Аl вukhari university nodavlat oliy ta’lim muassasasi
Ilk o‘rta asrlarda tasavvuf
Download 1.22 Mb.
|
Аl вukhari university nodavlat oliy ta’lim muassasasi
Ilk o‘rta asrlarda tasavvuf. Tasavvuf Sharq ma’naviyati tarixida muhim o‘rin egallab kelgan tadrijiy taraqqiyotga ega bir ta’limot bo‘lib, islom olamida VIII asrning o‘rtalarida paydo bo‘lgan. Tasavvufning ilk shakli zohidlik harakati ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. Tasavvuf falsafa, din, shariat hamda odob-axloq kabi tushunchalar jam bo‘lgan ta’limotdir. Insonning ruhiy-axloqiy poklanishi va ilohiy muhabbatdan quvvat olib yuksalib borishi bu ta’limotning asosiy g‘oyalaridir. Tasavvuf dunyoni bilishni, insonning dunyo va koinot, makon va zamon, lahza va abadiyat, hodisa va mohiyat haqidagi tasavvurlarini ilohiy bilimlar asnosida shakllanishini ta’minlaydi. Tasavvuf amaliy turmush tarziga asoslangani uchun, bir tomondan uning nazariy asoslari ishlab chiqilgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan tariqatlar paydo bo‘lib, tasavvufiy turmush tarzida nazariy bilimlarning amaliyot bilan uyg‘unlashishi taqazo etilgan. Ilk o‘rta asrlarda shaxsiy-ma’naviy hayot tarzida muhim o‘rin tutgan tasavvufiy turmush tarzi asta- sekin ijtimoiy ma’noga ega bo‘la boshladi. Zohidligi va ilmi bilan tanilgan ulug‘ shaxslar atrofida suhbat halqalari tashkil etilib, ularning suhbatlarida ishtirok etganlar berilgan tavsiyalarni shaxsiy hayotlarida tatbiq eta boshlaganlar. Tasavvufda Alloh taologa quruq, ko‘rko‘rona mute’likning hojati yo‘q. Tasavvuf ta’limoti mutaxassisi, olim Najmiddin Komilov “xudo g‘azabidan qo‘rqibgina amri ma’rufni bajarish sadoqat belgisi emas, balki riyodir. Shuning uchun so‘fiylar: Allohni jon-dildan sevish, Uning zoti va sifatlarini tanish va bilish, ko‘ngilni nafsu hirs g‘uboridan poklab, botiniy musaffo bir holatda Iloh vasliga etishish va bundan lazzatlanish g‘oyasini keng targ‘ib qildilar. Inson ruhi ilohiydir va, demak, asosiy maqsad – ilohiy olamga borib qo‘shilmoqdir, dedilar. Shu tariqa, dunyodan ko‘ngil uzgan, ammo zohidlarga o‘xshamaydigan, «bir nazar bilan tuproqni kimyo etadigan» (Hofiz Sheroziy) zehnu zakovat, aqlu farosatda tengsiz, ammo o‘zga mutafakkirlar, faylasuflardan ajralib turadigan, shariat ilmini suv qilib ichgan, toatu ibodatda mustahkam, lekin oddiy dindorlardan farqlanadigan ajoyib xislatli odamlar toifasi paydo bo‘lgan ediki, ularni ruh kishilari deb atardilar”22-deydi. «So‘fiy» so‘zining vujudga kelishida bir necha xil qarashlar mavjud bo‘lib, ba’zi mutaxassislar bu so‘z «saf» so‘zidan kelib chiqqan deydilar, chunki so‘fiy Iloh yo‘liga kirganlarning birinchi safida turuvchidir. Ba’zi olimlar uni «suffa» so‘zidan hosil bo‘lgan deb aytadilar: ashobi suffa hazrati Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallam hayotliklaridayoq tarki dunyo qilgan taqvodor kishilar bo‘lib, so‘fiylar shularga taqlid qiladilar, deb tushuntiradilar. Yana bir guruh olimlar so‘fiy so‘zi «safo» so‘zidan kelib chiqqan, chunki bu toifaning qalbi sidqu safo oftobiday porlab turadi, deganlar. Yana ba’zilar so‘fiy «sufuh» so‘zidan yasalgan, sufuh – biror bir narsaning xulosasidir, bu jamoa xalqning xulosasi bo‘lganligi sababli ularni so‘fiy deganlar, deb yozadilar. Abu Rayhon Beruniy «suf», ya’ni faylasuf so‘zining oxirgi qismidan yasalgan deb ko‘rsatadi. Shuningdek, ko‘pchilik so‘fiy so‘zi arabcha «so‘f» so‘zidan hosil bo‘lgan, degan fikrni bildiradilar. «So‘f» so‘zining lug‘aviy ma’nosi jun va jundan to‘qilgan matodir. So‘fiylar ko‘p hollarda jun chakmon yoki qo‘y terisidan tikilgan po‘stin kiyib yurishni odat qilganlari uchun ularni jun kiyimlilar deb yuritganlar. So‘fiyning ozodligi deganda tasavvuf ahli solikning bashariy sifatlardan mutlaq qutulishi va ilohiy faqr sifati bo‘lmish pok ruh o‘rinishida istig‘no olami – Tangri taolo olamining zaruratlari bepoyonligini kullan idrok etishini anglaganlar.
Tasavvufda ilk davri, ya’ni zohidlik davri so‘fiylari - Ibrohim Adham, Hasan Basriy, Abuhoshim Kufiy va boshqalar taqvo va parhezkorlikni bosh maqsad deb bilganlar. Undan keyingi davrda esa, tafakkuriy-shuuriy rivojlanish asosiy maqsad hisoblangan. Aksariyat ilmiy manbalarda keyingi davr – oriflik davri, deb ataladi. Bu davr IX asr o‘rtalaridan boshlanadi. Tasavvuf Ibn Arabiyga nisbatan beriladigan vahdatul vujud ta’limotiga borib taqaladi. Ya’ni haqiqiy Borliq – bu Mutlaq zot – Parvardigorning yakkayu yagona vujudidan iborat, boshqa mavjudliklar shu Vujudning ijodi, in’ikosidir. Mutlaq zotni al-Haq (Real borliq), al-Ahad (Birlik) deb ham ataydilar. U O‘zi yaratgan olam ashyolarida (olami shahodat, olamul xalq) O‘zini namoyon etib, zohir-lanib turadi va shu orqali O‘zi O‘zini idrok etadi. Bu cheksiz va mavhum Mutlaq zotning shahodat (moddiy) olamda tinimsiz jilolanishi «tajalliy» deb atalgan. Tajalliy – barcha harakat va faoliyat, tiriklik va hayot ijodkori Parvardigorning o‘zi yaratgan olamda doimo hozir bo‘lishidir. Shunday qilib, tasavvuf, bir tomondan, din va shariat, ikkinchi tomondan, falsafa va hikmat ilmi bilan bog‘liq holda rivojlanib kelgan o‘ziga xos ta’limotdir. Tasavvufda falsafa ilmidan farqli ravishda, insonni «olam mehvari» deb bilib, olamdagi barcha harakat, voqea-hodisa, o‘zgarish-yangila-nishlarni insonda mushohada etish va inson orqali tushuntiradi. Tabiatdagi jamiki ichki ziddiyat va rivojlanish, o‘sish-ulg‘ayish ruhning mo‘‘jizalari insonda bor, deb ta’riflaydi Jaloliddin rumiy «Masnavii ma’naviy» asarida. Shu kabi Olamni va Odamni yaratgan Parvardigor javhari, ismlari, qudrati va mohiyatini anglash ham inson ruhi xususiyatlarini o‘rganish va anglash bilan amalga oshadi. Chunki Parvardigorni va Uning qudrati, mo‘‘jizalari, g‘ayb olamini faqat aql bilan bilib bo‘lmaydi. Ammo, bu tasavvufda aql butunlay inkor etilgan, degan gap emas. Tasavvufda ham aqliy bilish, aql qudrati tan olinadi. Biroq aqliy bilimlar, dalil bilan isbotlanishi mumkin bo‘lgan bilimlarga yaraydi, g‘ayb ilmini idrok etishga esa aql ojiz, deydi so‘fiylar. G‘ayb ilmi, Xudovand olamidagi behad-behudud ilmlarni so‘fiy alohida hissiyvajdiy tafakkur bilan, qalbga tushgan karomat nuri bilan anglab idrok etadi. Shu bois tasavvufda mukoshafa, kashfu karomat, hol-sukra tushunchalariga alohida e’tibor beriladi. Ko‘rinadiki, tariqat ijtimoiy hodisa sifatida jamiyat taraqqiyotiga xizmat qilgan. Tariqat asosida tasavvufning yaxshi, ideal jamiyat haqidagi qarashlari vujudga kelgan. Masalan, Jomiyning «Xiradnomai Iskandariy» va Navoiyning «Saddi Iskandariy» dostonlarida podshohsiz odamlar, ya’ni solih kishilar jamiyati haqida gap boradi. Tasavvuf bunday jamiyatga zo‘rlik, inqilob yo‘li bilan emas, har bir insonni axloqiy tarbiyalash oraqli etish mumkin, deb hisoblagan. Insonning mutlaq haqiqat, mutlaq adolat va poklikka erishish istaklari tasavvufda mujassam bo‘ldi. Bu ehtiyoj, orzu kuchli zavq va ishtiyoqni, o‘zini unutish va bexudlikka olib borgan ishqni keltirib chiqaradi. Tasavvufdagi o‘zini-o‘zi takomillashtirish g‘oyasi, axloqiy yuksalish, ezgulik, xayr, himmat, mardlik haqidagi qarashlar butun musulmon olamiga keng tarqalib, katta ijtimoiy hodisaga aylangan edi. Darveshlar, so‘fiylar, shayxlar, valiysifat ruhoniylarni xalq juda hurmat qilgan, ularga e’tiqod qo‘yish orqali Tangri taolo qudratini chuqurroq his qilgan, amaliy turmushda odamlar shu darveshlar kabi qanoatli, halol bo‘lishga intilgan, nafsini tiygan. Shuning uchun ham tasavvufga ta’rif berganda, juda ko‘p shayxlar uni shaytoniy nafsni jilovlash va rahmoniy xislatlar kasb etish ilmi deb ko‘rsatganlar. Agar tasavvufning negizida chin insonparvarlik g‘oyasi, xalqning adolat va haqiqat haqidagi orzulari yotmaganda, u bunchalar keng tarqalmas, bunchalik keng ommaviylashib, ijod ahli qalbidan o‘rin olmasdi, bu qadar qaynoq va jozibali bir she’riyat yaratilishiga turtki bo‘lmas edi. Tasavvufning «falsafiylanish» davri XIII–XIV asrlarda bir qator mutafakkir adiblar, orif sufiylar etishib chiqdiki, biz ularni tasavvufni falsafa bilan bog‘lovchilar deb aytamiz. CHunonchi, Ibn al Arabiy, Abu Homid Muhammad G‘azzoliy, Fariddidin Attor, Aziziddin Nasafiy, Yahyo Suhravardiy, Ibn Saboin, Abdurazzoq Koshoniy, Abdulkarim Jiliy, Mahmud Shabistariy, Jaloliddin Rumiy, Abdurahmon Jomiy, Abdulqodir Bedil shunday mutafakkirlar sirasiga kiradi. Bularning ijodida olam va odam haqida o‘ylar, qazovu qadar, erk va ixtiyor, suvrat va ma’no, aql va ruh, vaqt va zamon, inson tiynati xususida ko‘plab yangi qarashlar bayon etilgan. Bu zotlar ilohiyshunoslikni butunlay yangi pog‘onaga ko‘tardilar. Ularning asarlarida insoniy ma’rifat, insoniy kechinmalar tasviri va tahlili bilan olib boriladi, komil inson xislatlari batafsil ishlab chiqildi. Download 1.22 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling