Avesto” O`rta Osiyo tavsifi va davlatchilik tarixiga oid ma`lumotlar Reja


Download 42.72 Kb.
bet1/5
Sana24.10.2023
Hajmi42.72 Kb.
#1718431
  1   2   3   4   5
Bog'liq
“Avesto” O`rta Osiyo tavsifi va davlatchilik tarixiga oid ma`lumotlar


Avesto” O`rta Osiyo tavsifi va davlatchilik tarixiga oid ma`lumotlar


Reja:


  1. Zaratushtra va zardushtiylik.

  2. Avestoda ijtimoiy tizim va siyosiy g‘oyalar.

  3. Avestoda huquqiy tartib.

Zaratushtra va zardushtiylik.
O‘rta Osiyodagi turli xalqlarning qadimgi davrlardagi diniy qarashlari va e’tiqodlari, payg‘ambarlari va ular ta’limotlarining yoyilishi masalalari uzoq yillardan buyon tadqiq etilayotgan bo‘lsa-da, hamon ko‘pgina olimlar orasida ilmiy munozaralarga sabab bo‘layotgan masaladir. Ma’lumki, ahamoniylar davridan boshlab (balki undan ham oldinroq) arab bosqiniga qadar O‘rta Osiyo xalqlari orasida keng yoyilgan va asosiy din – zardo‘shtiylik dini edi. Bu dinning asoschisi Zaratushtra va uning faoliyati, bu dinning muqaddas kitobi «Avesto» va u paydo bo‘lgan hudud haqidagi masalalar ham hozirgi kunda ko‘pchilik tadqiqotchilarning diqqat markazida turibdi.
Juda ko‘pchilik tadqiqotchilarning fikricha, Zaratushtra afsonaviy bo‘lmasdan, tarixiy shaxs hisoblanadi. U grek-rim manbalarida Zoroastr, qadimgi fors tilida Zardusht, o‘rta fors tilida Zaratushtra nomi bilan eslatiladi. Manbalarning guvohlik berishicha, u Spitama avlodidan (Sug‘diycha Spitaman degan ism ham shundan kelib chiqqan) bo‘lib, otasini Pouro‘shasp, onasini Dugdova deb atashgan. Uning nomi «oltin tuyali» , «oltin tuya yetaklagan odam» ma’nosini beradi. Zaratushtraning otasi kohinlar tabaqasiga mansub bo‘lib, u tug‘ilgan mamlakat bizga noma’lum. Bularning barchasi Zaratushtra hayoti tarixi, uning tug‘ilgan joyi va sanasi, zarto‘shtiylikning vatani hamda dastlabki yoyilgan hududlari haqida to‘la ma’lumot bera olmaydi. Ammo, Avestoning maxsus boblari Zaratushtrani tarixiy shaxs sifatida yoritadi.
Zaratushtraning qaysi yilda tug‘ilganligini haqida aniq ma’lumot yo‘q. Tadqiqotchilar fikrlaridan xulosa chiqaradigan bo‘lsak, uning tug‘ilgan yili keng tarixiy sanalar bilan bog‘lanadi ( mil. avv. 1500-1000yillardan boshlab, mil. avv. VII-VI asrlargacha). Grek-rim tarixchilari ham Zaratushtra qachon tug‘ilganligi haqida aniq ma’lumot bermaydilar. Faqatgina, lidiyalik Ksanf ( mil. avv. II asr) Zaratushtraning faoliyatini Kserksdan 600 yil avval edi, deb ma’lumot beradi. Boshqa grek mualliflarining xabarlari bundan ham ishonchsiz. Sosoniylar davri ( III-VII asr) zardo‘shtiylar an’analariga e’tibor beradigan bo‘lsak, Zaratushtraning hayoti mil. avv. VII asrning oxiri – VI asrning boshlariga to‘g‘ri keladi.
Abu Rayxon Beruniy Zaratushtraning tug‘ilgan yilini Aleksandr Makedonskiydan 258 yil oldin edi, deb belgilaydi. Ayrim tadqiqotchilar bu sanani to‘g‘ri desa, ba’zilari noto‘g‘ri deb hisoblaydilar. 330 yilda ahamoniylarning so‘ngi vakili bo‘lgan Doro III vafot etadi. Hokimiyat Aleksandring qo‘liga o‘tadi. Agar Beruniy ma’lumotlaridan xulosa chiqaradigan bo‘lsak (330+258=588), Zaratushtra mil. avv. 588 yilda tug‘ilgan. V.I. Abayev va I.M.Dyakonov xulosalariga ko‘ra, Zaratushtra yashab o‘tgan vaqt-bu mil. avv. VII-VI asrlardir. Olimlar fikriga ko‘ra, Zaratushtra mil. avv. 553-541 yillar atrofida 77 yoshida vafot etgan. Bu sana hisobidan Zaratushtra 630-553 yillar yoki 618-541 yillar davomida yashab, faoliyat ko‘rsatgan.
Zaratushtraning tug‘ilgan joyi haqida hozirgacha ham bahslar davom etayotgan bo‘lishiga qaramasdan, bu muammoga to‘la aniqliklar kiritilmagan. U haqida turli fikrlar mavjud. Bir guruh olimlar Zaratushtrani hozirgi Ozarbayjon hududida tug‘ilgan deb hisoblaydilar. Bu guruh olimlar, Avestoda keltirilgan Aryanam Vayja ( Eron tekisligi) viloyatini o‘zlariga asos qilib oladilar. Yana bir guruh olimlar Zaratushtrani Baqtriyada tug‘ilgan deb hisoblaydilar. Bu guruh olimlar grek tarixchisi Ktesiy ma’lumotlariga asoslanadilar. Shuningdek, bu guruh olimlar Avestoning eng qadimgi qismlari Baqtriyada yozilganligini ta’kidlaydilar. Yana boshqa bir olimlar guruhi Zaratushtraning vatani – qadimgi Xorazm deb hisoblaydilar. Olimlar orasida Zaratushtra va Avestoning vatani Sug‘diyona degan fikrlar ham bor. Avesto matnlarida esa Zaratushtra tug‘ilgan joy va uning vatani haqida hech qanday ma’lumot yo‘q.
Avestoda keltirilgan geografik hududlarni o‘rganishdan xulosa chiqargan ko‘pchilik hozirgi tadqiqotchilar Zaratushtraning O‘rta Osiyo viloyatlaridan birida, hech bo‘lmaganda bu hududga qo‘shni bo‘lgan shimoli-g‘arbiy Eron hududida tug‘ilganligini e’tirof etadilar. Umuman olganda, Zaratushtraning vatani O‘rta Osiyo – Xorazm yoki Baqtriya deb hisoblovchi olimlar ko‘pchilikni tashkil etadi.
Zaratushtraning diniy islohotlari o‘z vatanida tarafdorlarini topmaganligi bois, payg‘ambar o‘z yurtidan ketishga majbur bo‘lgan. Zaratushtra e’tiqodini qabul qilgan birinchi tarafdorlari – bu qadimgi Baqtriya podshosi Kavi Vishtasp, malika Xutaosa va ularning yaqin qarindoshlaridir. Zaratushtra o‘z g‘oyalarida qonli qurbonlik ( mil. avv. VII asrgacha bo‘lgan dinlarda odamlar va hayvonlar xudolarga qurbonlik qilingan) qilishni qat’iyan qoralaydi. Zaratushtra yana shuni ta’kidlaydiki, odamzod yashashga haqli bo‘lib, bu huquqdan uni mahrum qilishga hech kimning haqqi yo‘q.
Zaratushtra o‘z g‘oyalarini targ‘ib qila boshlagan davr O‘rta Osiyo va Eron xalqlari tarixida eng muhim davr edi. YA’ni, ibtidoiy jamoa munosabatlari o‘zgarib, davlatchilik tizimi munosabatlari qaror topmoqda edi. Yangi din bu o‘zgarishlarni o‘zida aks ettirar va tug‘ilayotgan yangi jamiyatga xizmat qilardi. U birlashishga va kuchli markazlashgan hokimiyat tuzishga, o‘sha davrda o‘troq dehqonchilik bilan shug‘ullanuvchi vohalar aholisi uchun «xudoning qamchisi (tig‘i)» hisblangan ko‘chmanchi xalqlarga qarshi keskin kurashga chaqirdi.
Zaratushtra islohotlari diniy jihatdan ham, ijtimoiy jihatdan ham bita – ulug‘ va donishmand xudo Axuramazdaga ( so‘zma so‘z tarjimasi «janobi dono») sig‘inishga va Axuramazdaning dushmanlari deb e’lon qilingan sobiq qabila xudolari – asuralar va devlarga qarshi kurashga olib keldi.
Zardo‘shtiylarning diniy falsafasi qarama-qarshi kuchlarning kurashiga asoslangan. Bu kurash xudolar o‘rtasida boshlanib, tabiatda va insoniyat hayotida ham davom etgan. O‘shandan boshlab yaxshilik va yomonlik, rost va yolg‘on, yorug‘lik va zulmat o‘rtasida doimiy va murosasiz kurash boshlangan. Ular o‘rtasidagi kurash butun koinotga yoyiladi va zardo‘shtiylarning asosiy falsafiy ta’limoti bo‘lib qoladi. Yorug‘lik, yaxshilik kuchlarini Axuramazda ( Ormo‘z ), yovo‘zlik, qora va zulmat kuchlarni Anxro-Manyo ( Axriman) boshqaradi.
Axuramazda yaxshilik, yorug‘lik, sog‘lik, baxt-saodat keltiruvchi xudo bo‘lib hisoblangan. Zaratushtra bunday xabar qiladi: «Biz Axuramazdani ulug‘laymiz, u chorvani, suvni va o‘simliklarni, yorug‘likni va yerni yaratgan…». Shuningdek, Axuramazda hayotni va dastlabki odamni yaratgan xudo deb faraz qilingan. Anxro-Manyo yomonlik, o‘lim va zulmat keltiruvchi xudo bo‘lib hisoblangan.
Zaratushtraning dini vaqt o‘tishi bilan asta-sekin turli xalqlar orasida tarqalar ekan, o‘z asosini saqlagan holda biroz o‘zgaradi. Axuramazda va Axriman xudolaridan tashqari, Avesto bir qator boshqa ulug‘ xudolar faoliyati haqida ham hikoya qiladi. Mitra, Xouma, Anaxita, Ashi va Zurvon kabilar shular jumlasidandir. Vohu Manax (olihimmat fikr) chorvaga, Ashi Vahishta esa olovga omiylik qiladi va hokazo. O‘tmishning eng ahamiyatli dinlaridan bo‘lgan zardo‘shtiylik diniy-falsafiy ikkilikni (dualizmni), qadimgi urf-odatlar va tarixiy rivoyatlarni o‘ziga singdiradi va bundan tashqari zardushtiylik, payg‘ambar Zaratushtradan oldingi davrlarga oid qadimgi qabilalarning falsafasi va dunyoqarashlarini ham o‘z ichiga oladi.
Zardo‘shtiylik Sosoniylar davrida (milodning III-VII asrlari) o‘zil-kesil rasmiylashgan. Bu davrda zardo‘shtiylikning adabiyoti ham keng tarqaladi. Shuni aytish kerkki, dastlabki paytlarda zardushtiylik dinining muqaddas matnlari avlodlardan og‘zaki yetkazilgan va Zaratushtra o‘limidan keyin bir necha asr o‘tgach ma’lumotlar to‘planib yagona matn yozilgan.
Zardushtiylarning muqaddas kitobi Avesto shu tariqa yuzaga kelgan. Bir qator olimlar zardushtiylik an’analariga tayanib Avestoni ilk sosoniylar (III-IV asrlar ) davriga bog‘lasalarda, shunga qaramay uning birinchi tahriri mil. avv. I asrlarda bo‘lib o‘tgan deb hisoblanadi. Avesto jumlasi ham o‘sha paytda paydo bo‘lgan bo‘lib, u o‘rta fors tilida «apastak», ya’ni «asos», «asosiy matn» degan ma’noni bildiradi.
Musulmonlarda «Qur’on», nasroniylarda «Bibliya» bo‘lganligidek, Avesto – zardo‘shtiylik dinining matnlari to‘plamidir. Bu to‘plamlar turli vaqtlarda va turli joylarda vujudga kelgan. Eronda islom dini qabul qilingach, Avestoning katta qismi yo‘q bo‘lib ketadi. Bizgacha uning kundalik diniy amaliyotlari uchun zarur bo‘lgan matnlarigina yetib kelgan xolos.
Eng qizig‘i Vadevdat bo‘lib, to‘plamning ma’nosi – «devlarga qarshi qonun» demkdir. U kohinlar majmui bo‘lib, poklanish marosimlari qoidalari, gunohlarni yuvish va sahovatli bo‘lish, har xil urf-odat qoidalari, shu bilan birga dafn etish marosimlari haqidagi bo‘limdir.
Zardo‘shtiylik murakkab va g‘oyat o‘ziga xos marosimini ishlab chiqdi. Avestodagi yerga, suvga olovga o‘likni tekizib harom qilishni qat’iy taqiqlash- uning asosini tashkil etadi. Kimki insonni yoki itni yerga ko‘msa, katta gunoh qilgan hisoblanib, bu gunohi uchun «otning qamchisi» bilan 500 marta urilgan. Inson yoki itning o‘ligi ko‘milgan yerga bir yilgacha ekin ekish ta’qiqlangan. Demak, zardo‘shtiylarning qonunlariga ko‘ra jasadni yerga ko‘mish, suvga tashlash, gulxanda qo‘ydirish man qilingan. Shuning uchun ham jasadni zardo‘shtiylar uydan, manzilgohdan, shahardan, tuproqdan, muqaddas olovdan, suvdan chetlashtirib uni toshli va qumli tepaliklarga yoki boshqa maxsus joylarga olib borib qoldiriganlar. Yil davomida qor va yomg‘ir suvlari murda suyaklarini yuvib, ularni quyoshning muqaddas nuri yana tozalagandan so‘ng, maxsus odamlar – «go‘rkovlar» («ristokashlar») zardo‘shtiylarning ochiq qabristonlariga kelib, tozalangan suyaklarni qishloq – shaharlarga olib kelganlar. Faqat shundagina murakkab dafn marosimlaridan keyin, suyaklarni yerga ko‘mish yoki maxsus xonalarda, sopol idishlarda va tobutchalarga saqlash mumkin edi.
Videvdatda bu suyak saqlanadigan joy «isdona» deb yuritiladi, undan qadimgiroq pahlaviy matnlarda esa «ostodan» deyiladi. Uning tarjimasi haligacha aniq emas va ikki xil ma’no beradi. Ayrim olimlarning fikricha, isdona- ostodan, sopol tobutga – ossuariy bo‘lib, ular O‘rta Osiyo qadimgi yodgorliklarida tez-tez uchrab turadi. Ayrim tadqiqotchilar jumladan V.B. Xenning bu so‘zni «yer ostidagi sag‘ana» deb tarjima qilgan.
Mil. avv. VI-IV asrlarga oid ossuariylar O‘rta Osiyo hududidan ko‘plab topilgan. Dafn marosimi bilan alohida odamlar guruhi shug‘ullangan bo‘lib, ularni «ristokash», ya’ni «iflos va toza bo‘lmas odamlar» deb hisoblashgan. Ular olov va suvdan 30 metr uzoqlikda yurishlari kerak bo‘lgan. Shuningdek ular odamlarga 3 metrgacha yaqin yurmasligi lozim bo‘lgan. Umuman zardo‘shtiylik ta’limoti, yer, suv, havo va olovni muqaddas deb hisoblagan. Bu an’analardan ba’zilari (suvga tupirmaslik va peshob qilmaslik, nikoh to‘ylarida kelinni olovdan aylantirish va hokazo) bizgacha saqlanib qolgan.
VII-VIII asrlarda arablar O‘rta Osiyo va Eronni bosib olgach, bu hududlarda Zaratushtra ta’limoti yo‘q qilinib islom dini yoyildi, zardo‘shtiylarning katta qismi XVIII asrda Hindistonga ko‘chib o‘tdilar. Hozirgi kunda zardo‘shtiylikka sig‘inuvchi xalqlar faqat Hindiston va Eronda yashaydilar. Zaratushtra o‘z zamonasida ham va undan keyin ham tarixiy shaxs bo‘lib qoldi. U yaratgan ta’limot esa ma’lum muddat deyarli butun Sharqqa va O‘rta Osiyoga yoyilib, ko‘pchilik davlatlar diniga aylandi.
Umuman olganda, Zaratushtraning diniy-falsafiy aqidalari va ta’limoti urug‘ qabilachilik va yakkaxudolikka sig‘inishni targ‘ib qiladi hamda unda adolat, mehnat va mehnatsevarlik, halollik, yaxshilik, yorug‘lik, olihimmatlik, bag‘rikenglik va ezgulik haqidagi olqishlar asosiy o‘rinda turadi. Ayniqsa, Zaratushtraning ma’naviy-axloqiy ta’limotida yaxshi fikr (gumata), yaxshi so‘z (gugta­) va yaxshi ish (gvorishta) ga alohida e’tibor qaratiladi. Shuningdek Zaratushtra ta’limotida odamlarning teng huquqli bo‘lib yashashi, bir-biriga yaxshi munosabatda bo‘lish, bir-biriga yordam berish targ‘ib qilinadi hamda adolatsizlik, shafqatsizlik, zo‘ravonlik va tabiatga bemehrlik qattiq qoralanadi. Zaratushtraning asosiy g‘oyalarida dunyodagi barcha ishlar yaxshilik va yomonlik, yorug‘lik va zulmat o‘rtasidagi kurashlarga bog‘lab talqin qilinadi.
Avesto kitobidan o‘rin olgan O‘rta Osiyo hududida yashagan qabilalar va elatlarning eng qadimgi davrdan boshlangan ijtimoiy-iqtisodiy hayoti, diniy va dunyoviy mafkurasi, dunyoni bilish haqidagi tushunchalari, urf-odatlari, ma’naviy-madaniy rivojlanishiga doir ma’lumotlar katta ahamiyat kasb etadi.
Zardo‘shtiylik ta’limotida Axuramazda azaldan mavjud bo‘lgan hamda abadiy iloh sifatida alohida o‘ringa qo‘yiladi. Shu sababdan ham Avestoda barcha ezgulik va yorug‘lik Axuramazda tomonidan yaratilganligi ta’kidlanadi. Unga qarama-qarshi o‘laroq yovo‘zlik va jaholat xudosi Axriman o‘zining barcha yomon niyatlarini amalga oshira borib, Axuramazda yaratgan moddiy olamga ma’naviy zarar yetkazadi va jamiyatga xos bo‘lmagan ahloqiy bo‘zuqliklarni keltirib chiqaradi. Axrimanning bunday yovo‘z niyatlariga qarshi kurashish uchun Axuramazda yaratgan zardo‘shtiylik aqidalarini qabul qilish hamda unga itoat etish ta’kidlanadi.
Zaratushtraning fikricha, eng ezgu niyatlar, umumbaxsh va olijanob fikrlar Axuramazda tarafdorlarining qalbidan joy olishi lozim. Faqat shundagina odamlarning hatti-harakatida, odil jamiyat barpo etishdagi faoliyatida, tabiatga va bir-birilariga bo‘lgan munosabatda yomonlik va johillik bo‘lmaydi. Shundan so‘ng ezgu niyatli kishilarning harakatlari Axuramazdaning ezgu niyatlari bilan qo‘shilib, ma’naviy kurashda yovo‘z va zulmat kuchlari ustidan g‘olib keladi.
Zaratushtra ta’limotining jamiyat va insoniyat tarqqiyotidagi eng muhim va diqqatga moliq bo‘lgan tomoni shundaki, unda butun tabiatni – yer, suv, daraxt, o‘simlik va jonivorlarni e’zozlash, yerga ishlov berib, sug‘orib, bog‘-rog‘lar va ekinzorlar barpo etish, chorvachilikni keng yo‘lga qo‘yish, suv va olovni muqaddas tutish shart bo‘lgan.
Shunday qilib zardo‘shtiylik ta’limoti yaxshilik va ezgulik g‘oyalari bilan sug‘orilgan bo‘lib, bu ta’limot yovo‘zlikka nisbatan nafrat tuyg‘ularini uyg‘otadi hamda kishilarni komilikka, yaratuvchanlikka, ezgulikka undaydi.

Download 42.72 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3   4   5




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling