’’Ahmad al-Farg`oniy O`rta Osiyolik mashhur mutafakkir’’


Download 13.85 Kb.
Sana27.10.2023
Hajmi13.85 Kb.
#1726650
Bog'liq
’’Ahmad al-Farg`oniy O`rta Osiyolik mashhur mutafakkir’’-fayllar.org


’’Ahmad al-Farg`oniy O`rta Osiyolik mashhur mutafakkir’’

’’Ahmad al-Farg`oniy O`rta Osiyolik mashhur mutafakkir’’


Oʻrta asrlarda yashagan Markaziy osiyolik olimlar orasida buyuk astronom, matematik va geograf al-Fargʻoniy salmoqli oʻrin egallaydi.
Olimning toʻliq ismi Abul Abbos Ahmad ibn Muhammad ibn Kasir al-Fargʻoniydir. Manbalarda uning fargʻonalik ekanligidan tashqari deyarli boshqa maʼlumotlar saqlanmagan. Lekin shuni ham eʼtiborga olish kerakki, oʻrta asrlarda musulmon oʻlkalarida boʻlgan anʼanaga binoan, mamlakat poytaxti yoki markazini ham mamlakat nomi bilan atashgan. Masalan, 995 yilgacha Xorazmning poytaxti boʻlgan Kotni, keyingi poytaxti Gurganjni ham Xorazm deyishgan. Baʼzi arab mamlakatlarida bu odat hozir ham saqlanib qolgan. Misr poytaxti Qohiraning Misr, Shom (Suriya) poytaxti Damashqning Shom deyilishi shundan. Ana shu odatga koʻra, oʻrta asrlardagi Fargʻona vodiysining markaziy shahri Axsikatni ham Fargʻona deyishgan. Al-Fargʻoniy Fargʻona vodiysining Qubo (Quva) qishlogʻida tugʻilgan. Shunisi maʼlumki, al-Fargʻoniy xalifa Xorun ar-Rashidning sharqiy yerlaridagi muovini, oʻgʻli Abdullohning (boʻlajak xalifa al-Maʼmunning) Marvdagi olimlari doirasiga kirgan. Ehtimol, Abdulloh yoshligidan bilimga chanqoq boʻlgani uchundir, 806 yili Marvga noyib boʻlib tayinlanganida, Movarounnahr, Xuroson, Xorazmdan olimlarni va isteʼdodli yoshlarni toʻplay boshlagan. Bu olimlarning asosiy qismi Abdulloh u yerga kelganidan avvalroq toʻplangan boʻlishi ham ehtimoldan xoli emas, chunki Marv avvaldan, Sosoniylar davridanoq yirik ilmiy markaz hisoblangan. 651 yili eng soʻnggi Sosoniy shahanshoh Yazdigard ibn Shahriyor arablar taʼqibidan qochib bu yerga kelganida poytaxtdagi kutubxona kitoblarini ham olib kelganligi maʼlum. Marv arablar qoʻl ostida ham oʻz mavqeini yoʻqotmadi, aksincha to moʻgʻul isilosigacha oʻsa bordi. Shunga koʻra, uning IX asr boshida xalifalikning yirik ilmiy va madaniy markazi boʻlganligi tabiiydir.
Xalifa Xorun ar-Rashid 809 yili Tusda toʻsatdan vafot etadi va uning vasiyatiga koʻra Bagʻdodda taxtga katta oʻgʻli – Muhammad al-Amin nomi bilan oʻtiradi. Saroydagi xurosonlik aʼyonlar esa Abdullohni taxtni qoʻlga olishga daʼvat etadilar. 811 yildan 813 yilgacha aka-uka Muhammad va Abdulloh oʻrtasida taxt uchun olib borilgan kurash Abdullohning gʻalabasi bilan tugaydi va Muhammad katl qilinadi. Oʻsha yili Abdulloh taxtga al-Maʼmun nomi bilan oʻtiradi. Lekin u Bagʻdodga bormay 819 yilga qadar Marvda yashaydi. Natijada, Marv 813 yildan to 819 yilgacha xalifalikning vaqtincha poytaxti boʻlib turadi. 819 yili al-Maʼmun butun saroy aʼyonlari va ulamolari bilan birga Bagʻdodga koʻchadi. Ular orasida al-Fargʻoniy ham bor edi. Shunday boʻlsa ham al-Maʼmun qoʻl ostida u tuzgan ilmiy markaz “Bayt ul-hikma”da ishlagan olimlar orasida al-Fargʻoniyning nomi eslatilmaydi. Buning sababi, bizningcha, shunday boʻlishi mumkin: u davrda xalifalikda ikkita rasadxona faoliyat olib borardi, biri Bagʻdodning ash-Shammosiya mahallasida va ikkinchisi Damashq yaqinidagi Kasiyun tepaligida edi. Bu rasadxonalarning har birida “Bayt ul-hikma” olimlarining ikkita doimiy guruhlari ishlar edi. Ana shu olimlarning oʻzi rasadxonalari hojatidan kelib chiqib, ilmiy ekspeditsiyalar uyushtirardilar va umumiy rahbarlik Bagʻdoddan turib boshqarilardi. Balki al-Fargʻoniy Damashqdagi olimlar guruhida boʻlishi, al-Maʼmun uni Bagʻdodga kelishi bilanoq u yerga yuborgan boʻlishi mumkin. Abu Rayhon Beruniyning bir xabari shunday taxminga asos boʻladi. Uning aytishiga koʻra, Bagʻdod rasadxonasining ishida Yahyo ibn Abu Mansur, al-Xorazmiy va boshqa olimlar, Damashq rasadxonasida esa Xolid ibn Abdumalik va al-Fargʻoniy bilan birga ikkinchi guruh olimlar ishlaganlar U shuningdek, al-Fargʻoniyning Suriya shimolida, Sinjor sahrosida 832 – 833 yillar Tadmur va ar-Raqqa oraligʻida yer meridiani bir darajasining uzunligini oʻlchashda ishtirok etganini ham aytgan.
Nihoyat, al-Fargʻoniyning hayoti haqidagi eng soʻngi va eng aniq xabar 861 yil bilan bogʻlanadi. Mavjud maʼlumotlarga koʻra, u shu yili Qohira yaqinidagi Ravzo orolida nilometrni, yaʼni Nil daryosi suvi sathini belgilovchi uskunani yasagan yoki taʼmirlagan. Biroq al-Fargʻoniy qanday qilib va qanday sharoitda Misrga borib qolgani haqida ham aniq maʼlumot yoʻq.
Maʼlumki, al-Maʼmun Marvdan Bagʻdodga nafaqat olimlarni, balki gʻulomlari boʻlmish turk askarlarini ham olib kelgan edi. Bagʻdodga kelishi bilan u maʼlum maʼnoda lashkarni turklashtirdi: ana shu turk askarlaridan lashkarboshilar tayinladi. Turk gʻulomlaridan biri buxorolik Toʻlunni xalifa Suriya, Falastin va Misrdagi lashkarlarning amiri etib tayinladi. Uning oʻgʻli Ahmad esa Suriya va Misrni mustaqil deb eʼlon qilib, Toʻluniylar sulolasiga asos soldi. Al-Xorazmiy xalifa al-Maʼmunning yaqin odami va maslahatchisi boʻlgani kabi al-Fargʻoniy ham Toʻluning yaqin odami yoki uning saroy ahli doirasidagi kishilardan biri boʻlganligi taxmin qilinadi. Bu holda al-Fargʻoniyning Misrda paydo boʻlganidan ajablanmasa ham boʻladi.
Al-Fargʻoniy hayotining muddati haqida ham qiyoslar qilish mumkin. Agar uning hayotini al-Xorazmiyning hayoti bilan qiyos qilsak, quyidagi xulosaga kelamiz. Maʼlumki, al-Xorazmiyning nomi yozma manbalarda oxirgi marta 847 yili xalifa al-Vosiqning oʻlimi munosabati bilan eslatiladi va shundan soʻng uchramaydi. Shunga koʻra, uning oʻlgan yili deb 850 yil qabul qilingan. Al-Fargʻoniyning nomi oxirgi marta 861 yili Nil sathini oʻlchagich uskunani taʼmirlash munosabati bilan eslatiladi… Al-Fargʻoniy 861 yildan keyin koʻp yashamagan va uning oʻlgan yili deb 865 yilni qabul qilish mumkin. Agar u al-Maʼmun bilan 819 yili Marvdan Bagʻdodga ketayotganda 20 – 25 yoshlar chamasida boʻlgan desak, u holda uning tugʻilgan yili deb 797 yoki 798 yilni qabul qilish mumkin. U holda uning hayot muddati 67 – 68 yoshni tashkil qiladi. Demak, 1997 yoki 1998 yili uning tugʻilganiga 1200 yil toʻlgan.Al-Fargʻoniyning hayoti haqidagi maʼlumotlar juda kam boʻlganligiga qaramay, oʻrta asrlarda Sharqda uning nomi mashhur boʻlgan. Ibn an-Nadim (X asr), Ibn al-Qiftiy (XII – XIII asrlar), Abul Faraj Bar Ebrey (XIII asr), Hoji Xalifa (XVII asr) kabi Sharq fihristchilari uni oʻz asarlarida eslatadilar.

Al-Fargʻoniyning asosiy astronomik asari “Samoviy harakatlar va umumiy ilmi nujum kitobi” (“Kitob al-harakat as-samoviya va javomiʼ ilm an-nujum”) XII asrda Ovroʻpoda lotin tiliga ikki marta va XIII asrda boshqa Ovroʻpo tillariga ham tarjima qilinganidan soʻng, uning lotinlashtirilgan nomi “Alfraganus” shaklida Gʻarbda bir necha asr davomida keng tarqaladi. Uning bu kitobi shu asrlar davomida Ovroʻpo universitetlarida astronomiyadan asosiy darslik vazifasini oʻtadi. Al-Fargʻoniy asarining lotincha tarjimasi birinchi marta 1493 yilda nashr etilgan boʻlib, u eng qadimgi nashr qilingan kitoblardan hisoblanadi. 1669 yili mashhur Golland matematigi va arabshunosi Yakob Golius al-Fargʻoniy asarining arabcha matnini yangi lotincha tarjimasi bilan nashr etganidan soʻng, al-Fargʻoniy va uning asarining Ovroʻpodagi shuhrati yanada ortdi. Ovroʻpo Uygʻonish davrining buyuk namoyandalaridan biri boʻlgan mashhur olim Regiomontan XV asrda Avstriya va Italiya universitetlarida astronomiyadan maʼruzalarni al-Fargʻoniy kitoblaridan oʻqigan. Al-Fargʻoniy nomini Dante (XV asr) va Shiller (XVIII asr) ham eslagan.Ovroʻpo olimlaridan Dalambr, Brokelman, X. Zuter, I. Yu. Krachkovskiy, A. P. Yushkevich va B. A. Rozenfeldlar al-Fargʻoniyning ijodini yuqori baholaganlar.


Hozirgi kunda al-Fargʻoniyning sakkiz asari maʼlum boʻlib, ularning hammasi astronomiyaga aloqador va birortasi hozirgi zamon tillariga tarjima qilinmagan. Ular quyidagilardir: yuqorida tilga olingan asar, odatda uni “Astronomiya asoslari haqida kitob” nomi bilan ham atashadi – qoʻlyozmalari dunyo kutubxonalarining deyarli barchasida bor. “Asturlob yasash haqida kitob” – qoʻlyozmalari Berlin, London, Mashhad, Parij va Tehron qutubxonalarida, “Asturlob bilan amal qilish haqida kitob” – birgina qoʻlyozmasi Rampurda (Hindiston), “Al-Fargʻoniy jadvallari” – qoʻlyozmasi Patnada (Hindiston), “Oyning Yer ostida va ustida boʻlish vaqtlarini aniqlash haqida risola” – qoʻlyozmasi Qohirada, “Yetti iqlimni hisoblash haqida” – qoʻlyozmalari Gotada va Qohirada, “Quyosh soatini yasash haqida kitob” – qoʻlyozmalari Halab va Qohirada saqlanadi. “Al-Xorazmiy “Zij”ining nazariy qarashlarini asoslash” asari Beruniy tomonidan eslatiladi, lekin qoʻlyozmasi topilmagan.Al-Fargʻoniyning bu roʻyxat boshidagi ikki asaridan boshqalari hali hech kim tomonidan oʻrganilmagan. Shubhasiz, ular oʻrganilib tahlil qilinishi bilan al-Fargʻoniy ijodining yangi qirralari ochiladi va olimning oʻrta asrlarda, undan keyin Sharq va Gʻarbda bu qadar mashhur boʻlishi sabablari ham ayon boʻladi. Aytganimizdek, mazkur asarlarning birinchisi 1145 yildan boshlab lotin tiliga bir necha marta tarjima qilingan. Bu tarjimalarning barchasida al-Fargʻoniy ismi lotinchada “Alfraganus” shaklida yozilib, shu shaklda fanga abadiy kirib qoldi.
Al-Fargʻoniyning bu asari astronomiyadan eng sodda darslik boʻlib, unda murakkab geometrik shakllar va matematik formulalar, hisoblashlar keltirilmagan. Bu esa astronomiyadan boshlangʻich maʼlumotlarni oʻzlashtirishni ancha osonlashtirgan. Balki buyuk Regiomontan asarning shu xususiyatini anglab, oʻzining universitetlardagi maʼruzalari uchun koʻllanma sifatida al-Fargʻoniyning ana shu asarini tanlagandir.Shunday qilib, buyuk ajdodimizning bu asari Ovroʻpo Uygʻonish davridagi va undan ancha keyingi davrdagi madaniyat rivojida sezilarli rol oʻynadi. Asarning iqlimlar nazariyasiga koʻra, bayon qilingan geografik boʻlimi diqqatga sazovordir. Mamlakat va shaharlarning nomlariga qaraganda, al-Fargʻoniy al-Xorazmiyning geografik asari bilan tanish boʻlgan yoki u ham al-Xorazmiy foydalangan manbadan foydalangan, chunki ikkala muallifda ham bu nomlar bir xil.
Geografik boʻlim (9-bob) bunday atalgan: “Yerdagi maʼlum mamlakatlar va shaharlarning nomlari va har bir iqlimdagi narsalar haqida”. Bundan soʻng, yetti iqlimning hammasi ulardagi mamlakatlar, viloyatlar va shaharlari bilan birga tavsiflanadi. Shuni ham aytish kerakki, oʻrta asrlarda arab tilida yozilgan geografik asarlarning eng birinchisi al-Xorazmiyning “Kitob surat ul-arz” asari edi. Unda al-Xorazmiy yetti iqlimdagi dengizlar, mamlakatlar, togʻlar, daryolar, koʻllar va shaharlarning tavsifini keltirgan edi. Bunda u tavsifni rubʼi maʼmurning eng gʻarbiy chekkasidan, yaʼni Afrikaning Atlantika okeani qirgʻogʻiga yaqin joylashgan orollardan boshlab, eng sharqiy chekkasigacha, yaʼni Tinch okeanidagi Yaponiya orollarigacha davom ettiradi. Tavsif kenglama yoʻnalishida ekvatorial yerlardan to shimoliy qutubiy yerlargacha davom etadi.Iqlimlarning al-Fargʻoniy keltirgan tavsiflash usuli al-Xorazmiynikidan farq qiladi. Al-Xorazmiy oʻzining tavsiflash usulida Ptolemey anʼanasiga asoslangan boʻlsa, al-Fargʻoniy hindlarning anʼanasiga asoslanib, rubʼi maʼmurning tavsifini eng sharqiy chekkasidan boshlaydi. Uning iqlimlar tavsifida 3, 4, 5, 6, va 7-iqlimlarning tavsifi diqqatga sazovordir. Chunki bularda Markaziy Osiyoning va unga tutash yerlarning shahar va viloyatlari tavsiflanadi. Shuning uchun quyida oʻsha tavsiflarni oʻz ichiga olgan parchani keltiramiz.
“Uchinchi iqlim Sharqdan boshlanib, Xitoy mamlakatining shimolidan, soʻng Hind mamlakatidan va soʻngra Kobul va Kermon viloyatlaridan oʻtadi.
Toʻrtinchi iqlim Sharqdan boshlanadi va Tibetdan, soʻngra Xurosondan oʻtadiki, bunda Xoʻjand, Usrushona, Fargʻona, Samarqand, Balx, Buxoro, Hirot, Amuya, Marvarrud, Marv, Saraxs, Tus, Nishopur shaharlari bor. Undan soʻng Jurjon, Qumis, Tabariston, Demovand, Qazvin, Daylam, Ray, Isfahondan oʻtadi.Beshinchi iqlim Sharqda Yajuj mamlakatidan boshlanadi, soʻng Xurosonning shimolidan oʻtadi, unda Toroz shahri – savdogarlar shahri bor, Navokat (Navkat), Xorazm, Isfijob (Sayram), Turarband (Oʻtror – hozirgi Aris) va Ozarbayjon, Arminiya (Armaniston) viloyati, Bardaʼa (Barda), Nashava (Naxchivon) shaharlari bor.
Oltinchi iqlim Sharqdan boshlanadi va Yajuj mamlakatidan oʻtadi, soʻng Xazar mamlakatidan (Shimoliy Kavkaz va Quyi Volgaboʻyi), Jurjon (Kaspiy) dengizining oʻrtasidan kesib oʻtadi va Rum (Vizantiya) mamlakatigacha boradi.
Yettinchi iqlim Sharqda Yajuj mamlakatining shimolidan boshlanadi, soʻng turkiy mamlakatlardan (Markaziy Osiyo), soʻng Jurjon dengizining shimolidan, soʻng Rum dengizini (Qora dengiz) kesib, saqlablar (slavyanlar) mamlakatidan oʻtadi va Gʻarb dengizida (Atlantika) tugaydi”.Keltirilgan parchadan koʻrinadiki, al-Fargʻoniy katta kenglikdagi oʻlkalarni tavsiflagan boʻlsa ham, oʻzining asl vatani Movarounnahrni mufassalroq tavsiflagan. Undan tashqari shuni ham taʼkidlash kerakki, al-Fargʻoniyning rubʼi maʼmur haqidagi tasavvuri ancha aniq boʻlib, har xil afsonaviyliqdan xolidir. Chunonchi, u Yajuj mamlakati deb Sharqdagi afsonaviy yerni emas, balki hozirgi Moʻgʻulistonning sharqi va Xitoyning shimoli-sharqiga mos keladigan aniq geografik hududni aytgan.
Fargʻoniyning nomi Xorazmiy kabi butun Sharq va Gʻarbda mashhurdir. Oʻrta asrda tabiiy-ilmiy bilimlarning rivojiga ulkan hissa qoʻshgan olim sifatida manbalarda, soʻnggi Gʻarb va Sharq mualliflari asarlarida, oʻz yurti Oʻzbekistonda, ayniqsa, zoʻr gʻurur va iftixor bilan tilga olinadi, oʻrganiladi, hozirgi qunda koʻchalar, oʻquv yurtlariga uning nomi berilgan. 1998 yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan allomaning 1200 yillik tavallud sanasi katta tantanalar bilan nishonlandi.
http://fayllar.org
Download 13.85 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling