Bibliografiya lat p65


Download 371.14 Kb.
bet26/90
Sana23.04.2023
Hajmi371.14 Kb.
#1386564
1   ...   22   23   24   25   26   27   28   29   ...   90
Bog'liq
s

Beruniy va bibliografiya


O‘rta asr Sharqi olimlaridan biri, bibliografik faoliyati ilmiyamaliy ahamiyatga ega bo‘lgan mashhur qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy mashhur asarlarida o‘zining turli-tuman qiziqishga, chuqur bilimga ega ekanligini, astronomiya, geologiya, matematika, falsafa, botanika, tibbiyot kabi sohalarda ham betakror ekanligini ko‘rsatdi. Salkam 80 yillik umri davomida 150 dan oshiq asar yozdi, ulardan 30 tasi bizgacha yetib kelgan. Beruniy bir umr kitobga katta hurmat va mehr bilan munosabatda bo‘lgan, unga bilimlar manbayi, kishining ma’naviy kuchi sifatida qaragan. Beruniy buni „Fixrist“ nomli bibliografik asarining so‘zboshisida yozadi va kitobxonlarga quyidagicha murojaat qiladi: „Sen mening yoshlik davrimda va keyingi paytlarda ham yozgan asarlarimni bilishing shart. Ularni xor qilma va ularga bepisand bo‘lma. Ular hammasi mening farzandlarim, zero hamma o‘z farzandi va ijodi bilan faxrlanadi“. „Hind falsafasi“da ko‘rsatilgan boblar o‘ziga xos bibliografik sharh bo‘lib, Hindistonning falsafasi va dinshunosligi, astronomik va tilshunoslik masalalariga bag‘ishlangan. Beruniyning bibliografik faoliyati ancha mashhur bo‘lib, hayotining so‘ngi 10 yilida unga yaxshigina muvaffaqiyatlar keltirdi. Uning „Geodeziya“, „Hindiston“, „Mas’ud qonuni“ va boshqa ko‘pgina ishlari va 1036-yilda tugatgan „Biobibliografiya“ (arabcha „Fixrist“) bizgacha yetib kelgan. Beruniy bibliografik ro‘yxatni tuzishda Abu Bakr Muhammad Ibn Zakariyo ArRoziy asarlariga to‘xtaldi. Ar-Roziyni o‘zining buyuk o‘tmishdoshi, yirik Eron filosofi, ximik, vrach va tabiiy sinovchi, o‘rta asr Sharqi va G‘arbining mashhur olimi sifatida tan olardi. Beruniy Ar-Roziyning asarlarini eng ishonchli va obro‘li manba sifatida bilar va undan faoliyatida va asarlarida foydalanar edi va bu Ar-Roziy asarlarining ko‘rsatkichini tuzishga turtki bo‘ldi. Bu ishni Beruniy ko‘rsatkichni tuzishdan ancha oldin boshlagan edi. U Eronning uzoq bir qishlog‘ida yashab turgan vaqtida ArRoziy haqidagi materiallarini yig‘a boshlagan va keyinchalik uni to‘ldirib borgan. Vaqti kelib uni to‘la bibliografik ishga aylantirdi. Bu bibliografik ko‘rsatkichda avval Ar-Roziyning tarjimayi holi, undan so‘ng esa uning 184 ta asari haqida ma’lumot beradi. Unga ko‘ra Ar-Roziy 865-yili 28-avgustda Rey shahrida tug‘ilgan. Uning otasi savdogar bo‘lgan, Roziy yoshligida falsafa, matematika, astronomiya, kimyo fanlarini katta qiziqish bilan o‘rganadi, 30 yoshlarida tibbiyot fanini chuqur o‘rganadi va keyinchalik tibbiyot uning asosiy kasbiga aylanadi. Ar-Roziy Rey va Bag‘dod shahar kasalxonalarini boshqargan. Ar-Roziy 925yili 60 yoshida vafot etadi. Uning IX asr oxiri X asr boshlarida Yaqin Sharqdagi ilm-fan taraqqiyotida xizmati shu qadar katta bo‘lganki, Beruniy bu davrni „Roziy asri“ deb atadi. Beruniy Ar-Roziy asarlarini bilim sohalari bo‘yicha tartibga keltiradi. Ko‘rsatkich anchagina to‘la bo‘lib, Ar-Roziyning ilmiy faoliyati haqida ma’lumot beruvchi ko‘rsatkich sifatida o‘sha davr va hozirgi davr uchun ham muhim ilmiy qimmatga ega.
„Fixrist“ asarining 2- qismi Beruniyning 1036- yilgacha yozgan asarlari haqidagi ma’lumotlardan iborat bo‘lib, Beruniyning ilmiy faoliyati haqida dastlabki manba sifatida ahamiyatga ega. Unda 113 nomdagi asari mavzular bo‘yicha guruhlashtirilgan, tartibda ayrim xatoliklar uchraydi. 113 ta asardan 70 tasining hajmi ham ko‘rsatilgan. 27 tasini zamondoshlari Abu Sa’lam Mosihiy, Abu Ali Hasan kabilar bilan yozganligini ko‘rsatadi. Ko‘rsatkichga 1036-yildan keyingi davrda yozgan 30 dan ortiq asari kirmagan. 1-guruh 18 ta asardan iborat bo‘lib, astronomiyaning umumiy masalalariga oid. 2-guruh geodeziyaga oid 15 ta asardan tashkil topadi. 3-guruh matematikaga oid 8 ta asardan iborat. 4- va 5guruhlar kichik bo‘lib, astronomiyaning u yoki bu masalasiga oid. Keyingi 2 ta guruh 5 ta kometalar va vaqt aniqligi masalasiga oid adabiyotlardan iborat. 8-guruh 12 ta geometriyaga, meteorologiyaga, astronomiyaga oid turli xil adabiyotlar haqida ma’lumot beradi. 9-guruh 7 ta nomdagi astrologiyaga oid asarlar haqidagi sharhdan iborat. 10- guruh, asosan, 13 ta nomdagi tarjima qilingan asarlarni, 11-guruh esa dinga va diniy masalalarga oid 6 ta asarni o‘z ichiga oladi, oxirgi guruhda qo‘shimcha ish va to‘ldirishni talab etadigan asarlar ro‘yxati berilgan. Guruhlar ichida adabiyotlar tartibi na alifbo, na xronologik xususiyatga ega, bu esa o‘rta asrlarda hali bibliografiyaning u darajada rivojlanmaganini ko‘rsatadi. Beruniy ko‘pgina asarlariga o‘ziga xos annotatsiya beradi, unda asarning yozilish sabablari, kimga bag‘ishlangani, nima uchun yozilgani ko‘rsatiladi. Bu ko‘rsatkich XVIII asrning o‘rtalariga qadar 200 yillar atrofida Ar-Roziy ilmiy merosi haqida ma’lumot beruvchi yagona manba sifatida qadrlanadi. XVIII asr o‘rtalarida tarixchi olim Ibn Abu Usotba Ar-Roziyning 236 ta asarlari ro‘yxatini tuzadi.
O‘rta Osiyoda qadimiy asar matnlari va kitob ichidagi bibliografiyaning paydo bo‘lishi ham Beruniy nomi bilan bog‘liq. Sharqda birinchi bo‘lib foydalanilgan adabiyotlar haqida ma’lumotlarni shaklga solishga, ya’ni manbalar haqida aniq ma’lumot berishga katta e’tibor bergan. Beruniyning bibliografik faoliyati haqida rus arxeolog va etnograf olimi S. P. Òolstov shunday yozadi: „Beruniy manbalarni tanqidiy analitik usul bilan o‘rgandi. Òo‘g‘ri, manbalarga tanqidiy yondashish Beruniygacha ham bo‘lgan, lekin Beruniy ishlarida manbalarga tanqidiy yondashish —izlanishning asosiy sharti qilib olingan“. Beruniyning 998 — 1004- yillar o‘rtasida yozgan „Yilnoma“ (xronologiya) nomi bilan mashhur asarida berilgan manbalar ro‘yxati bunga misol bo‘ladi. Bunday ro‘yxat Beruniygacha bo‘lmagan va birorta olimning asarida keltirilmagan. Beruniy bu asarida antik va o‘rta asrlarda yashagan grek, Vizantiya, Hindiston va O‘rta Osiyo mualliflarining asarlaridan foydalanganligini ko‘rsatadi.
Kitob ichi bibliografiyasining muhim namunasi sifatida Beruniyning 1030- yilda yaratgan „Hindiston“ asarini ko‘rsatish mumkin. Bu yirik ilmiy asar kirish qismi va 80 bobdan iborat bo‘lib, uni yaratishda Beruniy 10 yil davomida turli bilim sohalariga oid 207 ta qo‘lyozma asarlarni o‘qib o‘rgangan. Bu asarning 12 — 14- boblarini alohida bibliografik manba deb hisoblash mumkin. Beruniy har bir fan tarmog‘iga oid bo‘limlar ichida, avvalo, eng muhim ilmiy asarlarga batafsil to‘xtagan, keyin boshqa manbalar haqida ma’lumot bergan. Asar mazmunini ochib berish maqsadida boblarni sanab o‘tgan, agar u yoki bu kitobni ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘lmagan bo‘lsa, bu haqda eslatib o‘tadi.
Beruniydan bizga meros bo‘lib qolgan bibliografik ishlar o‘zining ko‘lami, hajmi, manbalarning xronologiyasi va hududiy chegarasi, tilining xilma-xilligi bilan kishini hayratga soladi. Manbalar Hindiston, Yaqin Sharq va Gretsiyagacha antik davrdan to XI asrgacha bo‘lgan davrda yaratilgan arab, fors, grek va boshqa tillardagi adabiyotlardan iborat. Bu bilan Beruniy bizga ming yillar davomida, hatto bizgacha yetib kelmagan ko‘plab mualliflarning asarlari, hayoti va ijodi haqida ma’lumot beradi. Uning bibliografik ishlari O‘rta Osiyoda yaratilgan dastlabki bibliografik ishlardir, o‘zi esa O‘rta Osiyoning birinchi bibliografi deb tan olinishga loyiq.
O‘rta asrlarda yaratilgan yana bir yirik bibliografik manba —
XVIII asrlarda yashab va ijod etgan arab yozuvchisi va sayohatchisi Ibn Abdulloh Yoqutning „Ismlar lug‘ati va fanlar mazmuni“ nomli ko‘rsatkichidir. U ko‘plab shaharlar qatori Xorazm, Samarqand, Buxoroda ham bo‘lgan. Hozirgi Òurkmanistonning Mari shahrida 2 yil yashagan va muhim tarixiy manba hisoblanuvchi „Lug‘at“i uchun boy material yig‘adi. Yoqut o‘zining bibliografiyasi uchun ma’lumotlarni tarix, adabiyotshunoslikka oid asarlardan, ayniqsa, As-Somoniyning „Ismlar genealogiyasi kitobi“dan oladi. 1907-yilda ingliz olimi R. Morgalius bu asarni nashr qildiradi.

Download 371.14 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   22   23   24   25   26   27   28   29   ...   90




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling