Aqsh moliya tizimi va uning xalqaro iqtisodiy munosabatlardagi o`rni


Download 17.18 Kb.
Sana24.12.2022
Hajmi17.18 Kb.
#1062094
Bog'liq
1-tema finans


AQSH moliya tizimi va uning xalqaro iqtisodiy munosabatlardagi o`rni
This entry was posted on April 18, 2012, in Siyosat. Bookmark the permalinkLeave a comment

AQSh moliya tizimi mamlakat ichida va xalqaro maydonda moliyaviy operatsiyalarni amalga oshiruvchi davlat organlari, banklar hamda korporatsiyalardan tashkil topgan. Soha yalpi daromadi mamlakat YaIM nisbatan 429.3% ni tashkil qiladi (virtual iqtisodiyot- fond bozorlari daromadlari judayam katta)[1]. Ushbu sohaning asosiy harakatlantiruvchisi mamlakatning Markaziy Banki hisoblanmish Federal Rezerv Sistemasi (FRS) hisoblanadi. Bundan tashqari, AQSh davlat budjetidagi o`zgarishlar ham mamlakat moliya sohasiga sezilarli ta`sir ko`rsatadi: davlat xarajatlarining sohaga yo`naltirilishi bevosita firma va korporatsiyalar, banklar hamda davlat muassasalarining moliya bozorlaridagi holatini o`zgartirib yuboradi.


Mamlakat moliya sohasining rivojlanishi XX asr boshlariga to`g`ri keladi. 1913-yilda AQSH Kongressida FRS ni tashkil qilish haqida qaror qabul qilindi va u mamlakat pul-kredit siyosatining boshqaruvchisi, ya`ni mamlakat Markaziy Banki maqomiga ega bo`ldi. Qonunga ko`ra, FRS boshqaruvchilar kengashi tarkibiga AQSH Prezidenti tomonidan 14 yil muddatga tayinlanadigan 7 ta a`zo kiradi[2]. Bunday uzoq muddat barqarorlik, izchillik va mustaqillikni ta`minlashi kerakligi aytiladi, lekin a`zolarning juda kam qismigina ushbu muddatni to`liq o`tkazishadi. 2006-yildan buyon FRS Raisi Ben Bernanke hisoblanadi. FRS ning nafaqat AQSH, balki butun jahon moliya sohasidagi o`rni beqiyos, ta`siri juda sezilarlidir. Mamlakatning Markaziy Banki sifatida FRS tijorat banklariga kreditlar beradi, hisob stavkasini, rezerv hajmini o`rnatadi, mamlakatning pul-kredit siyosatini ta`minlaydi, tijorat banklarining faoliyatini hamda ochiq bozordagi pul massasini nazorat qiladi, davlat qimmatbaho qog`ozlari bo`yicha operatsiyalarni jahon bozorlarida amalga oshiradi. Masalan, Buyuk Depressiya, 1933-35 yillar mobaynida T. Ruzvelt o`z islohotlarini moliya tizimida o`zgartirishlar qilishdan boshladi va FRS yordamida hisob stavkasini tushirdi, imtiyozli kreditlar berdi(pul-kredit va budjet-soliq siyosati). 2008-yilgi moliyaviy inqiroz davrida ham FRS mamlakat moliya sohasini jonlashtirishda asosiy rolni o`ynadi. AQSH valyutasi dollarni bosib chiqarish ham FRS zimmasida ekanligini hisobga olsak, valyuta hajmini oshirish yoki kamaytirish orqali jahon bozoriga o`z ta`sirini o`tkazishi mumkin.
AQSH moliya tizimini fond birjalari va fond bozorlarisiz tasavvur qilib bo`lmaydi. Davlat va xususiy sektor qimmatbaho qog`ozlari aynan shu yerda savdo qilinadi. Fond birjalari haqida dastlabki qonun 1934-yilda qabul qilingan hamda bu bo`yicha Komissiya tuzilgan va unga 1936-1938-yillarda (Meloni akti) bir qancha o`zgartirishlar kiritilgan[3]. Keyinchalik, 1970-yillarda esa ushbu sohada islohotlar o`tkazila boshlandi, natijada qimmatbaho qo`g`ozlarning yagona milliy bozori tashkil etildi. Davlat organlari, jumladan moliya vazirligi, veksellar, o`rta va uzoq muddatli obligatsiyalar chiqarish orqali fond bozorlariga ta`sir o`tkazadi, chunki ular boshqa korporatsiyalarga nisbatan raqobatga chidamliroq hisoblanadi (odatda davlat obligatsiyalari riski deyarli nolga teng). Moliyaviy operatsiyalar markazi Nyu-York shahrida joylashgan Nyu-York fond birjasi (NYSE) hisoblanadi, AQSH qimmatbaho qog`ozlar birjasi (ASE) ham Nyu-Yorkda joylashgan. Hajmi jihatidan ikkinchi o`rinda savdo zaliga ega bo`lmagan NASDAQ elektron fond birjasi turadi. Bulardan tashqari AQSH da 8 ta regional fond birjalari faoliyat yuritmoqda: Chikago, Filodelfiya, Tinch okeani birjasi, Kaliforniya, Boston va boshqalar. Moliya tizimi, fond birjalari va bozorlari faoliyatini boshqarish maqsadida bir qancha nazorat organlari (7 ta asosiy organ mavjud, ulardan 4 tasi federal) tashkil qilingan: Fond Dillerlari Milliy Assotsiatsiyasi, Qimmatbaho qog`oz egalari himoyasi bo`yicha korporatsiya, Munisipial qimmatbaho qog`ozlar bo`yicha Kengash shular jumlasidandir[4].
2008-yilgi jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi vujudga kelishida AQSH moliya tizimining hissasi ancha yuqori ekanligini aytib o`tish joizdir. Chunki 1933-yilda qabul qilingan Glas-Stigl aktiga ko`ra, AQSH banklari investitsion va tijorat banklariga ajratilgan edi. 1999-yilda bu aktning bekor qilinishi (amalda bu jarayon 80-yillardan boshlangan) yuqoridagi banklar faoliyatini aralashtirib yubordi[5]: Uol-strit (Wall-Street) investitsion banklari tijorat banklari depozitlarini investitsiya qila boshladi. Natijada deyarli hamma mablag` muomalaga jalb qilindi. Ipoteka kreditlarida boshlangan inqiroz banklar depozitida mavjud pulning juda kamligi uchun tezda tarqalib, nafaqat AQSH, balki butun jahon iqtisodining katta yo`qotishlariga sabab bo`ldi.
Moliya tizmini tahlil qilish mobaynida, mamlakat valyutasi tizimini ham ko`rib chiqish maqsadga muvofiq bo`ladi. Mamlakat valyuta tizimi ahamiyati nafaqat AQSH ning o`zida, balki xalqaro maydonda ham beqiyos. Chunki AQSH valyutasi dollarning butun jahon savdo aloqalarida keng qo`llanilishi mamlakatning xalqaro munosabatlarda, xususan xalqaro iqtisodiy va siyosiy munosabatlardagi o`rnini nihoyatda katta darajaga olib chiqdi. Hozirgi kunda ko`pgina davlatlarning valyuta rezervalaridagi asosiy ulushni AQSH dollari tashkil qilmoqda. Birgina Xitoyning rezervlarida 2.9 trln. $[6] miqdoridagi mablag` mavjud.
AQSH moliya tizimining xalqaro maydondagi o`rnini tahlil qilish maqsadida jahon savdo aloqalari tarixiga nazar tashlaydigan bo`lsak, I Jahon urushiga qadar xalqaro savdoda oltin standartidan foydalanilgan. Bunga ko`ra har bir davlat valyutasi qat`iy belgilangan kurs bo`yicha oltinga konvertatsiya qilingan, ya`ni biror mamlakat valyutasi boshqa bir mamlakat valyutasiga oltinga solishtirilgan holda fiksirlab qo`yilgan, o`zgarmaydigan kurs bo`yicha almashtirilgan. Bu tizim davlatlarga pul massasini nazorat qilishga yo`l qo`ymas edi, chunki pul massasi oltin qazib olish hajmiga bog`liq bo`lgan. Iqtisodiy yuksalish va pul massasi o`sishi muvofiq nisbatda ushlab turilmaganligi uchun narxlar tusha boshlaydi, deflatsiya vujudga keldi. Buyuk Depressiyaning sodir bo`lishi xalqaro iqtisodiy munosabatlarda yangicha tizimni kashf qilishga undadi. Natijada, 1944-yili AQSH da dunyoning yetakchi mamlakatlari o`rtasida Bretton-Vud bitimi imzolandi, Xalqaro Valyuta Fondi (XVF) tashkil etildi. Xalqaro savdo aloqalarida oltin o`rniga AQSH dollari ishlatila boshlandi, 1 unsiya oltin 35 $ qiymatida fiksirlab qo`yildi[7]. Bu munosabatlarda aynan AQSH dollari tanlanishiga sabab, o`sha davrlarda mamlakat butun jahon oltin hajmining deyarli yarmiga egalik qilar edi. Bundan tashqari, II Jahon urushidan keyin ko`pgina qiyin ahvolga tushib qolgan Yevropa mamlakatlariga AQSH hukumati katta miqdorda qarzlar bera boshladi hamda mamlakatlardan ushbu pullarni AQSH bilan bo`ladigan savdo aloqalarida ishlatishlarini talab qildi(Marshall rejasi). Natijada bir tomondan Bretton-Vud bitimi, ikkinchi tomondan Marshal rejasi AQSH dollarini jahon valyutasi darajasiga olib chiqdi. Biroq Bretton-Vud tizimi 1971-yilgacha amal qildi, AQSH dagi inflatsiya va savdo balansidagi defitsit dollar qiymatiga zarar yetkazdi. Shu sababli AQSH qolgan mamlakatlardan, xususan Germaniya va Yaponiyadan o`z valyuta qiymatlarini dollarga nisbatan oshirishlarini qat`iy talab qildi, lekin ichki valyutaning dollarga nisbatan oshishi mamlakatlar eksport salohiyatini kamaytirib yuborishi sababli, ular bunday talabni amalga oshirishmadi. Bunday o`zgarish fiksirlangan dollardan voz kechilishiga olib keldi, dollar boshqa valyutalarga nisbatan o`zgaruvchan kursga ega bo`ldi. Hozirgi davrda ham aynan shunday o`zgaruvchan kurs amalda bo`lib turibdi, lekin mamlakatlar valyuta intervensiyasi siyosati orqali buni nazorat qilib borishmoqda.
XVF ham AQSH va dunyo moliya tizimida yuqori o`ringa ega. XVF kapitalining katta qismi AQSH tomonidan ta`minlanadi. XVF qiyin iqtisodiy ahvolga tushib qolgan mamlakatlar uchun imtiyozli kreditlar, moliyaviy yordamlar taqdim etadi. Tashkilot tuzilgandan boshlab mamlakatlar savdo balansidagi defitsitlarni yopish, salbiy saldoni qoplash va yanada tezroq sur`atlarda rivojlanish uchun XVF yordamidan foydalana boshlaydilar. Lekin bu miqdorning me`yordan oshib ketishi 90-yillardan boshlab davlatlar tashqi qarzlarining o`sishiga sabab bo`la boshladi. Aynan hozirgi kunlarda ushbu muammo Yevropa davlatlarining haqiqiy bosh o`g`rig`iga aylangan: Gretsiya (142.8%), Italiya (119%), Irlandiya (96.2%), Portugaliya (93%) kabi davlatlarning tashqi qarzlari hajmi allaqachon YaIM hajmiga nisbatan katta miqdorda yiriklashgan[8].
Xulosa qilib aytadigan bo`lsak, AQSH o`z iqtisodiyotini butun jahon iqtisodiyoti bilan chambarchas bog`lab qo`ygan. Bunda aynan ko`pgina xalqaro tashkilotlar foydalanayotgan richaglar, xususan moliyaviy richaglar muhim rol o`ynashini ko`rib o`tdik. Xalqaro savdoda dollarni ishlatilishi va ko`pgina davlatlarning oltin-valyuta rezervida katta miqdorda dollarning bo`lishi ular ham dollarning barqarorligi saqlanib qolishidan manfaatdor ekanliklarini ko`rsatadi. Agar AQSH FRS yordamida katta miqdorda pul bosib chiqarib muomalaga qo`yib yuborsa, dollar qadri tushishi evaziga dunyo iqtisodiyoti zarar ko`ra boshlaydi. Shuning uchun ham bunday bir qancha richaglar mavjudligi AQSH ning jahon arenalarida ham iqtisodiy, ham siyosiy jihatdan ustunligini ta`minlamoqda.
Zikrullo Hamidjonov, JIDU qoshidagi Yosh
Iqtisodiy Tatqiqotchilar Markazi(CYER), 2012-yil
Download 17.18 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling