Anatomiyadan amaliy
To’sh - o’mrov - so’rg’ichsimon sohasi. (reg. Sternocleideomas-toidea)
Download 0.82 Mb.
|
Topografik anatomiya va Operativ Xirurgiya
To’sh - o’mrov - so’rg’ichsimon sohasi. (reg. Sternocleideomas-toidea). Soha parallelogram shaklida bo’lib, uning chegarasi shu nomli mushakning joylashgan o’rniga to’g’ri keladi. Terisi yupqa, elastik, harakatchan, ter hamda yog’ bezlariga boydir. Teri osti yog’ to’qimasini, I bo’yin fastsiyasi ikki qismga: yuzaki hamda chuqur qismlarga bo’ladi. Uning chuqur qismidan yuzaki venalar va bo’yin chigalining teri tarmoqlari o’tadi.
Yuzaki fastsiya yaxshi rivojlangan, bo’yinning teri osti mushagiga qin hosil qiladi. Bu mushakning tolalari II qovurg’a ro’parasida ko’krak fastsiyalaridan boshlanib, yuqorida o’mrov suyagining ustidan o’tadi va to’sh - o’mrov - so’rg’ichsimon mushagi tolalarining yo’li bo’ylab o’tib, pastki jag’ga borib birikadi. Uning ayrim tolalari kulgi (m.risorius) hamda pastki labni pastga tortuvchi tortuvchi (m.depressor labii inferioris) mimika mushaklariga borib birikadi. Bu yerda birinchi fastsiyaning ostida tashqi bo’yinturuq venasi o’tadi. Vena pastki jag’ burchagining ro’parasida, ensa hamda quloq orqasi venalarining qo’shilishidan hosil bo’lib, jag’ orqasi venasi bilan qo’shilishadi. So’ngra pastga tushib, to’sh - o’mrov - so’rg’ichsimon mushagini ichkaridan tashqariga qarab o’rtasidan kesib o’tgach, mushak bo’ylab pastga yo’naladi va taxminan o’mrov suyagining o’rtasida II va III fastsiyalarni teshib o’tgach, o’mrov osti venasiga quyiladi. Ayrim vaqtlarda tashqi bo’yinturuq venasi ichki bo’yinturuq venasiga yoki o’mrov osti venasi bilan ichki bo’yinturuq venalari qo’shilishidan hosil bo’lgan burchakka ham ochilishi mumkin. Vagosimpatik blokadasini o’tkazish paytida, tashqi bo’yinturuq venasi igna sanchish joyini tanlash belgisini ham o’taydi. Sohaning teri ostki qavatidan bo’yin chigalining tolalari o’tadi. Bu chigaldan chiqqan nerv tolalari to’sh - o’mrov - so’rg’ichsimon mushagi o’rta qismining orsidan chiqib, yelpig’ich singari har tomonga tarqaladi. Bunda ensaning kichkina nervi (n.occipitalis minor) orqaga, ensa tomonga mushakning orqasi bo’ylab yuradi, quloq katta nervi (n.auricularis magnus) - tashqi bo’yinturuq venasining orqasi bo’ylab pastki jag’ning burchagiga qarab yuradi va o’zidan quloq oldi bezi terisiga sezuvchi tolani beradi, bo’yin ko’ndalang nervi (n.transverzus colli)ning yuqori va pastki tarmoqlari (r.r superioris et inferioris) mushakning ko’ndalangiga kesib o’tib, bo’yin terisini innervasiya qiladi, o’mrov usti nervlari (n.n. supraclavicularis)ning ichki medial tarmoqlari (r.r. supraclavicularis medialis) shu sohadagi terini qisman innervasiya qiladi. Yuqorida aytganimizdek, bo’yinning II fastsiyasi to’sh - o’mrov - so’rg’ichsimon mushagiga qin hosil qiladi. Qinning oldingi devori ancha qalin va mustahkam. Mushakning o’zi ikki oyoqchasi bilan to’sh hamda o’mrov suyaklaridan boshlanib, so’rg’ichsimon o’siqning orqa va yuqori cho’qqisiga birikadi. Uning qini ichki yuzasida teshiklar bo’lib, ularning ichidan mushakka shu nomli qon tomir va nervlar (a.sternocleidomastoidea - tashqi uyqu arteriyasidan) hamda qo’shimcha nerv (n. accessorius) o’tadi. Mushak qini orqa devorining ostida IV bo’yin fastsiyasining pariatal varag’iga o’ralgan katta qon tomir va nerv tutamlari yotadi. Bunda umumiy uyqu arteriyasi (a. carotis kommunis) ichkarida, ichki bo’yinturuq venasi (v. jugularis interna) – tashqarida, ularning o’rtasida va bir oz orqaroqda adashgan nerv, (n. vagus) joylashadi. Bulardan tashqari, bu yerdan til osti nervining chigali va limfa yo’li ham o’tadi. Bu qon tomir va nerv to’qimalari, to’sh - o’mrov – so’rg’ichsimon mushakka nisbatan uning yuqori uchligida – mushakning ichki sohasida, o’rta uchligida – uning ostida va pastki uchligida ikki oyoqchasining orasida joylashib, ularning yuqori qismini esa, bo’yin mushaklari va III fastsiya yopib turadi. Qon tomir va nerv tutamlarining o’rta qismini oldingi sohasi bo’ylab bo’yin qovuzlog’i (ansa cervicalis) o’tib, u yuqori va pastki tolalardan (radix superior et inferior) tashkil topib, ularning birinchisi umumiy uyqu arteriyasining oldingi yuzasi bo’ylab, til osti nervidan tushib keladi. Ikkinchisi esa, bo’yin chigalidan chiqib, ichki bo’yinturuq venasining tashqi sohasidan chiqib keladi. Bo’yin qovuzlog’ining qalqonsimon - til osti (r. thyrohyoideus) tarmog’i til osti suyagidan pastda joylashgan mushaklarni innervasiya qiladi. Ichki bo’yinturuq venasi bo’ylab limfa tugunlari joylashadi. Limfa suyuqliklari bu tugunlar orqali bo’yinturuq stvoliga (truncus jugularis) quyiladi. Umumiy uyqu arteriyasining orqasida, uning ikkiga bo’lgan joyidan yuqoriroqda, V bo’yin fastsiyasining orqasida simpatik poya (truncus sympaticus) o’tadi. Bu stvol bosh va bo’yinning uzun mushaklarning oldida yotib, ko’pincha to’rtta tugunni (yuqori, o’rta, oraliq va pastki) hosil qiladi. Ayrim vaqtlarda uchta tugunni hosil qilsa - da, yuqorigi va pastki tugunlari har doim bo’lib, o’rta va oraliq tugunlari esa – doimiy emas. Bo’yin yuqori tuguni (ganglion cervicale superius) – uzunligi 2 sm dan ko’proq bo’lib, kengligi 4 - 5 mm keladi. Bo’yi cho’zinchoq, urchuqqa o’xshagan bu tugun I va II bo’yin umurtqalari ko’ndalang o’siqchalarning oldingi tomonida joylashib, uning oldingi yuzasida ichki uyqu arteriyasi, orqasida esa, bo’yinning uzun mushagi (m. Longus colli) o’tadi. Tugunning ustki uchidan ichki uyqu arteriyasiga boruvchi nerv (n. croticus internus), pastki uchidan esa – navbatdagi (ikkinchi) tugun bilan qo’shadigan shox – (ramus interganglionaris) chiqadi. O’rta bo’yin tuguni (gang. cervicale medium) doimiy emas. U VI bo’yin umurtqasining ko’ndalang o’sig’i ro’parasida bo’yinning uzun mushagida (m. longus colli), qalqonsimon bezning pastki arteriyasi hosil qilgan ravoqqa tegib yotadi. Oraliq tugun (gang. intermedium) – VII bo’yin umurtqasining ro’parasida, umurtqa arteriyasining boshlanish qismi bilan umurtqa kanaliga kirish masofsianing o’rtasiga, uning oldingi yoki ichki sohasiga joylashadi. Pastki bo’yin tuguni (gang. cervicale inferiores) ham o’rta tugun kattaligida bo’lib, o’mrov osti arteriyasining orqasida joylashadi. Pastki bo’yin tuguni bilan ko’krak simpatik poyasining birinchi tuguni orasida bog’lanish bo’lib, bunga bo’yin – ko’krak tuguni (yulduzsimon tugun – gang. cervicothoracicum, s. stellatum) deyiladi. Bu tugun VII bo’yin umurtqasi bilan I qovurg’a ro’parasida, narvon umurtqa uchburchagi sohasida, bo’yinning uzun mushagiga tegib yotadi. U o’zidan VI –VII bo’yin nervlari bilan simpatak nervni o’zaro birlashtirib turadigan umurtqa nervi tarmog’ini beradi. Nomlari keltirilgan tugunlarning har qaysidan yurakka va bo’yin ichki a’zolariga tolalar ketadi. Bundan tashqari, ulardan adashgan nervga ham qo’shuvchi tarmoqlar boradi. Biz yuqorida bo’yin katta qon tomirlari, bo’yinning yuqori qismida to’sh-o’mrov-so’rg’ichsimon mushakning ichki tomonidan o’tadi deb aytgan edik. Umumiy uyqu arteriyasi bu sohada uyqu uchburchagidan o’tib, qalqonsimon tog’ayning ro’parasiga borganda, tashqi va ichki uyqu arteriya (a. carotis externa et interna) larga bo’linadi. Bular bir-birlaridan quyidagicha farq qilinadi: a) Ichki uyqu arteriyasi – tashqarida va chuqurroq joylashadi, tashqi uyqu arterichsi esa, aksincha – ichkarida va yuzaroq joylashadi; b) Ichki uyqu arteriyasi bo’yinda o’zidan tarmoq bermaydi, tashqi uyqu arteriyasi – bir qancha tarmoqlarni (qalqonsimon bezning ustki arteriyasi, til arteriyasi, yuz, jag’ arteriyalari va hokazo) beradi. Ichki bo’yinturuq venasi u yerda to’sh-o’mrov-so’rg’ichsimon mushagi bilan yopilib turadi. Umumiy uyqu arteriyasi bo’linish oldidan biroz kengayib qalinlashadi. Bu joyga shu arteriyaning piyozchasi (bulbus caroticum) deyilib, uning devorlarida karotid refleks zonasi joylashadi. Bu zona simpatik, adashgan va til - halqum (nn. simpaticus, vagus et glossopharyngeus) nervlarning shu joyga kelagan tarmoqlaridan hosil bo’lib, sinus caroticumni hosil qiladi va bosh miyaga boradigan qon tarkibi, xemo va baro reseptorlar ishini hamda qon bosimini tartibga solib turadi. Bu joyning qo’zg’alishi (har xil zarbalarda, travmalarda) bosh miyada qon bosimining keskin tushib ketishiga (kollaps holatiga), hatto ayrim vaqtlarga kishilarni o’limga ham olib kelishi mumkin. Umumiy uyqu arteriyasining bo’linish joyi oldindan yuz venasi va uning tarmoqlari (jag’ orqasi, qalqonsimon bez hamda hiqildoqning yuqori qismi va til venalari) bilan yopilib turadi. Ayrim vaqtlarda bu nervlar mustaqil ravishda ichki bo’yinturuq venasiga quyilsalar - da, o’zaro anastamozlar hosil qilib, uyqu qon tomirlarining oldingi sohasida qalin vena chigalini hosil qiladi. Shu vena chigalidan yuqoriroqda, uyqu qon tomirlaning oldidan, til osti nervi kesib o’tib, ikki qorinchali mushakning orqa qorinchasi tagidan, pastki jag’ osti uchburchagiga qarab yo’naladi. Undan umumiy uyqu arteriyasining oldingi sohasi bo’ylab, bo’yin nervining yuqori tarmog’i pastga qarab tushadi. Umumiy uyqu arteriyasidan ichkarida va chuqurlikda hiqildoq ustki nervi (n. laryngeus superior – adashgan nervning pastki tugunidan) o’tadi. Hiqildoq ustki nervi o’z navbatida ichki va tashqi tarmoqlarni (ramus internus et externus) beradi. Ichki tarmog’i sezuvchi tolalardan iborat bo’lib, qisman til ildizining va hiqildoq qopqog’ining shilliq qavatlarini innervasiya qiladi. Tashqi tarmoq esa, harakatlanuvchi tolalardan hosil bo’lib, yutqinning yon devori bo’ylab pastga tushadi va uzuk-qalqonsimon (n. cricotyroideus) hamda halqumni qisuvchi pastki (m. constriktor pharyngiz inferior) mushaklarni innervasiya qiladi. Bundan tashqari, hiqildoq ustki nervining tashqi tarmog’i Sion depressor nervi (n. depressor cordis) hosil bo’lishda qatnashadi. Bu nerv hiqildoqning ustki nervidan hamda adashgan nervdan chiqqan ikkita nerv tolalarining o’zaro qo’shilishidan hosil bo’ladi. Adashgan nervning yurakka boradigan boshqa nervlari qatorida bu depressor nervi, kekirdakning yon tomonidan o’tib, bo’yinda simpatik nerv bilan birga birlashadi va yurakka boradigan nerv chigallariga qo’shiladi. To’sh - o’mrov - so’rg’ichsimon mushakning pastki uchligida qon tomir va nervlar shu mushak hamda til osti suyagi tagidagi mushaklar bilan yopilib turganligi sababli ularga borish qiyin. Sohaning bu joyiga o’zining ancha katta tarmoqlari bilan o’mrov osti arteriyasi va venasi chiqadi. Bu yerda o’mrov osti venasi ichki bo’yinturuq venasi bilan qo’shilib, vena burchagini (Pirogov vena burchagi) hosil qiladi. To’sh - o’mrov - so’rg’ichsimon sohasining pastki qismida uchta bo’shliq;: narvon oldi (spatium antescalenum), narvonsimon mushaklar aro (spatium interscalenum) va narvon-umurtqa (spatium scaleno vertebralis) bo’shliqlari tafovut qilinadi. Bularning birinchisi, oldingi narvon mushagi bilan to’sh - o’mrov - so’rg’ichsimon mushaklari orasida hosil bo’ladi. Buning ichidan ko’ndalang yo’nalishda o’mrov osti venasi bilan kurak usti arteriyasi (a. superskapularis) o’tadi. Oldingi narvon mushakning tashqi qirrasi bo’ylab esa pastga, ichki qirrasiga qarab (V fastsiyasining ostidan) diafragma nervi (n. phrenicus) o’tadi. Keyinchalik bu nerv pastga yo’nalib, o’mrov osti arteriyasining oldindan ko’krak qafasiga o’tib ketadi. Oldingi narvon mushakning ichki yuzasida ichki byinturuq venasi (yuza hamda lateral holatda), umumiy uyqu arteriyasi (chuqur hamda medial holatda) va ularning orasida – adashgan nervlar joylashadi. Ichki bo’yinturuq venasining pastki qismi biroz kengaygan bo’lib, unga pastki piyozcha qismi (bulbus jugularis inferior) deyiladi. Bu kengaygan qism ko’krak-o’mrov birkmasi ro’parasida o’mrov osti venasi bilan qo’shilgach, yelka - bosh venasini (v. brachiocephalica) hosil qiladi. Bu vena burchagida ayrim vaqtlarida tashqi bo’yinturuq, kurak usti, pastki qalqonsimon bez va umurtqa venalari kelib qo’shiladi. Bundan tashqari, chap vena burchagiga ko’krak limfa yo’li (ductus thoracicus), o’ng vena burchagiga – o’ng limfa yo’li (ductus lyimphaticus dexter) ham kelib quyiladi. Bo’yindagi ko’krak limfa yo’liga bo’yinturuq (truncus jugularis), o’mrov osti (truncus subclavius) va bronx ko’ks (truncus bronchomediastinalis) limfa yo’llari quyiladi. Yuqorida aytilagan limfa yo’llari o’ng tomondan vena burchagiga yoki alohida-alohida yo’llar bilan o’ng limfa yo’liga quyiladi. Umumiy uyqu arteriyasi qalqonsimon bezning orqasiga tegib yotadi va o’zidan hyech qanday tarmoq bermaydi. Adashgan nerv o’ng tomonda, ko’krak qafasiga o’mrov osti arteriyasi va venasi orasidan, diafragma nervining medial tomonidan tushib keladi. O’mrov osti arteriyasining pastki sohasida u o’zidan hiqildoqning qaytuvchi nervi (n. laryngeus reccurens) ni beradi. Bu qaytuvchi nerv o’mrov osti arteriyasini pastdan va orqadan aylanib o’tgach, kekirdakning orqa yon tomonidan yuqoriga ko’tarilib, kekirdak va qizilo’ngach oralig’idagi bo’shliqda (sulcus tracheoeseophageus) yotib, o’z tarmoqlarini (rr. esophagei et trachealis) bergach, hiqildoqning pastki nervi (n. laryngeus inferior) nomi bilan tugaydi. Chap tomondagi adashgan nerv ko’krak qafasiga chap umumiy uyqu arteriyasi bilan chap o’mrov osti arteriyalari orasidan tushib keladi. Bunda oldindan uni chap yelka-bosh venasi o’rab turadi. Hiqildoqning qaytuvchi chap nervi, adashgan nervdan ko’krak qafasida chiqib, aorta yoyining pastki sohasida uni aylanib o’tadi va bo’yin sohasida kekirdak bilan qizilo’ngach orasidagi bo’shliqqa (sulcus tracheaesophageus) o’tadi. O’mrov osti arteriyasi narvon-o’mrov uchburchagidan so’ng narvonsimon mushaklar aro oraliqqa (spatium interscalenum) o’tadi. Uchburchakning chuqur sohasida bo’yin simpatik poyasining pastki tuguni yotadi. Yulduzsimon tugunchani oldingi yuzasiga o’mrov osti va umurtqu arteriyalari, pastki qismiga esa – plevraning gumbazi tegib turadi. Narvon-umurtqa uchburchagi narvon oldi va narvonsimon mushaklararo bo’shliqlarga nisbatan medial va chuqurda joylashgan bo’lib, plevra gumbaziga tegib turadi. Bu gumbazning yuqori qismida o’mrov osti arteriyasi o’tadi. Uchburchakning cho’qqisi uyqu do’ngligigacha boradi. Narvon-umurtqa uchburchagida o’zining tarmoqlari bilan o’mrov osti arteriya va simpatik poya o’tadi. Bu sohada o’mrov osti arteriyasidan quyidagi tarmoqlar chiqadi: umurtqa arteriyasi (a. vertebralis), ko’krak qafasining ichki arteriyasi (a. thoracica interna) va qalqonsimon-bo’yin stvoli (truncus thyrocervicalis). Qalqonsimon – bo’yin stvoli to’rtta tarmoqqa bo’linadi: a) qalqonsimon bezning pastki arteriyasi (a. thyroidea inferior). Bu arteriya aylanma yo’llar orqali oldin umurtqaarteriyasining oldiga o’tib, keyin umumiy uyqu arteriyasining orqasidan qalqonsimon bezning pastki qutbiga boradi; v) bo’yinning ko’tariluvchi arteriyasi (a. cervicalis ascendens) – narvon mushaklarning oldingi sohasi bo’ylab, diafragma nerviga parallel holatda ko’tariladi; s) bo’yinning yuza arteriyasi (a. cervicalis superficialis) – narvon oldi bo’shliqda diafragma nervini kesib o’tadi va d) kurak usti arteriyasi (a. suprascapularis) o’mrov suyagining orqasi bo’ylab narvon oldi bo’shliqqa kiradi hamda trapetsiyasimon mushak ostidan o’tib, kurakning orqa sohasiga chiqadi. Download 0.82 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling