ETNOGRAFIK Etnografiyaga oid. Etnografik material, etnografik ocherk.
ETNOGRAFIYA (yun. ethnos – qabila, xalq + grapho – yozaman) 1. Tarix fanining xalqlarning kelib chiqishini, tarkibini, joylashishini, turmushini, rasm-rusum-larini, moddiy, ma’naviy va ijtimoiy madaniyatini ko‘pincha bevosita kuzatish yo‘li bilan o‘rganadigan bo‘limi.
2. Biror xalqning yoki bir hududdagi bir necha xalqning turmushi, madaniyati, urf-odatlariga xos xususiyatlar majmui. O‘rta Osiyo etnografiyasi. Tarix-etnografiya ko‘rgazmasi.
ETNOPEDAGOGIK Xalq pedagogikasiga oid. Axloqiy-tarbiyaviy qimmatikuchli va ular bugunga qadar ham umuminsoniy qadriyatliligini yo‘qotmagan, asrlar davomida etnopedagogik qarashlar hosilasi sifatida avlodlarni tarbiyalashda asqotib kelayotgan maqollar, tez aytishlar, hadislar, didaktik adabiyot namunalari va h.k. M.:"Pandnoma" o‘z etnopedagogik mohiyati bilan ayricha ahamiyatga molik. Unda insoniylik mohiyati yaxshi fazilatlar va yomon xislatlarni o‘zaro muqoyasa qilish negizida tahlil va talqin qilingan. Mehnatkashlik, halollik, ozodalik-pok yurish, saxovatpeshalik, tantilik, kamtarlik, o‘zgalarga hamdardlik, xeshu aqrobalarga mehribonlik, farzandlarni, ota-onani, mahbubani seva bilish va hurmat qilish, kattalarga oqibatlilik, bilimdonlik, oqillik, fozillik, tadbirkorlik, kabi barcha ezgu fazilatlar insoniylik namunasi sifatida talqin qilinadi.
ETNOPEDAGOGIKA - grekcha «etnos» -xalq, «pedagogike» -yosh avlodni tarbiyalash va o’qitish haqidagi fan. U xalqning tarbiya haqidagi qarashlarini ifodalaydi. Xalq pedagogikasi, tarbiyaning maqsad va vazifalari borasida muayyan xalqning hayotiy tajribasi hamda turmush tarzida shakllangan amaliy qarashlar majmui; muayyan jamiyatda yashash uchun har bir odam amal qilishi shart sanalgan va urf-odat, udum, xulq-odob, marosim, anʼana, turmush tarzi, badiiy ijod, o‘yin singari empirik vositalarda namoyon buladigan amaliy faoliyat hamdir.
EZOP TILI Muayyan sabablarga ko‘ra aytilmoqchi bo‘lgan fikrni ochiq-oshkor ifodalash mumkin bo‘lmaydigan hollarda paydo bo‘luvchi ifoda yo‘sini; fikrning pardalab, “kosa-tagida nimkosa” tarzida, turli ishoralar orqali ifodalanishi. Ezop tili ijod erkinligi, so‘z erkinligi bo‘g‘ilgan har qanday sharoitda san’atkorning voqelikka munosabat bildirish ehtiyojining mahsuli o‘laroq voqe bo‘ladi, shu bois bu xil ifoda yo‘sini adabiyot tarixining deyarli barcha bosqichida uchraydi. Jumladan, o‘z davrida Gulxaniy “Zarbulmasal”ida majoziy obrazlar orqali, Fitrat “Chin sevish” va “Hind ixtilochilari” pyesalarida o‘zga yurtda kechgan voqealar tasviri orqali o‘zlarini qiynagan muammolarga munosabatlarini ifoda etganlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |