Alisher Navoiyning hayoti va ijodi. Reja


NAVOIY RUBOIYLARI TAHLILI


Download 474.89 Kb.
bet5/79
Sana06.11.2023
Hajmi474.89 Kb.
#1750683
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   79
Bog'liq
Marosim folklori-fayllar.org

NAVOIY RUBOIYLARI TAHLILI.
«Timsollar ichra timsollar». Ushbu ruboiy Navoiyning yigitlik lirikasi namunasidir. Ishqiy mavzuda yaratilgan bu ru­boiy o’ziga xoc asardir. SHoir unda «jon» so’zining arabcha yozuvi shaklidan foydalanib, ko’p ma’noli mazmunni mujassamlashtirgan. Shuning uchun eski o’zbek yozuvini bilmay turib, bu ruboiyni to’la tushunish va tushuntirish mumkin emas. Agar uning mutolaasiga «jon» so’zining arabcha yozuvdagi ko’rinishi, «jim», «dol», «alif», «nun» harflarining’ shaklini, nihol va hilol timsollarining mohiyatini bilmay yondashilsa, ruboiyning faqat yuzaki ma’nosidangina bahramand bo’lish mumkin, xolos:
«Jon»imdag’i «jim» ikki «dol»ingg’a fido.
Andin so’ng «alif» toza niholingg’a fido,
«Nun»i dog’i anbarii qilolingg’a fido,
Qolg’on ikki nuqta ikki holingg’a fido
Bir qarashda, ruboiydan «jonim senga fido», degan umumiy mazmunni o’qib olish mumkin. Lekin shu mazmun­ni shoir qanday, qaysi badiiy usullar vositasida ifodalagan? Mana shu savolga javob berish jarayonida rubo­iyning mukammal mazmuni yuzaga chiqadi.
«Jon» so’zida «jim»dan so’ng «alif» harfi keladi. «Alif» harfi she’riyatda qaddu qomat tasviri uchun xizmat qiladi. Chunki «alif» inson qomatiga monand tik shaklga ega. Ikkinchi misrada shoir «jon» dagi «alif»ni ma’shuqaning toza niholiga fido etadi. Xo’sh, nihol obrazini qanday tushunish lozim? Nihol ham, birinchi misradagi «dol» singari, istiora. Chunki ma’shuqaning nozik qomati—nazmla navniholga nisbat beriladi, shoir shuni istioraviy yo’sinda ifodalagan. Demak, bu satrda ham mazmun ustma-ust san’at qo’llash, ya’ni qomatni niholga va ayni paytda, «alif»ga o’xshatish yo’li bilan izhor etilgan. Shunday qilib, lirik qahramon jonining yana bir qismini maxbubasining navnihol qomatiga bag’ishlaydi.
«Jon» so’zi tarkibidagi uchinchi harf «nun»dir. «Nun» —shakliga ko’ra, inson qoshlariga o’xshaydi va uni tasvirlashda badiiy vazifa bajaradi. Uchinchi misrada shoir «jon» dagi «nun»ni ma’shuqaning «anbarin hilol»iga bag’ishlaydi. Hilol nima? Hilol — yangi ko’ringan oy bo’lib, odamning qoshlari «nun»dan ham ko’proq o’shanga o’xshaydi. Shu­ning uchun u badiiyatda, xususan, mazkur misrada ham istioraviy tarzda to’g’ridan-to’g’ri «hilol» deb atalgan va buning o’zi bir san’at. Qoshning shunchaki «hilol» emas, «anbarin hilol» deb sifatlanishi yana bir san’at. «Nun» ni qoshi ifodalanayotgan hilolga o’xshatish esa uch karra san’atkorlikdir. Anglashiladiki, shoir jonining yana bir parchasi­ni seviklining «anbarin hilol»iga qurbon qiladi. Xo’sh, oshiq o’z jonini butun borlig’icha ma’shuqaga bag’ishlay oldimi? Yo’q, «jon» so’zi yozuvining usti va ostidagi ikki nuqta hanuz tasarruf etilmay qoldi. Ruboiyning so’nggi misrasida qolgan ikki nuqta ma’shuqaning ikki xoliga fido qilinadi.
Mana, shoir «jon» so’zining biror nuqtasigacha qoldirmay, barcha qismini ma’shuqaga fido qildi. Bu — oshiq yoriga jonu jahonini butun borlig’i bilan bag’ishlashi lozim, degan g’oyaning go’zal ifodasi. Ammo Navoiyning badiiy muddaosi faqat shu fikrni ifodalashdangina iboratmidi, ruboiy yaratish jarayonida shoir shungagina erish-di, xolosmi? Navoiy bu to’rt misrada istiora, tashbeh, tanosib san’atlari vositasida inson chehrasini o’ziga xoc yo’sinda tasvirladi. Tasvirladigina emas, harfiy chizgilardan foydalanib, bir rassom singari chizib ham ko’rsatdi. «Jon» so’zining husnixatda yozilgan shakliga ruboiydagi tasvirdan kelib chiqib razm solsak, unda inson chehrasidagi asosiy qirralar mujassamligiga hayron qolamiz. «Jim» va «nun» xarflarining dumaloq shakli yuz va yonoqlarga. ularning o’rtasidagi «alif» burunga, «qolg’on ikki nuqta» esalab usti va ostidagi xollarga aynan o’xshaydi. Bu hayotiy mutanosiblikning badiiy inkishofi — tanosib san’atining ajoyib namunasini vujudga keltirgan.Asar, ayni paytda, Navoiy ijodiga hurufiylik — yor, ya’ni Olloh jamolini harflarda ko’rish, harflar vo­sitasida manzur husnini tasvirlash, unga sog’inch, muhabbat izhor etish falsafasining ta’sirini qam yorqin aks ettirgan.Ruboiy hazaj bahrining hazaji musammani axrabi makfufi majbub vaznida yozilgan.
Tuyuq. Turkiy xalqlar adabiyotining eng ajoyib she’riy shakllaridan biri tuyuq bo’lib, o’zbek adabiyoti tarixida uning yuzlab namunalari yaratilgan. Alisher Navoiy tuyuq yozishning qonun-qoidalarini nazariy jihatdan asoslab bergan hamda amaliyotchi shoir sifatida uning mumtoz namunalarini yaratib qoldirgan. Navoiy lirik merosidan o’n uchta tuyuq o’rin olgan. Ulug’ shoir boshqa janrlarga nisbatan kam tuyuq yozganligining sababi tuyuq yaratishning murakkabligida emas, balki mutafakkir shoir jiddiy va yirik turlarda ko’proq qalam tebratganidadir. Navoiy oz tuyuq yaratganiga qaramay, uning tuyuqlari yuksak badiiy mahorat mahsuli sifatida turkiy tuyuqnavislikning eng capa namunalari hisoblanadi.
Azisher Navoiy adabiyotimiz tarixida tuyuqning bi­rinchi nazariyotchisi sifatida ushbu she’riy shaklning asosiy xususiyatlarini «Mezon ul-avzon» da quyidagicha ko’rsatadi: «Yana turk ulusi, bataxsis chig’atoy xalqi apo shoye’ avzondurkim, alar surudlarin ul vazn bilan yasab, majolisda ayturlar. Birisi tuyug’dirkim, ikki baytqa muqarrardur va sa’y qilurlarkim, tajnis aytilg’ay va ul vazn ramali musaddasi maqsurdur, mundoqkim,
Yorab, ul shahdu shakar yo labmudur,
Yo magar shahdu shakar yolabmudur
Foilotun foilotun foilun
Jonima payvasta novak otqali,
G’amza o’qin qoshig’a yolabmudur»
Navoiyning bu so’zlaridan tuyuqning asosiy xususiyatini bilib olamiz. Birinchisi shuki, tuyuq turkiy qavmlar qo’shiq qilib bazmlarda, to’ylarda, yig’inlarda aytadigan vaznlardan birida yaratilarkan. Bu tuyuqning ashulabop va ommafaxm she’r turi ekanligini anglatadi. Ikkinchi xycysiyati shuki, tuyuq ikki bayt, ya’ni to’rt misradan tashkil toparkan. Uchinchi xususiyat shuki, shoir mahorati yetganicha tajnis usulidan foydalanib tuyuq aytishga intiladi. Lekin tuyuq tajnissiz ham yaratiladi. To’rtinchi xususiyat shuki, tuyuq, albatta, ramali musaddasi maqsur vaznida bitiladi. Tuyuqning yana bir asosiy xususiyati borki, u o’z davrida ma’lum va mashhur bo’lgani uchun Navoiy uni aytishni lozim gopmagan. Bu tuyuqning nomi va janr xosiyati tuyg’u bi­lan bog’liqligidir. Chinakam tuyuq shoir tuyg’ularining tug’yonga kelishi samarasidir. «Tuyuq» — «tuymoq» fe’lidan olingandir. Tuyuq uni o’qigan yoki eshitgan kishilarning tuyg’ulariga ta’sir etadi. Tuyuqning badiiy mazmunini tuygan kishilarning tuyg’ulari tug’yonga keladi. Tuyuq adabiyot. ixlosmandlarida she’rning badiiy nozikliklarini tuya olish qobiliyatini tarbiyalaydi. Tuyuq ishqiy, falsafiy, axloqiy va boshqa mavzularda ham yaratilishi mumkin.
Tuyuqlar tahlilini Navoiy keltirgan namunadan boshlaymiz. Mazkur tuyuq seviklini vasf etishga bag’ishlangan. Tuyuq «yolabmudur» tajnisi asosiga qurilgan. «Tajnis» — bir jins, ya’ni shakldagi so’zning turlicha ma’nolar ifodalashi san’atidir. «Yolabmudur» tuyuqning uch misrasida takrorlanib, uch xil ma’no ifodalashga xizmat qilgan. Dastlabki ikki misrada e’tibor yorning lablarini madh etishga qaratilgan. Tuyuqning xoc belgilaridan yana biri shuki, unda yengilgina hazil-mutoyiba ruhi sezilib turadi. Lirik qahramon yorning yoqutday lablari haqida o’y surarkan, «tajoxuli orifona» — bilib bilmaslikka olish yoxud donishmandlarcha nodonlik izhor etish usuli asosida ish tutib, «Yo rab» deya hayratlanadi: «u-labmikin, shakarmikin, asalmikin?! Yo magarkim, yorim, asal bilan shakar yalaganmikin-a?!» Uchinchi, to’rtinchi misralarda e’tibor qosh tasviri va ta’rifiga qaratilgan. Bunda ham mutoyiba tarzidagi taajjublanish bor: «Bu — yorimning qoshlarimikin yoki u mening jonimga uzluksiz o’qlar otish maqsadida noz-karashma o’qlarini qoshlariga tizib yoylabdimi?!» Demak, tuyuqda oshiqona bir mazmun mu­toyiba tarzida, tajnis usuli asosida ifodalangan. Tajnisga nishon bo’lgan so’z birinchi misrada «labmikan». ikkinchi misrada «yalabdimikin», to’rtinchi misrada «yo(y)lablimikin» ma’nolarida mahorat bilan qo’llangan.
Yo qoshingdin necha bir o’q ko’z tutay,
Otki, o’trusig’a oning ko’z tutay.
Necha ko’rgach o’zga mahvashlar qoshin,
Yangi oy ko’rgan kishidek ko’z tutay.
Ishqiy mazmunda bitilgan bu tuyuqda go’zal yorning qoshi ta’rifu tavsif etiladi. Undagi tajnis «ko’z tutmoq» fe’lining ma’no tovlanishlariga asoslangan. Bi­rinchi misrada shoir ma’shuqaga: «Sening yoyday qoshlaringdan men tomonga o’qlar otilishini intizor kutaman», deya murojaat etgan. Bu o’rinda «ko’z tutmoq» fe’li «kutmoq» ma’nosida ishlatilgan. Shu bilan shoir seviklisi unga tomon bir qosh qoqib qiyo boqishiga umidvorligini badiiy ifodalagan. Ikkinchi misrada shoir o’sha fikrni mantiqiy davom ettirib: «Men kutayotgan o’sha o’qlarni ota qolgin, uning qarshisiga ko’zimni tutib beraqolay, ya’ni sening bir qosh qoqib qiyo boqishingga ko’zlarim sadqa bo’lsin», deya majoziy ma’noda iltijo etmoqda. Bun­da «ko’z tutay» fe’li «ko’zni tutib bermoq» ma’nosida qo’llangan. Keyingi misralarda: «Qanchadan-qancha go’zallarning qoshlarini ko’rganimda, xuddi yangi oy ko’rgan kishidek, qo’limni qoshim ustiga qo’yib, ko’zimni qo’lim bilan panalab qarayman», degan mazmun mujassam. Bunda oshiq ma’shuqaga sadoqat izhor etmoqda. Ya’ni: «Ko’zimni boshqa yor nazaridan asrayman» demoqchi. Demak, bu o’rinda «ko’z tutmoq» fe’li yanada o’zgacha ma’no kasb etgan
Tig’i ishqing yorasidur butmagan,
Dardini har kimga aytib butmagan
Hajr sahrosidur ohim o’tidan,
Anda gul yoxud giyohe butmagan
Oldingi tuyuqlar yor go’zazligidan hayratlanib, oshiqona zavq-shavq tuyg’ulari bilan uyg’un bo’lsa, ushbu tuyuq hijron dardi tuyg’usi bilan yo’g’rilgan. Undagi tajnisga «bitmoq» fe’li acoc qilib olingan. Ilgarigi tuyuqlar vasf uslubida bitilgan bo’lsa, bunda izhor uslubi ustuvor. Ya’ni, lirik qahramon dardu holini izhor etmoqda. Tuyuqdan shunday maz­mun anglashiladi: «Ey jafokor yor! Dardimni tinglab, ahvolimdan ogoh bo’lsang-chi. Sening muhabbating xanjari qalbimga solgan jaroxat hanuzgacha bitmagan — tuzalgani yo’q. Bu jarohat og’rig’i — sevgi dardini har kimga aytaverib, haligacha bitira olmadim — tugatolmadim. Sening ishqing iztirobidan tortgan ohim olovidan shunday hajr saxrosi hosil bo’ldiki, unda gul ham, giyoh ham bitmaydi — unib-o’smaydi». Bu tuyuqda «buzmagan» fe’li «tuzashagan», «tugamagan», «unib-o’smagan» ma’nolarida tajnis qilingan.Xullas, Alisher Navoiy tuyuq janrining shakliy xysusiyatlarini sayqal toptirish bilan birga, badiiyligini ham qiyomiga yetkazgan.
Qit’a. Sharq lirik she’riyatining kichik janrlaridan bo’lgan qit’a Alisher Navoiy ijodiyotida ham muhim o’rin tutadi. «Xazoyin ul-maoniy» kulliyotining o’zidayoq 210ta qit’a mavjud. Shunga shoirning boshqa asarlari tarkibidagi qit’alarni ham qo’shib hisoblasak, ularning soni 300 dan ortadi. Bu qit’alardan yuzlab go’zal namuialar tahsinga sazovordir. Alisher Navoiy qit’alarida, asosan, ijtimoiy, falsafiy-axloqiy mavzular badiiy aks topgan. O’z qit’alarida Navoiy hayotning badiiy tadqiqi asosida zukko hayotbaxsh xulosalar tortiq etadi. Navoiy yigitlik davrining ijodiy mahsuli bo’lmish qit’ada yetuk aqlu farosat va ma’naviy kamolot nishonalari aks etgan. Qit’a nutq odobi mavzuida. U uch baytdan iborat. Mutaqo ribi musammani maqsur vaznida yaratilgan. Qit’aning g’oyaviy mazmuni sarlavhadanoq anglashiladi. U shunchaki sarlavha emas, balki qit’aning uzviy bir qismi. Chunki undagi mazmun qit’ada takrorlanmaydi va aksincha. Sarlavhaning o’zi ikki qarama-qarshi qutbdan iborat. Biri oz so’zlashning foydali, ikkinchisi sergaplikning zararli ekanligidan saboq beradi. Bu pandomuz mazmunning tushunarli va ta’sirchan bo’lishi uchun zid ma’noli so’zlar tanlangan: oz so’z — ko’p so’z, manfaat — zarar: Demak, sarlavhada mavzu qo’yiladi va uning badiiy talqini boshlanadi. Keyingi baytlar sarlavhadagi badiiy mazmunning izchil rivoji sifatida har biri mustaqil va tugal ma’noga ega bo’ladi. Birinchi baytda ham sarlavhadagidek tilni ehtiyot qilish haqida umumiy fikr bayon qilinadi. Ik­kinchi, uchinchi baytlar esa mazkur fikrni sharhlash, ba­diiy asoslash uchun xizmat qiladi.
Bu ikki bayt oz so’zlash fazilatining alohida jixatlarini izohlaydi:
Nazar qilki, o’q og’zi tilsiz uchun.
Qilur tojvarlar bila dastbo’s.
Ushbu bayt o’q tilsizligi tufayli tojdorlar bilan qo’lma-qo’l ko’rishish sharafiga muyassarligi asosida, kam gapirish, hatto, iloji bo’lsa, gapirmay ish bitirish ma’qulligidan dalolat beradi
Necha tojvardur, kesarlar boshim.
Chu xangomsiz nag’ma tortar xuro’s.
So’nggi bu bayt esa faqat kerakli o’rin va fursatla gapirish joizligidan, bemavrid gapirgan kishining tili boshiga yetajagidan kafolat beradi.
Qit’a yaxlitligicha tamsil san’ati asosiga qurilgan. U zamondoshlarimizni tilga e’tibor bilan munosabatda bo’lishga chorlaydigan ma’naviy-axloqiy ahamiyatga ega.
«Fard» — arabcha yakka, yagona ma’nolarini bildiruvchi so’z. U bir bayt hajmida bitiladigan mustaqil adabiy acap janri nomini ifodalovchi istiloh hamdir. Fard atigi ikki misradan iborat bo’lsa-da, unda muayyan mazmun, g’oya ilgari suriladi. Fardda, ko’pincha, badiiy umumlashma, hayotiy tajribadan kelib chiquvchi hukm, xulosa tajassum topadi. Namuna uchun Alisher Navoiy fardlaridan birini quyida keltiramiz:
Muruvvat barcha bermakdur, yemak yo’q,
Futuvvat barcha qilmakdur, demak yo’q
Ushbu fardda juda yuksak va salmoqdor insonparvar g’oyalar ilgari surilgan. Navoiy shu ikki misradayoq Sharq tasavvuf ta’limotining eng ilg’or oqimlaridan biri — javonmardlik sulukining dasturiy qoidalarini qoyilmaqom darajada ifodalab berolgan. Javonmardlik namoyandalari muruvvat ahli, futuvvat ahlidirlar. Ularnn Navoiy o’z asarlarida «axiy» nomi bilan ham yuritadi Muruvvat ahli eng olijanob toifa sifatida tasvirlanadi. Chunonchi, baxil — o’zi ham yemaydi, boshqaga ham bermaydi; xasis — o’zi yeydi, boshqaga bermaydi; saxiy — o’zi ham yeydi, boshqalarga ham beradi; axiy esa — o’zi yemay­di, faqat boshqalarga ulashadi. Futuvvat ahli — fatiy — javonmard esa faqat yaxshilik qiladi, lekin uni aytmaydi, ya’ni minnat qilmaydi.
Fard yozishni ahamiyatsiz mashg’ulot, mayda ish deb qarash o’rinsiz. Jussasi kichik bo’lsa-da, fardni eng dolzarb, salmoqli falsafiy-axloqiy g’oyalarni ifodalashga safarbar etsa bo’ladi. Bu ijodkorning iste’dodi va mahoratiga bog’liq. Fard hajmining ixchamligi shoirdan «ming ma’nini bir nuqta bila muxtasar etish»ni (Mashrab) taqozo etadi Alisher Havoiy yigitlik davridan buyon fard yoza boshlagan va ularni birinchi rasmiy devoni «Badoye ul-bidoya»ga kiritgan. Ulug’ shoirning «Favoyid ul-kibar» devonida 86 ga fard mavjud. Aytish mumkinki, Navoiy butun umri mobaynida fard janriga murojaat qilib turgan.
Fard janrining qat’iy shakliy talablari ko’p emasligi uning ijodiy imkoniyatini cheklamagan, aksincha, erkinligini ta’minlagan. Shuning uchun ayrim shaklan murakkab, muqim xususiyatli mumtoz janrlar davr o’tishi bilan adabiy taomildan chiqib ketgan. Fard esa hozirgi zamon ruhi, voqeligi, g’oyalarini ifolalashda faol xizmat qilayotgan barhayot janrdir.
Tayanch tushunchalar:

  • Tuyuq

  • «Favoyid ul-kibar»

  • «Badoye ul-bidoya»


  • Fard

  • Qit’a



Savol va topshiriqlar:

  1. Tuyuq Navoiy lirik merosida qanday o’rin tutadi?


  2. Navoiyning tuyuq haqida yozgan fikrini ayting va sharhlab bering. Unda shoir tuyuqning qaysi to’rt xususiyati haqida ma’lumot bergan?


  3. «Tuyuq» istilohining lug’aviy ma’nosi va uning shu ma’no bilan bog’liq janriy xususiyati nima?


  4. «Necha dedim ul sanamg’a: bormog’in» misrasi bilan boshlangan tuyuqni yozma ravishda mustaqil tahlil eting


  5. Qit’aga ta’rif bering.


  6. Fard nima?


  7. Majmuadagi janr namunalarini mustaqil mutolaa qilganmisiz? Ularni tanlab-tanlab yod oling.


Adabiyotlar:



  1. B.Jаlilоv vа bоshqаlаr. O’zbеk аdаbiyoti. T-2006


  2. B.Qоsimоv vа bоshqаlаr. O’zbеk аdаbiyoti. 10-sinf uchun dаrslik. T.-2001


  3. N.Mаllаyеv. O’zbеk аdаbiyoti tаriхi. “O’qituvchi” T.-1965


  4. Q.Yo’ldаshеv vа bоshqаlаr. Аdаbiyot. 7-sinf uchun dаrslik. T.-2003





Download 474.89 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   79




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling