Avesto”. Madaniy hayot


Download 41 Kb.
Sana09.01.2023
Hajmi41 Kb.
#1084854
Bog'liq
Avesto”. Madaniy hayot


Aim.uz

Avesto”. Madaniy hayot

Olib borilgan tadqiqotlar natijalariga qaraganda, ilk temir davri O‘rta Osiyoda yashagan xalqlar va qabilalar orasida keng tarqalgan va asosiy din zardo‘shtiylik edi. Bu diniy ta’limotning asoschisi Zaratushtra va bu dinning muqaddas kitobi “Avesto” haqidagi bahs va munozaralar tadqiqotchilar orasida hozirgacha davom etmoqda.


Zaratushtra (o‘rta fors tilida “oltin tuyali”, “oltin tuya yetaklagan odam”) tarixiy shaxs bo‘lib, Spitama avlodidan kelib chiqqan. Zaratushtraning otasi Pourushasp qohinlar avlodidan bo‘lgan. Zaratushtra tug‘ilgan joy haqida aniq ma’lumotlar yo‘q. Uning tug‘ilgan yilini tadqiqotchilar keng sanalar bilan (mil. avv. 1500-1000 yillardan boshlab, mil. avv. VII-VI asrlargacha) bog‘laydilar. Sosoniylar davri (III-VII asr) zardo‘shtiylar an’analariga e’tibor beradigan bo‘lsak, Zaratushtraning hayoti mil. avv. VII-VI asrning boshlariga to‘g‘ri keladi. Ko‘pchilik tadqiqotchilar bu sanani to‘g‘ri deb hisoblaydilar.
Zaratushtra tug‘ilgan joy hamda “Avesto” paydo bo‘lgan hudud haqida ham olimlar orasida yagona fikr yo‘q. Bir guruh olimlar Zaratushtrani hozirgi Ozarbayjon, yana bir guruh qadimgi Baqtriyada, boshqa guruh olimlar Xorazmda va Eronda tug‘ilib faoliyat ko‘rsatgan va “Avesto” ham shu hududlarda paydo bo‘lgan deb hisoblaydilar.
Zaratushtraning yangi ta’limoti o‘z vatanida tarafdorlarini topmaganligi sababli u o‘z yurtidan ketishga majbur bo‘lgan. Zaratushtra diniy ta’limotini birinchi bo‘lib qabul qilgan tarafdorlar qadimgi Baqtriya podshosi Kavi Vishtasp, malika Xutaosa va ularning yaqin qarindoshlaridir. Zaratushtra o‘z g‘oyalarida qonli qurbonlik qilishni qat’iyan qoralaydi. U yana shuni ta’kidlaydiki, odamzod yashashga haqli bo‘lib, bu huquqdan uni mahrum qilishga hech kimning haqqi yo‘q.
Zaratushtra o‘z g‘oyalarini targ‘ib qila boshlagan davr O‘rta Osiyo va Eron xalqlari tarixida eng muhim davr edi. Ibtidoiy jamoa munosabatlari o‘zgarib, davlatchilik tizimi munosabatlari qaror topmoqda edi. Yangi din esa bu o‘zgarishlarni o‘zida aks ettirib, tug‘ilayotgan sinfiy jamiyatga xizmat qilar edi. U birlashishga va kuchli markazlashgan hokimiyat tuzishga, o‘sha davrda o‘troq dehqonchilik bilan shug‘ullanuvchi vodiy aholisi uchun “xudoning qamchisi (tig‘i)” hisoblangan ko‘chmanchi xalqlarga qarshi keskin kurashga chaqirdi.
Zardo‘shtiylarning diniy falsafasi qarama-qarshi kuchlarning kurashiga asoslangan. Bu kurash yorug‘lik, yaxshilik kuchlari xudosi Axuramazda, qora va zulmat kuchlari xudosi Axriman o‘rtasida boshlanib jamiyat va insonlar orasida davom etgan.
Zaratushtra ta’limotiga ko‘ra jamiyat yaxshilik va yomonlikdan iborat. Shuningdek, bu ta’limotga ko‘ra insonlar hayotining asosiy mazmuni doimo xayrli ishlar qilish, bir-biriga mehr-oqibatli, xushmuomala bo‘lish va olijanob fazilatlardan iborat. Zardo‘shtiylarda to‘rt unsur - olov, yer, suv va havo muqaddas hisoblangan va ular doimo ardoqlanib kelingan.
Zardo‘shtiylar o‘limni dunyoda, jamiyat taraqqiyotida eng yovuz narsa deb hisoblaganlar. Shuning uchun ham ular muqaddas yerga o‘likni ko‘mmaganlar hamda o‘ziga xos ko‘mish marosimlariga amal qilganlar. O‘likni (odam, hayvon) yerga ko‘mish qattiq jazolangan. Zardo‘shtiylar o‘likni maxsus joylarda saqlab, hayvonlar va qushlar ular suyaklarini tozalaganidan so‘ng tozalangan suyaklarni tosh, loy yoki ohakdan yasalgan maxsus “astadon” (“ossuariy”)larga dafn etganlar.
Zaratushtra dini vaqt o‘tishi bilan asta-sekin, eron tiliga mansub xalqlar o‘rtasida tarqalar ekan o‘z asosini saqlagan holda biroz o‘zgaradi. Axuramazda va Axrimandan tashqari “Avesto” bir qator boshqa xudolar - Mitra, Xouma, Anaxita, Ashi va Zurvon kabi ulug‘ xudolar faoliyati haqida ham hikoya qiladi.
Zardo‘shtiylik Sosoniylar davrida (mil. III-VII asrlar) uzil-kesil rasmiylashgan. Bu davrda zardo‘shtiylik adabiyoti ham keng tarqaldi. Dastlabki paytlarda zardo‘shtiylik dinining muqaddas matnlari avlodlarga og‘zaki yetkazilgan va Zaratushtra o‘limidan so‘ng bir necha asr o‘tgach ma’lumotlar to‘planib yagona matn yozilgan. “Avesto” shu tariqa yuzaga kelgan. Bir qator olimlar zardo‘shtiylik aqidalariga tayanib “Avesto”ni ilk sosoniylar (III-IV asrlar) davriga bog‘lasalarda, shunga qaramay uning birinchi tahriri mil. avv. I asrda bo‘lib o‘tgan deb hisoblanadi. “Avesto” (“Asos”, “Asosiy matn”) jumlasi ham o‘sha paytda paydo bo‘ladi.
Olib borilgan tadqiqotlar natijalariga qaraganda, ilk temir davri O‘rta Osiyo hududlarida madaniy hayot, milliy urf-odatlar, an’analarning rivojlanganligini kuzatishimiz mumkin. Shunday an’analardan biri Navro‘z bayramidir.
Navro‘z qadim avlodlarimizdan bizgacha yetib kelgan muqaddas urf-odatlardan bo‘lib, uni bayram qilish O‘rta Sharq va O‘rta Osiyoda qadimdayoq rasm bo‘lgan. Asrlar o‘tishi bilan Navro‘z bilan bog‘liq an’analar xalqlar va elatlar o‘rtasidagi iqtisodiy va madaniy aloqalarning rivojlanishi zaminida keng yoyila borib, ko‘p o‘lkalarning an’anaviy milliy bayramiga aylandi.
Narshaxiyning ma’lumot berishicha, “Navro‘z - Yangi yil bayramini o‘tkazish” an’analari boshlanganiga uch ming yildan o‘tgan. Ingliz olimasi M.Boys fikricha, zardo‘shtiylarda “olov hamda ezgulik homiysi Asha Vahishta sharafiga bahoriy udum - Navro‘zni o‘tkazish an’anasi paydo bo‘lgan”. Beruniyning yozishicha, “Navro‘z yangi yilning birinchi kuni bo‘lib, uning forscha nomi ham shu ma’noni taqozo etadi. Yeronliklar o‘tmish zamonlarda yillarni qabisali oylarga bo‘lishgan. Bu vaqt quyoshninng Saraton burjiga kirish paytiga to‘g‘ri kelar edi. So‘ngra u orqaga surilgach, bahorda keladigan bo‘ldi. Endi u butun yil unga xizmat qiladigan bir vaqtda, ya’ni, bahor yomg‘irining birinchi tomchisi tushishidan gullar ochilguncha, daraxtlar gullashidan mevalari yetilguncha o‘simlik unib chiqa boshlashidan takomillashguncha davom etgan vaqtda keladi. Shuning uchun Navro‘z olamning boshlanishi va yaratilishiga dalil qilingan.”
Demak, Navro‘z 3-3,5 ming yillar ilgari paydo bo‘lgan bo‘lib, asrlar davomida yangicha qarashlar va an’analar bilan boyib bordi. Shu bilan birga uning tarkibida ajdodlarimining qadimgi mifologik tasavvurlari va hayot tarzi bilan aloqador marosim va urf-odatlar ham saqlanib qoldi.



Aim.uz



Download 41 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling