«Alpomish» dostoni o‘zbek xalqining jahon xalqlari madaniy merosiga qo‘shgan eng munosib javohirlaridan biridir
Download 33.04 Kb.
|
Alpomish
Alpomish» «Alpomish» dostoni o‘zbek xalqining jahon xalqlari madaniy merosiga qo‘shgan eng munosib javohirlaridan biridir. «Manas», «Kalevala», «Qirq qiz», «Ramayana» deb atalmish turli millatlar og‘zaki ijodi namunalari dunyo bo‘yicha inson badiiy tafakkuri ko‘lamining nodir asarlari sifatida baholangan. O‘zbek xalqi bu sohada ham taqdir saxovatidan bebahra qolmagan. Chunki turkiy xalqlarning o‘nga yaqin vakillarida «Alpomish» bilan aloqador doston, ertak, afsona, rivoyatlar bo‘lsa, ular orasida g‘oyaviy, badiiy jihatdan eng mukammali Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li ijro etgan nusxa deb tan olindi. O‘zbek folklorshunosligi tarixini hech ikkilanmay mazkur dostonni o‘rganish bilan uzviy tasavvur qilish mumkin: 1999 yili dostonning mingyilligini nishonlash bayrami o‘tkazildi, matnini yozib olish boshlanganiga yuz yildan oshdi, tahlil qilishga bag‘ishlangan asarlarni esa ko‘plab dissertatsiyalardan tashqari, o‘nlab risolalar sifatida sanash mumkin. Qizig‘i shundaki, har bir san'at turida san'atkorning mahoratini baholashga asos bo‘ladigan o‘lchov bor. Masalan, musiqada «Nasrulloyi» kuyi, xonandalikda «Chorgoh», «Ushshoq», «Girya» kuyi bilan aytiladigan ashulalarni shular jumlasiga qo‘shish mumkin. Bulung‘ur, Qo‘rg‘on, Xatirchi, keyinchalik Sherobod, Qamay dostonchilik an'analarida esa, shoirning qadrini ko‘pincha «Alpomish»ni qay darajada ustalik bilan ijro etishi belgilaydi. Yana shuni ham ta'kidlash lozimki, bu shoirlar mahorati darajasi bir necha yo‘nalishlarda sinovdan o‘tkaziladi. Xususan, avvalo, u so‘zga chechan, vaziyat o‘zgarishi bilan doston matniga yangiliklarni qo‘shib keta oladigan fazilatga ega bo‘lishi lozim. Ikkinchidan, dostondan oldin chalinadigan kuylarni xalq sozandaligi talablariga mos ijro qilishi, dostondagi she'riy misralarga mos kuy topishi, uchinchidan, ovozi ham tinglovchilarga ma'qul kelishi kerak. Bundan tashqari, baxshi nasriy o‘rinlarni o‘qishda tinglovchini jalb eta olishi, qolaversa, muomalasi, odamlarning luqmasiga javobi, hatto husn nuri bilan atrofdagilarni rom qilishi oddiy talablar mezoniga kiradi, desak, xato bo‘lmaydi. Xullas, shoir yuqoridagi fazilatlarga ega holda «Alpomish»ni ijro etsa, el nazariga tushadi. «Alpomish» dostoni faqat ijro jihatidan emas, mazmun, g‘aroyib tasodifiy voqealar tasviri, qahramonlar sarguzashtlari, hayotiy muammolarning qo‘yilishi bilan ham murakkabdir. Masalan, bugungi kun ilm tarixida bir ayolning bir necha aka-ukalar bilan bitta oilada bo‘lib turmush qurishi - poliandriya haqida ma'lumotlar bor. Biz hozirgi paytda dostonning mohir ijrochisi Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li oila turmushining bu sistemasi haqida xabari bor- yo‘qligi haqida biror aniq fikr bildira olmaymiz. Lekin ustozdan o‘rganilgan matnga fidoyilik, ustozning fikrini ikki qilmaslik odati Fozil otani doston aytishda bir necha marta alp aka-uka nomidan «...yo birimizga teg, yo barimizga teg», - deyishga majbur qilgan. Insoniyat tarixidagi minglab yillar oldin o‘tgan poliandriya oila sistemasi belgisi qanday qilib «Alpomish»da saqlanib qoldi? Yana bir muhim tomon: dostonda na Boysari(Barchinning otasi), na Barchin aka-uka alplarning gaplariga ortiqcha asabiy munosabatda bo‘lishmaydi. Ularning gapini oddiy maishiy hayotdagi holat sifatida qabul qiladilar. Xalqimizning «Bir balosi bo‘lmasa, shudgorda quyruq na qilur» degan hikmatli so‘zi bor. Xo‘sh, «bir balosi bo‘lmasa», «Yo birimizga teg, yo barimizga teg», - degan gap dostondan qanday qilib o‘rin oladi. O‘rin olganda ham, bir marta emas, bir necha marta takrorlanadi. Ma'lum bo‘ladiki, «Alpomish» dostonini ijro etish qanchalar mashaqqatli mehnat talab qilsa, uni uqib eshitish ham, doston sifatidagi matnni o‘qish va tushunish ham oson emas ekan. lpomish dostonini e'tibor bilan o‘qir ekanmiz, shoir tomonidan aytilgan har bir ma'lumot tinglovchiga, bugungi vaziyatda o‘quvchiga jamiyat haqida muayyan xabar berayotgandek bo‘ladi. Bir-ikki misolga murojaat qilaylik. Hakimbek yetti yoshga yetganida Alpinbiy bobosidan qolgan o‘n to‘rt botmon birichdan bo‘lgan parli yoyidan o‘q uzib Asqar tog‘ining cho‘qqilarini uchirib yuboradi. O‘zbek tili izohli lug‘atida bir botmon yurtimizda har xil o‘lchovga ega ekani va ikki puddan o‘n bir pudgacha og‘irligi ko‘rsatilgan. Bu hisobdan kelib chiqsak, Hakimbek ko‘targan yoy eng kam hisob bilan 224 kilogrammni tashkil etadi. Tabiiyki, bunday og‘ir yoyni otish darajasida inson bandasi ko‘tara olmaydi. Lekin gap yoyni jismoniy kuch bilan ko‘tarish haqida borayotgani yo‘q. Shoir Hakimbekning yoyni ko‘tarishda ma'naviy huquqqa ega ekanini ta'kidlamoqchi. Alpinbiy Qo‘ng‘irot elida yirik bir davlatni vujudga keltirish rejasi bilan yashagan. Yoy turkiy xalqlarda hokimlik nishonasi hisoblanadi. O‘q esa tobe'lik belgisidir. Hakimbek uzoq kutib, tilab olingan farzand sifatida ota-bobolari yashayotgan jamiyatda yangi tuzum - davlat boshqarishini amalga oshirish imkoniga ega. Bu haqda filologiya fanlari doktori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan murabbiy, ilmiy faoliyatining salmoqli davrini «Alpomish» dostonini o‘rganishga bag‘ishlagan professor Muhammadnodir Saidov ham asosli fikrlar bildirgan edilar. Ma'lum bo‘ladiki, yoyga ega bo‘lish, o‘q uzib Asqar tog‘ining cho‘qqilarini uchirish dostondagi keyingi voqealardan kelib chiqadigan «zakot»ga tayyorgarlik ko‘rish edi, xolos. Haqiqatan ham dostondagi zakot biz bugungi kunda tushunadigan islomiy tushuncha emas. Balki, davlat tomonidan fuqarolar zimmasiga yuklatiladigan daromad solig‘i ma'nosini beradi. Boybo‘ri o‘ylaydi: «Men o‘n olti urug‘ Qo‘ng‘irot elining ham boyi bo‘lsam, ham shoyi bo‘lsam, men kimga zakot beraman». Agar ko‘pchilik kitobxonlar o‘ylaganidek, «zakot» so‘zida islomiy ma'no bo‘lganida, Boybo‘ri «men zakotni kimga beraman», - deb xayol qilmas edi. Chunki odatda zakot iqtisodiy qiynalgan odamlarga beriladi. Boybo‘ri fikr qilgan zakot aynan davlat tomonidan belgilanishini nazarda tutsak, dostondagi o‘lchov ham izohini topadi. Chunki Boybo‘ri ukasidan zakot uchun bitta uloq so‘ramoqda. Hech ikkilanmay aytish mumkinki, aka ukasidan istagan miqdorda qo‘y, ot yoki boshqa qimmatbaho narsani shunchaki so‘raganida, ukasi Qalmoq yurtiga ko‘chib ketadigan darajada xafa bo‘lmas edi. Boybo‘ri undan aynan «zakot» deb so‘ragani uchun «Akamiz o‘g‘illi kishi bo‘lib, darrov bizning molimizni zakot qiladigan bo‘libdi-da!» deb hisob yuritishi bejiz emas. Professor M.Saidov bu lavhada davlat tuzumining paydo bo‘layotganini alohida ta'kidlagan. Taniqli olimlar V.M.Jirmunskiy va H.T.Zarifov o‘zlarining 1947 yili Moskvada nashr etilgan «O‘zbek xalq qahramonlik eposi»(«Uzbekskiy narodnыy geroicheskiy epos») kitobida ham «zakot» so‘zidan kelib chiqib, dostonda patriarxal-urug‘chilik tuzumining yemirilishi va davlatchilikning tug‘ilishi haqida fikr yuritilganini qayd etishgan. Doston matnidagi keyingi voqealar: Boysarining ko‘chishi, Alpomishning Barchinning shartlarini bajarishi, ko‘chgan elni o‘z yurtiga qaytarishi, ikkinchi safarida Qalmoqshohni mag‘lub qilishi - hammasi Qo‘ng‘irot elida davlatning paydo bo‘lishini dalillaydi. Hatto Yodgorning Alpomishdan qolgan yoyni ko‘tara olmay faqat sudrashga kuchi yetgani ham, bizningcha, shu fikrning dalili hisoblanadi. Yetti yil zindonda yotgan Alpomish o‘z vataniga Qultoy qiyofasida qaytishni ma'qul ko‘radi. Ko‘pchilik uni o‘lgan deb hisoblardi. Uning o‘g‘li Yodgor yetti yoshda edi. Endi yoyni ko‘tarish navbati Yodgorga keladi. Ammo shoir Yodgorning yoyni yerdan to‘liq ko‘tarib olganini, ustiga ustak, undan o‘q o‘zganini tasvirlamaydi. Ko‘p o‘rinda «tortib» so‘zi qo‘llanadi. Lavha oxirida esa: O‘n to‘rt botmon parli yoyni sudirab, Kelib qoldi Qo‘ng‘irot darvozasiga, - deyiladi. X o‘sh, nega Hakimbek yetti yoshida o‘n to‘rt botmon yoyni ko‘tarib, undan o‘q uzib tog‘ cho‘qqilarini uchirib yubordi-yu, Yodgor bu ishni qila olmadi. Chunki Yodgor, o‘z navbatida, Hakimbekning merosxo‘ri bo‘lsa-da, hali Hakimbek tirik edi. Uning davlatni boshqarish huquqi to‘la tasdiqlanmagan edi. Shuning uchun ham Yodgor yoydan mutloq foydalana olishi mumkin bo‘lmadi. Shu o‘rinda yana bir savol tug‘iladi. Nima uchun yetti yil zindonda yotgan Alpomish yurtiga qaytganida Qultoyning oldiga kelib o‘zini tanitadi, ammo o‘z uyiga Qultoy qiyofasida borishga qaror qiladi? Gap shundaki, har bir rahbar, yurtning issiq-sovug‘iga mas'ul odam qaramog‘idagi odamlarning o‘ziga bo‘lgan munosabatini ikkinchi shaxsdan bilishi turli chalkashliklarga, noaniq ma'lumotlarga sabab bo‘ladi. Alpomish o‘zi chiqib ketgan Qo‘ng‘irot ahvolini bevosita o‘zi bilishga ahd qiladi. Aynan shundagina u do‘st va dushmanni aniq ajratish imkoniga ega bo‘ladi. «Alpomish» dostonidagi har bir ma'lumotni alohida e'tibor bilan qabul qilishga o‘rganishimiz kerak. Fozil Yo‘ldosh o‘g‘lidan yozib olingan matnda yechimini topishi lozim bo‘lgan lavhalar yetarli. Jumladan, har bir zamonda hayotda ro‘y berayotgan voqealarga, o‘zgarishlarga keksa avlod va yosh avlod o‘z o‘lchovi bilan yondashadi. Ko‘pincha otalarga kelajak avloddagi ko‘p xususiyatlar ma'qul bo‘lavermaydi. Bu an'ana yuzlab yillar davomida jamiyat taraqqiyotida aniq kuzatilmoqda. Buni qarangki, «Alpomish» dostonida ham xuddi shunga o‘xshagan holatga guvoh bo‘lamiz. O‘zingiz fikr yuritib ko‘ring: Hakimbek bilan Boybo‘ri qatnashgan suhbatda zakot muammosi paydo bo‘ladi. Boybo‘ri bilan Boysari o‘rtasidagi nizo zakotdan boshlanadi. Agar Boybo‘ri zakotning bu qadar yechimi og‘ir muammo ekanini dastlab bilganida, tinchgina hayotni loyqalatishga jur'at etmasdi. Aslini olganda, Alpomish yorug‘ dunyoga mana shu zakotni o‘ylab topish uchun kelgan. Boysari esa, keksalar vakili sifatida zakotni ma'qul ko‘rmaydi: u uka bo‘lsa ham o‘zini Boybo‘riga teng deb biladi. Zakot bu huquqdan uni ayirmoqchi. Nafsoniyati toptalgan deb hisoblagan Boysari Qalmoq yurtiga ko‘chmoqchi. Qizig‘i shundaki, o‘n ming uyli qarindoshdan bironta odam Boysariga e'tiroz bildirmaydi. Faqat Barchin onasiga: Xo‘ja kelsa chiqar murid naziri, Xotin bo‘lmasmikan erning vaziri?! Er deganning aqlin olmas bo‘lurmi, Aldab-aldab yo‘lga solmas bo‘lurmi, Biy otamman biy boboma na bo‘ldi, - deb hijratga qarshi chiqadi. Shunday qilib, Barchin o‘zining Alpomish tarafida ekanini ko‘rsatadi. Bu vaziyat dostonning boshlanishida qayd etilgani bilan shoirning esidan chiqib ketmaydi. Barchin o‘zga yurtdan Hakimbekdan o‘zini qalmoqlardan qutqarishni so‘rab xat yozganida Boybo‘ri endi otalar avlodidan ekanini tan oladi. U xatni sandiqqa yashiradi va xat olib kelgan karvonga bu haqda hech kimga og‘iz ochmaslikni tayinlaydi. Ammo taqdir o‘z hukmini bu yerda ham o‘tkazadi: xatni sandiqdan Qaldirg‘och topib oladi va akasini safarga otlantiradi. Dostonni o‘qir ekanmiz, yana o‘ziga xos badiiy kashfiyot guvohiga aylanamiz. Endi Hakimbekning o‘zi ham Barchinoy oldiga butun vujudi bilan oshiqmayotgandek ko‘rinadi bizga. Badiiy kashfiyotning mohiyati ham shundaki, bu bahona bilan dostondagi harakat sur'atini Qaldirg‘och tezlatadi. U akasiga yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatib Barchinoyni olib kelishga undaydi. Hatto Hakimbekning or-nomusini, yigitlik g‘ururini ham o‘rtaga qo‘yadi. Natijada biz «zakot» tushunchasi bilan birlashgan uch yoshni yangilik tarafdorlari sifatida baholash uchun asosga ega bo‘lamiz: Hakimbek zakotni o‘ylab topdi; Barchinoy otasining zakot uchun o‘zga yurtga ko‘chishini ma'qul ko‘rmadi; Qaldirg‘och esa, akasini Barchinoy huzuriga borishga da'vat etdi. Ya'ni akasi Barchinoyga uylansa, ko‘chgan elni ham yurtiga qaytaradi va u eldan zakot olishni ham asoslaydi. Xullas, «Alpomish» dostoni xalq qahramonlik eposining yorqin namunasi bo‘lib, o‘zida o‘zbek xalqining avvallari turkiy qavmlar qatorida shakllanganini, keyinchalik alohida xalq sifatida rivoj topganini ifodalashi bilan qimmatlidir. Hech ikkilanmay aytish mumkinki, dostonda o‘zbekning tarixi haqiqiy ma'noda o‘zining badiiy aksini topgan. Adabiyot o‘qituvchisi doston yuzasidan o‘quvchilarga ma'lumot berishda dostonning bu xislatini nazarda tutib dars o‘tishi o‘quvchilar e'tiborini dostonga jalb etishda muhim ahamiyatga ega. Download 33.04 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling