Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni tartibini buzish
b) davlat milliy tabiat bog`lari
Download 35.02 Kb.
|
Hujjat (6)
b) davlat milliy tabiat bog`lari
Davlat milliy tabiat bog`lari bilan bog`liq bo`lgan barcha ekologik-huquqiy muammolar O`zbekiston Respublikasining "Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to`g`risida"gi Qonuni bilan tartibga solinadi. Qonunning III-bo`lim, 15-18-moddalari bevosita mazkur masalaga bag`ishlangan. Ushbu qonunda davlat milliy tabiat bog`larining ta'rifi va aniq vazifalari ko`rsatib berilgan. Jumladan ana shu qonunning 15-moddasiga ko`ra, davlat milliy tabiat bog`lari tabiatni muhofaza qilish muassasasi bo`lib, ularning hududlari (akvatoriylari) alohida ekologik, tarixiy va estetik qimmatga ega bo`lgan hamda tabiatni muhofaza qilish, rekreatsiya, ma'rifiy, ilmiy va madaniy maqsadlarda foydalanishga mo`ljallangan tabiiy majmuilarni qamrab oladi. Davlat milliy tabiat bog`lari hududi davlat milliy bog`lariga egalik qilish yoki ulardan foydalanish uchun beriladigan yerlarda, shuningdek boshqa yer egalari va yerdan foydalanuvchilarning yerlarida joylashadi. Davlat milliy tabiat bog`larida: rekreatsiya, ma'rifiy va ilmiy maqsadlarda foydalanish uchun tabiiy majmuilar va tarixiy-madaniy meroslarni asrab qolishni ta'minlaydigan ish tartibiga rioya etish; shikast yetgan tabiiy majmuilarni tiklash; tarix, madaniyat, me'morchilik obidalarini saqlab qolish; turizm, ekskursiya va dam olish uchun sharoit yaratish; ekologiya bilimlarini targ`ib qilish; zaxiralarni tejaydigan, ekologik jihatdan sof texnologiyalarni qishloq xo`jaligi, sanoat ishlab chiqarishi va boshqa faoliyatda ishlatishga joriy etishga ko`maklashish; tabiatni muhofaza qilish va tabiatdan oqilona foydalanish sohasida ilmiy tadqiqotlar o`tkazish, ilmiy kadrlar va mutaxassislar tayyorlashga hamkorlik qilish vazifalari yuklatiladi. Ana shu vazifalarni bajarish bevosita davlat milliy tabiat bog`larining tashkil etish va ularni boshqarish jarayonlari bilan ham bog`liq. Davlat milliy tabiat bog`larini tashkil etish to`g`risidagi qarorni O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi manfaatdor idoralarning O`zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo`mitasi bilan kelishib turib kiritgan taqdimiga ko`ra qabul qiladi. Davlat milliy tabiat bog`larini boshqarish ular faoliyati tabiatni muhofaza qilish bilan bog`liq qaysi vazirlik, davlat qo`mitasi yoki idora tasarrufida bo`lsa, shu vazirlik, davlat qo`mitasi yoki idora tomonidan amalga oshiriladi. Har bir milliy bog` qaysi idora tasarrufida bo`lsa, shu idora tasdiqlab beradigan Nizom asosida faoliyat ko`rsatadi. Davlat milliy tabiat bog`larining maqomi va mablag`lari ham hayotiy, ekologik ahamiyatga ega bo`lib qonunchilikda quyidagicha ta'riflangan. "Davlat milliy tabiat bog`lari yuridik shaxs bo`lib, davlat budjetini ta'minlanadi, mustaqil balansda turadi, ularning bank muassasalarida o`z hisob raqamlari, o`z nomida va O`zbekiston Respublikasi gerbi tushirilgan muhri bo`ladi. Davlat milliy tabiat bog`larining mablag`lari, shu jumladan chet el valutasidagi mablag`lari: O`zbekiston Respublikasi budjeti ajratmalaridan; rekreatsiya, turizm-ekskursiya, reklama-noshirlik va ushbu qonun hamda Milliy bog`lar to`g`risidagi nizomda ruxsat etilgan boshqa faoliyatdan keladigan daromadlardan; davlat, kooperativ va boshqa jamoat korxonalari, muassasalari, tashkilotlaridan, qo`shma korxonalar, ajnabiy va xalqaro tashkilotlar hamda xususiy shaxslardan keladigan pul mablag`lari va moddiy boyliklardan; davlat milliy tabiat bog`ini muhofaza etish qoidasini buzuvchilardan belgilangan tartibda undirib olinadigan jarima pullardan iborat tushumlardan; korxona, muassasa, tashkilot va fuqarolarning faoliyati natijasida davlat milliy tabiat bog`iga yetkazilgan zarar o`rnini qoplash hisobidan keladigan tushumlardan hosil etiladi. Davlat milliy tabiat bog`lari o`z mablag`larini aniq maqsadga qaratgan holda mustaqil tarzda, ushbu Qonunning 16-moddasida belgilangan tartibga muvofiq tasarruf etadilar." (17-modda). Ushbu qonunda davlat milliy tabiat bog`larining ish tartibi masalasiga ham e'tibor berilib, quyidagicha ko`rsatilgan. Davlat milliy tabiat bog`larining hududlarida tabiiy majmui va obyektlar holatini, ularning rekreatsiya, madaniy va estetik qimmatini inobatga olgan holda muhofaza etish va ulardan foydalanishning tabaqalashtirilgan tartibi belgilab qo`yiladi. Davlat milliy tabiat bog`larining tegrasida davlat qo`riqxonalari hududlari uchun nazarda tutilgan tartibdagi qo`riq tegralari, rekreatsiya, xo`jalik va o`zga yo`sindagi foydalanish tegralari, tarixiy-madaniy obyektlarining muhofaza tegralari ajratiladiki, ularda davlat milliy tabiat bog`lari vazifalariga zid bo`lmagan faoliyat bilan shug`ullaniladi. Davlat milliy tabiat bog`larining hududida: daraxt kesishga (sanitariya maqsadidagi va parvarishlash yo`sinidagi kesish bundan mustasno); ekologik jihatdan xavf-xatar tug`diruvchi sanoat korxonalarining faoliyat olib borishiga; gidrologik va gidrogeologik tartibni o`zgartirib yuboruvchi harakatlarga; tuproq eroziyasini, shuningdek o`simlik va hayvonot dunyosining tanazzulini keltirib chiqaruvchi harakatlarga; davlat milliy tabiat bog`larining faoliyati bilan bog`liq bo`lmagan yo`l va muxandislik-kommunikatsiya ishlari olib borishga; kimyo va radioaktiv moddalarning chiqindilarini ko`mishga; iqlimlashtirish maqsadida tiriq organizmlarni ko`chirib keltirishga yo`l qo`yilmaydi. Davlat milliy tabiat bog`larida ular hududining tabiiy, ilmiy, estetik va madaniy qimmati pasayishiga olib keluvchi boshqa faoliyat turlari taqiqlanishi yoki cheklanishi mumkin. Bog`ning rasamadi bilan faoliyat ko`rsatishi uchun yo`llar, boshqa kommunikatsiya va inshootlar qurish zarur bo`lib qolgan muhofaza qilish tadbirlari majmuini o`tkazish majburiyligi nazarda tutiladi (18-modda). Ta'kidlash joizki "Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to`g`risida"gi qonunida, davlat qo`riqxonalari va davlat milliy tabiat bog`larini muhofaza qilishga ham katta e'tibor berilgan. Jumladan ushbu qonunning 33-moddasiga asosan: davlat qo`riqxonalari va davlat milliy tabiat bog`larini muhofaza qilishni maxsus tabiat hududlarini muhofaza qilish inspeksiyasi amalga oshiradi va bu ish davlat qo`riqxonasi to`g`risidagi yoki davlat milliy tabiat bog`i haqidagi nizom bilan tartibga solinadi. Muhofaza qilish xodimlari davlat qo`riqxonalari va davlat milliy tabiat bog`lari shtatida turadilar hamda O`zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat inspektorlariga xos barcha huquqlar va imtiyozlardan foydalanadilar, - deb ko`rsatilgan. Download 35.02 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling