3. Xulosa chiqarishning umumiy mantiqiy tavsifi: tuzilishi, turlari va umumiy qoidalari.
Xulosa chiqarishning umumiy mantiqiy tavsifi. Mantiqiy ergashish tushunchasi. Voqelikni bilish jarayonida inson yangi bilimlarga ega bo‘ladi. Bu bilimlar abstrakt tafakkur yordamida, mavjud bilimlarga asoslangan holda vujudga keladi. Bunday bilimlarni hosil qilish mantiq ilmida xulosa chiqarish, deb ataladi.
Xulosa chiqarish – bir va undan ortiq chin mulohazalardan malum qoidalar yordamida yangi bilimlarni keltirib chiqaruvchi tafakkur shaklidir.
Xulosa chiqarish asoslar, xulosa va asoslardan xulosaga o‘tish jarayonidan tashkil topadi. To‘g‘ri xulosa chiqarish uchun, avvalambor, asoslar chin mulohazalardan iborat bo‘lishi, o‘zaro mantiqan bog‘lanishi kerak.
Masalan, “Ibn Sino “Donishnoma” asarini yozgan” va “Pifagor matematik bo‘lgan” degan ikki chin mulohazadan xulosa chiqarib bo‘lmaydi. CHunki bu mulohazalar o‘rtasida mantiqiy aloqadorlik yo‘q.
Xulosa asoslari va xulosa ham o‘zaro mantiqan bog‘langan bo‘lishi shart. Bunday aloqadorlikning zarurligi xulosa chiqarish qoidalarida qayd qilingan bo‘ladi. Bu qoidalar buzilsa, to‘g‘ri xulosa kelib chiqmaydi. Masalan, ”Do‘stlarim sport bilan shug‘ullanadilar” degan mulohazadan “Do‘stlarim sport masteri” deb, xulosa chiqarib bo‘lmaydi.
Demak, xulosa chiqarishning tuzilishi uch elementdan iborat: xulosa asoslari, xulosa va mantiqiy ergashish (xulosa asoslarining o‘zaro mantiqiy aloqadorligi va xulosa asoslari bilan xulosaning mantiqiy aloqadorligi).
Xulosa chiqarish xulosaning chinlik darajasiga ko‘ra zaruriy va ehtimoliy; xulosa asoslarining soniga ko‘ra bir asosli (bevosita) va ko‘p asosli (bavosita); fikrning harakat yo‘nalishiga ko‘ra deduktiv, induktiv, analogiya kabi turlarga bo‘linadi.
Mazkur tasnifda xulosa chiqarishni fikrning harakat yo‘nalishi bo‘yicha turlarga ajratish nisbatan mukammalroq bo‘lib, u xulosa chiqarishning boshqa turlari haqida ham malumot berish imkonini yaratadi. Xususan, deduktiv xulosa chiqarish zaruriy xulosa chiqarish, induktiv xulosa chiqarish (to‘liq induksiyani hisobga olmaganda) va analogiya ehtimoliy xulosa chiqarish deb olib qaralishi, bevosita xulosa chiqarish esa deduktiv xulosa chiqarishning bir turi sifatida o‘rganilishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |