BIOLOGIK XILMA-XILLIK uni asrab-avaylashga hamma mas’ul bo‘lmog‘i kerak
S o‘nggi o‘n yilliklar davomida, tabiatdan foydalanishning kuchayishi bois yurtimizdagi ko‘plab hayvon turlari antropogen ta’sir ostida qolib, ularning yashash joylari va soni qisqardi, ayrimlari esa hatto butunlay yo‘q bo‘lib ketdi. Ayniqsa ov ob’ektlari sifatida amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan sut emizuvchilar va qushlarning yirik turlari, shuningdek inson tomonidan ayovsiz o‘zlashtirilayotgan, tashqi ta’sirga chidamsiz ekotizimlarning tarqalishi cheklangan.
|
Ma’lumki, odamzot azal-azaldan tabiatga g‘amxo‘r bo‘lishni yuksak fazilat deb bilgan. Sir emaski, yurtimiz o‘simlik va hayvonot olamining xilma-xilligi boyligimizning ajralmas qismi. Mazkur boylik bir necha ming yillik evolyutsiya davomida yuzaga kelib, ajdodlarimiz tomonidan bizga qoldirilgan ulkan merosdir.
Respublika Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi atrof-muhit monitoringi va kadastri guruhi boshlig‘i Islom Hushvaqtov bilan bo‘lgan suhbatimiz ana shu meros, uning bugungi ahvoli hamda ayrim jonzotlarning Qizil kitobdan o‘rin olishi xususida bo‘ldi.
— Islom Nortoshevich, ayni kunda mamlakatimizda fauna (hayvonot olami) xilma-xilligi va uning qisqarishi sabablari borasida to‘xtalib o‘tsangiz...
— Afsuski, so‘nggi bir necha yillar davomida O‘zbekiston tabiatining xilma-xilligiga sezilarli darajada putur yetkazildi. Avvalambor, u sobiq ittifoq davrida markazlashgan reja asosida yirik qishloq xo‘jaligi va sanoat loyihalarini amalga oshirish bilan bog‘liq edi. O‘sha vaqtda ularning atrof va ijtimoiy muhitga bo‘ladigan ta’siri e’tibordan chetda qolardi. Bunday rejalashtirishga O‘zbekistonga asosan arzon qishloq xo‘jalik va geologik xomashyo yetkazib beruvchi ichki baza sifatida qaralganidir. Afsuski, bularning barchasi mamlakatda ekologik vaziyatning yomonlashuviga olib keldi.
Qishloq xo‘jaligida paxta yakkahokimligi ustuvorligi, irrigatsiya maqsadida tashqi zarar keltiruvchi ta’sirlarga monand cho‘l hududlarining keng miqyosda o‘zlashtirilishi — Orol dengizi ekologik halokatiga, Janubiy, Markaziy va shimoli-g‘arbiy mintaqalardagi yerlarning ikkilamchi sho‘rlanishiga, tarixan shakllangan suv ekotizimlarining o‘zgarishiga, sun’iy tashlama suv havzalari tarmoqlarining hosil bo‘lishiga, atrof-muhitning o‘ta xavfli defoliantlar va pestitsidlar bilan zaharlanishiga olib keldi. Bu omillar esa o‘z navbatida cho‘llardagi noyob, ba’zi xususiyatlari bo‘yicha betakror biologik majmualarning, xususan, Farg‘ona cho‘li, tekislik daryolari o‘zanlaridagi to‘qayzorlarni, Amudaryo deltasi singarilarning yo‘q bo‘lib ketishiga olib keldi. Sobiq ittifoqda zamonaviy uskuna, texnika va texnologiyalar ta’minotisiz gaz qazib olinishi va uning eksportini jadallashtirilishi — Ustyurt yassi tekisligi hamda shimoli-g‘arbiy Qizilqumning g‘oyat nozik ekologik tizimlarining biologik tanazzulga yuz tutishiga sabab bo‘ldi.
O‘z navbatida yurtimiz faunasi juda qadimiy bo‘lib, u murakkab genetik rishtalar bilan bog‘langan. Bu o‘lka Turon va Turkiston endemik va avtoxton turlarining ahamiyati katta. Shuningdek, o‘tmishda bu yerga Markaziy Osiyodan, Hindi-Xitoydan, O‘rta Yer dengizi atroflaridan, Yevroosiyo cho‘llaridan kirib kelgan hayvon guruhlarining muayyan o‘rni mavjud. Hayvonot olamining yana bir qismi esa Uzoq Sharq, Kavkazorti, Yevropa va Amerikadan olib kelinib, iqlimlashtirilgan yoki tasodifan kelib qolgan turlardan iborat. Umuman olganda bugungi O‘zbekiston faunasida umurtqali hayvonlarning 677 turi (sutemizuvchilar — 108, qushlar — 432, sudralib yuruvchilar — 58, amfibiyalar — 2 va baliqlar — 77) mavjud. Umurtqasiz hayvonlar turlari esa 15 mingdan ziyodni tashkil etadi.
So‘nggi o‘n yilliklar davomida, tabiatdan foydalanishning kuchayishi bois yurtimizdagi ko‘plab hayvon turlari antropogen ta’sir ostida qolib, ularning yashash joylari va soni qisqardi, ayrimlari esa hatto butunlay yo‘q bo‘lib ketdi. Ayniqsa ov ob’ektlari sifatida amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan sut emizuvchilar va qushlarning yirik turlari, shuningdek inson tomonidan ayovsiz o‘zlashtirilayotgan, tashqi ta’sirga chidamsiz ekotizimlarning tarqalishi cheklangan. Endemik turlari esa katta xavf ostida qoldi. Jumladan, turon yo‘lbarsi, gepard, turkman quloni, Orol sulaymon balig‘i singari hayvonlar yo‘q bo‘lib ketdi. Qoplon, sirtlon, Sirdaryo va Amudaryoning kichik va katta kurak burunlari, Orol bahrisi kabi jonivorlar yo‘q bo‘lish arafasida. Ustyurt va Buxoro qo‘ylari, morxo‘r, qoraquloq, oqbosh o‘rdak, marmar churrak, yo‘rg‘a tuvaloq, oqbovur, xontog‘ to‘garakboshi, Orol mo‘ylabdori, cho‘rtansifat oqqayroq, ayrim mollyuska va hasharotlarning yo‘q bo‘lib ketish xavfi yuqori. Bularning shu holga kelib qolishiga hududlarning xo‘jalik maqsadlarida o‘zlashtirilishi, atrof-muhitning ifloslanishi, biologik resurslardan me’yorsiz foydalanilishi sabab bo‘lmoqda.
— Yurtimizda noyob hayvon va qushlarni asrash, muhofazalash borasida qanday ishlar amalga oshirilyapti?
— So‘nggi yillarda bir qancha tadbirlar amalga oshirilmoqda. Respublikada tashkil etilgan oltita tog‘ (Hisor, Zomin, Kitob, Nurota, Surxon, Chotqol), uchta cho‘l-to‘qay (Qizilqum, Baday-To‘qay, Zarafshon) qo‘riqxonalari, ikkita milliy bog‘ (Zomin, Ugom-Chotqol), to‘qqizta buyurtmaxona (Arnasoy, Dengizko‘l, Qoraqir, Qorako‘l, Qarnabcho‘l, Qo‘shrabod, Sayg‘oqli, Sarmish, Sudoche) va 2 ta tabiiy yodgorlik (Vardonze, Yozyovon)dan iborat ekologik tarmoq hayvonot olamining majburiy mahofazasiga va uning resurslaridan barqaror foydalanishga xizmat qilmoqda. Qolaversa, nafaqat respublikada, balki, butun mintaqada yagona, kamyob hayvonlarni ko‘paytirish, ularni saqlash bilan shug‘ullanuvchi «Jayron» ekomarkazi ham alohida muhofaza hududi sanaladi.
Jumladan, «Kamyob hayvonlar turlarini ko‘paytirish «Jayron» ekomarkazi (Buxoro viloyati)da olib borilayotgan izlanishlar ijobiy samara bermoqda.
Bu yerda ko‘paytirish salohiyati, jayron bolalarining o‘sish va rivojlanishi bo‘yicha nazorat ishlari olib borilmoqda. Sun’iy boqish maqsadida 16 ta jayroncha keltirilgan edi. Ayni vaqtda ularning rivojlanish holati yaxshiligi kuzatilmoqda. Ekomarkazda, shuningdek, Buxoro qo‘yini ko‘paytirish ishlari ham olib borilmoqda. Yovvoyi hayvonlar soni bo‘yicha o‘tkazilgan so‘nggi hisobga ko‘ra, ekomarkazda hozirda jayronlar soni 549, qulonlar — 55 va Prejivalskiy otlari — 35 tadan iborat.
Hisor davlat qo‘riqxonasida esa so‘nggi 5 yil davomida alohida kamyob hayvonlar to‘dasi, ya’ni ilvirs 16 tadan 19 taga, silovsin 84 tadan 121 taga va ayiq 103 tadan 158 taga ko‘paygan. Buxoro viloyatining Peshku tumani hamda Navoiy viloyatida hozirda noyob bo‘lib Qizil kitobga kiritilgan yo‘rg‘a-tuvaloqni ko‘paytirish bo‘yicha 2 ta parvarishxona barpo etilib, ishga tushirildi. Qo‘riqxonalarda Qizil kitobga kiritilgan Buxoro bug‘usi, morxo‘r, Qizilqum arxari, ko‘k sug‘ur, turkiston silovsini singari hayvonlar, yirik yirtqich qushlar va hasharotlar muhofaza ostiga olingan.
— Ayting-chi, fauna xilma-xilligini saqlashning qanday qonuniy-me’yoriy asoslari mavjud?
— O‘zbekiston mustaqillikka erishgan kundan boshlab tabiatni muhofaza qilish sohasida qonunchilik tobora takomillashib bormoqda. Bu borada bir necha qonun va qarorlar, huquqiy-me’yoriy hujjatlar qabul qilingan. Va bu holat hali ham davom etmoqda. Natijada sohadagi xalqaro hamkorlik uyg‘unlashib, jamoatchilikning ekologik muammolarga bo‘lgan e’tibori ortib bormoqda. Yildan-yilga nodavlat jamoat ekologik tashkilotlari tarmoqlari kengayyapti. Ular aholi orasida ekologik tafakkurni shakllantirish hamda yovvoyi tabiatni saqlash borasida davlat muassasalari bilan faol hamkorlik qilayotir.
Hayvonlarning har bir turi — tabiatning betakror genetik jihatdan yagona, har qanday biologik hamjamoada faqat o‘ziga xos o‘ringa va uning barqarorligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan in’omdir. Shunday ekan, uni asrab-avaylamog‘imiz, kelajak avlodga meros qoldirmog‘imiz lozim.
|
Do'stlaringiz bilan baham: |