Asab markazlarining asosiy xossalari


Download 14.76 Kb.
Sana28.10.2023
Hajmi14.76 Kb.
#1731343
Bog'liq
8-amaliy mashg`ulot XT


Asab markazlarining asosiy xossalari.
1. Qo‘zg‘alishni – nerv impulslarini faqat bir tomonlama o‘tkazadi bu sinapslar orqali o‘tadi. Asab sistemasini faoliyatini bir tartibda ishlashini ta’minlaydi.
2. Nerv impulslari sekin o‘tadi – miyelinli nerv tolasiga nisbatan 200 marta sekinroq.
3. Qo‘zg‘aluvchanligi past ayniqsa, noadekvat ta’sirlovchilarga.
4. Labilligi (funksional harakatchanligi past). Miyelinli nerv tolalariga nisbatan 10 marta past.
5. Tez charchash qobiliyatiga ega. Nerv tolalaridan farqli o‘laroq, nerv markazlari darrov charchaydi. Nerv markazining charchashi afferent nerv tolalari uzoq ta’sirlanganda reflektor javobning sekin-asta kamayishida va pirovardida butunlay to‘xtab qolishida namoyon bo‘ladi. Bu olda dastavval nerv markazi charchashini isbot etish uchun markaziy nerv sistemasidan muskulga boruvchi efferent (Harakatlantiruvchi) nerv tolasi ta’sirlanadi. Bunday ta’sirotga javoban muskul qisqarish bilan reaksiya ko‘rsatishi mumkin, holbuki bu paytda afferent nerv tolasining ta’sirlanishi muskulni qisqartirmaydi.
Hozirgi vaqtda nerv markazlarining charchashi avvalo neyronlararo sinapslarda qo‘zg‘alish o‘tishining buzilishiga bog‘liq deb hisoblashadi. Nerv oxirlarida sintezlangan mediator zapaslarining keskin darajada kamayganligi, nerv xujayrasidagi postsinaptik membrananing mediatorga sezgirligi kamayganligi, nerv xujayrasi energetik resurslarining kamayganligi natijasida neyronlararo sinapslarda qo‘zg‘alish o‘tishi shunday buzilib qolishi mumkin.
Reflektor aktlarning hammasi nerv markazlarini bir xilda va birday tezlikda charchata bermaydi. Ba’zi reflekslar uzoq davom etgani xolda nerv markazlari charchamasligi mumkin. Bunday reflekslarga tonik reflekslar kiradi, bu reflekslarda muskul tonusi uzoq vaqt, ba’zan ko‘p soatlab saqlanib turadi.
6. Ritmlarni transformatsiya qilish qobiliyati (qo‘zg‘alishlar chastotasini o‘zgartirish qobiliyati). Nerv markazlari o‘ziga keluvchi impulslar ritmini o‘zgartira oladi. Yakka stimul bilan ta’sirlanganda qo‘zg‘alishlar ritmining transformatsiyasi ayniqsa yaqqol ko‘rinadi. Yakka stimul berilganda nerv markazlari ishlovchi organga efferent nerv tolalari orqali ritm bilan ketma-ket boruvchi bir qancha impulslarni yuboradi. Obrazli qilib aytganda miltiqdan bitta o‘q otilganda nerv markazlari pulyumyotdan o‘qqa tutish bilan javob qaytaradi.
7. Ritmni o‘zlashtirish xossasi. Ko‘proq chastotali ta’sirot berilganda unga javob bera olishga moslashishi.
8. Xususiy o‘ziga tegishli qo‘zg‘alish ritmiga ega. Avtomatiya xossasiga ega emas, lekin o‘z-o‘zidan qo‘zg‘alishi mumkin. Bu juda ko‘p neyronlar o‘zaro bog‘lanishi bilan tushuntiriladi.
9. Reflektor javobning ta’sirot kuchi va uzunligiga bog‘liqligi.Reflektor javob retseptorlarning ta’sirlanish kuchiga va uzunligiga bog‘liq. Retseptiv maydonning ta’sirlanishi kuchaytirilganda impulslarni nerv markaziga o‘tkazuvchi nerv tolalari va qo‘zg‘algan retseptorlar soni ko‘payadi, binobarin reaksiyaga tortiladigan oraliq va effektor neyronlar soni ham oshadi. Shu bilan birga retseptorlarda va neyronlarning shunga yarasha har birida vujudga keluvchi nerv impulslarining chastotasi oshadi, buning natijasida ham refleks kuchayadi (muskullarning qisqarishi, bezlar sekretsiyasi va shu kabilar kuchayadi).
Ta’sirot kuchi hatto bir xilda turganda ham ta’sirot uzunligi ortsa, bir qancha hollarda yangi nerv elementlarining reaksiyaga tortilishi hisobiga reflekslar kuchayadi.
10. Qo‘zg‘alishlarning qo‘shilishi (summatsiya). Qo‘zg‘alishlarning qo‘shilishi nerv markazlarining o‘ziga xos xususiyati bo‘lib, uni I.M.Sechenov 1863 yilda birinchi marta tasvir etgan. Qo‘zg‘alishlarning qo‘shilishi shunda ko‘rinadiki, periferik retseptorlarning yoki afferent nervlarning ikkita yoki bir nechta ta’siroti qo‘shilganda refleksni yuzaga chiqaradi, holbuki shu ta’sirotlardan har biri alohida qo‘llanilganda reflektor reaksiyani yuzaga chiqarishga kamlik qiladi. Qo‘shilishning ikki turi: ketma-ket (vaqtdagi) va masofada (fazoda) qo‘shilish bor.
Nerv markaziga bir xil afferent nerv tolalari orqali kalta interval bilan ketma-ket keluvchi qo‘zg‘alishlarning o‘zaro ta’siri ketma-ket qo‘shilish deb ataladi.
Bir retseptiv maydonga kiradigan turli retseptorlarga ikkita yoki bir nechta stimul bir vaqtda ta’sir etilsa, qo‘zg‘alishlar masofada qo‘shiladi. Bir refleks retseptiv maydonining markazga intiluvchi ikkita nerv tolasi ko‘p deganda 15 msek intervalda bo‘sag‘adan past kuch bilan ta’sirlanganda ham qo‘zg‘alishlar masofada qo‘shiladi.
11. Faoliyat qoldig‘i. Reflektor aktlar ularni yuzaga chiqargan ta’sirot to‘xtashi bilan bir vaqtda tamom bo‘lmay, oradan bir qadar, ba’zan bir muncha davr o‘tadi. Bu hodisa reflektor faoliyat qoldig‘i deb ataldi. Faoliyat qoldig‘ining uzunligi ta’sirot uzunligidan ko‘p marta ortiq bo‘lishi mumkin. Ta’sirot qancha kuchli bo‘lib, retseptorlarga qancha uzoq ta’sir etgan bo‘lsa, reflektor faoliyat qoldig‘i odatda o‘shancha uzun bo‘ladi.
Faoliyat qoldig‘iga sabab bo‘luvchi ikkita asosiy mexanizm elektrofiziologik tadqiqotlarda aniqlandi.
Birinchi mexanizm ritmik uzoq ta’sirotdan keyin neyron membranasining iz depolyarizatsiyasiga bog‘liq. Afferent nerv tolalari (yoki retseptorlar) ning ritmik ta’sirlanish vaqtida neyronning postsinaptik membranasi depolyarizatsiyalanadi, ta’sirot to‘xtatilgandan keyin esa depolyarizatsiya darhol yo‘qolmagan taqdirda nerv xujayrasi bir necha uch millisekund davomida impulslarning ritmik razryadini beraveradi, lekin depolyarizatsiya susaygan sayin bu impulslar tobora siyraklashib qoladi.
Ammo, iz depolyarizatsiyasi faoliyat qoldig‘ining faqat qisqa muddatli effektini yuzaga chiqarishi mumkin.
Reflektor faoliyat qoldig‘ining uzoq davom etishi reflektor markazning berk neyron zanjirlarida nerv impulslarining aylanib yurishi (sirkulyatsiyasi) ga bog‘liq deyishadi.
12. Nerv markazlarining tonusi. Elektrofiziologik tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, refleksning yuzaga chiqishidagina emas, nisbiy tinchlik holatida ham nerv markazlaridan periferiyaga – tegishli organ va to‘qimalarga nerv impulslarining razryadlari borib turadi.
Tafovut faqat shundaki, ta’sirotga javoban reflektor reaksiya yuzaga chiqishida bu razryadlar katta chastotali (masalan, kuchli ixtiyoriy harakatlarda harakatlantiruvchi nerv tolalarida sekundiga 50 impulsdan 100 impulcgacha) bo‘lib, bir talay efferent tolalar orqali ozmi-ko‘pmi bir vaqtda yuboriladi, tinchlikda esa razryadlar chastotasi va bir vaqtda ishlayotgan birliklar soni juda kam bo‘ladi.
Nerv markazlaridan periferiyaga uzluksiz keluvchi siyrak impulslar skelet muskullarining tonusini, ichak silliq muskullari tonusini, tomirlar tonusini vujudga keltiradi.
Nerv markazlarining shunday doimiy qo‘zg‘alishi nerv markazlarining tonusi deb ataladi. Bu tonusning saqlanishida periferik retseptorlardan markaziy nerv sistemasiga keluvchi afferent impulslar ham, har xil gumoral ta’sirotlar (gormonlar, SO2 va b.) ham ishtirok etadi.
13. Nerv markazlarining funksiyalari, ularning kislorod bilan ta’minlanishiga bog‘liq ekanligi. Nerv xujayralari kislorodni shiddatli iste’mol qilishi bilan farq qiladi. Masalan, it bosh miyasining 100 g to‘qimasi tinch turgan 100 g muskul to‘qimasiga nisbatan 22 baravar, 100 g jigarga nisbatan 10 baravar ko‘proq kislorod yutadi. Odam miyasi minutiga taxminan 40-50 ml kislorod yutadi, bu tinchlik holatida butun gavda iste’mol qiladigan jami kislorodning taxminan 1/6–1/8 qismini tashkil etadi.
14. Ba’zi zaharlarning markaziy nerv sistemasiga spetsifik ta’siri. Nerv xujayralari va sinapslar ba’zi zaharlarga nisbatan tanlab sezuvchan bo‘ladi. Shuning uchun bu zaharlarni nerv zaharlari deb atashadi. Ularga ximiyaviy tuzilishi har xil bo‘lgan juda ko‘p moddalar: strixnin, morfin, fenamin, kardiazol, narkotik moddalar (efir, xloroform, barbituratlar va hokazo), alkogol va boshqa ko‘pgina moddalar kiradi.
Ba’zi moddalarning ko‘pincha ma’lum nerv markazlariga ta’sir etishi amaliy jihatdan g‘oyat muhim. Masalan, apomorfin qusish markaziga, lobelin esa nafas markaziga ko‘proq ta’sir etadi. Gangliylarda qo‘zg‘alishning o‘tishiga ko‘proq ta’sir etadigan moddalar (gangliobloqatorlar) bor.
15. Markaziy nerv sistemasidagi tormozlanish.
Nerv markazlarining plastikligi. Kompensator moslanishlar. Nerv markazlarining moslanuvchanligi va funksional ahamiyatining o‘zgaruvchanligini A.Bete plastiklik deb atadi.
17. Nerv sistemasining trofik funksiyasi. Nerv sistemasining trofik funksiyasi to‘qima va organlardagi moddalar almashinuvini, shu to‘qima va organlarning oziqlanishini boshqarishida namoyon bo‘ladi.
18. Reverberatsiya xossasi – Nerv impulslarining aylanib yurishi (sirkulyatsiyasi). Neyronlar berk zanjir kabi ulangan, qo‘zg‘alish bir neyrondan ikkinchisiga o‘tib aylanib yuradi. Sinaps charchamaguncha aylanib yurishi mumkin.
Download 14.76 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling