Axmеdova m. A. umumiy muxarrirligi ostida


-§. Hindiston, Xitoy va Uzoq Sharqda falsafa rivojining asosiy bosqichlari


Download 1.43 Mb.
bet60/205
Sana09.11.2023
Hajmi1.43 Mb.
#1759310
1   ...   56   57   58   59   60   61   62   63   ...   205
Bog'liq
Axmеdova m. A. umumiy muxarrirligi ostida-fayllar.org (1)

6-§. Hindiston, Xitoy va Uzoq Sharqda falsafa rivojining asosiy bosqichlari
Hindistonda V-VII asrlarga kelib feodal tuzumi shakllandi. Braxmanlik va buddaviylik o‘z o‘rnini hinduviylik diniga bo‘shatib bera boshlaydi. Hinduviylik qadimgi falsafiy maktablarga sezilarli ta'sir o‘tkazdi. IV asrdan X asrlargacha bo‘lgan davrda Hindiston falsafasida qadimgi falsafiy ta'limotlarga (sutralar) serunum sharhlar yozish davom etdi. Adabiyotlarda bu davr sharhlar davri deb ataldi. Agar eramizning IV asrida faylasuf Purandara Chorvoqa –Lokayata maktabi ta'limotini sharhlagan bo‘lsa, V asrda faylasuf olim Vatsyana Nya va Vaysheshika maktablari sharhlari ustida ish olib bordi. Bu falsafiy ta'limot VI asrda Parashastapada, X asrda esa Uzayana tomonidan sharhlandi. Ishvara Krishna Sankxya falsafiy maktabiga sharhlar yozdi. Ushbu sharhlar o‘sha davrning mafkuraviy qoidalari asoslarini hisobga olgan holda bitildi.
Bu davrda budavviylikning turli oqimlari yana qaytadan paydo bo‘la boshladi. Ana shunday oqimlardan biri dzen-budavviylik edi. «Dzen» so‘zi sanskritcha so‘z «dxyana» - karaxtlik holati (meditatsiya) dan olingan bo‘lib, xitoycha «chan» va yaponcha «dzen» ga aylangan edi. Dzen – budavviylik Mohayananing katta mazhablaridan biri bo‘lib, unga binoan budavviylik mohiyatini qalbni yoritishga olib keluvchi ichki tuyg‘u bilan anglash va idrok qilish mumkin. Dzen-budavviylikning asoschisi (birinchi patriarxi) hind rohibi Bodxikarma edi. U yangi ta'limotga asos solgan bo‘lib, unga ko‘ra, ilohiyot va mavhum falsafaga nisbatan afzallikni Budda ta'limotini shaxsan bevosita tushunishga beradi va qayd etadiki, diniy sig‘inishdan ko‘ra, tafakkur va shaxsiy intizom muhimroqdir. Uning fikricha, dzen bu «an'ana va muqaddas matnlarni oshib o‘tib, uyg‘ongan ongga bevosita o‘tishdir».
Dzen - budaaviylikning asosiy qoidalarini dzenning oltinchi patriarxi Xuey Nen (662-713) ishlab chiqdi. Mohayana ta'limotining hyech qanday narsa ayrim va mustaqil holda abadiy yashamaydi, degan qoidasidan kelib chiqib, u voqyeylikni eskicha turdagi qarashlardan qutiltirib, har qanday rasm-rusumlarni qalbni yorug‘lashtiruvchi vosita ekanligini rad etdi. An'anaviy buddaviylik tomonidan tavsiya etilgan zo‘r berib urinish o‘rniga, u istak qo‘zg‘atuvchi ichki sabab natijasida hosil qilinadigan dilni yoritmoqni qarama-qarshi qo‘ydi. Yurak yorug‘lik va sevinchga voqyeylikni eskicha qabul qilish usulidan qutilgan taqdirdagina erishadi.
Dzen shu narsadan kelib chiqadiki, har bir kishiga Buddaning ongi bo‘lgan tug‘ma ong xosdir. Ibodatdagi birlashish Xudo bilan emas, balki Budda ongi bilan yuz beradiki, u insonning tabiiy mohiyatining o‘zi bo‘lib odatda xudbinlik markazi bo‘lgan qoidaviy fikr orqali bosib turiladi. Bu mohiyatni faqat birdaniga sodir bo‘ladigan ichki yorug‘lik satori orqali anglash mumkin. Satorining holati doimiy bo‘lmasdan, yorishgan ongning uchquniga o‘xshashdir. Dzen - buddaviylik boshqa ta'limotlardan shunisi bilan farq qiladiki, dil yorishgan lahzada olinadigan bilimning qoidaviy shakllanish imkonini rad etadi. Azob-uqubat bog‘langanlik natijasidir, xoh u moddiy narsalarga bo‘lsin yoki xoh g‘oyaviy narsalarga. Bog‘langanlik voqyeylikni tizimli yoki qoidaviy asosda tushunishga urinish bo‘lib, uning oqibatida buddaviylik usuliga xos bo‘lgan ichki tuyg‘uli qabul qilishni yo‘qotib qo‘yish mumkin.
Voqyeylikni to‘g‘ridan-to‘g‘ri tushunishga qaratilgan va aqliy nazariy qoidalarga tayanadigan talqinlarga yo‘l bermaydigan dzen ta'limoti, uning nazariy asosini eng kam miqdorga tushurib yuboradi163.
XI-XII asrlar davomida Hindiston Mahmud G‘aznaviy, so‘ngra Chingizxon tomonidan hujumga uchradi. Bu Hindistonning madaniyati va mafkurasiga salbiy ta'sir etdi. Javohirlal Neru bu haqda yozgan edi: «Hindistonning chet el bosqinchlari tomonidan bosib olinishi natijasida, mamlakatning madaniy hayoti uzoq davom etgan inqirozni boshidan kechirdi»164. Ammo shu bilan birgalikda G‘aznaviy mulozimlari orasida bizning buyuk vatandoshimiz Abu Rayhon Beruniy ham bor ediki, u hindlarning madaniyati, ilm-fani va ma'naviyatini chuqur o‘rganib, o‘z tadqiqotlarida bayon qildi. Bu tadqiqotlar orqali Hindiston haqida Markaziy Osiyo xalqlari ko‘p narsani bildilar. Shu davrda Hindistonga tasavvuf g‘oyalari kirib kela boshladi. Jumladan, sufiylar tariqatining Suxravardiya, Chishtiya va Naqshbandiya kabi qoidalari keng yoyildi.
Hindistonda feodal tuzumning tanazzuli diniy bid'at va mazhablar harakati hamrohligida yuz berdiki, u tarixga «bxakti harakati» nomi bilan kirdi. Harakatning yirik ishtirokchilari orasida Kabir va Tulsi Das nom qozondilar. Kabir hindlar bilan musulmonlarni yaqinlashishga chaqirdi. Uning fikricha, har bir dinning ma'nosi rasm-rusumlarda emas, balki axloqiy poklikka rioya etishdadir. Kabirning nuqtai nazaricha, Xudo tabiatning barcha hodisalari ichiga kiradi va jonli mavjudotlarning nafasidir. Musulmonlar va hindlarning Xudosi bittadir. Shuni qayd etish lozimki, Hindistonda qarab chiqilayotgan davrdagi tasavvuf buddaviylik va hinduviylik bilan ko‘shilib ketgan edi. Sufiylar Hindistonda ikki katta guruhga bo‘linadilar. Ularning biri Bashar bo‘lib, uning tarafdorlari sunnaga e'tiqod qilar edilar. Ikkinchisi Beshar bo‘lib, uning muxlislari shariat qonunlariga rioya qilishni majburiyat hisoblamas edilar.
O‘rta asrlar Hindistonining Fani va madaniyati taraqqiyotida Amir Xisrav Dehlaviy katta o‘rin tutadi. U 1253 yilda tug‘ilgan bo‘lib, Chishtiya sufiylik tariqatining vakili edi. Ma'lumotlarga qaraganda, uning ijodiy merosi 1 million satrdan iborat. Uning mashhur asarlari ichida «Xamsa», «Hayot o‘rtasi», «sakkiz behisht bog‘lari» va boshqalar bor. O‘zining barcha asarlarida Dehlaviy tabiat go‘zalligini, vatanni, adolat, xalqlar o‘rtasida do‘stlik va insonni vasf etdi. U o‘z asarlarini fors va arab tillarida yozdi. Alisher Navoiy uni o‘zining ustozi hisoblar edi. Javoharlal Neru uning ijodidan zavq olar edi.
O‘rta asrlar Hindiston ijtimoiy-falsafiy fikrlari rivojiga Shoh Valiuloh sezilarli hissa qo‘shdi. U 1703 yilda diniy arbob Abdurahim oilasida tavallud topdi. 14 yoshigacha Naqshbandiya maktabida ta'lim oldi, so‘ngra otasi asos solgan madrasada 16 yil dars berdi. Uning qarashlari asosida Qur'on va hadislardagi g‘oyalar va qoidalar yotadi. Hadislarni chuqurroq o‘rganish maqsadida u Makkada bo‘ladi. O‘zining hayoti ma'nosini Hindistonda musulmonlar jamoasini nufuzini mustahkamlashda deb bildi. Shoh Valiuloh falsafa va diniy mavzularda 50 dan ortiq asar yozdi. Uning asarlarida davlatni boshqarish muammolari, turli ijtimoiy guruhlarning holati tahlil qilinadi, shuningdek, dushmanlar hujumidan vatanni himoya qilish masalalari tadqiq etilgan. O‘z qarashlarida Shoh Valiuloh falsafiy antropomorfizm (odamlarga xos xususiyatlarni boshqa narsaga ham xos deb hisoblash)ni tanqid qilib, unga qarshi tasavvufiy va panteistik ta'limotni qo‘ydi. Xudoni u tabiat bilan birlikda deb tushunadi.
Mutafakkirning falsafiy ta'limoti markazida axloqiy va ijtimoiy-siyosiy masalalar yotadi. Valiulohning nuqtai nazaricha, inson faqat Allohning maxluqigina emas, balki jamiyatning ham a'zosidir. Shuning uchun barcha xayrli ishlarning mezoni odamlarning ijtimoiy farovonligidir. Uning asosida barcha sohalarda adolat yotadi. Ijtimoiy boylikni g‘ayri odilona taqsimlash katta gunohdir. Har qanday mehnatkash odam moddiy jihatdan ta'minlangan bo‘lmog‘i lozim. Aks holda jamiyat halok bo‘ladi. Shoh Valiuloh fikricha, adolat tushunchasini kishilarning hatti - harakati, iqtisodiyotning holati va siyosiy tuzumning yo‘nalishidan ajratgan holda olib qarash mumkin emas.
Valiuloh aqidasicha, jamiyat a'zolarining ta'lim-tarbiyaga shunday ehtiyojlari borki, ular quyidagi masalalarni hal qilish jarayonida amalga oshirilishi mumkin:
  1. Dehqonchilik va hunarmandchilikni rivojlantirish.


  2. O‘rtacha soliqni joriy qilish.


  3. Davlat yerlari miqdorini oshirish.


  4. Chorikorlarga yerni ijaraga berishni to‘xtatish.


  5. Davlat qonunlarini bajarmaydigan yer egalarining mulkini musodara qilish.


  6. Armiyani (qo‘shinni) kuchaytirish.


  7. Halol kishilarni qozilikka saylash.


  8. Hukmdorlarni umumxalq saylovida saylash.


Hukmdorlar mutlaq zarurdirlar, aks holda urushlar hyech qachon tugamaydi - deydi Shoh Valiuloh. Uning fikricha, davlat siyosati ijtimoiy javobgarlik va iqtisodiy teng huquqlikka tayanishi lozim. Mutafakkirning g‘oyalari hind tarixining keyingi davrlariga, ayniqsa mustamlakachilikdan qutilgan mustaqil Hindiston va Pokiston taraqqiyotiga sezilarli ta'sir ko‘rsatdi.


Xitoyda Sun sulolasi (960-1278yy.) hukmronligi davrida yangi konfutsiychilikka asos solib, uni boshlab bergan «sunn maktabi» falsafiy maktabi shakllandi. Uning eng e'tiborli vakillari Chju Si va Van Yanman bo‘lib, o‘z qarashlariga muvofiq keladigan chjusianlik va vanyanminizm yo‘nalishlariga asos soldilar.


Chju Si (1130-1200) mumtoz konfutsiychilik matnlarining bilimdoni bo‘lib, ularni sinchiklab tahlil qildi. U an'anaviy konfutsiychilik falsafasini nazariy jihatdan tizimga solib, yagona bir shaklga keltirdi. Ilk konfutsiychilikka nisbatan solishtirganda uning ta'limoti aqlga ko‘proq tayangan va metafizikona edi. Konfutsiychilikning asosiy tushunchalari unda yangicha ruhda, konseptual ahamiyatga ega bo‘lib qoladi. Masalan, agar ilk konfutsiychilikda «Li» tushunchasi tartib va hatti -harakat me'yorini anglatuvchi tushuncha bo‘lsa, Chju Sida u, o‘z avvalgi ma'nosini saqlagan holda, axloqiy tushunchadan voqyeylikdan ustun turgan «Taydzi», ya'ni azaliy, doimiy va umumiy qoida bo‘lgan «Buyuk hudud» ni anglatuvchi mutlaq falsafiy tushunchalardan biriga aylanadi. Li ashyolarning haqiqiy tabiatini, ya'ni ularning eng avvalgi mohiyatini gavdalantiriadi. Lining jismoniy va moddiy to‘ldirilishi Sidir. Si - bu olamning son-sanoqsiz ashyolarining ko‘pligidir. Li va si nisbati Chju Si quyidagicha hal qiladi: «avval Li, keyin Si».
Koinot haqidagi chjusianelik qarashlari ham shunga muvofiq quriladi. Unda birinchi sabab Taydzi sini keltirib chiqaradi, buning uchun esa, u o‘zgarishlar jarayonini va uzluksiz uyg‘unlikni qidirish boshlanganligini e'lon qiluvchi In - yan harakatiga tashabbus bag‘ishlaydi. Bu o‘z navbatida 5 tabiat hodisaning – suv, olov, yog‘och, metall va tuproqni barpo qiladiki, ular inson faoliyatida mujassamlashadi va insonni dunyo jarayoniga qo‘shilganligini aks ettiradi. Axloq tabiiy kuchlarning bir-biriga nisbatini ifoda qiladi. Taydzi tufayli tabiat hodisalarining qo‘shilmasi o‘z asosiga ko‘ra harakatsizlikka egadir. Bundan «5 doimiy tabiat hodisalari» haqidagi ta'limot, «ismlarni taqsimlash», «ismlarni tuzatish» haqidagi qarashlar kelib chiqadiki, ular Osmonning irodasi sifatida talqin qilinadilar. Konfutsiychilikning asosini tashkil qiluvchi o‘z-o‘zini yuksaltirish haqidagi masalada Chju Si shunday fikrni yoqlaydiki, asosiy vosita mumtoz risolalarni o‘rganish yo‘li bilan konfutsiychilikning asosiy nazariy bilimlarini egallash mumkin. Shunday qilib, Chju Si konfutsiychilikda eng yaxshi nazariy ishlab chiqilgan tizimni vujudga keltirdi.



Download 1.43 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   56   57   58   59   60   61   62   63   ...   205




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling