Andijon 2016 Aka-uka Lyular (Xitoy xalq ertagi)
Download 152.56 Kb. Pdf ko'rish
|
- Bu sahifa navigatsiya:
- Andijon - 2016
Aka-uka Lyular (Xitoy xalq ertagi)
Qadim-qadim zamonlarda dengiz bo'yida Lyu ismli beshta aka-uka yashagan ekan. Aka-ukalar bir-birlariga shunchalar o'xshash ekan-ki, gohida ularni hatto onalari ham ajratolmay qolar ekan. Aka-ukalarning o'zlariga xos qobiliyatlari bor ekan. Lyu Birinchi dengizni bir tomchi ham qoldirmay sipqorib yubora olar ekan. U kerak bo'lsa dengiz suvini yana awalgi holiga qaytarar ekan. Lyu Ikkinchi olovdan zarracha cho'chimas ekan. Lyu Uchinchi oyoqlarini istagan joyga yetkaza olarkan. Lyu To'rtinchining a'zoi-badani temirdan ham qattiq ekan. Kenjatoy Lyu Beshinchi bo'lsa, jami parranda-yu darrandalaming tilini bilar ekan. Kunlardan bir kuni aka-ukalar yashayotgan joyga bos-qinchi bir hukmdor kelibdi. U o'rmon chetida poda boqib yurgan cho'pon bolani ko'rib qolibdi. Cho'pon Lyu Beshinchi ekan. O'sha paytda uning yonginasida tog" kiyigi uxlab yotgan ekan. Hukmdor kamon bilan kiyikni otmoqchi bo'Iibdi. Buni sezgan Lyu: — «Kiyikjon, o'zing-ni chtiyot qil!» — deb qichqirib jonivomi xavfdan ogoh qilibdi. Kiyik shu zahoti o'rmonga kirib yashirinibdi. Lyu Beshinchining bu ishidan g'azablangan hukmdor uni och yo'lbars yotgan qafasga tashlashlarini buyuribdi. Hukmdorning xizmatkorlari Lyuni qafasga tashlabdilar. Hayvon-lar tilini biladigan bolakay yo'lbars bilan tezda til topishibdi. Yo'lbars unga tirnoqcha ham ozor bermabdi. Bu holdan g'azablangan hukmdor Lyu Beshinchining boshini kesishga farmon beribdi. Bu farmon ertasi kuni tongda ijro etiladigan bo'Iibdi. Tutqinlikda yotgan Lyu Beshinchining oldiga yarim tunda akasi — Lyu To'rtinchi kelibdi. U hech kimga sezdirmay ukasini qafasdan chiqarib yuboribdi. Qorovullar aka-ukalar bir-birlariga nihoyatda o'xshash bo'lganliklari uchun hech narsaning farqiga borishmabdi. Erta tongda Lyu To'rtinchining boshini tanasi-dan judo qilish uchun uni shahardagi eng katta maydonga olib kelibdilar. Jallodning og'ir, o'tkir qilichi Lyuning temirdek qattiq bo'yniga zarb bilan tushibdi-yu, parcha-parcha bo'lib sinib ketibdi. Bundan hukmdorning rosa jahli chiqib, maxbusni baland cho'qqidan yerga tashlashga amr etibdi. Yarim kecha — hamma uxlagan paytda qamoqxonaga Lyu Uchinchi kirib kelibdi-da, ukasini ozodlikka chiqarib yuboribdi. Tongda jallodlar Lyu Uchinchini cho'qqidan pastga tash- lashibdi. Lyuning biron yeri lat yemay yerga soppa-sog' tushibdi. Achchiqlanganidan hukmdorning yuzi ko'karib ketibdi. U qasoskor Lyuni endi o'tda kuydirmoqchi bo'Iibdi. Lyu Uchinchiningo'rnini olovdan qo'rqmaydigan Lyu Ikkinchi egallabdi. Lyu Ikkinchini o'tga tashlabdilar.
G'o'lalar yonib tugabdi hamki, Lyu Ikkinchi kuymas emish. Hukmdor o'ylab- o'ylab Lyu Ikkinchini dengizga cho'ktir-moqchi bo'Iibdi. Har galgidek bu safar ham qorovullar payqamaydigan voqea sodir bo'Iibdi. Lyu Ikkinchining o'rniga Lyu Birinchi borib, uni qamoqdan chiqarib yuboribdi. Ertasi kuni hukmdor amaldorlari bilan uni kemaga olib chiqibdilar. Kema dengizning o'rtasiga suzib borgach, Lyu Birinchining bo'yniga og'ir tosh bog'-lashib, uni dengizning eng chuqur joyiga irg'itib yuboribdilar. Lyu Birinchi dengizga tushgan zahoti suvni icha boshlabdi. Hash-pash deguncha dengizning tubi ko'rinib qolibdi. Hukmdor va uning mulozimlari o'tirgan kema balchiqqa botibdi. Lyu Birinchi bo'yniga bog'langan og'ir toshni yechibdi-da, qirg'oqqa chiqibdi. So'ng dengiz suvini yana o'z joyiga qaytarishga tushibdi. Johil hukmdor va uning ayonlari shu tariqa dengiz ostida qolib ketishibdi. Xalq bosqinchi hukmdordan qutulganidan behad shodlanib, yengilmas aka-ukalarni olqishlabdi.
Qizcha va uyqu Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, uzoq o‘tmishdamas, yaqin zamonda bir qizcha bo‘lgan ekan. Uning xayollari ham o‘ziga o‘xshamagan g‘aroyib ekan. Qizchaning bu dunyoda yakkayu yagona yaqini – uning dadasi ekan. Dadasi uzun oqshomlar unga har kuni ertak va rivoyatlar aytib berar, qizcha esa: “Yana aytib bering”, – deb tinglayverishni xush ko‘rarkan. Dadasining ertaklari hech tugamagani kabi qizchaning yuragi ham ertakka to‘ymas ekan. Ertaklari cho‘zilgandan- cho‘zilar, qizcha esa hech uxlay demaskan. “Uxla!”, – deyilgan xitobga “Uyqum kelmayapti”, – deb xarxasha qilishdan charchamas ekan. Ana shunday sirli oqshomlarning birida tuyqus uyquning qanday bo‘lishi haqida o‘ylay boshlabdi. – Dada, dadajon, uyqu qanday odam? U yosh shahzodami, yo oppoq soqollari uzun, oq yaktak kiyib olib, salla o‘ragan chol-bobomi? – deb so‘rabdi qizcha. – Mana shu chiroyli ko‘zchalaringni yumsang, uning qanday ekanligini ko‘rib-bilib olasan, – debdi otasi. Qizcha otasining javobidan qanoatlanmabdi, uni yana savolga tutibdi: – Uyqu bobo qayerdan keladi: mashinadanmi, uchar otdanmi yoki piyoda?
Qizcha hali savollariga javob olib ulgurmasdan, yana bir necha savolni qalashtirib tashlabdi: – Agar u piyoda keladigan bo‘lsa, yer yuzida qancha bolalar bor, hammasining yotog‘iga bir kechada kirishga ulgurmaydi-ku?! Uning chiroyli etikchasi bo‘lsa kerak-a, agar kelsa, albatta so‘rab olardim, – deya qizcha shirin xayollarga berilibdi. Qizcha har kecha shunday, uyqu boboni kutarkan, ertalab uyg‘ongach, uni ko‘rolmay uxlab qolganiga qattiq o‘kinarkan. Qizining tobora kam uyqu bo‘lib borayotganini ko‘rgan dadasi
bir kuni
shunday debdi:
– Qizim, agar shunday – quloqsizlarcha Uyqu boboni kutib, uxlamay yotaversang, u sendan qattiq xafa bo‘ladi. Chunki u o‘zini poylayotgan bolalarni xush ko‘rmaydi. Xafa bo‘lgach bizning uyga umuman kelmay qo‘yadi. – Kelmay qo‘ysa, nima bo‘ladi? – xavotirlanib so‘rabdi qizcha. – Kelmasa, sochlaring, bo‘ying ham o‘smaydi. A’lo baholar ololmaysan. Hatto quyosh, Oy, Yulduzlar ham sendan arazlab qoladi. Chunki ular Uyqu bobo bilan juda qadrdon-da. Oradan kunlar, oylar va hatto yillar o‘tibdi. Qizcha biron marta ham Uyqu boboni uchratmabdi. Uning sehrli etikchasini olish haqidagi shirin xayollari esa aslo tark etmaydi. Qizcha haliyam Uyqu boboni ko‘rish orzularidan voz kechmay yashayotgan ekan.
Donishmand cho‘pon O‘tgan zamonda bir podsho bo‘lgan ekan. U hamma narsadan ham otni yaxshi ko‘rar ekan. Kunlardan bir kun, podsho otxonaga kirib qarasa, otlari ancha oriqlab qolgan emish. Podsho otboqarini chaqirib: — Otlar nima uchun oriqlab qoldi? — deb so‘rabdi. Otboqar podshoning g‘azabidan qo‘rqib: — E janobi oliylari, otlaringiz bir necha kundan buyon yem-beda yemay, zo‘r berib kishnaydilar. Shahardan chetroqda boshqa otlar bo‘lsa kerak. O‘sha otlarning ovoziga bular beda yemasdan qo‘ygan bo‘lsalar kerak, deb o‘ylayman, — debdi Podsho o‘ng qo‘l vazirini chaqirib: — E dono vazir, navkarlar bilan shahar tashqarisiga chiq, boshqa otlarni kishnab otlarimning tinchligini buzmaydigan qilib kel! — debdi. Vazir podshoga ta’zim qilib: — E, podshohim, farmoningiz bekamu ko‘st o‘z yerida qaror topgay, — deb navkarlari bilan shahardan tashqariga chiqib ketibdi, yurib-yurib,
shahardan yigirma-o‘ttiz chaqirim narida bo‘lgan bir toqqa yetibdi. Toqqa chiqib ko‘rsalar, bir cho‘pon yilqilarini o‘tloqqa qo‘yib, o‘zi bir katta xarsang toshning ustida cho‘zilib yotgan emish. Vazir cho‘ponning oldiga borib:
— E, ahmoq cho‘pon, hamma yilqilaringni o‘tloqqa qo‘yib yuborib, kishnatib, ularning ovoziga mast bo‘lib yotibsan. Shaharda bo‘lsa sening otlaringning kishnashini eshitib, podshoning otlari beda yemay ozib qolmoqda. Men senga tezda otlaringning og‘izlarini bog‘lab qo‘yishni buyuraman. Agarda buyrug‘imdan bo‘yin tovlar ekansan o‘zingni jallodga, otlaringni podshoga tortiq qilaman, — debdi. Cho‘pon hayron bo‘lib, noiloj vazirning aytganlarini qilishga majbur bo‘libdi, yilqilarning og‘izlarini latta bilan bog‘labdi. Keyin otlarini bu falokatdan qutqazish yo‘lini o‘ylab, u bir qarorga kelibdi. Yaylovda yurgan bir katta tuyani va soqoli ikki qarich keladigan bir takani ushlab kelib, dadasidan qolgan bir eski kamon bilan o‘qlarini olib, shaharga qarab ravona bo‘libdi. Cho‘pon shahar qal’asidan ichkariga kirib, rastaga boribdi. Rastada nog‘ora chalib o‘tirganlarning nog‘orasini otib yora beribdi. Nog‘orachilar cho‘ponning bu ishidan sarosimaga tushibdilar, o‘rdaga borib cho‘ponning ustidan arz qilibdilar. Podsho o‘z yonidagi vaziriga cho‘ponni ushlab, huzuriga keltirishni buyuribdi. Vazir navkarlar bilan shahar bozoriga borib qarasa, tuyaga minib, bir takani o‘ngarib olgan bir cho‘pon yigit duch kelgan nog‘orani kamon bilan otib yorayotgan emish. Vazir navkarlariga: — Bu beboshni ushlanglar! — deb buyuribdi. Navkarlar cho‘ponni tuyadan tushirib, qo‘lini orqasiga bog‘lab, tuyasi bilan takasini yetaklab, podsho huzuriga olib kelibdilar Podsho cho‘pondan: — Sen kimsan, nima uchun shahar nog‘orachilarining og‘oralarini otayotibsan? — deb so‘rabdi. Cho‘pon: — Men shahar yaqinidagi tog‘da yashovchi xalqdan elchi bo‘lib keldim, - debdi
Podsho cho‘ponning ustidagi eski choponiga, oyog‘idagi yirtiq chorig‘iga tikilib, elchiligiga ishonmabdi:
— Elchilik qilishga sendan boshqa tuzukroq odam yo‘q ekanmi? — debdi. Cho‘pon hayron bo‘lib, podshodan so‘rabdi: — Sizga qanday tuzukroq odam kerak? Men ham oyoq-qo‘lli odamman-ku, — debdi. Podsho g‘azablanib: — Men sendan kiyimi yangiroq, bo‘yi balandroq, soqoli uzunroq odam yo‘q edimi, deb so‘rayapman, — debdi. Cho‘pon javob berib: — Sizga bo‘yi baland, kiyimi yangirog‘i kerak bo‘lsa, mana mening tuyam, u yaqinda tullagan, bo‘yi ham baland. Agarda soqoli uzunrog‘i kerak bo‘lsa, mana mening takam, naq soqoli ikki qarich. Agar sizga aqlliroq odam kerak bo‘lsa, mana mening o‘zim. Menga har qancha savolingiz bo‘lsa beravering, — debdi. Podsho cho‘ponning bu javobidan keyin: «— Hay mayli, bo‘lmasa sen elchi ekansan, nima uchun shahardagi nog‘oralarni yorib tashlading? — deb so‘rabdi. Cho‘pon: — Shaharingizda har kuni nog‘ora chalinadi. Nog‘ora ovoziga bizning yaylovdagi yilqilarimiz hurkib, tek turmay qo‘ydilar. Nog‘oralarning ovozini o‘chirsam zora yilqilarim tek tursalar, deb ko‘ringan nog‘oralarni yora berdim, — debdi. Podsho cho‘ponning javobidan kulib: — Shahardan yigirma-o‘ttiz chaqirim uzoqda bo‘lgan otlarning nog‘ora ovoziga tek turmasliklari hech aqlga to‘g‘ri keladimi? Bu bo‘lmagan gap, — debdi. Cho‘pon ham podshodan: — Shahardan yigirma-o‘ttiz chaqirim narida bo‘lgan otlarning kishnashiga shahardagi otlarning beda yemasdan oriqlashlari hech aqlga to‘g‘ri keladimi? — debdi. Podshoning o‘ng qo‘l vaziriga bergan buyrug‘i esiga tushibdi. Bu cho‘ponni so‘z bilan yenga olmasligiga aqli yetib, cho‘ponga: — Tila tilagingni! — debdi. Cho‘pon: — Agar loyiq ko‘rsangiz, menga shu shahardan besh ho‘kiz terisidek yer bersangiz, — debdi. Podsho cho‘ponning tilagini nazariga ilmay, munshisiga qarab: — Bu cho‘ponning nomiga mening tarafimdan «besh ho‘kiz terisidek yer berilsin», deb vasiqa qilib ber! — debdi. Munshi vasiqa yozib muhrlatib beribdi. Cho‘pon vasiqani olib uyga qaytibdi. Cho‘pon o‘zi singari uch-to‘rtta do‘stini yig‘ib, ularga bo‘lgan voqeani aytib berib, so‘ngra: — Endi men bir ish qilaman, hamma hayron qoladi, — debdi. Cho‘ponning o‘rtoqlari: — Qanday ish qilmoqchisan? — deb so‘rabdilar. Cho‘pon:
— Hammamiz bir bo‘lib, beshta ho‘kiz topishimiz kerak. So‘ngra men sizlarga qiladigan ishimni aytaman, — debdi. Cho‘ponlar bittadan ho‘kiz olib kelibdilar. Beshta ho‘kizni so‘yishibdi. Terilarni bir chekkasidan kanop ip qalinligida qilib qirqibdilar. Teri iplar tayyor bo‘lgandan keyin, iplar bilan birga bir qancha qoziqchalar olib shahar qal’asiga kelishibdi. Qal’a bo‘ylab qoziqlarni qoqib qoziqlarga teri iplari bog‘lab, shaharni aylantirib chiqibdilar. Besh ho‘kiz terisidan qilingan ip shaharni aylantirib chiqishga yetibdi-yu, shu bilan tamom bo‘libdi.
Cho‘pon o‘rtoqlari bilan shu ishlarni qilib bo‘lgandan keyin qo‘liga podsho tomonidan berilgan vasiqani olib, podsho oldiga boribdi. Cho‘pon ta’zimni bajo keltirgach, podshoga qarab: — Ey podsho, o‘z farmoningizdan qaytmaysizmi? — debdi. Podsho: — Muhrim bo‘lsa qaytmayman, — debdi. Cho‘pon qo‘lidagi vasiqani ko‘rsatib: — Mana shu vosiqaga binoan shu shahar butun xalqi bilan meniki bo‘ldi, — debdi. Podsho hayron bo‘lib: — Bu so‘zni qanday asos bilan aytasan? — debdi. Cho‘pon javob berib: — Agar mening asosimni o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rishni istasangiz men bilan shahar tashqarisiga chiqing, — debdi. Podsho cho‘ponning so‘zini qabul qilib, butun amaldorlari bilan shahar qal’asiga chiqibdi. Podsho cho‘ponga. — Qani, asosingni ko‘rsat? — debdi. Cho‘pon podshoni boshlab shahar qal’asini aylantirib, teridan qilingan iplarni ko‘rsatib, shaharni aylanib chiqqanlaridan so‘ng, o‘rtoqlariga hamma teri iplarni yig‘ishtirib chiqishni buyuribdi. O‘rtoqlari iplarni yig‘ishtirib kelgandan so‘ng, cho‘pon har bir ho‘kiz terisining rangiga qarab boshqa- boshqa qilib ajratib, teri iplarni qirqilib olingan joylariga qo‘yib, har bir ho‘kiz terisini o‘z holiga keltirib podshoga ko‘rsatibdi. Podsho cho‘ponning aqliga qoyil qolib, o‘zining bergan vasiqasini qaytarib olishga amaldorlardan uyalib, cho‘ponga: — Bor, senga shu shaharni berdim, — deb o‘zi shahardan cho‘l tomonga chiqib ketibdi. Podsho amaldorlari o‘sha yerda cho‘ponga podsholik tojini kiydirib, karnay-surnaylar chaldirib, o‘rdaga kelishibdi. Shunday qilib cho‘pon shaharga podsho bo‘libdi. Yordamlashgan to‘rtta cho‘ponni o‘ziga yordamchi qilib, ularni yaramas amaldorlar o‘rniga tayinlabdi. Zindonda yotgan begunoh kambag‘allarni ozod qilibdi. O‘zi odil podsho bo‘lib, murod-maqsadiga yetibdi. Mushukning tushi Eshikni tashqaridan bir-ikki qirtillatib qo‘ygach, xonaga lapshaygan bir Sichqon kirib keldi. “Iya!” deb yubordi Mushuk. – Oqsoqol sizmisiz? – deya chiyilladi Sichqon. – Sizga
arzim bor.
– Arzing bo‘lsa, sal beriroq kelib gapirgin-da, – uni tappa bosishga shaylanib ming‘illadi Mushuk. Keyin Sichqonning: “Qo‘shnim bilan janjallashib qoluvdik”, degan so‘zini eshitib shashtidan qaytdi. – Nima, u seni nohaq do‘pposladimi? – yalanib so‘radi Mushuk. – Qani, o‘sha zo‘ravonni buyoqqa chaqirib kel-chi. – Do‘pposlagani yo’g‘-u, ko‘pchilikning ichida meni bekordan bekorga haqorat qildi, – yig‘lamsirab dardini aytdi Sichqon. – Ie, hali guvohlar ham bor degin? – sevinib ketdi Mushuk. – O‘zing bilasan, hamma ishda haqiqat bo‘lgani yaxshi. Masalani adolatli hal qilish uchun
o‘sha guvohlarni ham olib
kelishing kerak
bo‘ladi.
Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, nodon shikoyatchi to‘rt-beshta sichqonni ergashtirganicha “oqsoqol”ning huzuriga kirib keldi. Mushuk muloyimlik bilan ularni o‘tirishga taklif qilib, asta eshik tomonga o‘tdi. So‘ng kutilmaganda, shosha-pisha eshikka tamba urib, laqmalarni xona ichiga qamab oldi... Agar u uyg‘onib ketmaganida, rosa-a mazza qilgan bo‘lardi-da.
Tulkiboy Bir kuni tulkiboy changalzorda ovqat qidirib yurib, bir angishvona topib olibdi. Tulkiboy yurib-yurib bir kampirning uyiga kelib qolibdi. Kampirni ko‘rib: — Ona, senga shu angishvonani ertagacha qoldirib ketaman, ertalab kelib olaman, — deb chiqib ketibdi. O’zi eshikning tirqishidan kampirning angishvonani qaerga qo‘yganini ko‘rib olibdi. Tulkiboy kampir uxlagandan keyin sekin uyga kirib angishvonani qo‘ygan joyidan olib chiqib ketibdi. Ertasi kampir shoshib-pishib qatlama pishirib turganda, Tulkiboy kirib kelibdi. Ona, kechagi omonat qoldirib ketgan angishvonani bering, — debdi. Kampir yugurib uyga kirib, angishvonani qo‘ygan joyidan topa olmabdi. — Tulkiboy, angishvonang qo‘ygan joyimda yo‘q, yo‘qolib qolibdi, — debdi. Tulkiboy: Topib berasiz, topib bermaganingizga qo‘ymayman, — debdi. Kampir:
— Yo‘qolgan narsani qaerdan topib beraman, o‘rniga qirq qatlama beraman, — debdi. Tulkiboy «xo‘p» deb, qirqta qatlamani olib tashqariga chiqqanidan keyin:
«Bir angishvona, bir angishvonaga qirq qatlama» deb jo‘nabdi. Yo‘lda ketayotsa, bir oq echki boqib yurgan kampirni ko‘ribdi. Tulkiboy kampirga: — Ona, shu qirqta qatlamani ertagacha omonat olib qo‘ying. Ertalab kelib olaman, — debdi. Kampir qirqta qatlamani uyiga olib kirib ko‘rpaning qatiga bekitib qo‘yibdi Tulkiboy yana eshik tirqishidan mo‘ralab turib qatlama qo‘yilgan joyni ko‘rib olibdi. Kampir kechasi uxlaganda kelib, sekin kampirning uyiga kirib qirqta qatlamani bitta ham qoldirmay yeb ketibdi. Ertasi ertalab kelib: — Ona, kechagi omonat qoldirib ketgan qirq qatlamani olib bering, — debdi.Kampir uyiga kirib ko‘rpasining qatini qarasa, bitta ham qatlama qolmabdi. Kampir: — Tulkiboy, qo‘ygan joyimdan qatlamalaring yo‘qolib qolibdi, — debdi.
Tulkiboy: — Topib berasiz, topib bermaganingizga qo‘ymayman, — debdi. Kampir tulkiboydan qo‘rqib: — Bisotimda bir donagina oq echkim bor, qirq qatlamang o‘rniga shuni berayin, — debdi. Tulkiboy oq echkini yetaklab, xursand bo‘lib: «Bir angishvona, bir angishvonaga qirq qatlama, qirq qatlamaga oq echki» deb jo‘nabdi. Tulkiboy oq echkini yetaklab ketayotsa, bir nor tuya boqib yurgan cholni ko‘ribdi. Tulkiboy cholga yaqin kelib: — Ota, ertagacha mana shu echkini sizga omonat qoldirib ketaman, ertaga kelib olaman, — debdi. Chol «xo‘p» deb echkini hovlisiga olib kirib bog‘lab qo‘yibdi. Kechasi chol uxlaganida tulkiboy kelib, oq echkini yeb, terisini qoldirib ketibdi. Ertasi tulkiboy cholning oldiga kelib: — Ota, kecha qoldirib ketgan omonat oq echkini bering, — debdi. Chol tulkiga: — Kechasi echkini bo‘ri yeb, terisini qoldirib ketibdi, — debdi. Tulkiboy: — Echkini topib berasiz, topib bermaganingizga qo‘ymayman, — debdi. Chol:
— Bisotimda birgina nor tuyam bor, oq echkining o‘rniga beraman, — debdi.
Tulkiboy nor tuyani yetaklab: «Bir angishvona, bir angishvonaga qirq qatlama, qirq qatlamaga oq echki, oq echkiga nor tuya» deb, xursand bo‘lib jo‘nabdi.
Tulkiboy nor tuyani yetaklab yurib, qizi bilan ip yigirib o‘tirgan kampirga uchrabdi. Tulkiboy: — Ona, mana shu nor tuyani ertagacha sizga omonat qoldirib ketaman, erta bilan kelib olaman, — debdi. Kampir nor tuyani hovlisiga olib kirib bog‘lab qo‘yibdi. Kechasi kampir uxlaganda, tulkiboy nor tuyani hovlidan olib chiqib, bir changanlzorga olib borib qo‘yibdi, ertasi kampirning oldiga kelib: — Ona, kechagi qo‘yib ketgan omonat nor tuyani bering, — debdi. Kampir qarasa, nor tuya bog‘langan joyida yo‘q, axtarib topa olmabdi. Tulkiboy: — Topib berasiz, topib bermaganingizga qo‘ymayman, — debdi. Kampir tulkidan qo‘rqib: — Nor tuyang o‘rniga berishga hech qanday molim yo‘q. Birgina oydin qizim bor, ona-bola ip yigirib kun kechiramiz, — debdi. Tulkiboy: — Nor tuyam o‘rniga shu oydin qizingizni bering. Bermasangiz, ona- bola ikkovingizni ham yeb ketaman, — debdi. Kampir nochor, noiloj, yolg‘izgina oydin qizini tulkiboyga beribdi. Tulkiboy oydin qizni olib xursand bo‘lib kampirga qarab: «Bir angishvona, bir angishvonaga qirq qatlama, qirq qatlamaga oq echki, oq echkiga nor tuya, nor tuyaga oydin qiz» deb, oydin qizni qopga solib, qopning og‘zini bo‘g‘ib, orqasiga ko‘tarib jo‘nabdi. Bir to‘qaydan o‘tib ketayotsa, uzoqdan itini yetaklab kelayotgan bir ovchi ko‘rinibdi. Tulkiboy orqasidagi qopni yerga qo‘yib, o‘zi bekinibdi. Ovchi kelib qopni ochib qarasa, ichida bir qiz o‘tirgan ekan. Ovchi qopdan qizni chiqarib olib, qiz o‘rniga itini qopga solib og‘zini bo‘g‘ib boylab qo‘yibdi. Ovchi ketgandan keyin tulkiboy kelib «ovchidan qutilib qoldim» deb suyunib, qopni orqalab jo‘nabdi Yo‘lda ketayotsa, qopning ichidan ovoz chiqibdi. Tulkiboy: «Yig‘lama oydin qiz, yig‘lama, hozir uyga yetamiz» deb, qadamini ildam tashlab uyga yetib kelibdi. Qopning ichidan yana ovoz kelibdi. Tulkiboy: «Oydin qiz, qopning ichida zerikkanga o‘xshaysan. «Bir angishvona, bir angishvonaga qirq qatlama, qirq qatlamaga oq echki, oq echkiga nor tuya, nor tuyaga oydin qiz chiq!» deb qopning og‘zini ochibdi. Qopning ichidan quloqlarini shalpaytirib ovchining iti chiqibdi. Oydin qiz chiqishini kutgan tulkiboy ovchi itning haybatini ko‘rib qochib ketibdi. It tulkining ketidan quvlab ketibdi. Tulki o‘zini bir shudgor tomonga olibdi. Tulki yugurib ketayotib quyon tutish uchun qo‘yilgan qopqonga tushib qolibdi. Qopqonning egasi kelib tulkining terisini shilib olibdi.
chko`z qushcha (Tayland ertagi)
Bir zamonlarda jarangdor ovozli kichkina qushcha bo`lgan ekan. Uning nomi “Bu meniki” ekan, chunki u har safar qir-adir va
daryolar ustidan
uchib o`tayotib: – Bu meniki, bu meniki! – deya chirqillarkan. Bir kuni qushcha osmonda uchib borayotib mevasi g`arq pishib yotgan bir daraxtga ko`zi tushibdi. Daraxtning mevasi shunchalik ko`p ekanki, qushcha ularni bir o`zi bir yilda ham yeb bitira olmasligi aniq ekan. Buning ustiga daraxtning yon atrofida birorta ham qush zoti ko`rinmas ekan.
Qushcha o`zining bunday topilmasidan behad xursand bo`lib, o`sha daraxt shoxiga kelib qo`nibdi. U shoxdan-shoxga sakrab, mevalarni cho`qib yeya boshlabdi va tez orada qorni to`yib qolibdi. Biroq bu daraxtni boshqa qushlar ham ko`rib qolib, uning mazali mevalarini yeb tugatishlaridan juda xavotirlanibdi. Qushcha qo`rquvga chiday olmay, ovozining boricha: – Bu meniki, bu meniki, bu meniki! – deya chirqillabdi. Qushcha shunchalik qattiq chirqillabdiki, uning ovozini tevarak atrofdagi qushlarning hammasi eshitibdi. Ular biror hodisa yuz bermadimikin degan xayolda zum o`tmay o`sha yerga uchib kelishibdi. Qushlar bu yerda ajoyib, mazali mevalar g`arq pishib yotganini ko`rishibdiyu yoprilib mevalarga o`zlarini urishibdi. Birpasda hamma mevalarni cho`qilab yeb tugatishibdi-da, yana qaytib uchib ketishibdi. Mittigina ochko`z qushcha ship-shiydam bo`lgan daraxt atrofida chir aylangancha: – Bu meniki, bu meniki! – deb chirqillab qolaveribdi. Aytishlaricha, mitti qushcha daraxt atrofida hali ham aylanib yurganmish.
Tipratikan va Quyon Quyoshli kunlarning birida Tipratikanboy o‘z uyi oldida qo‘shiq aytib o‘ynab yurardi. O‘ynab-o‘ynab uning xayoliga bir fikr kelibdi: “Bir dalamdan xabar olib kelay-chi, sabzilarim ham pishib qolgandir”. Shunday qilib
Tipratikanboy yo‘lga
tushibdi. Yo‘lda Quyonvoyga duch kelibdi. Tipratikan qo‘lini
ko‘ksiga qo‘yib:
– Assalomu alaykum, Quyonvoy. Yaxshi yuribsizmi? – debdi. Quyonvoy juda mag‘rur
va gerdaygan ekan. U salomlashish o‘rniga boshini qimirlatib qo‘yibdi, xolos. – Ha, ertalabdan dalada nima qilib yuribsan? – Bir aylanib kelay degandim, – javob beribdi Tipratikanboy. – Aylanib kelay degandim? Bu kalta oyoqlaringda qayoqqa ham bora olarding? – mazax qilibdi uni Quyonvoy. Bu gapdan Tipratikanboy hafa bo‘libdi. U haqiqatan kalta oyoqlari haqida gapirishlarini yoqtirmas ekan-da. – Nima, sen oyoqlarim tez yuguradi, deb o‘ylaysanmi? – Albatta, – debdi Quyonboy. – Men bilan bir poyga o‘ynamaysanmi? – debdi Tipratikanboy. – Sen bilan poyga? Shu qiyshiq oyoqlaringda mendan o‘zib ketmoqchimisan? – Mana ko‘rasan, o‘zib ketaman, – debdi Tipratikanboy ishonch bilan. – Bo‘pti poyga o‘ynaymiz, – rozi bo‘libdi quyonboy. – Shoshmay tur, men uyga borib, choy-poy ichib, yarim soatdan keyin qaytaman. O‘shanda yuguramiz, bo‘ptimi? – Kelishdik. Tipratikanboy uyiga ketayotib: “Albatta, Quyonboy mendan tez yuguradi, ammo men uni hiyla bilan yutishim mumkin”, deb o‘ylabdi. Uyiga kelgan Tipratikanboy: – Onasi, men bilan dalaga borishingga to‘g‘ri kelib qoldi, – debdi. – Nima bo‘ldi? – Quyonvoy bilan kim tez yugurishi haqida bahslashib qoldik. Uni yutishimda menga sening yordaming kerak. – Aqldan ozdingizmi? – debdi Tipratikanoy. – Quyon sizdan tez yuguradi-ku? – Men uni bir hiyla ishlatib yutaman, qani ketdik. Yo‘l-yo‘lakay Tipratikanboy Tipratikanoyga o‘z rejasini tushuntirib ketibdi: – Biz mana bu tepalikdan, anavi uzoqdagi daraxtgacha yuguramiz. Sen daraxtning ortiga berkinib olgin. Quyonvoy yaqinlashgach berkingan joyingdan chiqib: “Men shu yerdaman” deb aytgin. Tushundingmi? – Tushundim, – debdi Tipratikanoy. Shunday qilib,
Tipratikanoy daraxt
oldiga ketibdi. Tipratikanboy esa Quyonvoy turgan tepalik yoniga kelibdi. – Xo‘sh, boshlaysizmi? – so‘rabdi kulimsirab Quyonvoy. – Boshlaymiz, – javob beribdi Tipratikanboy.
Ular tepalik yoniga borib turishibdi. – Bir, ikki, uch! – baqiribdi Quyonboy. Ular uzoqdan ko‘rinib turgan daraxt tomon chopib ketishibdi. Tipratikanboy besh-olti qadam yurib to‘xtabdi va tepalik yoniga qaytib kelib o‘tiribdi. Quyonboy esa uni ko‘rmay, daraxt tomon chopib boribdi. Uni Tipratikanoy: – Men shu yerdaman, – deb kutib olibdi. Tipratikanoy Tipratikanboyga juda o‘xshagani uchun Quyonvoy tanimabdi va Tipratikanboyning o‘zidan o‘zib ketganiga hayron bo‘libdi. – Endi orqaga yuguramiz, – debdi u. – Bir, ikki, uch! Quyonvoy avvalgidan ham tezroq yuguribdi. Tipratikanoy esa daraxt oldida qolibdi. Quyonvoy tepalik oldiga
rosa charchab yetib kelibdi. Tipratikanboy: – Men shu yerdaman, – deb uni kutib olibdi. Quyonvoy yana-da ajablanibdi. – Yana yuguramiz! Mayli xohlasang yana yuguramiz, – debdi Tipratikanboy. Shunday qilib Quyonvoy qayta-qayta u yoqdan bu yoqqa, bu yoqdan u yoqqa yuguraveribdi. Har safar Tipratikanboy undan oldin kelgan bo‘lib chiqaveribdi. – Men shu yerdaman! Holdan tolgan Quyonvoy yana yugurib ketibdi. Ammo, yarim yo‘lga yetganda holdan toyib yiqilibdi. – Bo‘ldi! – debdi u. – Boshqa yugura olmayman. – Ko‘rdingmi, – kimning oyoqlari chaqqon ekan, – debdi Tipratikanboy. Shu kundan boshlab Quyonvoy hech kimning ustidan kulmaydigan bo‘libdi. Bo‘ri nega terisidan ajradi?
Bir falokat yuz berib hayvonlar shohi yo‘lbars og‘ir kasalga chalinib qolibdi. U o‘z g‘orida
yotib, shunaqangi og‘irarkanki, o‘rmonning narigi chetida yashaydigan quyon qo‘rqqqanidan shalpangquloqlarini panjalari bilan yopib, qayerga qochishini bilmay qolarkan. O‘rmondagi jonivorlarning o‘z hukmdorlariga dori izlab, yelib-yugurishlaridan biron naf chiqmabdi. Yo‘lbarsning ahvoli kundan-kunga
og‘irlashaveribdi. Shunda bosh vaziri bo‘lmish bo‘ri hukmdor bilan vidolashish fursati yetganini e’lon qilibdi. Yo‘lbars yashaydigan g‘ordan kun bo‘yi hayvonlar oyog‘i uzilmabdi. Har biri ta’zim bajo qilib, uning tezroq shifo
topishini tilarkanlar. Oqshomga borib, shoh huzuriga bitta hayvondan bo‘lak hamma kelib- ketgani ma’lum bo‘libdi. Shoh ziyoratiga birgina sariq tulki kelmagan ekan. U doim bo‘rining ustidan kulib, bosh vazirimiz eng jaydari itga o‘xshaydi, deb yurgani sababli bo‘ri unga ichida kek saqlab yurar ekan. Tulkining kelmaganini aniqlagan bo‘ri g‘orga kirib: – Ey buyuk shohim, qo‘l ostingizdagi hayvonlarning barchasi oyog‘ingizga bosh urib, sizga sihat va salomatlik tilashdi. Faqat birgina hayvon o‘z burchini unutdi va huzuringizga kelishdan bosh tortdi. – Kim ekan u? – o‘kirdi yo‘lbars. – Kimligini ayt! – Ey adolatli shohim, bu tulkidir. Ha, u o‘limga loyiq! – To‘g‘ri. Uni topgin-da, tilka-tilka qilib tashla, vassalom! Suyunib ketgan bo‘ri g‘ordan otilib chiqibdi-da, tulki yashaydigan tomonga qarab ketibdi. Tulki esa bu paytda g‘orga bekinib olib, u haqda bo‘ri nimalar deganini eshitib yotgan ekan. Bo‘ri ko‘zdan g‘oyib bo‘lgach, tulki g‘orga kirib, betob shohga odob bilan salom beribdi. – Seni kim kiritdi bu yoqqa? – qichqiribdi yo‘lbars. – Sen meni ziyorat qilmaslikka qanday jur’at etding? Tulki mayin ovozda so‘zlabdi: – Cho‘ringiz ne sababdan kechikkanini eshiting, ey ulug‘ shoh. Barcha jonivorlar allaqachonoq huzuringizga kelib, sizni ziyorat qilib ketishibdi. Ammo ularning birontasi sizga shifobaxsh dori keltirmabdi va sizning mushkulingizni oson qilish haqida o‘ylab ham ko‘rmabdi. – Bu gaping rost, – debdi yo‘lbars. – Ularning birontasi bu haqda g‘ing deyishmadi. Tulki davom etibdi: – Hol-ahvol so‘rash qiyin ish emas, ammo bundan hali hech kim tuzalib ketmagan. Men kecha-yu kunduz o‘ylab, sizni sog‘aytirish yo‘llarini izladim. Ko‘plab mamlakatlarga bordim, mashhur tabiblarga uchradim-da, kasalingizni daf qiladigan dorini topdim. Shu sababli huzuringizga kechikib qoldim, ulug‘ shoh. Bu
so‘zlarni eshitgan hukumdor suyunganidan hayqiribdi: – Bo‘ri hukmni bajarishga ulgurolmagani qanday yaxshi bo‘libdi. Qani tezroq dorini ber, agar undan naf topsam, seni bosh vazir etib tayinlayman. Tulki shunday debdi: – Mashhur hind tabibiga duch kelgunimcha o‘nlab yurtlarni kezdim. Undan mening hukmdorim, tog‘lar va o‘rmonlar shohi sog‘lom va baxtiyor bo‘lmog‘i uchun nima qilmog‘i lozimligini so‘radim. Taniqli tabib shunday dedi:
– Yo‘lbars o‘n kun davomida kechasi uxlaganda bo‘rining terisini yopinib yotsin. Shunda yana sog‘ayib ketadi, – dedi. Tulki shu so‘zlarni aytarkan, shohga ta’zim bajo keltiribdida, g‘orni tark etibdi. Yo‘lbars esa shu zahotiyoq bo‘rini topib, terisini shilib olishni buyuribdi. Bo‘ri terisiga o‘ranib olgan o‘rmonlar shohi tuzalib, ketishini kuta boshlabdi. Tulki esa bu orada ko‘ch-ko‘ronini yig‘ishtiribdi-da, boshqa o‘rmonga ko‘chib ketibdi. Yo‘lbars o‘n kecha-yu o‘n kunduz bo‘ri terisini yopinib yotibdi, ammo ahvoli o‘nglanmabdi. U tulkining laqillatib ketganini anglaganda kech bo‘lgan edi. O‘rmonni qancha kezishmasin, tulkini topisha olmabdi. Bo‘ri esa qilmishiga yarasha jazosini olibdi; ha, har kim o‘zi qo‘ygan tuzoqqa tushadi. Sehrli tush
Qadim zamonda bir chol bilan kampir bo‘lgan ekan. Ular o‘tin sotib kun kechirishar ekan. Bir kuni chol o‘tin tergani borib, buloq bo‘yida uxlab qolibdi. Tushida birov “Tur, ana uni ol”, debdi. Qarasa, buloq ichida bir supra aylanib turgan ekan. – Uni nima qilaman? – debdi. – “Ochil supram”, deb aytgin, – degan ovoz kelibdi. Chol: “Ochil supram” degan ekan, supra ochilib unda noz-u ne’matlar paydo bo‘libdi. Chol suprani do‘stining uyiga olib borib debdi. – “Ochil supram” uyingda turib tursin. Birozdan so‘ng olib ketaman. Ammo, uning sehrini ishga solishga urinmaginDo‘sti barcha shartlariga rozi bo‘lib, chol bilan xayrlashibdi. Shosha-pisha uyiga kirib, suprani ochibdi. Birozdan so‘ng Chol kelib: – “Ochil supram”ni olib chiq, – debdi. Do‘stining unga xasadi kelib, supnani boshqasiga almashtirib qo‘ygan ekan. Bundan bexabar chol uyiga borib, kampirga maqtanibdi. “Ochil supram!” desa, hech narsa chiqmabdi. Cholning jahli chiqib: – E, kampir, tezda non yopib ber. Yana safarga otlanaman – debdi. Chol issiqqina nonlarni beliga bog‘lab, yo‘lga tushibdi. U yana buloq bo‘yida uxlab qolibdi. Tushida birov: “Tur, ana uni ol”, debdi. Qarasa, bir gaz aylanib turganmish. – Uni nima qilaman? – debdi. – Olib, “Gazla, gazim” desang, shoyi, atlas gazlab beradi. Chol uni olib, yana do‘stining uyiga boribdi. Do‘sti uni turli noz-ne’matlar bilan mehmon qilibdi. Chol gazni berib: “Gazla gazim” deb aytmagin deb,
uyquga ketibdi. O‘rtog‘i uyda toza gazlatibdi va uyini gazmollarga to‘ldirib olibdi. Chol o‘rnidan turib: – Gazni ber, – debdi. O‘rtog‘i o‘rniga boshqa gaz beribdi. Chol kampirning oldiga kelib: “Gazla, gazim” desa, hech narsa gazlamabdi. Chol g‘azablanib: – Yana non yopib ber, – debdi. Chol nonni beliga bog‘lab, buloq bo‘yiga yo‘l olibdi. Avvalgidek yana buloq bo‘yida uxlab qolibdi. Tushida birov: “Tur, ana uni ol”, debdi. Qarasa, bir tovoq aylanib turganmish. – Quruq tovoqni nima qilaman? – desa, –“Pishdi palov” deb aytgin, – debdi ovoz. Chol tovoqni olib “Pishdi palov” desa, ustida go‘shti bilan osh pishibdi. Chol palovni yeb, qornini to‘yg‘azib, do‘stining uyiga yo‘l olibdi. Do‘sti suyunib katta ziyofat qilibdi. Chol “Pishdi palov” demagin, deb atyinlabdi. O‘rtog‘i tovoqni uyga olib kirib ketibdi. Bola-chaqasini rosa to‘yg‘azibdi. Erta bilan turib chol: “ Tovog‘imni olib chiqib ber”, desa boshqa tovoq olib chiqib beribdi. Chol kampirning oldiga boribdi. Tovoqqa “Pishdi palov” desa, hech narsa chiqmabdi. Chol g‘azablanibdi. Kampir ikkisi urishibdi. Kampir: – Bir to‘p o‘tin keltirganingizda, ovqatimiz pishardi. Har kuni quruq kelaverasizmi? – debdi. – E, kampir, bugun barcha sirlarni bilaman, – debdi chol. Kampir yana non yopib beribdi. Chol buloq boshiga borib uxlab qolibdi. Tushida birov: “Tur, ana uni ol” debdi. Qarasa, bir qovoq aylanib turganmish. – Quruq qovoqni nima qilaman? – desa, – “Chiq qovoqdan”, deb aytgin, – debdi. Chol “Chiq qovoqdan desa, bir narsa chiqib haligi cholni urib, hamma yog‘ini ko‘kartiribdi. “Kir qovoqqa” degandan keyin qovoqqa kiribdi. Chol qovoqni qo‘ltiqlab do‘stining uyiga boribdi. Do‘sti avvalgidan ham yaxshiroq ziyofat qilibdi. Chol do‘stiga: “Chiq qovoqdan, deb aytmagin ”, – debdi. O‘zi esa uxlab qolibdi. Do‘sti uyiga olib kirib, bolalari bilan qovoqni o‘rtaga qo‘yib, “Chiq qovoqdan” deb yuboribdi. Qovoqdan to‘qmoq, gurziga o‘xshash narsalar chiqib barini ura ketibdi. – Do‘stim, bizni qutqar, barcha narsalaringni qartarib beraman, – debdi. Chol “Kir qovoqqa”, debdi. To‘qmoqlar ko‘zdan g‘oyib bo‘libdi. Chol shu kundan boshlab do‘stining kim ekanligini bilib olibdi.
TULKI BILAN ECHKI
Kunlarning birida ayyor
tulki yo‘lda ketayotib bir qarg‘ani ko‘rib qoldi. Uning qorni juda och edi. Bir hamla bilan qarg‘ani tutib olmoqchi bo‘lib unga o‘zini otdi. Qarg‘a turgan joyda chuqur quduq bor edi. Nogаhon, tulki o‘sha quduqqa tushib ketdi. Suv kam edi, u cho‘kib ketmadi, balandligi bois u yerdan chiqib ham keta olmadi. Barcha harakatlari bekor ketgan tulki endi nima qilish kerakligi haqida bosh qotira boshladi. Ittifoqo, o‘sha yo‘ldan bir echki o‘tib qoldi. U quduq bo‘yiga kelib qaradi va u yerda tulkini ko‘rdi: – E, tulki, u yerda nima qilib o‘tiribsan? – Dam olib o‘tiribman, – javob berdi tulki. – Tepa juda issiq, bu yer salqingina ekan! Muzdek suv ichishni xohlaysanmi? Echki ham juda chanqab turgan edi. – Muzdek suv deysanmi? – so‘radi echki. – O! Qanday mazza! – javob berdi tulki. – Хohlasang, yonimga tush. Bu yerda ikkimizga ham joy yetarli. Echki quduqqa sakrab tushdi va dedi: – Eh, sen. Salqingina joyda mazza qilib o‘tirgan ekansan-da! Tulki esa bir sakrab echkining beliga, keyin yana bir sakrab quduqdan chiqib oldi. Echki quduqda ochlikdan o‘lib ketishi mumkin edi. Agar u shohlari yordamida bu yerdan chiqib olmaganida.
ORZIGUL NEGA YIG`LADI?
Bog`chadan qaytayotgan Orzigul yo`l chetidagi maysalar orasida yer bag`irlab yotgan chuchmo`mani ko`rib, to`xtab qoldi. – Yura qolsang-chi, uyga kech qolyapmiz, – dedi opasi. – Mana bu gul o`rnidan turolmay yig`lyapti-ku, – deb joyidan jilmadi Orzigul. – Qani, men ham ko`raychi, – deb opasi uning oldiga keldi va dedi: – Voy, bu gulni kimdir oyog`i bilan bosib ketibdi. Endi uni uzib olish kerak. – Yo`q-yo`q... Uzib olmang, uning joni og`riydi. – Kech bo`lib qoldi, oyim xavotir oladi, yur ketdik, yur, – singlisining qo`lidan tortqiladi opasi. – Gulim-chi? – Uni uzib olaqol, uyga borib guldonga solib qo`yasan. – Shunda yana ko`karadimi? – Albatta. Orzigul qo`lidagi chuchmo`mani opasi aytgandek qildi. To uxlaguncha ham ikki-uch marta kelib, gulidan xabar olib ketdi. Ammo ertalab turib guldon yoniga keldi-yu, yig`lab yubordi. Chunki chuchmo`ma boshini egib, so`lib yotardi. Yoniga yugurib kelgan opasiga qarab nuqul, “Nega aldadingiz, nega?” – derdi piqillab. Gulga ko`zi tushgan opasi birdaniga gap nimada ekanligini angladi. Singlisini mahkam bag`riga bosarkan, gulni payhon qilib ketgan kimsani ich- ichidan yomon ko`rib ketdi.
MITTI UCHOQCHA Baland tog`lar tomonda mittigina aeroplan- uchoqcha bo`lgan ekan. U qishin-yozin dalalarga o`g`it separ, tog` atrofidagi hududlarga geologlarni, o`rmonchilarni olib borib-olib kelar, tog` yo`llari berkilib qolgan qorli-bo`ronli kunlarda odamlarga yuklarni ham tashib berar ekan. Yangi-yangi turdagi mashinalar yaratilib, tog`lar bag`rida keng va ravon yo`llar ko`paygani sayin uchoqchaga ehtiyoj kamayib, odamlar uni unuta boshlashibdi. U ko`kka parvoz qilmay qo`yibdi. Osmondan katta-katta uchoqlar qanot kerib uchib o`tishsa, mittivoyning ularga havasi kelarkan. – Eh, oddiy zambilg`altak bo`lib qolsam ham mayli edi. Hech bo`lmaganda bog`lardagi xazonlarni, ko`cha-ko`ydagi chiqindilarni tashib turgan bo`lardim yoki oddiy ketmon, tesha bo`lsam ham yomon bo`lmasdi, – o`ylabdi u. Bir kuni tog`li qishloqlardan birida kichkina bolakay betob bo`lib qolibdi. Yo`l va so`qmoqlarni qor bosibdi. Mashina va traktorlar qishloqqa ko`tarila olimas ekan. Ot-ulovlar muzlagan tik so`qmoqlardan yurolmabdi. Shahardan yetib kelgan shifo¬korlar tashvishga tushib: – Bunday balanddagi tog`li qishloqqa uchoqdan boshqa narsa bilan borib bo`lmaydi. Kichik qishloqchadagi kaftdek ochiq maydonga katta uchoqlar qo`nolmaydi. Mittigina aeroplancha “lip” etib havoga ko`tarilib, “zip” etib maydon sahniga osongina qo`nardi. Betob bolakayga tez tibbiy yordam ko`rsatib, zarur bo`lsa, aeroplanchada shifoxonaga olib ketar edik, – deyishibdi. Shunda odamlarning yodiga dastyor uchoqcha tushibdi. Shifokorlar uchoqqa o`tirib, tog`lar tepasidagi baland qishloqqa ko`tarilishibdi va bolakayga darhol tibbiy yordam ko`rsatishibdi.
Yo`lingiz tushib, azim tog`lar etagiga borib qolsangiz, balandlarga bir qarab qo`ying. Shunda qanotlari quyosh nurlarida yarqirab uchayotgan uchoqchaga ko`zingiz tushadi. U kumush qanotlarini silkitib, sizga olis cho`qqilar uzra salom yo`llaydi.
Download 152.56 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling