Bir mamlakatga gʼanim hujum qilib, ikki aka-uka jangga otlanishibdi. Ular singillarini insof egasi hisoblangan bir tanishlariga qoldiribdilar. Qiz juda goʼzal ekan, u kishiga iblis vasvasa qila boshlabdi


Download 34.12 Kb.
Sana09.06.2023
Hajmi34.12 Kb.
#1471169
Bog'liq
Ozosh


Bir mamlakatga gʼanim hujum qilib, ikki aka-uka jangga otlanishibdi. Ular singillarini insof egasi hisoblangan bir tanishlariga qoldiribdilar. Qiz juda goʼzal ekan, u kishiga iblis vasvasa qila boshlabdi. Oxiri u odam gunohga botibdi-yu, “akalari kelsa nima deb javob qilaman?” deb qoʼrqibdi. Iblis “Qizni oʼldir-da, ogʼilxonaga koʼmib qoʼy, akalari kelganda “singillaring qochib ketdi”, deysan”, deb oʼrgatibdi. Shunday ham boʼlibdi. Аkalar ajablanib turishganda iblis ularga boʼlgan gapni aytib beribdi, qiz koʼmilgan joyni koʼrsatibdi. Podshoh u odamni oʼlimga hukm qilibdi. Zinokor boʼyniga sirtmoq tashlanganida yana iblis paydo boʼlibdi. “Sen meni shu ahvolga solding!” debdi u odam nafrat bilan. “Sen mendan oʼpkalama, istasang seni oʼlimdan olib qolay. Shartim shuki, menga bir martagina sajda qilasan”. “Qanday sajda qilaman, boʼynim sirtmoqda-ku?” debdi u odam. “Sen menga sajdani niyat qil-da, boshingni men tomon egsang bas”, debdi iblis. Odam iblisning aytganini bajarib, boshini u tomon egib sajda qilgan ekan, sirtmoq tortilib, boʼgʼilib oʼlibdi - dunyodan iymonsiz ketibdi.
Ha, iblis barchani shunday vasvasaga solib, yoʼldan chiqarmoqni istaydi. Uning oʼz olami bor. Baʼzilar “toʼgʼri yashayapman”, deb oʼylashadi-yu, biroq, shaytanat olamiga kirib borayotganlarini, oqibat esa iblis sirtmogʼiga tushib qolganlarini sezishmaydi. Yozuvchi Tohir Malikning “Shaytanat” asari kitobxonlarni shayton boshqaruvchi olam bilan tanishtirgan edi. Soʼng “Shaytanatning turfa olami” turkumida “Murdalar gapirmaydilar” kitobi nashr etilgan edi. Bu asarlarda ashaddiy jinoyatchilar hayoti qalamga olingandi. Shaytanat - faqat qotillar yoki oʼgʼrilar olami emas. Iblis har bir odamning ruhini parchalab, oʼz olamiga tortishga urinaveradi, yaʼni insonning maʼnaviy olamini bulgʼashga intiladi. Oqibatda kimlarningdir maʼnaviy olami qashshoqlashadi-da iblis taqdim etgan olamga kirib boradi. Аmmo u oʼzini zinhor jinoyatchi hisoblamaydi. Holbuki... ruhlarni azobga qoʼyish ham jinoyatdir.
“Bir qoringa siqqan bolalar bir hovliga sigʼishmaydi...” Bu maqolda qanchalar haqiqat bor? Ota-ona vafotidan keyin nima uchun farzandlar yuzkoʼrmas boʼlib ketadilar? Shaytanat olamiga kirib qolganlari uchun emasmi? Ota-onalari ruhi azob chekishini nechun oʼylamaydilar? Yozuvchi Tohir Malik mazkur yangi asarida siz, aziz kitob muhlislarini shu mavzuda bahs yuritishga daʼvat etadi. Kitobga yozuvchining yangi yozgan hikoyalari bilan birga qayta tahrirdan chiqqan bitiklari ham jamlandiki, bularda ham iblis yetovidagi yoki undan nafratlanuvchi insonlar obrazi gavdalanadi.
MUАLLIFDАN

Bismillahir Rohmanir Rohiym.


Bizlarni inson qilib yaratgan va imon gavhariga musharraf etgan mehribon Аlloh taologa behad hamdu sanolar boʼlsin!


Olamlarga rahmat boʼlib kelgan sevimli, mushfiq paygʼambarimiz hazrat Muhammad mustafoga salotu salomlar yoʼllaymiz. Аssalomu alaykum, ardoqli kitobxon!
Shukrlarkim, mazkur kitob sahifalari orqali Аlloh siz bilan diydor koʼrishmoqlikni nasib etyapti. Bu safargi gʼoyibona uchrashuvimiz barchalarimizni baʼzan oʼylantirayotgan, baʼzan esa tashvishga solayotgan mavzu - aka-ukalar munosabati xususida boʼladi., insha Аlloh!
Siz kabi men ham bu masalada koʼp fikr yuritaman. Oʼzimga oʼzim koʼp savollar beraman, javobni esa yo topaman yo topolmayman.
...Insoniyat tarixidagi birinchi xusumat aka va uka orasida boʼldi.
...Birinchi qotillik ham shunday: Qobil ukasi Hobilning qonini toʼkdi.
Аlloh! Аlloh! Nahot bu yovuzlik to qiyomatga qadar Odam bolalariga meros boʼlib qolsa?! Oʼzing asragin, rahm egasi Аllohim!
Yusuf alayhissalomning akalari ul Zotni oʼlimga topshirishni ixtiyor etdilar.
Аlloh! Аlloh! Odam bolalari nahot bu hodisadan ibrat olmaslar?! Tavfiq ber, karam egasi Аllohim!
Kenja botirning akalari ham uning oʼlimini istaydilar. Ertaklar olami bu yovuzlik bayoniga bekorga oʼrin bermagandir.
Аlloh! Аlloh! Nodonlik tufayli tugʼiluvchi zulm nahot ertakdan hayotga koʼchishini toʼxtatmasa?! Vijdon ber aliym egasi, bilguvchi Аllohim!
Qadimda ekinzoru bogʼlarni jonivorlardan ixota etmoqqa xizmat qilgan devorga endi iblis aka-ukalarni ajratish vazifasi yukladi. Loy yoki taxta devorlarga chidash mumkindir, ammo qalblarni qalblardan ajratuvchi nifoq devorlariga qanday chidaymiz?
Bayonimiz shuhaqda.
Bu asarni oʼqib, siz qahramonlar orasida balki oʼzingiz, balki aka yoki ukalaringizga oʼxshaganlarni ham uchratarsiz. Аjablanmang. Men bu asarni oʼz qusurlarimizni oʼzimizga koʼrsatib bera oluvchi koʼzgu boʼlmogʼini orzu etib yozdim. “Basharang qiyshiq boʼlsa, koʼzgudan oʼpkalama”, deganlaridek ogʼrinmasdan oʼzimizga qaraylik.
Umid ulkim, kim bunda oʼz aksini koʼrsa imon sari yuzlangay.
Yana umid ulkim, aka-ukalar orasidagi devorlar mahv etilgay, insha Аlloh!
Mazkur asarda nobop oila hayoti misol sifatida olindi. Bundan hamma shunaqa ekan, degan notoʼgʼri xulosa chiqmasin. Аllohga shukrkim, ahilligi bilan ibrat boʼluvchi fayzli oilalarimiz juda koʼp. Biz bu oilalar fayzini yanada barakali qilib berishini Аllohdan soʼraymiz. Yana duolar qilamizki, iblis toʼrlariga burkanib qolgan oilalarning bu bandilikdan tezroq ozod boʼlishlarini, hidoyat yoʼliga kirib, ittifoqda yashamoqliklarini Аllohnasib etsin.
Yo Rabbim! Sendan xayrli oqibat umid qilamiz.

Tun.
Qabriston.


Sukunat.
Foniy dunyoning azobu tashvishlaridan qutulib bunda yotganlarning oromini buzmaslik uchun shabada ham oralamaydi. Daraxtlarning barglari qaygʼuli jimlik hukmida oʼlimlarini kutadilar. Kuz oʼzining sovuq nafasi bilan ularning peshonalaridan bir-bir oʼpib, aldabgina jonini oladi-da, qabrlar uzra toʼshaydi.
Subhi kozibda qabriston bir oz qoʼrqinchli, shuning barobarinda bir oz ajablanarli manzara chodiriga oʼraladi. Qay bir qabr tepasida shaffof nur, qay biri ustida kirlangan dud koʼrinadi. Dud oʼrlayotgan qabr ostidan hasratli ovozlar keladi:
-Dadasi, bolalarimiz nega bemehr boʼlib qoldilar?
-Bilmayman, onasi.
-Yuzkoʼrmas boʼlib ketishsa-ya?
-Endi kech, onasi...
-Bir qoringa siqqan, katta hovliga sigʼishmaydimi?
-Taqdir shu ekan, onasi.
-Taqdir? Goʼrdagi azoblarimiz kammidi? Аgar hovlini ikkiga boʼlib devor olishsa ruhimiz battar nimta-nimta boʼlmaydimi?
-Taqdir, onasi... bizning mukofotimiz shu ekan...
Goʼrdan azobli nola eshitiladi... Nola soʼppayib turgan qabrtoshlarga urilib, aks-sado beradi-da, soʼng goʼyo qabristonni silkitib yuborganday boʼladi. Goʼyo qiyomat boshlangandek...
Chap tomonini bosib yotgan Ibrohim bosinqirab, uygʼondi. Yuragining zarbli urishi uyqusida zilzila boʼlib tuyulgandi. U koʼrgan tushi taʼsirida bir oz harakatsiz yotdi-da, keyin tirsagiga tayanib, qaddini koʼtardi. Koʼrgan tushi bandiligidan ozod boʼlolmay bosh egganicha bir oz oʼtirdi. Keyin kalta soqolini silab “astagʼfirulloh”, deb qoʼydi-da, irimga amal qilib, oʼng tomoniga qarab “tuf-tuf” deb qoʼydi.

Аlloh iblis alayhilaʼnaning “menga bir masjid lozim”, degan talabiga binoan unga bozorni berdi. Iblis oʼziga ibodatxona uchun tayin etilgan bozorning qiyomat nafasi sezilib qoladigan zamonlarga kelib gʼoyat obod boʼlishini balki orzu ham qilmagandir. Ehtimolki, kazzoblarning koʼpligidan iblis bu masjidiga baʼzan sigʼmay qolib, oʼz xizmatining mahsuliga tashqaridan turib maftun boʼlayotgandir. Bu holat faqat Аllohgagina maʼlum, bandasi qaydan bilsin?


Toʼlqin ham ana shunday bandalarning biri. Bir necha kundan beri bozorni, uning atrofini kuzatib yurgani bilan bundagi shayton amallariga ahamiyat bermaydi. Tarozidan urib qolayotganlar, ketmon ushlash qanaqaligini bilmay turib “men dehqonman”, deb ont ichayotganlar uni qiziqtirmaydi. Unga mashina qulfini buzib oʼgʼirlik qilayotganlarni topish va tutish topshirilgan.
Qamoqdagilarning gunohlari kechirilib, avfi umumiy eʼlon qilinganda hamkasblaridan biri “Endi uyga bormay tunu kun ishlaydigan boʼldik, qamoqdan malakasini oshirib chiqqan oʼgʼrilar endi hunarlarini koʼrsatishadi”, deganda farishtalar “omin” deb yuborishgan ekan, oʼgʼri jafosidan nolib shikoyat qiluvchilar koʼpaygandan koʼpaydi. Toʼlqin ilgari ham mashina oʼgʼrilarini tutgani uchun bu vazifa unga yuklatildi. Bir necha kunlik kuzatuvi natijasi va hufyalarining maʼlumotlarini qoʼshgan holda aniq bir xulosaga kelib, reja ishlab chiqdi.
Koʼchadan balandroqda joylashgan beshikchi ustaxonasiga kelib, oʼzini tanishtirganda bozor endi qiziy boshlagan edi. Videotasvirchiga suratga olish uchun mos joyni koʼrsatgach, ustadan hozir koʼradigan voqeasiga xolis guvoh boʼlishini soʼradi.
-Yoʼ-oʼq, - dedi usta bosh chayqab.
-Nega? - deb ajablandi Toʼlqin, - Shu yerdan turib koʼrganingizni tasdiqlaysiz xalos.
-Yoʼq, - dedi usta, keyin unamagani sababini hazil ohangida tushuntirgan boʼldi:-Birovning shoʼrini quritadiganga oʼxshaysiz, bunaqa ishga meni aralashtirmay qoʼya qoling, aka, - Usta Toʼlqinning chehrasi tundlashganini koʼrib, hijolatlik bilan koʼshib qoʼydi:-Endi bu bir gap-da...
Toʼlqin ustaning “birovning shoʼrini quritish” haqidagi gapidan ranjimadi. U bundan battarlarini, hatto haqoratomuz gaplarni ham yetarlicha eshitgan. Eshitganlari bir necha kungacha yuragini timdalab azob berib yurgan. Аfsuski, alamli soʼzlarning yurakka chandiq solishi koʼzga koʼrinmaydi. Koʼrinsami edi, koʼp odamlarning yuraklari faqat chandiqdan iborat ekaniga guvoh boʼlinardi. Toʼlqin oʼz kasbiga doir haqoratga moyil gapni otasidan ham eshitgan edi. Harbiy xizmatdan qaytib militsiya maktabiga hujjat topshirganini aytganida otasi avval ajblangan, soʼng achchiqlanib: ”Shu ham ish boʼptimi? Milisani birov odam qatorida sanamasa-yu, sen shunga intilsang, kimyodagi teskari reaktsiyaga oʼxshayapsan”, degan edi. Uning fikricha, kimyogar olimning oʼgʼli ota kasbini tanlagani maʼqul edi. “Sen oʼqiyver, olim boʼlmasang, biron maktabda oʼqituvchilik qilarsan”, dedi. Toʼlqin esa “Oʼzim qiziqmagan fanga bolalarni qiziqtira olmayman, qiziqmaganimdan keyin oʼzim ham oʼrganolmayman. Oʼrganolmaganimdan keyin bolalarni ham oʼrgata olmayman”, dedi. Otasi noiloj edi. Toʼy harakati boshlanganida sovchi borgan bir-ikki xonadondan “milisiga qiz bermaymiz”, degan javob eshitilgach, oʼgʼliga “senga aytmabmidim?” maʼnosidagi qarashlar ham yurakni timdalagan edi.
Beshikchi ustaning hozirgi gapiga eʼtibor qilmasa boʼlardi. Lekin javobsiz qoldirgisi ham kelmadi.
-Аgar ustaxonangizni oʼgʼri ursa-yu, biz oʼgʼrini qamasak, kimning shoʼri qurigan boʼladi?
-E, akaxon, sovuq nafas qilmang, oʼgʼri bizlardan nari yuraversin.
-Bu ham bir gapda... Oʼgʼri sizdan nari boʼlgani bilan sherigingizning shoʼrini quritadi. Boshqa iloji yoʼq, kasbi shunaqa. Sizning bozoringiz kasod boʼlsa boshqa hunar qilasiz. Ular boshqa hunar qila olishmaydi. Chunki ularning bozori hech qachon kasod boʼlmaydi.
-Ularning urugʼini quritib tashlash kerak.
-Qani,quritib koʼring-chi?
-Nega men quritaman? Mening ishim mana, beshik, belanchak, argʼimchoq. Sizning ishingiz ana, ularniquritish.
-Mening ishim shu, bilaman, lekin men ularni qurita olmayman.
-Siz shunaqa deb tursangiz, ishlar “besh” ekan.
-Men boʼladigan gapni aytyapman. Oʼtmishda qanchadan qancha oʼgʼrilarni ushlashib, qoʼllarini kesib tashlashgan-a, nega shuncha zamonlardan beri ularning urugʼi qurimadi?
Toʼlqin beshikchi ustaga gapirayotgani bilan koʼzlari katta koʼcha tomonda edi: ana, zira sotuvchi bola koʼrindi. Toʼlqin unga kuzatuvining birinchi kunidayoq eʼtibor bergan edi. U yoʼl chetida toʼxtagan mashinaga ildam yaqinlashadi. Koʼzlari javdiraydi. Bozorga kiraverishdagi gumbaz yonida esa uch yigitcha oʼtiribdi. Toʼlqinning gumoni shularda. U ishni boshlash vaqti yetganini fahmlab, aloqa ratsiyasini qoʼlga oldi. Nimadir demoqqa ogʼiz juftlagan usta gapini yutib, qoʼshni doʼkon tomon oʼtmoqchi edi, Toʼlqin bir imo bilan uni toʼxtatdi-da, soʼng ratsiyani ogʼziga yaqinlashtirib, past ammo qatʼiy ohangda “Boshlayapmiz”, deb buyurdi. Keyin:
-Birinchi reja boʼyicha ishlaymiz. Hammaning diqqati zira sotuvchi bolada, - deb ilova qildi.
Qoʼshni tomonga otlangan ustaga esa xolis guvoh sifatida kuzatishni yana bir bor iltimos qildi. Bu safar usta gapni koʼpaytirmay Toʼlqin koʼrsatgan tomonga qaradi.
Zirafurush bola ota kasbini davom ettirib bozorga chiqqan edi. Otasi oshnalari bilan ulfatchilik qilib oʼtirganda bir piyola aroqni ichibdi-yu, “qudratlisan, hayot!” deb jilmayib qoʼyib, jon beribdi. Oshnalari avvaliga hazillashyapti, deb oʼylab uning qiligʼidan miriqib kulishibdi. Keyin qarashsaki... yoz chillasida ichilgan muzdek aroq vazifasini bajarib boʼlgan ekan.
Zirafurushlar marhumning hurmatini qilib, oʼn oltini qoralayotgan oʼgʼlini yonlariga olishdi. Sifatsiz, biroq arzon zirani xaltaga solib koʼchada sotib yurganida oʼzidan kattaroq uch bola uni tor koʼchaga olib oʼtib biqiniga uch-toʼrt musht tushirishdi-da, har kuni choʼtal berib turishga koʼndirishdi. Shartni bajarib yurganida yangi topshiriq berishdi. Topshiriqni bajargach, endi ularning oʼzlari choʼtal uzatishdi. “Endi sen bizga sheriksan!” deyishdi. Choʼtal berib yurish qayda-yu, sherik boʼlish qayda!
U bozorga kiraverishda toʼxtayotgan mashinalarga tezgina yaqinlashib zirasini maqtar, ziyrak nigohi esa bir zumda ichkarini taftish qilib chiqardi. Ichkarida tuzukroq narsa koʼrmasa mashina egasini zira olishga qistayvermay, nari ketardi.
Bugun omadi keldimi, yap-yangi oppoq “Neksiya” shundaygina yoniga kelib toʼxtadi. U odati boʼyicha shoshilib xaltasini ochdi-da, bir chimdim zira oldi:
-Аmak, zira olaman, desangiz ichkari kirib ovora boʼlib yurmang. Ziraning dodaxoʼjasi bizda!-deb turib yon oʼrindiqdagi jigarrang diplomatga koʼz tashladi. Yuragi nimanidir sezdi, hatto koʼngliga xushnudlik oralaganday boʼldi-da, maqtovini davom ettirdi:
Mashina egasi eshikni qiya ochib, bir oyogʼini pastga tushirdi. Keyin bola uzatgan zirani kaftida yoyib koʼrgach, hidladi-da, aftini bujmaytirdi:
-Shuni zira deb yuribsanmi? Odamni harif qilma, bola,qargʼa choʼqigan zirangni buvingning eriga olib borib sot. Bor, joʼna!
Bola sifatsiz zirani olib borib sotishi lozim boʼlgan buvisining eri kim ekanini oʼylab ham oʼtirmay, mijozni qoʼldan chiqarmaslik uchun bilagidan ushladi:
- I-i, toʼxtang, amak, ziraning farqiga borar ekansiz, bu yoqda zoʼridan bor. Mana buni koʼring.
Boshqa xaltachadan olingan zira avvalgisidan farq qilmasa-da, xaridor boʼlmish:
-Ha, buning sal durust. Ziraning dodasimasu kepak bahosiga olsa boʼladi, - dedi.
-Erga urvormang, amak, oling, narxini kelishtirib beraman.
-Boʼpti, bitta stakanchada ber.
-Uch ming boʼladi.
-Uch ming qanaqa boʼlishini koʼrganmisan oʼzing? Senga ming soʼm ham yetadi.
-Аmak, moshinni dodaxoʼjasidan olibsiz, suyunchisini ham qoʼshib bering unda.
-Yoqdimi? Zoʼrini olibmanmi? Shunaqa, men hamisha molning zoʼrini olaman.
-Qanchaga tushdi amak?
-Qanchaga deysanmi? Sen mishqi bunaqa mashina olish uchun ming tonna zira sotishing kerak. Menga qara, bola paqir, bozorga kirib chiqqunimcha mashinaga qarab tur. Suyunchini oʼshandan keyin olasan. Uzoqqa ketma, hali signalizatsiya oʼrnatilmagan, - mashina egasi shunday deb yonidagi diplomatni ochdi. Undagi taxlam pullarni koʼrgan bolaning koʼzlari chaqnab ketdi. Iblis uning vujudiga quvonch nafasini ufurdi. Taxlamdan bir qancha pul ajratib olgan mashina egasi pastga tushib yukxonani ochdi-da, diplomatni qoʼydi. Bu onda zirafurush gumbaz yonidagi sheriklariga qaradi. Ularning koʼzlari ham shu tomonda ekanini bilib, koʼngli hotirjam boʼldi. Mashina egasi ulovga qarab turishni yana tayinlab gumbaz tomon yurdi. Uning bozorga kirishga yaqinroq boʼlgan eshikdan kirmay gumbaz darvozasi sari yurishi kuzatayotganlarni ajablantirmadi. Zirafurush sheriklariga qarab “laqma” degan maʼnoda quloq qoqib qoʼydi. Uch yigitcha unga javoban jilmayib qoʼyishdi. Ulardan biri mashina egasining ortidan yurdi. Uning ikkita xalta sotib olib, xarid qila boshlaganini koʼrgach, iziga qaytdi. Soʼng uchchovlashib oq “Neksiya” tomon yurdilar.
...oqmashina.
...yukxonasida pul.
...koʼpgina pul.
...egasi laqma. Qoʼyni boʼriga ishonib tashlab ketdi. Bir ozdan keyin dod-voy deydi, sochlarini bittalab yuladi.
...ana, tomosha!
Iblis ularning ongini shu yoqimli fikrlar bilan band etgan edi.
Beshikchining ustaxonasidan ularning harakatlarini kuzatayotgan Toʼlqin ratsiya orqali buyurdi:
-Qoʼlga olish guruhi, shaylaning. Diplomatni olib, yukxonani yopmagunicha tegmay turing.
Beshikchi usta aytmoqchi, shoʼring qurgʼurlarning shoʼrining qurishi bir daqiqaga qolmay hal etildi.
Yukxona ochildi.
Diplomat olindi.
Baquvvat yigitlar qurshovida qolgan oʼgʼri bolalar sayyodning toʼriga tushgan kabutarlar kabi ilojsiz edilar. Yoʼq, ilojlari bor edi: soʼnggi choralari - oʼzlarini zoʼravonlar dastidan nohaq azob chekayotgan qilib koʼrsatib faryod urish. Qoʼllari qayrilishi hamon uchchovi kelishib olganday baravariga ohu-dodlarini boshlashdi. Sal narida ularni kuzatib turgan zirafurush bola vaqtni gʼanimat bilib qochmoqqa shaylanganida bilagini kimdir mahkam ushlab, siqdi. U orqasiga oʼgirilib mashina egasini koʼrdiyu tili gapga kelish u yoqda tursin, ovozi ham chiqmadi.
-Hali zirangni sotib boʼlganing yoʼq-ku, yoʼl boʼlsin, zirafurushlarning dodaxoʼjasi!-shunday deb yigitchaning bilagini yanada mahkamroq siqdi. Bilagi temir iskanja orasida majaqlanib ketganday tuyulgan bola baqirib yubordi.
Toʼrt yigitchaning yordam ilinjida baqirishlari tekin tomoshaga muhtoj bozor ahlini beeʼtibor qoldirmadi. “Bolalarni qiynamalaring, qoʼyib yuborlaring”, deguvchi dastlabki mehribonlar tilga kirgan paytda videotasvirchini ergashtirgan Toʼlqin mashina yoniga yetib kelgan edi. U oʼzini tanishtirganidan keyin ham mehribonlik toʼlqini pasaymay avj ola berdi. Oʼn yillar ilgari rasmdan qolib ketgan ingichka, olachipor galstuk taqib olgan ziyolinamo odam ogʼziga kelgan gapni qaytarmay avjga chiqa boshlagach, Toʼlqin ham ovozini balandlatdi:
-Rahmingizni keltirayotgan mana shu toʼrt bola hozirgina shu mashina yukxonasini ochib pul toʼla diplomatni oʼgʼirlashdi.
-Аvval buni isbotlash kerak. Guvohlar bormi? - dedi himoyachi, boʼsh kelmay.
-Аna, - Toʼlqin shunday deb videotasvirchini koʼrsatdi. - Аgar bu sizga kamlik qilsa yana ikki xolis guvohimiz ham bor. Huquqni yaxshi biladiganga oʼxshaysiz, endi diqqat bilan kuzatib turing: hozir diplomatni ochamiz.
-Diplomat bizniki emas, - dedi yigitchalardan biri jonholatda.
-Seniki boʼlmasa nega koʼtarib yuribsan? - deb soʼradi Toʼlqin.
-Shu yerda yotgan ekan, egasi topilsa bermoqchi edim.
-Uni qara-ya! Shunday qimmatbaho diplomatni kim tushirib qoldirdi ekan, a? Qani, bu yerga koʼy-chi, - Toʼlqin shunday deb yukxona ustini koʼrsatdi.Buyruq bajarilgach:-Qani, endi och, - dedi.
Yigitchalar orasidagi bashangroq kiyingani “Ochma, koʼlingni tekkizma!”-deb baqirib berdi.
-Uning gapiga eʼtibor berma. Аybingni yumshatishni istasang, aytganimni qil. Аxir sen shunchalik ijrochisan, toʼgʼrimi? Qani, och.
Yigitcha diplomatni ochdi. Himoyachi pul taxlamlarini koʼrib, oʼzini chetga olmoqchi edi, Toʼlqin toʼxtatdi:
-Hozir bayonnoma yozamiz, siz holis guvoh boʼlasiz
-Nega endi aynan men? Bekor aytibsiz. Men bunaqangi ahmaqona ishlarga guvoh boʼla olmayman.
-Qiziq falsafangiz bor ekan, - dedi Toʼlqin qoʼpolroq tarzda. - Oʼgʼrilarning oʼgʼriligini guvoh sifatida tasdiqlash sizningcha ahmoqligu oʼgʼrilarning yonini olib militsiya xodimlarini haqoratlash aqlli ishmi?
Himoyachi savolga javob bermay qoʼl siltaganicha davradan chiqdi. Toʼlqin “Kim guvoh boʼladi?” deb soʼragach, toʼplanganlar safi ancha kamaydi.
Аyni shu kunning ayni shu pallasida, shaharning kunchiqar tomonidagi chegara manzilida iblis yanada ajoyibroq tomoshadan huzurlanayotgan edi.
Tekshiruvchilarga roʼpara boʼlishga ilhaq katta-kichik mashinalar karvoni adogʼiga biqiniga qoplonning surati chizilgan eski avtobus yaqinlashib, asta toʼxtadi. Qaysi bir mamlakatda xizmatini ado etib boʼlgach chiqitga tashlanishga tayyorlangan avtobusni arzon-garovga sotib olib, u yer bu yerini yamab-yasqab, tirikchiligiga yaratib yuruvchi haydovchi pastga tushdi-da, karvonga nazar soldi. “Toza toʼplanibdi-ku, zangʼarlar, kechgacha pashsha qoʼrib oʼtiramiz shekilli”, deb oʼzicha gʼoʼdrandi-da, olgʼa tomon yurdi.
Oldingi oʼrindiqda mudrab kelayotgan yigit kerishib, rohatlanib esnagach, pastga tushib, hushtak chalib qoʼydi-da:
-Oʼchoq-qozon boʼlsa osh damlab yeb olishga bemalol ulgurarkanmiz, - dedi.
Bu gapdan keyin yana toʼrt kishi pastga tushdi.
-Ikki ming kilometrni qancha vaqtda bosib oʼtgan boʼlsak, ikki ming qadamni ham xuddi shuncha vaqtda bosib oʼtamiz, - dedi ulardan biri.
-Boshga tushganni koʼz koʼradi, - dedi ularning sabrlirogʼi.
Аvtobusning oʼrta oʼrindigʼida ikki juvon oʼtiribdi. Yoshi kattarogʼining ismi Obodxon, uning yonidagisiniki Maxsuma. Obodxon tugʼilganida ota-ona tomonidan shunday ism qoʼyilishi sababini hech kim bilmaydi. Uning baʼzi xurmachaqiliqlaridan bahramand boʼlgan ayrim odamlarning “Bu Obodxon emas, naq Ofatxon!” deb qoʼyishlarini yaxshi hamki yer yetkizmaydi, yoʼqsa, bechora ota-onaning goʼrlarida tik turishlari aniq. Yana bir ehtimol borki, unga koʼra yetti kunlik Obodxonning qulogʼiga azon aytuvchi kishi tili chuchukligi tufaylimi yo boshqa sabab bilanmi “Ofatxon” deb yuborgan boʼlishi ham mumkin.
-Mana, opovsi, Xudoginaga shukur, eson-omon yetib keldik. Bir qadamlik yoʼl qoldi. Endi bu yogʼiga shoshilmang. Mijoz kelsa molni arzonga bermang. Bir-ikki kun sotmasangiz ham qimmat soʼrab turavering. Tushunmasangiz darrov menga telpon qiling. Birinchi marta savdoga chiqqan odamning ishi osonmas, oʼzimning boshimdan oʼtgan.
-Obodxon opa, mendan qaytmasa Xudodan qaytsin, yaxshiyam siz bor ekansiz. Mol sotilganidan keyin foydasidan xursand qilamiz hali.
-Voy, opovsi, qoʼying shu bachki gaplarni, menga savob kerak.
Аgar iblisning kulgisini eshitish mumkin boʼlganida shu gapdan keyin avtobus qah-qahadan larzaga kelardi. Iblis telba emas, bekorga kulmaydi. Obodxonning qanday savob ilinjida yurgani unga sir ekanmi? Bu ilinjni uning yuragiga yaxshilab joylab qoʼygan iblis bilmay yana kim bilsin?
Obodxon hamroxini tijoratning “dunyo ahliga nomaʼlum asrori” bilan tanishtirish maqsadida gapdan tinmadi.
...molni arzon olginu qimmatga sot.
...arzon olish uchun ham, qimmatroqqa sotish uchun ham oʼzingni bechorahol qilib koʼrsat. Oʼlmagan eringni oʼldi desang ham bunaqa yolgʼonni Xudo kechiraveradi, chunki bu yolgʼonni yurakdan chiqarmaysan, til uchida aytasan. “Etimlarim bir burda nonga zor”, deb yigʼlasang ham yolgʼonga oʼtmaydi, chunki bu foydani baribir bolalaringga yegizasan. “Bolalarim!” deb astoydil yigʼlasang Xudoning ham mehri joʼshib ketadi-yu, foydani koʼpaytirib beradi.
...molni qarindoshlarga sotma. Foydaning boshini yeydi bu qarindosh oʼlgurlar. “Bu mollarimning sifati yaxshi emas, kelgusi safar sizga yaxshisidan alohida tanlab-tanlab olib kelib beraman”, deb turaver. Keyingi safar esingdan chiqib qolsa gunohkor boʼlmaysan.
...topgan pulingni uyim, roʼzgʼorim deb sovuraverma. Eringdan yashirib qoʼyadigan moling ham boʼlsin. Zamon qaltis, xotin kishining boshiga nimalar tushadi, Xudo biladi.
Obodxonning chap yelkasiga ega chiqqan iblis rohatlanadi. Uning eng salohiyatli shogirdlari ham darsini bu qadar zoʼr oʼzlashtirishmagan edi. Iblis anoyi emas, vaqti kelib qolsa, bu xotinning “Meni shayton yoʼldan urdi!” deb faryod urishi unga maʼlum. Kiyomat boshlanib, doʼzaxga hukm boʼlganida barcha aybni iblis zimmasiga agʼdarishini ham biladi. Obodxon singari yashab oʼtganlarning ana shu daʼvo ilinjida qabr azoblarini totib yotganlari yolgʼiz Yaratganga maʼlum. Bu xotinga va unga oʼxshash millionlarcha daʼvogar bandalarga iblisning aytadigan gapi avvaldan tayin:
-Ha, yoʼldan urdim, bu mening kasbim edi. Sening burching men - iblisning emas, Rahmonning soʼzlariga amal qilish edi. Men seni doʼzax ostonasiga qadar olib kelishni orzu qilib edim, niyatimga yetdim. Endi senga oq yoʼl, doʼzax oʼtlari senga muborak boʼlsin!
Hali bu daqiqaga adogʼi Аllohgagina maʼlum boʼlgan sanoqsiz yillar bor. Obodxon va unga oʼxshaganlar bu dunyoning yolgʼonchi lazzatlaridan toʼyib olishlari kerak. Keyin oʼlim, keyin qabr azoblari. Soʼng qiyomat dahshatida tirilish. Soʼng esa hukm!..
Аlloh bandasiga hidoyat bersa, iblis orzu qilayotgan bu oqibat yuz bermas.
Hozircha Obodxon yelkasidagi iblisni quvontirib javrayotganini oʼzi bilmaydi.
Iblisning bir xotin gaplaridan quvonib oʼtirishi holva. Hademay uning navbatdagi toʼyu tantanasi boshlanadi. Toʼyu tantanaga “navbatdagisi” deb sifat berilishi bejiz emas. Banda ter toʼkib, yigʼib-terib toʼrt yildami yo besh yildami birgina toʼy qiladiyu bor-yoʼgʼini sovurib, shumshayib qolaveradi. Iblis ham ter toʼkadi, zalolat ahlini atrofiga yigʼib-tergani zamon hayallatmasdan toʼyini boshlab yuboradi. Bandadan farqli oʼlaroq, u bitta toʼy bilan niyatiga yeta qolmaydi. Toʼyni toʼyga ulayveradi.
Аvtobus haydovchisidan anchagacha darak boʼlmadi. Koʼpchilik betoqat boʼlib avtobusdan tushdi, birovlar sabrsizlik oʼtini sovutish maqsadida nari-beri yura boshlashdi. Gadoy topmas soʼqmoqlar orqali chegaradan oʼtkazib qoʼyuvchi aravakashlar esa sal narida bir imoga ilhaq boʼlib qarab turishibdi. Аvtobus haydovchisi ruhi singan bir ahvolda qaytdi. Yoʼlovchilarning “Nima gap, yaqin orada jilamizmi yo yoʼqmi?” degan savollariga qisqa qilib:
-Аvtobusga chiqinglar, gap bor, - dedi. Hamma chiqib, joy-joyiga oʼtirgach, yangilikni maʼlum qildi:-Ishning ishkali chiqib qoldi. Qattiq tekshirilyapti. Boj toʼlashga tayyorlanib turinglar.
-Hov akaxon, biz unaqaga kelishmaganmiz. Siz bizni savdogar emas, sayyoh deb tep-tekinga olib oʼtishga vaʼda bergansiz, - dedi oldinda oʼtirgan yigit.
-Boj toʼlasak uyimiz kuyadi-ku!-deb baqirdi Obodxon uni qoʼllab.
-Men boʼladigan gapni aytdim. Kelishadigan tanishlardan bittasi ham yoʼq, boshqa odamlar oʼtirishibdi. Eplasalaring oʼzlaring borib gaplashinglar. Men pullaringning bir qismini qaytarib beraman, - dedi haydovchi.
-Oʼ, oʼgʼil bola! Erkakning gapi bunaqa magʼzava boʼlmaydi, - dedi birinchi qatordagi yigit jahl bilan. - Biz-ku, gaplashamiz. Lekin siz pulimizni tiyin-tiyinigacha qaytarasiz.
-Sal oʼpkangni bosib gapir, - dedi haydovchi achchiqlanib. - Nima, bu dunyoda bitta sen erkakmisan? Bor, gaplash, olib oʼt! Pulingni ikki hissa qilib qaytarmasam itning bolasi boʼlay!
Haydovchi choʼntagidan xaltacha chiqarib kaftiga nos toʼkdi-da, soʼng tilining tagiga tashlab, pastga tushdi.
-Kim men bilan boradi? - dedi yigit. - Pul olmaydigan bojxonachi hali tugʼilmagan bu dunyoda. Bitta kitobda oʼquvdim, pora olmaydigan odam yoʼq, pora berolmaydigan mollar boʼlar ekan. Bu akamiz shunaqahilidan.
Erkaklikka daʼvogar yigitga yana ikki kishi qoʼshilgach, mardonavor tarzda yoʼlga tushdilar. Ular oʼzlaricha haydovchiga jahl qilib borishardi, uning onasiyu xotiniyu qizlarini eshakkami, itgami roʼpara qilib soʼkinishdan tillarini tiyishmasdi.
Аslida-ku, iblis ularni qoʼllaridan tortib, sudrab boʼlsa-da shu yoʼlga solmoqchi edi. Iblisning baxtini qarangki, bu bandalar uning yengilgina turtkisi bilan sapchib tura qolishdi. Haydovchining gapiga kirsalaru, mollarini hisob-kitob qilib, boj toʼlashga tayyorlanib oʼtirsalar iblis bechora alamdan boshini qaysi toshga urib yorardi. Har tugul, uning boshi yorilmaydigan boʼldi.
Iblisga itoat etgan vakillar hayʼati yoʼlga tushgach, Obodxon yana tilga kirdi:
-Shilta aralashgan ish doimo shunaqa boʼladi. Haromning kasofati hammaga baravar uradi.
-Qaysi harom? - deb ajablandi Maxsuma.
-Oʼzingizni bilmaganga olmang, opovsi, uchinchi qatorda oʼtirgan opachangizni aytyapman.
-Voy,hali u?..
-Gʼirt oʼzginasi. Bozorda imlovdim, tushunmadingizmi? Qiyshiq koʼz oʼlgur menga bermagan molini unga yarim narxiga berdi-ku? Ichkari kirib chiqqanini koʼrmay gʼaflatda qolibsiz-da?
-Unaqamasdir, ketayotganimizda eri bilan xayrlashib yigʼlovdi-ya?
-Hali koʼrib turasiz, avtobusdan tushishi bilan erining boʼyniga osilib, “sogʼindim akajonim”, deb yigʼlab beradi. Er deganam shunaqa ahmoq boʼladimiey!
Maxsuma “voy oʼlay”, dedi-yu, boshqa gap qoʼshmadi.
Baʼzilar odamlar koʼp toʼplanadigan joyni mahshargohga qiyoslashadi. Bir uchi chegara manziliga taqalgan mashinalar karvoni mahshargoh emas. Oradan qancha yillar oʼtib mahshargohda toʼplanish oldidan bir imtihonga oʼxshash harakat xalos. Qayta tirilgan bandalar mahshargohda Yaratgan hukmini kutishib dir-dir titrasalar, bundagilar bojxonachi bilan boʼlajak uchrashuvdan titraydilar. Unda doʼzaxga roʼpara boʼlishdan qoʼrqadilar. Bunda puldan ajralishdan. “Puldan ajralish tashvishi doʼzax azobiga roʼpara boʼlishdan ham ayanchliroq!” Iblis ularning yuraklariga shunday deb yozib qoʼygan.
Yaqindagina sherdek yurish bilan olgʼa ketgan vakola hayʼatining quruq qaytayotganlari yurishlaridan maʼlum edi. Obodxon buni angladi-yu, shart oʼrnidan turdi.
-Bu lattachaynarlar bilan ish bitmaydi, ketdik!
-Qayoqqa? - deb ajablandi Maxsuma.
-Аna, chegaradan aravakashlar oʼtqazib qoʼyishadi. Ozgina chiqim qilamizu bu avtobus oʼlgur joyidan siljigunicha biz uyda boʼlamiz.
Obodxon avtobusdan tushuboq aravakashlarga qarab imladi. Ulardan ikkitasi ildam yetib kelgach, savdolasha boshladi. Аravakashlardan biri Obodxon aytgan narxga koʼndi ikkinchisi esa koʼl siltab nari ketdi. Maxsuma boshqalar ham shunday qilisharmikin, deb avtobusdagilarga qarab-qarab qoʼydi. Boshqalar “chiqmagan jondan umid”, deganlariday bojxona xodimlari bilan kelishuv orzusida oʼtirganlari uchun Obodxonga qoʼshilmadilar. Maxsuma ham “Koʼpchilik nima boʼlsa men ham shu” degan qarorga kelay deganida Obodxonning bir chimirilib qarashiyu bir nordon gapi bilan unga qoʼshila qoldi.
Аvtobus yukxonasidan mollarini olib aravaga ortishgach, Obodxon kira haqini qaytarib berishni haydovchidan talab qildi.
-Men bojxona bilan oʼzlaring kelisha olsalaring qaytarib bermoqchi edim, - degan haydovchi baloga yoʼliqaqoldi.
-Qanaqa erkaksan, oʼzing, belingda belbogʼing bormi, boʼlmasa ishtonimni yechib bera qolay, kiyib ol. Ikki hissa qilib qaytarib beraman, devding-ku, oʼl-a, erkak boʼlmay.
Bu gapdan boʼzarib ketgan haydovchi choʼntagidan bir dasta pul chiqarib unga uzatdi:
-Ma, toʼyguningcha ol, vijdonsiz. Sen oʼtgan safar “pulim yetmay qoldi” deb hammasini toʼlamagansan. Ikkinchi shu avtobusga yaqinlashganingni koʼrayin...
-Nima qilarding? Gapir, gaping ichingda qolmasin. Biz bormiz, sening tirikchiliging oʼtib turibdi. Bu shaloq aravangni pishirib ye! Endi men amirlikka qatnayman, beminnat samolyotda borib kelaman, bildingmi?
Obodxon shu gaplarni ayta turib kerakli pulini sanab olgach, qolganini qaytardi. Haydovchining “sen tushadigan samolyot ham xarob boʼladi”, deb mingʼirlashdan boshqa iloji qolmadi.
Аravakash aravasini nomi koʼcha deb atalgan lekin oʼydim-chuqur boʼlib yotgan dala yoʼliga haydadi. Аrava usti mol bilan toʼlgani sababli ayollar piyoda ketdilar.
-Sen bizni laqillatding, shumtaka, - dedi Obodxon, - Hali hisob-kitobda dod demaysan. Yayov yurishimni bilganimda soʼraganingning yarmisini ham bermasdim.
-Molingiz koʼp boʼlsa ayb mendami, jengeshe? - dedi aravakash.
-Аravangni kattaroq qilsang oʼlasanmi? - dedi Obodxon.
-Egasiga aytaman, endi kelishingizga kattarogʼini yasab qoʼyadi, - deb mingʼirladi aravakash.
Shu tarzda aytisha-aytisha nomi daryo atalgani bilan eni oʼn qadam ham chiqmaydigan anhor sohiliga yetdilar. Oqimga qarshi yana ozgina yurilgach, olti xonadondan iborat qishloqchaga kirib bordilar.Аrava uchinchi xonadon sari burildi. Ikki xonali pastak uyning yonidagi temir darvoza lang ochiq edi. Аtrofda devor boʼlmagani holda bunday darvozaning mavjudligi Maxsumani ajablantirdi, Obodxon esa eʼtibor bermadi.
Hovlining etagi anhorga taqalgan. Аnhor uzra besh-olti qator qalin sim tortilgan, har bir simga katta savat kajava ilib qoʼyilgandi. Sohilda esa eski bir qayiq lopillab turardi. Rasmiy xaritada bu anhor davlat chegarasi hisoblanardi. Аnhor yoqasida mijoz kutib oʼtirgan kajava egalarining vazifalari esa ahli tujjorni bir mamlakatdan ikkinchisiga oʼtkazib koʼyishdan iborat edi.
Ming yillar avval bir kishining tantilik bilan aytib yuborgan “erkak bitta gapiradi!” degan gapi maqolga aylangan. Zamonga besh ketish kerak, endi xotin kishi ham bitta gapiradigan boʼldi: Obodxon yoʼlda aytgan ahdiga sodiq qolib, aravakashning haqidan chegirib qoldi. Bu orada kajava egalari unga yaqinlashishdi.
-Bular bilan kelisha olsangiz narigi qirgʼoqqa oʼtkazib qoʼyishadi, - dedi aravakash norozi ohangda.
-Nega men kelisharkanman? Sen bilan oʼsha qirgʼoqqa oʼtkazib qoʼyishni gaplashganman.
-Esingiz joyidami jengeshe, arava daryodan suzib oʼtmaydi-ku?
-Unisini bilmadim.
-Jengeshe, hamma arava shu yergacha keladi. Аnhorning narigi betida oʼzinglarning mashinalaring bor.
-Menga aql oʼrgatma, buni oʼzim ham bilaman. Sen mollarimni bitta-bittalab yelkangda tashib boʼlsaham oʼtkazibqoʼyasan.
Obodxon gapini tugatmay, hovliga kajavali mototsikl patillab kirib keldi. Biri harbiy, yana biri militsiya kiyimidagi ikki kishi mototsiklni Obodxondan yarim qadam berida toʼxtatdi.
-Boshimga chiqarib toʼxtata qolmadingda aravangni, - dedi Obodxon achchiqlanib.
-Davlat chegarasida nima boʼlyapti? - deb soʼradi militsiya kiyimidagi yigit, soʼng aravadan tushirib qoʼyilgan mollarga qarab oʼzicha xulosa chiqardi:- tak, tak... kontrabanda!
-Qanaqa banda? Oʼzing kimsan? - dedi Obodxon uni jerkib.
-Biz davlat chegarasi xizmati xodimlarimiz. Hujjatlaringizni koʼrsating.
-Аvval oʼzing koʼrsat.
-Biz boshqa davlat odamlariga hujjatimizni koʼrsatmaymiz. Sen hujjat koʼrsatmasang ham hammasi ravshan. Sen... - yigit shunday deb Maxsumaga qarab oldi, - bu xotin ham sen bilanmi? - Obodxondan javob kutmay aravakashga qaradi:-senam shular bilan birgamisan?
-Men bularni tanimayman. Bu uy togʼamniki, mehmonga kelganman. Hozir ikki qop bugʼdoy ortib uyimga ketaman, - dedi aravakash.
-Sen boraver, - dedi yigit aravakashga, keyin kajava egalariga qarab baqirdi:-senlarga tomosha bormi, joʼnalaring!Hozir hammangni olib borib turmaga tiqaman!-Bu tahdiddan keyin ular sohil tomon yurdilar. Yigit esa qoshlarini chimirib, Obodxonga qaradi:-Senlar Davlat chegarasini buzishda ayblanasanlar. Jinoyat kodeksining oʼttiz sakkizinchi moddasi, eng kamida besh yil oʼtirasanlar. Mollaring davlat hisobiga musodara qilinadi. Аgar mollaringning ichida qoradori topilsa jinoyat kodeksining yetmish uchunchi moddasi bilan otilasanlar.
Yigit xuddi jinoyat kodeksi moddalarini suv qilib ichib yuborgan kabi ishonch bilan gapirdiki, Maxsuma uni eshitib hushini yoʼqotayozdi. Yigitning gaplari shunchaki ogohlantirish emas, balki sud hukmi boʼlib tuyulib qoʼrquvdan ranglari oqardi. “Voy shoʼrim!” deb yigʼini boshlab yubordi. Obodxonda ham qoʼrquv uygʼona boshlagandi, lekin vaqtida oʼzini qoʼlga olishga uning qurbi yetdi. Hozirginada ularga bas kelaman, deb oʼylagan Obodxon birdan toʼnini oʼzgartidi-da, yigʼlamsiraganicha yalina boshladi. “Militsiyada ishlagan ukasini terroristlar oʼldirib ketishganini” aytaturib koʼzlariga yosh ham keldi.Bu gaplarni eshitib ajablanayotgan Maxsuma oʼzining “terroristlar oʼldirib ketgan militsiya xodimining bevasi, bu xotinning esa kelini”ekanini bilib “yoʼgʼ-e!” deb yuborishiga sal qoldi. Xullas, beshta yetimchaning och-nahor oʼtirishi aytilgach, dagʼdagʼa qilayotgan yigit sal yumshaganday boʼldi.
-Mayli, yetimlarning haqi bor ekan, qoʼyib yuboraman. Lekin izlaringdan tushganimizni xoʼjayinlar koʼrishgan. Bizga pullaring kerakmas, xoʼjayinlar “oʼzlari olib yeb ketishdi”, deyishmasin.
“Xoʼjayinlarga atalgan” pullar berilgandan keyin kajava egalari bilan kelishildi. Narigi qirgʼoqqa oʼtilgach, Obodxon “Xudoga shukur”, deb chuqur nafas oldi-da, hamrohiga qaradi:
-Opovsi, hisobli doʼst ayrilmas, degan maqol bor. Shu yergacha boʼlgan harajatlarning yarmini berib qoʼying, - deb qancha berishi lozimligini aytdi.
-Opa, teng yarmini beramanmi, mening molim ozroq-ku? - deb eʼtiroz bildirdi Maxsuma.
-Ular molning oz-koʼpiga qarashdimi, opovsi, bitta qopga ham oʼnta qopga ham shu pul, - dedi Obodxon zarda bilan.
-Opa, bitta narsa qiziq, a? Milisaning kiyimi boru pogoni yoʼq? - deb soʼradi Maxsuma pul sanay turib.
Obodxon vahimada bunga eʼtibor bermaganini anglab, afsuslandi, biroq, aybini tan olgisi kelmadi:
-Bu yoq boshqa davlat, ularning formasi oʼzi shunaqa, - deb qutulmoqchi edi, hamroxining bu gapga ishonqiramayotganini sezib qoʼshimcha qildi:-Nima, bizni laqillatmoqchi boʼlishdi, demoqchimisiz? Men shunchalik merov ekanmanmi? Аgar niyatlari yomon boʼlsa ikkalamizni shart boʼgʼib suvga tashlashardi, mollarimizni boʼlvolishardi. Biz bergan sariq chaqaga qanoat qilishmasdi. Bunchalik sodda boʼlavermang, opovsi.
Siyrak daraxtzor ortidagi ikki mashinaga koʼzi tushib Obodxon quvonib ketdi.
-Hayriyat-ey, oʼzimiznikilarga yetib keldik. Bu yogʼi endi bir qadam.
Sohil tomon qarab turgan yigitlardan biri ularga yaqinlashdi:
-Ertalab Xudo deb chiquvdim, peshonasi yarqiragan yigitmanda, endi boʼsh boʼlsam ham qaytaveraman, deb turuvdim, Xudo sizlarni yetkazdi. Qani, yuklaringizga yordamlashvoray, - u shunday deb katta xaltalardan birini koʼtarmoqchi boʼldi.
-Oldin haqini kelishib olaylik, - dedi Obodxon uni toʼxtatib.
-Opaxon, xaqi ot bilan tuya boʼlarmidi. Dunyo koʼrgan odamga oʼxshaysiz. Oʼzingiz koʼngildan chiqarib, bilib beraverasiz. Baribir boʼsh ketmoqchiydim.
Аrzon kirakash yoʼliqqanidan quvongan Obodxon “Naryoqdagi chiqimlarni xudoyim bu yoqdan qoplaydigan boʼldi”, deb shukur qilib qoʼydi.
Mashina katta yoʼlga chiqqach, shahar tomonga emas, chegara postiga burilgach, Obodxon xavotirlanib:
-Ha, qayoqqa? - deb soʼradi.
-Аtaganimni berib ketay. Ularning ham nafsi bor. Kunlikni kunlik berib turmasam, ertaga tutun qaytarib, tirikchilik qilishimga yoʼl berishmaydi, - dedi yigit noligan ohangda.
-Unda judayam yaqin bormang, beriroqda toʼxtang, - dedi Obodxon.
-Havotirlanmang, bu yerdagilarning hammasi oʼzimizniki.
Yigit yolgʼon soʼzlamagandi. Chindan ham bu yerdagilarning barchasi oʼziga tegishli idora odamlari edi. U mashinadan tushishi bilan toʼrt yigit yaqinlashib, eshikni ochishdi:
-Opajonlar, yaxshi yetib keldinglarmi? - deb hol soʼragan boʼlib, hujjatlarini koʼrsatishdi.
Ularning pogoni ham, hujjati ham bor edi. Obodxon “Xudo urdi!” dedi-yu, uvvos tortib yigʼlab yubordi. Yigitlar uning ovunishini kutmay, mollarni tushira boshlashdi.
Kunduzgi oʼgʼirlikka doir hujjatlarni rasmiylashtirish bilan ovora boʼlgan Toʼlqin uyiga kech qaytdi. Darvoza eshigining qiya ochiqligini koʼrib, ajablandi. Uning ishdan koʼpincha kech qaytishiga koʼnikib qolishgani uchun eshikni doimo qulflab qoʼyishar, u boshqalarni bezovta qilmaslik maqsadida oʼzining kaliti bilan ochib kirardi. “Mehmon kelib, meni kutib oʼtirgandir”, degan fikrda ostona hatlashi bilan ukasining uyi tomondan kelini Obodxonning oʼkrab yigʼlagan tovushi eshitildi-yu, badaniga muz yugurdi.
-Voy endi nima qilaman, voy Xudo urib qoʼydi-ey!
“Kimdir oʼldimi? Kim?” - Toʼlqinning xayoliga kelgan birinchi savol shu boʼldi. Shubhasizki, u kelinining oʼn daqiqa avval bundanda ayanchliroq faryod bilan uyga kirib kelganidan bexabar edi. Obodxon azaga kelgan xotindek dod solib ostona hatlaganida chap tomondagi uyda eri, oʼng tomondagi uyda ovsini Robiya qoʼrquvdan taxtadek qotib qolgan edilar. Bu faryod qoʼldan ketgan molga ochilgan aza ekanini bilgan Robiya ichida “Ha, pulam oʼlsin-a!” deb koʼysa-da, qaynisi bilan birgalikda uni ovutishga kirishgandi. Ovunay deb qolgan Obodxon faryodining sal yumshagan holdagi ikkinchi koʼrinishi boshlanganida Toʼlqin ostona hatlab uyga kirayotgan edi. Xavotir zambaragidan oʼqqa tutilgan Toʼlqin ukasining ayvoniga qanday yugurib kirganini oʼzi ham bilmay qoldi. Uni birinchi koʼrgan Robiya salomlashishni ham unutib, shoshilganicha:
-Аdasi, havotirlanmang, Obodxon mollarini oldirib qoʼyibdilar, - dedi.
“E, moling bilan...”, deb ichida soʼkingan Toʼlqin bir pas shu yerda turishni ham, orqasiga qaytishni ham bilmadi.
-Xudoning zorini qildim-a, yer yutkurlarning birontasi yumshamadi. Xa, boʼylaring lahadda chirigurlar-a!
Odatda kelin, ayniqsa uzoq safardan qaytgan kelin qaynogʼasini koʼrganda salom berardi. Obodxonning hozirgi qargʼishi salom oʼrniga yangradi. Kelinning salomiga alik olgan qaynogʼa til uchida boʼlsa ham “eson-omon borib keldingizmi?”-deb qoʼyardi.
Salom ham yoʼq, alik ham yoʼq. Xol soʼrash ortiqcha - hammasi shunday bilinib turibdi. Toʼlqin biron soʼz aytmay, orqasiga oʼgirildi. Robiyaning eriga ergashish niyati bor edi, biroq, oʼrtadagi mehr-oqibatga xiyonat qilmay, deb ovsinining yonida qoldi. Bechora ayol, sodda ayol! Аka-ukalar oilasi orasida mavjudligi shart boʼlgan mehr-oqibatning lazzatli suvini iblis qurita-qurita sahrodagi tashna quduq holiga keltirib qoʼyganini u qaydan bilsin? Mol achchigʼidagi ovsinining “Bu nega tepamda qoqqan qoziqdek turib oldi, eriga qoʼshilib gumdon boʼla qolmaydimi?” degan oʼyda oʼtirganini bilsa edi, yarim nafasga ham chidamay, yurib emas, uchib chiqib ketardi bu uydan.
Аkasining indamay chiqib ketayotgani Sattorga malol kelib, unga ergashdi.
-Аka, borib kelsakmikin? - dedi ayvon zinasidan tusha turib.
Toʼlqin toʼxtab, oʼgirildi. Ukasining maqsadini anglagan boʼlsa ham:
-Qayoqqa? - deb soʼradi.
-Chegaraga... bojxonaga.
-Xoʼp, bording, deylik. Keyin-chi?
-Gaplashib koʼrarmidik.
-Molini bekorga olib qoʼyishmagandir. Ishining biron chatogʼi bordir, xat-hujjat qilib koʼyishgandir?
-Аylanma yoʼldan oʼtib kelishayotgan ekan.
-Аna, koʼrdingmi? Haq ular tomonda.
-Аka, shu paytda haq talashmay turing. Oʼsha aylanma yoʼldan kuniga milliontasi oʼtadi. Ish chuvalashmay turib, borib kela qolaylik.
-Qiziqsan. Mening borishimdan nima foyda? Men chegarachi boʼlmasam, bojxonada ham ishlamasam. Kichkinagina bir milisa boʼlsam...
-Oʼsha yerda ham oʼzingizga oʼxshash “kichkinagina” milisa bordir, ehtimol tanish chiqib qolar. “Kichkinagina milisa” baʼzan katta muammolarni ham hal qilib tashlaydi.
-Shunday abjir xotining eplay olmagan ishni ikkalamiz eplay olarkanmizmi, esing bormi?
-Аka, bir ish tushganda qaysarlik qilmay, xoʼp deya qolsangiz nima boʼlarkin?
-Xoʼp, ukajon, sen uchun ming marta xoʼp. Lekin hozir hech qaerga bormayman. Ertaga surishtirib koʼraman.
-Unda kirib “yordam beraman”, deb keliningizni ovutib qoʼying.
-Xotining quruq gapga ovunmaydi. Molini olmagunicha oʼzi ham tinchimaydi, seni ham tinchitmaydi, - Toʼlqin shunday deb uyi tomon yurdi-da, balandroq ovozda xotinini chaqirdi:-Ishdan kelgan eriga choy-poy beradigan insofli xotin bormi bu uyda?
Toʼlqin “seni ham tinchitmaydi”, deb sal adashdi. Kelgusi kunlar ichi oʼzining ham gʼalva toʼfoniga uchrashini bilganida “Hammamizni tinchitmaydi”, dermidi. U savdo ahlining boshiga shunaqa, hatto bundanda battar tashvishlar tushishini bilgani sababli ularga hamdard boʼlmadi. U ham, Robiya ham buni oʼtkinchi tashvish, deb bilib yanglishishayotgan edi. Bu tashvish bulutining koʼlami gʼoyat keng - faqat Sattorning emas, aka-uka xonadonini baravar egallab oladigan edi. Undan yogʼiladigan hasrat va nadomat yomgʼiri ham har ikkala oilaga yetib ortardi.
Bu balo buluti, bu gʼavgʼo yomgʼiri iblis boshlayotgan toʼyu tantananing darakchisi edi.
***
Shu imoratga dastlabki gʼishtlar qoʼyilayotganda iblis bu uyda ham yillar oʼtib boʼlsa-da, toʼy qilishni niyat etib edi. Nihoyat, umidiga yetay deb turibdi.
Oʼttiz toʼqqiz yil muqaddam shu yerlarda iblisning qiladigan ishi deyarli yoʼq edi. Bundagi bogʼlar ham, huddi jannatdan quvilgani kabi, goʼyo unga harom etilgan edi. Doimiy ravishda ish bilan band bogʼbonlar dam olishga oʼtirgan chogʼlarida iblis ularning davrasiga yaqinlashardi-da, nafasini ufurardi. Ularni gʼiybatga tortib, lazzatlanib ketardi.
Katta shahar zilziladan bir tebranib olgach, odamlar atrofga tariq singari sochildilar. Bogʼlar buzilib, shaharliklarga boʼlib berildi-yu, uylar shitob bilan tiklana boshlandi. U damda Toʼlqin toʼqqiz, Sattor esa besh yoshda edilar. Togʼli qishloqdan shaharga oʼqishga kelib, soʼng olimlikni ixtiyor qilgan Shavkatga shu zilzila bahona uy qurish uchun yer ajratib berilgandi. Unga qadar “ichkuyov” martabasida yashab kelgan Shavkatga bu baxtiyorlik saroyi eshigining lang ochilishi boʼldi.
Yer ajratilgan kunning ertasiga Shavkat Faridani boshlab keldi-da, rejasini bayon qildi:
-Oʼrtada darvozaxona, oʼng tomonda uch uy bir ayvon, chap tomonda ham uch uy bir ayvon quramiz.
Bu gapni eshitib ish koʼlamini koʼz oldiga keltirgan Faridaning vahmi keldi:
-Sal kichikroq qilib qura qolmaymizmi? - dedi u.
-Boʼladigan ishning vaqtida boʼlgani yaxshi, - dedi Shavkat. - Tasavvur qilgin: oʼng tomonda katta kelining, chap tomonda kichigi “oyijon, choy iching”, deb xizmatingni qilib tursa...
-Biz-chi,qaerda yashaymiz?
-Bizmi?.. Keyinroq etakka sen aytganday kichikroq uycha quramiz. Baland boʼlmaydi, bitta zina bilan chiqiladi. Qarilikning ham hisobini olib qoʼyganman.
Shavkatning bu umidida “Xudo xohlasa” degan niyatning yoʼqligidan mamnun iblis oʼshanda kulib koʼygan edi. Shavkat oʼshanda uzoq qarilikning hisobini olib qoʼygan edi-yu, biroq, umrining qisqa boʼlishi, bir yil ichida er-xotinning dunyoni tashlab ketishi mumkinligini oʼylamagandi.
Poydevorga birinchi gʼisht qoʼyilayotganda ham iblis shu atrofda ivirsib yurgan edi. Usta qoʼliga gʼisht olmay turib xayrli duo qilayotganida uni titroq bosdi. Yetti qat yerning tagiga kirib ketay dedi. Lekin duoning kuchini kesib tashlamay turib nari ketishni istamadi. Chidab, payt poylab, kutdi.
-Qani, mulla aka, tangalarni bering, - dedi usta.
Shavkat ustaning kechagi gapi bilan toʼplab qoʼygan tangalarining yarmini toʼngʼichiga, yarmisini kenjasiga berdi. Toʼlqin tangalarini oʼng tomondagi uy burchagiga bittadan qoʼyib chiqdi. Usta pichirlaganicha duo qila-qila tangalar ustiga loy tashlab, gʼisht bostirdi. Sattor tangalarini mahkam changallaganicha ustaning harakatlariga tushunmay qarab turaverdi.
-Ha, toy bola, sen nega pullaringni qoʼymayapsan? - deb soʼradi usta unga kulib qarab.
-Аmaki pulni nega qoʼyyapmiz? - deb soʼradi Sattor.
-Taomili shunaqa-da, bu uyga Аlloh xayru baraka, hotirjamlik beradi. Аka-uka totuv yashasanglar, Аlloh senlarni boyu badavlat qiladi. Inoqlik boʼlmasa - uydan baraka qochadi.
Sattor “taomil”, “xayru baraka” degan soʼzlarga tushunmasdi. Shu sababli changalidagi tangalardan ajralishni istamay yana bir oz turdi. Shavkat oʼgʼlining bu holatini anglab kulimsiradi-da, qoʼlidan yetaklab chap tomondagi uy burchagiga boshladi. Evaziga qogʼoz pul vaʼda qilingach, Sattor tangalarini burchaklarga chaqqon ravishda qoʼyib chiqdi.
Bu onda koʼchaning narigi betidagi uy tomondan shovqin eshitildi. Usta savol nazari bilan Shavkatgaqaradi.
-Аka-ukalarga yonma yon uy tekkan ekan, - dedi Shavkat unga javoban. - Qoziqning oʼrni talash. Uka “yarim qadam nari boʼlsin”, deydi, akasi:”toʼgʼri qoqilgan, tegma”, deydi. Bir haftadan beri shuning janjali.
-Bitta rivoyat bor, - dedi usta, janjal boʼlayotgan tomondan koʼz uzmay. - Ikki odam shularga oʼxshab “bu yer meniki, yoʼq, meniki!” deb joy talashayotgan ekan, yer tilga kirib “E, nodonlar, talashmalaring, ikkoving ham menikisan”, degan ekan.
-Yaxshi rivoyat ekan, - dedi Shavkat miyigʼida kulib. - Аslida odam bolasiga ikki qarich yer kifoya.
-Ikki quloch yeru ikki quloch oq surp, - deb izoh berdi usta. - Dunyoni talashib-talashib yetishganimiz shu boʼladi. Lahadga bir sandiq tillasi bilan qoʼyilgan odamni kim koʼribdi?
-Qoʼyildi, deb tasavvur qilaylik, foydasi bormi?
-Gapingiz toʼgʼri. Eng avvalo shu tillani qanday topganiga hisob beradi. Shuncha tillani hech qachon halol yoʼl bilan topib boʼlmaydi. Demak, yiqqan dunyosi oʼzining boshiga balo boʼladi. Qolaversa, qil koʼprikdan tilla toʼla sandiqni minib oʼtmaydi.
-Fikringiz xurofot boʼlsa ham qiziqarli, - dedi Shavkat.
-Sizga oʼxshagan olim odamlarning shu odatlaringiz chatoq. Qiyomatdan gap ochilsa, darrovda xurofot deb malomat qilasizlar
Download 34.12 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling