Beruniy indd


Download 169.96 Kb.
Pdf ko'rish
Sana21.06.2023
Hajmi169.96 Kb.
#1640049
Bog'liq
8252e01f-4e04-fb12-35ac-2bf66fdf3880



Isajon Sulton 
ABU RAYHON BERUNIY
 
tarixiy-biografik roman
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
Toshkent – 2022
 


O‘N UCHINCHI QISM DAVOMI
 
 
 
VAZIR HARAQONIY
 
 
Abu Rayhon yana, shuni hikoya qilib berdi:
– Sulton Mahmudning vazirlaridan biri lug‘atshunos bo‘lib, 
bir kuni bir yig‘inda mening “Aholi yashash joylari o‘rtasidagi 
masofalarni o‘rganish uchun kishilar yashayotgan dunyo 
chegarasini aniqlash” 
asarim haqida so‘zlab, o‘lchash va aniqlash 
haqidagi tadqiqotlarni ilm-maorif qatoridan chiqarish kerak, bu 
narsalar xazinadan mablag‘ sarf qilishga arzimaydi, dedi.
U foyda olish to‘g‘risida gapirib: “Mamlakatlar orasidagi 
masofalarni o‘lchashdan nima foyda olish mumkin?” deb so‘radi. 
Men bu gapdan juda ajablandim, zero, insonning fikrlari, istaklari 
har xil bo‘lar ekan. Men u bilan tortishmoqchi emasman, lekin bir 
kimsaga foydasi tegmagan narsa, boshqalarga foyda berishi 
mumkin-ku!
Bu holat bizning zamonamizdagi o‘z tilini yaxshi biladigan 
har bir kimsaning: ”Men arab tilida qiynalmay gapiraman, menga 
ega-kesim, ot-olmosh haqidagi qoidalarning nima keragi bor?” 
deganiga o‘xshaydi. Biron narsa aynan shu kimsaga foyda 
keltirmasa ham, boshqa kishiga foydasi juda kattadir. Xudoi Taolo 
deydi: ”Ayting: Yerni aylanib sayru sayohat qilinglar, so‘ngra 
Payg‘ambarlarni yolg‘onchi qiluvchilarning oqibati qandoq 
bo‘lganini ko‘ringlar”, yoki ”Axir ular yer yuzida sayr qilib 
o‘zlaridan avvalgi kimsalarning oqibati qanday bo‘lganini 
ko‘rmaydilarmi?”, yoki ”Bas, sen kechaning qolgan qismida ahli 
oilangni olib chiqib ketgin”. Xudoi Taoloning kecha va kunduzda 
sayrga chiqish farmonlari jihodga borish, haj uchun yo‘lga 
chiqish, hijrat qilish va boshqa mashaqqatli safarlarga borishni 
o‘z ichiga olmaydimi? Boshqa dalil shuki, Xudo payg‘ambarlar va 
avliyolarning qilgan safarlari to‘g‘risida xabar beradi. Ularning 
ishlaridan xushnud bo‘ladi. Masalan, Iskandar Zulqarnaynning 
quyosh chiqish va botish taraflariga, Musoning ikki daryo 
qo‘shilgan joyga qilgan safarlari, Koinot sarvarining tunda 


Masjidul-Haromdan Masjidul-Aqsoga borishlari va Makkadan 
Madinaga ko‘chganlari, u zotning boshqa safarlarga chiqqanlari 
to‘g‘risidagi xabarlarni keltirish mumkin. 
Bu zotlar o‘z safarlarida ko‘zlari yumuq holda edilarmi yoki 
zaharni tajriba deb ichishganmi? Ular o‘z maqsadlariga yetish 
uchun yo‘llarda qadam tashlab yurishgan, manzillardagi 
nishonlar bilan o‘z yo‘llarini topib olishgan. Boradigan joylarining 
iqlimini, fasllarini, yo‘lda qaerlarda suv borligini e’tiborga 
olishgan. Ularga Xudo yulduzlarni berib qo‘yibdiki, shular yorda- 
mida kechalari dengiz va quruqliklarda o‘z yo‘llarini topib 
olsinlar. Bu narsalarni ularga o‘rgatgan, to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatib 
berganlar donishmandlar emasmi?!
Safar qilishdan qolgan va shahardan begona, ko‘cha-ko‘ylarni 
bilmaydigan, bozorlarga chiqmaydigan kimsa bilan shahardagi 
obro‘li kimsa orasida tafovut juda kattadirki, u o‘z yo‘lini, kerak 
joyini topib yuradi. Bo radigan yo‘lini biladigan musofir bilan, uni 
bilmay- digan kimsa orasidagi tafovut ham shunga o‘xshaydi.
Yo‘l topishning foydasini bilmaydigan kimsalarga qarata
hattoki, noma tashuvchi kabutarlarning ozgina bilimi sababli ham 
juda ko‘p foydalar yetishini aytgim keladi.
Har bir insonning, balki, har bir jonivorning ahamiyati 
ularning yaxshi ishlari bilan bo‘ladi. Hatto yo‘lini yo‘qotgan 
karvonni o‘sha yo‘ldan borib-kelib yurgan bir tuyaning donoligi 
qutqaradi. Demak, ba’zida tuyaning bilimidan inson najot topadi.
Bir tuya yoxud kabutar shunga qodir ekan, siz kimni, nima 
uchun malomat qilmoqdasiz?
 

Download 169.96 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling