy oʻquv yurtlarining filologiya fakultetlarida taʼlim olayotgan talabalar va tarjimashunoslik ilmi borasida nazariy tadqiqotlar yaratishga kirishgan ilmiy xodimlar uchun ham yoʻriqnomaga aylandi. Shuningdek, J.Boʻronov, E.Aznaurova, Q.Musayevlarning darslik va monografiyalari, A.Abduazizov, N.Komilov, M.Sulaymonov, R.Fayzullayeva, Ya.Egamova, I.Mirzayevlarning dissertatsiya va maqolalarida tarjimaning lingvistik nazariyasi xususidagi baʼzi fikrlar davom ettirildi26. Bu yillarda Yevropa tilshunoslari ham tarjima nazariyasining turli lingvistik tamoyillarini ishlab chiqishga harakat qildilar. Masalan, nemis olimlari R.Yumpelt, A.Lyudskanov va K.Rays tarjima nazariyasini «til haqidagi va tilshunoslikka tayanuvchi fan», deb uqtirish bilan, badiiy asar tarjimasida asosan matnning janr xususiyati va «matn formasi» muhim oʻrin tutadi, degan toʻxtamga keldilar. Sababi, badiiy asar tarjimasida matndagi informatsion mazmun emas, balki undagi kontekstual (tagmazmun) maʼno ifodasini saqlab qolmoq zarurdir27. Bu davrda Oʻzbekistonda ham tarjima nazariyasi va adabiy aloqalar yoʻnalishida bir qator ilmiy tadqiqotlar yaratildi. Masalan, Najmiddin Komilov («Xorazm tarjima maktabi», 1987), Qudrat Musayev («Tarjimaning lingvostilistik muammolari», 1988), Muhammadjon Xolbekov («Oʻzbek-fransuz adabiy aloqalari: tarjima, tanqid va idrok tadorigida», 1991), Q.Joʻrayev («Sheʼriy tarjimalarni xalqaro adabiy kontekstida qiyosiy oʻrganish», 1991)ning doktorlik tadqiqotlari yuzaga keldi. Shuningdek, tarjima muammolariga bagʻishlangan oʻnlab nomzodlik dissertatsiyalari himoya qilindi28. Ammo oʻzbek tarjimashunoslari gʻarb olimlarining tarjima nazariyasi xususidagi bahs-munozaralarida ishtirok etolmadilar. Taʼbir joiz boʻlsa, bu davrga kilib oʻzbek tarjimashunoslik ilmi bir qadar orqada qola boshladi29. 1993-yil Moskva shahrida boʻlib oʻtgan tarjimon va tarjimashunoslarning xalqaro simpoziumida soʻzga chiqqan ingliz tilshunosi G.Turi tarjimaning janr xususiyatlariga toʻxtalarkan, har qanday vaziyatda «adabiy tarjima» atamasini qoʻllash maʼqulligini taʼkidlagan edi. Uning fikricha, tarjima «badiiy» va «nobadiiy» asar matnini oʻzgacha uslubda qayta tiklashdan iborat boʻlib, ularning har ikkalasi ham asliyatda adabiy til normalarini oʻzida mujassam etajagini unutmaslik kerak. Shunday ekan, ikkala til (asliyat va tarjima) ning adabiy normalaridan bab-barobar foydalanmoq va ularni hisobga olmoq talab etiladi. Demak, tarjima A.Lilova taʼbiricha, adabiy til hosilasidir. Yoki, tilshunos R.R.Vitenou taʼbiri bilan aytganda, vaqt oʻtishi bilan tarjima asari ham «vatan adabiyoti» xazinasidan oʻrin olib, asliyatda yaratilgan ilmiy va badiiy kitoblar qatorida oʻquvchiga oʻz «germenevtik» taʼsirini oʻtkazishi mumkin 30. Xulosa qilib aytganda, tarjima va tarjimashunoslik ilmi oʻtgan XX asrda keng taraqqiy etdi, umumfilologik fan tarzida eʼtirof qilindi. Uzoq davom etgan bahs-munozaralardan keyin tarjima nazariyasining lingvistik tamoyillari peshqadamlikni qoʻlga olgan boʻlsa-da, XXI asr boʻsagʻasida nazariya birmuncha tanazzulga yuz tutib, amaliyotdan ortda qola boshladi. Bu fikrni bevosita oʻzbek tarjimashunosligi xususida ham aytish mumkin. Sababi, soʻnggi oʻn-oʻn besh yil ichida tarjima nazariyasi muammolariga bagʻishlangan yirik ilmiy tadqiqotlar yaratilmadi hisob. Yosh olimlar tomonidan himoya qilinayotgan nomzodlik dissertatsiyalari jahon tarjimashunosligi ilmi andozalari darajasida emas. Bir soʻz bilan aytganda, mustaqillik yillari «tarjima amaliyoti bir qadar jonlandi-yu, tarjimaning nazariy asoslari, yoʻnalishlari, istiqbollarini oʻrganish, tadqiq etish birmuncha susaydi» (X.Doʻstmuhammad). Quvonarli tomoni shundaki, oliy oʻquv yurtlarida tarjima nazariyasi va amaliyotini oʻqitish birmuncha jonlandi. I.Gʻafurov, A.Abduazizov, Q.Musayev, O.Moʻminov, N.Qambarov, Sh.Sirojiddinov kabi taniqli tarjimon va tarjimashunos olimlarimizning saʼy-harakati tufayli tarjima nazariyasi va amaliyotiga oid darslik hamda oʻquv qoʻllanmalari chop etildi. «Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati» gazetasi, «Jahon adabiyoti», «Sharq yulduzi», «Zvezda Vostoka», «Oʻzbek tili va adabiyoti», «Tafakkur», «Filologiya masalalari» jurnallarida tarjima nazariyasi va amaliyotiga oid maqolalar, bahs-munozaralar bosilmoqda. Vaholanki, oʻtgan «XX asr – tarjima asri» (P.F.Kaye) tarzida tarixda muhrlangan boʻlsa, XXI asrda tarjima jahon xalqlari va sivilizatsiyasi oʻrtasidagi «kommunikativ vosita» (P.M.Toper) sifatida yanada ham muhim ahamiyat kasb etishi turgan gap. Bu fikr FITning soʻnggi yillarda London, Moskva, Melburn va Shanxay simpoziumlarida ham olimlar tarafidan takror-takror aytilib oʻtildi. Endilikda, «oʻzbek adabiyoti asta-sekinlik bilan jahon adabiyoti jarayonlari bilan tutashib borayotgan» (I.Gʻafurov) ekan, tarjima amaliyoti va uning nazariy jihatlariga ham jiddiy eʼtibor qaratmogʻimiz lozim boʻladi. O‘zbekiston o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritgandan so‘ng o‘tgan yigirma ikki yil davomida badiiy ijodning barcha sohalarida bo‘lgani kabi tarjima nazariyasi va amaliyotida ham o‘zgarish va yangilanishlar ro‘y berdi. -Prezidentimiz tashabbusi bilan tarjima va tarjimashunoslar minbari «Jahon adabiyoti» (1997) jurnali tashkil etilib, o‘z faoliyatini boshladi. Atoqli adabiyotshunos olim va tarjimon Ozod Sharafiddinov boshchiligida ushbu jurnalda dunyo adabiyotining eng sara asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilinib bosildi. Eng muhimi, jurnal tahririyati asliyatdan tarjima amaliyotiga keng yo‘l ochib berdi. Ayni paytda «Jahon adabiyoti» jurnalida tarjima nazariyasi va tanqidiga doir mazmunli maqola hamda suhbatlarning bosilayotgani ijod va ilm ahliga manzur bo‘lmoqda. O‘zbekistonda tarjimashunoslik ilmining rivojida Jumaniyoz Sharipov, Ninel Vladimirova, G‘aybulla Salomov, Najmiddin Komilov, Qudrat Musaev kabi olimlarning xizmati katta bo‘ldi. Bugungi kunga kelib o‘zbek tarjima maktabi jahon tarjimashunoslik ilmida tan olindi. Bu borada O‘zbekiston olimlarining tajribasi alohida diqqatga sazovor O‘zbekiston Markaziy Komitetining badiiy tarjima ishlarini tubdan yaxshilash haqida 1965 yili chiqargan qaroridan keyin badiiy ijodning bu sohasida ancha sezilarli o‘zgarishlar yuz berdi. O‘zbek adabiyotidan qilingan tarjimalar miqyosi ham kengaydi. O‘zbekiston markasi bilan chiqayotgan kitoblarni jahonning 97 mamlakatida, shu jumladan, Angliya, AQSh, GFR, Fransiya, Italiya, Kanada, Eron, Turkiya, Pokiston, Hindiston va boshqa davlatlarda o‘z ona tillarida o‘qimoqdalar. Mavjud tarjimalarni ilmiy tadqiq qilish ishi respublikada juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Oxirgi ma’lumotlarga qaraganda, bu yerda ellikka yaqin tadqiqotchi tarjima problemalari bilan band. Ularning o‘ttizdan ortig‘i ilmiy darajaga ega. Respublikada qisqa muddat ichida yirik ilmiy asarlar bunyod etildi. Jumaniyoz Sharipovning «O‘zbekistonda tarjima tarixidan» (1965), «Badiiy tarjimalar va mohir tarjimonlar» (1972), G‘aybulla Salomovning «Til va tarjima» (1966), «Tarjima nazariyasiga kirish» (1978), G.G‘afurovaning «O‘zbekistonda tarjima taraqqiyoti» (1973), Z. Umarbekovaning «Lermontov va o‘zbek she’riyati» (1973), Q.Musayevning «Badiiy tarjima va nutq madaniyati» (1976) kitoblari, shuningdek, G‘.Salomov, N.Komilov, Z.Salimova, Q.Jo‘raev, N.Otajonovlar yaratgan «Tarjimon mahorati» (1979) monografiyasi, A.Klimenkoning «Do‘stlik ramzi» (1974), K.Jo‘rayevning «Tarjima — san’at» (1975), N.Otajonovning «Badiiy tarjima va ilmiy sharh» (1978) risolalari fikrimizni quvvatlaydi. A.S.Pushkin nomidagi Til va adabiyot ilmiy-tadqiqot institutining adabiy aloqalar va badiiy tarjima nazariyasi sektori «Badiiy tarjima — do‘stlik quroli» (1974), «Badiiy tarjimaning aktual masalalari» (1977) mavzuida, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universitetining tarjima nazariyasi kafedrasi esa rus va o‘zbek tillarida «Tarjima nazariyasi masalalari» (1977) to‘plamlarini nashrdan chiqardilar. G‘afur G‘ulom nomidagi «Adabiyot va san’at» nashriyoti muntazam chop etayotgan «Tarjima san’ati» maqolalar to‘plami Butunittifoq miqyosida tanilib bormoqda, bu adabiy-tanqidiy minbar, ilmiy nashr O‘zbekistondagi yirik tarjimon va tarjimashunoslar, yosh tadqiqotchilar, o‘zbek adabiyotining chet eldagi va Markaziy Osiyoning boshqa shaharlaridagi jonkuyarlarini birlashtirib, ulkan xayrli ishni amalga oshirmoqda. Qisqasi, tarjimani ilmiy tomondan o‘rganish masalasiga bu yerda katta ahamiyat berilmoqda31. Hozirgi kunga kelib islom ilm-fani taraqqiyotini o‘rganish jarayonida boshqa xalqlar madaniyatining islom madaniyatiga kirib kelish yo‘nalishlarini har tomonlama tadqiq etish muhimdir. Bu jarayonda arablar bilan bir qatorda, ajam xalqlari orasidan chiqqan iqtidorli tarjimonlarning faoliyatini ham alohida qayd etib o‘tish maqsadga muvofiq. XX asrning ikkinchi yarmida Shoikrom Shoislomov tomonidan Jo’rji Zaydonning “Farg’ona kelini” asari tarjima qilindi. Olim arab tilini mukammal bilgan hamda ko’plab kitoblarni tarjima qilgan. “Farg’ona kelini” asari birinchi yirik tarjima mahsuli hisoblanadi. Shoikrom Shoislomov “Farg‘ona kelini” asari olimning birinchi yirik tarjimasi hisoblanadi. Olim asarni o‘zbek tiliga tarjima qilish jarayonida IX asr arab xalifaligini tarixi haqida chuqur izlanish olib boradi. Xalifalar ketma ketligi, taxt uchun o‘zaro kurashlar, xullas IX asrga oid tarixni yaxshilab o‘rganadi. Toponimlar, saroy amaldorlari, unvonlar, jazo turlari, ya’ni o‘sha davrga xos so‘zlarni o‘zi uchun lug‘at tuzib, ta’riflarini qayd etib o’tadi. Asar so‘zma-so‘z tarjima usulida tarjima qilingan. Toshkent Davlat Sharqshunoslik universiteti, arab filologiyasi kafedra mudiri professor Shorustam Shomusarov tomonidan “Joha va uning sarguzashtlari” kitobining tarjimalari arab tarjima faoliyati to‘xtab qolmaganidan dalolat beradi. Download 237.92 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
1 2
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling