Aristotelning"poetika"asarini o‘rganish
Download 52.38 Kb.
|
ARISTOTELNING“POETIKA”ASARINI O‘RGANISH. REJA. KIRISH 1.Aristotelning “poetika” asarini o‘rganish. 2.Ellinizm davri olimlari mifologiya 3.Antik rim madaniyati Xulosa Foydalanilgan adabiyodlar KIRISH Aristotelning "Poetika"si so'z san'atiga bag'ishlangan maxsus tadqiqot ekanligi, unda faylasufning adabiy-estetik qarashlari muayyan tizim holida ancha to'liq ifodasini topganligi bilan qimmatlidir. Afsuski, asar matni to'la emas: poeziyaning tabiati haqidagi umumiy mulohazalar bildirilgan va, asosan, tragediya janri tadqiq qilingan dastlabki qismigina bizgacha yetib kelgan; epos, lirika va komediyaga bag'ishlangan keyingi qismlari saqlangan emas.Aristotel ham, Platon singari, san'atning mohiyatini belgilovchi xususiyat sifatida taqlid(mimesis)ni ko'rsatadi. Biroq, ustozidan farqli o'laroq, Aristotel taqlidga juda katta ahamiyatga molik narsa sifatida qaraydi. Agar Platon taqlidiy san'atlar, jumladan, so'z san'ati haqiqatni bilish imkoniyatidan mahrum deb hisoblasa, Aristotel taqlidni bilishning usullaridan biri sifatida tushunadi: "Ko'rinadiki, poeziyani ikkita omil vujudga keltirgan, bu ikki omil ham tabiiy. Axir insonlarda taqlid qilish - bolalikdan tug'ma xususiyat, ular boshqa mavjudotlardan shunisi bilan farqlanadi, zero, inson taqlid qilishga boshqalardan ko'ra ko'proq qobil va shu yo'l bilan u dastlabki bilimlarni hosil qiladi". Aristotel fikrini davom ettirib, juda qadim zamonlarda ham taqlid qilish iqtidoriga (shuningdek, ritm va uyg'unlik tuyg'usiga) ega kishilar bo'lganini, ular buni asta-sekin rivojlantirib, "improvizatsiyadan haqiqiy poeziyani" vujudga keltirganlarini aytadi. Bundan ko'rinadiki, o'z vaqtida Aristotel so'z san'ati xalq og'zaki ijodidan, folklorning sinkretik shakllaridan ajralib chiqqaniga ishora qilgan ekan.Aristotel san'atlarni "nimabilan", "nimaga" va "qanday" taqlid qilishiga ko'ra farqlaydi. Aytish kerakki, hozirgi estetikada ham ayni shu xil tasnif tamoyili asos sifatida saqlanib qolgan. Agar birinchi jihat - "nima bilan" taqlid qilish asosida musiqa, raqs, haykaltaroshlik, adabiyot kabi san'at turlari farqlansa, ikkinchi jihat - "nimaga" taqlid qilish asosida etik va estetik belgilari ajratiladi. Uchinchi jihat - "qanday" taqlid qilish asosida Aristotel adabiy turlarni bir-biridan farqlaydi. Unga ko'ra, taqlid "... voqyeani, Gomerga o'xshab, o'zidan tashqaridagi narsadek hikoya qilish orqali; yoki shundayki, taqlid qiluvchi qiyofasini o'zgartirmagan, o'z-o'zicha qolgan holda; yoki barcha tasvirlanayotgan shaxslarni harakat qilayotgan, faoliyatdagi kishilar sifatida taqdim etgan holda" amalga oshishi mumkin. To'g'ri, bir qarashda Platon va Aristotelning turlarga ajratish prinsiplari bir xildek ko'rinishi mumkin. Biroq, e'tibor qilinsa, Platon ko'proq nutq shakliga tayansa, Aristotel taqlidchi va taqlid qilinayotgan ob'ekt munosabatiga tayangani ko'rinadi. Keyinroq Aristotel qarashlari Gegel ta'limotida rivojlantirilgani, hozirda ham adabiyotni turlarga ajratishda yuqoridagi ikki prinsip, asosan, saqlangani e'tiborga olinsa, bu ikki faylasufning adabiy-estetik tafakkur taraqqiyotida nechog'li katta o'rin tutishi yorqinroq anglashiladi.Aristotel moddiyun falsafasiga juda yaqin kelgan mutafakkir sifatida ta'riflanadi. Shu sababli ham uning qarashlari, bunga yuqorida ham qisman to'xtaldik, Platon qarashlaridan qator muhim nuqtalarda jiddiy farqlanadi. Jumladan, umumiy ("ideya") va xususiy ("narsa") munosabati masalasida bu narsa yaqqol ko'zga tashlanadi. Platon "ideya"ni narsadan butkul tashqarida deb bilsa, Aristotel "ideya"ni narsadan ajratmaydi. Shunga muvofiq, u umumiy ("ideya") xususiy("narsa")da namoyon bo'ladi deb hisoblaydi. Xuddi shu qarash adabiyotga ham tadbiq etiladi: "Haqiqatda, tarixchi va shoirning farqi birining vaznli, ikkinchisining vaznsiz nutq bilan gapirishida emas (axir Gerodotasarini vaznli nutqqa o'tkazish mumkin, shungaqaramay, vaznli yoki vaznsiz bo'lsin, u tarixligicha qoladi), farqi shundaki, biri haqiqatda yuz bergan hodisalar haqida, ikkinchisi yuz berishi mumkin bo'lgan hodisalar haqida hikoya qiladi. Shuning uchun ham poeziya tarixga qaraganda falsafiyroq, jiddiyroq: poeziya umumiyni, tarix esa xususiyni ifodalaydi".Aristotel poeziyadagi shakl va mazmun munosabatida mazmunni yetakchi deb biladi. Shu bois ham "shoir avvalo fabula yaratishi lozim, vaznli nutq emas", deydi. Chunki, uning ta'kidlashicha, shoir voqyea orqali taqlid qiladi. Aytish kerakki, Aristotel davrida adabiyotda voqyea (mif) birinchi o'rinda turgan: g'oyani ifodalashda voqyeaning roli yetakchi hisoblangan. Agar voqyeani rivojlantirishda fabulaning hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi e'tiborga olinsa, Aristotelning fabula yaratish, unga qo'yiladigan talablarga "Poetika"da ancha mufassal to'xtalishining sababi oydinlashadi. Shunga monand, xarakter va fabula munosabatida ham keyingisiga kattaroq ahamiyat berilib, buning sababi quyidagicha izohlanadi: "... tragediyaning maqsadini voqyealar, rivoyat tashkil qiladi, maqsad esa hammasidan muhim. Bundan tashqari, harakatsiz (ya'ni, voqyeasiz - mual.) tragediya mavjud bo'lishi mumkin emas, xaraktersiz esa - mumkin".Aristotel ta'limotida xarakter asarning ma'naviy-axloqiy (etik) tomonini ifodalovchi unsur sifatida talqin qilinadi. Faylasuf xarakter oldiga qo'ygan to'rtta talab ham shunga muvofiq bo'lib, "...birinchi va eng muhimi - ularning oliyjanob bo'lishi. Agar personaj, aytib o'tilganidek, o'zining nutqi yoki xatti-harakatida, qandayligidan qat'i nazar, iroda yo'nalishini namoyon etsa, xarakterga ega bo'ladi; lekin bu xarakter ezgu iroda yo'nalishini namoyon etsagina oliyjanob bo'ladi". Ko'rib turganimizdek, Aristotel xarakter oldiga qo'ygan asosiy talab ma'naviy-axloqiy (etik) yondashuv asosida belgilangan. Keyingi uchta talab - muvofiqlik, haqqoniylik va izchillik ko'proq badiiy haqiqat mezonlari bilan, ya'ni estetik yondashuv asosida belgilangan bo'lib, personajning hayotiy va to'laqonli, ishonarli bo'lishini ta'minlashga qaratilgandir."Poetika"ning ilmiy qimmatini belgilagan narsa shuki, undagi nazariy umumlashmalar, ishlab chiqilgan talablar qadimgi yunon adabiyotining boy materiali tahliliga tayanadi. Ikkinchi muhim jihat esa unda izchil, tizimli fikr yuritilgani, qo'yilgan har bir masala bo'yicha yaxlit ilmiy konsepsiyaning ifodalanishi bilan belgilanadi. Masalan, tragediya janriga to'xtalarkan, Aristotel avvalo uning janr spetsifikasini belgilab oladi, so'ng uni tashkil qilayotgan tarkibiy qismlar - voqyea (mif), fabula, xarakter, til va uslub kabi masalalarni navbati bilan bir-bir ko'rib o'tadi, muhimi, har birini butun tarkibidagi o'rni nuqtai nazaridan o'rganarkan, boshqa unsurlar bilan o'zaro munosabatini nazardan qochirmaydi. Bu xususiyatlar "Poetika"ning adabiyotshunoslikka oid qadimiygina emas, chin ma'noda mumtoz asarligidan dalolatdir.Aristotelning yana bir asari - "Ritorika" notiqlik san'atiga bag'ishlangan bo'lib, bizga qadar nisbatan to'liqroq holda yetib kelgan. 1Asarda notiqlik san'ati bilan bog'liq holda qo'yilgan masalalar adabiyotshunoslikka bevosita aloqadordir. Masalan, notiqlik san'atida dalillash yo'llari haqida bildirilgan fikrlar yoki inson fe'l-atvori, histuyg'ularining u egallagan mavqye, yosh xususiyatlari, konkret hayotiy holat kabi omillarga bog'liqligining misollar bilan ochib berilgani - bular badiiy ijodda ham, badiiy asarni o'qishda ham, tahlil qilishda ham birdek ahamiyatlidir. Asarda badiiy til, uslub masalalariga ancha keng o'rin berilgan bo'lib, muallif bu yo'nalishda ritorika fani erishgan yutuqlarni umumlashtirishga intiladi, ilk bor til normalarini ishlab chiqadi.Shunday qilib, qadimgi yunon adabiyotining katta bir davrida to'plangan ijodiy tajriba, adabiy-estetik qarashlarni umumlashtirib, tizim holidagi ta'limotshakliga solish vazifasi Aristotel chekiga tushdi va faylasuf bu vazifani sharaf bilan uddaladi. Aristotel adabiy-estetik tafakkur taraqqiyotida o'ziga xos bir marra bo'lib qoldiki, ba'zi mutaxassislarning "Aristotelgacha bo'lgan davr" va "Aristoteldan keyingi davr" tarzida mulohaza yuritishlari ham bejiz emas. Darvoqye, aslida ham shunday. Zero, Aristotelning ijodiy faoliyati yunon madaniyati klassik davrining oxiriga to'g'ri keladi, undan keyin qariyb sakkiz yuz yil davom etgan ellinizm davri boshlanadi.Makedoniyalik fotihlarning yurishlari Qadimiy Gretsiyadagi polis demokratiyasiga asoslangan davlatchilikka barham berdi. Dunyoni egallashga chog'langan Aleksandr Makedonskiy davlati uning o'limidan so'ng ko'p o'tmay parchalanib, kichik monarxik davlatlarga bo'linib ketdi. Aleksandr Makedonskiy qo'shini bilan Sharqqa yurish qilgan yunonlarning bir qismi yangi joylarda qolib ketdi, yangi shaharlar barpo bo'ldi - yunon madaniyati Sharqqa yoyildi.O'z navbatida, yurishlardan qaytgan jangchilar Gretsiyaga Sharq madaniyatini olib kirdilar. Bu jarayonlar ijtimoiy hayotning barcha sohalari - davlatchilik, turmush tarzi, ma'naviy-axloqiy normalar, diniy tasavvurlar, san'at va adabiyotga - bariga o'z ta'sirini o'tkazdi. Ta'kidlash joizki, madaniyatlar sintezida yunon madaniyatining ulushi ancha salmoqli, aniqrog'i, belgilovchi maqomida edi. Ikkinchi tomondan, bu madaniyatning qadriyatlari endi turli hudud va elatlarga mansub kishilar tomonidan yaratildi. Shularga ko'ra, antik adabiyotning bu davri "ellinizm" (mil.av. IV asr so'nggi choragi -mil. IV asr) davri deb yuritiladi.Ellinizm davrining ilk bosqichlarida (mil.av. III - I asrlar) ham Afina falsafa ilmining markazi maqomini saqlab qoldi. Platon va Aristotel asos solgan maktablarda ularning ta'limotlari shogirdlari tomonidan rivojlantirildi. Biroq yangicha ijtimoiy-tarixiy sharoit falsafiy dunyoqarashga ham ta'sir qildi:yangi falsafiy ta'limotlar vujudga keldi. Ular orasida epikurchilik, kiniklik va stoiklik ta'limotlari, ayniqsa, keng ommalashdi. Bir-biridan nechog'liq farqlanmasi, bu ta'limotlar uchun umumiy jihat sifatida reallikdan, ijtimoiy hayotdan qochish, individualizmga moyillikni ko'rsatish mumkin.Mazkur sharoitda sof filologik tadqiqotlarga qiziqishning kuchayishi, filologiyaning falsafadan ajralib chiqishga intilishi kuzatiladi. Ellinizm davrida yirik madaniy va ilmiy markazlardan biriga aylangan Aleksandriyada (mil.av. III - mil. IV asr) bu yo'nalishdagi tadqiqotlar, ayniqsa, samarali yo'lga qo'yilgan edi. Misrni idora qilgan Ptolemeylar sulolasining sa'y-harakati bilan Aleksandriya kutubxonasi antik dunyoning eng boy kutubxonasiga aylangan edi. Aleksandriya maktabiga mansub olimlarning badiiy asar matni, til xususiyatlarini o'rganish, o'tmish adabiyoti namunalarini tarixiy, ilmiy jihatdan tadqiq qilish, ularni izohlar bilan nashrga tayyorlash ishlariga katta e'tibor bilan qaraganlarida bu faktning katta ahamiyati bor. Zero, bu maktabning Zenodot Efesli, Aristofan Vizantiyali, Aristarx Samofrakiyali singari atoqli namoyandalari o'z vaqtida shu kutubxonani boshqarib turganlar. Ya'ni, aytmoqchimizki, ko'rsatilgan yo'nalishdagi tadqiqotlar ma'lum darajada ularning kasb vazifalari doirasiga kirardi ham.Mavjud ma'lumotlarga ko'ra, Zenodot Efesli (mil.av. 257-180 yy.) tomonidan Gomer poemalarining ilk ilmiy nashri (albatta, qo'lyozma sifatidagi) tayyorlangan bo'lib, bu nashrda ilk bor "Iliada" va "Odisseya" poemalari har biri 24 tadan qo'shiqni o'z ichiga olgan ikki poema sifatida berilgan. Bundan tashqari, Zenodot bu poemalarning til xususiyatlariga bag'ishlangan maxsus tadqiqotlar yaratgan. Keyinroq Aristofan Vizantiyali (mil.av. 257-180 yy.) tomonidan Gomer, Gesiod va boshqa antik shoirlar asarlarining ilmiy nashrlari amalga oshirilgan. Ularni nashrga tayyorlarkan, Aristofan matndagi mantiqiy ziddiyatlar, uslubiy g'alizliklar, noo'rin takror va noaniq o'rinlarni izlab topish, ularni bartarafetishga harakat qiladi.Aristofan o'zi nashrga tayyorlagan tragediyalarga so'z boshilar yozib, ular haqida muhim adabiy-tarixiy ma'lumotlar berganki, bu ma'lumotlar antik adabiyot tarixini o'rganishda muhim ahamiyatga molikdir. Shunga ko'ra, Aristofan haqli ravishda so'z boshi janri asoschisi sifatida tan olinadi.Yana ta'kidlash kerakki, Aleksandriya maktabi vakillari badiiy til masalasiga katta e'tibor bilan qaraganlar. Bu maktab vakillarini "Aleksandriya grammatiklari" deb atalishi ham bejiz emas, albatta. Ularning qay birini olib qaramang, asarlari orasida badiiy til, uslub masalalariga bag'ishlanganlari albatta topiladi. Jumladan, Aristofan ilk bor tinish belgilari ham urg'u belgilarini yozuvga joriy etgan bo'lsa, shogirdi Aristarx Samofrakiyali (mil.av. 215-145 yy) so'zlarni ilk bor turkumlarga ajratgan. Bularning davomchisi Dionisiy Frakiyali (mil avv. II asr) esa dunyodagi ilk "Grammatika" tuzuvchisi sanaladi.Gomer poemalari tadqiqi bilan shuhrat topgan olimlardan yana biri Aristarx Samofrakiyalidir. Aristarx Gomer asarlarini tarixiy jihatdan tekshiradi, muallifda falakiyot va tibbiyot sohalari bo'yicha bilimlarning yetishmasligi bilan bog'liq yuzaga kelgan nuqsonlarni ko'rsatadi. Aristarx o'z tadqiqotlarida adabiyotshunoslik ilmining keyingi rivoji uchun muhim fikrlarni oldinga surdi. Avvalo, u shoirning tasvirlanayotgan material, jumladan, mifologik materialdan ham o'zining ijodiy niyatidan kelib chiqqan holda erkin foydalanish huquqini yoqlab chiqdi. Agar yuqorida to'xtalganimiz Platonning bu masaladagi ma'naviy-axloqiy normalar va davlat manfaatlari nuqtai nazaridan belgilagan cheklovlari yodga olinsa, Aristarxning bu fikri o'z davri uchun nechog'li ahamiyatli ekanligini anglash qiyin emas. Aristarx birinchi bo'lib qahramonning muallif ijodiy niyati va badiiy mantig'idan mustaqil holda harakat qila olishi mumkinligini asoslab berdi. Shuningdek, u qahramon xarakter xususiyatlari asar qurilishiga ta'sir qilishi mumkin degan fikrni ham oldinga surdi. Ko'rib turganimizdek, Aristarxning adabiy-estetik qarashlarida badiiy asarda qahramon (xarakter) salmoqliroq o'rin egallaydiki, bu badiiy ijod amaliyoti va adabiy-nazariy tafakkur rivojidagi asosiy tamoyillardan biri edi.Ellinizm davri olimlari mifologiya masalalari bilan ham jiddiy shug'ullanganlarki, antik adabiyotda miflarning o'rni nechog'li katta ekanligi e'tiborga olinsa, bu yo'nalishdagi tadqiqotlarning qanchalik dolzarb bo'lgani ayon bo'ladi. Shunisi muhimki, ular bunga qadar adabiyotda istifoda etilgan miflar bilangina cheklanmay, o'sha davrda xalq orasida yurgan miflarni yozib olish, ularni muayyan tizim holiga keltirish ishlarini amalga oshirganlar. Shu davrda yaratilib, bizgacha yetib kelgan "Apollodor kutubxonasi" nomli to'plamda ko'plab yunon miflarining mazmuni bayon qilingan. Shoir Parfeniy (mil.av. I asr) tomonidan tuzilgan "Ishq iztiroblari haqida" nomli to'plamga sevgi-muhabbat mavzuidagi miflar jamlangan bo'lib, u keyincha ko'plab rim shoirlari ijodiga ta'sir etganligi e'tirof etilgan. Xuddi shu shoir tomonidan tuzilgan, lekin bizgacha yetib kelmagan"Metamorfozalar" to'plamiga qahramonning mo'jizaviy evrilishi bilan nihoyalanuvchi miflar to'plangan. Ma'lumki, xuddi shu davrda shoir Ovidiy ijodida ham ushbu mavzu ishlangan edi. Keyinroq Antonin Liberal (mil. II asr) tomonidan shu tipdagi miflar "Metamorfozalar" nomi bilan jamlangani, Eratosfenning "Katasterismlar" to'plamidan qahramonning yulduzga aylanib qolishi bilan nihoyalanuvchi miflar joy olgani bu xildagi miflarga qiziqish katta bo'lganidan dalolatdir. Boshqa bir muhim tomoni shuki, bunday to'plamlar o'z davri shoirlari uchun obrazli fikrlash manbasi sifatida xizmat qilgan bo'lsa, keyingi davrlarda ular yaratgan obrazlarni tushunish uchun kalit vazifasini o'tagan.2 Miloddan avvalgi II asrdan boshlab yunon davlatlarini bir-bir o'ziga tobe etgan Rim miloddan avvalgi 30 yilda so'nggi yunon podshohligi - Misrni fath etdi. Rimliklar fath etilgan yunon davlatlaridan nafaqat behisob moddiy boyliklarni, balki ulkan madaniy-ma'naviy boyliklarni ham o'zlashtirdilar. Qadimgi Rimning mashhur shoiri Goratsiy e'tirof etganidek, "Asir qilingan Gretsiya o'zining qo'pol fotihlarini asir etgan" edi. Aslini olganda, yunon madaniyatining Rimga jiddiy ta'sir qilishi miloddan avvalgi II asrdayoq boshlangan edi. Avvalo, bu davrga kelib yunon davlatlarining Rim bilan ixtiyoriy-majburiy tarzdagi aloqalari kuchaydi. Yunon madaniyatining taniqli namoyandalari turli munosabatlar bilan Rimda bo'lishib, rimliklarni yunon madaniyati bilan tanishtirganlar. Ikkinchi tomondan, tanazzulga yuz tutgan yunon davlatlaridan bo'lmish ko'plab iqtidorli yoshlar, olimlar, shoirlar, notiqlar, me'moru quruvchilar yuksalish pallasiga kirgan Rimga oqib kela boshlaydi. Zero, o'zlari tug'ilgan yurtlar endi ularga iqtidorlarini to'la namoyon etish imkonini bera olmas edi. Aksincha, taraqqiy etayotgan Rim shu imkoniyatni taqdim eta olar edi. Bundan tashqari, yunon tili Rimning ilg'or aslzodalari tiliga aylanib qolgani bu yerda yunon tilida ijod qilish va muva aqiyat qozonishning o'ziga xos garovi ham edi. Xullas, ikki asr davomida kechgan jarayonlar natijasida Rim antik dunyoning nafaqat siyosiy, balki tom ma'nodagi madaniy va ilmiy markaziga aylandi.Rim imperiyasi davriga kelib badiiy ijodga qiziqishning susayishi, poeziya taraqqiyotida turg'unlik holati kuzatiladi. Bunga zid o'laroq, prozada, xususan, tarixnavislik va ritorlik prozasida yuksalish ko'zga tashlanadi. Agar Rimdagi ritorlik maktablari maorif tarqatuvchi muhim va asosiy o'choqlarga aylangani e'tiborga olinsa, davr adabiyotining asosiy xususiyatlarini ritorika belgilashi tabiiy ekanligi ayon bo'ladi. Shunga muvofiq, adabiy tanqidiy qarashlarning rivoji ham ritorika sohasining bilimdonlari nomi bilan bog'liqdir. Dionisiy Galikarnasli mil.av. 30 yilda Rimga kelib, zodagon xonadonlarda saboq berish bilan mashg'ul bo'lgan yunon olimlaridan biridir. Undan ritorika masalalariga bag'ishlangan bir qator asarlar saqlanib qolgan. Jumladan, "Qadimgi notiqlar haqida" nomli asarida antik Gretsiyaning mashhur notiqlari - Lisiy, Isokrat, Isey, Demosfen, Dinarx, Fukididlar haqida, ularning ijodi haqida muhim ma'lumotlar berilgan. Muallif o'tmishdagi notiqlik san'atini namuna deb biladi, uning o'rniga "namoyishkorona sharmandalik, na falsafa va na boshqa gumanitar fanlardan xabari bo'lmagan notiqlik" kelganini afsus bilan qayd etadi. Darhaqiqat, ellinizm davri notiqlik amaliyotida sun'iy ko'tarinkilik, ortiqcha jimjimadorlik avj oldi, nutqning mantiqiy izchilligi, puxta dalillanganligi, ravonligiga emas, tashqi e ektga e'tibor kuchaydi. Nutq qurilishining bu uslubini "azianizm" deb yuritilib, unga "attikizm" - qadimgi yunon notiqlik uslubi qarshi qo'yiladi. Dionisiy o'z asarlarida "attikizm" tarafdori va targ'ibotchisi, "azianizm"ning murosasiz tanqidchisi sifatida ko'rinadi.Dionisiyning "Ritorika"si amaliy yo'naltirilgan bo'lib, chamasi, undan pedagogik faoliyatida qo'llanma sifatida foydalanish ko'zda tutilgan. Unda tantanali nutqlarni yozish bo'yicha yo'riqlar berilgan, ilova qismida esa nutq figuralaridan foydalanish yo'llari va me'yorlari, yo'l qo'yilishi mumkin bo'lgan tipik xatolar va ulardan saqlanish yo'llari ko'rsatilgan. "So'zlarning birikuvi haqida" nomli asarida so'z va fikr munosabati, so'z turkumlari, nutq ritmi va musiqiyligi kabi masalalar xususida mulohaza yuritiladi. Bu ikki asarning amaliy ahamiyatini kuchaytiradigan jihat shuki, muallif o'z fikrlarini konkret misollar yordamida izohlaydi, boshqa olimlardan olingan iqtiboslar bilan quvvatlaydi.Dionisiyning kimligi aniqlanmagan Pompey ismli shaxsga yo'llagan xatida ham e'tiborga molik fikrlar bildirilgan. Xatda ta'kidlanishicha, qanday yozish qo'yilgan maqsadga bog'liq. Agar o'rganilayotgan predmetni maqtash maqsad qilinsa, unda o'sha predmetning fazilatlari bo'rttiriladi. Agar predmetlar sirasida birini - eng yaxshisini ajratish maqsad qilinsa, u holda "juda aniq tadqiq etish kerakki, predmetning yaxshi tomonlari ham, yomon tomonlari ham nazardan qochmasin, zero, shu yo'l bilangina haqiqat aniqlanishi mumkin, haqiqat esa eng qimmatlisidir". Shu prinsipdan kelib chiqib Platon va Demosfen mahoratiga to'xtalarkan, keyingisini oldingi o'ringa qo'yadi va buni asoslashga intiladi. Uning fikricha, Platon fikrini sodda, aniq jumlalarda bayon qilganida, bir qarashda jo'n ko'ringan ifodalarda joziba kuchi bor - shu narsa uni boshqalardan yuqoriga ko'taradi; aksincha, chiroyli gapirish niyatida nutq figuralaridan me'yordan ortiq foydalanib, ko'pso'zlilikka yo'l qo'yganida "o'zidan pastroq turadi", ya'ni o'z imkoniyatlarini namoyon etolmaydi. E'tiborli jihati shuki, Platon antik dunyoda juda katta obro'ga ega, buni Dionisiy ham qayta-qayta ta'kidlaydi, biroq uning maqsadi, o'zining aytishicha, Platonni kamsitish emas, balki "u ham ba'zan kamchiliklarga yo'l qo'ygani"ni ko'rsatish, xolos. Zero, "bunday buyuk yozuvchi o'zini bu kabi e'tirozlardan ehtiyot qilishi lozim". Ko'rib turganimizdek, Dionisiy ilmda xolislik tarafdori, xolis ilmiy fikr esa yozuvchining shaxsi yoki mavqyeiga qarab emas, asarning xususiyatlaridan kelib chiqqan holda chiqariladi. Xuddi shu prinsip asosida Dionisiy Gerodot va Fukididning tarixiy asarlariga to'xtaladi. Ushbu mualliflarning tarixiy asarlarni chinakam badiiy asar deb atarkan, Dionisiy ularning oldiga qo'yiladigan asosiy talablarni bayon qiladi. Unga ko'ra bular quyidagilar: 1) arziydigan va o'quvchiga yoqadigan mavzuni tanlash; 2) voqyeani qaerdan boshlab qaerda tugatishni belgilash; 3) nimani asarga kiritib, nimani kiritmaslikni obdon o'ylash; 4) materialni ustalik bilan joylashtirish; 5) tasvirlanayotgan voqyealarga munosabat. Dionisiy ikkala yozuvchini shu talablardan kelib chiqqan holda qiyoslaydi.Masalan, beshinchi talab bo'yicha u Fukididni ayblaydi. Uningcha, Fukidid yurtidan haydalgani uchun alamzada, shu sababli vatandoshlarining muva aqiyatsizliklarini batafsil tasvirlaydi, yutuqlarini esa yo umuman tilga olmaydi, yo ular haqida istamaygina to'xtaladi. Qiyoslanayotgan tarixlarni badiiy asar hisoblagan Dionisiy ikkala asar ham go'zal deb biladi, biroq farqi shuki, Gerodotdagi go'zallik o'quvchiga quvonch bag'ishlasa, Fukididdagi go'zallik uni dahshatga soladi. Antik Rim madaniyatining yirik namoyandasi Mark Tulliy Sitseron (mil.av.106-43 yy.) notiqlik san'ati rivojiga ham nazariyotchi, ham amaliyotchi sifatida ulkan hissa qo'shgan. Uning "Notiq haqida", "Brut yoki mashhur notiqlar haqida", "Notiq" nomli risolalari, nomlanishidanoq ko'rinib turganidek, ritorika masalalariga bag'ishlangan. Ta'kidlash kerakki, Sitseron nazariy izlanishlarini lotin tilidagi notiqlik asosida olib borgan. U o'zining ilmiy izlanishlarida lotin tili ifoda vositalarini muayyan tizimga solib tavsiflagan bo'lsa, nutqlari orqali uning imkoniyatlarini amalda namoyish etdi. Shu bois ham uning izlanishlari nafaqat notiqlik, balki nasr va tarixnavislik (bu ham, yuqorida ko'rganimizdek, adabiyot hisoblangan) uchun ham katta ahamiyatga ega edi. To'g'ri, Sitseron ham adabiyot - poeziyaga bag'ishlangan maxsus tadqiqot olib borgan emas. Lekin, birinchidan, antik davr uchun notiqlik adabiyotning bir ko'rinishi edi, ikkinchidan, Sitseronning nutqlari, maktublari va risolalarida o'rni bilan poeziya haqida mulohazalar bayon qilingan. Jumladan, rimlik shoir Arxiy himoyasiga so'zlagan nutqida Sitseron adabiyotning jamiyat uchun, Rim grajdani uchun foydaliligini ta'kidlaydi, shoir timsolida ezgulik urug'ini sochuvchi, hayotdan saboq beruvchini ko'radi. Sitseron Gomer poemalarining badiiy barkamolligiga undan oldin yashab o'tgan shoirlarning asarlari zamin hozirlaganini; poeziya, notiqlik, rassomlik, haykaltaroshlik kabi san'atlar bir-biriga bog'liq va o'zaro ta'sir qilgan holda takomillashuvini aytadiki, bu uning fikrlashida tarixiylik prinsipi nishona berganini ko'rsatadi. Sitseronning poeziya haqidagi fikr-mulohazalari maktublarida ham aks etgan. Masalan, Attikka yozgan maktubida u mazmunning shakldan ustun turishini ta'kidlab, she'rning ohangdorligi, musiqiyligini mazmundan ustun qo'yuvchilarni tanqid qiladi. Ayni paytda, u badiiy asarni baholash, qimmatini belgilashda til xususiyatlarini birinchi o'ringa qo'yadi. Bu, tabiiyki, uning notiqligi bilan bog'liqdir. Zero, notiq uchun nutqiy go'zallik birinchi o'rinda turishi tabiiy, biroq Sitseron uchun nutq go'zalligining o'zi maqsad emas, balki tinglovchiga narsa-hodisaning mohiyatini ochib berish, uni hayratlantirgan va ishontirgan holda muayyan fikrni singdirish vositasi. Ko'rinadiki, birinchidan, notiqlik amaliyotidan kelib chiqib qo'yilgan talabda shakl va mazmunning uyg'un birligi kuzatiladi, ikkinchidan, uning adabiyotga nisbatan qo'llanishi to'g'ri va foydali. Stoiklik falsafasi mavqyeida turgan Sitseron poeziyaga, avvalo, ezgulik nuqtai nazaridan yondashadi. Shunga ko'ra, u tragediya va eposni ma'qullagani holda, komediya va lirikaga pastroq nazar bilan qaraydi. Ayniqsa, intim lirikani qabul qilolmaydi, unda axloqsizlik, behayolikni ko'radi. Agar ellinizm davrida erotik lirika keng tarqalgani e'tiborga olinsa, Sitseronning o'z dunyoqarashidan kelib chiqib lirikaga bu xil munosabatda bo'lishi muayyan asosga ega ekanligini tushunish mumkin bo'ladi.Qo'liga qalam olganki ijodkor bor beixtiyor adabiyotning mohiyati, badiiy ijod tabiati, ijodkor mas'uliyati singari qator masalalarni mushohada qiladi, anglaganlarini u yoki bu darajada ifoda etadi. Aytish kerakki, ijodkor uchun bu ham tabiiy bir ehtiyoj. Shu ehtiyojni qondirishga intilishning natijasi o'laroq, badiiy ijod bilan muntazam shug'ullangan deyarli barcha ijodkorlar merosida adabiy tanqidiy xarakterdagi fikr-mulohazalar uchraydi. Albatta, antik Rim shoirlari ham istisno emas. Jumladan, Tit Lukretsiy Kar (mil.av. 99-55 yy.) "Narsalarning tabiati haqida" nomli poemasida she'riyat, she'r va shoirlik haqida qiziqarli fikrlar bildiradi. O'zining moddiyuncha qarashlariga mos tarzda, u shoirni "moddiy haqiqatlar koshifi" deb biladi. Unga ko'ra, chinakam shoir - ilhomdan ruhlangan, yangi narsa yaratishga qaratilgan mehnat kishisidir. Lukretsiy ham badiiy asarda mazmunning yetakchiligini e'tirof etadi, aniqlik va yorqinlik, ifodaning lo'nda va purma'noliligi, materialga zargarona mohirlik bilan ishlov berilishini poeziyaning eng muhim fazilatlari sifatida tushunadi. Lukretsiy poeziyadagi badiiy to'qima bo'lishi mumkinligini e'tirof etgani holda, tabiatda monandi bo'lmagan to'qimani inkor qiladi: tabiatda asosi bo'lmagan to'qimaga poeziyada ham o'rin yo'q deb hisoblaydi.3 Antik Rimning yana bir mashhur shoiri - Kvint Goratsiy Flakkning (mil.av. 65-8 yy) "Poeziya ilmi" (Pizonlarga maktub) nomli asari she'riy yo'lda yozilgan risola, aniqrog'i, qo'llanma bo'lib, adabiy doiralarga yaqin bo'lgan zodagonlar - Pizonlar xonadoniga yo'llangan maktub shaklida yozilgan. Goratsiy ushbu maktubida Pizon va uning ikki o'g'liga poeziya oldiga qo'yiladigan talablarni bir-bir tushuntirib boradi va shu asno o'z davrining adabiy nazariy qarashlarini muxtasar bayon qiladi. Goratsiy badiiy asardagi barcha unsurlar, tasvirlanayotgan narsalar bir-biriga mutanosib bo'lmog'i lozim deb uqtiradi. Aks holda, kitob "isitmada alahlayotgan bemor fikrlariday to'zib, boshiyu oyog'ini topib bo'lmaydigan" holga keladi. Bunday holning yuzaga kelishiga sabab asarga o'rinsiz narsalar tasviri, keraksiz tafsilotlarning kiritilishidirki, oqibatda asar butunligiga putur yetadi. Holbuki, san'atkor uchun "har neda soddalik va butunlik"ni saqlash muhim, har qanday tasvir yoki tafsilot butun nuqtai nazaridan kiritishi va unga mos bo'lmog'i kerak. Bunga erishish uchun esa, avvalo, yozuvchi chog'i keladigan mavzu tanlashi lozim: "Mavzu yaxshi o'ylanilsa, so'zlar o'zi oqaverar",- deb hisoblaydi Goratsiy. Uning uqtirishicha, yaxshi yozish uchun hayotni yaxshi bilish talab etiladi: Vataniga va do'stiga nisbatan o'z burchini kim Idrok qilsa; otasini, qardoshini va mehmonni Qanday sevmoq lozimligin bilsa, senat vazifasi, Sudya ishi va urushga ketayotgan qo'mondonning Vazifasi nimalardir,- kimki idrok qilsa buni, U, shubhasiz, har bir rolga loyiq obraz bera bilar... Goratsiy bu fikrini rivojlantirib, san'atkorni hayotdan o'rganishga, hayot materialini qalamga olishga chaqiradi: Men aqlli taqlidchiga shunday kengash berardim: Urf-odat va hayotga qara, undan jonli so'z ol! Ba'zi joyi go'zal, to'g'ri, lekin asl nafosatdan Mahrum, kuchsiz va san'atsiz oddiy turmush asarlari Tamtaroqli va bema'ni puch she'rlarga qaraganda, Xalqni ko'proq maftun qilar va yaxshiroq jalb etar . Goratsiy hayotdan oddiygina nusxa ko'chirish tarafdori emas, aksincha, ijodda badiiy to'qimaga ham keng o'rin beradi. Unga ko'ra, yozuvchi "yo rivoyatlarga ergashish va yo haqiqatga monand to'qima" orqali asar yaratishi mumkin. Agar yozuvchi ijodiy fantaziyasi bilan ilgari ma'lum bo'lmagan (ya'ni, original) obraz yaratsa, uni boshdan oxirigacha o'zligiga mos holda, ya'ni, xarakter butunligini saqlagan holda harakatlantirishi kerak bo'ladi. Goratsiyning pizonlarga uqtirishicha, original obraz yaratish - umumiyni xususiyga aylantirish "Iliada"dan yangi voqyeani izlab topishdan qiyinroq. Yaxshi ma'lumki, "Iliada"dagi syujet motivlari antik adabiyotdagi ko'plab dramatik asarlarga material bo'lib xizmat qilgan. Goratsiy bu yo'lni ham inkor qilmaydi, faqat bu holda izma-iz boruvchi jo'n taqlidchi bo'lib qolmay, ijodiy yondashish talab etiladi.Goratsiy shakl va mazmun muvofiqligi masalasiga qayta-qayta urg'u beradi. Jumladan, shoirning antik she'r o'lchovlaridan qay biri xudolar sha'niga oda aytishga, qay biri hayrat yoki shirin orzular ifodasiga, qay biri esa shiddatli jang-jadallar tasviriga mos ekanligini farqlay bilishi talab qilinadi. Goratsiyning uqtirishicha, hamma narsa o'z o'rnida bo'lishi kerak: komediyaga fojiaviy ohang mos bo'lmaganidek, ulug'vor narsalarni jo'ngina, komediyaga xos ohang va she'r bilan kuylash ham ma'qul emas.4 Goratsiy tilning emotsionalligi masalasiga alohida e'tibor bilan qaraydiki, uning to'g'ri ta'kidlashicha, bu narsa badiiy asarning ta'sirdorligini ta'minlovchi omildir. She'r (bu yerda Goratsiy "she'r" so'zini keng ma'noda, umuman badiiy nutq ma'nosida ishlatgan ) har jihatdan mukammal, go'zal bo'lgani yaxshi, lekin buning o'zi kamlik qiladi - u ruhga ta'sir qilishi, uni shoir istagan tomon boshlashi lozim. Asar o'quvchini hayajonga solishi uchun, avvalo, shoirning o'zi hayajonlanmog'i, ya'ni, u qahramon taqdiridagi burilishlarga befarq bo'lmasligi, she'rga shu burilishlarga mos hissiy bo'yoq berishi kerak. Aks holda, agar "qahramon taqdiri bilan shoir tili nomuvofiq bo'lsa, Rimning otlig'u piyoda xalqidan ayovsiz kulguga qoladi".Goratsiy ham badiiy ijodning ilohiy tabiatini e'tirof etadi, shuning uchun ham: "Sen hyech narsa qilolmaysan Minervadan beixtiyor",- deydi kichik Pizonga qarata. Ayni chog'da, u ijodkorning ro'yobga chiqishida talant, bilim va mehnatning rolini alohida ta'kidlaydi. Shu sababli ham u pizonlarni tinimsiz mehnat qilish, o'qib o'rganishga, jumladan, "kecha-kunduz qo'ldan aslo qo'ymayin, Greklarning ijodlarin o'rganish"ga da'vat qiladi. Goratsiy ijodga mas'uliyat bilan yondashish zarurligini uqtiradi, yozilgan narsani e'lon qilishga shoshmaslikni tavsiya qiladi, chunki "nashr etguncha tuzatishlik qulaydir. Butun xalqqa e'lon bo'lgan so'zni esa hyech qaytarib bo'lmaydi". Goratsiy tanqidga munosabat masalasiga to'xtalib, "tulki teri yopingan maqtovlardan qo'rqish" kerakligini, xolis baholarni tan olish va ko'rsatilgan kamchiliklarni tuzatish foydali bo'lishini uqtiradi. U xolis tanqidni tubandagicha tushunadi:Xom she'rlarni qabul etmas vijdonli, ongli sudya,Dag'alini chiqit qilar, qorishiq bayt ostigaQora tortar, takabburlik pardozlarin kesib tashlar; Mug'loq she'rni ravshanlashga majbur etar; yo'l qo'ymasTutal gapga...Yuqoridagilardan ko'rinadiki, "Poeziya ilmi"da adabiy-nazariy tushunchalar ta'limiy maqsadga bo'ysundirilib, yorqin misollar bilan izohlangan holda sodda yo'sinda bayon qilingan. Shu bois ham u keyingi davrlarda ham, xususan, klassitsizm davrlariga qadar o'zining amaliy qimmatini yo'qotmadi. Biz uchun esa u antik Rimdagi adabiy tanqidiy qarashlar haqida ancha to'liq, yaxlit va tizimli tasavvur berishi bilan qimmatlidir.Shunday qilib, antik madaniyatning arxaik davrida kurtak holida bo'lgan adabiy-nazariy va adabiy tanqidiy tafakkur yunon-rim adabiyoti hamda notiqlik san'atining boy materiali zaminida barg yozdi, rivojga kirdi. Falsafiy qarashlar negizida adabiyotning mohiyati, uning voqyelik bilan munosabati, ijtimoiy hayotdagi o'rni va vazifalari kabi muhim masalalar o'rganildi. Adabiyotning taraqqiy darajasidan kelib chiqqan holda turlarga ajratish amalga oshirildi, har bir turning o'ziga xosligini belgilovchi xususiyatlar aniqlandi. Badiiy asarning tarkibiy tuzilishiga e'tibor qaratildi: badiiy shakl va badiiy mazmun tushunchalari farqlandi, ularning o'zaro munosabatlari tekshirildi; xarakter, fabula, tugun kabi unsurlar tavsiflandi, badiiy asardagi o'rni yoritildi, ularga qo'yiladigan talablar ishlab chiqildi. Notiqlik san'atining amaliy maqsadlariga bog'liq holda badiiy nutq masalalari chuqur tadqiq etildi: ifoda vositalari ta'riflandi, tavsif va tasnif qilindi, ularni qo'llash yo'llari va me'yorlari belgilandi; nutqning uslubiy qurilishiga, shuningdek, ritorlik nutqining kompozitsion qurilishiga qo'yiladigan talablar ishlab chiqildi. Kutubxonachilik ishining taraqqiysi bilan bog'liq holda filologik tadqiqotlar amalga oshirildi: qadimgi matnlarni tiklash, ularning ilmiy nashrlarini tayyorlash yo'lga qo'yildi; sharh, so'zboshi va izohlar shaklidagi adabiy tanqidiy qarashlar maydonga keldi. Shulardan kelib chiqib aytish mumkinki, hozirgi zamon adabiyotshunosligining tamal toshlari antik davrda, xususan, yunon madaniyati taraqqiyotining klassik bosqichi hamda Rim madaniyatining respublika davridayoq qo'yilgandir. FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR: 1Adabiyotshunoslik asoslari ,filologiya fanlar doktori, professor S.Mamajonov 2002-yil 2 Juraqulov.U Xududsiz jilva 2006-yil 3Adabiyotshunoslik Nazariyasi Hotam umarov 2004-yil 4Adabiyotshunoslik asoslari To`xta Boboiv 2002-yil Foydalanilgan saytlar. www.gov.uz– www.lex.uz – http://www.Ziyonet.uz 1 1Adabiyotshunoslik asoslari ,filologiya fanlar doktori, professor S.Mamajonov 2002-yil 1Adabiyotshunoslik asoslari ,filologiya fanlar doktori, professor S.Mamajonov 2002-yil 2 Juraqulov.U Xududsiz jilva 2006-yil 3 Adabiyotshunoslik Nazariyasi Hotam umarov 2004-yil 4 Adabiyotshunoslik asoslari To`xta Boboiv 2002-yil Download 52.38 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling