Bandixon tumani 4-umumiy o’rta ta’lim maktabining 8-a sinf o’quvchisi Xursandova Azizaning


Download 18.71 Kb.
Sana12.12.2020
Hajmi18.71 Kb.
#165473
Bog'liq
INSHOdocx


Bandixon tumani 4-umumiy o’rta ta’lim maktabining

8-A sinf o’quvchisi Xursandova Azizaning

“Surxon adiblari- bizning faxrimiz” nomli yozgan inshosi

“Shafoat Rahmatullo Termiziy ijodida ona – Vatan timsoli”

Reja:


  1. Surxon elining donishmand shoiri

  2. “Shafoat- Surxondaryolik yigit”- Saida Zunnunova shoir ijodi haqida

  3. Shafoat Termiziy ona diyorning go’zalliklarini maftunlik bilan kuylaydi

  4. Xulosa.

Bizkim Termiz-shu hayotga qon va ter biz,

Tamaddunlar ilk ulg’aygan qutlug’ yer biz

Ota yurtning sarhadida pospon sher biz,

Ezguliklar ummatiga bizkim pir biz,

Avliyo biz, anbiyo biz, bizkim Termiz

Shafoat Rahamtullo Termiziy ijodida ona – Vatan timsoli Surxon adabiy muhitida o’zining alohida o’rniga ega bo’lgan iste’dodli ijodkor Shafoat Rahmatullo Termiziy o’tgan asring 70-yillarida she’riyatimizga kirib keldi. O’sha vaqtda vaqtli matbuotlarda e’lon qilingan she’rlari she’riyat ixlosmandlariga, ayniqsa, ustoz taniqli ijodkor Mengziyo Safarovga ma’qul keladi. U 1968-yil viloyat gazetasi sahifasida shoirga oq yo’l tilaydi.

Shoirning aytishi bo’yicha, u 1975-yil bahorda Mengziyo Safarov bilan Toshkentga boradi. Yozuvchilar uyushmasida bir qator yozuvchi va shoirlar, jumladan, Said Ahmad va u kishining ayoli Saida Zununova nazariga tushadi. Shundan so’ng Saida Zununova “O’zbekiston madaniyati” gazetasining 1975-yil 16-may sonida Shafoat Rahmatullayevga oq yo’l tilab, uning bir qator she’rlarini e’lon qiladi. Va umidli yosh shoir ijodi haqida shunday deydi: “Shafoatning hech kimga o’xshamagan o’z kuzatishlari, sezgirligi, o’ziga xos uslub izlanishlari sezilib turadi. Shafoat surxondaryolik yigit. O’sha yoqda musiqadan dars beradi. Musiqani bilishi ham shubhasiz, she’rning mayin bo’lishiga xizmat qilgan. Bu she’rlar Surxon tog’laridan esgan shabbodadek sof, fikrlar orginal, kuzatishlar yangi.”

Shoirning dastlabki she’riy to’plami “Janub shamoli” 1981-yilda “G’afur G’ulom” nashriyotida chop etildi. Shundan so’ng, uning “Umid ostonasi”, “Gulob”, “Ozod so’z”, “Ko’rinmay gulladim”, “Shoh va shoir” kabi kitoblari nashr qilindi. Shoir shuningdek, musiqaga oid “Musiqa uslubiyati”, “Musiqa alifbosi” va “Boshlang’ich musiqa” risolalari muallifi hamidir.

Shafoat Rahmatullayev – donishmand shoir. Shoir she’rlarining asosiy mavzusi Vatan. U Vatan haqidagi she’rlarida Vatanning shonli tarixini madh etadi. She’riyatimiz Suqroti bo’lgan shoir “Vatanning suratini Shummerning loy xatida, Afrosiyob, Xolchayon bitiklarida, nilufar gumbazning osmonida ko’radi.”1

Shoir she’riyati asosi bo’lgan Vatan haqidagi she’rlarida nafaqat Ona yurtning tabiati, balki shonli o’tmishi ham faxr bilan kuyga solinadi. Shafoat Termiziy Vatanni onam, onajonim deydigan insonlarning tipik vakilidir. U Vatanni o’zbegim onajonim deb tariflaydi. Unga atab qasidalar bitadi. Shu sababli ham aytish mumkinki, shoir Ona Vatan kuychisi:

Xalqim ajdoding izi moziyning qat-qatida,

Men uni ko’ryapman shummerning loy xatida.

Serviqor noming ulug’ millatlar ro’yhatida,

Obidalaring yodi YUNESKO ro’yxatida.

Jahonning hayratidir Afrosiyob, Xalchayon,

Gerodod yozig’idan Samarqand, Termiz ayon.

Guvohi bo’lganimizdek Shafoat Termiziy Vatanimizning qadimgi davridan tortib to hozirgi kungacha O’zbekiston O’zbekiston bo’lguncha davrini qalban, yurak-yurakdan his qilgan, uning shaniga qasidalar bitgan iste’dod sohibidir. Ajdodlarimiz izi moziyning qat-qatida ekanligini eramizdan avvalgi 4-mingyillikda yaratilgan Shummerning loy xatlaridan toppish Shafoat Termiziyga xos donishmandlikdir. Millatlar ro’yxatida o’zbek degan nom ulug’ligini, ming yillik obidalarning nomi YUNESKO ro’yxatida ekanligi, xatto, “Tarix otasi” Gerodod asarlarida Samarqand, Termiz bitilganligini anglash uchun insonda milliy g’urur va milliy iftixor tuyg’usi yuksak bo’lishi lozim.

Shafoat Termiziy she’rlari o’zining samimiyati, xalqchilligi, musiqiyligi, hazil-mutoyibalari bilan kishini o’ziga jalb qiladi. Uning she’rlari o’ziga xos va rang-barang chizgilarga juda ham boy. She’rlarida Vatan pafosi, Vatanga bo’lgan muhabbat, Vatan hidi barq urib turadi:

Chin yo’lchi yulduz bo’lsa Vatanning Bosh Qonuni,

Istiqlol yangilasa har bir yurak qonini.

Muqaddas bilsa hamma O’zbekiston shonini,

Yovqur bobolar ruhi bo’ron bo’lsa yurakda,

Istiqlolu istiqbol Turon bo’lsa yurakda.

Shoir she’rlarini o’qiganda Surxon vohasining dala-qirlari, takrorlanmas tabiatga ega bo’lgan shahar va qishloqlari, tog’lari, soylari va eng muhimi hayotsevar kayfiyatli sho’x-xushchaxchaq yigit-qizlari menman deb o’zini ko’z-ko’z qilib turishini ko’rish mumkin:

Oq o’tovdan otilib, so’lqillab chiqsang, senqiz,

Ot boshini burganman, bahona ichmoq qimiz.

Ibo bilan o’tovga boshlading yuzi qirmiz,

To qimiz simirguncha qozonda qilding “jiz-biz”.

Ijodkorlar, olimlar, ko’p sonli muxlislar davrasida O’zbekiston Xalq Qahramoni Abdulla Oripov so’z olib “Agar o’zbek she’riyati bir shoda bo’lsa, Shafoat Rahmatullo Termiz undagi bir gavhar” degan edi. Bu so’zlar bejizga aytilgan emas. Chunki Shafoat Termiziy o’z hayoti va ijodini, iste’dodini hamda mahoratini Vatan nomi va buyukligi bilan bog’lab kelgan Termiziy bobolarning kenja avlodidir:

Garchi xasdan baland, qasddan pastdirman,

Do’stim, senga yondosh quvonch, g’amdirman.

Termiziy bobodan qolgan shamdirman,

Ming yil puflasang ham, aslo o’chmayman.

Shafoat Termiziy – “Parvardigor yoqqan chiroq”, Termiziy bobolardan qolgan shamdir. Uning she’rlarini o’qigan kishi janub shamolining iliq taftini tuyadi:

Bizkim Termiz – shu hayotga qon va ter biz,

Tamaddunlar ilk ulg’aygan qutlug’ yer biz.

Ota yurtning sarhadida pospon sher biz,

Ezguliklar ummatiga bizkim pir biz,

Avliyo biz, anbiyo biz, bizkim Termiz.

Shafaot Termiziy ona diyorning go’zalliklarini maftunlik bilan kuylaydi. Uning rangin tashbexlarga, nozik hazil-mutoyibaga, lirizimga boy she’rlarida Vatanga bo’lgan iftixor barq urib turadi:

Ming yillarkim o’zbekona pok tutgansan shoningni,

Ming asrlar yurtim yana sharaf chulg’ar nomingni.

O’zbekona haqiqat bu, o’zbekona qasamyod,

O’zbekiston, buyuk yurtsan, O’zbekiston to abad.

Rus shoiri Pushkinning shunday gapi bor: “Ayrimlar oramizda biron bir nochor ovchilar to’dasiga bosh bo’lmagan Napaleon borligini, biron bir to’rtligi e’lon qilinmagan Dekartdek buyuk shoir hamrohimiz ekanligini o’ylamaydi, zero, biz faqat nomlari mashhurlarga ishonib qolganmiz”. Ming afsuski bu haqiqat.

Xulosa qilib aytish mumkinki, Shafoat Rahmatullo Termiziy ham pastgina Surxon osmonida ko’rinmay gulladi. Lekin mana shu ko’rinmay gullash davomida bir-biridan ajoyib bo’lgan she’rlar bitdi va bu she’rlarida Vatanni sharaf bilan, iftixor bilan kuyladi. Shoir she’rlarini ilmiy va badiiy jihatdan tadqiq qilish, o’rganish bu ijodkorning adabiyotimizda tutgan o’rnini belgilashga xizmat qiladi.





1



Download 18.71 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling