Alisher Navoiy ijodi Markaziy osiyo xalqlari maʼnaviyatining mushtarak jixatlarini aks ettiruvchi qomusiy manba sifatida
Download 28.23 Kb.
|
1 2
Bog'liqAlisher Navoiy ijodi Markaziy osiyo xalqlari maʼnaviyatining mushtarak jixatlarini aks ettiruvchi qomusiy manba sifatida
- Bu sahifa navigatsiya:
- Navoiyshunoslik, Navoiy hayoti va ijodini o’rganish manbalari.
Alisher Navoiy ijodi Markaziy osiyo xalqlari maʼnaviyatining mushtarak jixatlarini aks ettiruvchi qomusiy manba sifatida Reja: 1. Alisher Navoiy hayoti va ijodini o’rganish manbalari 2. Alisher Navoiy hayoti va ijodini o’rganish bosqichlari: XV asrda navoiyshunoslik; XVI-XIX asrlarda Sharqda va G’arb davlatlarida navoiyshunoslik; XX asr navoiyshunosligi; Mustaqillik davri navoiyshunosligi. 3. Alisher Navoiy hayoti va ijodini o’rganish muammolari. Navoiyshunoslik, Navoiy hayoti va ijodini o’rganish manbalari. Alisher Navoiy hayoti, shaxsiy fazilatlari, faoliyati, ko’pqirrali merosini bilish va anglashga intilish moziydan hozirgi kunga qadar davom etib kelmoqda. Chunki ulug’ o’zbek shoiri, nosiri, mutafakkiri, davlat arbobi, ma`rifatparvari, ijod ahlining murabbiysi, fuqaro g’amxo’ri, mamlakat yaxlitligi, tinchligi va osoyishtaligining tolmas kurashchisi Nizomiddin Amir Alisher Navoiy o’zining ko’pqirrali fa`oliyati bilan mamlakat va xalq taqdiri, ilm-ma`rifat, she`riyat va ma`naviyat tarixida alohida mavqega ega bo’lgan benazir siymodir. Alisher Navoiy o’zining faoliyati va olijanob insoniy fazilatlari bilan hayotligi vaqtidayoq juda katta obru va hurmatga sazovor bo’lgan. Shuning uchun uning hayoti, faoliyati, ilmiy va adabiy merosini o’rganish, shaxsiy fazilatlarini yoritish, unga baho berish, uni ibrat-namuna sifatida e`tirof etib keng targ’ib etish o’sha vaqtdan, ya`ni XV asrning ikkinchi yarmidan boshlangan. “…kamoli ixlos va ixtisosga egaligi hamda ixtiyor va e’tiborining balandligi bilan “biron kishi ham Bu Turobning shuhratu maqomiga ega emas” (degan) misraning to’g’riligi xuddi unga bag’ishlangandek bo’lmish amir Nizomiddin Alisher…” Matla’i sa’dayn. –T.:O’zbekiston, 2008. 655-b. Alisher Navoiy haqida hozircha birinchi ma`lumot 875-hijriy-1470-melodiy yilda yozilgan "Matla` us-sa`dayn va majma` ul bahrayn" (ikki saodat bag’ishlaguvchining boshlanishi va ikki dengizning birlashuvi) nomli tarixiy asarda uchraydi. Asarning muallifi Abdurazzoq Samarqandiy bo’lib, mazkur kitobning ikkinchi jildida 1470-yil voqealari bayoni jarayonida Alisher Navoiyni tilga oladi. Bu manbada Sulton Husayn Boyqaroning Yodgor Mirzoni yengib ikkinchi marta Hirotni qo’lga olishida Alisher Navoiyning roli kata bo’lganligi, o’sha paytlardayoq uning Xuroson va Hirotdagi mavqei yuksak darajada bo’lganligi qayd etiladi. 1470- yildan so’ng yozilgan tarixiy ("Ravzat us-safo"), ilmiy ("Nafahot ul-uns", "Tazkirat ush - shuaro") va badiiy ("Haft avrang", "Bahoriston") asarlarda ham Alisher Navoiyning nomi zikr qilindi, uning haqida turli xildagi ma`lumotlar keltirildi. Hatto unga bag’ishlangan maxsus holot-manoqib ("Makorim ul -axloq") asari ham yaratilib, unda Alisher Navoiy hayoti, shaxsiyati, faoliyati, merosi, ijodiy aloqalari, turli yozishmalari, ayrim asarlarining yaratilish sabab va tarixi haqida nodir hikoyat va hujjatlar to’plandi. Alisher Navoiy yaratgan asarlarni o’z davrining mashhur xattotlari bo’lmish Sulton Ali Mashhadiy, Sulton Muhammad Xandon, Abduljamil kabilar go’zal tarzda ko’chirish bilan ularning avlodlarga etib kelishiga bois bo’ldilar. XVI-XIX asrlar orasida Sharqning islomiy mintaqalarida yaratilgan turli xil asarlarda, jumladan Z.M. Boburning "Boburnoma", Vosifiyning "Badoe` ul-vaqoe`", Muhammad Haydarning "Tarixi Rashidiy", Abulmo’minxonning "Tom ut-tavorix" (XVI asr), Abdulloh Kobuliyning "Tazkirat ut-tavorix", Sayid Sharif Roqim Samarqandiyning "Tarixi kasira" (XVII asr), Volai Dog’istoniyning "Riyoz ush-shuaro" (XVIII asr) va boshqalarda Alisher Navoiy hayoti, merosi, faoliyatidan bahs yuritildi. Xuddi shu davrlarda uning merosini chuqur o’rganish maqsadida asarlaridagi so’zlarning sharhiga bag’ishlangan lug’atlar yaratildi: "Badoe` ul-lug’ot", "Lug’ati Navoiy", Mirzo Mahdixonning "Mabon ul-lug’ot"i, Muhammad Xoksorning "Muntaxab ul-lug’ot"i va boshqalar. Shuning bilan birga "Xamsa"ning nasriy bayonlari, jumladan, Umar Boqiyning "Farhod va Shirin", "Layli va Majnun"i (XVIII asr oxiri XIX asr boshi), Mir Mahmud ibni Shoh Yunus va Haybatulloh xo’ja Xislatning "Nasri "Xamsa"i benazir"i (1908); Mullo Siddiq Yorkandiyning "Xamsa"ning uyg’urcha nasriy bayoni (XIX asr) va boshqalar. Bularning hammasi bu davrda, ya`ni XVI-XIX asrlar davomida Alisher Navoiy merosiga bo’lgan qiziqishning nihoyatda kuchli ekanidan dalolat berib qolmay, balki uning ma`naviy hayotdagi mavqeidan ham guvohlik beradi. Shuning uchun bu davrda Alisher Navoiy asarlarini qo’lyozma tarzda ko’chirib, targ’ib etish qanchalik mashhur bo’lsa, XIX asrning ikkinchi yarmidan so’ng ularni toshbosma tarzida nashr etish ham boshlandi. Masalan, Alisher Navoiy "Xamsa"si birinchi marta 1880 yilda Xivada bosilib chiqqan bo’lsa, keyinchalik "Xamsa", devon va boshqa asarlari ham Toshkent, Buxoro, Samarqand toshbosmalarida qariyb har yili nashr etildi. XVI-XIX asrlarda g’arbda ham Alisher Navoiy merosiga bo’lgan qiziqish, asarlarini nashr etish, tarjima qilish ko’zga tashlanadi. Jumladan, 1697 yilda fransuz sharqshunosi Derbelo "Sharq kutubxonasi" qomusini nashr ettirdi. Unda Alisher Navoiyga doir mo’`jaz ma`lumot ham bor. Bunday ish xususan XIX asrda ancha jonlandi. Bu jihatdan fransuz sharqshunosi M.Belenning maqolalari hamda "Xamsat ul-mutahayyirin", "Mahbub-ul-qulub"dan parchalarning chop etishi (1861, 1866 yillar), Katrmerning esa "Tarixi muluki Ajam", "Muhokamat ul-lug’atayn" asarlarining asliyatda nashr etishi (1841), rus sharqshunosi M.Nikitskiyning "Amir Nizomiddin Alisher va uning davlat hamda adabiyot sohasidagi ahamiyati" mavzusida yozilgan magistrlik dissertatsiyaning kitob holida nashr etilishi (1856 yil), Pave de Kurteyl, N.Ilminskiy, I.Berezin va boshqalarning turli xildagi ishlarini eslatish kifoya. To’g’ri, g’arb sharqshunoslari asarlarining hammasi ham bir xil saviyada yozilgan, ularning hammasida ham Alisher Navoiy merosiga yuksak baho berilgan deb bo’lmaydi. Chunki bu sohadagi ish endi boshlanayotgan bo’lib, hali uning hamma asarlari ham to’liq va chuqur ilmiy tarzda o’rganilganicha yo’q edi. Shunday bo’lsa-da, bu urinishlarning natijasi sifatida M.Belenning "Alisherbek o’z zamonasining mashhur va eng sermahsul ijodkorlaridan biri bo’lgan" tarzida mulohaza yuritishi g’arb sharqshunoslarining dastlabki ijobiy xulosalari bo’lganidan dalolat beradi. XX asrdagi navoiyshunoslik o’z ko’lamining kengligi va bosib o’tgan yo’lining o’ziga xosligi bilan belgilanadi. Bu o’ziga xoslik shundan iboratki XX asrning 20-80 yillarida O’zbekistonda hamda MDH mamlakatlarida Alisher Navoiy hayoti va merosini o’rganishda sho’rolar siyosati o’z ta`sirini o’tkazdi. Shunday bo’lsa-da, Alisher Navoiy hayoti, faoliyati va merosini o’rganish, uning 500 yillik (1948), 525 yillik (1968), 550 yillik (1991) yubileylarini o’tkazish; asarlarini (1948 yilda 3 tomlik, 1968 yilda 15 tomlik), ularning ilmiy-tanqidiy matnlarini ("Majolis un- nafois", "Lison ut-tayr", "Hayrat ul-abror", "Farhod va Shirin", "Mezon ul-avzon") nashr etish, doktorlik (A.Sa`diy, A.Hayitmetov, H.Sulaymon, A.Abdug’afurov, S.Erkinov, N.Mallaev, M.Hakimov va boshqalar), nomzodlik dissertatsiyalarini himoya qilish, turli mavzularda monografiya va ilmiy maqolalar to’plamlarini nashr etish davom etdi. Bu davrda A.Fitrat, S.Ayniy, O.Sharafiddinov, V.Mahmudiy, Oybek, Vohid Zohidov, Izzat Sulton, Vohid Abdullaev, Maqsud Shayxzoda, Aziz Qayumov, Saida Narzullaeva, Suyima G’anieva, Yoqubjon Ishoqov (O’zbekiston), Y.E.Bertels, S.N.Ivanov (Rossiya), H.Arasli, J.Nag’ieva (Ozarboyjon), A.Mirzoev, R.Hodizoda (Tojikiston), B.Karriev (Turkmaniston) kabi yetuk navoiyshunoslar faoliyat ko’rsatdilar. Shuning bilan bir qatorda, Turkiya (Ogoh Sirri Levend), Eron (Ali Asg’ar Hikmat, Rukniddin Humoyun Farrux), Afg’oniston (Muhammad Ya`qub Juzjoniy) va boshqa mamlakatlarda ham navoiyshunoslar faoliyat ko’rsatib, asarlarini nashr ettirdilar, turli xildagi risolalar, maqolalar to’plamlarini yaratdilar. Bu davrda mamlakatimizda Alisher Navoiy xotirasini abadiylashtirish sohasida ayrim ishlar amalga oshirildi. Uning nomi bilan teatr (Toshkent), universitet, maydon (Samarqand), kutubxona (Toshkent), ko’cha, xo’jaliklar ataldi. Uning haqida roman (Oybek "Navoiy"), drama (Uyg’un, Izzat Sulton "Alisher Navoiy"), qissalar (Mirkarim Osim) yaratildi. 1991-yilda O’zbekiston Respublikasi mustaqillikni qo’lga kiritgach, navoiyshunoslikda ham yangi davr boshlandi. Chunki bu davrda milliy istiqlol g’oyasi talablari asosida xalq va mamlakat tarixi, qadriyatlari, boy ilmiy-adabiy merosiga xolisona va ilmiy asosda baho berish, uni ilk va ishonchli manba`larga tayanilgan holda o’rganishga keng yo’l ochildi. Bu esa Alisher Navoiy hayoti, faoliyati va merosini chuqur o’rganish va yoritishga yangi ufqlarni ochib berdi. Shuning natijasida Alisher Navoiyning yigirma tomlik mukammal asarlar to’plamining nashri amalga oshirilmoqda, ilgari nashr qilinmagan "Munojot", "Siroj ul-muslimin", "Badoe` ul-bidoya", "Navodir un-nihoya" asarlari bosilib chiqdi. Shu yillarda Alisher Navoiy merosining kam o’rganilgan qirralari (masalan, tasavvuf muammolari) keng tekshirilib, bu sohada anchagina ilmiy va ilmiy-ommabop asarlar yaratildiki, bunda adabiyotshunoslardan N.Komilov, I.Haqqulov, R.Vohidov, S.Olimov, N.Jumaev, S.G’anieva, M.Muhiddinov, Sh.Sirojiddinov, D.Salohiy va boshqalarning munosib hissalari bor. Mustaqillik davrida Toshkent va Navoiy shaharlarida Alisher Navoiyga bag’ishlangan muhtasham yodgorliklar maydonga keldi. Hozirgi kunda - Alisher Navoiy hayoti va xususan, ko’pqirrali merosini o’rganishda shoir va nosirning badiiy mahorati, badiiyati olamining ko’lam va mohiyatini kashf etish, ularni keng kitobxonlarga tushinarli tarzda sharh va talqin qilish hamda istiqlol ma`naviyatini shakllantirishdagi ahamiyatini belgilash asosiy yo’nalish bo’lib qolmoqda. Alisher Navoiyning hayot yo’li, faoliyati va merosi akademik Izzat Sultonning "Navoiyning qalb daftari" (Toshkent, BAN, 1969) nomli kitobida shoirning o’z asarlaridagi ma`lumotlar hamda zamondoshlari qoldirgan ilk va ishonchli manbalar asosida ancha keng yoritilgan. Shundan kelib chiqib, bunda Alisher Navoiyning hayoti va faoliyati haqida qisqacha ma`lumot berish ma`qul ko’rindi. Alisher Navoiy hijriy 844 yil (tovuq yili) ramazon oyining 17 kuni, ya`ni melodiy 1441 yilning 9 fevral kuni Temuriyzoda Shohrux mirzo boshqarayotgan Xuroson mulkining poytaxti Hirot shahrida dunyoga keldi. Uning otasi G’iyosiddin kichkina, G’iyosiddin bahodur, G’iyosiddin baxshi tarzida tilga olinadi. U temuriyzodalar, xususan Shohrux mirzo, Abulqosim Bobur mirzolarning amaldorlaridan bo’lib, Sabzavor shahrining hokimi ham bo’lgan. Alisher Navoiyning onasi (nomi noma`lum) ham ana shu muhitning vakili bo’lib, temuriyzodalar xonadonining e`tiborli kishilaridandir. Shuning uchun Alisher Navoiy shunday yozadi: Otam bu ostonning xok bezi, Onam ham bu sarobo’ston kanizi. (1-tom,17) Alisher ota-onasining tarjimayi hollari hozircha to’liq yoritilgan emas. Alisher tug’ilgan oila o’z zamonasining taniqli hamda ma`rifatparvar xonadonlaridan edi. Uning tog’alari Mir Said Kobuliy va Muhammad Ali G’aribiylar ikki tilda she`r bituvchi shoirlar sifatida ma`lum bo’lganlar. Alisherning og’a-inilari – Nizomiddin Shayx Bahlul va Darvesh Ali ko’kaldoshlar esa davlat arboblari –Xorazm va Balx hokimlari sifatida faoliyat ko’rsatganlar. Alisherning opa-singillari, amakilari haqida hozircha ma`lumotlar uchraganicha yo’q. Bu xonadonda o’z davrining olim va shoirlari yig’ilib, mushoira va ilmiy suhbatlar qilganlar. Bu muhit esa hali bola bo’lgan Alisherning she`riyatga moyilligini belgilagan edi. Shuning uchun Alisher Navoiy 3-4 yoshligidayoq she`rlarni yodlab olib, uyiga kelganlar taklifi bilan o’qir edi. Bu haqda Alisher Navoiyning o’zi "Majolis un-nafois"ning birinchi majlisida zikr etilgan Amir Qosim Anvor haqida so’z yuritayotganda uning bir baytini keltirib, shunday yozadi: "Rindemu oshiqemu jahonso’zu joma chok, Bo davlati g’ami tu zi fikri jahon chi bok? Bu faqir (ya`ni Alisher Navoiy) avval nazmekim, o’rganibmen bu… matla`dur. Hamono uch yosh bila to’rt yoshning orasida erdim, azizlar o’qimoq taklifi qilib, ba`zi hayrat izhor qilurlar erdi." [13- tom, 11]. Alisher to’rt yoshga yetgach, uni muallimi donishmand bo’lgan maktabga o’qishga yuboradilar. Bu maktabda u Husayn Boyqaro bilan birga o’qirdi. Shuning uchun Z.M. Bobur shunday yozadi: "Alisher va Husayn Boyqaro kichiklikda hammaktab ekondurlar" (Boburnoma, 233 bet). Alisherning maktabda "oz vaqt ichida darslarni o’zlashtirishda o’z sheriklaridan ilgarilab" ketganligini Xondamir "Makorim ul-axloq"da alohida o’qtiradi. Shuning bilan birga Alisherning xotirasi nihoyatda kuchli bo’lganidan u ana shu vaqtlarda Farididdin Attorning 4600 baytdan iborat falsafiy-irfoniy dostoni bo’lmish "Mantiq ut-tayri"ni ham boshdan oxirigacha yodlab olgan edi. Alisherning unga maftun bo’lib qolib, boshqa hech narsaga qaramay qo’ygani tufayli oilada ham, maktabda ham bu kitob haqida so’z yuritish man` qilingan edi. Shuning uchun Alisher uni yashirin tarzda (ichida) doimo takrorlab o’qirdi. Bu haqda Alisher Navoiy "Lison ut-tayr" dostonida shunday yozadi: Yodima bundog’ kelur bu mojaro, Kim tufuliyot chog’i maktab aro… Manga ul holatda tab`i bulhavas, "Mantiq ut-tayr" aylab erdi multamas… O’ylakim, eldin uzuldi ulfatim, Ul kitob erdi anisi xilvatim… Onglag’och atfol, aylab sho’ru shayn, Istimo` etti bu so’zni volidayn… Man`i kulli qildilar ul holdin, "Mantiq ut-tayr" uzra qilu qoldin… Lek chun yodimda erdi ul kalom, Yoshurun takror etardim mudom… (12 -tom, 293-295). Alisher maktabda faqat rasmiy dasturdagi fanlarni o’rganib qolmay, she`riyat, musiqa, tarixni ham o’z davrining yetuk bilimdonlaridan chuqur o’rganadi. Alisher Navoiy keyinchalik "Majolis un-nafois"da bu sohadagi ustozlarining nomlarini ehtirom bilan tilga oladi. Jumladan: "Darvesh Mansur (vaf. 887h.-1482 m.) … aruz va sanoye`da Mavlono Yahyo Sebak shogirdi erdi. Ikki aruz tasnif qildi… Faqir (ya`ni Alisher Navoiy) aruzni Darvesh qoshida o’qibmen" [13-tom, 41]. "Xoja Yusuf Burhon - (vaf.863h.-1458m.). Musiqiy ilmin ham yaxshi bilur erdi va faqir (Alisher Navoiy) musiqiy fanida aning shogirdiman" [13-tom, 51]. Xuddi shu vaqtlarda u zamonasining mashhur shoirlari bilan shaxsan yoki sirtdan tanishadi. Masalan, Mir Shohiy (1385-1453) bilan yozishmaga kirganligi haqida shunday yozadi: "Faqir (Alisher Navoiy) agarchi ani (Mir Shohiyni) ko’rmadim, ammo aning bila faqirni orasida e`lom (xabardor bo’lmish) va irsol (maktub yuborish) voqe` bo’ldi" [13- tom, 29]. Bu esa bejiz emasdi. Chunki she`riyat qonun-qoidalari bilan yaxshi tanishgan Alisherning shoirlik qobiliyati ham to’laroq namoyon bo’laverib, yozgan she`rlari og’izga tushgan edi. Shundanda, 12-13 yashar Alisher she`rlarining Mir Shohiylar nazariga tushgani ham, yozishmalarning maydonga kelishi ham sababsiz emasdi. Alisher Navoiy Samarqandda shahar hokimi Ahmad Hojibek Vafoiy G’amxo’rligida yashadi, mashhur alloma Fazlulloh Abulaysiy Samarqandiy nazdida ikki yil arabiyat, she`riyat va fiqhdan ta`lim oldi; naqshbandiya tariqatining peshvosi Xoja Ubaydulloh - Xoja Ahrori Vali (1404-1490) suhbatlaridan bahramand bo’ldi; adabiy muhitning mavlono Riyoziy, Shayxim Suhayliy, Mirzobek kabi vakillari bilan yaqin ijodiy munosabatda bo’ldi, mushoiralarda fa`ol qatnashib, katta obro’ga sazovor bo’ldi. Samarqandda ekanligi vaqtida she`rlar yozdi, arabcha so’zlar lug’ati bo’lmish "Sab`at ul-abhur"ni tuzdi, otaxoni Sayid Hasan Ardasherga masnaviyni bitdi, oxirlarida esa "Hiloliya" qasidasini yaratdi. 1469-yilda Abusaid mirzo vafotidan so’ng Xuroson taxti Sulton Husayn Boyqaroga nasib etdi. Sulton Husayn Boyqaro do’sti Alisher Navoiyni Samarqanddan chaqirib oldi. Alisher Navoiy Hirotga kelib, Sulton Husayn Boyqaroning ramazon hayiti kunida o’tkazilgan taxtga rasman o’tirish marosimiga qatnashib, "Hiloliya" qasidasini unga taqdim etdi. Sulton Husayn Boyqaro Alisher Navoiyning podshohlik muhrdori lavozimiga (1470 yilda) ta`yin etdi va amirlik unvonini ham berdi. Shundan Alisher Navoiyning davlat arbobi sifatidagi faoliyati boshlandi. Keyinchalik muhrdorlikni do’sti Shayximbek Suhayliyga topshirib (1472), amirlik faoliyatini bajarishga kirishib ketdi. Amirlik faoliyati ko’pqirrali bo’lib, mamlakat osoyishtaligi, obodonligi, ilmiy-adabiy muhitni tashkil etishga qatnashish, xayr-ehson ishlarini amalga oshirish kabi sohalarni ham qamrab olardi. Eng muhimi shundaki, bu ishlarni amalga oshirishda mamlakat podshohi ham, fuqarosi ham shoir Navoiyga ishonganlaridek, Nizomiddin Amir Alisher Navoiyga ham astoydil ishonardilar. Bu esa Alisher Navoiyga yana ko’proq mas`uliyat yuklar edi. Shuning bilan birga, saroydagi amiru amaldorlarning o’zaro nifoqlari, qing’ir ishlari Alisher Navoiyni ruhan qiynardi. Buning ustiga tashkiliy ishlar ko’p vaqtni olganidan ijodiyotga berilib ketolmasdi. Shu jihatdan Alisher Navoiy 1476 yilda mansabdorlikdan rasman iste`fo berdi. "Xamsat ul-mutahayyirin"da o’qiymiz: "Ushbu tarixda (1476 yilda ) erdikim, faqir (Alisher Navoiy) sipohiyliqdin mutanaffir bo’lub, manosibni tark qilib, mulozimatni o’ksutub erdim" [15- tom, 20-21]. Shundan so’ng Alisher Navoiy podshoh hazratlarining eng yaqin kishisi (muqarrabi hazrati sulton) sifatida ham ijod va ham ijtimoiy obodonchilik ishlari bilan shug’ullanadi. Alisher Navoiyga tegishli bo’lgan mol-mulk ko’pgina bo’lib, Faxriy Hirotiy "Latoifnoma"sining to’qqizinchi majlisida uqtirganidek, ulardan tushadigan bir kunlik daromad 75 ming dinorni tashkil qilsa, xarojoti esa 5 ming dinorga to’g’ri kelar ekan. Mirzo Haydarning "Tarixi Rashidiy"asarida keltirilishicha, "Alisherning bir kunlik daromadi 18 ming shohruxiy dinor edi va bu daromadning hammasini xayrli ishlarga sarf etardi". Bobur Mirzoning "Boburnoma"da kuyidagicha yozgani ham diqqatga sazovordir: "Alisherbek… Mirzo (Sulton Husayn Boyqaro) din nima olmas, balki yilda Mirzog’a kulliy (katta) mablag’lar peshkash qilur edi". Shuning bilan birga Alisher Navoiy ana shu daromadlar hisobidan 360 dan ko’proq turli xildagi inshaotlarni-madrasa (Ixlosiya), masjid (Qudsiya), xonaqoh (Xalosiya), shifoxona (Shifoiya), rabot (Raboti ishq), 70-80 kmlik (o’n tosh) kanal (Gulasb), ko’prik, maqbaralarni (Attor, qosim Anvor) qurdirdi, ularga vaqflar ajratdi, xayr-ehsonlarni doimiy tarzda amalga oshirdi; adabiyot, san`at va ilm sohasi mutaxassislari, talaba va mudarrislarni moddiy jihatdan rag’batlantirdi. Bunday ishlar haqida Alisher Navoiyning "Vaqfiya", Xondamirning "Makorim ul-axloq", Vosifiyning "Badoe` ul-vaqoe`" asarlarida ancha keng ma`lumotlar bor. Download 28.23 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
1 2
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling