Beruniy indd


Download 0.58 Mb.
Pdf ko'rish
Sana08.06.2023
Hajmi0.58 Mb.
#1462971
Bog'liq
6cba67c1-af3e-c205-1e6e-90ddf2fe4143



Isajon Sulton
ABU RAYHON BERUNIY
 
tarixiy-biografik roman
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
Toshkent – 2022
 


2
IKKINCHI QISM
 
 
RAY. ZARGAR ABU ZARR HIKOYASI
 
 
Ismim Muhsin, laqabim Abu Zarr, nisbim Ashrafobodiy. 
Urmiya ko‘li yaqinidagi Ashrafobod degan qishloqda 
tug‘ilganman.
Otam Ashrafoboddagi davlatmand kishilardan biri bo‘lib, 
zargarlik bilan shug‘ullanardi. Men uning yolg‘iz o‘g‘li edim.
Otamning davrida o‘ynab-kulib, shod-xurram yurgan 
paytlarimda, bir kuni u kasallanib yotib qoldi. Meni huzuriga 
chaqirib, “Ey jonimning madori, nuridiydam! Senga suruv-
suruv qo‘ylar, tuyalar va do‘konlarimni qoldiryapman. Yigit 
kishining boshiga turfa kunlar tushadi. Sarmoyangni 
hushyorlik bilan ishlat. Mana bu qutichani esa eng mushkul 
kuningda ochishga va’da ber”, dedi.
Men otamga va’da berdim. Shundan so‘ng u vafot etdi. 
Otamning urfini qilib, marosimlarini o‘tkazdim, keyin 
ulfatlarim bilan ayshu taralla bilan kun kechira boshladim. 
O‘zimni jo‘mard, saxovatli ko‘rsatgim kelardi, ulfatlarim esa 
meni ko‘kka ko‘tarib maqtashardi.
Shu kayf-safo aro bir necha yil o‘tdi. Bir kuni qarasam, 
suruvlar tugab bitibdi. Zargarlik do‘konidagi buyumlarni 
sotib, puliga Hindistondan yoqut va la’l keltirishni ko‘zlagan 
edim, karvonni yo‘lda Ko‘chi Baluj degan qaroqchilar to‘dasi 
talab, karvonboshini ham, boshqalarni ham o‘ldirishibdi. Shu 
tariqa, hech vaqosi yo‘q gadoga aylanib qoldim.
Do‘stlarim qoshiga yordam so‘rab borsam, ular meni 
masxara qilib kulishdi, ba’zilari hatto uyidan haydab


3
yubordi. O‘z kulbamga kelib, yum-yum yig‘ladim. Shunda 
otamning vasiyati esimga tushdi. U bergan qutichani topib, 
ichini ochsam, bir maktub bor ekan. Otam xuddi ahvolimni 
bilganday, shunday deb yozibdi:
“Suyukli o‘g‘lim! Shunday kunlar boshingga tushishingni 
bilganim uchun bu ishga qo‘l urdim. Chunki sen mehnat bilan 
ter to‘kib pul topmading, har ish o‘z-o‘zidan, shunday 
bo‘laveradi, deb o‘ylading. Falak charxi shunday, u hech kimga 
vafo qilmagan. Endi ko‘p kuyinavermay, aytganlarimni bajar.
 
Ray shahrida mening Abdulloh Xurdodiy degan zargar 
do‘stim bor. Modomiki boshingga mushkulot tushib, bu 
maktubni o‘qiyotgan ekansan, hayallamay yo‘lga otlan, Rayga 
qarab jo‘na. U yerda, bozorda Abdulloh Xurdodiyni top. Unda 
mening bir qancha mablag‘im bor, o‘shani ol-da, uning 
aytganlarini qilib, o‘z dastgohingni tuz. Alloh yor va 
madadkoring bo‘lsin!”
 
Bu xatni o‘qib, yana yum-yum yig‘ladim. Padari buzruk- 
vorimning haqqiga duo qilib, yo‘l xarji uchun bir amallab pul 
topib, Rayga jo‘nadim.
Abdulloh Xurdodiy otam tengqur bir mo‘ysafid ekan. 
Kimligimni bilgach, meni uyiga olib borib mehmon qildi, 
ahvolimni surishtirdi. Bo‘lgan voqealarni oqizmay-tomizmay 
so‘zlab berdim. Shunda Abdulloh Xurdodiy:
– Eh, falakning ishlariga nima ham deya olarding? 
Buguncha istirohat qil, ertaga inshaalloh, bir gap bo‘lar,
– dedi mehribonlik bilan.
Ertasiga yuvinib-taranib, Abdulloh Xurdodiy bilan 
bozorga yo‘l oldik. Zargarlik timida choqqina bir do‘kon 
bo‘lib, egasi damashqlik bir arab ekan. Abdulloh Xurdodiy bu 
do‘kon mening otamga tegishli ekanini, damashqlik kishi 
ijaraga olganini aytdi. Shuncha yillar davomida ijara haqi 
birmuncha bo‘lgan ekan. Abdulloh Xurdodiy damashqlik 
bilan hisob-kitob


4
qilib, unga boshqa do‘kon topib berishini aytdi. Shu tariqa, 
do‘kondorga aylanib qoldim.
Har kuni tong saharlab kelib, do‘konimni ochib o‘tirar va 
otamning tadbiriga ich-ichimdan tahsin o‘qir edim.
Abdulloh Xurdodiy menga o‘z molidan nasiyaga berdi. 
Hisob-kitobimni qat’iy qilib, asta-sekin ishlarim- ni yurita 
boshladim. Bir qancha mablag‘ jamg‘arib, bozor- ga yaqin bir 
mavzedan chog‘roq bog‘chali hovli sotib oldim.
Abu Rayhonga o‘sha kezlarda duch keldim.
Har doimgidek do‘konimga kelib, atrofini supurib- sidirib, 
xaridor kutib o‘tirganimda, u kirib keldi. Salomlashib, sariq 
tilladan ishlangan bir uzukni ko‘rsatib, sotmoqchiligini aytdi.
Bunday tilla bizda uchramaydi, uni Zarafshon tillasi 
deydilar. Bahosi Damashqning oq tillasidan pastroq yuradi. 
Uzukni ipga osib, jarangini eshitib ko‘rgach, unga:
– Quyumida nuqsoni bor, – dedim. – Tarkibi bir xil emas. 
Boshqa biron ma’dan aralashtirilgan demayman-u, biroq uni 
eritib, qolipga solgan paytda bir tekis quyilmagan chog‘i.
U yigit men aytgan narxga ko‘nib, xayrlashib chiqib 
ketmoqchi edi, qaysi yurtdan ekanini so‘radim. Xorazmdan 
ekan.
– Bunday uzuklar Xorazmga xos, – dedim. – Mana, 
qarang. Bular Jurjon uzuklari, enli, ammo yupqa, naqshi 
jimjimador. Mana bunisi damashq va isfahon uzugi. Farqini 
ko‘rdingizmi? Kasbingiz nima?
– Hikmat va bilim ortidan quvlab yurgan bir 
musofirman, – deb javob berdi u. – Madrasada saboq o‘rganar 
edim. Xorazmda tanglik yuzaga kelib, bu yoqqa safar qilishga 
to‘g‘ri keldi.
– Ahli bilimdan esangiz, u holda meni ma’zur tuting,
– deb, unga yana bir dirham tutqazdim.


5
– Bu ilmingiz haqqi-hurmati, uzugingizning narxi rostdan 
ham men aytganday, – dedim kulib.
U so‘zlarimga parvo qilmay, dirhamni qo‘yniga sol- di-da:
– Ayt-chi, o‘lchashda qaysi vazndan foydalanasan? – deb 
so‘radi.
– Biz tilla va kumushni misqol va dirhamda, javohirni 
qirotda, g‘allani man yoki botmonda o‘lchaymiz. Matoni 
tirsak va qulochda, uzun masofani farsahda, qisqa 
uzunliklarni angushtda hisoblaymiz.
– Sen menga qimmatbaho toshlar haqida so‘zlab 
bersang, yaxshi bo‘lardi, – dedi u. – Xayolimga qaysi biri qaysi 
tilda qanday atalishi, ularning turlari va xususiyatlari, 
baholash mezonlarini o‘rganish fikri keldi.
Uning so‘zlari va xulqi menga ma’qul tushib, nihoyat, 
o‘zimga to‘g‘ri-durust bir do‘st topdim, deb o‘ylab xursand 
bo‘ldim va uyimga taklif qildim. U rozi bo‘ldi. Shom qo‘na 
boshlaganida 
do‘konni 
berkitib, 
ikkovlon 
mening 
bog‘chamga keldik.
Qaynatilgan go‘sht va Ray holvasi bilan taomlangach, 
shunaqa qiziqarli suhbat bo‘ldiki!
U so‘rarkan, men bilganlarimni aytardim, men so‘rasam, 
u javob berib, so‘zlarimni sharhlar yoki rad qilar edi. Undagi 
o‘ta kuchli mantiq meni lol qoldirdi. Umrimda birinchi marta 
bunday kishi bilan suhbat qurayotgan edim. Fikrining 
quvvatliligi, zakosining tezligi meni mahliyo qilib qo‘ygan edi.
Men unga Damashq va Jurjonning oq tillalari, Arnan tog‘i 
etagidan qazib olinadigan o‘ta zich oltin haqida so‘zlab 
berdim. Uning zichligi shundayki, chorak angusht Damashq 
oltini va chorak angusht Arnan oltini tarozuga qo‘yilsa, Arnan 
oltini og‘ir keladi. Jurjonliklar u joyni sir saqlaydilar, podshoh 
soqchilari borar yo‘lni qattiq qo‘riqlashadi, konda


6
faqat qullarni ishlatishadi, ularni konga ko‘zlarini boylab olib 
borishadi. Abu Rayhon u yerning tabiati haqida surishtirdi, 
so‘ng oltin konining sayoz yoki chuqurda joylashganini so‘rab, 
“U yerda kumush ham bo‘lishi kerak” deganida, bilimiga 
tahsin o‘qidim, chunki o‘sha joyda haqiqatan ham kumush 
qazib olinishini eshitgan edim.
Shuningdek, la’l, yoqut, zabarjad, sadaf, marvarid, aqiq, 
feruza va boshqalar haqida ham ajoyib suhbat bo‘ldi.
– Sen turli nav la’llarning rangini taqqoslash uchun 
qo‘llanadigan narsalarning rangiga e’tibor qil,
– dedi Abu Rayhon. – Misol uchun, atirgulni oladigan bo‘lsak, 
avvalboshda toza oq atirgulni, so‘ng bir oz qizil tus 
aralashganini, qizillik orta borgani sayin ol yonoqlar rangiga 
kirganini, yanada qizargani sayin shaqoyiq va hatto qora 
tusga yaqinlashganini ko‘rasan. Endi ularning nomlanishini 
sanab o‘tsak, rummoniy – anor urug‘i rangi, bahramoniy – 
safran guli, urjuvoniy
– moviy aralash qizil, usfuriy – qirmizi, banafsojiy
– binafsha, jimriy – lang‘illagan ko‘mir cho‘g‘i rangi, shamiy 
– yonayotgan sham alangasi rangi, lahmiy – yangi so‘yilgan 
qo‘y yoki ohu eti rangi, vardiy – pushti, gulnoriy – anor guli 
rangi. Shuningdek, biridan biriga o‘tish tuslari ham bor.
Sariqning tuslariga kelsak, qobidiy – jigar rangida, tamiy 
– quritilgan xurmo, radbiy – shoxdagi xurmo, mishmish – 
o‘rik, utrujiy – po‘rtaxol, tibniy – somon, asaliy – asal rangi.
Shaffof bo‘lmagan sariq toshlar uchun aqrabiy – chayon 
rangi, afsuriy – eshak tishining rangi, falfaliy – qalampir 
rangi.
Yashil va moviy toshlar eng oz tuslanishga ega. Zulmoniy 
– to‘q yashil, rayhoniy – rayhon bargi tusi, silkiy – lavlagi 
bargi rangi, alas – suli niholi rangi, zaytuniy – zaytun, rined – 
dafna yaprog‘i rangi.


7
Lekin eng qimmatlisi – turli ranglar uyg‘unlashgan la’ldir. 
Misol uchun, buqalamun tusli la’lda sariq, yashil va samoning 
ko‘k rangi uyg‘unlashadi. Uni nurga tutib aylantirilganida, u 
o‘ziga nur yoki soya tushishiga qarab turli ranglarda 
tovlanadi, mana shu xususiyati kishini mahliyo qiladi. Hatto 
bir kishi menga, qizil- yashil va sariq tuslar bir-biriga 
aralashib, yaxlit o‘ziga xos rang paydo qilgan kattakon yoqut 
haqida so‘zlab bergan edi.
Men unga Ray dengizga yaqin bo‘lgani uchun, bu shaharda 
sadaf va marvarid arzon ekanini aytdim. Shu sababli, bir 
qancha kishi Jurjon marvaridlarini Yunoniston va Mag‘ribga 
olib borib, sotib tirikchilik qilishadi.
– Ammo yo‘ldagi qaroqchilar bu ishdan yaxshigina 
boylik orttirishi mumkinligi bois, karvonlarni talab, 
marvaridlarni olib ketishadi. Bu ish bilan o‘lim hamisha 
yonma-yon yuradi.
So‘zlarim uni qiziqtirmadi, aksincha, boshqa narsa haqida 
so‘radi:
– 
Sen 
marvarid 
chiqadigan 
joylardagi 
chig‘anoqlarning ko‘chib yurishi haqida aytgan eding. Bu 
qanday yuz beradi?
– Ha, bir paytlar o‘shanday joy Iskandarun yaqinida 
bo‘lgan ekan. Bir qancha kishi u yerda marvarid ovlab 
tirikchilik qilishgan. Biroq bir kuni dengiz tubiga tushgan 
g‘avvoslar u joyning bo‘m-bo‘sh ekanini ko‘rib, hayron bo‘lib 
qolishadi. Chig‘anoqlar yoppasiga qaygadir ko‘chib ketishgan 
ekan. Oradan bir necha oy o‘tib, Rum yaqinida yangi 
marvarid koni paydo bo‘lib qolgan, deydilar. Buni menga 
rahmatli qiblagohim aytib bergan edi, lekin o‘z ko‘zim bilan 
ko‘rmaganman.
– O‘sha paytda zilzila, sel yoki halokatli to‘fon, shunga 
o‘xshash biron-bir katta ofat sodir bo‘lganmidi?
– Xudo haqqi, undan xabarim yo‘q.
– Chig‘anoqlarning ko‘chishiga sabab shuki, dengiz 
suvining tarkibida o‘zgarish sodir bo‘lgan, – dedi Abu


8
Rayhon. – Bu hodisa hakimlarning kitoblarida ham aytilgan. 
Ming-minglab dengiz yaratig‘i suv tubida panjasini ko‘tarib, 
Alloh taqdir qilgan tomonga, yuzlab farsah masofaga 
ko‘chishini tasavvur qilib ko‘r. Agar u yerdagilarning o‘rnida 
men bo‘lsam, albatta, bu noyob hodisani tadqiq qilgan 
bo‘lardim.
Shunday qilib, u mening uyimda istiqomat qila boshladi. 
Hayotimning eng yaxshi damlari shu bo‘ldi, deya olaman. U 
Ray amiri Faxruddavla saroyida Abu Hamid al-Xo‘jandiy 
degan bir olim borligini, u bilan ko‘ri- shish istagida ekanini 
aytdi, saroyga borib surishtir- sak, al-Xo‘jandiy saltanat 
yumushi bilan Isfahonga ketgan ekan. Abu Rayhon al-
Xo‘jandiyning Rayga qayti- shini kutishini aytdi va bir kuni 
Ray tashqarisidagi “Faxrul-suls”ni ko‘rib kelishga hamrohlik 
qilishimni so‘radi.
Men shaharda bunday inshoot borligini ilk bora 
eshitib turardim. Mashhur Jabr minorasi ham, Shahrbonu 
maqbarasi ham uni qiziqtirmadi. Bir arava yollab, ikkovlon 
shahar tashqarisiga chiqdik. Yo‘lda uchraganlar “Faxrul-suls” 
nima ekanini bilishmasdi. Nihoyat, Damovard qishlog‘idan bir 
odam Taborak tog‘ida g‘alati bir inshoot borligini aytgach, 
o‘sha tomonga yo‘l oldik.
– Izlaganimiz mana shu! – dedi Abu Rayhon, manzilga 
yetib borganimizda, ko‘zlari quvonchdan chaqnab. – Uni 
mavlono al-Xo‘jandiy qurdirganini eshitgan edim. Allohga 
qasamki, u Batlimus yoki Aflotun yo‘lidan bormadi, balki 
avval sira ko‘rilmagan bir uskuna barpo qildi.
“Faxrul-suls” – yarmi yer ostida, yarmi yer ustidagi katta 
bir inshoot ekan. O‘rtasi bir quloch chuqurlikdagi suyri 
ariqcha, ikki yoni tekis egilib borgan sath. Abu Rayhon uning 
tubigacha tushdi, sath yuzasini, suyri ariqcha kengligini va 
chuqurligini o‘lchadi, so‘ng aytdiki:


9
Uzunligi sakson olti tirsak, undagi oltmish darajaning 
har biri o‘ta aniqlik bilan yana uch yuz oltmish darajaga 
bo‘lingan! Ey, Abu Zarr, yer yuzining eng mukammal va eng 
katta usturlobi mana shu bo‘ladi!
Men bu g‘alati inshootning nima maqsadda ishlatilishini 
bilmas edim. Abu Rayhon bu savolimga: “Falak harakatini va 
osmon yoritqichlarining og‘ish burchaklarini o‘lchash 
uchun”, deb javob berdi. Uni o‘lchashning nima keragi bor, 
degan savolimga esa kulimsirab qo‘yaqoldi. “Faxrul-suls”ni 
har tomonini aylanib tomosha qilgach va men anglab 
yetmaydigan nimalarnidir hisoblagach, ortimizga qaytdik.
Bu paytga kelib otamning do‘sti Xurdodiy vafot etgan, 
uning al-Hasan va al-Husan degan ikki o‘g‘li bo‘lib, ikkovi ham 
qalin do‘stlarim edi. Men Abu Rayhonni ular bilan 
tanishtirdim. Shunda Abu Rayhon bizlar uchun o‘zgaruvchan 
toshli tarozu chizmasini chizib berdi. Bu shundayki, 
tarozuning bir tomonida po‘lat chiviq bo‘lib, uning toshini 
chapga yoki o‘ngga siljitisa bo‘lar edi. Tosh og‘irligini 
nimchorak misqol qilib belgiladi. Toshni o‘ngga siljitsa, 
og‘irligi ortar va besh misqolgacha ma’danni o‘lchasa 
bo‘lardi. Bu ishni usta bir temirchiga topshirganimizda u lol 
qoldi va hech qachon bunday asbobni ko‘rmaganini aytib, 
ishini xursandlik bilan bajardi. Tarozu tayyor bo‘lgach, Abu 
Rayhon qalam bilan misqollarni bildiruvchi chiziqlar joyini 
belgiladi va temirchiga aynan o‘sha joylariga o‘ta aniqlik 
bilan ingichka chiziqlar tortishini buyurdi.
Bungacha bizlar osma tarozu qo‘llar edik. Abu Rayhon
tarozusi zargarlar orasida tezda shuhrat qozondi.
Shundan so‘ng u o‘sha temirchiga armila degan asbob 
tarhini chizib, po‘latdan yasashni buyurdi. Bir oy deganda u 
aytgan asbob tayyor bo‘ldi. Shundan keyin meni o‘ziga 
hamroh qilib, Kavir dashtiga olib chiqdi.
Har taraf oppoq tuz edi. Ko‘rgan kishi butun dunyoga 
to qiyomatgacha qadar yetadigan tuz yig‘ilgan deb


10
o‘ylaydi. Shunday unumsiz joyda yakkam-dukkam daraxt va 
yantoqning qizil bargli bir turi o‘sganiga hayron qolasiz.
Abu Rayhon bir joyga to‘g‘ri tayoqni mahkam o‘rnatdi. 
Kun tikkaga kelgach, armila bilan uning balandligini aniqladi. 
Har soatda tayoq soyasini o‘lchar va soya uzunligini 
bildiruvchi belgi qo‘yar edi. Quyosh ufqqa yetgach esa 
xushhollik bilan:
– Ey, Abu Zarr, biz Rayning yer yuzidagi o‘rnini 
aniqladik! – dedi. – Bu beshinchi iqlim bo‘lib, endi shaharlar 
orasidagi masofani o‘lchash qoldi. Shaharlar orasidagi 
masofa esa kunbotish yoki choshgoh vaqtini aniqlash bilan 
topiladi. Misol uchun, ma’lum bir kunni belgilaymiz va seni, 
aytaylik, Damashqqa yuboramiz. Xuddi o‘sha kuni ikkovimiz 
ham choshgoh vaqtida Quyosh balandligini o‘lchaymiz. 
Shaharlar o‘rtasidagi vaqt farqidan esa masofani chiqarib 
olamiz!
Ey Xudo! Bu ishning qancha mehnat va vaqt talab qilishini 
bilsaydim! Abu Rayhon kichik bir qog‘ozga iqlimlar va 
shaharlarning taxminiy joylashuvini va qutblarni belgilab 
ko‘rsatdi va: “Bu o‘lchovlar poyoniga yetsa, yer yuzining 
istalgan joyidan Ka’bani aniqlash va unga yo‘l topish mumkin 
bo‘ladi”, dedi xursand bo‘lib.
Men har kuni kechki taom uchun anvoyi dasturxon 
tuzashga urinardim, bu bizning xonadonda bolaligimdan 
buyon urf bo‘lgan ish edi. Bir kuni Abu Rayhon:
– Ko‘nglingga olmasang, bir gap aytaman, – dedi. – 
Mehmondo‘stlik qilaman deb, bunday urinishlaring menga 
ma’qul emas. Xudo haqi, qilgan yaxshiligingni hech qachon 
unutmayman va seni duo qilaman. Biroq bunday ziyofatlar 
tuzashni bas qil, o‘zing ko‘rib turganingdek, menga kichik bir 
hujra, ozgina non va suv bo‘lsa bas.
– Sen rayliklar nima uchun mehmonxonalarini 
kiraverishga qurishlariga e’tibor qildingmi? – deb so‘radim. – 
Chunki mehmon atoyi xudodir, sen qiladigan duo esa valiy 
duosiga teng.


– U holda meni dargohingdan chiqib, boshqa bir joyda 
mehmon bo‘lishimga va o‘zga bir kishini duo qilishimga 
sababchi bo‘lma, – dedi u.
– Sen ham mening, musofir duosidan bebahra 
qolishimga sababchi bo‘lma, – deb javob qildim.
U kulib yubordi-da, bozordagi kishilardan al- Xo‘jandiy 
Rayga kelganini eshitganini, ertaga ertalab Faxruddavla 
saroyiga borishini aytdi.

Download 0.58 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling