Alisher Navoiy "Xamsa"
Download 16.08 Kb.
|
4.5.Navoiy xamsasi dostonlarining vaznini aniqlash
Mavzu:Navoiy xamsasi dostonlarining vaznini aniqlash Alisher Navoiy “Xamsa”si tarkibiga kiruvchi dostonlar vaznini o‘rganish shoir badiiy mahoratining yana bir muhim qirrasi haqida tasavvur hosil qilishga yordam beradi. Zero, dostonlarda vazn va u orqali ritm obraz yaratishning asosiy vositalaridan bo‘lib, muallif g‘oyaviy niyatiga, qahramonlar ruhiyatiga, voqealar rivojiga va umuman badiiy asar mazmuniga ko‘p jihatdan bog‘liqdir. Sharqshunos olim N.Konrad Navoiy “Xamsa”si haqida gapirar ekan, ritmlardagi har xillik jihatidan bu besh dostonni musiqa ilmidagi pentatonikaga o‘xshatgan edi. “Biri – haqiqiy major, ikkinchisi – haqiqiy minor; uchinchisi – majorga “yaqinlashayotgan”, to‘rtinchisi – “minorga yaqinlashayotgan” va nihoyat beshinchi doston major va minorning ajralmas birligidir”. Garchi Navoiy “Xamsa”si forsigo‘y salaflari Nizomiy va Dehlaviy dostonlariga nazira tarzida vujudga kelgan bo‘lsa-da, Navoiy o‘z “Xamsa”si misolida an'anaviy shakl doirasida ham yangi fikr ayta olish imkoniyatini, belgilab berilgan shakllarni jilvalantirish usullari mavjudligini ko‘rsatib berdi. Xususan, “Xamsa” dostonlari uchun avvaldan qat'iy belgilab qo‘yilgan she'riy o‘lchovlarning vazn xususiyatlaridan foydalanib, o‘z g‘oyaviy niyatini amalga oshirdi. Dastavval, “Xamsa” vaznlarining turkiy epik she'riyatda qo‘llanilish ko‘lamiga va Navoiyning bu sohadagi novatorligi bilan bog‘liq jihatlarga e'tibor qaratsak. Alisher Navoiy “Xamsa”sidagi birinchi doston “Hayrat ul-abror” Nizomiy dostoni singari sari' bahrining sariyi musaddasi matviyi makshuf vazni (afoyili va taqti'i: muftailun muftailun foilun, –VV– –VV– –V–) da yaratilgan. O‘zbek adabiyotida Navoiygacha bu vazn Durbekka nisbat beriladigan “Yusuf va Zulayxo”, Haydar Xorazmiyning “Maxzan ul-asror” (“Gulshan ul-asror”)i va Sayyid Qosimiy dostonlarida qo‘llanilgan edi. Haydar Xorazmiyning “Maxzan ul-asror” va Sayyid Qosimiying “Majma'ul axbor” dostonlari Nizomiy “Maxzanul asror”iga bevosita javob bo‘lganligi uchun ushbu dostonlarda mazkur she'riy o‘lchov qo‘llanilgan. Sayyid Qosimiyning “Gulshani roz” dostoni garchi Nizomiy dostoniga javoban yozilmagan bo‘lsa-da, mazmuniga ko‘ra pandnoma ruhidagi doston bo‘lganligi uchun unda aynan shu mavzudagi dostonlar uchun mo‘ljallangan sari' bahridan foydalanilgan. A.Rustamov sari' bahri pand-nasihat ohangiga ega bo‘lgan bahr bo‘lganligi uchun “Xamsa”larning birinchi dostoni shu she'riy o‘lchovda yaratilgan degan fikrni bildiradi. Haqiqatan ham, sari' bahri epik poeziya vaznlari orasida eng yengil va o‘ynoqi ohangga ega bo‘lgan vazn hisoblanadi. Pand-nasihat ruhidagi fikrlarning kitobxon tomonidan malol kelmaydigan darajada qabul qilinishiga erishish uchun aynan shunday ohangdagi she'riy o‘lchov zarur edi. Har ikkala holatda ham dostonlar uchun tanlangan she'riy o‘lchov asar mavzusiga mutanosib ekanligini ko‘rish mumkin. Alisher Navoiy “Xamsa”sidagi ikkinchi doston “Farhod va Shirin” 1484-yilda yozib tugallanadi. Unda an'anaviy hazaji musaddasi mahzuf (afoyili va taqti'i: mafoiylun mafoiylun fauvlun, V– – – V– – – V– –) vazni qo‘llanilgan. O‘zbek epik poeziyasida mazkur vaznning ilk bor istifoda etilishi Xorazmiy nomi bilan bog‘liq. Uning 1353–1354-yillarda yaratilgan “Muhabbatnoma” dostoni shu vaznda yaratilgan edi. Alisher Navoiy o‘zining “Mezon ul-avzon” asarida turk xalqida “Muhabbatnoma” deb atalgan qo‘shiq borligini va mazkur qo‘shiqning o‘lchovi biz yuqorida tilga olgan vazn bilan mutanosib kelishini ta'kidlaydi: “Va yana turk ulusida bir suruddurkim, ani “muhabbatnoma” derlar, ul hazaji musaddasi maqsur bahridadur va xolo matruqdur, budur (bayt) : Meni og‘zing uchun shaydo qilibsen Manga yo‘q qayg‘uni paydo qilibsen”. Xorazmiydan keyin bu vazn turkiy adabiyotda ishqiy mavzudagi dostonlarning asosiy she’riy o‘lchovi bo‘lib qoldi. Xususan, Amiriy “Dahnoma”si, Said Ahmad “Taashshuqnoma”si, Xo‘jandiy “Latofatnoma”si, Sayfi Saroyining “Suhayl va Guldursun”i, Haydar Xorazmiy “Gul va Navro‘z”i, Sayyid Qosimiyning “Haqiqatnoma” va “Ilohiynoma” dostonlari shu vaznda yaratilgan edi. Ushbu dostonlardan Nizomiy “Xisrav va Shirin”iga javob tarzida yaratilgan turkiy doston Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin” dostoni hisoblanadi. Navoiy mazkur dostonni yaratishda Nizomiy dostonidan ta'sirlangan holda turkiy adabiyotda o‘zigacha yaratilgan ishqiy dostonlardan ham muayyan darajada foydalandi. Navoiy “Xamsa”sidagi “Layli va Majnun” dostoni hazaj bahrining hazaji musaddasi axrabi maqbuzi mahzuf (afoyili va taqti'i: maf'ulu mafoilun fauvlun, – – V V – V – V – –) vaznida yaratilgan. O‘zbek epik poeziyasida Navoiygacha Layli va Majnun muhabbati bilan bog‘liq mavzu ishlanmagan edi. Navoiy bu mavzuni birinchilardan bo‘lib qalamga oldi va undagi she'riy o‘lchov – hazaji musaddasi axrabi maqbuzi mahzuf vaznini ham turkiy epik she'riyatda birinchi bo‘lib qo‘lladi. Ungacha biror turkiy doston mazkur vaznda yaratilmagan edi. Ma’lumki, beshlik tarkibidagi to‘rtinchi doston “Sab'ai sayyor” g‘oyaviy yo‘nalishiga ko‘ra ishqiy-sarguzasht doston hisoblanadi. Navoiy bunday dostonlar uchun oldindan belgilab qo‘yilgan xafifi musaddasi solimi maxbuni mahzuf (afoyili va taqti'i: foilotun mafoilun failun, – V – – V – V – V V – ) vaznidan she'riy o‘lchov sifatida foydalanadi. Mazkur vazn ham turkiy epik she'riyatda Navoiygacha istifoda etilmagan edi. Alibek Rustamov “Sab'ai sayyor” dostoni qolgan dostonlarga nisbatan yengil ruhdagi doston bo‘lganligi uchun uning vazni ham asarga yengillik ohangi beruvchi xafif bahridadir deb hisoblaydi. Darhaqiqat, xafif bahri lug‘aviy ma'nosiga (arabcha “yengil”) mos keluvchi ritmga ega. Bunga sabab sifatida bu she'riy o‘lchov tarkibida qisqa va cho‘ziq bo‘g‘inlarning deyarli teng nisbatda ekanligini keltirish mumkin, ya'ni cho‘ziq bo‘g‘inlar soni 6 ta, qisqa bo‘g‘inlar esa 5 tani tashkil qiladi. Ba'zan esa bu nisbat (ritmik variatsiyalar qo‘llanilgan paytda) aksincha ham bo‘lishi mumkin (qisqa bo‘g‘inlar 6 ta, cho‘ziq bo‘g‘inlar 5 ta). Qisqa bo‘g‘inlarning vazn tarkibida ko‘proq qo‘llanilishi ohangning yengil va o‘ynoqi bo‘lishiga olib keladi, buni “Hayrat ul-abror” dostonida qo‘llanilgan sari' bahriga nisbatan ham aytish mumkin, bu she'riy o‘lchovda ham qisqa va cho‘ziq bo‘g‘inlar soni orasida deyarli farq yo‘q, ya'ni qisqa bo‘g‘inlar soni 5 ta, cho‘ziq bo‘g‘inlar esa 6 tani tashkil qiladi. Download 16.08 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling